Fan Texnika

Eng ulug‘ va olijanob kasb egalari

Blog Image
Email : 11 0

Shunday kasb egalari borki, ularning mehnati samarasi yillar badalida insonlar taqdirida, millatning salohiyatida, mamlakat taraqqiyotida namoyon bo‘lib boraveradi. O‘qituvchilik ana shunday sharafli va mas’uliyatli kasb, zotan. Bugun sinfxonada aytilgan har bir so‘z, berilgan har bir bilim, bildirilgan har bir ishonch ertangi avlodning dunyoqarashi va hayot yo‘liga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Davlatning iqtisodiy qudrati, ilm-fan rivoji, jamiyatning ma’naviy yuksalishi va inson kapitalining sifati bevosita ta’lim bilan bog‘liqligi, boshqacha aytganda, bu ishning boshida turgan pedagoglar mahorati, dunyoqarashi, kasbiga bo‘lgan sadoqati hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi ayni haqiqatdir.

Ana shu haqiqatga tayangan holda mamlakatimiz ta’lim tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganiga barchamiz birdek guvohmiz. Bu jarayonda maktablar infratuzilmasini yaxshilash, o‘quv dasturlari va darsliklarni yangilash, ta’limga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bilan bir qatorda o‘qituvchining jamiyatdagi maqomi va nufuzini oshirishga ustuvor e’tibor qaratilayotgani kishini quvontiradi.

Statistikaga ko‘ra, O‘zbekiston umumta’lim muassasalarida bugungi kunda salkam 600 ming nafar o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi pedagog kadrlar soni esa 650 ming nafardan oshgan.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda pedagogning maqomini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar mazmunan yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘qituvchilarni faqat mehnat jarayonida qo‘llab-quvvatlash emas, balki ularning kasbiy mahoratini rag‘batlantirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va jamiyatdagi nufuzini mustahkamlashga qaratilgan mexanizmlar kengaytirilmoqda. Malaka toifasi, milliy va xalqaro sertifikatlar, chet tilini bilish, o‘quvchilarning olimpiadalardagi natijalari kabi ko‘rsatkichlar asosida pedagoglarni moddiy rag‘batlantirish imkoniyatlari oshib borayotir. Ayrim ustamalar va rag‘batlantirishlar hisobiga minglab o‘qituvchilarning daromadi sezilarli darajada ortmoqda. Bu esa pedagog mehnatini baholashda kasbiy salohiyat va natijadorlikka tobora ko‘proq urg‘u berilayotganini ko‘rsatadi.

Pedagoglarning ijtimoiy himoyasi masalasi ham e’tibor markazida. Uzoq yillik ish stajiga ega va yuqori malakaga erishgan o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun ipoteka hamda boshqa ijtimoiy imkoniyatlar taqdim qilinmoqda. Bunday yondashuv o‘qituvchini faqat ta’lim beruvchi mutaxassis emas, balki jamiyatning strategik intellektual resursi sifatida baholash zarurati o‘zining hayotiy tasdig‘ini topayotganini anglatadi.

Ayni paytda pedagogning kasbiy rivojlanishiga qo‘yilayotgan talablar kuchaymoqda. Zamonaviy o‘qituvchi o‘z fanini yaxshi bilishi bilan birga raqamli texnologiyalardan foydalanishi, yangi pedagogik metodlarni o‘zlashtirishi, o‘quvchining individual qobiliyatini hisobga olishi va ta’lim jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil eta olishi kerak. Shu maqsadda pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish, malaka toifalarini berish va qayta tayyorlash tizimlari takomillashtirilmoqda. Pedagogning o‘z ustida muntazam ishlashi, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallashi ta’lim sifatining muhim sharti sifatida qaralmoqda. Bu esa o‘qituvchilik kasbining mazmuni o‘zgarayotganidan dalolat beradi: endi pedagog faqat bilim beruvchi emas, balki o‘quvchini mustaqil izlanishga, tahlil qilishga va yangilik yaratishga yo‘naltiruvchi shaxs bo‘lishi kerak.

Shu o‘rinda pedagog kadrlar tayyorlash tizimidagi o‘zgarishlar ham alohida e’tiborga molik ekanini qayd etmoq joiz. Pedagogika oliy ta’lim muassasalarini transformatsiya qilish, bo‘lajak o‘qituvchilarning nazariy bilimi bilan birga amaliy tayyorgarligini kuchaytirish, ularni maktab muhitiga erta moslashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlar joriy etilmoqda. Xususan, «4+2» kabi yondashuvlar talabalarning pedagogik amaliyotini kuchaytirishga qaratilgan. Bu islohotlar pirovardida bir maqsadga — ta’lim sifatini oshirish orqali inson kapitalini rivojlantirishga zamin yaratayotir.

Shubhasiz, ta’limga e’tibor – kelajakka e’tibor demak. Shu ma’noda yurtimizda soha xodimlarining maqomi va nufuzini oshirish, ularning mashaqqatli mehnatini qadrlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani pirovardida jamiyatda o‘qituvchi-pedagog, murabbiylik kasbiga bo‘lgan hurmatni yuqori pog‘onaga olib chiqmoqda.

Yangi O‘zbekistonning oltin avlodini tarbiyalashdek sharafli yo‘lda bilimini, kuch-g‘ayratini ayamay mehnat qilayotgan, sohada islohotlar samaradorligini oshirish, ilg‘or tajribalarni, innovasion pedagogik va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish ishlariga munosib hissa qo‘shayotgan ta’lim-tarbiya tizimidagi xodimlardan bir guruhi kuni kecha Prezident Farmoniga binoan davlat mukofotlari bilan taqdirlangani so‘zimiz dalilidir.

Abdug‘ani TURDIBOYEV,
Farg‘ona shahridagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “Gʻamxo‘rlik” markazi direktori, II darajali “Salomatlik” ordeni sohibi:

— Mamlakatimizda 1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi ezgu an’anaga aylangan. Bu qutlug‘ ayyom arafasida soha xodimlarining davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi esa ustozlik kasbiga, inson qadriga bo‘lgan yuksak hurmatning yaqqol namunasidir. Kuni kecha Prezidentimizning tegishli Farmoniga ko‘ra kamtarona mehnatlarim yuksak baholanib, II darajali “Salomatlik” ordeniga munosib ko‘rilganimdan, rosti, boshim osmonga yetdi.

Imkoniyati cheklangan, ammo qalbi dunyodek keng, mehrga va e’tiborga tashna bolajonlar bilan ishlash oddiy kasbiy majburiyat emas, balki yuksak insoniylik, cheksiz sabr va ulkan matonat talab etadigan muqaddas vazifa. Men rahbarlik qilayotgan “Gʻamxo‘rlik” markazi bugungi kunda nafaqat ta’lim va reabilitatsiya maskani, balki shu yerga qadam qo‘ygan har bir bolaning o‘z uyidek qadrli va issiq go‘shasiga aylangan. Murabbiy uchun eng katta baxt — o‘z tarbiyalanuvchisining yuzidagi tabassum, hayotga bo‘lgan qiziqishining ortishi va jamiyatda o‘z o‘rnini topishidir.

Quvonarlisi, so‘nggi yillarda salmoqli ijobiy o‘zgarishlar nafaqat umumiy ta’limda, balki inklyuziv va ixtisoslashtirilgan o‘qitish tizimida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Davlatimiz tomonidan alohida ehtiyojga ega bo‘lgan bolalarning sifatli ta’lim olishi, ularning ijtimoiy moslashuvi uchun yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar, ilg‘or avlod darsliklari va metodikalarining joriy etilishi sohada yangi sahifa ochmoqda. Asosiysi, ular endilikda jamiyatning to‘laqonli va faol a’zosi sifatida kamol topmoqdalar.

Ayni paytdagi hayajonlarimni so‘z bilan to‘la ifodalab berolmayman. Shuni aytishim mumkinki, men va jamoamga bildirilgan ishonch, qo‘llab-quvvatlash biz, soha xodimlarini yangidan-yangi marralar sari undaydi, imkoniyati cheklangan bolajonlarning yashirin iqtidorlarini kashf etishga hamda ularning qalbida Vatanga bo‘lgan muhabbatni kuchaytirishga yanada ruhlantiradi.

Batpa Razova,
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabining biologiya fani o‘qituvchisi, “Do‘stlik” ordeni sohibasi:

-Davlatimiz rahbari Farmoniga ko‘ra «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlanganim nafaqat menga, maktabimiz jamoasiga, viloyatimiz ta’lim fidoyilariga berilgan yuksak e’tirof deb bilaman. Pedagogik faoliyatim, yosh avlodga biologiya fani sirlarini o‘rgatish va ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘lidagi kamtarona mehnatimning bunday e’zozlanishi menga cheksiz faxr va ulkan mas’uliyat bag‘ishlaydi.

Mamlakatimizda ta’lim tizimi zamonaviy standartlar asosida izchil takomillashib borayotgani barchaga yaxshi ma’lum. Ayniqsa, tabiiy fanlarni o‘qitishga bo‘lgan e’tibor, barcha jihozlar bilan ta’minlangan laboratoriyalarning tashkil etilishi biz, biologiya fani o‘qituvchilariga nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish uchun cheksiz imkoniyatlar ochdi.

Biz ta’lim sohasidagi islohotlarning faol ijrochisi sifatida Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lida faollik va namuna ko‘rsatib, davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan ezgu g‘oyalarni hayotga tatbiq qilishga hissa qo‘shamiz. Bor bilim va tajribamizni ishga solib, zamonaviy bilimlarni puxta egallagan, xalqaro talablarga javob beradigan kadrlarni tarbiyalashdek sharafli burchimizni sidqidildan ado etishga harakat qilamiz.

F. IBROHIMOVA.