Partiya hayoti

Bir kun, bir maydon va yuzlab yoshlar orzusi

Blog Image
Email : 6 0

Yoshlarning kelajagi bir kunda hal bo‘lmaydi. Ammo ba’zan bir uchrashuv, bir yaxshi suhbat, bir ustozning gapi yoki o‘z g‘oyasini erkin aytish imkoniyati uning qarashini o‘zgartirib, yangi qadam tashlashiga sabab bo‘ladi.

Sirdaryoda o‘tkazilgan “Istiqbolli yoshlar” forumi aynan shunday muhitni yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatli, deb aytish mumkin. Bu yerda yoshlar shunchaki tadbir ishtirokchisi emas, o‘z fikri, g‘oyasi, savoli va orzusi bilan maydonga chiqqan faol qatnashchi bo‘ldi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi va Sirdaryo viloyat partiya kengashi hamkorligida Shirin shahrida tashkil etilgan forumda ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etib, turli yo‘nalishlarda tayyorlangan loyihalarni taqdim etishdi. Muhimi, bu loyihalar qog‘ozda qolib ketadigan g‘oyalar emas, yoshlarning o‘z qiziqishi, bilimi va kelajak rejalari asosida shakllangan tashabbuslar sifatida namoyon bo‘ldi.

Kasbning haqiqiy manzilida

Forumning eng hayotiy qismlaridan biri yoshlarni bevosita ish joylari bilan tanishtirish bo‘ldi. Ishtirokchilar dastlab “Sirdaryo IES” korxonasiga tashrif buyurib, bu yerda mehnat qilayotgan yosh mutaxassislar bilan suhbatlashishdi, ularning ish jarayoni, mehnat sharoiti va kasbiy o‘sish imkoniyatlarini ko‘rishdi.

Kasb tanlayotgan yosh uchun bu kabi uchrashuvlar oddiy ekskursiya emas, albatta. Chunki kasbni kitobdan o‘qish boshqa, shu kasb egasini ko‘rib, uning bir kuni qanday o‘tishini, nimalarga erishganini eshitish boshqa. Ayniqsa, o‘zi bilan qariyb tengdoshining mehnat qilib, tajriba orttirib, o‘z sohasida rivojlanayotganini ko‘rish har bir yosh uchun katta ilhom va rag‘bat beradi.

Tajribali mutaxassislar bilan suhbatlar davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Qanday qilib kasb egasi bo‘lish, ish jarayonida nimalarga e’tibor berish, tajriba qanday to‘planishi va mutaxassis sifatida o‘sish mumkinligi haqida fikr almashildi.

Muxsiddin Nizomiddinov,
O‘zXDP Markaziy Kengashi bo‘lim boshlig‘i:

– Ba’zan bir insonning hayotiy tajribasi o‘nlab maslahatdan ko‘ra ko‘proq narsani anglatadi. Ishlab chiqarishda o‘z o‘rnini topgan yosh mutaxassisning bugungi faoliyatini ko‘rish esa kasb tanlash ostonasida turgan yigit-qizga “Men ham qila olaman” degan ishonchni beradi.

Aslida, yoshlar bilan ishlashning mazmuni ham shunda — ularga tayyor javob emas, o‘z yo‘lini topishi uchun imkoniyat berish lozim. “Istiqbolli yoshlar” forumi ana shu imkoniyatni yaratish, yoshlarning ovozini eshitish va ularning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.

Forum davomida yoshlar bilan bevosita muloqot qilganimizda bir narsa yaqqol ko‘rindi: ularga o‘zini sinab ko‘rish uchun imkoniyat kerak. IESda ishlayotgan yosh mutaxassislar bilan suhbatlashganimizda ham, texnikum va maktabdagi o‘quvchilar bilan gaplashganimizda ham ularning kasb, ta’lim va kelajakka qiziqishi sezildi. Menimcha, yoshlarning tashabbusini qo‘llab-quvvatlash degani faqat tadbir o‘tkazish emas, ularning fikrini eshitish, yaxshi g‘oyasiga amaliy ko‘mak berish va natijasini ko‘rishgacha yonma-yon bo‘lish kerak. Bugun biz uchrashgan yoshlarning ko‘pchiligida maqsad bor. Endi shu maqsadga yetishi uchun ularga imkoniyat yaratish muhim.

Tanlovdan natijaga

Forum ishtirokchilarining navbatdagi manzili Shirin energetika texnikumi bo‘ldi. Bu yerda qatnashchilar yoshlarning kasb tanlashi va tanlagan kasbini amaliyot bilan bog‘lashi uchun qanday imkoniyatlar yaratilayotgani bilan tanishishdi.

Bugun yosh uchun diplomning o‘zi yetarli emas. U o‘z kasbini bilishi, qo‘lida amaliy ko‘nikmasi va mehnat bozorida o‘rnini topa olishi kerak. Texnikumdagi ta’lim jarayoni, zamonaviy yo‘nalishlar va amaliy mashg‘ulotlar aynan shu maqsadga qaratilgan. Bu yerda yoshlar qobiliyatini sinab ko‘rish, qiziqishiga mos kasbni tanlash va kelajakda talab yuqori bo‘ladigan mutaxassisliklar haqida tasavvurga ega bo‘lish imkoniga ega.

Forum ishtirokchilari Shirin shahridagi 1-sonli maktabda ham bo‘lib, ta’lim jarayoni va o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. 11-sinfda tahsil olayotgan 4 nafar o‘quvchining 189 ball natija qayd etgani alohida e’tiborni tortdi.

Oliy ta’limga kirishga tayyorlanayotgan bu o‘quvchilarning natijasi boshqa tengdoshlar uchun ham yaxshi namuna bo‘la oladi, deyishdi ishtirokchilar.

Maktabda “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida o‘quvchilarning kasb-hunar va mehnat ko‘nikmalarini rivojlantirishga mo‘ljallangan zamonaviy sinfxonalar tashkil etilgani diqqatga sazovor. Chunki bola kasbni faqat kitobdan o‘qib emas, ko‘rib, sinab va bajarib o‘rgansa, uning qiziqishi ham, ishonchi ham ortadi.

Shu ma’noda, maktab va texnikumlarda yaratilayotgan bunday imkoniyatlar yoshlarning ertangi hayoti uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Bugun kasb o‘rgangan, bilim olgan va o‘z qobiliyatini sinab ko‘rgan yosh ertaga mehnat bozorida o‘rnini topishi osonroq bo‘ladi.

Ishtirokchilar Shirin shahrida yoshlar uchun tashkil etilgan turli to‘garaklar faoliyatini o‘rganishdi. Sport, san’at, madaniyat va boshqa yo‘nalishlardagi mashg‘ulotlarda yoshlarning qiziqishi va qobiliyatini rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. To‘garaklarda shug‘ullanayotgan yoshlarning tanlov va musobaqalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari haqida ma’lumotlar berildi.

Forum doirasida yoshlar bilan ochiq muloqot ham tashkil etildi. Unda ta’lim, kasb-hunar, bandlik, ijtimoiy faollik, jamoatchilik tashabbuslari va kelajak rejalari haqida ochiq gaplashildi.
Bu muloqotning eng muhim jihati — yoshlar faqat tinglovchi bo‘lib qolmadi. Ular o‘zlarini qiziqtirgan masalalarni o‘rtaga tashladi, savol berdi. Deputatlar, partiya vakillari hamda Yoshlar parlamenti a’zolari bilan bevosita muloqot qilib, fikr almashdi.

Forum davomida turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 20 nafarga yaqin yosh bilan alohida suhbatlar o‘tkazilib, ularning fikr va takliflari, kelgusidagi rejalari tinglandi. Bu suhbatlarda har bir yoshning qarashi, muammosi va maqsadi bir-biridan farq qilishi yaqqol sezildi.

Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan 4 nafar yoshning o‘z takliflari bilan chiqqani e’tiborga molik bo‘ldi. Ularning fikrini eshitishning o‘zi yetarli emas, bu fikrlar keyinchalik amaliy yechimga aylanishi muhim. Chunki yoshlar siyosati barcha yigit-qiz uchun bir xil qolipda emas, har bir insonning imkoniyati va ehtiyojini hisobga olgan holda qurilgandagina o‘z samarasini beradi.

Islom Mamadiyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish bo‘limi yetakchi mutaxassisi:

– Yoshlar bilan ochiq muloqotda bir narsa yaqqol sezildi: ularga, avvalo, chindan ham eshitadigan odam kerak. Ba’zi yoshlar o‘z muammosini ochiq aytib berdi, kimdir kelajakdagi rejasi bilan o‘rtoqlashdi, yana kimdir “Mana shu masalada bizga ham imkoniyat bo‘lsa” degan taklifini bildirdi.

Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan yoshlar bilan suhbat menda katta taassurot qoldirdi. Ularning orzusi, rejasi, harakati bor. Faqat ba’zi hollarda ularga boshqalardan ko‘ra ko‘proq imkoniyat va qo‘llab-quvvatlash kerak bo‘ladi. Shuning uchun ularning fikrini eshitib, keyin yana o‘z holiga tashlab qo‘yish to‘g‘ri emas.

Menimcha, bugun yoshlar bilan gaplashib, ertaga nima qilishimizni o‘ylashimiz kerak. Chunki yosh “mening gapimni eshitishdi” deb emas, “mening gapimdan keyin biror ish o‘zgardi” deb his qilsagina muloqotning qadrini sezadi. Partiyamiz faoliyatida ham shu tamoyil ustuvor bo‘lishi kerak — yoshni faqat tadbirga chaqirish emas, uning yonida turish, g‘oyasiga ishonish va imkoni boricha amaliy yordam berish.

Yangi tashabbuslar sari

Forumning yana bir muhim jihati — yoshlarning innovasion g‘oyalariga alohida e’tibor qaratilganidir. Bugun oddiy ko‘ringan bir g‘oya ertaga yangi loyiha, yangi ish o‘rni yoki boshqalar uchun ham foydali yechimga aylanishi mumkin. Shuning uchun yoshning “menda bir g‘oya bor” degan so‘zini eshitish va uni rivojlantirishga imkoniyat berish — yoshlar bilan ishlashning eng muhim vazifalaridan biridir.

12 ta yoshlar loyihasining taqdimoti forumning eng qiziqarli jarayonlaridan biri bo‘ldi. Yoshlar o‘z g‘oyalarini o‘rtaga tashlab, ularning mazmuni, amaliy ahamiyati va kelgusida qanday natija berishi mumkinligi haqida fikr yuritdilar. Bu jarayonda ular nafaqat o‘z loyihasini himoya qildi, balki savollarga javob berdi, boshqalarning fikrini eshitdi va o‘z g‘oyasiga boshqacha nazar bilan qarash imkoniga ega bo‘ldi.

Forumda yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularni partiya hayotiga jalb etish borasidagi ishlar ham amaliy natija bilan namoyon bo‘ldi.Tadbir davomida 35 nafar yosh O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi safiga qabul qilindi.

Shuningdek, partiya faoliyatida ishtirok etib, tengdoshlarini foydali tashabbuslar atrofida birlashtirib kelayotgan, jamoatchilik ishlari va ijtimoiy loyihalarda faollik ko‘rsatayotgan 30 nafar iqtidorli va tashabbuskor yosh taqdirlandi. Ularga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bu yerda gap faqat sovg‘a yoki tashakkurnomada emas. Yoshlar qilgan mehnati e’tiborsiz qolmaganini his qilishi ham muhim. Bunday e’tirof uning o‘z ishiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, yangi maqsadlar sari intilishiga turtki beradi.

Forum davomida “Yoshlar qanoti”ning 20 nafar faol yoshlarini Toshkent shahriga ilmiy-ma’rifiy sayohatga olib borish tashabbusi ilgari surildi.

Forum ishtirokchilarining Shirin shahridagi Yoshlar markazida joylashgan kutubxonaga tashrifi ramziy ahamiyat kasb etdi. Bu yerda kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlar, kutubxona imkoniyatlari va kitob fondi bilan tanishildi. Yoshlar bilan kitobxonlik, mutolaa madaniyati va bilim olishning ahamiyati haqida suhbatlashildi.

“Istiqbolli yoshlar” forumining yakuniy qismi esa ko‘tarinki va bayramona ruhda davom etdi. Uchrashuvlar, suhbatlar, loyiha taqdimotlari, yangi tanishuvlar va g‘oyalar bilan boyigan tadbir ishtirokchilar uchun oddiy bir forum emas, o‘z salohiyatini ko‘rsatish, yangi tajribalarni o‘rganish va kelajak rejalari haqida yana bir bor o‘ylab ko‘rish imkoni bo‘ldi.

Kun davomida ta’lim, kasb, bandlik, innovatsiya, ijtimoiy faollik va yoshlar tashabbuslari haqida jiddiy fikr almashildi. Tadbirning so‘nggi qismida sahnada kuy-qo‘shiqlar yangradi. Kuy-qo‘shiqlar, san’atkorlarning chiqishlari va yoshlarning faol ishtiroki shaharga bayramona kayfiyat olib kirdi. Yoshlar birga qo‘shiq kuyladi, raqsga tushdi, do‘stlari va tengdoshlari bilan quvonchli lahzalarni baham ko‘rdi.

Shu tariqa “Istiqbolli yoshlar” forumi nafaqat fikr va takliflar muhokama qilingan, balki yoshlarni birlashtirgan, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qilgan tadbir sifatida yakunlandi.

Bir kun davomida Shirin shahrida turli avlod va turli soha vakillari yoshlar atrofida birlashdi. Ishlab chiqarish korxonasida mehnat qilayotgan yosh mutaxassislar, texnikum o‘quvchilari, maktab o‘quvchilari, loyiha mualliflari, faol jamoatchi yoshlar, Yoshlar parlamenti a’zolari va partiya faollari bir maydonda uchrashdi.

Xanna Utemurotova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi:

– Men uchun bu forum juda qiziqarli va foydali o‘tdi. Ayniqsa, biz, yoshlarga o‘z fikrimizni erkin bildirish, taklif va g‘oyalarimizni aytish uchun imkoniyat berilgani ayni muddao bo‘ldi.

Forum davomida turli mavzularda suhbatlashildi, yangi loyihalar bilan tanishdik. Boshqa yoshlarning g‘oyalarini eshitib, o‘zim uchun ham ko‘p narsa oldim. Ayniqsa, zamonaviy kasblarni o‘rganish, innovasion loyihalarni amalga oshirish va yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqidagi fikrlar menda katta qiziqish uyg‘otdi.

Forumda o‘z tengdoshlarimning faolligini ko‘rib, yana bir haqiqatni his qildim: yoshlarga imkoniyat berilsa, ular albatta harakat qiladi va yaxshi natija ko‘rsata oladi. Buning uchun eng muhimi — qo‘llab-quvvatlash va ishonch.

Shunday tadbirlar ko‘proq tashkil etilsa, yoshlar o‘zlarini jamiyatning bir qismi sifatida yanada teran his qiladi, yangi g‘oyalar paydo bo‘ladi va ularni amalga oshirishga intiladi. Men ham bu forumdan keyin o‘z oldimga yangi maqsadlar qo‘ydim va o‘zim qiziqqan yo‘nalishda yanada ko‘proq izlanishga qaror qildim.

Laziza SHEROVA,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.