Sport

DUNYO SHAXMATCHILARI – SAMARQANDDA

Blog Image
Email : 5 0

Qadimiy va navqiron Samarqand shahridagi “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazida rasman start berilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi yana bir bor butun dunyo ahli nigohini yurtimizga qaratdi.

PARIJDAN BOSHLANGAN BAHSLAR

Butunjahon shaxmat olimpiadasi bir asrlik tarixga ega. 1924 yilgi Parij yozgi Olimpiya o‘yinlari shaxmat tarixida burilish nuqtasini yasadi. Tashkilotchilar shaxmatni sport turi sifatida e’tirof etgan bo‘lsa-da, ishtirokchilarning «havaskor» yoki «professional» maqomi bo‘yicha yuzaga kelgan tushunmovchiliklar jiddiy bahslarga sabab bo‘ldi. Biroq aynan ana shu tashkiliy inqiroz global shaxmat hamjamiyatini yagona maqsad atrofida birlashtirdi — musobaqaning so‘nggi kunida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) tashkil topdi. Shu tariqa, Parijdagi bahsli musobaqa jahon shaxmat diplomatiyasi va yagona qoidalar tizimiga poydevor qo‘ydi.

1927 yilda Londonda o‘tkazilgan ilk rasmiy olimpiada shaxmatni global sport maqomiga ko‘tardi. 1950 yildan e’tiboran musobaqa har ikki yilda muntazam o‘tkaziladigan an’anaviy turnirga aylandi. Gender tengligi va intellektual integratsiya yo‘lidagi muhim qadam sifatida 1957 yili Niderlandiyada ayollar o‘rtasidagi ilk olimpiada tashkil etildi, 1976 yilga kelib esa ayollar va ochiq turnirlar yagona maydonda birlashtirildi. Musobaqa g‘oliblariga topshiriladigan erkaklar o‘rtasidagi tarixiy Gamilton-Rassell kubogi hamda ayollar jamoalari uchun Vera Menchik kubogi shunchaki mukofot emas, balki bir asrlik intellektual zafarlar va shaxmat madaniyatining ramzi hisoblanadi.

MARKAZIY OSIYODAGI ILK DEBYUT

Shaxmat o‘yinining eng qadimgi ildizlari aynan Samarqand zamini (Afrosiyobdan topilgan VII asrga oid shaxmat donalari buning dalili) bilan bog‘lanishi hech kimga sir emas. Bugun ushbu qadimiy kentning global shaxmat markaziga aylanishi madaniy va tarixiy adolatning qaror topishidir.

Butunjahon shaxmat olimpiadasi — intellektual sport olamidagi eng nufuzli va yirik musobaqa. Ushbu qadimiy turnir tarixida Markaziy Osiyo mintaqasi ilk bor ulkan jamoaviy bahslarga mezbonlik qilmoqda. Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi turnirlar yonma-yon o‘tkazilib, yuzlab federatsiyalarni 11 turdan iborat murosasiz bahslarda birlashtiradi. Dunyo tan olgan jahon chempionlari va yangi porlab chiqayotgan yoshlarning bir maydonda uchrashuvi turnirning shiddatini yanada oshirishi shubhasiz.

Bu bellashuv, albatta, tasodif emas. Asrlar davomida Sharq va Gʻarbni bog‘lagan, madaniyatlar va ilm-fan chorrahasi bo‘lgan qadimiy Samarqand bugun aql sohiblarining global poytaxtiga aylanmoqda. So‘nggi yillarda o‘zbek shaxmat maktabining jahon arenasida ko‘rsatayotgan fenomenal natijalari, xususan, 2022 yilgi Chennay olimpiadasidagi tarixiy g‘alabamiz va yosh grossmeysterlarimizning ketma-ket zafarlari O‘zbekistonning haqiqiy shaxmat mamlakatiga aylanganini xalqaro hamjamiyatga isbotladi. Endilikda yurtimiz nafaqat kuchli shaxmatchilari, balki jahon darajasidagi turnirlarni yuqori saviyada tashkil eta oladigan markaz sifatida e’tirof etilmoqda.

SAMARQANDDA 200 DAN ZIYOD MAMLAKATDAN JAMOALAR

Har qanday yirik xalqaro sport anjumanining nufuzi, avvalo, uning qamrovi va tashkiliy miqyosi bilan o‘lchanadi. Xuddi shunday, Samarqanddagi tarixiy musobaqada dunyoning 200 dan ziyod mamlakatidan grossmeysterlar, murabbiylar va shaxmat ixlosmandlari ishtirok etmoqda. Bunday ulkan qamrov musobaqaning Budapesht-2024 rekordini ham ortda qoldirdi.

Xalqaro reglamentga muvofiq, mezbon davlat sifatida O‘zbekistonga musobaqaning har ikki yo‘nalishida 3 tadan, jami 6 ta terma jamoa bilan ishtirok etish huquqi berildi. Tahliliy yondashadigan bo‘lsak, bu faqatgina mezbonga berilgan tashkiliy imtiyoz emas, balki o‘zbek shaxmat maktabining zaxirasini toblash uchun yaratilgan beqiyos tramplindir. Asosiy jamoamiz oltin medallar uchun mardonavor kurash olib borsa, ikkinchi va uchinchi tarkibdagi yosh vunderkindlarimiz jahonning eng kuchli grossmeysterlariga qarshi o‘ynab, ertangi chempionlar avlodini shakllantirishdek muhim strategik vazifani o‘taydi.

Aytganday, bunday miqyosdagi turnirni qabul qilish faqatgina mehmondo‘stlikni emas, balki ulkan iqtisodiy resurslar va siyosiy irodani ham talab etadi.

AFSONALAR VA AVLODLAR TO‘QNASHUVI

Samarqanddagi olimpiada shunchaki turli davlatlarning emas, balki turli davrlarning, aniqrog‘i, boy tajriba va shiddatli yoshlikning o‘ziga xos to‘qnashuvi maydoniga aylanishi kutilayotir. Zotan, bugungi globallashuv va kompyuter texnologiyalari asrida shaxmat keskin «yosharib» boryapti, biroq tajriba o‘z so‘zini aytishdan to‘xtagani yo‘q. Turnir ishtirokchilari ro‘yxatiga ko‘z yugurtirsangiz, go‘yoki vaqt mashinasida sayohat qilayotgandek bo‘lasiz.

Bir tomonda jahonni hayratga solayotgan yosh vunderkindlar.

Ikkinchi tomonda esa klassik shaxmat maktabining tirik afsonalari o‘zlarining mustahkam pozisiyalarini himoya qiladi.

Bu borada asosiy diqqat markazida amaldagi chempion – Hindiston va 2022 yilgi olimpiada g‘olibi – mezbon O‘zbekiston terma jamoalari turibdi.

O‘zbekiston terma jamoasi Javohir Sindorov va Nodirbek Abdusattorov yetakchiligida ushbu turnirga o‘zgacha motivatsiya bilan tayyorgarlik ko‘rgan. Mezbonlik maqomi jamoamizga nafaqat qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi, balki o‘z muxlislarimiz qarshisida qudratli ruhiy ustunlik ham beradi. AQSHning tajribasi, Hindistonning taktikasi va O‘zbekistonning o‘z uyidagi shiddati — oltin medallar taqdirini aynan mana shu uchlik hal qilishini ekspertlar alohida ta’kidlamoqdalar.

MATBUOT ANJUMANI

Olimpiada doirasida Samarqanddagi «EXPO» markazida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Sharliz van Zil moderatorligida o‘tgan tadbirda Vishvanatan Anand bilan bir qatorda terma jamoamiz yetakchilari — Nodirbek Abdusattorov va Gulruhbegim Tohirjonova ishtirok etdi. Tadbir doirasida O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev Yangi O‘zbekistonning shaxmat olamidagi bugungi maqomi va davlat darajasidagi e’tibor haqida so‘z yuritdi.

— Birinchidan, olimpiada mezbonligini qo‘lga kiritganimiz va 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining Samarqandda o‘tkazilishi — davlatimiz rahbarining shaxmatga qaratayotgan e’tibori hamda mamlakatimizdagi ushbu sport turiga bo‘lgan ulkan qiziqish samarasidir, – dedi A. Sa’dullayev. – Ikkinchidan, olimpiada bilan bir vaqtda FIDE kongressi va saylovlarining o‘tkazilishi zimmamizga qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi. Hukumatimiz tomonidan ushbu nufuzli tadbirlarni o‘z bo‘ynimizga olib, yuqori saviyada o‘tkazishimiz — O‘zbekistonning shaxmat olamidagi o‘rni, nufuzi va o‘z so‘ziga egaligining amaldagi isbotidir.

E’tiborli jihati, olimpiada boshlanishidan oldin ko‘pchilik bizga «O‘zbekistondan tashqari yana kimlarni favorit sifatida ko‘ryapsiz?» degan savol bilan yuzlanmoqda. Bu — butun dunyo O‘zbekistonning mutlaq favorit ekanini allaqachon tan olib bo‘lganini anglatadi. Albatta, barchamiz g‘alaba kutyapmiz va bizga faqat birinchi o‘rin yarashadi. Bunday yirik tadbirlarning mamlakatimizda o‘tkazilayotgani bejiz emas. Uning zamirida haqiqatan ham shaxmatga qaratilayotgan yuksak e’tibor va taraqqiyot yotibdi.

Samarqanddagi intellektual festival faqatgina chempionlarni aniqlash bilan cheklanmaydi. Musobaqaning eng insonparvar jihatlaridan biri — u bilan parallel ravishda nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasidagi 3-Butunjahon shaxmat olimpiadasining o‘tkazilayotganidir. Bu loyiha aql-zakovat sportida jismoniy cheklovlar ahamiyatsiz ekanini, mantiq va tafakkur maydonida barcha insonlar teng va cheksiz imkoniyatlarga egaligini butun dunyoga namoyish etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi qatnashchilariga yo‘llagan
tabrigidagi “Ishonchim komil, mazkur yirik sport anjumanlari dunyo xalqlari o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Ular O‘zbekistonda shaxmatni yanada ommalashtirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish va mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shishi bilan ham ahamiyatlidir”, degan so‘zlar har birimizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Ha, oldinda bizni ikki haftalik hayajonli va murosasiz o‘yinlar, “aql bahslari» kutib turibdi…

Azim AXTAMOV,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.