Har bir qonun va qarorning zamirida inson hayoti, uning manfaati va ertangi kuni bor. Shuning uchun huquqiy hujjatlar muhokamasida kiritilajak o‘zgartirish va yangiliklarning hayotda qanday aks etishi, odamlarga qanday naf berishi haqida fikr almashish muhimdir.
Parlament quyi palatasidagi O‘zXDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ham ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi. Eng muhimi, muhokamalarda masalaga turli nuqtai nazardan yondashilib, aniq takliflar aytildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish, ayrim qonun hujjatlariga yakka tartibdagi tadbirkorlarning lizing olish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, davlat organlari mansabdor shaxslarining o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘laqonli amalga oshirishi uchun zarur huquqiy kafolatlarni mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihalari atroflicha muhokama qilindi.
Dastlab deputatlar Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishga oid konstitutsiyaviy qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar. Unda fuqarolar va yuridik shaxslarning o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan muhim normalar nazarda tutilmoqda.
Xususan, Konstitutsiyaviy sudga kelib tushadigan shikoyatlarni qabul qilish va ularni ko‘rib chiqish tartibi, murojaatlarni o‘rganish jarayoni, konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning prosessual asoslari, shuningdek, sud tomonidan tegishli xulosa va qarorlarni qabul qilish bilan bog‘liq masalalar aniq belgilab berilmoqda.
Muhokamalar davomida mazkur normalarning amaliyotda samarali ishlashi, fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish mexanizmlari yanada tushunarli va qulay bo‘lishiga alohida e’tibor qaratildi. Deputatlar qonun loyihasida nazarda tutilayotgan tartib-taomillarning hayotda qo‘llanishi bilan bog‘liq jihatlar yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirishdi.
Firdavs Sharipov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:
– Bugungi yig‘ilishimizda bir qator muhim qonun loyihalarini muhokama qildik. Xususan, Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish bilan bog‘liq normalarni yanada aniqlashtirish va fuqarolarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish masalasi o‘rganildi.
Shuningdek, amaldagi qonun hujjatlaridagi ayrim huquqiy noaniqliklarni bartaraf etish, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish va murojaatlarni ko‘rib chiqish mexanizmlarini yanada takomillashtirish nazarda tutilmoqda. Bu, eng avvalo, fuqarolarning o‘z huquqlarini himoya qilish imkoniyatlarini kuchaytirish nuqtai nazaridan dolzarb. Chunki fuqaro o‘z huquqi buzilgan, deb hisoblagan holatda qayerga va qanday tartibda murojaat qilishini aniq bilishi, uning murojaati qonuniy asosda ko‘rib chiqilishi muhim. Shu ma’noda, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish mexanizmlarining aniq va tushunarli bo‘lishi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishda muhim huquqiy kafolat bo‘lib xizmat qiladi.
Yana bir masala — yakka tartibdagi tadbirkorlarning lizing xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish. Bugun ko‘plab kichik tadbirkorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki kengaytirish uchun zamonaviy uskunalarga ehtiyoj sezadi, lekin buning uchun yetarli mablag‘ har doim ham bo‘lavermaydi.
Shu nuqtai nazardan, lizingdan foydalanish imkoniyatining kengayishi tadbirkor uchun qo‘shimcha moliyaviy dastak yaratadi. Ya’ni, tadbirkor zarur uskunani birdaniga katta mablag‘ sarflamasdan, lizing asosida olib, o‘z faoliyatini rivojlantirishi mumkin bo‘ladi.
Menimcha, bu kabi o‘zgarishlar, eng avvalo, kichik biznes va o‘z mehnati bilan daromad topayotgan insonlar uchun amaliy ahamiyatga ega. Eng muhimi, qonunlarda belgilanayotgan normalar hayotda ishlashi va tadbirkorga real qulaylik yaratishi kerak.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi dasturlarida ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarining moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, imtiyozli moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish hamda aholi uchun daromad manbalarini ko‘paytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Shu nuqtai nazardan, fraksiya a’zolari mazkur tashabbusning ahamiyati faqat lizing munosabatlarini texnik jihatdan tartibga solishda emas, balki fuqaroning o‘z mehnati va tadbirkorlik salohiyati orqali barqaror daromad topishi uchun moliyaviy imkoniyatlar doirasini kengaytirish hamda aholini kambag‘allikdan chiqishiga ko‘maklashishdan iborat bo‘lishi zarurligini ta’kidlashdi.
Shu bois, taklif etilayotgan mazkur yangi mexanizm bilan bir qatorda, shaffof shartnomalar, tushunarli to‘lov jadvali, ortiqcha moliyaviy yukning oldini olish va tadbirkorning huquqlarini samarali himoya qilish masalalariga ham e’tibor qaratilib, ushbu qonun loyihasi kichik tadbirkorlikni rivojlantirish va fuqarolarning iqtisodiy faolligini rag‘batlantirishga qaratilgan huquqiy kafolat sifatida ahamiyatli ekani qayd etildi.
Shuningdek, yig‘ilishda energetika vazirining sohadagi islohotlar va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan axborotini eshitish hamda raqamli texnologiyalar vaziriga “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 2026 yilga mo‘ljallangan ayrim maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” parlament so‘rovini yuborish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Kun tartibidan o‘rin olgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlari hamda partiya dasturiy g‘oyalaridan kelib chiqib tegishli qarorlar qabul qilindi.
Laziza SHEROVA,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.
