DUNYO SHAXMATCHILARI – SAMARQANDDA

Qadimiy va navqiron Samarqand shahridagi “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazida rasman start berilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi yana bir bor butun dunyo ahli nigohini yurtimizga qaratdi.

PARIJDAN BOSHLANGAN BAHSLAR

Butunjahon shaxmat olimpiadasi bir asrlik tarixga ega. 1924 yilgi Parij yozgi Olimpiya o‘yinlari shaxmat tarixida burilish nuqtasini yasadi. Tashkilotchilar shaxmatni sport turi sifatida e’tirof etgan bo‘lsa-da, ishtirokchilarning «havaskor» yoki «professional» maqomi bo‘yicha yuzaga kelgan tushunmovchiliklar jiddiy bahslarga sabab bo‘ldi. Biroq aynan ana shu tashkiliy inqiroz global shaxmat hamjamiyatini yagona maqsad atrofida birlashtirdi — musobaqaning so‘nggi kunida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) tashkil topdi. Shu tariqa, Parijdagi bahsli musobaqa jahon shaxmat diplomatiyasi va yagona qoidalar tizimiga poydevor qo‘ydi.

1927 yilda Londonda o‘tkazilgan ilk rasmiy olimpiada shaxmatni global sport maqomiga ko‘tardi. 1950 yildan e’tiboran musobaqa har ikki yilda muntazam o‘tkaziladigan an’anaviy turnirga aylandi. Gender tengligi va intellektual integratsiya yo‘lidagi muhim qadam sifatida 1957 yili Niderlandiyada ayollar o‘rtasidagi ilk olimpiada tashkil etildi, 1976 yilga kelib esa ayollar va ochiq turnirlar yagona maydonda birlashtirildi. Musobaqa g‘oliblariga topshiriladigan erkaklar o‘rtasidagi tarixiy Gamilton-Rassell kubogi hamda ayollar jamoalari uchun Vera Menchik kubogi shunchaki mukofot emas, balki bir asrlik intellektual zafarlar va shaxmat madaniyatining ramzi hisoblanadi.

MARKAZIY OSIYODAGI ILK DEBYUT

Shaxmat o‘yinining eng qadimgi ildizlari aynan Samarqand zamini (Afrosiyobdan topilgan VII asrga oid shaxmat donalari buning dalili) bilan bog‘lanishi hech kimga sir emas. Bugun ushbu qadimiy kentning global shaxmat markaziga aylanishi madaniy va tarixiy adolatning qaror topishidir.

Butunjahon shaxmat olimpiadasi — intellektual sport olamidagi eng nufuzli va yirik musobaqa. Ushbu qadimiy turnir tarixida Markaziy Osiyo mintaqasi ilk bor ulkan jamoaviy bahslarga mezbonlik qilmoqda. Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi turnirlar yonma-yon o‘tkazilib, yuzlab federatsiyalarni 11 turdan iborat murosasiz bahslarda birlashtiradi. Dunyo tan olgan jahon chempionlari va yangi porlab chiqayotgan yoshlarning bir maydonda uchrashuvi turnirning shiddatini yanada oshirishi shubhasiz.

Bu bellashuv, albatta, tasodif emas. Asrlar davomida Sharq va Gʻarbni bog‘lagan, madaniyatlar va ilm-fan chorrahasi bo‘lgan qadimiy Samarqand bugun aql sohiblarining global poytaxtiga aylanmoqda. So‘nggi yillarda o‘zbek shaxmat maktabining jahon arenasida ko‘rsatayotgan fenomenal natijalari, xususan, 2022 yilgi Chennay olimpiadasidagi tarixiy g‘alabamiz va yosh grossmeysterlarimizning ketma-ket zafarlari O‘zbekistonning haqiqiy shaxmat mamlakatiga aylanganini xalqaro hamjamiyatga isbotladi. Endilikda yurtimiz nafaqat kuchli shaxmatchilari, balki jahon darajasidagi turnirlarni yuqori saviyada tashkil eta oladigan markaz sifatida e’tirof etilmoqda.

SAMARQANDDA 200 DAN ZIYOD MAMLAKATDAN JAMOALAR

Har qanday yirik xalqaro sport anjumanining nufuzi, avvalo, uning qamrovi va tashkiliy miqyosi bilan o‘lchanadi. Xuddi shunday, Samarqanddagi tarixiy musobaqada dunyoning 200 dan ziyod mamlakatidan grossmeysterlar, murabbiylar va shaxmat ixlosmandlari ishtirok etmoqda. Bunday ulkan qamrov musobaqaning Budapesht-2024 rekordini ham ortda qoldirdi.

Xalqaro reglamentga muvofiq, mezbon davlat sifatida O‘zbekistonga musobaqaning har ikki yo‘nalishida 3 tadan, jami 6 ta terma jamoa bilan ishtirok etish huquqi berildi. Tahliliy yondashadigan bo‘lsak, bu faqatgina mezbonga berilgan tashkiliy imtiyoz emas, balki o‘zbek shaxmat maktabining zaxirasini toblash uchun yaratilgan beqiyos tramplindir. Asosiy jamoamiz oltin medallar uchun mardonavor kurash olib borsa, ikkinchi va uchinchi tarkibdagi yosh vunderkindlarimiz jahonning eng kuchli grossmeysterlariga qarshi o‘ynab, ertangi chempionlar avlodini shakllantirishdek muhim strategik vazifani o‘taydi.

Aytganday, bunday miqyosdagi turnirni qabul qilish faqatgina mehmondo‘stlikni emas, balki ulkan iqtisodiy resurslar va siyosiy irodani ham talab etadi.

AFSONALAR VA AVLODLAR TO‘QNASHUVI

Samarqanddagi olimpiada shunchaki turli davlatlarning emas, balki turli davrlarning, aniqrog‘i, boy tajriba va shiddatli yoshlikning o‘ziga xos to‘qnashuvi maydoniga aylanishi kutilayotir. Zotan, bugungi globallashuv va kompyuter texnologiyalari asrida shaxmat keskin «yosharib» boryapti, biroq tajriba o‘z so‘zini aytishdan to‘xtagani yo‘q. Turnir ishtirokchilari ro‘yxatiga ko‘z yugurtirsangiz, go‘yoki vaqt mashinasida sayohat qilayotgandek bo‘lasiz.

Bir tomonda jahonni hayratga solayotgan yosh vunderkindlar.

Ikkinchi tomonda esa klassik shaxmat maktabining tirik afsonalari o‘zlarining mustahkam pozisiyalarini himoya qiladi.

Bu borada asosiy diqqat markazida amaldagi chempion – Hindiston va 2022 yilgi olimpiada g‘olibi – mezbon O‘zbekiston terma jamoalari turibdi.

O‘zbekiston terma jamoasi Javohir Sindorov va Nodirbek Abdusattorov yetakchiligida ushbu turnirga o‘zgacha motivatsiya bilan tayyorgarlik ko‘rgan. Mezbonlik maqomi jamoamizga nafaqat qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi, balki o‘z muxlislarimiz qarshisida qudratli ruhiy ustunlik ham beradi. AQSHning tajribasi, Hindistonning taktikasi va O‘zbekistonning o‘z uyidagi shiddati — oltin medallar taqdirini aynan mana shu uchlik hal qilishini ekspertlar alohida ta’kidlamoqdalar.

MATBUOT ANJUMANI

Olimpiada doirasida Samarqanddagi «EXPO» markazida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Sharliz van Zil moderatorligida o‘tgan tadbirda Vishvanatan Anand bilan bir qatorda terma jamoamiz yetakchilari — Nodirbek Abdusattorov va Gulruhbegim Tohirjonova ishtirok etdi. Tadbir doirasida O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev Yangi O‘zbekistonning shaxmat olamidagi bugungi maqomi va davlat darajasidagi e’tibor haqida so‘z yuritdi.

— Birinchidan, olimpiada mezbonligini qo‘lga kiritganimiz va 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining Samarqandda o‘tkazilishi — davlatimiz rahbarining shaxmatga qaratayotgan e’tibori hamda mamlakatimizdagi ushbu sport turiga bo‘lgan ulkan qiziqish samarasidir, – dedi A. Sa’dullayev. – Ikkinchidan, olimpiada bilan bir vaqtda FIDE kongressi va saylovlarining o‘tkazilishi zimmamizga qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi. Hukumatimiz tomonidan ushbu nufuzli tadbirlarni o‘z bo‘ynimizga olib, yuqori saviyada o‘tkazishimiz — O‘zbekistonning shaxmat olamidagi o‘rni, nufuzi va o‘z so‘ziga egaligining amaldagi isbotidir.

E’tiborli jihati, olimpiada boshlanishidan oldin ko‘pchilik bizga «O‘zbekistondan tashqari yana kimlarni favorit sifatida ko‘ryapsiz?» degan savol bilan yuzlanmoqda. Bu — butun dunyo O‘zbekistonning mutlaq favorit ekanini allaqachon tan olib bo‘lganini anglatadi. Albatta, barchamiz g‘alaba kutyapmiz va bizga faqat birinchi o‘rin yarashadi. Bunday yirik tadbirlarning mamlakatimizda o‘tkazilayotgani bejiz emas. Uning zamirida haqiqatan ham shaxmatga qaratilayotgan yuksak e’tibor va taraqqiyot yotibdi.

Samarqanddagi intellektual festival faqatgina chempionlarni aniqlash bilan cheklanmaydi. Musobaqaning eng insonparvar jihatlaridan biri — u bilan parallel ravishda nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasidagi 3-Butunjahon shaxmat olimpiadasining o‘tkazilayotganidir. Bu loyiha aql-zakovat sportida jismoniy cheklovlar ahamiyatsiz ekanini, mantiq va tafakkur maydonida barcha insonlar teng va cheksiz imkoniyatlarga egaligini butun dunyoga namoyish etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi qatnashchilariga yo‘llagan
tabrigidagi “Ishonchim komil, mazkur yirik sport anjumanlari dunyo xalqlari o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Ular O‘zbekistonda shaxmatni yanada ommalashtirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish va mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shishi bilan ham ahamiyatlidir”, degan so‘zlar har birimizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Ha, oldinda bizni ikki haftalik hayajonli va murosasiz o‘yinlar, “aql bahslari» kutib turibdi…

Azim AXTAMOV,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

ONA VATANGA QAYTISH – HAYOTIMDAGI ENG TO‘GʻRI QARORIM BO‘LGAN

Dunyoni endigina anglayotgan mitti go‘dakning sog‘lig‘i, uning tomirlarida gupirib turgan qon va beg‘ubor tabassumidan ko‘ra qimmatliroq bebaho ne’mat hech qayerda yo‘q.

Bolalar kardiojarrohi… Kasbim minglab oilalarga umid bag‘ishlaydigan, hayot va mamotning nozik chegarasida butun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni talab qiladigan g‘oyat murakkab, ammo sharafli soha. 2018–2019 yillarda Buyuk Britaniyaning nufuzli London universitet kollejida (UCL) magistratura bosqichida tahsil olib qaytganimdan so‘ng, ilk faoliyatimni Toshkent davlat tibbiyot universitetining Bolalar ko‘p tarmoqli klinikasida boshladim. Aslida, o‘sha paytlarda jahonning eng yetakchi klinikalarida qolish, yuqori maoshli shartnomalar asosida xorijda faoliyat yuritish imkoniyatim ham bor edi. Ammo diplomni qo‘lga olgach, hayotimdagi eng to‘g‘ri va mas’uliyatli qarorni qabul qildim — jonajon O‘zbekistonga qaytdim.

Sababi, keyingi yillarda mamlakatimizda tibbiyotga, ayniqsa, yuqori texnologik bolalar kardiojarrohligiga qaratilayotgan davlat siyosati va e’tibori tubdan o‘zgardi. Ilgari biz faqat orzu qilgan, chet ellardagina ko‘rish mumkin bo‘lgan eng zamonaviy angiograflar, sun’iy qon aylanish apparatlari va murakkab gibrid operatsiyaxonalar bugun o‘zimizning klinikalarga ham olib kelindi. Sir emas, shifokorda bilim va yuksak salohiyat bo‘lsa-yu, lekin zamonaviy sharoit yaratilmasa, jarrohning qo‘li bog‘liq qolaveradi. Bugun esa O‘zbekistonda xorijning eng ilg‘or markazlaridagi kabi murakkab amaliyotlarni o‘tkazish uchun hamma imkoniyat va moddiy-texnik baza yaratilgan.

Davlatimiz ko‘magida Germaniya, Avstraliya, Yaponiya, Xitoy, AQSH va Buyuk Britaniya kabi tibbiyoti eng rivojlangan davlatlarda malaka oshirishga muvaffaq bo‘ldim. Bugun ortga boqib, qalbimda cheksiz g‘urur va iftixor bilan ayta olamanki, xorijda orttirilgan tajriba hamda yurtimizda yaratilgan zamonaviy sharoitlar tufayli shu kungacha jamoamiz bilan 1200 dan ortiq murakkab yurak jarrohligi amaliyotlarini o‘tkazdik. Eng muhimi, murakkab septal nuqsonlarni davolash, yurak bo‘lmachasi quloqchasidan klapan yasash innovasion texnologiyasi, Ebshteyn anomaliyasi korreksiyasi hamda dunyo tibbiyotidagi «Senning» (Senning) operatsiyasi kabi noyob amaliyotlarni O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib yo‘lga qo‘yish aynan bizga nasib etdi.

Ochig‘ini aytish kerak, ilgari tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgan go‘daklar taqdiri oilalar uchun og‘ir fojia, yechimi yo‘q darddek qabul qilinardi. Murakkab ochiq yurak amaliyotlari yurtimizda juda cheklangan miqdorda o‘tkazilar, minglab oilalar jigarbandini qutqarib qolish ilinjida katta mablag‘ izlab xorijga borishga majbur bo‘lardi. Uy-joyini, borbudini sotib, qarzga botib chet elda sarsonsargardon bo‘lgan yurtdoshlarimizni ko‘rish har bir shifokorning qalbini og‘ritardi.

Bugun-chi? Bugun tizimda tamomila yangicha yondashuv — sog‘lom raqobat va beg‘araz ijtimoiy himoyaning mustahkam mexanizmi yaratildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan ajratilayotgan davlat subsidiyalari va maxsus jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan ehtiyojmand oilalarning minglab farzandlarida tug‘ma yurak nuqsoni amaliyotlari to‘liq bepul amalga oshirilmoqda. Oilalar gardanidagi moliyaviy yuk davlat tomonidan ko‘tarilmoqda. Endilikda murakkab operatsiyalar faqat poytaxt Toshkentda emas, balki chekka hududiy kardiojarrohlik markazlarida ham muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Bu esa minglab chaqaloqlarning hayotini ilk kunlardanoq, vaqtni boy bermasdan saqlab qolish imkonini bermoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan va bugun umummilliy harakatga aylangan Uchinchi Renessans g‘oyasi haqida gapirganda, shu haqiqatni teran anglashimiz kerak: har qanday buyuk kelajak, iqtisodiy va ma’naviy yuksalish, eng avvalo, SOGʻLOM AVLOD evaziga quriladi.

Jarrohlik stolida kichkina, urishdan to‘xtab qolgan yurakni qayta jonlantirib, chaqaloqni sog‘-salomat onasining bag‘riga topshirgan lahzamda his qiladigan tuyg‘ularimni so‘z bilan ta’riflash juda qiyin. Mana shu qo‘llarimizda qayta urgan moʻjaz yurak — ertaga yurtimiz bayrog‘ini dunyoda hal qiluvchi sohalarda baland ko‘taradigan bo‘lajak olim, bunyodkor muhandis yoki yetuk shifokorning yuragidir.

Davlatimiz tomonidan shifokorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning malakasini jahon standartlariga moslashtirish maqsadida ulkan moliyaviy resurslar yo‘naltirilmoqda. Birgina Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida shifokorlarning nufuzli xorijiy tashkilotlarda tahsil olishi va malaka oshirishi uchun har yili 50 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilmoqda. Joriy yilda men ham aynan mana shu keng imkoniyatdan foydalanib, AQSHning dunyoga mashhur Garvard universitetiga qarashli «Boston Children’s Hospital» klinikasida bir oylik intensiv malaka oshirish kursini o‘tab qaytdim. Ayni paytda men bilan birga yelkama-yelka ishlayotgan hamkasblarimdan biri Avstraliyada, yana biri esa Turkiyada o‘z ustida ishlab, tajriba orttirmoqda. Xo‘sh, bu nimadan dalolat beradi? Bu — davlatning o‘z fuqarosi, millat genofondi va kelajagi uchun tikayotgan eng to‘g‘ri, eng oqilona va beg‘araz sarmoyasidir!

Tibbiyotimizdagi, xususan, bolalar kardiojarrohligidagi bunday keskin ijobiy burilishlar xalqaro maydonda ham o‘z natijasini ko‘rsatmasdan qolmayapti. Yaqin-yaqingacha yurtdoshlarimiz orasida murakkab yurak nuqsonlari bilan tug‘ilgan bolalarni katta mablag‘lar evaziga Hindistonga olib borib operatsiya qildirish odatiy holga aylangan edi. Hozir esa bu oqim keskin kamaydi.

O‘tgan yili Indoneziyada bo‘lib o‘tgan nufuzli xalqaro kardiojarrohlar konferensiyasida ma’ruza bilan chiqish qildim. Ma’ruzam yakunlangach, Hindistonning ko‘zga ko‘ringan, dunyoga tanilgan katta professorlaridan biri oldimga kelib, qo‘limni mahkam siqdi va shunday dedi:

«Oxirgi paytlarda O‘zbekistondan bizga keladigan bemorlar oqimi juda kamayib ketgandi. Buning sababi nima ekan, deb o‘zimcha ko‘p o‘ylardim. Bugun ma’ruzangizni eshitib, hammasini tushundim: aslida hozir eng murakkab operatsiyalarni o‘zingizda, o‘z shifokorlaringiz muvaffaqiyatli qilayotgan ekan-da! Sizlarni va butun jamoangizni bu katta yutuq bilan chin dildan tabriklayman!»

2025 yilda «Shuhrat» medali bilan taqdirlandim. Shuningdek, «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ta’sis etilgan «Inson faxri — Yil shifokori» kabi nufuzli mukofotlarni qo‘lga kiritish menga ulkan mas’uliyat va g‘urur bag‘ishladi.

Bugungi kunda yurtimizda shifokorlarning jamiyatdagi o‘rni, ularning moddiy va ma’naviy manfaatdorligi tobora oshmoqda. Oddiygina o‘zimning misolimda aytsam, xorijiy magistratura diplomim uchun davlatimiz tomonidan qo‘shiladigan maxsus ustamalar hisobiga maoshim 1000 AQSH dollari ekvivalentidan oshadi. Tibbiyot markazlarimizda esa qilinayotgan murakkab amaliyotlarning turi va ish hajmiga qarab oyiga 20–30 million so‘mlab maosh olayotgan tajribali, fidoyi mutaxassislarimiz juda ko‘p. Tabiiyki, bu raqamlar osmondan tushgani yo‘q, bu — shifokorlarning zahmatli mehnatiga munosib baho va davlatning tibbiyot xodimlariga bo‘lgan yuksak ehtiromining yorqin natijasidir.

Bugun baland ovozda, qat’iy ishonch bilan ayta olamanki: faqatgina sog‘lom va kuchli avlodgina Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini yarata oladi. Biz, shifokorlar esa har bir mitti yurakning sog‘lom urishi, har bir go‘dakning barkamol bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida o‘zimizning bor bilim va mahoratimizni safarbar etishdan aslo charchamaymiz.

Bobur TO‘RAYEV,
Bolalar kardiojarrohi, London universitet kolleji (UCL) bitiruvchisi.

SUV TA’MINOTI – FAQAT QAMROV BILAN O‘LCHANMAYDI

Inson uchun toza suv hayot-mamot ahamiyatiga ega masaladir.

Bejizga suvni hayot manbai deyishmaydi. Kundalik turmush tarzimizga nazar tashlasak, suvning qanchalik muhim ekanini ko‘ramiz. U osh-ovqatimizdan tortib, uy-joyimizni obod qilish, kiyim-kechaklarimizni yuvishdan tortib, bog‘-tomorqalarimiz va ekinlarimizni parvarishlashgacha bo‘lgan barcha yumushlarimizda kerak.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Jizzax viloyat kengashi tashabbusi bilan xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashidagi partiya deputatlik guruhi bilan hamkorlikda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, markazlashtirilgan ichimlik va oqova suv xizmatlarini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvida bu haqida alohida ta’kidlandi.

Eshituvda qayd etilganidek, 2026 yil 1 yanvar holatida Jizzax viloyatida 1,5 million nafar aholining 76,3 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Viloyatda 660 ta ichimlik suvi inshooti va 4 ming kilometrga yaqin ichimlik suvi tarmog‘i mavjud bo‘lib, 69 ta inshoot hamda 1,1 ming kilometr tarmog‘i ta’mirtalab holatda. Oqova suv xizmatlari bilan qamrov esa 26,2 foizni tashkil etib, mavjud 460 kilometrdan ortiq oqova suv tarmog‘ining deyarli 100 kilometri ta’mirga muhtoj.

Nuriddin XOLMATOV,
O‘zXDP Jizzax viloyat kengashi raisi:

– Toza suv shunchaki qulaylik emas, avvalo, sog‘lom hayotning zarur shartlaridan biridir. Chunki aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash inson salomatligi, oila farovonligi va jamiyat kelajagini kafolatlaydi.

Shu nuqtai nazardan, eshituvda aholini sifatli va xavfsiz ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratdik.

To‘g‘ri, mamlakatimizda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, mavjud suv ta’minoti tizimlarini yaxshilash va suv sifatini nazorat qilish ishlarida yaxshi o‘zgarishlar bor. Ammo bu borada qilinishi kerak bo‘lgan masalalar ham yetarlicha topiladi.

Masalan, aholini suv bilan ta’minlash darajasini faqat qamrov foizi orqali baholash yetarli emas. Aholi uchun suvning o‘z vaqtida, yetarli hajmda va sifatli yetkazib berilishi, mavjud tarmoqlarning ishonchli ishlashi ham asosiy mezon bo‘lishi lozim.

O‘rganishlar jarayonida bu holatni tasdiqlovchi qator murojaatlar aniqlandi. Xususan, Zarbdor tumanida markaziy ichimlik suv tarmog‘i yoz oylarida aholiga yetarli suv yetkazib bera olmasligi, yangi qurilgan suv minoralarining to‘liq ishlamayotgani bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan.

Baxmal tumani Novqa qishlog‘ida 3 kilometr yangi suv tarmog‘i tortilganiga qaramasdan, aholiga suv uch kunda bir marta berilayotgani aniqlandi. O‘rganish davomida bu holat markaziy tarmoqdan foydalanuvchi xonadonlar soni ko‘pligi bilan izohlangan. Biroq partiya deputatlari nuqtai nazaricha, bunday holatni faqat mavjud grafik bilan izohlashning o‘zi yetarli emas. Aholi soni va ehtiyoj ortib borayotgan sharoitda infratuzilmaning quvvati ham shunga mos ravishda kuchaytirilishi zarur.

Paxtakor tumanida esa partiyaning sayyor qabullari davomida 57 ta murojaat ko‘rib chiqilib, 6 ta sayyor qabul o‘tkazilgan, 8,8 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortilgan va 329 ta suv hisoblagichi o‘rnatilgan. Bu kabi amaliy ishlar aholining mavjud muammolarini hal etishda deputatlik nazorati muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatmoqda.

Ayniqsa, ichimlik suvi masalasida har bir kilometr tarmoq ortida qancha xonadon, qancha oila borligini o‘ylasak, bu ishlarning ahamiyati yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.

Jamoatchilik eshituvida sohani moliyalashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. 2026 yilda Jizzax viloyatida ichimlik va oqova suv ta’minotini yaxshilash uchun 316,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan bo‘lib, uning asosiy qismi respublika byudjeti va xalqaro mablag‘lar hisobiga to‘g‘ri keladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan ichimlik va oqova suv tarmoqlari hamda tegishli inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Joriy yil sentyabr holatiga ko‘ra, yillik rejaning 65 foizi bajarilgan.

O‘ral O‘RAZBAYEV,
xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zXDP guruhi rahbari:

– Amaldagi rejalarga ko‘ra, 2026 yil yakuniga qadar 60,5 ming nafar aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, markazlashgan qamrov darajasini 76,3 foizdan 80,2 foizga oshirish, shuningdek, 111,4 ming nafar aholiga ilk bor kanalizatsiya xizmati ko‘rsatish va oqova suv qamrovini 26,2 foizdan 34,1 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

60 ming nafardan ortiq aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanishi — bu minglab xonadonlarga toza suv kirib borishi, oilalarning suv tashish bilan bog‘liq tashvishlari kamayishi, farzandlar uchun yanada qulay va sog‘lom sharoit yaratilishi demakdir.

Kanalizatsiya xizmatlarining kengayishi ham aholi uchun qulaylikdan ko‘ra kengroq ma’noga ega. Bu, avvalo, tozalik, sanitariya, atrofmuhit muhofazasi va inson salomatligi bilan bog‘liq.

Eng muhimi, bu rejalar qog‘ozdagi raqam bo‘lib qolmasligi, har bir kilometr tarmoq, har bir yangi xonadon va har bir xizmat ortida insonlar hayotida o‘zgarish bo‘lishi kerak.

Jamoatchilik eshituvida qayd etilganidek, O‘zbekiston XDP aholini toza va sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, suv ta’minoti hamda kanalizatsiya xizmatlarini yanada yaxshilashga qaratilgan ushbu maqsad va tashabbuslarnit to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Chunki partiyaning Saylovoldi dasturida aholini sifatli kommunal xizmatlar bilan ta’minlash alohida ustuvor vazifa etib belgilangan. Partiya kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning aholi oldidagi hisobdorligini oshirish, resurslar yo‘qotilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda xizmatlar sifatini yaxshilash tarafdori.

Jamoatchilik eshituvi yakunida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston XDP Jizzax viloyati kengashi bu masalani deputatlik va jamoatchilik nazorati doirasida izchil davom ettirish, belgilangan vazifalarning ijrosini kuzatib borish va aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan muammolarni mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda hal etishga erishishini ma’lum qildi.

Laziza SHEROVA,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

O‘ZGARISHLAR – JADAL SUR’ATDA

Bosh kentimiz – Toshkent mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining eng yirik markazi, investisiyalar uchun muhim maydon, yangi ish o‘rinlari va zamonaviy kasblar shakllanadigan, ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar jamlanadigan ulkan makon. Bu yerda ro‘yobga chiqarilayotgan har bir o‘zgarish, yangilanish, qiyosan aytganda, yurtimiz bo‘ylab aks-sado beradi.

Prezident raisligida Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investisiya va bandlikni oshirish, mahallalarda zamonaviy infratuzilma yaratish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida poytaxtning ana shu strategik ahamiyatidan kelib chiqib, aniq va keng qamrovli vazifalar belgilab berildi.

Yig‘ilishda har bir tuman va mahallaning mavjud imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, qo‘shimcha qiymat yaratish, investisiyalarni ko‘paytirish va yuqori daromadli ish o‘rinlarini tashkil etishga yangicha yondashish zarurligi ta’kidlandi. Poytaxt tumanlarining iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, ixtisoslashtirish vazifasi qo‘yildi. Jumladan, Sergeli, Yangihayot va Bektemir tumanlarida yirik logistika majmualarini tashkil etish, markaziy tumanlarda zamonaviy biznes va moliyaviy markazlarni ko‘paytirish, Olmazor, Chilonzor va Uchtepada esa ta’lim, tibbiyot, savdo va servis sohalariga investisiyalarni faol jalb qilish uchun mavjud imkoniyatlardan munosib foydalanishga urg‘u berildi.

Bu vazifalarning o‘ziyoq poytaxt iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha puxta yondashuv shakllanayotganiga ishora qiladi. Har bir tuman o‘zining iqtisodiy drayveriga ega bo‘lishi, mavjud yer, infratuzilma, mehnat resurslari va iste’mol bozoridan kelib chiqib, aniq yo‘nalishda rivojlanishi kerak.

Toshkentning 12 ta tumani bo‘yicha joriy yilda 9 milliard dollar investisiya jalb qilish rejalashtirilgan. Yig‘ilishda ayrim hududlarda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish uchun ishlarni jadallashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Kelgusi yilda esa poytaxtga 10 milliard dollar investisiya jalb qilish hamda 150–200 mingta yuqori daromadli doimiy ish o‘rni yaratish bo‘yicha tugal reja ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bu esa Toshkent iqtisodiyotining sifat jihatidan yangi bosqichga chiqishidan dalolat beradi.

Shu maqsadda investorlar bilan ishlash tizimi ham o‘zgarmoqda. Investorlarni idorama-idora sarson qilmasdan, ularning masalalarini bevosita joyida hal etishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Respublika va shahar darajasidagi mas’ullar har hafta tumanlarga chiqib, tadbirkor va investorlar bilan uchrashadi. Yuqori darajada yechim talab qiladigan masalalar bo‘yicha esa shu kunning o‘zida asoslangan takliflar Prezident Administratsiyasiga kiritiladi.

Bu vazifa, mohiyatan, investisiya muhitida eng muhim masalalardan biri — tezkorlikni ta’minlashga qaratilgan. Investor uchun vaqt ham kapital. Shu bois uning yer, infratuzilma, elektr energiyasi, ruxsatnoma yoki boshqa masalalarini tez hal qilish yangi loyihalarni ishga tushirish sur’atiga bevosita ta’sir qiladi.

Yig‘ilishda mahallalarni kompleks rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada Olmazor tumanidagi tajriba namuna sifatida ko‘rsatildi. Yil boshidan tumandagi 9 ta ko‘cha biznes, aholi va sayyohlar uchun jozibador hududga aylantirildi. Ayniqsa, “Qichqiriq” mahallasida amalga oshirilgan ishlar e’tiborga loyiq. Ilgari infratuzilmasi yetarli bo‘lmagan hududda 450 o‘rinli bog‘cha, sport maydonchalari, sayilgoh, amfiteatr, piyodalar yo‘lagi va favvoralar barpo etildi. Natijada 5,5 ming nafar aholi uchun zamonaviy va qulay muhit yaratildi.

Mana shu “Qichqiriq” tajribasi endilikda Olmazorning yana 8 ta ko‘chasi va poytaxtning boshqa tumanlariga ham joriy etilishi kutilmoqda. Toshkent shahridagi 100 ta ko‘chani kompleks yangilash uchun 1 trillion so‘m ajratilib, 400 ta mahallani “Qichqiriq” namunasi asosida obod qilish bo‘yicha 4 yilga mo‘ljallangan 10 trillion so‘mlik dastur ishlab chiqiladi.

Bu raqamlar poytaxtni rivojlantirishda mahalla darajasigacha tushib borilayotgan yangi yondashuvni ko‘rsatadi. Ya’ni shahar taraqqiyoti endi faqat markaziy ko‘chalar, yirik binolar va magistral yo‘llar bilan emas, har bir mahalladagi hayot sifati bilan baholanadi.

Toshkentning tarixiy qiyofasini saqlash va uni zamonaviy imkoniyatlar bilan uyg‘unlashtirish ham ustuvor vazifalardan biri. Poytaxtning tarixiy qismi — “Eski shahar” hududini kompleks rivojlantirish uchun xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan holda 1 noyabrga qadar yagona konsepsiya va aniq loyihalar portfelini ishlash ko‘zda tutilayotgani shu jihatdan hayotiy zaruratdir. Bu esa Toshkentning tarixiy merosi va zamonaviy iqtisodiy salohiyatini bir nuqtada birlashtirish imkonini beradi.

Shahar iqtisodiyotida hali to‘liq ishga solinmagan zaxiralardan biri davlat idoralariga tegishli binolar ekani ham qayd etildi. Bugun Toshkentda umumiy maydoni 765 ming kvadrat metr bo‘lgan 497 ta ma’muriy bino mavjud. Yig‘ilishda bo‘sh va samarasiz foydalanilayotgan maydonlarda savdo, servis, xususiy tibbiyot va ta’lim xizmatlarini yo‘lga qo‘yish uchun tadbirkorlarga sharoit yaratish vazifasi belgilandi.

Davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarini yangi biznes loyihalari bilan bog‘lash zarurligi ta’kidlandi. Birgina Olmazor tumanida qiymati 100 milliard so‘m bo‘lgan 52 ta davlat ob’yekti savdoga chiqarilmoqda. Agar bu ob’yektlar yangi ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va ish o‘rinlariga aylansa, xususiylashtirish jarayoni iqtisodiy o‘sishning qo‘shimcha manbasiga aylanadi.

Poytaxtda inson uchun qulay shahar muhitini shakllantirish vazifasi aniq loyihalar bilan bog‘landi.

Toshkent shahrida kuniga 1,5 millionta transport vositasi harakatlanayotgani hisobga olinib, tirbandlikni faqat yo‘llarni kengaytirish hisobiga emas, intellektual transport tizimlarini joriy etish orqali hal qilish juda muhim. Bu yo‘nalishda amaliy ishlarni yil yakuniga qadar boshlash mo‘ljallanmoqda.

Bandlik masalasiga doir yangi vazifalar ham diqqatga molik. Inchunun, Toshkent shahrida biznes boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun garovsiz kredit limiti 100 million so‘mdan 200 million so‘mga oshiriladi. Olmazorda yil yakuniga qadar 300 nafar yangi tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash va 1 mingta ish o‘rni yaratish, poytaxt bo‘yicha esa 10 ming nafar aholini daromadli ish bilan ta’minlash tashabbuslari ilgari surildi. Bu choralar mahallalarda kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga yanada turtki berib, yirik sanoat korxonalari qatorida mahalliy xizmatlar, oilaviy tadbirkorlik va kichik biznes ham shahar iqtisodiyotining muhim tayanchiga aylanishiga olib keladi.

“Miskin” va Ibrohim ota mahallalaridagi 305 gektar sanoat zonasi esa Toshkentning sanoat va eksport salohiyatini oshirish uchun katta zaxiradir. Yig‘ilishda bu yerda ish o‘rinlarini hozirgi 35 mingtadan 100 mingtaga, eksport hajmini 600 million dollarga yetkazish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi. Tadbirkorlarga sanoat ipotekasi, kredit va lizing kabi moliyaviy vositalar taklif etiladi.

Shu bilan birga, mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash masalasi tilga olindi. Olmazordagi ish beruvchilarga 5 mingga yaqin turli malakadagi xodimlar kerak. Demak, ish o‘rinlari bor, ammo ularga mos kadr tayyorlash tizimini tezlashtirish zarur. Shu maqsadda Olmazor kasbiy ko‘nikmalar markazida axborot texnologiyalari va ilg‘or innovatsiyalar yo‘nalishida 400 o‘rinli texnikum tashkil etiladi, mavjud binolarda zamonaviy kasb-hunar markazlari yo‘lga qo‘yiladi. Germaniya bilan 500 kishiga mo‘ljallangan til kurslari, Chexiya va Slovakiya uchun tibbiyot xodimlarini maqsadli tayyorlash loyihalari amalga oshiriladi. Rivojlangan davlatlardan 20 ta yirik rekruting kompaniyasini jalb qilish belgilandi.

“Yoshlar shaharcha”sidagi 42 gektar maydonda IT-park, yuqori texnologiyali sanoat va ta’lim ob’yektlaridan iborat innovasion klaster tashkil etish ishlari ham boshlanadi. Bu tashabbus Toshkentni zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar markaziga aylantirish maqsadining muhim qismi bo‘ladi.

Poytaxtning ta’lim salohiyatini hisobga olganda, bu yo‘nalishning ahamiyati yanada ortadi. Olmazorda bir vaqtning o‘zida 75 ming nafar talaba tahsil olmoqda. 7 ta oliygohga qarashli 41 ta talabalar yotoqxonasida qariyb 18 ming nafar yosh istiqomat qiladi.

Yig‘ilishda ularning o‘qishi, yashashi, bandligi, ijtimoiy ta’minoti, madaniy hayoti va xavfsizligini qamrab oladigan yaxlit boshqaruv tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun alohida Direksiya tashkil qilinadi. “Talabalar shaharcha”sidagi Vaziyatlar markazi orqali oliygoh va yotoqxonalarga kirib-chiqish hamda davomatni onlayn nazorat qilish tizimi yil yakunigacha poytaxtning boshqa tumanlarida, kelgusi yilda esa mamlakatdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida joriy etiladi.

Yig‘ilishda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha Olmazor tajribasi tahlil qilindi. Gap shundaki, ushbu tumandagi 64 ta mahallaning 13 tasida jinoyat sodir etilmagan, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar qolmagan, ayollar ishtirokidagi jinoyatlar sezilarli kamaygan. Endi yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni keskin kamaytirish bo‘yicha Olmazor tajribasini shakllantirish ayni muddaodir.

Shak-shubhasiz, zamonaviy shahar taraqqiyotini iqtisodiy o‘sishdan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yangi ish o‘rinlari bilan xavfsizlik, ta’lim bilan bandlik, infratuzilma bilan aholi farovonligi o‘zaro bog‘liq. Shu ma’noda videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalarning barchasi yagona maqsadga — Toshkentni inson uchun qulay, tadbirkor va investor uchun jozibador, yoshlar uchun imkoniyatlari keng shaharga aylantirishga qaratilganki, ularning amaliy tasdig‘ini topishi poytaxtning rivojlanish sur’atiga yanada hayotiylik va jadallik baxsh etadi.

F.IBROHIMOVA.

DAVLAT BYUDJETINING IJROSI KO‘RIB CHIQILDI

Kecha bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida deputatlar “2026 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosi to‘g‘risida”gi hukumat hisobotini ko‘rib chiqishdi.

Hukumat hisoboti avval siyosiy partiyalar fraksiyalari, xususan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ham atroflicha muhokama etildi. Deputatlar tomonidan berilgan savollarga vazirliklar vakillarining javoblari eshitildi. Fraksiya a’zolari ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan mablag‘larning qanchalik samarali sarflanganiga alohida e’tibor qaratishdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari partiya Saylovoldi dasturi va siyosiy g‘oyalari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ushbu sohalarda amalga oshirilgan ishlar natijadorligiga jiddiy e’tibor qaratib, Hukumat vakillariga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

Jumladan, deputat Sh. Ahmedov maktabgacha va maktab ta’limi tizimi mutasaddilaridan maktablarda darsliklarni yangilash hamda yangi o‘quv yilida o‘quvchilarning darslik bilan ta’minlanish holati qandayligi haqida atroflicha ma’lumot berishini so‘radi.

Fraksiya a’zosi Q. Qosimova sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq masalaga ahamiyat qaratdi. Jumladan, onkologiya, kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish, onalar va bolalar, reproduktiv yoshdagi ayollar salomatligini ta’minlash hamda yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolash sifatini oshirish kabi tibbiyotning eng jiddiy yo‘nalishlariga ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirish darajasi past ekanligining sabablari bilan qiziqdi.

Deputatlarning har bir savoliga Hukumat vakillarining javoblari tinglangach, Davlat byudjeti va Davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2026 yil I yarim yillikdagi ijrosiga oid Hukumat hisobotidagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etish va ajratilgan mablag‘larni sohalarga tizimli yo‘naltirish zarurligi ta’kidlandi.

Yalpi majlisda hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J. Qo‘chqorov taqdim etdi.

Ta’kidlanganidek, jahon iqtisodiyotida noaniqliklar va xavf-xatarlar saqlanib qolayotgan murakkab sharoitda mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan islohotlar makroiqtisodiy barqarorlik va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash imkonini berdi.

2026 yilning birinchi yarim yilligida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 8,5 foizga o‘sib, bunday o‘sish sur’atlari bozor xizmatlarida 16,9, sanoat ishlab chiqarishida 8,0, qurilish ishlarida 13,8 va qishloq xo‘jaligida 4,7 foizni tashkil etgan. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida yil boshiga nisbatan inflyasiya darajasi 3,3 foizgacha pasaydi.

Asosiy kapitalga investisiyalar 17,5 foizga oshib, 338,9 trln so‘mni tashkil etdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar va kreditlar 12,4 mlrd dollarga yetdi. Eksport hajmi oltin eksportini hisobga olmagan holda 31,6 foizga o‘sib, 14,4 mlrd dollarni tashkil etdi.

Davlat byudjeti daromadlari 207,4 trln so‘mga yetkazilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 63,2 trln so‘mga oshdi. Bevosita soliqlar 77 trln so‘mni (+75,1%), bilvosita soliqlar 61,6 trln so‘mni (+20%), resurs va mol-mulk soliqlari 29,1 trln so‘mni (+48,7%) tashkil qildi.

Mahalliy byudjetlarda 6,2 trln so‘m qo‘shimcha manbalar shakllantirildi. Byudjet xarajatlarining 51,5 foizi yoki 105,8 trln so‘mi ijtimoiy sohani moliyalashtirishga yo‘naltirildi. Bunda ta’lim sohasiga 49,5 trln so‘m, sog‘liqni saqlashga 22,7 trln so‘m, nafaqa va moddiy yordam to‘lovlariga 7,3 trln so‘m a jratildi. Barqaror rivojlanish milliy maqsadlari tamoyillari doirasida xarajatlarning 78,5 foizi (161,3 trln so‘m) milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga yo‘naltirildi.

Deputatlar tomonidan ushbu natijalar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida iqtisodiy o‘sish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, eng avvalo, aholi turmush sharoiti va farovonligini yuksaltirish, barqaror daromad manbalarini ko‘paytirish va kambag‘allikni qisqartirish borasida olib borilayotgan tizimli va izchil islohotlarning amaliy samarasi ekani alohida e’tirof etildi.

Bu, ayniqsa, davlat o‘z zimmasiga olgan ijtimoiy majburiyatlarini to‘liq bajarayotganligida namoyon bo‘lmoqda. Ijtimoiy soha xarajatlari 8,7 foizga o‘sib, jami xarajatlarning
51,5 foizini tashkil etgani, aholini ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash va yashash sharoitini yaxshilash borasidagi dasturlar va loyihalar to‘liq
moliyalashtirilayotgani buning yaqqol dalili.

Muhokamalar davomida deputatlar Davlat byudjeti ijrosi borasida ayrim sohalarda byudjet mablag‘larining ishlatilishi va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi holatiga ham alohida e’tibor qaratishdi.

Aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha ipoteka kreditlariga 814,2 mlrd so‘m subsidiya berilgani, “Tashabbusli byudjet” tadbirlariga 3,2 trln so‘m ajratilgani, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlarini yaxshilashga 837,2 mlrd so‘m yo‘naltirilgani aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Byudjetdan ajratilgan 13,0 trln so‘mlik subsidiyalarning 5,5 trln so‘mi ijtimoiy ahamiyatga ega sohalarga (nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari, jamoat transporti, ijara va kontrakt to‘lovlari), 5,0 trln so‘mga yaqini energetika va issiqlik ta’minotida tariflar farqini qoplashga yo‘naltirilgani ijobiy baholandi.

Majlisda deputatlar tomonidan Hisob palatasi xulosasida qayd etilgan tizimli muammolar va mablag‘lardan foydalanishdagi kamchiliklarga tanqidiy munosabat bildirildi. Jumladan, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida ajratilgan markazlashgan investisiya xarajatlari rejaga nisbatan 88,6 foizga, fan sohasi xarajatlari 85,4 foizga, obodonlashtirish ishlari 89,2 foizga ijro etilgani tanqid qilindi. Ajratilgan mablag‘larning to‘liq ishlatilmaslik sabablari so‘raldi.

Soliq va bojxona imtiyozlari samaradorligi masalalari ham xalq vakillarining diqqat markazida bo‘ldi. Yarim yillikda berilgan soliq va bojxona imtiyozlarining byudjet daromadlariga hamda byudjet taqchilligiga ta’sirini baholash, shuningdek, ularning iqtisodiy va ijtimoiy samaradorligini monitoring qilish ishlari hali talab darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, vazirlik va idoralarning ichki audit xizmatlari tomonidan byudjet mablag‘laridan maqsadsiz va noo‘rin foydalanish holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish ishlari yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani qayd etildi.

Muhokamalarda deputatlar tomonidan Davlat byudjeti ijrosi samaradorligini oshirish va byudjet intizomini kuchaytirish maqsadida byudjet mablag‘larini ajratishda natijadorlik va maqsadli indikatorlarga erishish ustidan monitoringni kuchaytirish, investisiya dasturlariga kiritilgan ob’yektlarni foydalanishga topshirish muddatlariga qat’iy rioya etish, soliq va bojxona imtiyozlarining samaradorligini har bir soha va korxona kesimida chuqur tahlil qilish taklif etildi.

Shuningdek, vazirlik va idoralarning ichki audit tuzilmalari mas’uliyatini oshirish, byudjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishiga sabab bo‘luvchi omillarni oldindan bartaraf etishga qaratilgan profilaktik choralarni kuchaytirish tavsiya etildi.

Faol muhokamalardan so‘ng Qonunchilik palatasining 2026 yil birinchi yarim yilligida Davlat byudjeti va Davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqlash hamda bildirilgan taklif va tavsiyalarni amalga oshirishga qaratilgan tegishli qarori qabul qilindi.

SUDYALIK LAVOZIMIGA NOMZODLAR UCHUN AYRIM TALABLAR QAYTA KO‘RIB CHIQILMOQDA

Majlisda “Sudyaning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu hujjat sudyalarning maqomini alohida qonun darajasida belgilash hamda sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlashga qaratilgan. U bilan sudyalik lavozimiga nomzodlar uchun ayrim talablar qayta ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, sudya hamda xalq maslahatchilari uchun yosh syenzini 35 yoshdan 30 yoshga tushirish belgilanmoqda.

Shuningdek, sudyani dastlab 5 yilga, keyin esa muddatsiz davrga tayinlash tartibini joriy etish, sudya, sud raisi va rais o‘rinbosari lavozimlariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Loyihada sudyalar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish choralari bilan bog‘liq normalar aks etmoqda.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qish muhokamasi uchun takomillashtirish davomida sudya faoliyatining asosiy prinsiplariga doir normalar qayta tizimlashtirilgani, xususan, sudyaning qaror qabul qilishda siyosiy qarashlardan va boshqa tashqi ta’sirlardan xoli bo‘lishi alohida prinsip sifatida mustahkamlab qo‘yilgani qayd etildi. Shu bilan birga, sudyaning mustaqilligiga oid normalar tegishli moddada tizimli va yaxlit tarzda ifodalanganligi ta’kidlandi.

Loyiha bilan qonunchilikka yangi kirib kelayotgan iste’fodagi sudyaning maqomiga va uning faoliyati kafolatlariga oid normalar yanada aniqlashtirilgani ham aytib o‘tildi. Jumladan, iste’fodagi sudyaga guvohnoma berish, uni o‘z roziligi bilan sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatiga jalb etish, sudya sifatida ishlagan davrida odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bildirgan fikrlari va qabul qilgan qarorlari uchun daxlsizlik kafolatlarini saqlash, shuningdek, professional mediatorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi taqdim etilishiga oid masalalar aniq ifodalanmoqda.

Yana bir muhim o‘zgarishlardan biri — sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladigan harakatlar aniq mezonlar asosida qayta ifodalandi. Xususan, “qonuniylikni qo‘pol ravishda buzish” tushunchasining mazmuni ochib berildi, bunday holatni yuqori instansiya sudi tomonidan aniqlash va tegishli xususiy ajrimda qayd etish mexanizmi belgilandi. Bu, o‘z navbatida, intizomiy ishlarni yuritishda aniqlik, shaffoflik va adolatlilikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.

PROFILAKTIKA INSPEKTORI FAOLIYATINING HUQUQIY ASOSLARI MUSTAHKAMLANMOQDA

Mahallada tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olishda profilaktika inspektorining o‘rni alohida. Chunki u aholi bilan eng yaqin ishlaydigan, hududdagi muammolarni bevosita o‘rganadigan mas’ul xodim hisoblanadi. Shu bois uning maqomi, vakolatlari va mas’uliyatini aniq belgilash muhim ahamiyatga ega. Majlisda ayni shu masalalarni qamrab olgan “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Ushbu hujjat bilan profilaktika inspektorining maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, javobgarligi hamda xizmatni o‘tash tartibi belgilanmoqda. Xususan, inspektorning kasbiy faoliyatiga asossiz aralashish, uni xizmat vazifalari bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish va unga qo‘shimcha vazifalar yuklashga yo‘l qo‘ymaslik nazarda tutilyapti.

Qonun loyihasida profilaktika inspektorining asosiy va ko‘maklashuvchi vazifalari ham aniq belgilab berilmoqda. Jumladan, profilaktika inspektori huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi murojaatlarni qabul qilib, ularga tezkor munosabat bildirishi, shaxslarni profilaktik hisobga va ma’muriy nazoratga olishi, umumiy, maxsus va viktimologik profilaktikani amalga oshirishi, huquqbuzarliklarni aniqlashi va ularga chek qo‘yishi, ma’muriy ishlarni yuritishi, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga himoya orderi berishi, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida profilaktika ishlarini olib borishi hamda jamoat xavfsizligi va ro‘yxatdan o‘tish qoidalariga rioya etilishini ta’minlashi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, u qidiruv tadbirlarida ishtirok etishi, tegishli organlarga profilaktika ishlarida ko‘maklashishi, probatsiya nazoratidagi shaxslarni tekshirishi, qurol va o‘q- dorilarni saqlash qoidalariga rioya etilishini nazorat qilishi, taqiqlangan va ekstremistik guruhlarga aloqador shaxslarni aniqlashda ishtirok etishi hamda oilalardagi ijtimoiy-maishiy muammolarni o‘rganib, ularni bartaraf etishda vakolatli organlarga ko‘maklashishi belgilab qo‘yilmoqda.

Shu bilan birga, profilaktika inspektorining aholi oldidagi hisobdorligini kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Uning har chorakda xizmat hududida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan aholi va jamoatchilik oldida hisobot berishi belgilanmoqda. Qolaversa, aholining profilaktika inspektori faoliyatiga nisbatan “ishonchsizlik tashabbusi”ni bildirish mexanizmi joriy etilyapti.

Hujjatda profilaktika inspektorlarining ijtimoiy-huquqiy himoyasini kuchaytirish, mehnatiga munosib haq to‘lash, xizmat va uy-joy sharoitlarini yaxshilash hamda samarali faoliyat yuritayotgan xodimlarni rag‘batlantirishga oid kafolatlar belgilanmoqda.

Majlisda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan uning ayrim normalarini aniqlashtirish va yanada takomillashtirish bo‘yicha berilgan takliflar tegishli vazirlik va idoralar vakillari, soha mutaxassislari ishtirokida chuqur tahlil qilingani qayd etildi.

Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Laziza SHEROVA,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

SEULDA YANGI O‘ZBEKISTON NAFASI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Janubiy Koreyaga amalga oshirgan davlat tashrifi nafaqat siyosiy va iqtisodiy doiralarda, balki shu o‘lkada yashab, faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz qalbida ham chuqur aks-sado berdi.

Seul shahrida vatandoshlar bilan o‘tgan samimiy uchrashuv tashrifning muhim voqealaridan biri bo‘ldi.

Bugungi kunda Koreya Respublikasida 110 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarosi, jumladan, 20 mingga yaqin talaba-yoshlar istiqomat qilmoqda. Ushbu uchrashuvda davlatimiz rahbari xorijda bilim va tajriba orttirayotgan biz, yoshlarga katta ishonch bildirib, yangi g‘oyalar, ulkan salohiyat bilan Vatan ravnaqiga hissa qo‘shishga chorladi. Eng muhimi, ona yurtdan olisda bo‘lsak-da, davlat va xalqimiz e’tiboridan chetda emasligimizni yana bir karra chuqur his qildik. O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi bugungi do‘stlik va hamkorlik rishtalari esa biz, yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochayotganini ham ta’kidlab o‘tmoq o‘rinlidir.

Tashrif davomida ikki tomonlama munosabatlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiquvchi salmoqli tashabbuslar ilgari surildi. Fan, ta’lim, zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellekt sohalarida O‘zbekiston – Koreya hamkorligini yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanayotgan bir paytda, kelgusida sun’iy intellekt, yarim o‘tkazgichlar, robototexnika, elektr transporti, biofarmasevtika, “aqlli qishloq xo‘jaligi” va “aqlli shaharlar” kabi yuqori texnologik yo‘nalishlarda o‘zaro aloqalarni kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Har qanday ilg‘or texnologiya uni o‘zlashtiradigan va yanada takomillashtiradigan bilimli mutaxassis mavjud bo‘lgandagina taraqqiyot omiliga aylanadi. Shu sababli o‘zaro muzokaralarda ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida urg‘u berilgani bejiz emas.

Umuman olganda, Janubiy Koreya tajribasini o‘rgangan holda, mamlakatimizda yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish asosiy maqsad etib belgilandi. Bunday keng ko‘lamli hamkorlikning markazida, tabiiyki, inson kapitalini rivojlantirish g‘oyasi turibdi.

Davlat tashrifi nafaqat iqtisodiy shartnomalar, balki kelajak avlod omilini davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirgani bilan tarixda qoladigan bo‘ldi, desak adashmaymiz.

Marjona QIYOMOVA,
Janubiy Koreyaning Yonsei universiteti magistranti,
O‘zbekiston XDP yoshlar faoli.

Lyuksemburg parlamenti qanday ishlaydi?

Jahon xaritasidan mittigina joy egallagan, ammo aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydigan Lyuksemburg davlati — siyosiy barqarorlik va iqtisodiy farovonlikning yorqin namunasidir. Bugungi kunda dunyodagi yagona Buyuk Gersoglik maqomini saqlab qolgan ushbu mamlakat muvaffaqiyatining siri nimada? Oltin zaxiralaridami yoki qulay geografik joylashuvda? Aslida, bu muvaffaqiyat ortida tarixiy sinovlardan o‘tgan, eng muhimi, inson manfaatlarini har narsadan ustun qo‘yadigan o‘ziga xos parlament tizimi yotibdi.

Ramziy kengashdan chinakam xalq hokimiyati sari

Lyuksemburgning qonun chiqaruvchi organi bo‘lmish Deputatlar palatasi (Chambre des Députés) bugungi qudratli va mustaqil qiyofasiga bir kunda erishgani yo‘q. Tarixga nazar tashlasak, 1841 yildagi birinchi Konstitutsiyaga ko‘ra, bu organ mutlaq monarx qo‘l ostidagi faqatgina maslahatgo‘ylik vakolatiga ega bo‘lgan 34 kishilik ramziy assambleya edi. U davrda oddiy xalqning ovozi qarorlar qabul qilish jarayonida deyarli eshitilmas, davlat taqdiri va boyliklari faqatgina tor doiradagi elita manfaatlariga xizmat qilardi. Biroq, jamiyatning siyosiy ongi o‘sib, ijtimoiy adolatga bo‘lgan talab kuchayib borgani sari 1919 yilga kelib mamlakat hayotida tub burilish yasaldi: saylovlarda faqatgina badavlat qatlamga ovoz berish imkonini beruvchi adolatsiz tizim bekor qilindi. Eng avvalo, ishchilar, dehqonlar va o‘rta qatlam vakillari davlat byudjeti qanday taqsimlanishi va qanday qonunlar qabul qilinishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Hokimiyat monarxdan rasman xalq qo‘liga o‘tdi va jamiyatda ijtimoiy tenglikning mustahkam poydevori yaratildi.

Demokratik taraqqiyot shu bilan to‘xtab qolmadi. 2008 yilda Deputatlar palatasi va hukumat bir ovozdan Buyuk Gersogning qonunlarni tasdiqlashi (qirollik roziligi) haqidagi konstitutsiyaviy talabni ham bekor qildi. Bu shunchaki qog‘ozdagi o‘zgarish emasdi. Bu — mamlakat taqdiriga oid har qanday muhim qaror, xoh u ijtimoiy himoya bo‘lsin, xoh soliq siyosati, hech qanday monarxning aralashuvisiz, to‘liq xalq vakillarining xohish-irodasi bilan hal etilishini ta’minladi. Xalq o‘z kelajagini o‘zi qurishdek mutlaq suverenitetga erishdi.

Bugungi kunda parlament 60 nafar deputatdan tashkil topgan. Bunday ixchamlik va ortiqcha byurokratiyaning yo‘qligi jamiyat uchun nimasi bilan manfaatli? Birinchidan, qarorlar tez va samarali qabul qilinadi — davlat turli xil ijtimoiy va iqtisodiy inqirozlarga zudlik bilan munosabat bildira oladi (masalan, favqulodda holatlardagi tezkor ko‘mak dasturlari). Ikkinchidan, 60 nafar deputatning har biri oddiy saylovchi uchun ochiq va yaqin. Xalq vakillari baland minbarlarda emas, balki odamlar orasida yuradi, shu bois qabul qilinayotgan qonunlar real hayotdan uzilib qolmaydi va bevosita insonlarning kundalik turmushini yaxshilashga xizmat qiladi.

Saylovlarda qatnashish huquq emas, majburiyat!

Lyuksemburg siyosiy tizimining biz uchun eng g‘ayriodatiy va hayratlanarli jihati shundaki, bu davlatda saylovlarda ovoz berish shunchaki fuqarolik huquqi emas, balki qat’iy qonuniy majburiyat sanaladi. Bir qarashda, bu qoida insonning demokratik erkinligini cheklashdek, go‘yoki odamlarni majburlashdek tuyulishi mumkin. Ammo masalaning ijtimoiy va siyosiy mohiyatiga teranroq qaralsa, manzara butunlay o‘zgaradi.

Ushbu qat’iy tartib jamiyatda yuksak siyosiy madaniyatni shakllantirishning o‘ziga xos «generatori»ga aylangan. Aholi, ayniqsa, yoshlar davlat taqdiriga chetdan turib befarq qaray olmaydi. Aynan shuning hisobiga saylovchilar davomati doimiy ravishda 90 foizga yaqin ko‘rsatkichni qayd etadi. Bundan tashqari, majburiy ovoz berish tizimi siyosatchilarni ham butun jamiyat bilan hisoblashishga majbur qiladi — ular faqatgina ma’lum bir faol qatlamning emas, balki barchaning, shu jumladan, siyosatga endi kirib kelayotgan yoshlarning manfaatini o‘ylab qaror chiqarishga mahkumdir.

Bunday shaffof muhitda har bir fuqaro o‘zining bitta ovozi ertangi soliqlar miqdori qanday bo‘lishini, uy-joy narxlarini yoki transport tizimining sifatini bevosita hal qilayotganini aniq anglaydi. Shu boisdan ham, oilada, maktab va universitetlarda siyosiy faollik bo‘yicha quruq targ‘ibotga o‘rin qolmaydi, chunki bu jarayon kundalik turmush tarziga aylanib ulgurgan. Yoshlar jamiyatning passiv kuzatuvchisi emas, balki uning faol bunyodkori bo‘lish mas’uliyatini bolaligidanoq o‘z yelkasiga oladi.

Qonunlarning jamiyat hayotiga ta’siri

Xo‘sh, eng boy davlat parlamenti faqat global iqtisodiyot bilan bandmi? Yo‘q. Bugungi Lyuksemburg parlamentining kun tartibidagi asosiy masalalar bevosita oddiy xalq va yoshlarning kundalik hayoti bilan bog‘liq.

Lyuksemburg tajribasida buning yorqin misoli sifatida 2017 yilda muhim institusional qaror qabul qilinganini ko‘rish mumkin. O‘sha yili mamlakatdagi «Teng munosabatlar markazi» (CET) ijro etuvchi hokimiyat — vazirliklar tasarrufidan to‘liq olinib, bevosita xalq vakillari organlariga — parlament qaramog‘iga o‘tkazildi. Avvalo, ushbu qadam har qanday fuqaro — u qaysi millat, din, ijtimoiy qatlam yoki dunyoqarashga ega bo‘lishidan qat’i nazar, uning huquqlari davlatning idoralaridan mustaqil ravishda, eng yuqori miqyosda himoya qilinishiga bo‘lgan ishonchni tubdan oshirdi. Ijro etuvchi tuzilmalardan mustaqil bo‘lgan markaz endilikda fuqarolarning tengligini ta’minlash, turli kamsitilishlarning oldini olish va adolatni qaror toptirishda chinakam erki bor mustaqil «ijtimoiy qalqon»ga aylandi. Bu esa jamiyatda o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlab, har bir inson o‘zini davlat himoyasida his etishini bugungacha ta’minlab kelmoqda.

2020 yilda Lyuksemburg dunyoda birinchi bo‘lib barcha turdagi jamoat transportini (avtobus, tramvay va poyezdlar) butunlay bepul qildi. Chetdan qaraganda, bu saylovchilar kayfiyatini ovlashga qaratilgan navbatdagi «boshqaruv populizmi»dek tuyulishi mumkin. Biroq Parlamentning mazkur tarixiy qarori real hayotda o‘zining yuksak ijtimoiy va iqtisodiy samarasini ko‘rsatdi hamda jamiyat hayotida chinakam inqilob yasadi.

Sir emaski, Lyuksemburgning beqiyos iqtisodiy jozibadorligi butun Yevropadan yuqori malakali mutaxassislarni o‘ziga ohanrabodek tortadi. Biroq bu jarayon tanganing ikkinchi tomonini — ko‘chmas mulk va ijara narxlarining osmon qadar ko‘tarilib ketishini keltirib chiqardi. Xo‘sh, bunday sharoitda mahalliy yoshlar va o‘rta maoshga yashovchi oilalar qanday boshpanali bo‘ladi? Bu o‘tkir ijtimoiy muammoning yechimi bo‘yicha qonunchilik palatasidagi barcha yetakchi partiyalar bir yoqadan bosh chiqarib, aholi uchun hamyonbop bo‘lgan ijtimoiy uy-joylar fondini kengaytirishni birinchi raqamli vazifaga aylantirgan. Davlat yosh oilalarni tizimli qo‘llab-quvvatlash maqsadida nafaqat moliyaviy ko‘mak bermoqda, balki yangi uy-joylar qurilishini tezlashtirish uchun sohadagi ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratik to‘siqlarni qonun yo‘li bilan dadil olib tashlamoqda.

Odatda, ko‘pchilik Lyuksemburg iqtisodiyotini faqatgina moliya va bank sektori bilan bog‘laydi. Ammo parlament mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiyalash, ya’ni ko‘p tarmoqli qilish maqsadida butunlay yangi va innovasion yo‘nalish — koinot sanoatini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Eng qizig‘i, qonunchilik palatasi hattoki asteroidlardan (koinot jismlaridan) foydali qazilmalar qazib olishdek o‘ta zamonaviy dasturlarni moliyalashtirishga oid tarixiy qonunlarni qabul qilmoqda. To‘g‘ri, bunday global va murakkab loyihalarning oddiy jamiyatga, xususan, yoshlarga qanday foydasi bor, degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy. Aslida, mazkur qarorlar zamirida katta ijtimoiy himoya yotibdi. Davlat bu orqali bugungi yoshlar uchun o‘n-yigirma yildan keyin ham dolzarbligini yo‘qotmaydigan, yuqori maoshli va texnologik ish o‘rinlarini hozirdanoq kafolatlamoqda. Boshqacha aytganda, parlament faqatgina bugunning muammolari bilan cheklanib qolmay, kelajak avlodning ertaga ishsiz qolmasligini, yangi avlod vakillarining jahon mehnat bozorida eng talabgir va raqobatbardosh kadrlar bo‘lib yetishishini ta’minlamoqda.

Lyuksemburg tajribasi shuni ko‘rsatadiki, davlatning qudrati uning maydoni qanchalik kattaligi yoki tabiiy resurslarining ko‘pligi bilan o‘lchanmaydi. Asl qudrat — xalqchil parlamentning tarixiy evolyusiyasida, qonunlarga so‘zsiz itoat etish madaniyatida va qabul qilinayotgan har bir qaror, eng avvalo, oddiy insonning, kelajak avlodning kundalik hayotini yaxshilashga xizmat qilishidadir.

Azim AXTAMOV

Muammolar yechimining ta’sirchan mexanizmi

Deputatlik so‘rovlari haqida avval ham ko‘p yozganmiz. Ularning ahamiyati va amaliy natijalariga tez-tez to‘xtalamiz. Bu safar esa ko‘proq so‘rovlar ortidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirmoqchimiz. Chunki har bir deputatlik so‘rovi ortida muayyan mahalla, muayyan oila yoki inson taqdiri turadi.

Muhimi — sifat!

Xalq deputatlari Olmazor tumani Kengashidagi O‘zXDP deputati Ziyo Parizod Azamat qizi tomonidan yuborilgan deputatlik so‘rovi o‘zining amaliy natijasini berdi. Ya’ni saylov okrugidagi Muxbir va Taraqqiyot ko‘chalarida yo‘l qoplamasining yaroqsiz holga kelishi saylovchilarning e’tiroziga sabab bo‘layotgan edi.

Deputat hududga chiqib, amalga oshirilayotgan ishlar jarayoni bilan tanishdi. O‘rganish davomida yo‘l qoplamasining holati, qurilish-ta’mirlash ishlarining sifati hamda belgilangan muddatlarga rioya etilishi yuzasidan mas’ullar bilan muloqot qilindi.

– Saylov okrugimdagi mazkur muammo bo‘yicha fuqarolar bir necha bor murojaat qilishgan, – deydi deputat. – Albatta, yo‘l masalasi bir qarashda oddiy xo‘jalik muammosidek ko‘rinishi mumkin. Lekin o‘sha ko‘chada yashayotgan odam uchun bu — har kuni duch keladigan qiyinchilik.

Ayniqsa, yog‘ingarchilik paytida yo‘lning holati piyodalarga ham, transport vositalariga ham mushkulot tug‘diradi. Shuning uchun aholining murojaatini deputatlik so‘rovi orqali tegishli mas’ullar oldiga olib chiqdik. Bugun esa mazkur ko‘chalarda asfaltlash ishlari olib borilmoqda.

Men hududga chiqib, ish jarayoni bilan tanishdim. Bu yerda biz uchun faqat asfalt yotqizilishi emas, uning sifati ham muhim. Shuning uchun yo‘l qoplamasining sifati, ta’mirlash ishlarining belgilangan talablar asosida bajarilishi va muddatlarga rioya etilishi bo‘yicha mas’ullar bilan nazorat o‘rnatdik.

Menimcha, deputatlik faoliyatining eng zarur jihatlaridan biri ham shu — odamlarning murojaatini eshitishning o‘zi yetarli emas. Imkoniyatimiz doirasida uning yechimi uchun harakat qilishimiz va jarayonni oxirigacha kuzatib borishimiz kerak.

Bekat xavfsiz va qulay bo‘lishi kerak

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi deputati S. Kamilova tomonidan yuborilgan deputatlik so‘roviga Qashqadaryo viloyati transport boshqarmasi boshlig‘i B. Yazdanov tomonidan javob berildi.

Kimgadir bekatlar shunchaki yo‘lovchilar avtobus kutadigan joy bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo ertalab ishga yoki o‘qishga shoshayotgan odam, farzandini shifoxonaga olib ketayotgan ona, yoshi katta inson uchun qulay va xavfsiz bekat — bu oddiy inshoot emas, kundalik hayotdagi zarur sharoit.

Qarshi shahridagi avtobus bekatlari bilan bog‘liq masala ham ana shu ehtiyojdan kelib chiqib deputatlik so‘rovida ko‘tarilgan edi.

Viloyat transport boshqarmasi tomonidan berilgan javobda bu masala bo‘yicha aniq ishlar rejalashtirilgani ma’lum qilingan.

Qayd etilishicha, Qarshi shahrida 35 ta oraliq hamda 5 ta boshlang‘ich va yakuniy avtobus bekatlarini qurish va jihozlash uchun 1 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Mazkur mablag‘ Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasiga yo‘naltirilgan.

Ayni paytda yangi bekatlarni qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertiza xulosasini olish uchun taqdim etilgan. Xulosa olingach, qurilish ishlari belgilangan tartibda tashkil etiladi.

Yana bir e’tiborli jihat — yangi bekatlar shunchaki istalgan joyda emas, aholi uchun eng zarur nuqtalarda barpo etiladi.

2026 yilda qurilishi rejalashtirilgan bekatlar uchun Alisher Navoiy, Denov, Hasaf va Mustaqillik ko‘chalaridagi aholi gavjum hududlar, “Ona va bola” markazi, viloyat bolalar shifoxonasi, dehqon bozori, Davlat xizmatlari markazi hamda OITS markazi oldi tanlangan.

– Bu ro‘yxatning o‘ziyoq masalaning mohiyatini ko‘rsatib turibdi. Bekatlar odamlar eng ko‘p harakatlanadigan, tibbiy va ijtimoiy xizmatlarga murojaat qiladigan nuqtalarga yaqin bo‘ladi, – deydi deputat.

Albatta, hali amaliy ishlar oldinda. Loyiha, ekspertiza va qurilish jarayonlari bor. Shuning uchun masalani faqat “mablag‘ ajratildi” degan joyda to‘xtatib qo‘yish emas, belgilangan ishlar amalda qanday bajarilayotganini kuzatib borish ham muhim.

— Chunki har qanday deputatlik so‘rovining eng katta natijasi qog‘ozdagi javob emas, odamlarning hayotidagi o‘zgarishda aslida…

Sabablar aniqlansa, ish osonlashadi

Oldinda sovuq kunlar. Bunday paytda xonadondagi gaz ta’minotining barqaror bo‘lishi har bir oila uchun muhim. Ayniqsa, kechasi havo sovib, yoqilg‘iga ehtiyoj yanada ortadi.

Shunday sharoitda gaz bosimining pastligi yoki uning bir necha soatga uzilib qolishi oddiy noqulaylik emas. Bu — xonadondagi kundalik hayotga bevosita ta’sir qiladigan masala.

Taxiatosh tumanidagi “Shamshiroq” mahallasi, K. Saipov ko‘chasida yashovchi aholi ancha paytdan beri ana shunday muammoga duch kelayotgan edi. Mahalla faollari bilan uchrashuv chog‘ida ko‘chada tabiiy gaz bosimining pastligi, ayrim holatlarda esa kechki paytdan tonggacha gaz ta’minotida uzilishlar kuzatilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Masalani o‘rganish uchun xalq deputatlari Taxiatosh tuman Kengashidagi O‘zXDP deputatlik guruhi rahbari Davron Artikov hududga chiqdi.

O‘rganish davomida muammo faqat gaz bosimi bilan bog‘liq emasligi aniqlandi. Ko‘chadagi gaz quvurlarining ayrim qismlari yer ostida qolib ketgan, boshqa joylarda esa tarmoqlar aholi xonadonlari oldidan tartibsiz holda o‘tkazilgan. Eskirgan quvurlar ham gaz ta’minotidagi uzilishlarga sabab bo‘layotgan omillardan biri edi.

Shundan so‘ng deputat mas’ul tashkilotlar bilan bog‘lanib, gaz quvurlarini tartibga keltirish, yer ostida qolgan qismlarini yuzaga chiqarish hamda eskirgan quvurlarni yangilash masalasini ko‘tardi. Eng muhimi, murojaat faqat o‘rganish va mas’ullarga bildirish bilan cheklanib qolmadi.

Hududdagi eskirgan gaz quvurlari yangisiga almashtirildi, yer tagida qolib ketgan quvurlar yuzaga chiqarildi. Natijada gaz ta’minotidagi mavjud muammolar bartaraf etildi. Bir qarashda, bu — gaz quvurlarini almashtirish bilan bog‘liq oddiy texnik ish. Ammo uning ortida har kuni shu xonadonlarda yashayotgan odamlarning xotirjamligi bor.

“Yomchi”da yangi maktab quriladi

Boysun tumani Boshrabot mahallasi fuqarolari deputatimizga “Yomchi” qishlog‘i hududida yangi umumiy o‘rta ta’lim maktabi qurish bo‘yicha murojaat qilishdi.

Mazkur masala xalq deputatlari Boysun tuman Kengashi raisi, deputat B.Xaitova tomonidan deputatlik so‘rovi orqali tegishli tashkilotlar oldiga qo‘yildi. Xususan, yangi maktab qurilishini 2027 yilgi Davlat investisiya dasturiga kiritish masalasi ko‘tarildi.

Deputatlik so‘roviga berilgan javobda esa Boshrabot mahallasi aholisi uchun muhim bo‘lgan ushbu taklif qo‘llab-quvvatlangani ma’lum qilindi. Qayd etilishicha, “Yomchi” qishlog‘ida 360 o‘rinli yangi maktab binosi qurilishi rejalashtirilgan.

Aholi ko‘targan masalaning davlat darajasidagi investisiya rejasiga kiritilishi muammoni hal etish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.

Bu yerda yana bir jihat namoyon bo‘lmoqda: fuqaroning murojaati e’tibordan chetda qolmasa, u tegishli tartibda o‘rganilib, deputatlik so‘rovi orqali mas’ul tashkilotlar oldiga aniq masala sifatida qo‘yilsa, muammoning yechimi uchun imkoniyat paydo bo‘ladi.

Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

Yuzma-yuz uchrashuvlar — hayotiy va xalqchil yondashuv

Saylovchilar bilan uchrashuv… Bu shunchaki muammo va takliflarni tinglash emas. Bu — xalqning ko‘ziga qarash, ularning dardini his etish, aytilmagan gaplarini ham tushunishga harakat qilishdir. Zero, xalq vakili bo‘lish — xalq orasiga kirishdan boshlanadi. Ularning dardiga yechim izlash bilan esa o‘zining haqiqiy mazmunini topadi.

Deputatlarimizning saylovchilar bilan bu galgi uchrashuvlarini kuzata turib, shunga amin bo‘ldik.

Korxona ishchilarining murojaati

Har bir murojaat ortida inson hayoti bilan bog‘liq va o‘z yechimini kutayotgan muammo turadi. Ayniqsa, odam o‘z mehnati uchun haqini o‘z vaqtida ololmayotgan bo‘lsa, bu holat uning nafaqat moddiy imkoniyatlariga, balki ertangi kunga bo‘lgan ishonchiga ham ta’sir qiladi.

Toshkent viloyatidagi bankrot holatida bo‘lgan “Ohangaronshifer” AJ ishchilarining murojaati ham joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

Ma’lum bo‘lishicha, korxona ishchilarining ish haqi uch yildan buyon to‘lanmagan. Bu yillar davomida o‘z mehnati bilan korxona faoliyatiga hissa qo‘shib kelgan fuqarolarning oilaviy va ijtimoiy sharoitiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Mazkur murojaat yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zolari Ulug‘bek Shermatov va Qizilgul Qosimova ishtirokida korxona ishchilari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda ishchilarning dardi va talablari batafsil tinglandi. Ular o‘zlarini yillar davomida qiynab kelayotgan muammolar, ish haqi bo‘yicha qarzdorlik, bankrotlik jarayoni hamda kelgusida ushbu masala qanday hal etilishi yuzasidan fikr va takliflarini bildirdi.

Deputatlar tomonidan ta’kidlanganidek, korxonaning bankrotlik holatida ekani ishchilarning mehnat huquqlari ta’minlanishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Inson o‘z mehnati uchun haq olishi qonun bilan kafolatlangan huquq. Shu nuqtai nazardan, ish haqi bo‘yicha yuzaga kelgan qarzdorlikni qonuniy tartibda bartaraf etish bo‘yicha aniq choralarni belgilash muhim.

O‘rganish jarayonida mazkur muammoning yechimi birgina tashkilot doirasida hal bo‘ladigan masala emasligi, bankrotlik jarayonida ishtirok etayotgan mas’ul va vakolatli tashkilotlarning hamkorligi zarurligi qayd etildi.

Shu munosabat bilan bankrotlik jarayonida ishchilarning mehnat huquqlarini ta’minlash, ish haqi bo‘yicha qarzdorlikni bartaraf etish imkoniyatlarini aniqlash va masalani qonuniy asosda hal qilish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish yuzasidan mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.

Gulistonda ichki yo‘llar qay ahvolda?

Aholi uchun yo‘l — shunchaki bir manzildan ikkinchi manzilga olib boruvchi qatnov qismi emas. U kundalik hayot, ishga borish, farzandlarni maktab va bog‘chaga eltish, tez tibbiy yordam yoki boshqa xizmatlardan foydalanish, eng muhimi, odamlarning erkin va xavfsiz harakatlanishi bilan bevosita bog‘liq.

Sirdaryo viloyati Guliston tumanidagi ayrim mahallalarda esa ichki yo‘llarning bugungi holati aholini qator qiyinchiliklarga duch keltirmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Zuhra Shodiyeva sirdaryolik aholi vakillarining murojaatlari asosida Guliston tumanidagi “Baxmal” va “Zarfdor” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida bo‘lib, ichki yo‘llar bilan bog‘liq muammolarni joyiga chiqqan holda o‘rgandi.

O‘rganish davomida mahalla aholisi bilan ochiq muloqot qilinib, ularni yillar davomida qiynab kelayotgan masalalar tinglandi. Xususan, Oyqar, Obod, Yorkent, Kamolot, Kelajaksari, Baxt va Fayzilobod ko‘chalari aholisi ushbu yo‘llarga asfalt qoplamasi yotqizish, ta’mirlash va obodonlashtirish masalasini ko‘tardi.

Aholining ta’kidlashicha, ayniqsa, yog‘ingarchilik kunlarida ko‘chalarning holati yanada yomonlashadi. Notekis va ta’mirtalab yo‘llar piyodalar, yoshi kattalar va bolalar harakatiga noqulaylik tug‘dirishi, transport vositalari qatnovini qiyinlashtirishi tabiiy. Bu esa oddiy maishiy masala bo‘lib qolmay, mahalladagi odamlarning kundalik turmush sifatiga bevosita ta’sir qiladi.

Murojaatlar o‘rganilar ekan, mazkur ko‘chalarni ta’mirlash va asfaltlash bo‘yicha avval ham tashabbuslar ilgari surilgani ma’lum bo‘ldi. Biroq muayyan sabablarga ko‘ra, ushbu loyihalar “Tashabbusli byudjet” jarayonida yetarli ovoz to‘play olmagan. Natijada rejalashtirilgan ishlar amalga oshmay, aholi kutgan yo‘l ta’miri ortga surilgan.

Bu holat joylarda aholi murojaatlarini chuqur o‘rganish, mavjud mexanizmlardan samarali foydalanish va muammoni hal etishning muqobil imkoniyatlarini izlash zarurligini ko‘rsatmoqda.

Deputat Z.Shodiyeva aholi bilan muloqot jarayonida nafaqat yo‘llarning bugungi holatini ko‘zdan kechirdi, balki muammoning kelib chiqish sabablari, uni bartaraf etish imkoniyatlari va amaliy yechimlarini ham muhokama qildi.

Suhbatlarda aholi o‘z taklif va istaklarini bildirib, ko‘chalarni bosqichma-bosqich ta’mirlash, eng avvalo, aholi uchun eng zarur va harakat serqatnov bo‘lgan yo‘nalishlarni obodonlashtirish zarurligini ta’kidladi.

O‘rganish natijalari asosida tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda mavjud imkoniyatlarni ko‘rib chiqish, ichki yo‘llarni ta’mirlash va asfaltlash bo‘yicha amaliy choralarni belgilash yuzasidan takliflar bildirildi.

Bag‘dodda ijtimoiy soha ob’yektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati muhokama qilindi

Kuz-qish mavsumi yaqinlashar ekan, ijtimoiy soha ob’yektlarining sovuq kunlarga qay darajada tayyorligi alohida ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bu masala yanada dolzarb. Chunki bu muassasalarda tarbiyalanayotgan bolalarning xavfsizligi, salomatligi va ta’lim-tarbiya olishi uchun zarur sharoitlar yilning har qanday faslida ta’minlanishi kerak.

Shu maqsadda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari Zokirjon Zohidov va Shokirjon Ahmedov hududiy mas’ullar bilan birgalikda Bag‘dod tumanidagi ijtimoiy soha ob’yektlarining 2026–2027 yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini joyiga chiqqan holda o‘rgandilar.

O‘rganish jarayonida tuman markazida joylashgan 26-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti alohida ko‘zdan kechirildi.

Muassasa 90 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da, ayni paytda unda 107 nafar tarbiyalanuvchi qamrab olingan. Bu esa muassasada mavjud imkoniyatlardan yuqori yuklamada foydalanilayotganini ko‘rsatadi. Shu bois binodagi sharoitlar, xonalarning holati va muhandislik-kommunikatsiya tizimlarining ishlashiga qo‘yiladigan talablar yanada yuqori bo‘lishi tabiiy.

Joyiga chiqqan holda muassasaning moddiy-texnik bazasi, bino va inshootlari, guruh xonalari, yordamchi xonalar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, isitish tizimi hamda tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar atroflicha ko‘zdan kechirildi.

O‘rganish davomida muassasa binosining ta’mirtalab holatda ekaniga e’tibor qaratildi. Ayniqsa, kuz-qish mavsumida bolalar bo‘ladigan xonalarda issiqlikni barqaror ta’minlash, muhandislik tarmoqlarining ishonchli ishlashi va binoning umumiy texnik holati muhim ekani qayd etildi.

Shu nuqtai nazardan, faqat mavsumiy ta’mir ishlarini amalga oshirish bilan cheklanib qolmasdan, binoning umumiy texnik holatini kompleks baholash zarur. Muassasani kapital ta’mirlash imkoniyatlarini tahlil qilish bilan bir qatorda, uning o‘rniga zamonaviy talablarga javob beradigan yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qurish masalasini ham ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

O‘rganishlar davomida tumandagi 16-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi, qurilish va rekonstruksiya ishlarining borishi hamda bajarilayotgan ishlar sifati ko‘zdan kechirildi.

Mas’ullar bilan muloqotda ajratilgan mablag‘lardan samarali va maqsadli foydalanish, qurilish ishlarida belgilangan talablarga rioya etish, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida tugatish masalalari muhokama qilindi.

O‘z navbatida mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda aniqlangan muammolarni bartaraf etish, 26-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchilar uchun munosib, xavfsiz va qulay shart-sharoitlarni ta’minlash, muassasaning kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarligini ta’minlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, 16-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Tashabbusli byudjet” doirasida amalga oshirilayotgan qurilish va rekonstruksiya ishlarini belgilangan muddatlarda va sifatli yakunlash, ajratilgan mablag‘larning samarali o‘zlashtirilishini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar belgilab berildi.

Ijtimoiy soha ob’yektlarining tayyorgarligini o‘rganishdan asosiy maqsad — mavsum boshlanganidan keyin muammoga duch kelish emas, balki muammoni oldindan aniqlab, uni o‘z vaqtida bartaraf etishdir. Ayniqsa, maktab va bog‘chalarda bu yondashuv bolalarning xavfsizligi va munosib ta’lim-tarbiya olishi uchun muhim ahamiyatga ega.

“Tashabbusli byudjet” orqali qurilayotgan yopiq sport inshooti loyihasi ko‘zdan kechirildi

Bugun yosh avlod uchun zamonaviy va xavfsiz sport maydonlarini yaratish nafaqat jismoniy tarbiya masalasi, balki bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sog‘lom turmush tarziga jalb qilish va iqtidorini ro‘yobga chiqarishning muhim sharti hisoblanadi.

Ayniqsa, qishloq hududlarida aholi tashabbusi asosida amalga oshirilayotgan bunday loyihalarning ahamiyati yanada katta. Chunki ular mahalladagi mavjud ehtiyoj va muammolarni bevosita aholining o‘zi belgilashi va ularni hal etishda faol ishtirok etishini ta’minlaydi.

Shu maqsadda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Muqaddas O‘razaliyeva Jizzax viloyatining Zomin tumani, “Shirin” QFY hududidagi Quduqcha qishlog‘ida joylashgan 7-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Tashabbusli byudjet” tizimi orqali qo‘llab-quvvatlangan yopiq sport inshootini barpo etish loyihasining amalga oshirilish holatini o‘rgandi.

Deputat mahalliy mas’ullar va aholi vakilla ri bilan uchrashib, loyiha doirasida bajarilayotgan ishlar, qurilishning bugungi holati, belgilangan vazifalar ijrosi va mavjud muammolar bilan tanishdi.

Muloqot davomida aholi va maktab jamoasining fikrlari tinglanib, qurilish ishlarini belgilangan talablar asosida olib borish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, inshootni barpo etishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish, loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan talablarni bajarish, qurilish materiallari va bajarilayotgan ishlar sifatini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Zero, bu inshootdan asosan bolalar va yoshlar foydalanadi. Shu bois uning tashqi ko‘rinishi yoki foydalanishga topshirilish muddati bilan bir qatorda, eng avvalo, mustahkamligi, xavfsizligi va uzoq yillar davomida xizmat qilishi muhim.

Uchrashuvda aholi tomonidan maktabga qatnab o‘qiydigan o‘quvchilar xavfsizligi bilan bog‘liq yana bir muhim masala ko‘tarildi. Xususan, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va bolalarning maktabga borib-kelishini yengillashtirish maqsadida piyodalar yo‘lakchasi barpo etish taklifi bildirildi.

Bu taklifning o‘zi ham mahallada infratuzilma masalalari bir-biri bilan uzviy bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Sport inshooti qurilishi bilan birga, unga olib boruvchi yo‘l, piyodalar harakati xavfsizligi va maktab atrofidagi sha roitlar e’tibordan chetda qolmasligi kerak.

Shuningdek, aholi va maktab jamoasi tomonidan o‘quvchilar soni ortib borayotgani inobatga olinib, kelgusida ta’lim olish uchun zarur sharoitlarni kengaytirish maqsadida maktab hududida qo‘shimcha bino qurish taklifi ham ilgari surildi.

Deputat barcha murojaat va takliflarni tinglab, har bir masalaga alohida e’tibor qaratdi. Ko‘tarilgan muammolarni tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ko‘rib chiqish, mavjud imkoniyatlarni tahlil qilish va amaliy yechimlarini belgilash bo‘yicha zarur choralar belgilandi.

Albatta, har bir uchrashuv, har bir suhbat ortida xalqning umidi bor. Eng muhimi, odamlar oldiga kirib borish, ularni tinglash va berilgan va’dalarni uddalashdir. Chunki xalqning ishonchi gap bilan emas, vaqt o‘tib ko‘rinadigan natija bilan mustahkamlanadi.

Biz esa deputatlarimiz xalq bilan birga bo‘lib, murojaatlarni shunchaki tinglabgina qolmay, ularning yechimi uchun amaliy harakat qilishlariga ishonamiz.

Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

Kambag‘allikni qisqartirish siyosati: so‘l qanot g‘oyalari bilan uyg‘unlik

Mamlakatimizda jadal sur’atdagi islohotlarning hozirgi bosqichida kambag‘allikni qisqartirish tizimida kompleks yondashuv shakllandi. Bu yondashuv aniq manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish barobarida ehtiyojmand qatlamni kambag‘allik holatidan chiqarish, ular uchun muqim daromad manbaini yaratish, kasb-hunarga yo‘naltirish, tadbirkorlik imkoniyatlarini kengaytirish chora- tadbirlarini qamrab olgani bilan behad ahamiyatli.

Bu o‘rinda ayni jarayon O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlari bilan chuqur hamohang ekanini ta’kidlamoq joizdir. Zotan, partiyaning 2024 yilgi Saylovoldi dasturida ham ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillari asosida jamiyatda ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

3 sentyabr kuni davlat rahbari raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish masalalari muhokama qilingan videoselektor yig‘ilishi shunisi bilan diqqatga sazovorki, unda mazkur jabhada ro‘yobga chiqarilgan tajriba va natijalar, mavjud muammolar tahlil qilinib, yangi tashabbuslar ilgari surildi.

Respublikada kambag‘allik darajasining yil boshidagi 5,8 foizdan bugunga kelib 3,9 foizga tushgani, ehtiyojmand aholi soni esa 2,2 milliondan 1,5 million nafarga kamaygani ijtimoiy siyosatda dadil o‘zgarishlar amalga oshayotganini yaqqol tasdiqlaydi. Hududlar kesimida 49 ta tuman va 3 ming 429 ta mahallada ishsizlik va kambag‘allikni bartaraf etish bo‘yicha ijobiy natijalar qayd etilgani quvonarli, albatta.

Yig‘ilishda mablag‘ va resursning o‘zi yetarli emasligi, deylik, bir xil hajmda resurs olgan hududlarda natijalarning keskin farq qilishi bu masalada boshqaruv sifati, loyihalarni tanlash, tadbirkorlik muhiti va mahalladagi mas’ul xodimlarning salohiyati hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani aytib o‘tildi.

Keltirilishicha, kambag‘allikni qisqartirish maqsadlari uchun Sharof Rashidov va Qarshi tumanlarining har biriga 2 trillion 300 milliard so‘mdan kredit resursi berilgan. Ammo tegishli ravishda birinchi tumanda 30 ming aholi kambag‘allikdan chiqarilgan bo‘lsa, Qarshi tumanida bu ko‘rsatkich 13 ming nafarni tashkil etgan. Demak, endilikda “Qancha mablag‘ berildi?” degan savoldan ko‘ra “Qancha odam barqaror daromadga ega bo‘ldi?” degan savol muhimroq.

Kredit emas, daromad asosiy mezon

So‘nggi uch yilda mahallalardagi tadbirkorlik loyihalari uchun 314 trillion so‘m resurs ajratilgan. Biroq ayrim hududlarda kreditlar samaradorligining pastligi, biznes loyihalarining to‘xtab qolishi va qarzdorlikning ortishi moliyaviy resursni insonning iqtisodiy salohiyati bilan bog‘lash zarurligiga ishora qilmoqda. Oxirgi bir yilda tashkil etilgan 86 mingta kichik korxonaning 15 mingtasi faoliyatini to‘xtatgani, 62 ming nafar fuqaro esa olgan kreditlarini qaytarishda qiynalayotgani bunga dalildir.

Kredit berish bilan qo‘li kalta insonlarni kambag‘allikdan chiqarib bo‘lmaydi. Ya’ni aholi va tadbirkorga faqat mablag‘ emas, balki bozor, texnologiya, kasb, biznes reja va sotuv zanjirini qamrab olgan kompleks yechim taklif qilish zarur.

Darvoqe, bu yondashuv ham O‘zXDPning ijtimoiy adolat g‘oyasiga mos keladi. Chunki insonlarga bir martalik yordam berish emas, ularning o‘z mehnati, jismoniy va aqliy salohiyati bilan munosib daromad topishi uchun barcha imkoniyatni ta’minlash hayotiy zarurat.

Davlat siyosati va inson manfaati tutashgan nuqta

Kambag‘allikni qisqartirishda mahallaga katta vakolat va resurslarning berilishi endilikda ko‘zda tutilayotgan yangi tizimning eng muhim xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Endi asosiy vazifa yuqoridan umumiy ko‘rsatma berish emas, balki har bir oilaning sharoiti, ehtiyoji va salohiyatidan kelib chiqib ishlashga ko‘proq bog‘lanmoqda.

Yangi tizimga ko‘ra, viloyat, tumanlarda maxsus shtablar tashkil etilib, banklar, bandlik idoralari va iqtisodiy tuzilmalarning aholini ish bilan ta’minlash hamda daromadini oshirish bo‘yicha faoliyati bir joyda muvofiqlashtirilishi belgilangan.

Shu bilan birga, resurs va qaror qabul qilish vakolatlarining tuman darajasiga tushirilishi hududlarning o‘z imkoniyatlaridan samarali foydalanishiga zamin yaratadi. Tuman shtablariga oilaviy va yoshlar tadbirkorligi bo‘yicha kredit resurslarini boshqarish vakolatining berilishi ham shu maqsadga xizmat qiladi.

Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, markazlashgan resursni mahalliy ehtiyoj bilan uyg‘unlashtirish samaradorlikni oshirishi mumkin, ammo buning uchun mahalliy boshqaruvning mas’uliyati ham mutanosib ravishda ortishi lozim.

Shu ma’noda O‘zXDPning deputatlik va jamoatchilik nazoratidagi vazifasi ham dolzarblashadi. Resurs mahallaga tushirilgan ekan, uning qanday sarflanayotgani, qaysi loyihalar moliyalashtirilayotgani va bu mablag‘lar qancha oilaning real daromadini oshirayotganini baholash mexanizmlari ham kuchli bo‘lishi kerak.

Bo‘sh ish o‘rinlari bor, ammo…

Yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlarining real amaliy natijasi Xorazm viloyati misolida o‘rganilgani, aniqrog‘i, ya’ni 19 ming oilaning sharoiti bilan yaqindan tanishilgani, ular tarkibida 12 ming nafar ishsiz va 10 ming nafar daromadi past aholi borligi aniqlangani qayd etildi. Qizig‘i, shunday sharoitda hududda qurilish, xizmat ko‘rsatish va sanoat sohalarida minglab bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi kuzatilgan.

Bu ma’lumotlar kambag‘allik muammosining yana bir muhim jihatini ochib beradi: ish o‘rni bor, ammo ishchi unga mos emas, ishchi bor, ammo uning ko‘nikmasi bozor talabiga to‘g‘ri kelmaydi.
Demak, muammoning yechimi faqat yangi ish o‘rinlarini yaratishda emas. Mehnat bozori talabini, kasbiy tayyorgarlikni va aholining imkoniyatlarini bir tizimga birlashtirish zarur. Buning uchun kasbga o‘qitish tizimi mehnat bozoridan orqada qolmasligi kerak. Qaysi hududda qaysi mutaxassisga talab yuqori bo‘lsa, o‘sha yo‘nalishda tayyorgarlikni kuchaytirish lozim.

Bundan tashqari, Xorazmda o‘rganilgan ehtiyojmand oilalarda 48 ming nafar bola borligi va ularni hozirdan kasb-hunar hamda zamonaviy ko‘nikmalarga yo‘naltirish kerakligiga ham e’tibor qaratilgani bejiz emas. Chunki oiladagi yetishmovchilik o‘z-o‘zidan farzandlar ta’limi, kasb-hunar ko‘nikmalarini egallashiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Mana shunday oilalarda voyaga yetayotgan bolalarning kelajagiga sarmoya kiritish jamiyatda kambag‘allikni bartaraf etishning eng uzoq muddatli mexanizmlaridan ekani kundek ravshan.

Kelgusi yildan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarining davlat va xususiy bog‘cha to‘lovlari, o‘quv markazlarida ta’lim olish xarajatlari, yo‘lkirasi hamda oliy ta’lim muassasasi yotoqxonasi uchun to‘lovlar vaucher asosida qoplab berish tizimi yo‘lga qo‘yilishi kambag‘allikni qisqartirishda jiddiy qadamlardan biri bo‘ladi, desak yanglishmaymiz. Vaucher 12 oy muddatga berilib, oila Ijtimoiy reyestrdan chiqarilganidan keyin ham belgilangan muddat oxirigacha amal qiladi.

Xotin-qizlar faolligi ham muhim

Kambag‘allikni qisqartirishda xotin-qizlarning iqtisodiy faolligi alohida ahamiyatga ega. Yig‘ilishda Xorazmda kambag‘al oilalardagi 10 mingdan ziyod ayol farzand parvarishi bilan band ekani, ularning uyida yoki mahallada daromadli mehnat qilishi uchun sharoit yaratish, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish orqali opa-singillarimizning mehnat bozorida o‘rin topishiga ko‘maklashish vazifasi qo‘yilgani bizga bir haqiqatni namoyon etadi. Bu yerda ijtimoiy va iqtisodiy siyosat bir nuqtada kesishib, ayollarga mehnat qilish imkoniyatini yaratish orqali oilalar daromadining uzoq muddatli manbasini shakllantirish maqsadga muvofiqdir.

Kambag‘allikni qisqartirish siyosatida oila, bola parvarishi, maktabgacha ta’lim va bandlik masalalari bir-biridan ajratilmasligi g‘oyatda maqbul yechim.

Kambag‘allikni faqat oila daromadi bilan o‘lchash har doim ham uning haqiqiy ijtimoiy holatini to‘liq aks ettirmaydi. Oilada nogironligi bo‘lgan shaxs, surunkali kasallikka chalingan inson, ko‘p farzandlilik yoki mehnatga layoqatli a’zolarning xorijda bo‘lishi kabi omillar ham oilaning real ehtiyojini belgilaydi.

Shu sababli Ijtimoiy reyestrga kiritish mezonlarini ko‘p o‘lchovli baholash tizimiga o‘tkazish rejalashtirilgan.

Bu o‘zgarishni ijtimoiy adolat nuqtai nazaridan baholasak, manzillilikning sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rish mumkin.

Shuningdek, yig‘ilishda tumanlar ixtiyoriga jami 3 trillion 200 milliard so‘m resurs berilishi va mablag‘larning aniq natija berishi asosiy mezon etib belgilanishi ma’lum qilindi. 8 ming 992 ta mahalladagi hokim yordamchilari faoliyati qayta baholanib, ularga biznes loyihasini tayyorlash, moliyalashtirish vositasini tanlash va tadbirkor bilan ishlash ko‘nikmalari o‘rgatilishi ham nazarda tutilyapti.

O‘zXDP uchun qanday vazifalar dolzarb?
Danagul Berdaliyeva,
xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputati:

-Kambag‘allikni qisqartirishning yangi bosqichi O‘zXDP oldiga ham yangi vazifalarni qo‘yadi.

Kambag‘allikdan chiqarilgan oilalar sonining o‘zi yetarli mezon emas. Ularning qanchasi barqaror ishga ega bo‘lgani, daromadi qanchaga oshgani va bu holat qanchalik barqa ror ekani ham tahlil qilinishi zarur.

Ikkinchidan, deputatlik nazoratida kredit va subsidiyalarning hajmi bilan birga ularning ijtimoiy samaradorligiga ham e’tibor qaratish lozim. Shu bilan birga, mehnat bozori va kasbiy ta’lim o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish partiyaning bandlik siyosatida muhim yo‘nalish bo‘lishi mumkin.

Ehtiyojmand oilalar farzandlarining ta’lim va kasbiy imkoniyatlarini kengaytirish orqali kambag‘allikning qaysidir ma’noda «meros» shaklida o‘tishining oldini olishga qaratilgan choralarni qo‘llab-quvvatlash zarur. Xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ko‘p bolali oilalar va boshqa ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlar uchun umumiy emas, balki ularning holatiga mos yechimlar ishlab chiqilishiga e’tibor qaratish muhim.

Yig‘ilishda bildirilgan yangi tashabbuslar O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish siyosati sifat jihatdan yuqori bosqichga kirayotga nini ko‘rsatadi. Bu siyosat negizida faqat ijtimoiy yordam emas, balki insonni mehnatga, tadbirkorlikka, kasbga va barqaror daromadga olib chiqish vazifasi turgani shubhasiz.

Qolaversa, yangi yondashuvlar O‘zXDPning ijtimoiy adolat, teng imkoniyat va aholi manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan g‘oyalarini amaliy mazmun bilan boyitadi.

Har bir insonning o‘z peshona teri va intilishi evaziga munosib hayot kechirishi uchun shart-sharoit yara tish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy islohotlarning hayotbaxshligini kafolatlaydi.

Farida MAHKAMOVA,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.