Suhbatdoshimiz – Rustam MAMATOV O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun Kontent tayyorlash markazi xodimi, jurnalist, media va kommunikatsiya mutaxassisi, yoshlarning kasbiy rivojlanishi masalalarini o‘rganayotgan tadqiqotchi. 2021 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan hamda Buyuk Britaniyada “MBA” (biznes boshqaruvi magistri) darajasini olgan.
Bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida biznes ta’limining “Entrepreneurship education” – tadbirkorlik ta’limi deb ataladigan yo‘nalishi keng qo‘llanilmoqda. Aksariyat bu tushunchani faqat biznes ochish yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni o‘rgatadigan ta’lim sifatida qabul qiladi. Aslida bu yondashuv yoshlarning zamonaviy mehnat bozorida raqobatbardosh va kasbiy jihatdan barqaror bo‘lishiga xizmat qiladi. Qolaversa, qarashlar, talablar tez o‘zgarayotgan ayni davrda bunday bilim va ko‘nikmalarning ahamiyati tobora ortib bormoqda.
– Xususan, bugungi jurnalistikada ham marketing, kommunikatsiya va ijtimoiy tarmoqlar sohaning ajralmas qismiga aylandi, – deydi Rustam Mamatov. – Dunyo bilan tobora keng integratsiyalashayotgan O‘zbekistonda davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari alohida institusional tizim sifatida rivojlanmoqda. Endi jurnalist nafaqat ijodiy salohiyatga ega bo‘lishi, balki ijtimoiy tarmoqlar «tili»ni, auditoriya bilan ishlashni va kopirayting usullaridan to‘g‘ri foydalanishni ham bilishi lozim.
Tabiiyki, bunday o‘zgarishlar mehnat bozoridagi raqobatni kuchaytiradi. Aynan jurnalistdan ham o‘z kasbini puxta bilish bilan birga innovatsiyalardan foydalanish, loyiha va jamoani boshqarishni, marketing hamda moliyani tushunish talab qilinadi.
–Jurnalistika va biznes ta’limi borasida dunyo amaliyotida qanday yangiliklar kuzatilmoqda?
– Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, bugun ish beruvchilar faqat diplomdagi mutaxassislikka emas, insonning fikrlashi, salohiyati va yangi vazifalarni o‘zlashtira olishiga katta e’tibor qaratadi. Masalan, 2016 yilda London Qirollik kolleji Karera va bandlik xizmati keltirgan ma’lumotga ko‘ra, yirik xalqaro kompaniyaning buxgalterlar tayyorlash dasturiga boshqa yo‘nalish vakillariga qaraganda tarix fakulteti bitiruvchilari ko‘proq qabul qilingan. Buning sababi ularda tahliliy fikrlash, tafsilotlarga e’tibor berish va sabab-oqibatlarni ko‘ra olish qobiliyati yaxshi shakllanganida edi. Buxgalterlikning o‘ziga xos jihatlarini esa kompaniya ularga keyinchalik ham o‘rgata olardi.
Bugun rivojlangan mamlakatlar universitetlarining o‘zi ham bu o‘zgarishlarga moslashmoqda. Masalan, Buyuk Britaniyadagi Manchester Metropolitan universiteti jurnalistika dasturida jurnalistlar uchun tadbirkorlik fani majburiy modul sifatida o‘qitiladi. City St George’s universitetida “Jurnalistikada tadbirkorlik” nomli 15 kreditli modul mavjud. Strathclyde universitetida esa talabalar shaxsiy brend yaratish, mustaqil faoliyat yuritish va yangi media loyihalarni yo‘lga qo‘yishni o‘rganadi. Nyu-York universiteti (AQSH)da biznes g‘oyasini ishlab chiqish va uni amaliy loyihaga aylantirishga qaratilgan tadbirkorlik va ilmiy jurnalistika kursi mavjud. Niderlandiyadagi Groningen universiteti media yo‘nalishida esa innovatsiya va tadbirkorlik madaniyati alohida modul sifatida o‘qitiladi.
Demak, biznes ta’limini jurnalistikaga qo‘shish shunchaki nazariy taklif emas. Rivojlangan davlatlarning universitetlari bu yondashuvni allaqachon amaliyotga joriy etmoqda.
– Siz jurnalistsiz, shu bilan birga biznes boshqaruvini ham o‘rgangansiz. Bu boradagi bilimlaringiz va bugungi izlanishlaringizni o‘z faoliyatingizda qay darajada qo‘llayapsiz?
–Biznes va tadbirkorlikka anchadan buyon qiziqib kelaman. Hozir ham o‘z startaplarim ustida faol ishlayapman. Jurnalistika va kommunikatsiya yo‘nalishlarida tahsil olayotgan yoshlarni raqobat kuchli bo‘lgan mehnat bozoriga yaxshiroq tayyorlash uchun ular o‘z mutaxassisligi bilan birga yangicha fikrlaydigan va o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholay oladigan mutaxassis bo‘lmog‘i ayni zarurat ekaniga tobora ishonchim ortmoqda. Afsuski, bunday qo‘shimcha ko‘nikmalarga ko‘p hollarda yetarlicha e’tibor berilmaydi. Aslida esa ular insonning o‘z kasbida munosib o‘rin topishida juda muhim. Eng oddiy misol, CV (tarjimai hol) qanday yoziladi, unda nimaga urg‘u beriladi, ish beruvchi o‘nlab nomzodlar orasidan nega aynan unga e’tibor qaratishi kerak? Mana shularni har bir yosh mutaxassis chuqur anglamog‘i kerak. Biznes ta’limi doirasidagi tashkiliy psixologiya va inson resurslarini boshqarish kabi fanlar ish beruvchining talablarini hamda xodim tanlash jarayonini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
Unutmaslik lozimki, biznes ta’limining maqsadi hammani tadbirkor qilish emas, balki insonga o‘z yo‘lini mustaqil tanlash va qurish imkonini berishdir.
– Sizningcha, biznes ta’limi alohida fan bo‘lgani yaxshimi yoki mavjud fanlarga singdirilgani ma’qulmi?
– Dunyo tajribasiga qaralsa, biznes ta’limini alohida modul sifatida o‘qitish ma’qul. Shunda ta’lim tizimli va izchil bo‘ladi. Agar uning mavzulari turli fanlar orasiga bo‘lib yuborilsa, asosiy maqsad yo‘qolib, talabada yaxlit tushuncha shakllanmay qolishi mumkin.
Masalan, bitiruvchi kurs talabalari uchun bir semestrlik modul tashkil etilib, uning mazmuni har bir ta’lim yo‘nalishiga moslashtirilishi mumkin. Modul innovatsiya va tadbirkorlik, marketing va menejment, strategiya va yetakchilik, tashkiliy psixologiya hamda moliya asoslarini qamrab oladi. Lekin bu mavzular umumiy nazariya sifatida emas, talabaning asosiy mutaxassisligi bilan bog‘langan holda o‘qitiladi. Deylik, jurnalistika talabasi yangi media loyiha g‘oyasini ishlab chiqadi, uning auditoriyasi, jamoasi, targ‘iboti va moliyaviy tomonlarini rejalashtiradi. Asosiy maqsad talabaning o‘z sohasi bo‘yicha bilimlarini mehnat bozorida kerak bo‘ladigan qo‘shimcha ko‘nikmalar bilan boyitishdir.
Aslida biznes ta’limi faqat iqtisodchi yoki jurnalistlarga emas, deyarli barcha kasb egalariga kerak. Yuqorida aytib o‘tilgan ko‘nikmalar bugungi o‘qituvchi uchun qanchalik muhim bo‘lsa, shifokor, muhandis, yurist yoki quruvchi uchun ham shunchalik zarur. Chunki qaysi sohada ishlashidan qat’i nazar, mutaxassis yangilikka moslashishi, jamoa bilan ishlashi va o‘z faoliyatini to‘g‘ri tashkil eta olishi kerak.
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri
Toshtemir XUDOYQULOV suhbatlashdi.
