Mamlakatimizda bank faoliyati turlari kengaymoqda

Hozirda jahonda hukm surayotgan murakkab bir davrda mamlakatimiz iqtisodiy rivojini jadal sur’atda olib borishda xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlik masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliya xizmatlari ko‘rsatilishi uchun huquqiy asos 2024 yilning iyul oyida yaratilganiga qaramay, islomiy moliya xizmatlarini soliqqa tortish masalalari hal etilmagani sababli mazkur xizmatlarning mikromoliya tashkilotlari kredit portfelidagi ulushi atigi 3,8 mlrd. so‘mni yoki 0,04 foizni tashkil etgan.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan islomiy bank faoliyatining huquqiy asoslari va banklar tomonidan islomiy moliya xizmatlari ko‘rsatilishi tartibi belgilandi.

Qonun bilan Markaziy bankka Kredit tashkilotlari uchun islomiy moliya standartlarini tasdiqlash va Islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani berish, qayta rasmiylashtirish va chaqirib olish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish vakolatlari berilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, banklar islomiy bank faoliyatini amalga oshirish litsenziyasini olgan holda bir vaqtning o‘zida ham an’anaviy moliya operatsiyalarini, ham islomiy moliya operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, Bosh regulator tomonidan Islomiy moliya faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muvofiqlashtiruvchi Markaziy bankning islomiy moliya kengashini tashkil etish va tugatish to‘g‘risida qarorlar qabul qilishi va uning faoliyatiga doir talablarni belgilashi normasi kiritildi.

Markaziy bankning islomiy moliya kengashi MB nazorat qilishi kerak bo‘lgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan islomiy moliya faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ hisoblanadi.

Markaziy bank islomiy moliya kengashi islomiy moliya standartlarini ishlab chiqadi, ushbu sohada normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda Markaziy bankka ko‘maklashadi, bahs munozaralarga sabab bo‘luvchi masalalar yuzasidan tushuntirishlar va izohlar beradi hamda islomiy moliya faoliyati bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha xulosalar taqdim qiladi.

Bank tomonidan bank hisobvaraqlarini ochish va yuritish, to‘lovlarni amalga oshirish, omonatlarga (depozitlarga) pul mablag‘larini jalb etish, o‘z nomidan kreditlar (qarzlar) berish bo‘yicha bank faoliyati operatsiyalari bo‘yicha banklarga nisbatan belgilangan qoidalar islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga nisbatan ham tatbiq etilishi mumkin.

Islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya orqali banklar foydani taqsimlash sharti asosida mijozni moliyalashtirish yoki pul mablag‘larini investitsiyaviy omonatlarga jalb etish, vakillik shartnomasi orqali pul mablag‘larini berish yoki investitsiyaviy omonatlarga jalb etish, tovarni nasiyaga sotish orqali mijozni moliyalashtirish, tovarlar uchun oldindan haq to‘lash orqali mijozni moliyalashtirish, birgalikdagi faoliyatni (sherikchilik) amalga oshirish yoki yuridik shaxslarning ustav kapitalida ishtirok etish orqali mijozni moliyalashtirish va mol-mulkni islomiy ijaraga berish kabi faoliyatni amalga oshirishi mumkin.

Islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan banklarning tegishli faoliyati islomiy moliya standartlariga muvofiqligi yuzasidan har yili kamida bir marotaba islomiy moliya bo‘yicha tashqi audit tekshiruvi o‘tkazilishi lozim. Islomiy moliya operatsiyalarini soliqqa tortishning o‘ziga xos xususiyatlari ham belgilandi, jumladan, soliqqa tortish maqsadlarida banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliya faoliyati doirasida mijozga realizatsiya qilinadigan tovarlarga qo‘yiladigan ustam QQSdan ozod qilinadi.

Shuningdek, respublikamizdagi banklardagi aholi omonatlarini kafolatlash mexanizmlari islomiy moliya sohasidagi ilg‘or amaliyotlarga muvofiq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga ham tatbiq etilishi belgilandi.

Islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya joriy qilinayotgani munosabati bilan islomiy bank faoliyatini litsenziyalash uchun davlat boji belgilangan.

Mamlakatimizda islomiy bank xizmatlari bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilishi yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishga, xorijiy investitsiyalarni jalb etishga xizmat qiladi.

 

Erkin GADOYEV,

Oliy Majlis Senati Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi.

 

Tashabbusli budjet elektorat manfaatlariga xizmat qiladigan loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar bermoqda

Har bir davlat va jamiyat a’zolarining o‘zaro hamkorligi, fikrlar mushtarakligi, shuningdek, fuqarolarning ijtimoiy, siyosiy jarayonlarda faol ishtiroki demokratik islohotlarning muhim va asosiy indikatori hisoblanadi. Ayniqsa, davlatning moliya, iqtisodiyot borasidagi siyosati shaffof ko‘rinishga ega bo‘lishi aholining ishonchi oshishida katta rol o‘ynaydi.

Bunday imkoniyatlarni yaratgan mamlakatlarga nisbatan «good governance» (yaxshi hukumat) yoki «rublic governance» (xalq hukumati) maqomini berish amaliyoti ham mavjud. “Xalq hukumati” qarorlarni qabul qilishda va uni bajarishda fuqarolarning keng ishtiroki bilan belgilanadi.

1990 yilda Jahon banki tomonidan dunyoning rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlari uchun tajriba ko‘rinishida iqtisodiy loyihalarda aholining faol ishtirokiga qaratilgan birinchi dastur ishlab chiqilgan va bunda dastlab aholining fikrini olish tashabbusi berilgan edi.

Bugun dunyo mamlakatlarida aholining davlat boshqaruvida bevosita ishtirokini ta’minlashda axborot texnologiyalarining o‘rni va ta’siri oshib bormoqda. Ammo bu o‘rinda savol tug‘iladi. Buning samarasini qanday baholanadi? Uning natijalari qanday aniqlanadi?

Tahlillarga ko‘ra, “elektron hukumat” yoki “elektron hujjat” aylanmasi birinchi navbatda inson omilining aralashuvini keskin kamaytirishga xizmat qiladi. Chunki kimlarnidir bunday loyihalarga “suqilib” kirishiga umuman yo‘l qo‘yilmaydi. Bu birinchidan.

Ikkinchidan, aholi loyihada ko‘rsatilayotgan masala haqida to‘liq yoki qisman xabardor bo‘ladi. Buni siyosiy amaliyotda “elektron demokratiya” yondashuvi deb ham nomlash urf bo‘lgan, shu bilan birga, ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda bu qulay, sodda mexanizm sifatida qo‘llab kelinmoqda.

O‘zbekistonda boshlangan “Ochiq budjet” loyihasida dastlab 300 mingdan ortiq aholi qatnashgan. Bugungi kunda bu loyiha aholining faolligini oshirish bilan birga, islohotlarda shaxsan ishtirok etishlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

 

Prezident tashabbusi

Keyingi yillarda O‘zbekistondagi islohotlar bu borada qanchalik to‘g‘ri yo‘nalish tanlanganini ko‘rsatib bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 29 avgustdagi “Tashabbusli budjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, “Tashabbusli budjet” uchun ajratiladigan mablag‘lar ko‘lami yanada ko‘paytirilib, bu jarayonda Qonunchilik palatasi deputatlarining ishtiroki va tashabbuskorligini qo‘llab quvvatlash belgilangan.

Unga ko‘ra, deputatlar o‘z saylov okruglarida g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan bir yil davomida ikkita loyihani tanlab, g‘olib deb topadi. “Ochiq budjet” axborot portalida deputatlar tanlovi uchun alohida bo‘lim ochilgan va deputatlarning tanlovni amalga oshirishi aholiga ko‘rinib turadi. Bu ochiqlikni oshiradi, siyosiy faollikni rivojlantiradi.

Endilikda tashabbusli budjet doirasida g‘olib bo‘lmagan loyihani deputat tashabbusiga ko‘ra g‘olib, deb e’lon qilish imkoniyati qator yangicha yondashuvlarga asoslanadi.

Birinchidan, bu tizim deputatlarning siyosiy faolligini va saylovchilar oldidagi siyosiy mas’uliyatini yanada oshirish, ijtimoiy masalalarni hal etishda tashabbuskorlikni yanada kuchaytirishga turtki beradi.

Ikkinchidan, deputatlarning har yili aholining kundalik hayotiga va hududni rivojlantirishga bevosita ta’sir qiladigan 2 ta loyihani tanlash imkoniyati yaratiladi.

Uchinchidan, saylov okruglarida ijtimoiy masalalarni hal etish bo‘yicha deputatlarni zarur resurslar bilan ta’minlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

To‘rtinchidan, tashabbusli budjet loyihalarini moliyalashtirishda oliy davlat vakillik organi nazorati kuchaytiriladi.

Loyihaning birinchi bosqichidayoq aholi va deputatlar o‘rtasida hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Saylov okruglaridan qaytgan deputatlar tashabbusning aholi ijtimoiy kayfiyatiga katta ta’sir etganini, ularning mamnun ekanini alohida ta’kidlashmoqda.

Xususan, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari eng maqbul loyihalarni joylarga chiqib, aholi vakillari bilan keng qamrovli muloqotlar o‘tkazish orqali tanlashga e’tibor qaratdi. G‘olib bo‘lmagan loyihalarning dolzarbligi, aholi uchun qay darajada ahamiyatli ekani har tomonlama o‘rganildi. Eng asosiysi, hammasi shaffof tarzda amalga oshirildi, buni jamoatchilik ham e’tirof etdi.

Fraksiyaning yig‘ilishida qayd etilishicha, davlatimiz rahbarining tashabbusli budjet jarayonlarini takomillashtirish, deputatlar va saylovchilar, ayniqsa, elektorat vakillari orasida hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qarori katta ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Ushbu tashabbus orqali respublika bo‘yicha ijtimoiy qiymati yuqori bo‘lgan, xalqimiz orziqib kutayotgan 300 ta qo‘shimcha loyihani amalga oshirish imkoniyati ochiladi.

Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari saylov okruglaridagi faoliyati davomida turli loyihalar bilan bevosita tanishib, elektorat vakillarining fikr-mulohazalari asosida qator loyihalarning amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Xususan, ma’lumotlarga ko‘ra, ta’lim muassasalarini ta’mirlash, qo‘shimcha binolar qurish yoki rekonstruksiya qilish bo‘yicha 10 ta, yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha 7 ta, irrigatsiya va suv tarmoqlarini ta’mirlash bo‘yicha 3 ta, jami 20 ta ijtimoiy loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Xulosa qilib aytganda, tashabbusli budjet jarayonlarida deputatlarning ishtiroki – bu nafaqat nazorat va vakillik vazifasini bajarish, balki jamiyat va davlat o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, qaror qabul qilish jarayonlarini yanada demokratlashtirish demakdir. Shu bois, ushbu jarayonlarda deputatlarning faol ishtirokini ta’minlash bugungi kunning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Haqiqatan ham, bu yangilik muhim siyosiy qaror bo‘ldi, desam xato bo‘lmaydi. Bu bizlarga yana bir bor ishonch, shuningdek, xalqimizning yanada faollashuviga asos bo‘ldi. Yaqinda hududlarda bo‘lganimizda asosiy masalalar qatorida bu yangilikni saylovchilar bilan o‘rtoqlashganimizda, ularning nechog‘li xursand bo‘lganliklarini tasavvur qilishingiz mumkin.

Xususan, men tanlangan loyiha avval 15 ming ovoz yig‘ib ham yuta olmagan ekan. Ammo ijtimoiy jihatdan muhimligini hisobga olib, Denov tumanidagi “Qiziljar” MFYdan o‘tuvchi yo‘l uchun ovoz berdim. Sababi, bu loyiha hudud aholisining harakatlanishi, ayniqsa, maktablarga qatnayotgan yoshlarimiz uchun zarur.

 

Sayyora IMOMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Tuman Kengashida, Jo‘qorg‘i Kengesda, mana, endi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida uch chaqiriq deputat bo‘lish nasib etdi. Lekin shuncha yillik tajribamda deputatni xalq bilan, saylovchilar bilan yaqinlashtiruvchi bunday mexanizmni ko‘rmaganman, desam ham bo‘ladi.

O‘zim Qoraqalpog‘iston Respublikasidan saylanganim, hududni yaxshi bilganim uchun bu tashabbus men uchun katta imkoniyat bo‘ldi, deb o‘ylayman. Eng asosiysi, Prezidentimizning tashabbusi orqali yana qo‘shimcha imkoniyat berilishi, ayniqsa, alohida summaning kafolatli ajratilishi tarixiy o‘zgarishlarning yana bir debochasi ekaniga ishonaman.

Men Beruniy tumanidagi «Mustaqillik» mahallasida ichki yo‘llarni ta’mirlash loyihasiga ovoz berdim, bu yo‘l ikkita maktab o‘quvchilarining o‘qishga qatnash imkoniyatini yaxshilaydi. Saylovchilar, minglab ota-onalar bu loyiha, bu tashabbusdan juda xursand.

 

Qizilgul QOSIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Hududlarga borib, aholi bilan uchrashganimizda bir qator ijtimoiy masalalarga duch kelardikki, ba’zan ularni yechishda o‘zimizda ham imkoniyatlar, kerak bo‘lsa, resurslar yetishmas edi.

Prezidentimizning deputatlarning siyosiy faolligi va tashabbuslariga kuch bergan qarori meni ham qattiq xursand qildi. Toshkent viloyatidan saylanganim uchun Angren shahri “Kimyogar” MFY hududidagi 1992 yildan beri ta’mirlanmayotgan ichki yo‘llarni, ya’ni aholi uchun suvdek zarur bo‘lgan loyihani tanladim, asosiysi, xalq mamnun. Bu ishonch biz, deputatlar uchun katta sharaf.

 

Sharofiddin NAZAROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Men o‘zim iqtisodchiman. Har bir sarflangan pul amaliy natijaga yo‘naltirilishi muhim, deb hisoblayman. Tajribamda meni bunchalik ruhlantiradigan bunday yondashuvlar kam bo‘lgan. Shu bois, pulni to‘g‘ri yo‘naltirishda o‘zim ishtirok etayotganim va buni Prezident barcha deputatlarga ishonch sifatida taqdim etishi meni ham xursand qildi. O‘zim ham eng og‘ir, eng zarur loyihalarga e’tiborimni qaratdim. Ko‘kdala tumanida kasb-hunar texnikumi bilan bog‘liq loyihaga ovoz berdim. Texnikum bor, amaliy ishlar uchun ustaxona yo‘q, jihoz yo‘q. Bu loyihaga ovoz berishimning sababi, ertaga yoshlarning kasb egasi bo‘lib chiqishi, bandligi ta’minlanishida katta imkoniyatlarni yaratadi.

 

Shokirjon AHMEDOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Bizning partiyamiz elektorati, ya’ni ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillari manfaatlarini himoya qilish nuqtai nazaridan ushbu loyihani deputatlarga katta imkoniyat, mas’uliyat va vakolat, deb qabul qilaman.

Men Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi 39-umumta’lim maktabini jihozlash, moddiy-texnik bazasini yaxshilash loyihasi uchun ovoz berdim. Maktab, o‘quvchi va o‘qituvchilar ancha yildan beri shunday loyiha moliyalashtirilishiga muhtoj bo‘lib yurgan ekan. Ta’lim va bilimga sarflangan mablag‘ har doim o‘zini oqlaydi.

 

Zokirjon ZOHIDOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Tashabbusli budjet unikal desam, xato qilmagan bo‘laman. Bu safargi saylov okruglaridagi uchrashuvlarim hamda saylovchilarning kayfiyatini tasavvur ham eta olmaysiz.

Rishton tumanidagi sport muassasalarini ta’mirlash va moddiy-texnik bazasini rivojlantirish tadbirlari uchun, tuman bolalar va o‘smirlar sport maktabiga ovoz berdim.

Amalga oshadigan loyihalar partiyamizni, fraksiyamizni elektoratimiz vakillari bilan yanada hamjihatlashtirishga xizmat qiladi.

 

G‘olibjon MAHAMMADJANOV,

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi sho’ba mudiri,

siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori(Phd).

 

Qardoshlik aloqalarida yangi bosqich

O‘zbek va tojik xalqlarini umumiy tarix, o‘xshash ma’naviy qadriyatlar, o‘zaro hurmat, yaxshi qo‘shnichilikning ko‘p asrlik an’analari birlashtirib turadi. So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik tamoyillari asosida izchil rivojlanib bormoqda. Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Qardoshlik rishtalari rivojida misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishilib, ikki tomonlama aloqalar sezilarli darajada faollashdi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani mintaqa xalqlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga keng yo‘l ochdi.

Davlatlarning yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, o‘zaro ishonch va mintaqani barqaror rivojlantirishga intilishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Erishilgan kelishuvlar ko‘p yillik chegara masalalarini hal etish, Markaziy Osiyoda barqarorlik va sheriklikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.

O‘zaro savdoda barqaror ijobiy sur’at kuzatilayotgani alohida e’tirofga loyiq. Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalar ham keyingi yillarda jadal rivojlandi. Parlament delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari muntazamlik kasb etib, parlamentdagi do‘stlik guruhlari doirasidagi aloqalar mustahkamlanmoqda.

Davlatimiz rahbari taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga davlat tashrifi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, yangi strategik yo‘nalishlarni belgilash hamda mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayniqsa, ikki davlat rahbarlari raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi nafaqat joriy kun tartibini muvofiqlashtirish, balki hamkorlikning uzoq muddatli istiqbollarini shakllantirish imkonini berib, ikki tomonlama hamkorlikda yangi sahifa ochdi.

Hamkorlikning yangi yo‘nalishlari batafsil muhokama qilinib, ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish yo‘llari tahlil etildi. O‘zaro manfaatli O‘zbekiston – Tojikiston hamkorligini mustahkamlashga katta sur’at bag‘ishlaydigan bir qator muhim qarorlar qabul qilindi. Bu, o‘z navbatida, iqtisodiy rivojlanish, savdo hajmini oshirish, qo‘shma korxonalarni ko‘paytirishga imkon beradi.

O‘zaro ishonch va hamjihatlik orqali ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik yanada mustahkamlanib, hududiy barqarorlik ta’minlanadi. Eng muhimi, mazkur yig‘ilish va unda qabul qilingan qarorlar har ikki davlatning iqtisodiy o‘sishi, aholi farovonligi va mintaqaviy taraqqiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Yig‘ilishda 2030 yilga kelib, o‘zaro savdoni 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bu esa eksport va import hajmini ko‘paytirish, yangi bozorlar ochish hamda ishlab chiqarishni kengaytirishga turtki beradi. Savdo ko‘paysa, korxonalar ko‘proq mahsulot ishlab chiqaradi. Bu, o‘z navbatida, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, aholi daromadlarining oshishiga xizmat qiladi.

Energetika, suv resurslarini boshqarish, transport va boshqa ko‘plab sohalardagi sheriklik atroflicha ko‘rib chiqilib, hamkorlik istiqbollari belgilab olindi. Bu esa kelajakda energiya tanqisligini kamaytirish va barqaror ta’minotni ta’minlashga, suvdan oqilona foydalanishga, ekologik muvozanatni saqlashga hamda tovar ayirboshlashni tezlashtirib, biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Tashrif davomida davlat rahbarlari yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ham ishtirok etib, 10 ta qo‘shma loyihani boshlab berdi. Mazkur loyihalar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga kuchli sur’at bag‘ishlaydi.

Umuman aytganda, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash butun Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va jadal taraqqiyotni ta’minlash nuqtai nazaridan ham alohida ahamiyatga ega.

 

Imomnazar TURSUNOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

Samarali huquqiy normalar hayotga joriy etilmoqda

Kecha parlament quyi palatasining navbatdagi yig‘ilishi ham qizg‘in bahslar asosida o‘tdi. Zalda o‘tirgan deputatlarning har biri muhokama qilinayotgan masalalar bo‘yicha o‘z fikri, qarashi va tahliliy yondashuviga ega. Ammo biror qonun loyihasining qabul qilinishi uchun barcha deputatlarning turli fikrlari ma’lum bir uyg‘unlikka kelishi talab etiladi.

Bu oson jarayon emas. Chunki muhokamalarda fikrlar xilma-xil bo‘ladi va har biri asosli ravishda ilgari suriladi. Qonunchilik palatasining birgina majlisini kuzatgan inson ham shuni anglaydiki, har bir qonun loyihasi, huquqiy hujjat chuqur va har tomonlama muhokamadan o‘tadi.

Eng muhimi, bu muhtasham va o‘ta mas’uliyatli zalda «dunyoga kelayotgan» har bir qonun, qabul qilinayotgan har bir qaror odamlarimizning hayotini yengillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Yig‘ilish kun tartibiga ko‘ra, dastlab “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatining majburiyatlarini aniq belgilash, jamg‘arma tomonidan sarflangan mablag‘larni undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da’vo kiritishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilishni nazarda tutuvchi normani kiritish taklif etilmoqda.

Shuningdek, loyihada idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish tartibini soddalashtirish hamda muddatlarni qisqartirish nazarda tutilmoqda.

Xususan, bunday hujjatlar loyihasining jamoatchilik muhokamasi muddatini 10 kun etib belgilash, 5 kun ichida taklif kelib tushmagan taqdirda loyihani huquqiy ekspertizaga kiritish imkoniyatini berish, shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatini 20 kunga qisqartirish taklif etilmoqda.

Qizg‘in o‘tgan majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

 

“Reklama to‘g‘risida”gi qonunning ayrim moddalariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda

Majlisda sug‘urta xizmatlariga oid reklamalarni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning ayrim moddalariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda. Unga ko‘ra, sug‘urta savodxonligini oshirishga qaratilgan axborotni ijtimoiy axborot etib belgilash hamda ijtimoiy axborotning reklama beruvchilari sifatida sohalardagi vakolatli davlat organlarini ham kiritish taklif etilmoqda.

Qonun loyihasi sug‘urta bozori professional ishtirokchilari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar to‘g‘risida iste’molchilarni keng qamrovli va ishonchli axborot bilan ta’minlash orqali ularning bu xizmatlardan foydalanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, aholida sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan ishonchni oshirishni nazarda tutadi.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyati haqida o‘z fikr mulohazalarini bildirib, undagi ayrim normalar bo‘yicha qonun tashabbuskorlariga aniqlashtiruvchi savollar berdi. Mutasaddilar barcha savollarga tushuntirishlar berib o‘tdi.

Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

 

Eksport tartib taomillari jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtiriladi

Majlisda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga eksport tartib-taomillarini Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib taomillari to‘g‘risida”gi qonunga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlariga binoan olib chiqiladigan buyumlar va mahsulotlarni eksport qilishga doir ruxsatnoma berish tartibini bekor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, loyiha bilan litsenziyalash va ruxsat berish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga qo‘llaniladigan jarimalar ro‘yxatidan eksportga oid cheklovlar chiqarib tashlanmoqda.

Deputatlarning ta’kidlashicha, belgilanayotgan normalar mahsulotlar eksportini kengaytirish, eksportdagi mavjud cheklovlarni bartaraf etish, raqobat va ochiq bozor muhitini yaratishga, shuningdek, milliy qonunchiligimizni JST qoidalariga uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.

Qizg‘in o‘tgan majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

 

Transport vaziri parlamentga axborot beradi

Deputatlar transport vaziri I.Mahkamovning “Temir yo‘l transporti sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish hamda yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlarini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axborotini eshitish haqidagi masalani ko‘rib chiqdilar.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda temir yo‘l transporti sohasini jadal rivojlantirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, logistika tizimini takomillashtirish, yuk va yo‘lovchi tashish xizmatlari samaradorligini oshirish, shuningdek, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini ishonchli, uzluksiz va sifatli transport xizmatlari bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, Qonunchilik palatasi deputatlarining joylarga chiqib o‘rganishlari jarayonida temir yo‘l transportida yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlari darajasini oshirish, vagonlar sonini ko‘paytirish va sifatini yaxshilash, vokzallar infratuzilmasini rivojlantirish, servis va raqamli xizmatlar bilan bog‘liq ayrim masalalar kuzatilmoqda. Majlisda shundan kelib chiqib, mazkur masala yuzasidan transport vazirining axborotini eshitish haqida tegishli qaror qabul qilindi.

 

Laziza Sherova,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.