O'zbekiston

Turmush ham, tafakkur ham o‘zgarmoqda

Blog Image
Email : 5 0

Jahonning ko‘hna, donishmand tarixidan ma’lum: boshqaruv bosim, jismoniy nazorat va inson idrokiga xo‘jayinlik qilish ustiga qurilsa, xalq o‘ziga, uyiga, ichki tashvishlariga yopilib oladi. Noto‘g‘ri munosabatga nisbatan jamiyatning tabiiy himoya instinkti shunday bo‘ladi.

Aksincha, boshqarishdan maqsad xalqning birini ikki qilish, dunyo oldida g‘ururini ko‘tarish, bosim emas, balki qo‘llov va imkoniyat berish bo‘lsa, millatning qalbi ochiladi. Qachonlardir o‘z uyiga bekinib olgan odamlar ostona xatlab ko‘chaga chiqadi, erta bahor hovlisiga nihol qadab, mahalla va jamiyat bilan zavqlanib yashamoq uchun yangi yo‘llarga otlanadi.

Yangi o‘quv yilining ilk kunlarida farzandini maktabga kuzatayotgan onalarning baxtiyorligini ko‘rib, yaqin o‘tmishning og‘riqli xotiralari xayoldan o‘tadi. Biz erkinlik nimaligini tushunar-tushunmas, sinfxonalardan to‘g‘ri paxta dalasiga quvilgan avlod edik. Asli moʻjizali bolalikning eng katta g‘ami etakni qanday to‘ldirish va kunlik “plan”ni bajarishdan iborat bo‘lardi.

Endi-endi o‘ylasang, mustabid sovet tuzumidan beri boshidan maqsad mehnat, manfaatdorlik, ishchi-dehqonlar baxtu iqboli emas, nazorat qilish, bosimda ushlab turish bo‘lgani ochilganday tuyuladi. Kommunizmning o‘zicha bosh “dohiy”laridan birining “hisob va nazorat har bir sovet ishchisi va soldatlarining eng asosiy iqtisodiy vazifalaridan biridir”, degan gapidan bu anglanish kengaygandek bo‘ladi. Hammaga yo ishchi-dehqon, yo soldat, deb qaralar, bu qadimiy mamlakatda go‘yoki inson yo‘q edi…

Mustaqillikning dastlabki o‘n yilliklari hamma joyda ham oson kechmaydi. Ko‘ngli cho‘kib, hafsalasi pir bo‘lgan bir kishining ruhini ko‘tarish, avvali o‘ziga ishontirish qanchalik qiyinligini o‘ylab, keyin butun bir mamlakatdagi vaziyatni tasavvurga sig‘dirishga urinib ko‘rish mumkin. Mustabid tuzum asoratlari yuvilib ketishi qiyin bo‘ldi. Go‘yoki davlat va jamiyat bo‘lib, erkin xalq bo‘lib yashashning majburiylikdan, bosimli nazoratdan boshqa yo‘li yo‘qdek edi. Davlat boshqaruvi fuqaroga qo‘llovchi emas, balki faqat nazorat qiluvchi “ob’yekt” sifatida qaraydigan vaziyatda, jamiyatda davlat institutiga nisbatan hadik aralash loqaydlik muhiti shakllanishi tabiiy edi. Keyingi o‘n yillikdagi o‘zgarishlarga mana shu nuqtadan qaralsa, butunlay boshqa zamon va makonga o‘tib ketilgandek tasavvur uyg‘onadi.

Xalq bilan gaplashish katta ishtiyoq asosida yo‘lga qo‘yilgani, qanchalik qiyin bo‘lmasin, shu maslakda qat’iy turilgani, bugun to‘liq ishonch bilan aytish kerakki, xalqni ham, davlatni ham o‘zgartirdi. Odamlar faollashib, talabchan bo‘lib ketsa, keyin boshqarish qiyin bo‘ladi, gapga yurmay qo‘yadi, degan mustabid tuzumdan pinhona oqib kelgan ojiz qarashlar chilparchin bo‘ldi.

Faqat muammoni eshitish, burchni bir martalik bajarish bilan cheklanilmadi: muloqotdan keyin mamlakatdagi vaziyat ayonlashgach, butun davlat tizimi, kuchi va imkoniyatlari hududlarga safarbar qilindi, muammolar, chigalliklar bilan yopilib olgan joylarga obodlik, toza havo kirdi. Bu havo mahalla guzarlaridan oshib, hovlilarga ham o‘tib bordi. Majburlashi, bosim bilan nazorat qilishi orqali tanigan davlatni fuqarolar boshqatdan kashf etgandek bo‘ldi. Davlat boshqaruvining totalitar va ma’muriy-buyruqbozlik modellaridan inson huquqlari hamda ijtimoiy sheriklik tamoyillariga asoslangan zamonaviy boshqaruv tizimiga o‘tilishi jamiyat va davlat o‘rtasidagi ishonch ko‘prigini qayta tikladi.

Keyin har bir mahallani obod qilish, rivojlantirishga o‘tildi. Bir xil xonadon egalari uy-joyi tashqi tomondan chiroyli bo‘lib qolganini sezmay ham qoldi. Hijolat bo‘lib, ichidagi muhitni o‘zlari o‘zgartirishga urinishni boshladi.

Mana shunday qilib, bir zamonlar majburiylikdan bezib, uyiga, o‘ziga yopilib olgan odamlar eshiklarini ham, ko‘nglini ham ochdi. Bugun mahalladoshlari bilan birlashib, ovoz yiqqan loyihasi bo‘yicha ko‘chasiga yotqizilgan asfaltning qalinligini o‘lchab, sifatini tekshirib ko‘radigan, insofi kamroq katta-kichik rahbarlarni so‘rab-tergaydigan, xalq nazoratini o‘rnatishni boshlaydigan bo‘ldi.

Shu yilning o‘zida «Tashabbusli byudjet»ning 1-mavsumida fuqarolardan 21 mingdan ortiq tashabbus bildirildi, loyihalarni qo‘llash uchun 10 milliondan ortiq ovoz yig‘ildi. 2-mavsumda ham 10 milliondan ko‘proq ovoz berildi. Ayni raqamlar mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy faollik qanchalik oshib borayotganining juda samimiy, juda haqiqatli ifodasidir.

Biroq, tan olish kerak, aholining ichimlik suvi, yo‘l yoki maktab ta’miri kabi eng birlamchi ehtiyojlar uchun ham ovoz to‘plashga majbur bo‘layotgani joylardagi ijroiya hokimiyati organlari o‘z vazifasini to‘liq uddalay olmayotganidan ham dalolat beradi. Loyiha faqat ovoz yig‘ish poygasiga aylanib qolmasligi, byudjet mablag‘lari taqsimotida shaffoflik to‘liq ta’minlanishi lozim, deb hisoblaymiz.

Baribir, yuqoridagi raqamlar eskidan qolib ketgan majburiylik muammosidan tashabbuskorlik va mas’uliyat bosqichiga chiqilayotganini bildirib turibdi. Buning ortida keng sa’y-harakatlarning natijadorligini ko‘rsatuvchi boshqa raqamlar ham bor, albatta.

Ijtimoiy himoya, «Ijtimoiy reyestr» va mahallabay tizim: 2016 yilga qadar nafaqa olish uchun mahalladan «spravka» yig‘ish, tanish-bilishchilik odatga aylangan edi. 2026 yilga kelib, inson omilisiz ishlaydigan elektron tizim va Ijtimoiy himoya milliy agentligi bor. Endilikda «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» orqali ko‘makka muhtojlar manzilli aniqlanmoqda.

Lekin tizim raqamlashtirilgani bilan, joylarda «Ijtimoiy reyestr»ga kirolmay qolayotgan yoki texnik sabablar tufayli yordamdan uzilib qolayotgan real muhtoj oilalar hali ham uchrab turibdi. Inson omilini istisno qilish quruq algoritmlarga suyanib qolishni anglatmasligi, har bir vaziyatga individual yondashuv saqlanib qolinishi kerak.

2025–2026 yillarda Davlat byudjeti xarajatlarining 50 foizdan ortig‘i aynan ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda. Bu – davlat topgan pulining yarmini xalqning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ehtiyojlariga sarflayotganini anglatadi.

2016 yilda ijtimoiy himoya faqatgina « davlat beradigan kichik bir moddiy yordam» sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, 2026 yilga kelib u iqtisodiy faollik bilan bog‘landi. Hozirgi tizimning asosiy maqsadi muhtoj oilaga nafaqa beribgina qolmay, unga imtiyozli kredit yoki yer ajratib, kasbga o‘qitib, o‘z oyog‘ida turib ketishiga sharoit yaratishdir. Raqamlarning bir necha baravar o‘sgani esa iqtisodiyotning xufiyona soyadan ochiqlikka chiqqanini ko‘rsatmoqda.

Kezi kelganda, keyingi yillarda O‘zbekiston Xalq demoratik partiyasi siyosiy mafkurasi markazida turuvchi g‘oyalar amalga oshayotganini ta’kidlash zarur. Ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlab, ijtimoiy-iqtisodiy faol qatlam safiga o‘tkazish, huquqlar bilan birga imkoniyatlar tengligini amalda ta’minlash, bandlik va barqaror daromad manbalarini yaratish, kambag‘allikning tub sabablarini bartaraf etish, eng asosiysi, davlat idoralarini fuqarolar oldida doimiy mas’ul va hisobdor qilish yo‘nalishlaridagi strategik islohotlar xalqimizning nafaqat turmushini, yalpi tafakkurini ham o‘zgartirmoqda.

O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yillik bayrami tantanalarida Prezident tomonidan kelgusi o‘n yillik poydevori bo‘ladigan yettita tarixiy Milliy dastur g‘oyasi ilgari surildi. Bu dasturlar har bir vatandoshimizning ro‘zg‘origa, cho‘ntagiga, sog‘lig‘iga va kundalik hayotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladigan, ijtimoiy-iqtisodiy faollikni ko‘taradigan yanada kuchli shijoatni uyg‘otadi.

Masalan, birinchi milliy dastur: bilim va malaka kelajak kapitaliga aylanadi. Ilgari boylik deganda faqat oltin, gaz yoki paxta tushunilgan bo‘lsa, endi eng katta boylik insonning bilimi va faoliyati, deb belgilandi. Bu majburiylik emas, insonning erkinligi, ixtiyori va tashabbusi birinchi o‘ringa chiqadi, deganidir. Bilimli avlod shakllanishi mamlakatga milliardlab dollarlik xorijiy investisiyalarni olib keladi va mehnat unumdorligini keskin oshiradi.

Uchinchi milliy dastur iqtisodiyotni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish dasturi bo‘lishi aytildi. Dastur doirasida yaqin yillarda mamlakat iqtisodiyotini tubdan modernizatsiya qilish bo‘yicha aniq maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan: 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga yetkazish, kelgusi o‘n yil ichida iqtisodiyotning turli tarmoqlariga jami 450 milliard dollar miqdorida xorijiy investisiyalarni jalb etish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, eng muhimi, 2 millionta barqaror daromadli ish o‘rni yaratish ko‘zda tutildi. Natijada mamlakat iqtisodiyoti tubdan o‘zgarishi kutiladi, innovasion iqtisodiyot modeliga o‘tiladi.

Odamlari faol qiymat yaratmagan mamlakat kuchli bo‘la olmaydi. Majburiylik hech qachon bir narsa kashf qilmaydi, vaqtning, irodaning, oxir-oqibat inson shaxsining butunlay yo‘qotilishiga olib boradi. Bir vaqtlar majburiylik va nochorlikdan boshqasini kam bilgan qancha oilalar bugun faol qiymat yaratuvchiga aylanishi uchun nima kerak bo‘lsa, chorasi ko‘rilyapti: natijalar raqamlarda aniq, muammolar ham yo‘q emas, shuning uchun yangidan-yangi vazifalar qo‘yilyapti. Har kimning holati, vaziyati, hatto dunyoqarashiga qarab yondashuv qilinyapti. Asosiysi, ishchi yoki soldat emas, insonga insondek munosabatda bo‘linyapti.

Ko‘hna va donishmand tarix esa boshqaruvdagi noto‘g‘ri yondashuvlar odamlarni yillar davomida qiynab kelishi mumkinligini, aksincha, xalq manfaatlariga asoslangan siyosat va tizimli islohotlar insonlar hayoti, dunyoqarashi va mamlakat taqdirini butunlay o‘zgartirishga qodirligini eslatib turadi. Bu jarayonda davlat, jamiyat va siyosiy institutlarning umumiy mas’uliyati mamlakat istiqbolini belgilovchi eng asosiy omil bo‘lib qolaveradi.

To‘lqin To‘raxonov,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari.