Xorazmda “to‘siqsiz muhit” holati tahlil qilindi

Ko‘chaga chiqish, yo‘lakdan bemalol yurish, avtobusga chiqish, shifoxona yoki ta’lim muassasasiga kirish nogironligi bo‘lgan shaxs uchun ba’zan jiddiy to‘siqqa aylanishi mumkin. Notekis yo‘lak, baland bordyur, pandusning yo‘qligi yoki talabga javob bermaydigan lift — kim uchundir mayda noqulaylik, boshqa bir inson uchun esa mustaqil hayot kechirish imkoniyatiga ta’sir qiladigan muammo.

Shu ma’noda, qulay va to‘siqsiz muhit yaratishni faqat qurilish, infratuzilma yoki obodonlashtirish masalasi sifatida baholab bo‘lmaydi. Bu avvalo, insonning jamiyat hayotida teng ishtirok etishi, o‘z ehtiyojlarini mustaqil qondirishi va o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida his qilishi bilan bog‘liq hayotiy zaruratidir.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi uchun ham aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari huquq va manfaatlarini ta’minlash ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, inklyuziv muhitni shakllantirish masalasi faqat alohida ob’yektlar emas, balki butun shahar va hududlarni inson uchun qanchalik qulay qilib yaratayotganimiz bilan o‘lchanishi kerak.

Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashidagi O‘zbekiston XDP deputatlik guruhi yig‘ilishida aynan shu masala — nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘siqsiz harakatlanishi, infratuzilma hamda xizmatlardan erkin foydalanishiga xalaqit berayotgan muammolar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda deputatlar piyodalar yo‘laklarining holati, panduslar, liftlar, maxsus belgilar, svetoforlar va jamoat transportining moslashtirilganligi masalalariga e’tibor qaratishdi. Ayniqsa, yer yuzining turli mintaqalaridan millionlab turistlarni o‘ziga jalb qiladigan tarixiy qadamjolarda nogironligi bo‘lgan insonlar uchun mavjud imkoniyatlar alohida e’tibor markazida bo‘ldi.

Ijtimoiy inspeksiyaning Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga asosan, ko‘plab tarixiy obidalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar erkin harakatlanishi uchun yetarli darajada sharoit yaratilmagan. Yangi va tarixiy ob’yektlar infratuzilmasini bosqichma-bosqich moslashtirishga ehtiyoj borligi ma’lum qilindi.

Raximbergan Yusupov,
O‘zXDP Xorazm viloyat kengashi raisi:

– Biroq taqdim etilgan ma’lumotlar ayrim tarixiy obidalarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakatlanishi uchun hali yetarli sharoit yo‘qligini ko‘rsatmoqda. O‘rganishlar davomida biz bunga oddiy texnik kamchilik sifatida emas, balki insonning o‘z huquqidan qanchalik erkin foydalana olishi bilan bog‘liq masala sifatida qaradik.

Menimcha, bu yerda eng muhim jihat — pandusning bor-yo‘qligi emas. Asosiy savol: nogironligi bo‘lgan inson ushbu pandusdan mustaqil, xavfsiz va qulay foydalana oladimi? Agar pandus mavjud bo‘lsa-yu, uning nishabligi, uzunligi yoki boshqa parametrlari belgilangan talablarga mos kelmasa, u o‘z vazifasini to‘liq bajara olmaydi.

O‘rganishlar davomida Urganch shahridagi Xorazm viloyati musiqali drama teatri, Suratxona galereyasi, Salimjonov Qosimjon kompleksi kabi ob’yektlarda ham ana shunday holatlarga duch keldik. Masalan, ayrim joylarda kirish qismi sezilarli baland bo‘lishiga qaramay, ularga chiqish uchun qurilgan panduslar belgilangan me’yorlarga mos emas. Tashqaridan qaraganda pandus bor. Lekin aravachasida harakatlanayotgan inson uchun u haqiqiy yechim bo‘lmasligi mumkin.

Buning inson hayotida nimani anglatishini tasavvur qilish qiyin emas. Teatrga, muzeyga yoki boshqa bir jamoat ob’yektiga borgan inson eshik oldida to‘xtab qolishi, kimningdir yordamiga muhtoj bo‘lishi yoki umuman ortiga qaytishi mumkin. Aslida esa u boshqalar kabi ushbu joyga mustaqil kirish va xizmatdan foydalanish huquqiga ega.

Xiva shahridagi «Ichan qal’a» davlat muzey-qo‘riqxonasi hududida o‘tkazilgan o‘rganishlar ham bizga jiddiy o‘ylanish uchun asos berdi. Ko‘hna ark, Zindon, Yoqubboy Xo‘ja madrasasi kabi tarixiy ob’yektlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning harakatlanishi uchun mavjud sharoitlar belgilangan talablarga to‘liq javob bermasligi aniqlandi.

Albatta, tarixiy obidalarda masala biroz murakkab. Biz tarixiy merosni asrashimiz kerak. Obidaning me’moriy qiyofasi, asl ko‘rinishi va tarixiy ahamiyati saqlanishi lozim. Lekin shu bilan birga, bu obidalarni imkoniyati cheklangan insonlar uchun ham ochiq qilish yo‘llarini izlashimiz shart.

Men bu ikki vazifani bir-biriga zid deb hisoblamayman. Aksincha, zamonaviy muhandislik va arxitektura yechimlari orqali tarixiy merosni asrash ham, to‘siqsiz muhit yaratish ham mumkin. Buning uchun har bir ob’yektga alohida yondashuv, malakali mutaxassislar xulosasi va, eng muhimi, inson manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yadigan yondashuv zarur.

Muammoni aniqlash — birinchi qadam. Endi asosiy vazifa aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, yangi ob’yektlarni loyihalashda inklyuzivlik talablariga qat’iy rioya qilish va mavjud infratuzilmani bosqichma-bosqich moslashtirishdan iborat, deb o‘ylayman.

Raimboy Sherjanov,
xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashi deputati:

– O‘rganish natijasida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan yana bir asosiy masala ko‘zga tashlandi. Ya’ni ayrim madaniy meros ob’yektlarida qurilgan panduslar amaldagi shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga to‘liq muvofiq emas.

Ayniqsa, Xiva kabi butun dunyo sayyohlarini jalb qilayotgan tarixiy shaharda bu masalaning ahamiyati yanada yuqori. Tarixiy obidalarning saqlanishi qanchalik muhim bo‘lsa, ulardan imkoniyati cheklangan fuqarolar va sayyohlarning ham bahramand bo‘lishi uchun sharoit yaratish shunchalik zarur.

Albatta, tarixiy-madaniy meros ob’yektlarida zamonaviy infratuzilmani joriy etish oson vazifa emas. Bunday ob’yektlarning tarixiy qiyofasi va me’moriy xususiyatlarini saqlash talab etiladi. Biroq bu holat inklyuziv muhit yaratish vazifasini chetga surish uchun asos bo‘lmasligi kerak. Aksincha, tarixiy merosni asrash va zamonaviy qulayliklarni uyg‘unlashtirishning maqbul yechimlarini izlash ayni muddao.

Muammoning yana bir muhim jihati — yangi ob’yektlar qurilishida ham, mavjud ob’yektlarni rekonstruksiya qilishda ham to‘siqsiz muhit talablarini loyihaning boshidan hisobga olishdir. Keyinchalik kamchilikni bartaraf etish ko‘pincha qo‘shimcha mablag‘ va vaqt talab qiladi. Eng muhimi, noto‘g‘ri yechim insonning kundalik hayotiga bevosita ta’sir qiladi.

Shu bois deputatlik nazorati doirasida nafaqat mavjud kamchiliklarni qayd etish, balki ularni bartaraf qilishning aniq muddati, mas’ul tashkilotlar va amaliy chora-tadbirlarni belgilash muhim.

Yig‘ilishda deputatlar tarixiy obidalarda to‘siqsiz muhit yaratilishi ichki va tashqi turizmni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidlashdi. Mazkur yo‘nalishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, madaniy meros ob’yektlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun xavfsiz va qulay harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda belgilangan vazifalar ijrosi ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, madaniy meros va turistik ob’yektlarda to‘siqsiz muhit yaratish ishlarini tizimli ravishda davom ettirish, yangi ob’yektlarni loyihalash va mavjudlarini rekonstruksiyalashda inklyuzivlik talablariga qat’iy rioya qilish taklif etildi.

Deputatlar aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, natijalarni muntazam muhokama qilib borish zarurligini bildirishdi.

Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

Muhimi — ijobiy samara

Deputatlik so‘rovi. Bu — «Men bu masalani ko‘rdim», degan gap, «Men bunga befarq emasman», degan munosabat, «Bu yerda bir narsani o‘zgartirish kerak», degan mas’uliyat aslida.

Gap mutasaddilarga yuborilgan xatda emas, so‘rov yuborilgandan keyin nima bo‘ladi, degan savolga javob topishda. Kimdir javob beradimi? Kimdir muammoni joyiga chiqib o‘rganadimi? Kimdir «Bu masalani hal qilish kerak», deb o‘z zimmasiga mas’uliyat oladimi? Gap ana shu savo llar ochiq qolib ketmasligida…

Shu ma’noda aytadigan bo‘lsak, deputatlik so‘rovi shunchaki rasmiy hujjat emas, bu xalq nomidan berilgan savol. Va har bir savolning ortida unga javob kutayotgan qanchadan-qancha insonlar bor. Demak, so‘rovning ahamiyati — uning sonida emas, ortidan kelgan o‘zgarishda.

Chiqindilar bilan bog‘liq ishlar tartibga solindi

Andijon viloyatining Bo‘ston tumanida maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketish, aholi yashash hududlarini chiqindi konteynerlari bilan ta’minlash hamda xizmat ko‘rsatish qamrovini kengaytirish masalalari yuzasidan «Yuksak orzu baraka» MCHJ Bo‘ston tumani filiali rahbariga xalq deputatlari tuman Kengashi deputati M. To‘ychiyeva tomonidan deputatlik so‘rovi yuborildi.

Boisi, saylovchilar bilan uchrashuvlar va murojaatlarni o‘rganish, shuningdek, hududlardagi mavjud holatni tahlil qilish jarayonida maishiy chiqindilarni belgilangan grafik asosida olib chiqib ketish, chiqindi konteynerlarining yetarli emasligi, maxsus texnikalar hamda ishchi xodimlar bilan bog‘liq ayrim muammolar borligi ma’lum bo‘lgan edi.

Mazkur muammolar bayon etilgan deputatlik so‘rovi yuzasidan mas’ul tashkilot tomonidan rasmiy javob taqdim etildi. Unda muammolarni bartaraf etish maqsadida tegishli choralar ko‘rilgani aytilgan.

Xususan, chiqindilarni olib chiqib ketish jarayonini tartibga solish, xizmat ko‘rsatishdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish, zarur texnika va ishchi kuchidan samarali foydalanish bo‘yicha tegishli ishlar bajarilgani qayd etilgan.

Yangi bolalar maydonchasi quriladi

Xalq deputatlari Zarbdor tumani Kengashiga 14-Yangikent saylov okrugidan saylangan deputat F. Sarimsakov tomonidan “Yangikent” mahallasi Do‘stlik ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylar atrofini obodonlashtirish hamda bolalar maydonchasi holatini yaxshilash masalasida deputatlik so‘rovi yuborilgan edi.

Mazkur murojaat aholi tomonidan bildirilgan taklif va muammolar asosida shakllantirilgan bo‘lib, unda ko‘p qavatli uylar atrofidagi hududning obodonlashuv darajasi va sanitariya holati talabga javob bermasligi hamda bolalar uchun mo‘ljallangan o‘yin maydonchasi jihozlarining eskirib, ta’mirtalab holga kelib qolgani qayd etilgan.

Murojaat yuzasidan mas’ul tashkilot — «KUXINUR SITISSS» MCHJ BSK tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, bir qator chora-tadbirlar belgilandi hamda ular bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Jumladan, sanitariya va obodonlashtirish ishlari doirasida ko‘p qavatli uylar atrofi hamda ularga tutash hududlar qurib qolgan o‘t-o‘lanlar va turli chiqindilardan tozalandi. Hudud tartibga keltirilib, sanitariya holati yaxshilandi, bu esa aholi uchun yanada toza, ozoda va qulay yashash muhitini yaratishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, mavjud bolalar maydonchasi jihozlarining eskirgani va xavfsizlik talablariga to‘liq javob bermasligi inobatga olingan holda, uni yangilash masalasi davlat dasturlari asosida hal etilishi belgilandi. Xususan, tegishli hujjatlarga muvofiq, mahalla hud udida 2026 yil yakunigacha qiymati 350 million so‘m bo‘lgan zamonaviy, xavfsiz va barcha talablarga javob beradigan yangi bolalar maydonchasini barpo etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, mazkur dastur doirasida ko‘p qavatli uylar atrofida piyodalar yo‘laklarini betonlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish ham belgilangan.

Ushbu ishlar natijasida nafaqat hududning tashqi qiyofasi yaxshilanadi, balki bolalar uchun xavfsiz o‘yin maydoni, aholi uchun esa qulay va zamonaviy yashash muhiti yaratiladi.
Shu tariqa, deputatlik so‘rovi orqali ko‘tarilgan masala bosqichma-bosqich amaliy yechimini topib bormoqda hamda aholi turmush sharoitini yaxshilash yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilmoqda.

27 dona beton tayanch ustuni yetkazib berildi

Xalq deputatlari Gʻallaorol tuman Kengashi d yeputati A. Ismoilov tomonidan kiritilgan deputatlik so‘rovida ko‘tarilgan masala ijobiy yechim topdi.

Aholining elektr ta’minotini yaxshilash, mavjud elektr tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish maqsadida hududga qo‘shimcha ravishda 27 dona beton tayanch ustuni yetkazib berildi.

Ushbu natija deputatlik so‘rovida ko‘tarilgan masalaning mas’ul tashkilotlar tomonidan o‘rganilib, amaliy choralar ko‘rilganini ko‘rsatadi.

Eng muhimi, deputatlik so‘rovi orqali saylovchilarni qiynayotgan masala e’tiborga olinib, uni bartaraf etish bo‘yicha aniq amaliy ishlarga turtki berildi.

Endi ichimlik suvi tarmog‘ida nosozlik kuzatilmaydi

Xalq deputatlari Oltinko‘l tuman Kengashiga O‘zXDPdan deputat Xolmirza Isomiddinov tomonidan saylov okrugi hududida istiqomat qiluvchi aholidan kelib tushgan murojaat asosida ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq muammo o‘rganilib, uni bartaraf etish yuzasidan «Suv ta’minoti» AJ rahbari D. Burxonovga deputatlik so‘rovi yuborilgan edi.

Deputatlik so‘rovi asosida «Markaz» MFY hududidagi ichimlik suvi ta’minoti tarmog‘ida yuzaga kelgan nosozlik mas’ul mutasaddilar tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

O‘rganish davomida muammoning kelib chiqish sabablari aniqlanib, uni bartaraf etish bo‘yicha zarur amaliy choralar ko‘rildi. Tegishli ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, suv ta’minoti tarmog‘ining faoliyati tiklandi.

Natijada aholining ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji ta’minlanib, fuqarolarni bir muddatdan buyon qiynab kelayotgan muammo bartaraf etildi.

Eng muhimi, aholidan kelib tushgan navbatdagi murojaat e’tiborsiz qolmadi. U deputat tomonidan o‘rganilib, mas’ul tashkilot oldiga aniq masala sifatida qo‘yildi va uni hal etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borildi.

Mazkur holat deputatlik so‘rovining mohiyati faqatgina rasmiy hujjat yuborish bilan cheklanmasligini, balki aholi murojaatini yechimga yo‘naltirish, muammoning ijrosini nazorat qilish va natijaga erishishda muhim vosita ekanini yana bir bor isbotlaydi.

***

Bugun bir muammo hal bo‘lishi mumkin. Ertaga esa boshqa bir masala ko‘tariladi. Muhimi, odamlar o‘z muammosi bilan yolg‘iz qolmasligida. Deputatlik so‘rovi esa odamlarning ovozini yuqori tashkilotlarga yetkazadigan ko‘prikdir. Shu ma’noda, har bir hal etilgan masala — kim uchundir yengillashgan sharoit, hal bo‘lgan bir tashvishdir. Maqsad ham aslida shu, ya’ni natija odamlarning kundalik hayotida, turmushida ko‘rinsin!

Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.