Poytaxtimizning eng diltortar, so‘lim manzillaridan biri – Olmazor tumanida yoshlikning oltin fasli hukm surayotgandek. Bu hududga qadam qo‘ygan kishi, avvalo, ilmga, izlanishga, intilishlarga to‘la muhitni his etadi. Zero, respublikamizdagi yirik va nufuzli oliy ta’lim dargohlari jamlangan Talabalar shaharchasi ham shu zaminga uyg‘unlashib, yillar davomida minglab yigit-qizlarning orzu-umidlariga qanot berib kelmoqda.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti, shuningdek, o‘rta maxsus ta’lim maskanlari — bularning barchasida bugun yoshlikning shijoati, ilmning zavqi, kelajakka ishonch mujassam.
Talabalar shaharchasi bo‘ylab kezar ekanman, bu maskanning bugungi qiyofasi, yangilanish va obodlik manzaralaridan beixtiyor zavq tuyaman. Shu yerdagi ulug‘ dargohlar orasida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining alohida o‘rni bor. Bu — ulug‘lar sabog‘i, ilm va ma’rifat an’analari davom etayotgan qutlug‘ dargoh. Universitet mamlakatimizda oliy ta’lim, ilm-fan, texnika, madaniyat va ma’rifat rivojiga yillar davomida beqiyos hissa qo‘shib kelmoqda. Bu dargohdan yetishib chiqqan ko‘plab buyuk olimlar, ilm-fan namoyandalari va zamonamizning taniqli insonlari o‘zlarining ilk katta qadamlarini aynan shu maskanda qo‘ygan, uni o‘zlari uchun haqli ravishda alma mater (lotincha ibora bo‘lib, “mehribon ona» ma’nosini beradi) deb bilganlar.
Universitetning yigirma uch nafar eng mashhur olimlari turli yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining prezidenti va vise-prezidentlari bo‘lgani, yuzdan oshiq olim esa sharafli akademik nomini qozonganini e’tirof etishning o‘ziyoq bu ma’rifat maskanining muqaddasligini namoyon etadi. Umrimning oltin davri—talabaligim ushbu maskanda o‘tganini eslar ekanman, ko‘z o‘ngimda hayoti va faoliyatini ma’rifatga bag‘ishlagan ulug‘ ustozlarim gavdalanadi…
Professor Begali Qosimov Qoraqamish dahasida yashar edi. Biz, talabalar uning darsi oxirgi parada bo‘lishini juda-juda istardik. Dars tugaganda esa ustozni kuzatish uchun uning Qoraqamishdagi uyigacha ergashib borardik.
Ustozning uyiga olib boradigan yo‘l 30 – 35 daqiqa chamasi edi. Bu yo‘l darsdan so‘ng hayot va ma’naviyat saboqlariga aylanardi. Begali Qosimov “Talabalar shaharchasi kitoblar shaharchasiga aylanishi kerak”, deb takrorlar edi. Ustozning bu orzusi, ne ajabki, bugungi kunga kelib amalga oshdi, desam mubolag‘aga yo‘ymaysiz!
Yo‘lingiz tushsa, Talabalar shaharchasidagi zamonaviy Axborot-resurs markaziga, albatta, kiring. Ana shunda mening bu so‘zlarim haqiqat ekaniga iqror bo‘lasiz.
Elektron-resurslar, davriy adabiyotlar, mutolaa, multimedia va konferensiya zallarini o‘z ichiga olgan markaz faoliyati tom ma’noda kengaytirilib, muhtasham majmua sifatida qad rostlagan. Bugungi kunda majmua Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi O‘zbekiston talabalarining milliy ilmiy-ma’rifiy markazi hisoblanadi. Bu yerda barcha fanlar bo‘yicha ma’lumotlar bazasi mavjud. Eng ilg‘or texnologiyalar vositasida mazkur bazadan mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari foydalanadi. Dunyoning yetakchi universitetlari bilan hamkorlik o‘rnatilib, ulardagi ma’ruzalarni onlayn kuzatish imkoniyati yaratilgan. “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida markaz atrofida bog‘ barpo etilgani diqqatga sazovor.
Darhaqiqat, so‘nggi o‘n yilda nafaqat Talabalar shaharchasi, balki butun Olmazor tumani yanada ko‘rkamlik, muazzamlik kasb etdi.
Gap hududdagi bunyodkorliklar haqida borar ekan, avlodlarimizga ulug‘ meros bo‘lib qolguvchi Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilganini iftixor bilan tilga olmaslikning iloji yo‘q.
Mamlakat rahbari tashabbusi bilan bunyod bo‘lgan bu qutlug‘ maskan dunyoda islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini o‘rganish va targ‘ib etishga qaratilgan yirik majmualar qatorida e’tirof etilmoqda.
Olmazorda, bundan tashqari, ulkan bunyodkorlik namunalaridan biri sifatida Nurafshon va Forobiy ko‘chalari kesishgan nuqtada barpo etilgan uch qavatli “Eski shahar” savdo markazini ham keltirish joizdir. Bu yerda xaridorlarga qulayliklar yaratish maqsadida kafe, galereya, bolalar o‘yin maydonchalari, avtomobillar to‘xtash joyi va boshqa ob’yektlar qurilgan. Hozirda 250 kishi ish bilan ta’minlangan markazning uchinchi qavatida “Kitob olami” do‘koni va milliy kino san’atimiz xazinasidan o‘rin olgan filmlar namoyishi uchun mo‘ljallangan kinozal ham mavjud.
Kichik halqa yo‘li va Qorasaroy ko‘chasi kesishgan hududda 7 qavatli 12 ta turar joy Olmazorning ko‘rkiga ajib ko‘rk qo‘shib turibdi. 800 xonadonga mo‘ljallangan bu uylar ehtiyojmand oilalarning yashash sharoitini yaxshilash, ularni arzon, zamonaviy turar joy bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Uylarni qurish uchun 5 gektardan ziyod yer ajratildi. Turar joylarni loyihalashtirishda iqlim sharoiti, sanitariya va xavfsizlik talablari hamda xalqimizning milliy hayot tarziga xos boshqa jihatlar hisobga olingan.
Bir paytlar atrofi xarobazor, tikanzor bo‘lib, yo‘qlikka yuz tutgan “Qichqiriq” kanali chiqindilardan tozalanib, sohili obodonlashtirilib turli chiroqlar o‘rnatilib, yangi madaniyat va istirohat bog‘i qurilgani olmazorliklar uchun yanada quvonchli bo‘ldi.
Shuningdek, tumanning o‘z tarixiga ega ellikdan ortiq mahallalari idoralari ham so‘nggi me’morchilik uslubida qayta qurildi.
Davlat rahbari poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida ushbu tumanda bo‘lib, ana shu mahallalardan biri – “Qichqiriq”qa tashrif buyurdi.
O‘ttiz yildan ortiq tarixga ega “Qichqiriq” mahallasida 23 ta ko‘p qavatli uy, 1 ming 416 ta xonadon bo‘lib, 5 ming 400 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Prezidentning 2024 yil 25 iyundagi qarori asosida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari natijasida mahalla zamonaviy va ekologik hududga aylandi.
Hududda respublikadagi ilk zamonaviy minorali avtoturargohlardan biri ham barpo etildi. Madaniy tadbirlar uchun amfiteatr tashkil etildi.
Mahalladagi ta’lim muassasalari ham yangilanmoqda. 1976 yilda qurilgan 441-bog‘cha rekonstruksiya qilinib, 450 o‘rinli ikkita yangi bino barpo etildi va muassasa quvvati 835 o‘ringa yetkazildi. Bu yerda ingliz tili, mental arifmetika, shaxmat, taekvondo va boshqa to‘garaklar tashkil etilgan.
Bog‘chada “O‘zbek tilini o‘ynab o‘rganamiz” interaktiv platformasi va yo‘l harakati xavfsizligi to‘garagi joriy etilgan. Bu tashabbuslar bolalarning bilim va ko‘nikmalarini erta yoshdan rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Davlat rahbari tomonidan Olmazorga tashrif asnosida “Qichqiriq” mahallasidagi bunday yangilanishlar, o‘sib kelayotgan avlod baxtu iqboli yo‘lida amalga oshirilayotgan tashabbuslar namuna qilib ko‘rsatildi. Va bu bejiz emasligini barchamiz anglab, his qilib turibmiz.
***
Kuni kecha nabiralarim bilan Olmazordagi “Qichqiriq” kanali bo‘ylab oqshom sayliga chiqdim. Minglab chiroqlar yoritib turgan yo‘llar va yo‘laklar nurga to‘lgan. Kuzning salqin oqshomi. Sohil bo‘yida xotirjam, mamnun chehralarni ko‘rib, jajji bolalarning kulgilarini eshitib, ko‘ngilga yanada zavqu shavq inadi. Bir tomondagi mini futbol maydonida mahalla bolalari to‘p tepmoqda. Bir tomonda esa shaxmat donalarini surayotgan bolajonlarni yonida bobolar va buvilar qo‘llab-quvvatlab turibdilar. Kitob do‘koniga yangi kitoblar tushirilmoqda. Bejirim o‘rindiqlarda suhbatlashayotgan nuroniylarning so‘zlari duolarga ulanib ketmoqda.
Bularning bari ezgu o‘zgarishlarning ramzi — mahalla hayotiga kirib kelgan yorug‘ kunlarning yorqin ifodasi, desak yanglishmaymiz.
Zulfiya MO‘MINOVA,
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati.
