O'zbekiston

ONA VATANGA QAYTISH – HAYOTIMDAGI ENG TO‘GʻRI QARORIM BO‘LGAN

Blog Image
Email : 9 0

Dunyoni endigina anglayotgan mitti go‘dakning sog‘lig‘i, uning tomirlarida gupirib turgan qon va beg‘ubor tabassumidan ko‘ra qimmatliroq bebaho ne’mat hech qayerda yo‘q.

Bolalar kardiojarrohi… Kasbim minglab oilalarga umid bag‘ishlaydigan, hayot va mamotning nozik chegarasida butun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni talab qiladigan g‘oyat murakkab, ammo sharafli soha. 2018–2019 yillarda Buyuk Britaniyaning nufuzli London universitet kollejida (UCL) magistratura bosqichida tahsil olib qaytganimdan so‘ng, ilk faoliyatimni Toshkent davlat tibbiyot universitetining Bolalar ko‘p tarmoqli klinikasida boshladim. Aslida, o‘sha paytlarda jahonning eng yetakchi klinikalarida qolish, yuqori maoshli shartnomalar asosida xorijda faoliyat yuritish imkoniyatim ham bor edi. Ammo diplomni qo‘lga olgach, hayotimdagi eng to‘g‘ri va mas’uliyatli qarorni qabul qildim — jonajon O‘zbekistonga qaytdim.

Sababi, keyingi yillarda mamlakatimizda tibbiyotga, ayniqsa, yuqori texnologik bolalar kardiojarrohligiga qaratilayotgan davlat siyosati va e’tibori tubdan o‘zgardi. Ilgari biz faqat orzu qilgan, chet ellardagina ko‘rish mumkin bo‘lgan eng zamonaviy angiograflar, sun’iy qon aylanish apparatlari va murakkab gibrid operatsiyaxonalar bugun o‘zimizning klinikalarga ham olib kelindi. Sir emas, shifokorda bilim va yuksak salohiyat bo‘lsa-yu, lekin zamonaviy sharoit yaratilmasa, jarrohning qo‘li bog‘liq qolaveradi. Bugun esa O‘zbekistonda xorijning eng ilg‘or markazlaridagi kabi murakkab amaliyotlarni o‘tkazish uchun hamma imkoniyat va moddiy-texnik baza yaratilgan.

Davlatimiz ko‘magida Germaniya, Avstraliya, Yaponiya, Xitoy, AQSH va Buyuk Britaniya kabi tibbiyoti eng rivojlangan davlatlarda malaka oshirishga muvaffaq bo‘ldim. Bugun ortga boqib, qalbimda cheksiz g‘urur va iftixor bilan ayta olamanki, xorijda orttirilgan tajriba hamda yurtimizda yaratilgan zamonaviy sharoitlar tufayli shu kungacha jamoamiz bilan 1200 dan ortiq murakkab yurak jarrohligi amaliyotlarini o‘tkazdik. Eng muhimi, murakkab septal nuqsonlarni davolash, yurak bo‘lmachasi quloqchasidan klapan yasash innovasion texnologiyasi, Ebshteyn anomaliyasi korreksiyasi hamda dunyo tibbiyotidagi «Senning» (Senning) operatsiyasi kabi noyob amaliyotlarni O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib yo‘lga qo‘yish aynan bizga nasib etdi.

Ochig‘ini aytish kerak, ilgari tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgan go‘daklar taqdiri oilalar uchun og‘ir fojia, yechimi yo‘q darddek qabul qilinardi. Murakkab ochiq yurak amaliyotlari yurtimizda juda cheklangan miqdorda o‘tkazilar, minglab oilalar jigarbandini qutqarib qolish ilinjida katta mablag‘ izlab xorijga borishga majbur bo‘lardi. Uy-joyini, borbudini sotib, qarzga botib chet elda sarsonsargardon bo‘lgan yurtdoshlarimizni ko‘rish har bir shifokorning qalbini og‘ritardi.

Bugun-chi? Bugun tizimda tamomila yangicha yondashuv — sog‘lom raqobat va beg‘araz ijtimoiy himoyaning mustahkam mexanizmi yaratildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan ajratilayotgan davlat subsidiyalari va maxsus jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan ehtiyojmand oilalarning minglab farzandlarida tug‘ma yurak nuqsoni amaliyotlari to‘liq bepul amalga oshirilmoqda. Oilalar gardanidagi moliyaviy yuk davlat tomonidan ko‘tarilmoqda. Endilikda murakkab operatsiyalar faqat poytaxt Toshkentda emas, balki chekka hududiy kardiojarrohlik markazlarida ham muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Bu esa minglab chaqaloqlarning hayotini ilk kunlardanoq, vaqtni boy bermasdan saqlab qolish imkonini bermoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan va bugun umummilliy harakatga aylangan Uchinchi Renessans g‘oyasi haqida gapirganda, shu haqiqatni teran anglashimiz kerak: har qanday buyuk kelajak, iqtisodiy va ma’naviy yuksalish, eng avvalo, SOGʻLOM AVLOD evaziga quriladi.

Jarrohlik stolida kichkina, urishdan to‘xtab qolgan yurakni qayta jonlantirib, chaqaloqni sog‘-salomat onasining bag‘riga topshirgan lahzamda his qiladigan tuyg‘ularimni so‘z bilan ta’riflash juda qiyin. Mana shu qo‘llarimizda qayta urgan moʻjaz yurak — ertaga yurtimiz bayrog‘ini dunyoda hal qiluvchi sohalarda baland ko‘taradigan bo‘lajak olim, bunyodkor muhandis yoki yetuk shifokorning yuragidir.

Davlatimiz tomonidan shifokorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning malakasini jahon standartlariga moslashtirish maqsadida ulkan moliyaviy resurslar yo‘naltirilmoqda. Birgina Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida shifokorlarning nufuzli xorijiy tashkilotlarda tahsil olishi va malaka oshirishi uchun har yili 50 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilmoqda. Joriy yilda men ham aynan mana shu keng imkoniyatdan foydalanib, AQSHning dunyoga mashhur Garvard universitetiga qarashli «Boston Children’s Hospital» klinikasida bir oylik intensiv malaka oshirish kursini o‘tab qaytdim. Ayni paytda men bilan birga yelkama-yelka ishlayotgan hamkasblarimdan biri Avstraliyada, yana biri esa Turkiyada o‘z ustida ishlab, tajriba orttirmoqda. Xo‘sh, bu nimadan dalolat beradi? Bu — davlatning o‘z fuqarosi, millat genofondi va kelajagi uchun tikayotgan eng to‘g‘ri, eng oqilona va beg‘araz sarmoyasidir!

Tibbiyotimizdagi, xususan, bolalar kardiojarrohligidagi bunday keskin ijobiy burilishlar xalqaro maydonda ham o‘z natijasini ko‘rsatmasdan qolmayapti. Yaqin-yaqingacha yurtdoshlarimiz orasida murakkab yurak nuqsonlari bilan tug‘ilgan bolalarni katta mablag‘lar evaziga Hindistonga olib borib operatsiya qildirish odatiy holga aylangan edi. Hozir esa bu oqim keskin kamaydi.

O‘tgan yili Indoneziyada bo‘lib o‘tgan nufuzli xalqaro kardiojarrohlar konferensiyasida ma’ruza bilan chiqish qildim. Ma’ruzam yakunlangach, Hindistonning ko‘zga ko‘ringan, dunyoga tanilgan katta professorlaridan biri oldimga kelib, qo‘limni mahkam siqdi va shunday dedi:

«Oxirgi paytlarda O‘zbekistondan bizga keladigan bemorlar oqimi juda kamayib ketgandi. Buning sababi nima ekan, deb o‘zimcha ko‘p o‘ylardim. Bugun ma’ruzangizni eshitib, hammasini tushundim: aslida hozir eng murakkab operatsiyalarni o‘zingizda, o‘z shifokorlaringiz muvaffaqiyatli qilayotgan ekan-da! Sizlarni va butun jamoangizni bu katta yutuq bilan chin dildan tabriklayman!»

2025 yilda «Shuhrat» medali bilan taqdirlandim. Shuningdek, «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ta’sis etilgan «Inson faxri — Yil shifokori» kabi nufuzli mukofotlarni qo‘lga kiritish menga ulkan mas’uliyat va g‘urur bag‘ishladi.

Bugungi kunda yurtimizda shifokorlarning jamiyatdagi o‘rni, ularning moddiy va ma’naviy manfaatdorligi tobora oshmoqda. Oddiygina o‘zimning misolimda aytsam, xorijiy magistratura diplomim uchun davlatimiz tomonidan qo‘shiladigan maxsus ustamalar hisobiga maoshim 1000 AQSH dollari ekvivalentidan oshadi. Tibbiyot markazlarimizda esa qilinayotgan murakkab amaliyotlarning turi va ish hajmiga qarab oyiga 20–30 million so‘mlab maosh olayotgan tajribali, fidoyi mutaxassislarimiz juda ko‘p. Tabiiyki, bu raqamlar osmondan tushgani yo‘q, bu — shifokorlarning zahmatli mehnatiga munosib baho va davlatning tibbiyot xodimlariga bo‘lgan yuksak ehtiromining yorqin natijasidir.

Bugun baland ovozda, qat’iy ishonch bilan ayta olamanki: faqatgina sog‘lom va kuchli avlodgina Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini yarata oladi. Biz, shifokorlar esa har bir mitti yurakning sog‘lom urishi, har bir go‘dakning barkamol bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida o‘zimizning bor bilim va mahoratimizni safarbar etishdan aslo charchamaymiz.

Bobur TO‘RAYEV,
Bolalar kardiojarrohi, London universitet kolleji (UCL) bitiruvchisi.