“Mikrokreditbank” – kichik biznesga ko‘makchi

Mikrokreditbank respublikamizda kichik biznes, xususiy va yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish, hunarmandchilik hamda kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash yo‘li bilan yangi ish o‘rinlarini yaratish, ayniqsa, qishloq joylarda mikromoliyaviy xizmatlarni kengaytirish borasida sezilarli yutuqlarga erishmoqda. Xususan, o‘tgan yili bankning 92 ta hududiy bo‘linmasiga biriktirilgan 1 ming 62 ta mahallada 320 nafar mahalla bankiri, ularga yordamchi agentlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Bu haqida Milliy matbuot markazida “Mikrokreditbank” ATB tomonidan aholi bandligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z yuritildi.

Qayd etilishicha, 2025 yilda bank tomonidan 10,2 trillion so‘m kreditlar ajratilgan, shuningdek, kichik va o‘rta biznesga 7,9 trillion so‘m, turli dasturlar doirasida 4,2 trillion so‘m kredit taqdim qilingan hamda 345 ming 895 nafar aholi bandligi ta’minlangan. Ularning 122 ming 66 nafari doimiy ishga joylashtirilgan bo‘lsa, qariyb 224 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilingan.

Bundan tashqari, 47 ming 975 ta mikroloyihaga 905,1 milliard so‘m kredit ajratilib, 98 ming 305 ta ish o‘rni yaratildi. Kam daromadli 11 ming 142 ta xonadon 318 milliard so‘mlik loyiha paketlari bilan qo‘llab-quvvatlandi, bu esa 16 ming 700 dan ziyod ishsiz fuqarolar uchun muqim daromad manbai yaratilishiga olib keldi.

“Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili doirasida 5 ming 210 nafar aholi 34 ming 764 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirdi. Ahamiyatlisi, bu mahsulotlarning muayyan qismi eksportga chiqarildi.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 181 ta hududiy bo‘linma rahbarlari va yordamchi agentlar 412 ta oilaning turmush sharoitini yaxshilash orqali ularni Ijtimoiy reyestrdan chiqarishga muvaffaq bo‘ldi.

2026 yil ham «Mikrokreditbank» uchun qizg‘in va samarali keldi. Misol uchun, birinchi chorakning o‘zida 1,7 trillion so‘m kredit ajratilib, aholi bandligi borasida muhim qadamlar qo‘yilmoqda.

Yoshlar uchun “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida 362 ta namunali loyiha amalga oshirilishi uchun agregatorlarga 5,85 milliard so‘m kredit ajratilgan. Masalan, Toshkent viloyati Parkent tumani “Shampan” mahallasida 10 nafar yigit-qizga 1 gektardan yer ijaraga berilgan bo‘lib, ushbu ekin maydonlarida pomidor yetishtirish ko‘zda tutilmoqda. Bu bo‘yicha “Transport Globus» korxonasi va yer egalari o‘rtasida fyuchers shartnomasi imzolanib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, birinchi ekinda 350 tonna mahsulot yetishtiriladi va har bir yosh 60 million so‘m daromad olishi rejalashtirilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, «Mikrokreditbank» bu singari muhim loyihalar orqali kambag‘allikni kamaytirish va mahalliy mahsulotlarning eksport salohiyatini oshirishni, ayniqsa, qishloq hududlarda iqtisodiy faollikni yanada rivojlantirishni maqsad qilgan.

 

Toshtemir XUDOYQULOV,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

 

 

“Biznesni rivojlantirish banki” ATB: Faoliyat shaffofligi va hisobdorlik – ustuvor

“Biznesni rivojlantirish banki” ATB mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturining asosiy tayanch banki o‘laroq tadbirkorlikni qo‘llab quvvatlash, yangi ish o‘rinlari va aholi uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratishga salmoli hissa qo‘shib kelmoqda. Buni o‘tgan – 2025 yilda erishilgan natijalar ham yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida o‘tkazilgan anjumanda shu haqida so‘z borar ekan, “Inson qadri uchun” tamoyili bilan uyg‘un loyihalar mazkur bank xizmatlarini zamon talablariga moslashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.– 2026 yil 1 yanvar holatiga bankning umumiy kapitali 5,27 trillion so‘mga yetdi, – deydi Biznesni rivojlantirish banki Strategiya bosh direktori Baxtiyor Rahmatov. – Bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 25 foizga yuqorilaganini ko‘rsatadi. Bank aktivlari ham o‘sishda davom etib, 38 trillion 167 milliard 731 million so‘mni tashkil qildi. Bu 2024 yilga nisbatan 18,8 foizga ko‘pdir. Daromad keltiruvchi aktivlar 32 trillion 184 milliard 800 million so‘mga yetdi. O‘tgan yili bank tomonidan jami 10 trillion 380 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Bu mablag‘lar iqtisodiyotning turli sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirishga xizmat qildi.

Ta’kidlanishicha, Biznesni rivojlantirish banki mijozlari soni 1 million 865 ming 608 nafar bo‘lib, shundan 1 million 768 ming 254 nafari jismoniy, 97 ming 354 nafari yuridik shaxslar hisoblanadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2026 yil 1 yanvar holatiga bankning xizmat ko‘rsatish ofislari soni 76 tani tashkil etdi. Shuningdek, mijozlar uchun 156 ta xalqaro pul o‘tkazmalari, 198 ta valuta ayirboshlash va 327 ta 24/7 rejimda xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalar yo‘lga qo‘yilgan.

– “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida 7 601 nafar tadbirkorga 820 milliard so‘m kredit ajratildi, – deydi bankning Strategik rivojlantirish departamenti direktori Ozoda Shukurova. – Buning natijasida 7 ming 800 dan oshiq ish o‘rni yaratildi. Bankka biriktirilgan 610 ta mahallada 2025 yil davomida 5 trillion 215 milliard so‘m kredit ajratildi. Natijada 262 ming 293 nafar aholining bandligi ta’minlandi. Shundan 97 ming 328 nafari doimiy ishga joylashtirildi, 164 ming 965 nafar fuqaro tadbirkorlikka jalb qilindi. “Sayxunobod tajribasi” asosida 6 ming 689 ta moliyaviy paket shakllantirildi. 28 ming 12 ta mikroloyiha amalga oshirilib, 704 milliard so‘m kredit ajratildi.

“Uychi tajribasi” doirasida joylarda 1 ming 368 ta uchrashuv o‘tkazildi. Bu bo‘yicha 5 ming 620 ta murojaat o‘rganilib, amaliy choralar samarasida 8 ming 688 ta ish o‘rni ochildi. “Ayol tadbirkor” kredit mahsuloti doirasida 1 ming 530 nafar opa-singillarimizga 192,4 milliard so‘m kredit berildi.

Aholining turar joyga bo‘lgan talabidan kelib chiqib, 2025 yilda 6 ming 919 nafar fuqaroga 1 trillion 892 milliard so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi. Ularning qariyb yarmiga subsidiyali ipoteka kreditlari taqdim etilgani e’tiborga molikdir.

Tadbirda bankning 2026 yildagi ustuvor vazifalari haqida ham ma’lumot berildi. Unda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, innovatsion xizmatlarni joriy etish va jamoatchilik bilan ochiq muloqotni kuchaytirishga alohida diqqat qaratilishi aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, jamoatchilik bilan ochiq muloqotni mustahkamlash, faoliyat shaffofligi va hisobdorligini ta’minlash bank faoliyatining doimiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishi ta’kidlandi.

O‘z navbatida, innovatsion moliyaviy yechimlar va yangi xizmat turlarini joriy etish orqali mijozlarga yanada keng imkoniyatlar yaratish ko‘zda tutilgan.

Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

 

Toshtemir XUDOYQULOV,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

 

“Sakkizinchi mo‘jiza”

Milliy matbuot markazida “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari kutubxonasi” ruknida chop etilgan “Sakkizinchi mo‘jiza” badiiy-publitsistik kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda yurtimizning taniqli jurnalistlari, adabiyotshunos olimlar, media sohasida tahsil olayotgan yoshlar, bosma ommaviy axborot vositalari va elektron nashrlarning rahbarlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari mamlakatimizda kechayotgan tub yangilanishlar bilan birga jamiyat hayotida uchrayotgan muammolarni dadil, chuqur ilmiy, tahliliy, tanqidiy tarzda yoritishda namuna bo‘lib kelmoqda. Ularda chop etilgan sara maqolalarni jamlab, har yili “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari kutubxonasi” seriyasida kitob holida o‘quvchilarga taqdim etish yaxshi an’anaga aylangani yana bir e’tiborli jihatdir. “Sakkizinchi mo‘jiza” kitobida 2025 yilda e’lon qilingan va jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘lgan qator publitsistik, tahliliy-tanqidiy, mulohazali maqolalar, suhbatlar o‘rin olgan.

– To‘plamni varaqlar ekanman, tahririyatda tanqid va tahlil uyg‘unlashgani, joylarda uchrayotgan muammolar dalil-isboti va faktlar bilan ko‘tarilganiga amin bo‘ldim, – deydi filologiya fanlari doktori Qozoqboy Yo‘ldoshev. – Masalan, Husan Ermatovning “Maqsad nechog‘liq mantiqli?”, Jahongir Nahanovning “G‘oyalar maydonidagi bo‘shliq”, Darmon Ibragimovning “Plastikka aylanayotgan odam”, Mashhura Jo‘raqulovaning “Z avlod qarshisida”, Nurillo No‘monovning “Tejamaganning tagi tang” kabi maqolalarida jiddiy muammolar bor bo‘yi va ko‘lami bilan ochib berilganiga amin bo‘ldim.

– To‘plamda biz yaxshi tanigan jurnalistlardan Abdunabi Haydarovning “Qayta alangalangan cho‘g‘”, Alijon Abdurahmonovning “So‘nggi qo‘ng‘iroq – nimaga chorlov, nimaga zarba?”, G‘ulomjon Mirahmedovning “Poytaxt ko‘chalaridagi pulli parkovka”, Abror Zohidovning “Kredit, “rassrochka”, “variant” kabi maqolalari e’tiborimni tortdi, – deydi “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev. – Ushbu to‘plam jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun tayyor darslik bo‘lib xizmat qiladi. Demak, tahririyat jamoasi bunday an’anani davom ettirishi ayni muddao bo‘lardi. Taqdimotda so‘zga chiqqanlar tomonidan OAV, umuman, jurnalistlar hamisha o‘z davri so‘zini baralla va jur’at bilan ayta olishi, shundagina ular jamiyat va odamlar oldidagi burchini to‘laqonli ado etishiga urg‘u berildi.

 

Toshtemir XUDOYQULOV,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

 

Shiddatli davr, ruhiy inqiroz, darz ketayotgan odamiylik

Jamiyatimizdagi o‘zgarishlarning, jamoatchilik kayfiyatining o‘ziga xos ko‘zgusi bo‘lib ulgurgan ijtimoiy tarmoqlarda ba’zan kishi ko‘nglini xijil qiladigan yangiliklar ko‘zga tashlanib qoladi: kimdir o‘zini yuqori qavatdan tashlab, joniga qasd qilgan, qaysidir erkak (yoki ayol) darg‘azablikda juftiga pichoq sanchigan, musofirdagi eridan alamini olish o‘yida hatto jonday aziz farzandini ayamay do‘pposlayotgan ona…

Insoniylikning yuksak maqomiga yarashmagan shunday og‘riqli manzaralarni, bizningcha, bir sabab bog‘lab turadi. Bu – ruhiy inqirozning odamiylik mezonlarini parchalab yuborayotganidir. Binobarin, so‘nggi yillarda ruhiy salomatlik mavzusi bot bot tilga olinayotgani bejiz emas.

JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyoda har sakkiz kishidan biri ruhiy kasallikdan aziyat chekmoqda. Aniqroq aytganda, ruhiy salomatlik global muammolardan biri hisoblanmoqda.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, bu masalaga yetarlicha e’tibor qaratmaslik mamlakatlar va jamiyatlarning nainki ijtimoiy barqarorligi, balki iqtisodiyoti uchun ham qimmatga tushadi. Biroq hali ko‘pgina davlatlarda sog‘liqni saqlash uchun ajratilayotgan xarajatlarning juda kam qismi ruhiy salomatlikka yo‘naltirilmoqda. Aksariyat jamiyatlarda rasmiy ruhiy salomatlik xizmatlari umuman mavjud emas. Natijada ko‘pincha ruhiy inqiroz ichida yashayotgan odamlar o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolayotir.

Xo‘sh, bizda-chi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

So‘zimiz avvalida keltirganimiz – kunda-shunda ro‘y berib turgan taassufli holatlarga qo‘shimcha ravishda aytish mumkinki, mazkur global muammo yurtimizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. O‘tgan yili ruhiy salomatlik indeksida O‘zbekiston 83 davlat ichida 74-o‘rinda qayd etilgani fikrimiz isboti.

– Bugungi kunda ruhiy salomatlik masalasi butun dunyoda tibbiyotning eng dolzarb yo‘nalishlari qatoridan joy olgan, – deydi Respublika ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi bosh hamshirasi, oliy toifali mutaxassis Muyassar Mirzayeva. – Xalqaro ilmiy-amaliy tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, raqamlashtirish davriga kelib dunyo aholisining katta qismi hayoti davomida kamida bir marta bo‘lsa ham ruhiy buzilish bilan to‘qnash kelyapti. “Ruhiy buzilish” deganda faqat og‘ir psixik kasalliklar emas, balki depressiya, xavotir, stress bilan bog‘liq klinik holatlar ham tushuniladi.

Avvallari psixiatriyaga oid muammolarga unchalik ham diqqat qaratilmagan bo‘lsa, hozirga kelib ruhiy salomatlik ochiq muhokama etilayotgan, ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga ega mavzuga aylandi. O‘rganishlar zamonaviy hayot tarzi, ya’ni axborot oqimining keskin oshgani, internet va ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik, ekologik tanazzul va oziq-ovqat xavfsizligi buning asosiy sabablari ekanini ko‘rsatmoqda.

Ayni tezkor davrda, ta’bir joiz bo‘lsa, butun hayot tarzi raqamlashib borayotgan insoniyatni ruhiy inqiroz bilan yuzma-yuz qilayotgan sabablar ichida oziq-ovqat xavfsizligi ham borligi kishini o‘ylantiradi.

– Buning ajablanadigan joyi yo‘q, – davom etadi M.Mirzayeva. – Genetik olimlar biz iste’mol qilayotgan oziq ovqatlardagi sun’iylik tufayli tanamizda turli mutatsiyalar sodir bo‘lishini allaqachon aniqlashgan. Mutatsiyalar soni oshishi insonda ruhiy og‘ishlarni keltirib chiqaradi. Mana shunday sabablar oqibati o‘laroq hozirgi paytda amaliyotda autizm tashxisi qo‘yilgan bolalar, ruhiy sindromlardan aziyat chekayotgan yoshi katta bemorlar soni oshib borayotganini kuzatishimiz mumkin.

 

Nima qilmoq kerak?

– Odamlarimizda iste’molchilik kayfiyatining yuqoriligi, boshqacha aytganda, chegara bilmayotgan hoyu havaslar, deylik kredit olib bo‘lsa ham, uyini qo‘shnisinikidan bir qavat yuqori qilib qayta qurish, to‘y-ma’rakani hashamatga aylantirish, barcha sohada shiddatli o‘zgarishlar kechayotgan zamonga moslashish yuki, qashshoqlik, zo‘ravonlik, ijtimoiy tengsizlik bilan bog‘liq muammolar fonida ruhiy kasalliklar xavfi ham yuqori bo‘ladi, – deydi tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nargiza Nuraliyeva. – Go‘daklik, bolalik va o‘smirlik davrlari insonning ruhiy sog‘lig‘iga tahdid soluvchi xavf omillariga ta’sirchan, zaif bo‘ladi. Aynan shu davrdagi tarbiya, g‘amxo‘rlik va o‘rganish uchun qulay sharoitlar kelajakda ruhiy salomatlikni muhofaza qilishning kuchli omillari bo‘lishi mumkin. Demak, aholi o‘rtasida ruhiy salomatlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash uchun birinchi navbatda yosh avlodning ruhiy salomatligini saqlash va mustahkamlash chora-tadbirlariga ustuvor e’tibor qaratmoq kerak.

Bilamizki, maktablarda shtatdagi psixolog lavozimlari joriy etilgan, ular asosan o‘quvchilarning ijtimoiy moslashuvi, xulq-atvoridagi muammolar, stress va konflikt holatlari bilan ishlaydi. Biroq amaliyotda bitta psixologga juda ko‘p o‘quvchi to‘g‘ri kelishi, buning ustiga, ishning ko‘proq hisobot va formal tadbirlar bilan cheklanib qolayotgani kabi muammolar mavjudki, bu profilaktika ishlariga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti.

Aholi o‘rtasida ruhiy muammolarni erta aniqlash va profilaktika mexanizmini yo‘lga qo‘yish uchun birlamchi tibbiy bo‘g‘in — poliklinika va oilaviy shifokorlar tizimida psixologik yordam yo‘lga qo‘yilishi shart. Mazkur masalaga mehnat jamoalarida ham e’tibor qaratilishi, ish beruvchilar xodimlarning ruhiy salomatligiga jiddiy yondashishi hayotiy zaruratdir. Kasbiy charchoq, stress va turli konfliktlar eng kamida agressiyalarga, o‘zaro janjal va boshqa xunuk holatlarga olib keladi.

Muxtasar aytganda, aholi keng qatlami ruhiy salomatlik bo‘yicha yetarli ma’lumotga ega bo‘lishi lozim. Chunki bugun kishilarning ruhiy holatiga faqat shaxsiy masala sifatida qarab bo‘lmaydi. Aholining ruhiy salomatligi iqtisodiy o‘sishga, oilalarning tinchligiga, ta’lim sifatini oshirishga, jinoyatchilikni kamaytirishga va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Qadam qo‘yildi

Mamlakatimizda xalqimiz salomatligini muhofaza qilish, millat genofondini asrash taraqqiyotni ta’minlovchi strategik masalalar sirasiga kiritilgan. Bu borada qator qonun hujjatlari, davlat rahbarining tegishli farmon va qarorlari qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Yaqinda e’lon qilingan «Aholiga narkologik va psixiatrik xizmat ko‘rsatish tizimini transformatsiya qilish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori loyihasi zamirida ham ana shu maqsadlar turibdi.

Loyiha bilan tanishish asnosida yurtimizda aholining ruhiy salomatligini yaxshilash, sohadagi muammolarga haqchil, tezkor yechim topish yo‘lida yangi qadamlar qo‘yilayotganini anglash mumkin.

Loyihaga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan boshlab Ruhiy salomatlik milliy tibbiyot markazi va uning 14 ta hududiy filialini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Toshkent shahar bolalar psixonevrologiya markazi Respublika bolalar ruhiy salomatlik markazi etib qayta tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. U bolalar psixiatriya xizmati bo‘yicha bosh muassasa hisoblanadi hamda tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining tegishli kafedralari uchun asosiy klinik baza vazifasini bajaradi. Shu bilan birga, respublika, jumladan, Toshkent shahri aholisiga xizmat ko‘rsatadi.

Ruhiy salomatlik xizmatlarini birlamchi tibbiy yordam tizimi bilan integratsiya qilish, yosh psixiatrlar tayyorlash, ularni amaliyotga keng jalb etish hamda aholiga yaqin, qulay xizmatlar ko‘rsatish vazifalari ham qamrab olingan. Ushbu maqsadda ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar va maslahat-diagnostika bo‘limlarida kattalar psixiatri, bolalar psixonevrologi (bolalar psixiatri), narkolog, tibbiy psixolog va hamshiralardan iborat birlamchi ruhiy salomatlik bo‘linmalari tashkil etiladi.

Shuningdek, psixiatr va klinik psixologlar tayyorlash tizimi kengayadi. Qaror loyihasida keltirilishicha, 2026—2027 o‘quv yilidan boshlab narkologiya, psixiatriya va tibbiy psixologiya yo‘nalishlari bo‘yicha magistratura hamda klinik ordinatura (rezidentura)da o‘qish muddati 2 yil etib belgilanishi, ularni bitirgan mutaxassislar kattalar va bolalar psixiatri (psixonevrolog), suitsidolog shifokori sifatida ishlash huquqiga ega bo‘lishi mumkin. 2030 yil yakuniga qadar aholining ruhiy salomatlik xizmatiga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, psixiatriya, narkologiya va tibbiy psixologiya mutaxassislarini magistratura hamda klinik ordinatura bosqichlarida to‘liq davlat granti asosida tayyorlash taklif qilinmoqda.

***

Zamonamizga kelib ruhiy salomatlik mavzusi kun tartibiga chiqayotganiga, nazarimizda, insonlarning ma’naviy ruhiy ozuqadan yiroqlashib borayotgani ham hal qiluvchi sabablardan biridir. Mahdudlik, axborotga, yangilikka, ijtimoiy munosabatlarga ehtiyojni faqat gadjetlar orqali qondirish, ilmu ma’rifatning, kitobxonlik va asl san’atning inson ruhiyatidagi kemtiklarga qay darajada davo bo‘lishini unutib qo‘yish pirovardida ruhiy inqirozga olib kelmayaptimikan?! Bunisi endi alohida mavzu!

 

Farida IBROHIMOVA.

 

Sukutdan hosil bo‘lgan bo‘shliqni boshqalar to‘ldiradi

Bugun dunyo an’anaviy urushlardan ancha uzoqlashib, inson ongi uchun kurash maydoniga aylanib bo‘ldi. Qurollar shovqini o‘rnini axborot oqimlari, tanklar o‘rnini esa manipulyativ narrativlar egalladi. Aytish mumkinki, axborot urushi, mafkuraviy bosim, qadriyatlarning unutilishi – bular, avvalo, jamiyatning intellektual immunitetini sinovdan o‘tkazmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda kuchayib borayotgan axborot provokatsiyalari, soxta kun tartiblari, his-tuyg‘uga qaratilgan ta’sirlar bunga yaqqol misol. Siyosiy madaniyat tamoyillari chetlab o‘tilgan holda, davlatlarning ichki ishlariga aralashish, jamiyat ongini beqarorlashtirishga qaratilgan urinishlar tobora tizimli tus olmoqda. Turli axborot xurujlari orqali xalqlar va millatlar his-tuyg‘ulariga ta’sir qilish, ularni qo‘zg‘ashga undovchi jarayonlar kuchayib bormoqda.

Shu nuqtada bir haqiqatni aniq aytish lozim: har qanday jamiyatda kuch, pul yoki ma’muriy resurslardan ham ustun turadigan asosiy omil bor – bu uning intellektual salohiyatidir. Ana shu ustunlikni shakllantiradigan, yo‘nalish beradigan, jamiyat ongini harakatga keltiradigan qatlam, tabiiyki, ziyolilar hisoblanadi.

Xo‘sh, ziyoli kim? Mustafo Cho‘qay ziyoli odam haqida fikr yuritarkan, shunday deydi: “Biz har qanday o‘qigan odamni ziyoli deb atashimiz mumkinmi? Zero, ziyolilik tahsil olganlik bilan o‘lchanmaydi. Ziyoli insonlarni esa g‘oya birlashtiradi”. Ular millatning aqli, ma’naviy yo‘lboshchisi, taraqqiyot va tanazzul o‘rtasidagi noyob mezondir. Chinakam ziyoli faqat aql va bilim emas, katta qalb va ma’naviyat egasi ham bo‘lmog‘i zarur. Umuman olganda, ziyoli deganda, insonga, ayniqsa, yoshlarga har tomonlama ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi shaxslar tushunilib, ular turli sohalarga mansub bo‘lishlari mumkin.

Biz, ziyolilar bugun global axborot zamonida birlasha olyapmizmi?

So‘nggi yillarda jamiyatdagi ayrim tendensiyalar meni o‘ylantirmoqda: ziyolilar so‘zi ko‘pincha kechikayotgani, ayrim muhim masalalarda sukut ustun kelayotgani kuzatiladi. Agar ziyolilar sukut qilsa, bu sukutdan hosil bo‘lgan bo‘shliqni boshqalar to‘ldiradi. Bu sukut jamiyatda ma’naviy vakuumni yuzaga keltirib, uni begona g‘oyalar egallashiga sharoit yaratadi. Va ko‘pincha bu yolg‘on, manipulatsiya va zo‘ravon g‘oyalar bo‘ladi. Shuning uchun ziyolining vazifasi faqat kuzatish emas, balki yo‘l ko‘rsatish, ogohlantirish, ma’naviy ustunlikni saqlab qolishdir.

Tarix buni ko‘p bor isbotlagan: qaysi jamiyatda ziyoli qatlam faol, birlashgan va kelajak oldida javobgarlikni his etgan bo‘lsa, o‘sha yerda islohotlar chuqur, taraqqiyot barqaror kechgan. Aksincha, ziyolilar sukutga ketgan, parokanda bo‘lgan yoki chetga surilgan davrlarda jamiyat inersiyaga tushgan, oqibatda tanazzul yuz bergan.

Bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda bir haqiqat yanada ravshan ko‘rinadi: tinchlik – tasodif emas, u ongli tanlov, aqlli siyosat va ma’naviy barkamollik samarasidir. Shu ma’noda, bugungi osuda hayotimiz, barqarorlik va xotirjamlik uchun shukronalik hissi har bir fuqaro, ayniqsa, ziyoli inson qalbida mustahkam o‘rin egallashi shart.

Jamiyatda turli fikrlar, qarashlar mavjud bo‘lishi tabiiy. Ammo ular qarama-qarshilikka emas, muloqotga, ziddiyatga emas, hamjihatlikka aylanishi kerak

Bugungi asosiy xavf faqat tashqi tahdidlar yoki chetdan uyushtirilayotgan targ‘ibotlar emas. Eng xavfli omil ichki befarqlik va umumiy maqsad atrofida birlasha olmaslikda ko‘rinadi.

Shuning uchun ham ziyolilar uyg‘oq bo‘lishi hayotiy zarurat. Uyg‘oqlik – voqealarga kechikib emas, o‘z vaqtida munosabat bildirish bilan namoyon bo‘ladi. Uyg‘oqlik – jarayonlarni chuqur tahlil qilish, tashqi ta’sirlarga tanqidiy yondashish, xalqqa tiniq fikr berish demakdir.

Fikrlar uyg‘unligi, maqsadlar birligi va umumiy pozitsiya jamiyatni harakatga keltiradi. Millatni uyg‘otish orqali jamiyat ongi tiniqlashadi, xavf va imkoniyat o‘rtasidagi chegara aniq ko‘rinadi. Bu vazifa faqat bilim bilan emas, ma’naviy jasorat bilan amalga oshiriladi. Ziyoli sifatida sohaviy masalalarda fikrlarimiz bir joydan chiqmasligi mumkin, sog‘lom ma’noda tortishuvlar bo‘lishi aniq, ammo Vatan masalasida qarashlarimiz bir, g‘oyalarimiz bir. Bu Vatanga sadoqatdir! Zero, bizni olim qilgan, el uchun, xotirjamlik ila oilamiz bilan bir dasturxonda o‘tirib suhbatlashmoq zavqi uchun, shogirdlarimizga ilmu urfonlarni ulashmoq uchun, shu yurt uchun, shu xalq uchun millat ziyolilari bedor bo‘lmog‘i lozim.

Vatanni asrash chegaralarni qo‘riqlash bilan cheklanmaydi. Shukrki, milliy armiyamiz kuchli, mudofaa qobiliyatimiz mustahkam. Qaysidir mintaqada soniyalar oldin tirik bo‘lgan farzandini lahza qadar ko‘z oldida vafotini ko‘rayotgan onalarni, urush vayronalariga boqqancha baxtli kunlarini qo‘msab yig‘layotganlarni, alp yigitlarning qurbon bo‘layotganini ko‘z oldimizga keltira olamizmi? Shunda ham shukr aytmaymizmi?!

Osuda kunlarimiz, to‘y-u tomoshalarimiz, farzandlarimizning olamshumul yutuqlari uchun ham shu Vatanni sharaf bilan, ilmu ziyo nurini sochib asramog‘imiz kerak! Olimlikning ham, oriflikning ham buyuk missiyasi shu aslida!

Uyg‘oq ong, yakdillik va ma’naviy ustunlik bor joyda tinchlik mustahkam bo‘ladi. Va aynan shu yo‘l – zo‘ravonlikka qarshi eng kuchli javob, axborot urushiga qarshi eng po‘lat qalqondir.

 

Mahfuza YULDASHEVA,

siyosiy fanlar doktori, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti dotsenti.

 

Barqaror rivojlanish bo‘yicha global hisobot: qaysi davlatlar yetakchi?

Bugungi kunda insoniyat taraqqiyotining eng muhim strategik masalalaridan biri barqaror rivojlanish hisoblanadi. Iqlim o‘zgarishi, kambag‘allik darajasini qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligi, ijtimoiy tengsizlik va ekologik muammolar kabi global tahdidlar jahon hamjamiyatini iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy adolat va ekologik muvozanatni uyg‘unlashtirgan yangi modelni shakllantirishga undamoqda.

Shu maqsadda 2015 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2030 yilgacha mo‘ljallangan, bani bashar taraqqiyotining asosiy 17 ta yo‘nalishini qamrab olgan Barqaror rivojlanish maqsadlari qabul qilindi.

2025 yilda e’lon qilingan Barqaror rivojlanish bo‘yicha hisobotda mazkur maqsadlarga erishish jarayonida dunyo davlatlari qanday natijalarga erishgani tahlildan o‘tkazildi.

Ma’lum bo‘lishicha, barqaror rivojlanish g‘oyasi global miqyosda keng qo‘llab-quvvatlanayotgan esa-da, uni amalga oshirish jarayonida hali ham qator jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda.

BMTga ko‘ra, dunyodagi 193 davlatdan 190 tasi barqaror rivojlanish bo‘yicha milliy strategiyalar va dasturlarni qabul qilgan. Bu holat barqaror rivojlanish tamoyillari xalqaro hamjamiyat tomonidan umumiy taraqqiyot yo‘li sifatida qabul qilinganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, mamlakatlar Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish jarayonida Ixtiyoriy milliy sharh mexanizmi orqali o‘z tajribalari va natijalarini taqdim etmoqda. 2015 yildan buyon ko‘plab davlatlar kamida ikki marta milliy sharh taqdim etgan bo‘lib, 2025 yilda yana 39 ta mamlakat o‘z hisobotini e’lon qilishini bildirgan. Faqat uch davlat – Gaiti, Myanma va AQSH ushbu jarayonda ishtirok etmagan. Shuningdek, mahalliy darajada ham barqaror rivojlanish siyosatini baholash uchun Ixtiyoriy mahalliy sharhlar amaliyoti kengayib bormoqda.

Biroq amaliy natijalar barqaror rivojlanishga erishish yo‘lidagi murakkabliklarni ham ko‘rsatmoqda. Hisobotga ko‘ra, jahon miqyosida Barqaror rivojlanish maqsadlarining atigi 17 foizigina belgilangan reja bo‘yicha amalga oshirilmoqda, qolgan qismida esa sekinlashish yoki orqaga ketish holatlari kuzatilmoqda.

Ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik muvozanat va bioxilma xillik, shaharlar infratuzilmasining barqarorligi, adolat va huquqiy institutlar samaradorligi kabi sohalarda muammolar saqlanib qolmoqda.

Mutaxassislar fikricha, bu holatga geosiyosiy mojarolar, iqtisodiy inqirozlar, moliyaviy resurslar yetishmasligi hamda iqlim o‘zgarishi asosiy sabab bo‘lmoqda.

2025 yilgi hisobotga ko‘ra, Barqaror rivojlanish indeksi bo‘yicha yetakchilik asosan Yevropa davlatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, Finlandiya birinchi, Shvetsiya ikkinchi va Daniya uchinchi o‘rinni egallagan. Shuningdek, Germaniya va Fransiya ham yuqori natijalarga erishgan davlatlar qatoriga kiradi.

Bu mamlakatlarda ijtimoiy himoya tizimi, ta’lim va tibbiyot sohalari yuqori darajada rivojlangan bo‘lib, davlat boshqaruvida shaffoflik va samaradorlik ta’minlangan. Biroq, hatto ushbu davlatlar ham barqaror iste’mol va ishlab chiqarish bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda.

Shu bilan birga, Sharqiy va Janubiy Osiyo mamlakatlari so‘nggi o‘n yil ichida barqaror rivojlanish bo‘yicha eng tez o‘sishni namoyish etmoqda. Masalan, Nepal, Kambodja, Filippin, Bangladesh va Mo‘g‘uliston indeksi sezilarli darajada o‘sgan. Shu qatorda Benin, Peru, Birlashgan Arab Amirliklari, Kosta-Rika, Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston ham barqaror rivojlanish bo‘yicha jadal taraqqiyotga erishgan mamlakatlar qatoriga kiritilgan.

Hisobotda O‘zbekiston Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mintaqasida barqaror rivojlanish bo‘yicha eng tez taraqqiy etayotgan davlatlardan biri sifatida qayd etilgan.

2025 yilgi reytingga ko‘ra, O‘zbekiston 167 ta davlat orasida 73,1 ball bilan, 19 pog‘onaga ko‘tarilib, 62-o‘rinni egalladi. Boshqacha aytganda, yurtimiz 2015 yildan buyon Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mintaqalarida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida faol sur’atda taraqqiyotga erishgan davlat sifatida e’tirof etildi. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatimizda keng qamrovli islohotlar samaradorligini va jamiyatning faol ishtirokini namoyon etmoqda.

Shu bilan birga, hisobotda barqaror rivojlanishga erishishdagi asosiy to‘siqlardan biri – moliyaviy resurslar yetishmasligi ham ta’kidlanadi. Dunyo aholisining qariyb yarmi barqaror rivojlanish dasturlarini amalga oshirish uchun yetarli moliyaviy imkoniyatlarga ega bo‘lmagan davlatlarda yashaydi.

Rivojlanayotgan mamlakatlardagi tashqi qarzlarning ortishi, investitsiya resurslarining cheklangani, xalqaro moliyaviy tizimdagi tengsizlik muammolari o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, barqaror rivojlanishga erishish uchun xalqaro moliyaviy arxitekturani isloh qilish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda hisobot mualliflari rivojlanayotgan mamlakatlarga imtiyozli kreditlar ajratish, tashqi qarzlarni qayta ko‘rib chiqish, xalqaro ekologik jamg‘armalarni kengaytirish, global investitsiya oqimlarini ularga yo‘naltirish kabi amaliy choralarni taklif qilmoqda.

Shuningdek, hisobotda barqaror rivojlanishda inson kapitaliga sarmoya kiritish maqsadga muvofiqligi ta’kidlanadi. Mutaxassislar ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga investitsiya kiritish uzoq muddatda iqtisodiy o‘sishni ta’minlashini qayd etmoqda. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, inson kapitaliga kiritilgan investitsiyalar 20 foizgacha iqtisodiy natija berishi mumkin.

Bundan tashqari, sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, yashil energetika va innovatsion texnologiyalar barqaror rivojlanishni tezlashtiruvchi muhim omillar sifatida baholanmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham barqaror rivojlanishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish dasturlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish hamda raqamli transformatsiyani jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar mamlakatning bu yo‘ldagi qat’iy pozitsiyasidan dalolat bermoqda.

Ekspertlar tomonidan xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, global moliyaviy tizimni isloh qilish, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, inson kapitaliga investitsiyalarni oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash kabi ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratish zarurligi tavsiya etilgan.

Xulosa qilib aytganda, tahlillar jahon taraqqiyotida barqaror rivojlanish g‘oyasi tobora markaziy ahamiyat kasb etayotganini yaqqol namoyon qilmoqda. Hisobot natijalari bir tomondan ko‘plab mamlakatlar barqaror rivojlanish yo‘lida sezilarli yutuqlarga erishayotganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan global miqyosda hali ham jiddiy muammolar mavjudligini ko‘rsatadi.

Geosiyosiy ziddiyatlar, moliyaviy resurslar taqchilligi, ekologik inqirozlar va ijtimoiy tengsizlik kabi omillar barqaror taraqqiyot jarayonini sekinlashtirmoqda. Shu sababli barqaror rivojlanish faqat alohida davlatlarning emas, balki butun insoniyatning umumiy mas’uliyatiga aylanmoqda. Aks holda 2030 yilgacha belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish nafaqat qiyinlashadi, balki insoniyatning kelajak hayoti ham xavf ostida qolishi mumkin.

 

Elyorjon SAMINOV,

Barqaror rivojlanish markazi direktori.

 

Raqamlar emas, real natija muhim

Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash deputatlik faoliyatining ham eng muhim va samaradorligini belgilovchi mexanizmlaridan biri hisoblanadi. Chunki xalq bilan muloqot jarayonida ko‘tarilgan har bir muammo aynan murojaatlar orqali rasmiy tus oladi va hal etish jarayoni boshlanadi. Agar murojaat faqat qabul qilinib, ro‘yxatga olinib, keyin javobsiz yoki yuzaki javob bilan yopib qo‘yilsa, bu na muloqotning, na deputatlik institutining haqiqiy ma’nosini aks ettiradi. Shu bois zamonaviy boshqaruvda murojaatlar bilan ishlash faqat “javob berish” emas, balki muammoni real natijaga olib chiqish tizimi sifatida shakllanmoqda.

Avvalo, murojaatlarni qabul qilish mexanizmi ochiq va qulay bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda fuqarolar deputatlarga bevosita qabul vaqtida, sayyor qabullarda, mahallalarda o‘tkaziladigan muloqot va uchrashuvlarda, yozma arizalar, elektron platformalar va telefon orqali murojaat qilish imkoniyatiga ega. Bu esa jamiyatning turli qatlamlari uchun teng qulaylik yaratadi: kimdir shaxsan kelib muammosini aytadi, kimdir yozma shaklda bayon qiladi, kimdir esa onlayn murojaat yo‘llaydi. Muhimi, har bir murojaat e’tibordan chetda qolmaydi va rasmiy tartibda qayd etiladi. Bu bosqichning shaffofligi fuqarolarda “Murojaatim idoralar o‘rtasida yo‘qolib ketmaydi”, degan ishonchni shakllantiradi.

Har bir murojaatning individual ko‘rib chiqilishi esa tizimning eng muhim jihatlaridan biridir. Chunki muammolar bir xil mazmunda bo‘lsa-da, ularning sababi, ko‘lami va oqibati turlicha bo‘lishi mumkin. Masalan, bir hududda suv muammosi texnik nosozlik sababli yuzaga kelgan bo‘lsa, boshqa joyda infratuzilmaning eskirgani oqibati bo‘lishi mumkin. Shuning uchun murojaatlarni umumiy shablon javoblar bilan yopish emas, balki har bir holatni joyiga chiqib o‘rganish, mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda tahlil qilish va aniq yechim ishlab chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu yondashuv murojaatni “raqam” sifatida emas, balki inson taqdiri bilan bog‘liq masala sifatida ko‘rib chiqishga xizmat qiladi.

Natijaga yo‘naltirilgan yondashuv murojaatlar bilan ishlash tizimining asosiy maqsadini belgilaydi. Shunga ko‘ra, endilikda murojaat natijasi haqida so‘z borganda birinchi navbatda “Muammo hal bo‘ldimi?” degan savol o‘rtaga tashlanmoqda. Agar fuqaro elektr ta’minoti uzilishi haqida murojaat qilgan bo‘lsa, oddiy tushuntirish xati emas, balki nosozlik bartaraf etilgani natija bo‘lib hisoblanadi. Agar yo‘l ta’miri talab etilsa, muammo reja-jadvalga kiritilib, aniq muddatda bajarilishi ta’minlanadi. Shunday qilib, murojaat ijrosining real natijasi tizim samaradorligining bosh ko‘rsatkichi bo‘lib qolmoqda. Bu esa deputatlik faoliyatini qog‘ozbozlikdan amaliy yechimlar maydoniga olib chiqmoqda.

Zarur hollarda takroriy murojaatlar, deputatlik so‘rovlari yoki jamoatchilik muhokamalari orqali masalaning tezkor hal etilishi ta’minlanadi. Bu mexanizm mas’ul idoralarni befarq bo‘lib qolishdan saqlaydi hamda fuqarolar muammosiga jiddiy yondashishga majbur etadi. Natijada murojaatlar javobsiz qolmaydi, balki amaliy yechimga olib keladi.

 

Deputatlik so‘rovlari – muammolarni hal qilish vositasi

Deputatlik so‘rovlari bugungi vakillik hokimiyati faoliyatida muammolarni tizimli va majburiy tartibda hal etishga xizmat qiluvchi eng samarali huquqiy mexanizmlardan biridir. Agar xalq bilan muloqot va murojaatlar muammoni aniqlash bosqichi bo‘lsa, deputatlik so‘rovi ana shu muammoni davlat idoralari kun tartibiga qat’iy olib chiqadigan, uni ijroga yo‘naltiradigan vosita sanaladi.

Deputatlik so‘rovining mohiyati shundaki, u muammoni shaxsiylik darajasidan chiqarib, jamoatchilik manfaatiga daxldor masala sifatida ko‘rib chiqishga majbur etadi. Masalan, bir fuqaroning elektr yoki suv muammosi deputatlik so‘rovi orqali butun hudud infratuzilmasiga oid tizimli muammoga aylanishi mumkin. So‘rovda muammo dalillar bilan asoslanadi, uning sabablari ko‘rsatiladi va mas’ul tashkilotlardan aniq muddatlarda yechim taqdim etish talab qilinadi. Bu yondashuv masalani yuzaki “ko‘rib chiqildi” darajasida emas, balki real ijroga yo‘naltiradi.

Nazorat mexanizmi sifatidagi ahamiyati esa deputatlik so‘rovining eng kuchli jihatlaridan biridir. Deputat muammo yuzasidan so‘rov yuborgach, uning ijrosi doimiy kuzatuvga olinadi, belgilangan muddatlarda natija talab qilinadi. Zarur hollarda masala qayta ko‘tariladi, keng muhokamaga chiqariladi yoki yuqori darajadagi organlar e’tiboriga havola etiladi. Bu jarayon davlat idoralarining mas’uliyatini oshirib, “javob berdik – ish tugadi” degan yondashuvning oldini oladi. Endilikda asosiy mezon hujjat emas, balki muammoning amalda hal bo‘lishidir.

So‘nggi yillarda deputatlik so‘rovlari institutining ahamiyati yanada kuchaytirildi. Jumladan, Prezidentning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida bundan buyon deputat so‘rovlari ijrosi har chorakda chuqur tahlil qilinishi, sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan holatlar bo‘yicha prokuratura organlariga taqdimnomalar kiritilishi alohida ta’kidlandi. Bu tashabbus deputatlarga ko‘rsatilayotgan yuksak ishonch bilan birga, ularning vakolatlari real kuchga ega ekanini ham amalda mustahkamladi.

Biroq muammolarni hal qilish faqat deputatlik so‘rovlari bilan cheklanib qolmaydi. Ayrim masalalar keng hamkorlik, joylarda tizimli ish olib borish va mahalla institutlari bilan uzviy aloqani talab qiladi. Ya’ni deputatlarning mahallalar bilan olib borayotgan tizimli hamkorligi, joylardagi muammolarni birgalikda hal etish amaliyoti qanday yo‘lga qo‘yilgani bugungi kunda dolzarb masalalardan biriga aylandi.

 

Mahallalar bilan tizimli hamkorlik

Mahallalar bilan tizimli hamkorlik bugungi deputatlik faoliyatining eng muhim tayanchlaridan biri sifatida shakllanmoqda. Chunki mahalla — bu jamiyatning eng quyi, ammo eng real hayot aks etadigan bo‘g‘ini bo‘lib, aholining kundalik muammolari, ehtiyojlari va tashabbuslari aynan shu bo‘g‘inda yuzaga chiqadi. Deputat faoliyati mahalla bilan uzviy bog‘lanmagan taqdirda u faqat umumiy masalalar bilan cheklanib qoladi, hayotdan uzoqlashib ketadi. Shu bois, zamonaviy boshqaruvda deputat va mahalla o‘rtasidagi hamkorlik muhim bo‘lib, ular bir butun mexanizm sifatida ishlashi ayni zaruratdir.

Birgalikdagi tashabbuslar deputat va mahalla hamkorligining yana bir muhim yo‘nalishidir. Ko‘plab muammolarni faqat davlat mablag‘i bilan emas, balki jamoatchilik ishtiroki orqali ham hal etish mumkin. Masalan, obodonlashtirish ishlari, yashil hududlar yaratish, sport maydonchalari barpo etish, yoshlar uchun tadbirlar tashkillashtirish kabi tashabbuslar mahalla faollari, tadbirkorlar va deputatlar hamkorligida amalga oshirilmoqda. Bunday tashabbuslar nafaqat muammolarni tezroq hal etadi, balki fuqarolarda o‘z mahallasiga egalik hissini kuchaytiradi. Natijada odamlar hudud rivojiga befarq bo‘lmay, faol ishtirok etishga intiladi.

Ijtimoiy loyihalar esa hamkorlikning strategik yo‘nalishiga aylanmoqda. Kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab quvvatlash, yoshlar bandligini oshirish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoit yaratish kabi loyihalar deputatlar tashabbusi va mahallalar hamkorligida amalga oshirilmoqda. Bunday loyihalar muammolarni vaqtinchalik emas, balki uzoq muddatli barqaror yechim asosida hal etishga xizmat qiladi. Shu orqali mahalla ijtimoiy yordam markazidan ijtimoiy rivojlanish maydoniga aylanib bormoqda.

 

Sanjar SOBIRJONOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori,

xalq deputatlari Yunusobod tuman Kengashi deputati.

 

Gender tenglik inson huquqlari kafolatining muhim mezonidir

Ba’zan “gender tenglik” degan gapni eshitsak, juda katta, rasmiy va uzoq tushunchadek tuyuladi. Lekin aslida bu har bir oila, har bir ish joyida insonga, ya’ni barchaga teng imkoniyat berilishi demakdir. Ya’ni kimdir faqat ayol bo‘lgani uchun chetlatilmasligi yoki o‘zini ojiz his qilmasligi kerak.

Ilgari ayni mavzu unchalik ochiq gapirilmasdi. Hozir esa qonunlar qabul qilindi, yangi imkoniyatlar paydo bo‘ldi, ayollarga ko‘proq e’tibor qaratilyapti.

O‘zXDP Toshkent viloyat kengashi tashabbusi bilan parlament va mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirokida gender tenglik va xotin-qizlar murojaatlarini samarali hal etish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan davra suhbatida shu mavzuga e’tibor qaratildi.

Suhbat jarayonida ishtirokchilar tomonidan bugungi kunda imkoniyatlar kengaygani, qonunchilik takomillashgani, ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar kuchaygani, lekin shu bilan birga, xotin-qizlarning bu boradagi murojaatlari ham kam emasligi, yaratilgan imkoniyatlardan foydalanishda ayrim qiyinchiliklar saqlanib qolinayotgani qayd etildi.

 

Akmal UMARALIYEV,

O‘zXDP Toshkent viloyat kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zXDP guruhi rahbari:

– Gender tenglik ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyot asosi hisoblanadi. Chunki jamiyatda erkaklar va ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratilmas ekan, haqiqiy rivojlanishga erishib bo‘lmaydi.

Oddiy qilib aytganda, jamiyatning yarmi to‘liq imkoniyatdan foydalana olmasa, bu jamiyat to‘liq kuch bilan harakat qilmayapti degani. Shuning uchun ham gender tenglik masalasi faqat ayollar muammosi emas, balki butun jamiyatning kelajagi bilan bog‘liq masaladir.

O‘zbekiston aholisining 49,6 foizini ayollar tashkil etadi va bu ko‘rsatkich ularning jamiyatdagi o‘rni naqadar muhim ekanini yaqqol ifodalaydi. Xususan, Toshkent viloyatida 1 million 574 mingdan ortiq ayol istiqomat qilayotgani hududiy siyosatda xotin qizlar masalasiga alohida e’tibor qaratishni talab etadi.

Bilamizki, 2019 yilda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun jamiyatda gender tenglikni ta’minlashda huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. U nafaqat huquqlarni himoya qiladi, balki ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlarni amalga oshirish jarayonini tizimli ravishda qonuniy tartibga soladi.

Bu qonun orqali ayollarning ta’lim olish, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik va davlat boshqaruvidagi ishtiroki kengayib bormoqda. Bu eng asosiy ijobiy natija hisoblanadi, chunki ayollarning faolligi jamiyatdagi qarorlar qabul qilinishida ham his etiladi va iqtisodiy hamda ijtimoiy taraqqiyotga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, xotin-qizlar murojaatlarini samarali ko‘rib chiqish va ularga tez va aniq yechim topish jarayonlari ham bu qonunning amaliy ahamiyatini yanada oshirmoqda. Bu esa nafaqat huquqiy adolatni ta’minlaydi, balki ayollarning o‘z hayoti va imkoniyatlari ustidan ishonchini mustahkamlaydi.

Albatta, ushbu jarayonda xotin-qizlar murojaatlarini samarali ko‘rib chiqish va ularga tez va aniq yechim topish uchun qator amaliy choralar ko‘rilishi muhim. Bu borada bir qator takliflarni bayon etmoqchiman.

Aytish kerakki, murojaat olganidan keyin tezkor qayta aloqa muhim ahamiyatga ega. Ayolga uning murojaati qay darajada ko‘rib chiqilayotgani haqida ma’lumot berish orqali ishonch va ochiqlik ta’minlanadi. Bu ortiqcha qo‘rquv va shubhalarni kamaytiradi. Har bir murojaat tekshirilishida qonun va amaldagi yo‘riqnomalar asos qilib olinishi, ayollarga huquqiy maslahatlar berilishi kerak. Bu nafaqat adolatni ta’minlaydi, balki ayolning huquqini himoya qiladi.

Shu bilan birga, psixologik va maslahat bo‘yicha qo‘llab-quvvatlash ham muhimdir. Murojaat qilgan ayollar psixolog yoki huquqshunos bilan uchrashib, o‘z muammosini tushuntirishi va yechim topishda qo‘llab-quvvatlanishi lozim. Bu tizim samaradorligini oshiradi va ayollarning o‘zini ishonchli his qilishini ta’minlaydi.

Shunday qilib, oiladan boshlab ish joyigacha bo‘lgan barcha muhitda ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning fikrini eshitish va imkoniyat berish orqaligina haqiqiy natijaga erishish mumkin.

 

Kommuna SHERMATOVA,

Chinoz tumani “Tadbirkor ayol” uyushmasi raisi:

– Ayollarning jamiyatdagi o‘rni va rolini mustahkamlash – bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda ayollar nafaqat oila bekasi, balki iqtisodiy va ijtimoiy hayotning faol ishtirokchisiga aylangan. Ular ta’lim oladi, tadbirkorlik qiladi, davlat va jamoat boshqaruvida faol ishtirok etadi.

Ayollarning iqtisodiy faolligi — bu nafaqat oila farovonligi, balki butun mamlakatning iqtisodiy o‘sishi uchun muhim omildir. Ular tadbirkorlik bilan shug‘ullansa, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, biznes va innovatsiyalar rivojlanadi. Shu bilan birga, davlat boshqaruvida ayollarning ishtiroki qaror qabul qilish jarayonini mukammallashtiradi va jamiyatning turli qatlamlari fikrini hisobga olishga imkon beradi.

Shu ma’noda partiyamiz tashabbusi bilan joylarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlar, davra suhbatlari va ma’rifiy tadbirlar orqali ayollarning muammolari o‘rganilmoqda, ularning murojaatlari joyida hal etilyapti. Masalan, ish boshlash niyatida yurgan ayollarga moliyaviy maslahatlar va kredit olish imkoniyatlari bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatilmoqda, shuningdek, kichik biznesni rivojlantirish uchun tegishli davlat dasturlariga yo‘naltirilmoqda.

Shuningdek, ta’lim va kasb-hunar sohasida murojaat qilgan xotin-qizlarga tegishli treninglar va malaka oshirish kurslari taklif etilib, ularning bilim va ko‘nikmalari kuchaytirilmoqda. Bu ayollarga nafaqat o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish, balki jamiyatda faol ishtirok etish imkonini ham beradi.

Shu tariqa, joylardagi tadbirlar orqali ayollar hayotida haqiqiy o‘zgarishlar yuzaga kelmoqda, ularning imkoniyatlari kengaymoqda va jamiyatda ayollar ishtiroki tobora faollashmoqda. Bu esa nafaqat gender tenglikni ta’minlaydi, balki barqaror taraqqiyot va ijtimoiy adolatning asosi hisoblanadi.

Davra suhbatida xalq deputatlari Ohangaron shahar Kengashi deputati Nargiza Xolto‘rayeva gender tenglikni ta’minlashda amaliy yondashuvlar haqida gapirib o‘tdi. U joylarga chiqib o‘rganishlar o‘tkazish, aholi bilan bevosita muloqot qilish orqali muammolarni aniqlash va yechish samarali natija berayotganini qayd etdi.

“Ayollar daftari” tizimi orqali ehtiyojmand ayollarni qo‘llab quvvatlash, ularni ish bilan ta’minlash va kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha erishilgan natijalarga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, deputatlik so‘rovi instituti orqali muammolarni hal qilish amaliyoti samarali ishlayotgani ta’kidlandi.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i O‘g‘iloy O‘razova o‘z so‘zida gender tenglik tizimli siyosat va strategik yondashuv mahsuli ekanini qayd etdi. U mamlakatimizda bu yo‘nalishda mustahkam huquqiy baza yaratilganini, 110 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganini ta’kidlab, yangi tahrirdagi Konstitutsiya, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda gender tenglik strategiyasida ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilganiga urg‘u berib o‘tdi. Shuningdek, xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning o‘rni sezilarli darajada yaxshilanganiga misollar keltirildi.

– Parlamentlararo ittifoq reytingida 36-o‘rin, gender indeksida 52-o‘rin va Jahon banki reytingida 48-o‘rin egallashi – amalga oshirilayotgan islohotlarning haqiqiy samaradorligini ko‘rsatadi. Bu natijalar gender tenglikka e’tibor qaratilgan chora-tadbirlar foyda berishi va ularning hayotda sezilarli o‘zgarishlarga olib kelayotganini isbotlaydi, – dedi O‘g‘iloy O‘razova.

O‘zXDP Markaziy Kengashi sektor mudiri, xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashidagi O‘zXDP deputati Muxsiddin Nizomiddinov bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasini aniq raqamlar va tahlillar orqali izohlab berdi.

Ma’ruzachi, ayniqsa, qizlarning intellektual salohiyati tobora ortib borayotganini ta’kidladi. Masalan, qizlar orasida oliy va kasb hunar ta’limi bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar soni yildan-yilga o‘smoqda, bu esa ularning bilim va ko‘nikmalari kengayib, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishi uchun imkon yaratmoqda.

Ta’kidlandiki, 2024–2025 o‘quv yilida respublika bo‘yicha 11-sinfni 433 503 nafar, 9-sinfni esa 633 952 nafar o‘quvchi tamomlab, jami 1 067 455 nafar bitiruvchiga shahodatnoma berilgan. Shu bilan birga, 13 686 nafar iqtidorli bitiruvchi oltin va kumush medallar bilan taqdirlangan bo‘lib, ularning katta qismini aynan qizlar tashkil etgani bugungi ta’lim tizimidagi muhim tendensiyani ko‘rsatadi.

Bu raqamlar ta’lim sohasida ayollarning intellektual salohiyatining tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Qizlar nafaqat bilimli, balki faol va maqsadlilik xususiyati bilan ham ajralib turibdi. Bu esa ularning kelajakda iqtisodiy, ijtimoiy va davlat boshqaruvidagi faol ishtirokini ta’minlaydi.

Gender tenglikni kafolatlash faqat davlat organlarining emas, balki har birimizning vazifamizdir. Chunki adolatli va barqaror jamiyat aynan teng imkoniyatlar asosida quriladi.

 

Laziza SHEROVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

 

Navoiyda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari qanday natija beryapti?

Keyingi yillarda mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish chora tadbirlari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Aholi ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritishni maqsad qilgan Xalq demokratik partiyasi uchun ham bu prinsipial masala hisoblanadi. Shu sababdan partiya mazkur sohadagi strategik vazifalarning hududlardagi ijrosi bo‘yicha doimiy o‘rganish va tahlillar olib bormoqda.

Navoiy shahrida o‘tgan “Kambag‘allikni qisqartirish: natijalar, muammo va yechimlar” mavzusidagi jamoatchilik eshituvida viloyatdagi mavjud holat mas’ul idoralar mutasaddilari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Navoiy viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi rahbarlarining axboroti eshitildi.

Qayd etilishicha, 2025 yil boshida viloyatda Ijtimoiy reyestrda turgan kambag‘al oilalar soni 13,8 mingta bo‘lib, kambag‘allik darajasi 5,7 foizni tashkil qilgan. Yil davomida 10,2 ming oila kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 4,2 foizga tushgan.

O‘tgan yili viloyatda 156,7 ming nafar aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash reja qilingan bo‘lsa, amalda bu raqam 162,7 ming nafarni tashkil etgan.

Navoiy, Zarafshon va G‘ozg‘on shaharlarida ishsizlik darajasi 4 foizdan pasayib, “tabiiy ishsizlik” darajasiga yaqinlashgani ham muhim natija sifatida qayd etildi.

Eshituvda deputatlar kambag‘allikni qisqartirishda erishilgan natijalar bilan bir qatorda, hali yechimini kutayotgan masalalarga ham to‘xtalib o‘tdilar. Xususan, bugungi kunda viloyatdagi 310 ta mahalladan 143 tasi kambag‘allikdan chiqarilgani, ayrim hududlarda aholini doimiy va barqaror daromad manbalari bilan ta’minlashda uchrayotgan muammolar tahlil qilindi.

Mutaxassislarning fikricha, kambag‘allikni qisqartirishda ta’lim tizimi bilan mehnat bozori o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlash muhim. Kasb-hunarga o‘qitish markazlarida bozorda talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish va bitiruvchilarni ishga joylashtirishning aniq mexanizmlarini joriy etish orqali samaradorlikni oshirish mumkin.

Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirishga faqat ijtimoiy nafaqalar ajratish va bir martalik yordamlar bilan emas, balki aholining doimiy daromadga ega bo‘lishi, yangi ish o‘rinlari yaratish orqali erishish mumkinligi ta’kidlandi.

Jamoatchilik eshituvida partiya elektorati vakillari mutasaddilarga bevosita murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi, fuqarolarni o‘ylantirayotgan qator masalalar yuzasidan aniq choralar belgilandi.

Xalq demokratik partiyasi deputatlari hududlardagi o‘rganish natijalari asosida fikr-mulohaza va takliflarini bildirishdi. Kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoyaning manzilliligini oshirish muhimligi bildirildi. Ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biri ekani qayd etildi.

Xalq demokratik partiyasi so‘l qanot sifatida mazkur yo‘nalishdagi ishlarning ijrosi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholi murojaatlari bilan yaqindan ishlash, ularni yanada samarali hal etish bo‘yicha sa’y-harakatlarini izchil davom ettirishi ta’kidlandi.

 

O‘zXDP Markaziy Kengashi Axborot xizmati.

 

Murojaatlar – jamiyat kayfiyatini ko‘rsatuvchi muhim ko‘zgu

Mamlakatimizda aholi bilan muloqot madaniyatini yanada mustahkamlash, fuqarolarning murojaatlarini tizimli o‘rganish va ularga o‘z vaqtida yechim topish masalalari davlat boshqaruvidagi ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bu boradagi ishlarning navbatdagi muhim bosqichi bo‘ldi.

So‘nggi yillarda yurtimizda “davlat xalq uchun xizmat qilishi kerak” degan tamoyil amalda o‘z ifodasini topayotgani barchamizga ma’lum. Aholining ijtimoiy farovonligini oshirish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, odamlarning turmush darajasini ko‘tarishga qaratilgan keng ko‘lamli dasturlar izchil olib borilmoqda. Jumladan, joriy yilda mahallalarda infratuzilma va aholi turmush sharoitini yaxshilash uchun 56 trillion so‘m mablag‘ ajratilayotgani davlat siyosatining inson manfaatlariga yo‘naltirilganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Yig‘ilishda shuncha imkoniyat va mexanizmlar mavjud bo‘lishiga qaramasdan, ayrim hududlarda aholi murojaatlariga o‘z vaqtida yechim topilmayotgani, ba’zi hollarda muammolar ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamaga sabab bo‘lganidan keyin harakat boshlanayotgani joylardagi ijro intizomi va mas’uliyat masalasini jiddiy ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Aslida murojaatlar — bu faqatgina ariza yoki shikoyat emas. Ular jamiyatdagi real kayfiyat, odamlarning kundalik hayotida uchrayotgan muammolar, ayrim sohalardagi tizimli kamchiliklarni namoyon etuvchi ko‘zgudir. Shu bois murojaatlarni faqat rasmiy tartibda ko‘rib chiqish bilan cheklanib qolmasdan, ularning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish, tizimli muammolarni bartaraf etish davlat boshqaruvining muhim vazifasiga aylanmoqda.

Yig‘ilishda aliment masalasi, energetika va kommunal infratuzilma, yo‘llar holati, ichimlik suvi ta’minoti kabi sohalar bo‘yicha murojaatlar ko‘pligi alohida qayd etildi. Bu esa mazkur yo‘nalishlarda xizmatlar sifati va mavjud muammolarni chuqur tahlil qilish, manzilli chora-tadbirlarni kuchaytirish zarurligini anglatadi.

Ayniqsa, Xalq qabulxonalarini faqat murojaat qabul qiluvchi idora sifatida emas, balki joylardagi muammolarni tizimli tahlil qiladigan, mas’ul idoralar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadigan va amaliy yechimlar ishlab chiqadigan markazga aylantirish haqida bildirilgan fikr va tashabbuslar davlat boshqaruvida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berishi shubhasiz.

Bu jarayonda siyosiy partiyalar vakillik organlari faoliyati ham alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki aholi murojaatlarini tizimli o‘rganish va ularni davlat qarorlari qabul qilinishi jarayoniga yetkazishda partiyalar muhim ko‘prik vazifasini bajaradi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi uchun aholi murojaatlari bilan ishlash partiyaning dasturiy maqsadlari va ijtimoiy adolat tamoyillarini amalga oshirishning muhim mexanizmi hisoblanadi.

Partiyaning joylardagi kengashlari, mahalliy Kengashlarda faoliyat yuritayotgan deputatlari hamda Jamoatchilik qabulxonalari aholi bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularni o‘ylantirayotgan muammolarni o‘rganish va bu masalalarni parlament hamda mahalliy vakillik organlari kun tartibiga olib chiqishda yanada faol bo‘lishi zarur.

Bugungi kunda partiya Jamoatchilik qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, fuqarolarni eng ko‘p tashvishga solayotgan masalalar ish bilan ta’minlash, kommunal xizmatlar sifati, uy-joy ta’minoti, ijtimoiy himoya va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari bilan bog‘liq. Bu esa, o‘z navbatida, partiya deputatlari va kengashlari oldida turgan ustuvor vazifalarni yanada aniq belgilab beradi.

Shu nuqtai nazardan, partiya deputatlari joylardagi murojaatlarni chuqur tahlil qilish, ularning sabablarini o‘rganish, mavjud muammolarni hal etish yuzasidan mahalliy hokimliklar va tegishli idoralar faoliyati ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratishi lozim. Shuningdek, aholini o‘ylantirayotgan masalalarni mahalliy Kengashlar sessiyalari kun tartibiga kiritish, ular bo‘yicha aniq qarorlar qabul qilinishiga erishish ham partiya vakillarining muhim vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Ayni paytda partiyaning barcha darajadagi kengashlari va deputatlik korpusi aholi murojaatlari bilan ishlashda faqat ularni ko‘rib chiqish bilan cheklanib qolmasdan, muammoning ildiz sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqishga ham alohida e’tibor qaratishi zarur.

Har bir murojaat ortida inson taqdiri, oila manfaati, ijtimoiy adolat masalasi turadi. Shuning uchun ham Xalq demokratik partiyasi aholi murojaatlarini joylardagi ijtimoiy muammolarni aniqlash, ularni hal etish bo‘yicha samarali parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning muhim manbai sifatida ko‘radi.

Odamlarning dardi eshitilgan, muammolari o‘z vaqtida hal etilgan jamiyatda davlatga bo‘lgan ishonch mustahkamlanadi, ijtimoiy barqarorlik va adolat tamoyillari yanada kuchayadi.

 

Abror QURBONOV,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari.