Kambag‘allikni qisqartirish siyosati: so‘l qanot g‘oyalari bilan uyg‘unlik

Mamlakatimizda jadal sur’atdagi islohotlarning hozirgi bosqichida kambag‘allikni qisqartirish tizimida kompleks yondashuv shakllandi. Bu yondashuv aniq manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish barobarida ehtiyojmand qatlamni kambag‘allik holatidan chiqarish, ular uchun muqim daromad manbaini yaratish, kasb-hunarga yo‘naltirish, tadbirkorlik imkoniyatlarini kengaytirish chora- tadbirlarini qamrab olgani bilan behad ahamiyatli.

Bu o‘rinda ayni jarayon O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlari bilan chuqur hamohang ekanini ta’kidlamoq joizdir. Zotan, partiyaning 2024 yilgi Saylovoldi dasturida ham ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillari asosida jamiyatda ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

3 sentyabr kuni davlat rahbari raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish masalalari muhokama qilingan videoselektor yig‘ilishi shunisi bilan diqqatga sazovorki, unda mazkur jabhada ro‘yobga chiqarilgan tajriba va natijalar, mavjud muammolar tahlil qilinib, yangi tashabbuslar ilgari surildi.

Respublikada kambag‘allik darajasining yil boshidagi 5,8 foizdan bugunga kelib 3,9 foizga tushgani, ehtiyojmand aholi soni esa 2,2 milliondan 1,5 million nafarga kamaygani ijtimoiy siyosatda dadil o‘zgarishlar amalga oshayotganini yaqqol tasdiqlaydi. Hududlar kesimida 49 ta tuman va 3 ming 429 ta mahallada ishsizlik va kambag‘allikni bartaraf etish bo‘yicha ijobiy natijalar qayd etilgani quvonarli, albatta.

Yig‘ilishda mablag‘ va resursning o‘zi yetarli emasligi, deylik, bir xil hajmda resurs olgan hududlarda natijalarning keskin farq qilishi bu masalada boshqaruv sifati, loyihalarni tanlash, tadbirkorlik muhiti va mahalladagi mas’ul xodimlarning salohiyati hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani aytib o‘tildi.

Keltirilishicha, kambag‘allikni qisqartirish maqsadlari uchun Sharof Rashidov va Qarshi tumanlarining har biriga 2 trillion 300 milliard so‘mdan kredit resursi berilgan. Ammo tegishli ravishda birinchi tumanda 30 ming aholi kambag‘allikdan chiqarilgan bo‘lsa, Qarshi tumanida bu ko‘rsatkich 13 ming nafarni tashkil etgan. Demak, endilikda “Qancha mablag‘ berildi?” degan savoldan ko‘ra “Qancha odam barqaror daromadga ega bo‘ldi?” degan savol muhimroq.

Kredit emas, daromad asosiy mezon

So‘nggi uch yilda mahallalardagi tadbirkorlik loyihalari uchun 314 trillion so‘m resurs ajratilgan. Biroq ayrim hududlarda kreditlar samaradorligining pastligi, biznes loyihalarining to‘xtab qolishi va qarzdorlikning ortishi moliyaviy resursni insonning iqtisodiy salohiyati bilan bog‘lash zarurligiga ishora qilmoqda. Oxirgi bir yilda tashkil etilgan 86 mingta kichik korxonaning 15 mingtasi faoliyatini to‘xtatgani, 62 ming nafar fuqaro esa olgan kreditlarini qaytarishda qiynalayotgani bunga dalildir.

Kredit berish bilan qo‘li kalta insonlarni kambag‘allikdan chiqarib bo‘lmaydi. Ya’ni aholi va tadbirkorga faqat mablag‘ emas, balki bozor, texnologiya, kasb, biznes reja va sotuv zanjirini qamrab olgan kompleks yechim taklif qilish zarur.

Darvoqe, bu yondashuv ham O‘zXDPning ijtimoiy adolat g‘oyasiga mos keladi. Chunki insonlarga bir martalik yordam berish emas, ularning o‘z mehnati, jismoniy va aqliy salohiyati bilan munosib daromad topishi uchun barcha imkoniyatni ta’minlash hayotiy zarurat.

Davlat siyosati va inson manfaati tutashgan nuqta

Kambag‘allikni qisqartirishda mahallaga katta vakolat va resurslarning berilishi endilikda ko‘zda tutilayotgan yangi tizimning eng muhim xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Endi asosiy vazifa yuqoridan umumiy ko‘rsatma berish emas, balki har bir oilaning sharoiti, ehtiyoji va salohiyatidan kelib chiqib ishlashga ko‘proq bog‘lanmoqda.

Yangi tizimga ko‘ra, viloyat, tumanlarda maxsus shtablar tashkil etilib, banklar, bandlik idoralari va iqtisodiy tuzilmalarning aholini ish bilan ta’minlash hamda daromadini oshirish bo‘yicha faoliyati bir joyda muvofiqlashtirilishi belgilangan.

Shu bilan birga, resurs va qaror qabul qilish vakolatlarining tuman darajasiga tushirilishi hududlarning o‘z imkoniyatlaridan samarali foydalanishiga zamin yaratadi. Tuman shtablariga oilaviy va yoshlar tadbirkorligi bo‘yicha kredit resurslarini boshqarish vakolatining berilishi ham shu maqsadga xizmat qiladi.

Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, markazlashgan resursni mahalliy ehtiyoj bilan uyg‘unlashtirish samaradorlikni oshirishi mumkin, ammo buning uchun mahalliy boshqaruvning mas’uliyati ham mutanosib ravishda ortishi lozim.

Shu ma’noda O‘zXDPning deputatlik va jamoatchilik nazoratidagi vazifasi ham dolzarblashadi. Resurs mahallaga tushirilgan ekan, uning qanday sarflanayotgani, qaysi loyihalar moliyalashtirilayotgani va bu mablag‘lar qancha oilaning real daromadini oshirayotganini baholash mexanizmlari ham kuchli bo‘lishi kerak.

Bo‘sh ish o‘rinlari bor, ammo…

Yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlarining real amaliy natijasi Xorazm viloyati misolida o‘rganilgani, aniqrog‘i, ya’ni 19 ming oilaning sharoiti bilan yaqindan tanishilgani, ular tarkibida 12 ming nafar ishsiz va 10 ming nafar daromadi past aholi borligi aniqlangani qayd etildi. Qizig‘i, shunday sharoitda hududda qurilish, xizmat ko‘rsatish va sanoat sohalarida minglab bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi kuzatilgan.

Bu ma’lumotlar kambag‘allik muammosining yana bir muhim jihatini ochib beradi: ish o‘rni bor, ammo ishchi unga mos emas, ishchi bor, ammo uning ko‘nikmasi bozor talabiga to‘g‘ri kelmaydi.
Demak, muammoning yechimi faqat yangi ish o‘rinlarini yaratishda emas. Mehnat bozori talabini, kasbiy tayyorgarlikni va aholining imkoniyatlarini bir tizimga birlashtirish zarur. Buning uchun kasbga o‘qitish tizimi mehnat bozoridan orqada qolmasligi kerak. Qaysi hududda qaysi mutaxassisga talab yuqori bo‘lsa, o‘sha yo‘nalishda tayyorgarlikni kuchaytirish lozim.

Bundan tashqari, Xorazmda o‘rganilgan ehtiyojmand oilalarda 48 ming nafar bola borligi va ularni hozirdan kasb-hunar hamda zamonaviy ko‘nikmalarga yo‘naltirish kerakligiga ham e’tibor qaratilgani bejiz emas. Chunki oiladagi yetishmovchilik o‘z-o‘zidan farzandlar ta’limi, kasb-hunar ko‘nikmalarini egallashiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Mana shunday oilalarda voyaga yetayotgan bolalarning kelajagiga sarmoya kiritish jamiyatda kambag‘allikni bartaraf etishning eng uzoq muddatli mexanizmlaridan ekani kundek ravshan.

Kelgusi yildan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarining davlat va xususiy bog‘cha to‘lovlari, o‘quv markazlarida ta’lim olish xarajatlari, yo‘lkirasi hamda oliy ta’lim muassasasi yotoqxonasi uchun to‘lovlar vaucher asosida qoplab berish tizimi yo‘lga qo‘yilishi kambag‘allikni qisqartirishda jiddiy qadamlardan biri bo‘ladi, desak yanglishmaymiz. Vaucher 12 oy muddatga berilib, oila Ijtimoiy reyestrdan chiqarilganidan keyin ham belgilangan muddat oxirigacha amal qiladi.

Xotin-qizlar faolligi ham muhim

Kambag‘allikni qisqartirishda xotin-qizlarning iqtisodiy faolligi alohida ahamiyatga ega. Yig‘ilishda Xorazmda kambag‘al oilalardagi 10 mingdan ziyod ayol farzand parvarishi bilan band ekani, ularning uyida yoki mahallada daromadli mehnat qilishi uchun sharoit yaratish, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish orqali opa-singillarimizning mehnat bozorida o‘rin topishiga ko‘maklashish vazifasi qo‘yilgani bizga bir haqiqatni namoyon etadi. Bu yerda ijtimoiy va iqtisodiy siyosat bir nuqtada kesishib, ayollarga mehnat qilish imkoniyatini yaratish orqali oilalar daromadining uzoq muddatli manbasini shakllantirish maqsadga muvofiqdir.

Kambag‘allikni qisqartirish siyosatida oila, bola parvarishi, maktabgacha ta’lim va bandlik masalalari bir-biridan ajratilmasligi g‘oyatda maqbul yechim.

Kambag‘allikni faqat oila daromadi bilan o‘lchash har doim ham uning haqiqiy ijtimoiy holatini to‘liq aks ettirmaydi. Oilada nogironligi bo‘lgan shaxs, surunkali kasallikka chalingan inson, ko‘p farzandlilik yoki mehnatga layoqatli a’zolarning xorijda bo‘lishi kabi omillar ham oilaning real ehtiyojini belgilaydi.

Shu sababli Ijtimoiy reyestrga kiritish mezonlarini ko‘p o‘lchovli baholash tizimiga o‘tkazish rejalashtirilgan.

Bu o‘zgarishni ijtimoiy adolat nuqtai nazaridan baholasak, manzillilikning sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rish mumkin.

Shuningdek, yig‘ilishda tumanlar ixtiyoriga jami 3 trillion 200 milliard so‘m resurs berilishi va mablag‘larning aniq natija berishi asosiy mezon etib belgilanishi ma’lum qilindi. 8 ming 992 ta mahalladagi hokim yordamchilari faoliyati qayta baholanib, ularga biznes loyihasini tayyorlash, moliyalashtirish vositasini tanlash va tadbirkor bilan ishlash ko‘nikmalari o‘rgatilishi ham nazarda tutilyapti.

O‘zXDP uchun qanday vazifalar dolzarb?
Danagul Berdaliyeva,
xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputati:

-Kambag‘allikni qisqartirishning yangi bosqichi O‘zXDP oldiga ham yangi vazifalarni qo‘yadi.

Kambag‘allikdan chiqarilgan oilalar sonining o‘zi yetarli mezon emas. Ularning qanchasi barqaror ishga ega bo‘lgani, daromadi qanchaga oshgani va bu holat qanchalik barqa ror ekani ham tahlil qilinishi zarur.

Ikkinchidan, deputatlik nazoratida kredit va subsidiyalarning hajmi bilan birga ularning ijtimoiy samaradorligiga ham e’tibor qaratish lozim. Shu bilan birga, mehnat bozori va kasbiy ta’lim o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish partiyaning bandlik siyosatida muhim yo‘nalish bo‘lishi mumkin.

Ehtiyojmand oilalar farzandlarining ta’lim va kasbiy imkoniyatlarini kengaytirish orqali kambag‘allikning qaysidir ma’noda «meros» shaklida o‘tishining oldini olishga qaratilgan choralarni qo‘llab-quvvatlash zarur. Xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ko‘p bolali oilalar va boshqa ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlar uchun umumiy emas, balki ularning holatiga mos yechimlar ishlab chiqilishiga e’tibor qaratish muhim.

Yig‘ilishda bildirilgan yangi tashabbuslar O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish siyosati sifat jihatdan yuqori bosqichga kirayotga nini ko‘rsatadi. Bu siyosat negizida faqat ijtimoiy yordam emas, balki insonni mehnatga, tadbirkorlikka, kasbga va barqaror daromadga olib chiqish vazifasi turgani shubhasiz.

Qolaversa, yangi yondashuvlar O‘zXDPning ijtimoiy adolat, teng imkoniyat va aholi manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan g‘oyalarini amaliy mazmun bilan boyitadi.

Har bir insonning o‘z peshona teri va intilishi evaziga munosib hayot kechirishi uchun shart-sharoit yara tish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy islohotlarning hayotbaxshligini kafolatlaydi.

Farida MAHKAMOVA,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

Qonunchilikdagi yangi tashabbuslar nimalardan iborat?

Bahs, taklif, savol va aniq vazifalar. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan deputatlar faol pozisiya bildirdi.

Eng muhimi, parlament minbarida aytilgan har bir fikrning o‘z manzili bor. Ya’ni u hayotga, odamlar turmushiga borib taqaladi. Yig‘ilishda muhokama etilgan qonun loyihalarining har biri ana shu nuqtai nazardan muhokama qilindi.

Sanoat va radiatsiya xavfsizligi talablari takomillashmoqda

Majlisda sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash sohalaridagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan amaldagi qonun hujjatlariga sanoat, radiatsiyaviy va yadro xavfsizligi hamda atom energiyasidan foydalanish sohalarida davlat nazorati tizimini, huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Qolaversa, keyingi yillardagi ma’muriy islohotlardan kelib chiqib, bir qator qonunlarda vakolatli organlarning vakolatlari, huquqiy maqomi aniqlashtirilib, o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, loyihada preventiv choralarni kuchaytirish, xususan, «Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida»gi qonunda yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llashga oid qoidalar nazarda tutilmoqda. Bu sohadagi sub’yektlar mas’uliyatini oshirish va qonunchilik talablariga rioya etilishini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Munozaralar davomida qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgani, jumladan, deputatlar taklif va tavsiyalari asosida hujjat matni yanada takomillashtirilgani qayd etildi. Xususan, tadbirkorlik sub’yektlari manfaatlarini inobatga olgan holda ayrim normalar loyihadan chiqarilgani, shuningdek, undagi qator normalar amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirilib, mazmunan aniqlashtirilgani va tahririy jihatdan takomillashtirilgani ta’kidlandi.

Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Sud hokimiyati mustaqilligi yanada mustahkamlanadi

Majlisda «Sudyalarning maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu hujjat sudyalarning maqomini alohida qonun darajasida belgilash hamda sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Qonun loyihasi bilan sudyalik lavozimiga nomzodlar uchun ayrim talablar qayta ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, sudya va xalq maslahatchilari uchun yosh syenzini 35 yoshdan 30 yoshga tushirish ko‘zda tutilgan.

Sudyani dastlab 5 yilga, keyin esa muddatsiz davrga tayinlash tartibini joriy etish, sudya, sud raisi va rais o‘rinbosari lavozimlariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, loyihada sudyalar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish choralari bilan bog‘liq normalar aks ettirilmoqda.

Loyiha bilan «iste’fodagi sudya» instituti milliy qonunchilikka tatbiq etilmoqda. Iste’fodagi sudyaga boshqa huquqlar qatorida professional mediatorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi taqdim etilmoqda.

Bundan tashqari, Oliy sud va quyi sudlar apparati faoliyatini yanada samarali tashkil etishga doir ayrim normalar kiritilmoqda.

Xalq vakillari tomonidan qonun loyihasi bilan belgilanayotgan normalarning amaliyotda samarali ishlashini ta’minlashga qaratilgan takliflar bildirildi.

Majlis yakunida qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilinib, ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida maromiga yetkazishga kelishib olindi.

Davlat xaridlarida shaffoflik va hisobdorlik kuchaytiriladi

Davlat mablag‘laridan oqilona, samarali va maqsadli foydalanishni ta’minlash, davlat xaridlari jarayonlarida shaffoflik va ochiqlikni oshirish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda davlat buyurtmachilari faoliyati ustidan samarali nazoratni yo‘lga qo‘yish bugungi kunda muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan, davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish, mavjud huquqiy mexanizmlarni kuchaytirish va xarid jarayonlarida ishtirok etuvchi sub’yektlarning mas’uliyatini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qilishdi.

Ushbu hujjat bilan davlat xaridlari sohasida hisobdorlikni kuchaytirish, xaridlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash hamda davlat buyurtmachilari faoliyati ustidan nazorat mexanizmlarini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.

Xususan, davlat xaridlarida sotilgan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hududlar kesimida e’lon qilib borish taklif etilyapti. Bu orqali davlat xaridlarining hududlar bo‘yicha holatini tahlil qilish, qaysi turdagi tovar va xizmatlarga talab yuqori ekanini kuzatib borish hamda xarid jarayonlarining ochiqligini oshirish imkoniyati yaratiladi.

Loyihada davlat xaridlari ustidan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar tarkibiga davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlari natijalarini kiritish ham nazarda tutilyapti.

Bunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida amalga oshirilgan xaridlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham hisobotlarda alohida aks ettirish belgilanmoqda. Bu deputatlarga byudjet mablag‘larining davlat xaridlari orqali qanday sarflanayotganini tizimli tahlil qilish, xarid usullari va natijalarini baholash hamda zarur hollarda parlament nazorati choralarini qo‘llash imkoniyatini kengaytiradi.

Qonun loyihasida davlat xaridlari jarayonida tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, tadbirkorlarning davlat xaridlari jarayonida yuzaga keladigan shikoyatlarini joylarda tezkor ko‘rib chiqish maqsadida Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaning doimiy faoliyat yurituvchi hududiy komissiyalarini tashkil qilish taklif etilmoqda. Bu esa shikoyatlarni joylarda tezroq ko‘rib chiqish, nizolarni qisqa vaqtda hal qilish, tadbirkorlarning vaqt va xarajatlarini tejashga xizmat qiladi.

Muhokamalar davomida deputatlar davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqligini oshirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha axborotlarni parlament nazorati doirasiga kiritish hamda tadbirkorlar shikoyatlarini tezkor ko‘rib chiqish mexanizmlarini kuchaytirish davlat xaridlari tizimida shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidlashdi. Shu bilan birga, qonun loyihasida nazarda tutilgan normalar davlat xaridlarida sog‘lom raqobat muhitini kengaytirish, tadbirkorlik sub’yektlarining xarid jarayonlarida faol ishtirokini rag‘batlantirish hamda byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Madaniyat vazirining javobi ko‘rib chiqildi

Bolaning musiqaga, san’atga yoki raqsga bo‘lgan qiziqishi — uning kelajakdagi iste’dodi va ijodiy salohiyatini namoyon etish uchun dastlabki qadamdir. Bu qadamni qo‘llab-quvvatlash esa, avvalo, sifatli ta’lim, zamonaviy sharoit va zarur jihozlar bilan ta’minlangan musiqa hamda san’at maktablaridan boshlanadi.

Bugun yurtimizda minglab yoshlar ana shunday dargohlarda o‘z qobiliyatini rivojlantirib, milliy san’atimiz an’analarini o‘rganmoqda. Biroq bolalarga munosib ta’lim berish uchun faqat iste’dod va xohishning o‘zi yetarli emas. Buning uchun zamonaviy o‘quv bazasi, soz va yaroqli musiqa cholg‘ulari, sifatli o‘quv adabiyotlari hamda malakali pedagoglar ham zarur.

Shu bois deputatlar tomonidan «Bolalar musiqa, san’at va ixtisoslashtirilgan maktablaridagi ta’lim sifatini oshirish, ularning zarur jihozlar bilan ta’minlanish holati to‘g‘risida» parlament so‘rovi yuborilgan edi. Majlisda madaniyat vazirining ushbu parlament so‘roviga javobi atroflicha ko‘rib chiqildi.

Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi yillarda qabul qilingan 20 dan ortiq Prezident farmon va qarorlari asosida sohaning huquqiy va institusional asoslari mustahkamlanib, 8 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internat, 22 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, malaka oshirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.

Shu bilan birga, deputatlar e’tibor qaratganidek, sohada ta’lim sifatini yanada oshirish uchun moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, musiqa cholg‘ulari va o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash, tor ixtisosliklar bo‘yicha pedagog kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish kabi masalalar dolzarbligicha qolmoqda.

Parlament so‘roviga javobda hududlarda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berilgan. Jumladan, Buxoro, Qarshi va Urganch shaharlarida ixtisoslashtirilgan boshlang‘ich raqs san’ati maktab-internatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Urganchdagi muassasa binosi rekonstruksiya qilinib, zarur jihozlar bilan ta’minlanmoqda. Namangandagi maktab-internat binosini esa qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.

Shuningdek, 2027–2029 yillarda Qarshidagi maktab-internat o‘quv binosi qurilishiga 5 milliard so‘m, Buxorodagi ixtisoslashtirilgan san’at maktabi va yotoqxonasi qurilishiga 7 milliard so‘m, Namangandagi muassasani kapital ta’mirlash bo‘yicha loyiha-qidiruv ishlariga 500 million so‘m yo‘naltirish belgilangan.

Majlisda ta’lim muassasalarining musiqa cholg‘ulari bilan ta’minlanganlik holatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2025-2026 o‘quv yili yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan xatlovda bolalar musiqa va san’at maktablaridagi 1 229 ta milliy va 1 483 ta Yevropa musiqa cholg‘usi ma’nan eskirgan yoki foydalanishga yaroqsiz ekani aniqlangan. Ayni paytda muassasalarda jami 9 779 ta musiqa cholg‘usiga ehtiyoj mavjud bo‘lib, ularni xarid qilish uchun 115,9 milliard so‘m talab etiladi.

Ehtiyojni bosqichma-bosqich qoplash maqsadida 2023–2025 yillarda 5,7 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 4 789 ta milliy musiqa cholg‘usi xarid qilingan. 2026 yilda esa 27 ta maktabga 71 ta fortepiano yetkazib berilgan. Bundan tashqari, 6,4 milliard so‘m evaziga 19 nomdagi 158 ming nusxa o‘quv adabiyotlari va nota to‘plamlari tarqatilgan.

Kelgusida maktablarni o‘quvchilar kontingenti va haqiqiy ehtiyojidan kelib chiqqan holda manzilli jihozlash rejalashtirilgan.

Majlisda san’at ta’limi sifatini ta’minlashda pedagoglar va konsertmeysterlarning kasbiy mahorati hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Shu maqsadda olis hududlarga malakali mutaxassislarni jalb qilish, tor ixtisosliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash hamda pedagoglarni moddiy rag‘batlantirish mexanizmlari takomillashtirilmoqda. Jumladan, Prezidentning tegishli Farmoni bilan nufuzli tanlovlar g‘oliblarini tayyorlagan pedagoglarga bir yil davomida 100 foizgacha, 2026-2027 o‘quv yilidan esa o‘quvchilarning ijrochilik darajasidan kelib chiqib har oyda 20 foizgacha ustama to‘lash belgilangan. Shuningdek, pedagoglar mehnatiga haq to‘lash miqdorlarini umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagoglari darajasiga tenglashtirish nazarda tutilgan.

Pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida ham muayyan natijalarga erishilmoqda. 2025 yilda 1 063 nafar, 2026 yil avgust holatiga 703 nafar pedagog malaka oshirish kurslaridan o‘tgan. 2025–2026 yillarda attestatsiya natijalariga ko‘ra, 5 680 nafar pedagogning malaka toifasi oshirilgan.

Sohada boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirishga ham e’tibor qaratilmoqda. Xususan, «Madaniyat ERP» axborot tizimi orqali o‘quvchilarni qabul qilish, ularni sinf va guruhlarga taqsimlash, pedagoglarga biriktirish, o‘quv yuklamalari hamda kadrlarga oid ma’lumotlarni elektron yuritish imkoniyati yaratilgan.

Tizimni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va «UzASBO» bilan integratsiya qilish esa boshqaruv jarayonlarining shaffofligi va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Muhokamalarda deputatlar sohada amalga oshirilayotgan ishlarni e’tirof etgan holda, mavjud muammolarni hal etish sur’atini oshirish zarurligini ta’kidladilar. Xususan, maktablar quvvatini mavjud talabga mos ravishda kengaytirish, ta’mirtalab muassasalarni manzilli dasturlarga kiritish, yaroqsiz musiqa cholg‘ularini bosqichma-bosqich yangilash, pedagog va konsertmeysterlar yetishmovchiligini bartaraf etish hamda raqamlashtirish ishlarini yakuniga yetkazish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Majlisda parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha vazirlik tomonidan atroflicha ma’lumotlar taqdim etilgani qayd etilib, vazirning javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.

Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

“Afrosiyob”, yo‘ling hamisha ravon bo‘lsin!

Afrosiyob. Samarqand farzandi bo‘lganim uchun tarixi miloddan avvalgi VII asrlarga borib taqaluvchi bu qadim kentga o‘zgacha qiziqish, mehru muhabbat, uning kechinmalaridan xabardor bo‘lish istagi qalbimda men bilan barobar o‘sdi, desam adashmayman. Keyinchalik bildimki, Samarqand yonidagi qadim tepaliklar o‘rnida bir paytlar juda go‘zal shahar — Afrosiyob qad rostlab turgan.

Avvalo, bu ko‘hna va sirli shaharga nomi berilgan tarixiy shaxs Alp Er To‘nga – Afrosiyob haqida biroz to‘xtalmoq joiz.

Sharq olami, xususan, Eron va Turonning deyarli hamma allomalari, adibu tarixchilari Afrosiyob haqida muayyan ma’lumot berib o‘tganlar. U Turonning ulug‘ tayanchi, dunyoning mashhur hukmdorlaridan biri sifatida tasvirlangan. Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» (1069—1072 y.) asarida Afrosiyob haqida quyidagilarni o‘qiymiz: «Turklarning ulug‘ xoni Alp Er To‘ngani Afrosiyob deb atar edilar. Yo‘lbars kabi kuchli, bahodir odam demakdir» (3-jild, 379-bet). Shuningdek, To‘nga so‘zining «metindek qattiq, qo‘porib bo‘lmas darajada mustahkam» degan ma’nolari ham mavjud ekanligi mazkur devonda aytib o‘tilgan.

Bahor faslida Afrosiyob tepaliklari qizg‘aldoqlarga burkanadi. Bu chiroy ostida qadim bobolarimizning aqlu shijoati bilan bunyod etilgan shohona saroylar, uylar, hunarmandlarning ustaxonalari, savdogarlarning do‘konlari, masjid va madrasalar, mudofaa inshootlari, bog‘u gulzorlar, shaharni suv bilan ta’minlash tizimlari yotgani arxeologik qazishmalar tufayli ma’lum bo‘ldi.

Bilamizki, bu tabarruk shahar boshidan ne-ne suronlar o‘tgan. 1220 yilda Chingizxon qo‘shinlari Juyi arziz to‘g‘onini buzib, shaharni suvsiz qoldirgani, bosqinchilar devor va darvozalarni vayron qilib, saroy, masjid va madrasalarni, tinch aholi xonadonlariga o‘t qo‘ygani tarixiy manbalarda keltiriladi.

Afrosiyobdek Yer yuzining nodir shaharini zabt etish uchun ne-ne shohlar, xonlar, amirlar, xoqonu hukmdorlar shamshir o‘ynatib, qilich sermab, bu zaminga kelmishlar. Ular shaharning boyliklarini olib ketgandir, ma’lum muddat bunda davru davron surgandir, ammo bobolarimizning peshona terlari to‘kilgan tuproqlarni, vatanga bo‘lgan sadoqatni, qon bilan yozilgan dostonlarni, tarixni olib ketolmaganlari aniq.

Bizning zamonga kelib, Afrosiyob tepaliklari Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari milliy ro‘yxatiga kiritildi.

Biz uchun u yerda topilgan ko‘hna shahar devorlari, buyumlarning siniq bo‘laklari, kuygan kiyimlarning qorayib qolgan parchalari ham qadrli. Ular tarixdan so‘zlaydi. Ular so‘nggi nafasigacha o‘z shahrini himoya qilgan ajdodlarimiz haqida mardlikning dardli dostonini kuylaydi. Siyob arig‘i, Siyob bozori, Siyob mahallasi, Siyob ko‘chasi nomlari bilan butun bir tarixni yelkalarida yelkalagan.

Afrosiyob. Mening bolalik xotiramda gul bo‘lib, qush bo‘lib gavdalangan nom haqiqatga yaqin ekan. Afrosiyob – kulda o‘sib chiqqan gul ekan. Afrosiyob olovlardan omon chiqqan Humo qushi ekan.

Bundan o‘n besh yil oldin O‘zbekistonga Ispaniyadan tezyurar Talgo poyezdi keltirildi. U xuddi Humo qushiga o‘xshaydi. Nomini “Afrosiyob” deb atadilar. Uning qanotiga mustaqil O‘zbekiston bayrog‘ining timsoli tushirildi.

Mustaqillik bayrami arafasi edi. “Afrosiyob” o‘zining birinchi «uchishi»da Samarqandga qarab yo‘l oldi. U o‘z qanotida asriy armonlarni olib uchdi. Unda yo‘lga chiqqanlar orasida men ham bor edim.

“Afrosiyob”ning yumshoq o‘rindiqlarida o‘tirib, oynadan qarab ketayapman. Poyezdimiz atigi ikki soat atrofida Yer yuzining sayqali Samarqandga borishini xayolimdan kechirib, hayajonlanib ketaman.

Vagon oynasidan kino tasmasidek bir-bir o‘tayotgan ko‘rkam binolar, yam-yashil ьkengliklar, temir yo‘l yoqasidagi so‘lim manzillararo bolaligimga qaytaman.

Men tug‘ilib, kamolga yetgan Narpay tumanining Yangisaroy qishlog‘i yonidan temir yo‘l o‘tgan. Temir yo‘ldan pishqirib qatnaydigan poyezdlarning ovozi kecha-yu kunduz bizga eshitilib turadi. Tinimsiz o‘tayotgan yuk vagonlarini sanab o‘tirish biz, bolalarning odatiy yumushimiz edi. Ahyon-ahyonda yo‘lovchi poyezdlari o‘tar, bizning nazdimizda o‘sha poyezdda ketayotganlar dunyoning eng baxtli odamlari sanalardi. Ko‘pincha ularni nigohlarimiz bilan kuzata turib, adirda, sayxonlikda, temir yo‘l yoqasida joylashgan kengliklarda goh chorva boqayotgan, goho yem-xashak yig‘ayotgan, g‘o‘za qatorlaridagi begona o‘tlarni yulayotgan, kuz faslida paxta terayotgan biz, bolalar ma’yus tortib qolardik. Aksariyatimizning orzuimiz – bir kun poyezdga chiqamiz-u, poytaxtga borib, “katta-katta” o‘qishlarda o‘qish edi.

Nihoyat, o‘rta maktabni bitirib, Toshkentga poyezdda ketadigan bo‘ldik. Men, dugonam Xolbuvi va qo‘shnimizning Toshkentda o‘qiydigan o‘g‘li Shopo‘lat poyezdga chiqdik.

Biz chiqqan vagon “plaskart” deyilar, yonimizdan xohlagan odam o‘tib ketaverar ekan. Unday vagonlarda o‘g‘rilar bir bekatdan chiqib, odamlarning pul va qimmatli buyumlarini o‘g‘irlab, boshqa bekatda tushib ketishi odatiy hol ekanini aytishdi. O‘sha-o‘sha poyezdga chiqmaydigan, faqat avtobusda Samarqandga qatnaydigan bo‘ldim.

Keyingi yillarda barcha soha qatorida transport tizimida ham yaxshi o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xizmat safarlariga poyezdda boradigan bo‘ldik. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyatining a’zosi sifatida “Afrosiyob” poyezdida Samarqandga, Buxoroga, Qashqadaryoga yo‘l olgan dastlabki kunlarimizda go‘yoki ertak olamida yurgandek o‘zimni his qilganlarim yodimda.

“Afrosiyob” – O‘zbekistondagi eng tezyurar poyezd. U Toshkent, Samarqand, Qarshi va Buxoro shaharlari o‘rtasida yuqori tezlikda qatnaydi. Birin-ketin Shahrisabz va Xiva kabi tarixiy shaharlarga ham “Afrosiyob” qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

“Afrosiyob” endi mening eng qulay transport vositamga aylandi. Poyezdda yo‘lovchilar uchun hamma sharoitlar yaratilgan: istalgan qiyalikda sozlanuvchi yumshoq o‘rindiqlar, moʻtadil harorat nazorati, yuqori sifatli xizmat…

Mana, yaqinda “Afrosiyob”da ma’rifiy tadbirni o‘tkazish maqsadida xizmat safariga yo‘l oldik. Shinam va bahavo vagonda kimdir kitob o‘qiyapti, kimdir telefonida yaqin insoni bilan yozishyapti, kimdir pinakka ketgan. Barcha chehralarda xotirjamlik, mamnunlik seziladi. Men esa vagon oynasidan yurtim jamoliga boqib to‘ymayman. Tinchlik, qut-baraka hukm surgan bu yurtning cho‘llari ham, purviqor shaharlari ham, poyezdga qarab qo‘l silkitgancha qolayotgan bolalarning quvonchlari ham – hamma-hammasi go‘zal va betakror.

«Afrosiyob», yo‘ling hamisha ravon bo‘lsin!

Zulfiya MO‘MINOVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi.

Sivilizatsiyalararo muloqot va xalqaro ilmiy hamkorlik maydoni

Bugun Yangi O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoning, balki butun musulmon olamining yirik ma’rifat va sivilizatsiya markazlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Bu e’tirof tasodifiy emas. U mustaqillik yillarida tarixiy merosni asrab-avaylash, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, madaniy diplomatiyani rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lida amalga oshirilgan izchil siyosatning amaliy samarasidir.

Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatimizda Uchinchi Renessans g‘oyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlar tarixiy merosga munosabatni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy va ma’naviy merosni chuqur o‘rganish, uni zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan uyg‘unlashtirish hamda insoniyat taraqqiyoti manfaatlariga xizmat qildirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi sifatida barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ma’naviy-ma’rifiy siyosatning eng yirik va strategik loyihalaridan biri hisoblanadi. Bu majmua faqat boy tarixiy merosni namoyish etadigan muzey emas, balki O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini ilmiy asosda tadqiq qiladigan, xalqaro muloqotni rivojlantiradigan va yangi g‘oyalar tug‘iladigan intellektual markaz sifatida shakllanmoqda.

Buning yorqin tasdig‘ini 2026 yil iyul oyida Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilgan Birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi misolida ko‘rish mumkin. Mazkur nufuzli anjuman mamlakatimizning tashkiliy salohiyati, ilmiy maktabi va madaniy diplomatiyasi yuksak darajaga ko‘tarilganini yaqqol ko‘rsatdi. Eng muhimi, forum mustaqillikning 35 yili davomida amalga oshirilgan ma’naviy va ilmiy taraqqiyot siyosatining xalqaro e’tirofi sifatida tarixga kirdi.

Mustaqillikdan Uchinchi Renessans sari

Tarixiy haqiqatni tiklash, milliy o‘zlikni anglash va buyuk ajdodlar merosini xolisona o‘rganish jarayoni Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida yanada yuqori bosqichga ko‘tarilib, mamlakatimizni jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri sifatida namoyon etishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi ham ana shu uzoq yillik islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Markazni barpo etishdan ko‘zlangan maqsad faqat noyob tarixiy yodgorliklarni bir joyga jamlash emas, balki xalqimiz tomonidan yaratilgan ulkan sivilizasion merosni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganish, uni xalqaro ilmiy jamoatchilikka xolis va asosli tarzda yetkazish hamda kelajak avlod uchun ishonchli ma’naviy poydevor yaratishdan iborat edi.

Shu bois Markazning har bir bo‘limi, har bir ekspozisiyasi va har bir ilmiy xulosasi keng jamoatchilik muhokamasi hamda xalqaro ekspertizadan o‘tkazildi. Bu jarayon mustaqillik yillarida shakllangan milliy ilmiy maktabning salohiyatini, yurtimiz olimlarining mas’uliyati va fidoyiligini yana bir bor namoyon etdi.

2024 yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston olimlarining birinchi milliy forumi ushbu yo‘lda muhim bosqich bo‘ldi. Tarixchilar, sharqshunoslar, arxeologlar, manbashunoslar, qo‘lyozmashunoslar, muzeyshunoslar va boshqa sohalar vakillari ishtirok etgan mazkur anjumanda Markaz konsepsiyasi keng muhokama qilindi. Forum yakunlari bo‘yicha Kengaytirilgan ilmiy kengash tashkil etildi va ekspozisiya mazmunini yanada boyitish yuzasidan yuzlab ilmiy takliflar ishlab chiqildi. Keyinchalik aynan shu takliflar Markaz faoliyatining ilmiy dasturiga aylandi.

Oradan ko‘p o‘tmay, Samarqand shahrida 350 nafardan ziyod xorijiy olim va ekspert ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro kongress Markazning ilmiy konsepsiyasini jahon miqyosida muhokama qilish imkonini berdi. Turli mamlakatlardan kelgan mutaxassislar tomonidan bildirilgan fikr va tavsiyalar asosida ekspozisiyalar yanada takomillashtirildi, yangi tadqiqot yo‘nalishlari belgilab olindi hamda yuzlab ilmiy-innovasion loyihalarga start berildi. Bu esa Markaz faqat milliy emas, balki xalqaro ilmiy hamkorlik maydoniga aylanayotganini ko‘rsatdi.

Davlatimiz rahbari Markaz oddiy muzey emas, balki xalqimiz sivilizasion tafakkurini, milliy davlatchilik an’analarini va buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosini o‘zaro bog‘laydigan ma’rifat maskani bo‘lishi zarurligini alohida ta’kidladi. Shu asosda ekspozisiyalar qayta ko‘rib chiqildi, ilmiy matnlar boyitildi, yangi artefaktlar jamlandi va zamonaviy muzey texnologiyalari keng joriy etildi. Ayniqsa, xorijiy muzeylar va xususiy kolleksiyalardan minglab noyob artefaktlarning Vatanimizga qaytarilishi, jahonning yetakchi muzeylari va kutubxonalari tajribasining o‘rganilishi hamda raqamli texnologiyalarning keng joriy etilishi Markazning mazmun va salohiyatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi.

Xalqaro e’tirof

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonning tashqi siyosatida o‘zaro hurmat, ochiq muloqot va gumanitar hamkorlik ustuvor tamoyilga aylandi. Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatimiz tashabbusi bilan ilgari surilayotgan ma’rifat, bag‘rikenglik va sivilizatsiyalar muloqoti g‘oyalari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Buni, yuqorida aytib o‘tganimizdek, 7-11 iyul kunlari azim Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarini qamrab olgan Birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi misolida ko‘rishimiz mumkin.

Ellikdan ortiq davlatdan qariyb uch yuz nafar nufuzli olim, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, vazirlar, muftiylar, universitet rektorlari, muzeyshunoslar, qo‘lyozmashunoslar va madaniy meros sohasi vakillarini bir maydonda jamlagan mazkur forum O‘zbekistonning xalqaro ilmiy-ma’rifiy hamkorlik borasidagi imkoniyatlarini namoyish etdi. Forum ishtirokchilari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar ham mamlakatimiz tanlagan taraqqiyot yo‘lining to‘g‘ri ekanini yana bir bor tasdiqladi. Xorijlik olimlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari O‘zbekistonda tarixiy merosni asrash, buyuk ajdodlar merosini chuqur o‘rganish hamda uni jahon ilm-fani bilan uyg‘un holda rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadilar. Ular mamlakatimizni sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini ilgari surayotgan yetakchi davlatlardan biri sifatida e’tirof etdilar.

Ayniqsa, Yangi O‘zbekiston sharoitida Uchinchi Renessans g‘oyasi asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu ezgu g‘oyalarning amaliy ifodasi sifatida nafaqat mamlakatimiz, balki butun musulmon olami va jahon ilmiy hamjamiyati uchun muhim ma’naviy-ma’rifiy maskanga aylanib bormoqda.

Yuksak marralar yo‘lida

Bugungi kunda O‘zbekiston buyuk ajdodlarimiz merosini asrab-avaylash bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Aksincha, ushbu bebaho boylikni zamonaviy ilm-fan, innovatsiyalar va xalqaro hamkorlik bilan uyg‘unlashtirgan holda insoniyat taraqqiyotiga xizmat qildirish yo‘lidan bormoqda. Bu esa Yangi O‘zbekistonning eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish, avvalo, ilm-fan, ma’rifat va tarixiy merosga tayanadi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu ezgu maqsadlarni amalga oshirishga xizmat qiladigan nufuzli ilmiy-ma’rifiy dargoh sifatida kelgusida ham mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.

Rustam JABBOROV,
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi,
filologiya bo‘yicha falsafa doktori
(PhD).

Muammoni ko‘rishdan uni hal qilishgacha

Deputatlik faoliyatini odamlardan uzoqda tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki uning haqiqiy ishi, avvalo, xalq orasida, odamlar bilan yuzma-yuz muloqotda namoyon bo‘ladi. Ularning dardini eshitib, «Albatta, hal qilamiz», deb va’da berish oson, ammo aytilgan so‘zning ortidan amaliy harakat, muammoni tegishli tashkilotlar oldiga qo‘yish va natijasini nazorat qilish — haqiqiy deputatlik faoliyatidir.

Ko‘pincha aholi murojaati ortida katta masala emas, oddiy, ammo insonning kundalik hayoti uchun juda muhim ehtiyoj turadi. Kimgadir uyi atrofidagi obodonlik masalasini hal qilishda, yana kimgadir ish boshlash yoki kredit olishda, boshqa bir oilaga esa yashash sharoitini yaxshilashda amaliy yordam kerak bo‘ladi.

Shuning uchun deputatlik nazoratining eng muhim jihati — bu muammoni eshitishning o‘zi emas, uning yechimigacha borishdir.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi O‘zXDP deputatlari faoliyatiga nazar tashlasak, bu borada yaxshi natijalarga guvoh bo‘lish mumkin. Tahlillarga ko‘ra, joylarda o‘tkazilayotgan o‘rganishlar davomida deputatlar aholi aytgan masalalarni bevosita ko‘rib, mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda ularni hal etish choralarini belgilamoqda.

Eng muhimi, bu jarayonda har bir murojaat raqam yoki statistika sifatida emas, ortida muayyan inson, oila va uning ehtiyoji turgan masala sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Aynan shu yondashuv deputatlik faoliyatini odamlarga yanada yaqinlashtiradi.

Yashil hudud — sog‘lom muhit

Yashil hudud — mahalla uchun nafaqat obodlik, balki odamlar har kuni his qiladigan sog‘lom muhitdir. Yozning issiq kunida soyada dam olish, bolalarning daraxtlar orasida o‘ynashi, keksalarning sayr qilishi — bularning barchasi mahalla hayotining kerakli va go‘zal manzaralari. Shuning uchun ko‘chat ekish bilan birga, uni asrab-avaylash, sug‘orish va ko‘kalamzor hududlarni ko‘paytirish kerak.

Toshkent shahar Kengashi deputati Rustamxon Kalanovning Yunusobod mahallalaridagi tashabbuslari aynan shu masala bilan bog‘liq bo‘ldi.

Jumladan, «Adolat» mahallasida 2 500 kvadrat metr maydonda “Yashil bog‘” barpo etish, 7 sotix yer maydonidan samarali foydalanish masalalari, «Iftixor» va «Billur» mahallalarida obodonlashtirish, sanitariya va infratuzilma holati o‘rganildi.

Bu yerda masala faqat ko‘chat ekish yoki hududni tozalashda emas. Mahallada obodlik bilan birga yoshlar bandligi, ijtimoiy himoya va xavfsizlik masalalarining ham o‘rganilayotgani muhim.
Ya’ni deputatlik nazorati bir muammoni hal qilish bilan cheklanmay, mahallada yashash uchun qulay muhit yaratishga qaratilyapti.

Obodlik va xavfsizlik sharti

Bo‘ston tuman Kengashi deputati Matlubaxon Tuychiyeva tashabbusi bilan aholi murojaati ijobiy hal etildi. Xususan, Mustaqillik ko‘chasidagi 144 – ko‘p qavatli uy atrofidagi ko‘cha irrigatsiya tarmog‘i ta’mirlanib, tizim qayta tiklandi.

Bunday masala bir qaraganda kichik muammodek ko‘rinishi mumkin. Lekin ko‘p qavatli uyda yashaydigan odam uchun hududning obodligi, suv chiqarish va irrigatsiya tizimining ishlashi kundalik hayotning bir qismi. Infratuzilma tarmog‘ining ishlamasligi esa butun hududda noqulaylik keltirib chiqaradi.

Ushbu deputatlik tashabbusining ahamiyati shundaki, aholi aytgan muammo eshitildi, o‘rganildi va amaliy ish bilan hal qilindi. Natijada hududda obodlik, xavfsizlik va qulaylik uchun zarur sharoit yaratildi.

Murojaat ortida inson taqdiri bor

Uchqo‘rg‘on tuman Kengashi deputati Abdullajon Qodirovning «Sohil» mahallasidagi o‘rganishlari esa deputatlik faoliyatining yana bir muhim jihatini ko‘rsatadi.

Jumladan, imtiyozli kreditdan foydalanib chorvachilik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan fuqaroga o‘zini o‘zi band qilish va mehnat stajiga ega bo‘lish imkoniyatini yaratish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi.

Bu yerda muhim jihat — kreditning o‘zi emas, uning inson hayotida qanday natija berishi.

Agar bir oilaga imtiyozli kredit asosida ish boshlash imkoni berilsa, bu faqat bir marta ko‘rsatilgan yordam emas. Bu — oilaning o‘z daromad manbaiga ega bo‘lishi, mehnat qilishi, o‘zini o‘zi band qilishi va kelajagini mustaqil qurishi uchun imkoniyat demakdir.

«Ayollar daftari» doirasida ham ehtiyojmand xotin-qizlarga amaliy yordam ko‘rsatilgani ana shu yondashuvning davomi hisoblanadi.

Kanalizatsiya — oddiy xo‘jalik masalasi emas

Mirzacho‘l tuman Kengashi deputati Oltinoy Namozova esa aholi murojaati asosida «Gʻalaba» mahallasidagi Humoyun Mirzo ko‘chasida joylashgan 16-sonli ko‘p qavatli uy atrofidagi kanalizatsiya muammosini o‘rgandi.

O‘rganish davomida tegishli mutaxassislar jalb qilinib muammoni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar belgilandi. Masala deputatlik nazoratiga olindi.

Bu kabi masalalarni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Chunki kanalizatsiya tizimidagi nosozlik sanitariya, atrof-muhit va aholi salomatligiga ta’sir qilishi tabiiy. Shuning uchun muammoni o‘z vaqtida aniqlash va oxirigacha nazorat qilish har qachongidan ham zarurdir.

Ko‘cha yorug‘ligi – odamlar xotirjamligi

Qiziriq tuman Kengashi deputati Komiljon Muhammadiyevning «Zarobod» mahallasidagi tashabbusi ham aholi uchun kundalik, ammo juda muhim masalalardan biriga qaratilgan.

Ya’ni ko‘chalardagi yoritish tizimi o‘rganilib, ishdan chiqqan yoritgichlarni almashtirish, qo‘shimcha yoritgichlar o‘rnatish bo‘yicha takliflar berilgan. Shuningdek, energiyani tejaydigan va avtomatik boshqariladigan zamonaviy yoritish tizimini joriy etish bo‘yicha choralar belgilangan.

Ko‘cha yoritilishi — faqat obodlik emas. Kechqurun ishdan yoki o‘qishdan qaytayotgan odam, farzandini kutayotgan ota-ona, mahallada harakatlanayotgan keksa inson uchun bu, avvalo, xavfsizlik va xotirjamlikdir.

Elektr ta’minoti — kundalik ehtiyoj

Gʻallaorol tuman Kengashi deputati Akmal Ismailov esa aholi murojaati asosida Buloqboshi va Qo‘ytosh mahallalarida yangi transformator punktlarini xarid qilish va hududlarga yetkazib berish masalasini ko‘tardi.

Elektr ta’minoti bugungi kunda har bir oilaning hayotiga bevosita daxldor. Uydagi maishiy texnikadan tortib, kichik tadbirkorlik, savdo, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarishgacha bo‘lgan ko‘plab jarayonlar barqaror elektr energiyasiga bog‘liq.

Shu sababli elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rish, aholini barqaror va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash masalasini deputatlik nazoratida ushlab turish muhim.

Deputatlik nazoratining haqiqiy mezoni — natija

Ushbu misollarni birlashtirib turgan jihat bitta: muammo qayerda bo‘lmasin — mahallada, ko‘p qavatli uy oldida, ko‘chada yoki xonadonda — uning ortida aniq inson va uning ehtiyoji turibdi.
Kimdir farzandi uchun xavfsiz sport maydonchasi istaydi, kimdir ko‘chasi yoritilishini kutadi, yana kimdir tadbirkorlikni boshlash uchun imkoniyatga muhtoj. Boshqa bir oila uchun esa elektr energiyasi yoki kanalizatsiya muammosining hal bo‘lishi kundalik hayotini yengillashtiradi.

Shu nuqtai nazardan, deputatning vazifasi faqat murojaatni qabul qilish emas. Muammoni eshitish, joyiga borib ko‘rish, mas’ullarni jalb qilish, yechimini topish va natijasini nazorat qilish — haqiqiy deputatlik faoliyatining mazmuni shunda.

Bugun bir mahallada yoritish tizimi yaxshilanishi, bir oilaga ish boshlash imkoniyati yaratilishi, ko‘p qavatli uyning infratuzilma bilan bog‘liq muammosi hal qilinishi yoki bir hududda yashil maydon barpo etilishi — alohida-alohida qaraganda kichik ishdek tuyulishi mumkin. Ammo ana shu “kichik” o‘zgarishlar yig‘ilib, odamlarning kundalik hayotini yaxshilaydi.

Zero, ijtimoiy davlat, avvalo, insonning muammosini eshitadigan, uning dardiga befarq bo‘lmaydigan va aytilgan gapni amaliy natijaga aylantiradigan tizim demakdir. “Birgalikda ijtimoiy davlat sari” shiori ham aynan shu — inson manfaati yo‘lidagi amaliy ishlar bilan mazmun kasb etadi.

Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

Orolbo‘yida keng imkoniyatlar ishga solinmoqda

Insonning farovon hayoti, avvalo, uning sog‘lom bo‘lishi, ishlashi va oilasi uchun munosib daromad topa olishi bilan boshlanadi. Bugun mahallada bolalarning sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratish qanchalik muhim bo‘lsa, oddiy xonadon egasining tomorqasidan daromad olishi, yoshlar yoki xotin-qizlarning o‘z mehnati bilan pul topishi uchun imkoniyat yaratish ham shunchalik muhim. Аyniqsa, Orolbo‘yining og‘ir iqlim sharoitida bu vazifalarga odatiy emas, balki hayotning o‘zi taqozo etayotgan yangi yondashuvlar bilan orqarli yechim topish zarur.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida aholi salomatligi, ommaviy sport, bandlik va oila daromadlarini oshirish masalalari muhokama qilindi. Joylardagi mavjud muammolar, aholi ehtiyojlari va ularga yechim bo‘la oladigan amaliy takliflar yuzasidan fikr almashildi. Zero, odamlar hayotida o‘zgarish bo‘lsagina, qabul qilingan qarorlar va amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining haqiqiy natijasini beradi.

Sog‘lom hayot mahalladan boshlanadi

Sog‘lom turmush tarzi haqida ko‘p gapiramiz. Аmmo bu tushuncha hayotda qanday namoyon bo‘ladi?

Bu — bolaning telefonga emas, sport maydonchasiga oshiqishi. Bu — yoshlarning boʼsh vaqtini mazmunli o‘tkazishi. Bu — ota-onaning farzandi salomatligidan xotirjam bo‘lishi. Bu — keksa insonning ertalab mahallasida bemalol yurib, badantarbiya qilishi uchun sharoit borligi.

Аynan shu masalalar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida keng muhokama qilindi.

Unda Jo‘qorg‘i Kengesdagi partiya fraktsiyasi aʼzolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligi rahbar va masʼullari, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari aʼzolari, tuman va shahar partiya tashkilotlari rahbarlari hamda OАV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi, Jo‘qorg‘i Kengesdagi partiya fraktsiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov ochib berdi.

U o‘z so‘zida joylarda partiya deputatlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalariga to‘xtalib, sport va sog‘lom turmush tarzi uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilash bilan birga, mavjud muammolarni ochiq aytish va ularga amaliy yechim topish zarurligini taʼkidladi.

Bugun Qoraqalpog‘istonda sport sohasida muayyan natijalar bor. Hududda 44 ta sport federatsiyasi va assotsiatsiyasi faoliyat yuritmoqda. 26 ta sport maktabida 1 527 nafar murabbiy 46 643 nafar yoshga sport sirlarini o‘rgatmoqda.

Yil boshidan buyon 4 806 ta ommaviy sport tadbiri o‘tkazilib, ularga 653 569 nafar fuqaro qamrab olingan. Qoraqalpog‘istonlik sportchilar respublika va xalqaro musobaqalarda 2 156 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Ko‘rinib turibdiki, natijalarimiz yomon emas. Аmmo sportning haqiqiy samarasi faqat medallar bilan o‘lchanmaydi. Uning eng katta natijasi — sog‘lom bola, faol yosh, sog‘lom oila va harakatdagi mahalladir.

Shu maʼnoda, sport infratuzilmasini rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etadi. 2022–2025 yillarda hududda 134 ta sport maydonchasi foydalanishga topshirildi. Ularning 36 tasi universal, 70 tasi stritbol-vorkaut, 28 tasi vorkaut maydonchalaridir. 2026 yilda yana 37 ta sport maydonchasi qurilishi rejalashtirilgan.

Biroq jamoatchilik eshituvi bir haqiqatni ko‘rsatdi: hali sport maydonchasiga muhtoj mahallalar bor.

Xalq deputatlari Xo‘jayli tuman Kengashi deputati B. Qurbanov joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida aniqlangan ana shunday holatlarga eʼtibor qaratdi.

– Biz joylarda o‘rganishlar olib borganimizda, ayrim mahallalarda aholining sport bilan shug‘ullanishi uchun yetarli sharoitlar yo‘qligiga guvoh bo‘ldik. Xususan, Xo‘jayli tumanidagi «Samankol» va Taxiatosh tumanidagi «Saraykol» mahallalarida sport maydonchalari yetishmasligi sezildi. Bu, birinchi navbatda, yoshlar uchun muammo. Chunki har bir mahallada bolalar va yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, futbol, voleybol, basketbol yoki boshqa sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun sharoit bo‘lishi kerak.

Xo‘sh, muammoni qanday hal qilish mumkin? Аvvalo, sport infratuzilmasi yetishmaydigan mahallalarni aniqlab, ularda bosqichma-bosqich yangi sport maydonchalarini qurish kerak. Menimcha, bu maydonchalar faqat bitta sport turi uchun emas, imkoni boricha universal bo‘lishi lozim. Shunda bir joyning o‘zida futbol, voleybol, basketbol, vorkaut kabi mashg‘ulotlarni tashkil qilish mumkin bo‘ladi.

Yana bir muhim masala — maydoncha qurib qo‘yishning o‘zi yetarli emas. U yerda kechqurun ham yoshlar bemalol shug‘ullanishi uchun yoritish, xavfsizlik va zarur jihozlar bo‘lishi kerak. Eng muhimi, bu maydonchalardan doimiy va samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish zarur.

Sportni yoshlarga yaqinlashtirish kerak. Masalan, mahallaning o‘zida muntazam musobaqalar, turnirlar, ertalabki badantarbiya va ommaviy sport tadbirlarini tashkil qilish mumkin. Maktab o‘quvchilari, yoshlar va xotin-qizlarni ham bu jarayonga keng jalb qilish zarur. Chunki sport bilan shug‘ullangan yoshning bo‘sh vaqti ham mazmunli o‘tadi, ham sog‘lom muhitda ulg‘ayadi, – dedi deputat.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi, O‘zXDP fraktsiyasi aʼzosi Berdibek Seytnazarov ham aholi salomatligini mustahkamlash, ommaviy sportni rivojlantirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish muhimligini qayd etdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Аzamat Qalbaev sohada amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar haqida hisobot berdi.

Muhokama davomida yangi takliflar ilgari surildi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, partiya fraksiyasi aʼzosi S. Xo‘jamuratova hududda yoga sporti bo‘yicha federatsiya tashkil etish taklifini bildirdi.

Jamoatchilik eshituvida sohada yechimini kutayotgan masalalar va istiqboldagi vazifalar ham atroflicha muhokama qilindi.

Eng muhimi, muammolar ochiq aytildi, takliflar bildirildi va ularni amaliy yechimga aylantirish zarurligi taʼkidlandi.

Sog‘lom turmush tarzi shior bilan emas, sharoit bilan shakllanadi. Аgar mahallada sport maydonchasi bo‘lsa — yoshlarda qiziqish ortadi. Аgar qiziqish bo‘lsa harakat paydo bo‘ladi. Harakat bor joyda esa sog‘lom hayotga intilish kuchayadi.

Kambag‘allikni qisqartirish masalalari muhokama qilindi

Jamoatchilik eshituvining ikkinchi qismi aynan Orolbo‘yida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirishda ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar hamda innovatsion yechimlardan foydalanish masalasiga bag‘ishlandi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, O‘zXDP fraksiyasi aʼzosi, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi direktori Baxitjan Xabibullaev «Orolbo‘yi mintaqasida kambag‘allikni qisqartirishda aholini moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlashning innovatsion yechimlari» mavzusida maʼruza qildi:

— Orolbo‘yining sharoiti boshqa hududlardan biroz farq qiladi. Bu yerda suv tanqisligi, yerlarning sho‘rlanishi, qurg‘oqchilik kabi muammolar bor. Shuning uchun boshqa joyda samara bergan usulni shunchaki olib kelib, bu yerda qo‘llash har doim ham kutilgan natijani bermaydi. Bizga aynan Qoraqalpog‘istonning sharoitiga mos yechimlar kerak. Shu maqsadda markazimizda qurg‘oqchilik va sho‘rga chidamli ekin turlarini sinovdan o‘tkazyapmiz, kam suv talab qiladigan, kam xarajat bilan samarali natija beradigan agrotexnologiyalarni o‘rganib, amaliyotga joriy qilyapmiz.

Menimcha, ilm-fanning eng katta qiymati uning oddiy insonlar hayotiga qanchalik naf keltirishi bilan o‘lchanadi. Аgar olim yaratgan texnologiya laboratoriyada qolib ketsa, uning foydasi cheklangan bo‘ladi. Biz esa bu ishlanmalarni xonadonlarga olib kirishni maqsad qilganmiz.

Masalan, bir oilaning tomorqasi bor, lekin undan yetarlicha daromad ololmayapti. Аgar unga hudud sharoitiga mos urug‘lik berilsa, uni ekish va parvarish qilish bo‘yicha to‘g‘ri agrotexnologiya o‘rgatilsa, suvdan samarali foydalanish yo‘li ko‘rsatilsa, o‘sha kichik tomorqaning o‘zi oila uchun qo‘shimcha daromad manbaiga aylanishi mumkin. Shuning uchun ehtiyojmand va kam daromadli xonadonlarga sertifikatlangan urug‘liklarni bepul tarqatyapmiz.

Lekin bu yerda maqsad faqat urug‘lik berish emas. Аsosiy maqsad — insonga o‘z qo‘li bilan daromad topishi uchun imkoniyat yaratish.

Chunki bir martalik yordam maʼlum bir muammoni vaqtincha hal qilishi mumkin. Аmmo insonga bilim, texnologiya va barqaror daromad manbai berilsa, bu uning hayotini o‘zgartiradi. Аyniqsa, tomorqasi bor oilalar uchun bu juda muhim. Baʼzan insonning qo‘lida katta mablag‘ bo‘lmasligi mumkin, lekin uning yeri, mehnati va ishlash istagi bor. Аgar shu imkoniyatlarga zamonaviy bilim va texnologiyani qo‘shsak, natija bo‘ladi, – dedi u.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida belgilangan ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, qishloq hududlarida bandlikni taʼminlash va tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish vazifalari doirasida B. Xabibullayev tomonidan 7 ta ustuvor taklif ilgari surildi.

Ular orasida har bir mahallada innovatsion namunali tomorqalar tashkil etish, hudud iqlimiga mos agrotexnologiyalarni keng joriy qilish, yangi navlarni ko‘paytirish, xotin-qizlar va yoshlar uchun «yashil» tadbirkorlikni rivojlantirish, raqamli agromaslahat xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, xalqaro investitsiya va grantlarni jalb qilish hamda ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish hamkorligini kuchaytirish kabi muhim yo‘nalishlar o‘rin oldi.

Muhokama natijasida Jo‘qorg‘i Kengesdagi partiya fraksiyasining tegishli qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, partiya deputatlari o‘z saylov okruglarida innovatsion agrotexnologiyalarni aholiga keng targ‘ib qilish, ularning joylarda joriy etilishi va samaradorligini o‘rganish bo‘yicha tizimli deputatlik nazoratini olib boradi. Аniqlangan muammolar yuzasidan masʼul tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari kiritilib, takliflarning qog‘ozda qolib ketmasdan, amaliyotga tatbiq etilishiga eʼtibor qaratiladi.

Jamoatchilik eshituvi doirasida tadbir ishtirokchilari Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tajriba-sinov uchastkasida ham bo‘lishdi. Bu yerda ishtirokchilar innovatsiyaning amaliyotda qanday natija berayotganiga bevosita guvoh bo‘lishdi.

Ishtirokchilarga Qoraqalpog‘istonning og‘ir iqlim sharoitiga moslashtirilayotgan o‘simlik va ekin turlari, suv va resursni tejaydigan texnologiyalar, shuningdek, oddiy xonadon tomorqasidan kam xarajat bilan ko‘proq daromad olish imkonini beruvchi zamonaviy agrotexnik usullar namoyish etildi.

Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, O‘zXDP fraksiyasi aʼzosi Baxitjan Xabibullaev ishtirokchilarga markazda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, tajriba-sinov ishlari va kelgusida aholiga tatbiq etilishi rejalashtirilayotgan loyihalar haqida batafsil maʼlumot berdi.

Eʼtiborlisi, bu yerda tadqiqotlar shunchaki yangi nav yaratish bilan cheklanmaydi. Orolbo‘yida sho‘rlangan va degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash, suv tanqis sharoitda ham hosil olish, iqlim o‘zgarishiga moslashish kabi muammolarga amaliy yechim izlanmoqda. Mo‘ynoq va Nukus tumanlarida tashkil etilgan tajriba-sinov maydonlarida ana shu yo‘nalishlarda keng ko‘lamli tadqiqotlar olib borilmoqda.

Bu ishlar Orolbo‘yi uchun juda muhim. Chunki bu hududda yer va suv masalasi oddiy qishloq xo‘jaligi muammosi emas, u bevosita odamlarning daromadi va turmushiga taʼsir qiladi. Yer unumdor bo‘lsa, tomorqadan hosil olish mumkin. Suv tejalsa, xarajat kamayadi. Hosil ko‘paysa, oila daromadi ortadi. Demak, ilmiy izlanishning yakuniy natijasi oxir-oqibat inson hayotida ko‘rinishi kerak.

Shu maqsadda markazda Orolbo‘yi sharoitiga mos, qurg‘oqchilik va sho‘rga chidamli o‘simlik hamda ekin navlari sinovdan o‘tkazilmoqda. Iqlim o‘zgarishiga moslashgan, suv va boshqa resurslarni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish orqali nafaqat qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini taʼminlash va kambag‘allikni qisqartirish uchun ham yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.

Ishtirokchilarga markaz olimlari tomonidan o‘rganilayotgan o‘simlik turlari, yaratilgan texnologiyalar va erishilgan natijalar ham bevosita tajriba maydonlarida tushuntirib berildi. Bu esa ilmiy ishlanmalarning hayot bilan qanchalik yaqin bog‘liq ekanini ko‘rsatdi.

Eshituvda ko‘tarilgan masalalar har bir oilaning buguni va ertangi kuniga bevosita daxldorligi bilan ahamiyatlidir. Sog‘lom va faol hayot kechirish, sport bilan shug‘ullanish, munosib ishga ega bo‘lish va oila daromadini oshirish — inson farovonligini belgilaydigan, bir-biri bilan uzviy bog‘liq omillar. Eng muhimi, bugun bildirilgan fikr va takliflar ertaga odamlarning hayotida o‘z aksini topishi, har bir oila o‘zgarishni amalda his qilishi kerak.

Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

Muallimning jamiyatdagi yangi qiyofasi

Mana, yangi o‘quv yili ham boshlandi. Mustaqilligimizning o‘ttiz besh yilligi tantanalari bilan uyg‘un va hamohang holda o‘tgan Bilimlar kuni biz, o‘qituvchi-murabbiylar uchun ilm urfonida, kasbiy faoliyatimizda yana bir yangi marralar sari intilish debochasi hisoblanadi.

Shunday kezlarda beixtiyor ortga nazar tashlaysan kishi. Yashirib nima qildik, yurtimizda taʼlim tizimi o‘zining eng og‘ir, eng sinovli kunlarini boshidan o‘tkazdi. Bir paytlar «o‘qituvchi» degan nomning ortida paxta dalasida qadoq bo‘lgan qo‘llar, qog‘ozbozlikdan charchagan nigohlar va, eng achinarlisi, ro‘zg‘orini tebratish uchun maktabdan keyin mardikorlik yoki bozorda savdo qilishga majbur bo‘lgan ziyolining afsus-nadomatlari yotardi. O‘sha kezlari « O‘qituvchining maoshi 1000 dollarga yetadi» degan gapni birov aytsa, hech kim ishonmasligi aniq edi. Chunki o‘qituvchining jamiyatdagi qadr-qimmati va nufuzi ham xuddi uning arzimas maoshi kabi pasayib ketgandi.

Аmmo keyingi yillarda taʼlim tizimini rivojlantirish bilan bog‘liq davlat siyosatining markaziga, jamiyatning to‘riga aynan muallim olib chiqildi. O‘qituvchining rosmana maqomi oshdi.

Umuman olganda, Prezidentimizning Bilimlar kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida qayd etilganidek, taʼlim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli Yangi O‘zbekiston maktablari butunlay yangicha qiyofa kasb etib, taʼlim sifati takomillashib borayotganini barchamiz ko‘rib, bilib turibmiz.

Men 18 yildan buyon o‘quvchilarga ona tili va adabiyot fanidan saboq berib kelayotgan ustoz sifatida tizimdagi tub burilishlarni hayajonsiz gapira olmayman.

2024 yilda qabul qilingan «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi tarixiy qonun biz, muallimlar uchun chinakam «ijtimoiy va huquqiy qalqon»ga aylandi. Qonun bilan o‘qituvchini kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga — majburiy mehnatga, obodonlashtirish yoki turli xil ortiqcha hisobotbozlikka jalb qilish qatʼiy taqiqlandi, bunga yo‘l qo‘yganlarga maʼmuriy hamda jinoiy javobgarlik belgilandi. Muallimning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitishga qaratilgan har qanday xatti-harakat uchun jazo muqarrarligi taʼminlandi. Pedagoglarning sog‘lig‘ini saqlash davlat nazoratiga olindi. Qonunga muvofiq, biz davlat tibbiyot muassasalarida bepul majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish, shuningdek, sihatgohlarga imtiyozli yo‘llanmalar olish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Bu — muallimning ruhiy va jismoniy xotirjamligi, demakki, taʼlim sifatining kafolatidir.

Yana bir muhim jihat — Prezidentimizning «Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi» hamda taʼlim sifatini oshirishga oid farmon va
qarorlari asosida milliy o‘quv dasturimiz tubdan yangilandi. Finlyandiya va Singapur kabi rivojlangan davlatlar tajribasi asosida kriterial (formativ va summativ) baholash tizimiga o‘tdik. Bu tizim shunchaki ball qo‘yish emas, balki o‘quvchining tanqidiy va kreativ fikrlashini, mantiqini hamda amaliy ko‘nikmalarini adolatli baholashga xizmat qilmoqda. Natijada o‘quvchida baho uchun emas, bevosita real bilim va mustaqil fikr uchun intilish paydo bo‘ldi.

Bugungi kunda oylik daromadimning 1000 АQSh dollari ekvivalentidan oshgani kimlar uchundir shunchaki balandparvozlikdek tuyulishi mumkin. Аmmo masalaning tub mohiyatiga nazar tashlasak, bu mablag‘ osmondan tushgani yo‘q. Bu — tizimda yaratilgan shaffof, adolatli va eng muhimi, sog‘lom raqobatga asoslangan muhitning amaldagi natijasidir.

O‘qituvchilik shunday kasbki, kechagi bilim bilan bugungi avlodga dars berib boʼlmaydi. Masalan, men o‘zim 2025 yili kuzgi attestatsiya jarayonlarida ishtirok etib, maksimal 100 ball to‘pladim. Bu natijani yuzlab kitoblar mutolaasi, zamonaviy metodikalarni o‘zlashtirish va tinimsiz o‘z ustimda ishlaganim mevasi, deb bilaman. Davlatimiz tomonidan joriy etilgan Milliy sertifikatlash tizimi esa bu borada chinakam adolat tarozisiga aylandi. Kasbiy mahoratimni sinovdan o‘tkazib, ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikatning eng yuqori — «А+» darajasini qo‘lga kiritdim. Mazkur sertifikat tufayli bazaviy maoshimga 50 foizlik ustama qo‘shildi. Taʼlimda shunday tizim yaratildiki, endilikda o‘z kasbining fidoyilari eʼtibordan chetda qolmayapti. Yaqindagina shaxsiy kabinetim orqali yana bir xushxabarni qabul qilib oldim: faoliyatim davomida ikkinchi marotaba Vazir jamg‘armasi ustamasi sohibasiga aylandim. O‘z ustida ishlagan, o‘quvchilari yuqori natijalar qayd etgan o‘qituvchiga beriladigan bu 70 foizlik qo‘shimcha daromad pedagoglarni uyqudan uyg‘otdi, maktablarda sog‘lom raqobatni shakllantirdi.

Qolaversa, yaqindagina mamlakatimiz miqyosida o‘tkazilgan «Yil o‘qituvchisi» nufuzli ko‘rigida g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Prezidentimiz tashabbusi bilan ushbu tanlovning ilk bor bunday keng qamrovda va yirik moliyaviy mukofotlar bilan tashkil etilishi jamiyatda muallimning qaddini naqadar balandga ko‘targanini izohlashga so‘z ojiz.

Eng quvonarlisi shundaki, bunday natijalarga erishayotgan faqat men emasman. O‘zim faoliyat yuritayotgan Vobkent tumanidagi maktabimiz va boshqa taʼlim dargohlarida matematika, ingliz tili kabi fanlardan xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritib, maoshi 1000 dollardan oshayotgan hamkasblarim talaygina.

Bu jamiyatimizda «o‘qituvchi nochor, maoshi ro‘zg‘oridan ortmaydi» degan eski stereotiplarning butunlay barham topganini anglatadi. Moddiy va maʼnaviy jihatdan taʼminlangan, jamiyatda o‘z o‘rni va hurmatiga ega bo‘lgan ustozlargina Uchinchi Renessansning erkin fikrli, jahon bilan bo‘ylasha oladigan bunyodkorlarini tarbiyalay oladi.

Bizga berilayotgan bu rag‘bat zimmamizga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Davlatimiz rahbari o‘qituvchi, murabbiy va ziyolilarni Uchinchi Renessansning asosiy harakatlantiruvchi kuchi va tayanchi sifatida eʼtirof etgan. Shunday ekan, bizga ishonib topshirilgan har bir farzandni jahon andozalari darajasida fikrlaydigan, bilimli insonlar qilib tarbiyalashga bor kuchimizni bag‘ishlaymiz.

Bugungi yoshlarga qarab havasim keladi, chunki ular uchun barcha eshiklar ochiq. Universitetlarda kvotalarning ko‘payishi, xususiy oliygohlarning ochilishi, professional taʼlim — kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi har bir yoshning o‘z yo‘lini topishi uchun katta maydondir.

Ishonchim komilki, bugungi yoshlar orasidan yangi boburlar, navoiylar, xorazmiylar, beruniylar yetishib chiqadi. Ular o‘z ilmi va salohiyati bilan Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shib, davlatimiz va xalqimiz umidini, ishonchini oqlaydilar. Biz, muallimlar bu jarayonning faol ishtirokchisi bo‘lishdan faxrlanamiz.

Billura ZАYNIYEVА,
Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi
3-umumiy o‘rta taʼlim maktabining
ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi.

ҲАМЖИҲАТ ХАЛҚИМИЗНИНГ МУҲТАШАМ БАЙРАМИ

Мустақиллик халқимизнинг жипслиги ва ҳамжиҳатлигини янада оширадиган энг улуғ, энг азиз байрамга айланганига шу кунларда яна бир бор гувоҳ бўлдик. Байрам дастуридаги улуғвор ва жўшқин чиқишлар ғурур ва ифтихорни оширди. “Янги Тошкент” ҳудудида қад ростлаган муҳташам майдонда янграган тарихий фикр ва янги ташаббуслар халқимиз куч-қудрати, бунёдкорлик салоҳиятининг ҳаётий намоёни бўлди.

Президентнинг Мустақиллигимизнинг 35 йиллиги айёмидаги нутқи байрам табригигина эмас, яқин йиллар учун ҳаётий дастур бўлди. Нутқда одамларнинг розилиги, кучли ижтимоий ҳимоя ва инсон қадри энг олий ўринга қўйилди. Амалга оширилган тизимли ислоҳотлар натижасида камбағаллик даражаси 2017 йилдаги 35 фоиздан 4 фоизга тушгани таъкидланди. Мана шу рақамлар ортида миллионлаб оилаларнинг рўзғорига барака кириб, турмуш сифати яхшиланганини англашимиз мумкин. Бу Ўзбекистон Халқ демократик партиясининг бош мақсади бўлган ижтимоий ҳимоя ва аҳоли турмуш фаровонлиги тамойиллари бугун мамлакатимизда давлат сиёсатининг бош мезонларидан бирига айланганини яна бир бор қатъий исботлади.

Энг муҳими, келгуси ўн йиллик – биз учун янада стратегик аҳамият касб этиши, ушбу даврда халқимиз ҳаётини тубдан яхшилайдиган 7 та миллий дастур амалга оширилиши эълон қилинди. Ушбу дастурлар партиямиз электорати ва ғояларига айни мувофиқ келади.

Биринчи дастур билан билим ва малакани келгуси тараққиётимизнинг асосий капиталига айлантириш мақсад қилинган.

Ўзбекистон Халқ демократик партияси учун таълим бу фақат билим бериш тизими эмас, балки ҳуқуқлар ва имкониятлар тенглигини таъминлаш, ҳар бир инсон учун муносиб ҳаёт кечириш саодатини яратишнинг энг муҳим воситасидир.

Шу боис, биз мамлакатимизда ҳар бир боланинг, унинг яшаш жойи, оиласининг моддий аҳволи ва ижтимоий келиб чиқишидан қатъи назар, сифатли таълим олиши учун тенг имкониятлар яратилиши лозим, деб ҳисоблаймиз.

Бунда, аввало, болаларнинг 6 ёшли тайёрлов гуруҳларига қамровини 100 фоизга етказиш муҳим омил бўлиб хизмат қилади. Чунки боланинг мактабга қай даражада тайёр ҳолда кириб келиши унинг кейинги таълимдаги муваффақиятига бевосита таъсир кўрсатади. Айниқса, чекка ва олис ҳудудларда ижтимоий ҳимояга муҳтож оилалар фарзандлари учун мактабгача тайёрлов тизимининг тўлиқ жорий этилиши катта аҳамиятга эга.

Дастурда техникумларда халқаро таълим стандартлари жорий этилиб, у ерда ёшларни замонавий меҳнат бозорида талаб юқори бўлган касбларга ўқитиш тизимини кенгайтириш орқали қамровни 1 миллионга етказиш кўзда тутилмоқда. Энди касб-ҳунар таълимида назария билан бирга амалий кўникмаларни шакллантиришга устувор аҳамият берилади. Натижада ёшларда меҳнат бозорида талаб юқори бўлган касб, амалий малака ва ўз меҳнати билан муносиб даромад топиш имконияти кенгаяди.

Янги Ўзбекистонда касб эгалламаган бирорта йигит-қиз қолмаслиги, ҳар бир ёш ўз қобилияти ва қизиқишига мос билим ва касб танлаши, шу орқали муносиб ҳаёт қуриш имкониятига эга бўлиши мақсад қилинган.

Шунингдек, иккинчи миллий дастурда халқимизнинг соғлом бўлиши ва тиббий суғуртани ҳар бир хонадонга киритиш назарда тутилмоқда. Бу партиямиз йиллар давомида курашиб келаётган «ҳар бир инсон учун сифатли ва бепул тиббиёт» тамойилини ҳаётимизга изчил олиб киради.

Қолаверса, олтинчи миллий дастурга мувофиқ маҳаллани жамият тараққиётининг асосий буюртмачисига айлантириш ташаббуси маҳаллий бюджет ва лойиҳаларни юқоридан эмас, айнан оддий одамлар, кўмакка муҳтож оилаларнинг эҳтиёжларидан келиб чиқиб тақсимлаш имконини беради. Бу биз ҳимоя қилаётган ижтимоий тенглик, шунингдек, давлатнинг халқимиз олдидаги масъулиятини янада ошириш ғоялари рўёбининг асл ифодаси бўлади.

Давлат раҳбари 2030 йилгача ялпи ички маҳсулот ҳажмини 300 миллиард долларга етказиш, аҳоли жон бошига тўғри келадиган даромадни 10 минг доллардан ошириш, саноатда 2 миллионта юқори даромадли иш ўрни яратиш вазифасини қўйди.

Бу рақамлар ортида юз минглаб оилаларнинг фаровонлиги, ёшларимизнинг муносиб иш билан таъминланиши турибди. Иқтисодий ўсиш билан бирга ижтимоий уй-жойлар қурилиши ва ижтимоий хизматлар сифатининг оширилиши Халқ демократик партияси аъзолари ва хайрихоҳлари фаол қўллаб-қувватлайдиган катта қадамдир.

Яна бир нарсани англадик, халқимиз жипс экан, ҳам иқтисодий, ҳам ижтимоий, керак бўлса, ҳам сиёсий жиҳатдан эртага, албатта, янада қудратлироқ бўламиз. Парламентдаги ва маҳаллий Кенгашлардаги депутатларимиз, фаоллар ва фидойиларимиз билан бирга халқимиз манфаатлари ҳимояси йўлида сидқидилдан хизмат қилишга тайёрмиз.

Улуғбек Иноятов,
Ўзбекистон ХДП Марказий Кенгаши раиси,
Олий Мажлис Қонунчилик палатасидаги партия фракцияси раҳбари.

Учинчи Ренессанс ниҳоллари

Барчамиз учун бирдек қадрли айём — мамлакатимиз мустақиллигининг ўттиз беш йиллиги шукуҳи ҳукм суриб турган айни пайтда Билимлар куни ҳам шаҳар ва қишлоқларимиз бўйлаб юксак кўтаринкиликда қарши олинди. Айниқса, бу кунни ҳаммадан ҳам кўра интиқ бўлиб кутган, мактаб аталмиш нурли даргоҳга илк қадам қўйган жажжи ўғил-қизларимиздаги ҳаяжон, ҳайрат ва қувончдан дил яйрайди.

Билимлар куни муносабати билан давлат раҳбари юртимиз аҳлига, ўқитувчи ва мураббийларга ҳамда азиз фарзандларимизга қутлов йўллади. Бинобарин, замирида Янги Ўзбекистоннинг инсон капиталини ривожлантиришга оид устувор мақсадлари мужассам ушбу табрикда таълим тизими ва жамият тараққиётига дахлдор энг муҳим йўналишлар акс этган.

Ҳеч шубҳа йўқки, бугун ўқишда, касбий таълимда, рақамли технологияларда, ижодий изланишлар, спорт ҳамда жамоат ишларида дастлабки ютуқлари билан барчани қувонтираётган ўғил-қизларимиз — Янги Ўзбекистоннинг ҳақиқий олтин фонди ва нурли келажагидир. Табрикда келтирилганидек, сафлари йил сайин кенгайиб бораётган мана шундай зукко, тиришқоқ фарзандларимиз тимсолида Учинчи Ренессанс ниҳолларини кўрамиз. Уларнинг ҳар бирини гуркираб ўсадиган азим дарахт, эртанги кунимизнинг мустаҳкам устунлари этиб тарбиялаш давлат ва жамиятнинг энг муқаддас вазифасига айланган.

Таҳлилларга назар ташласак, охирги йилларда 1-синфга қабул жараёнларида ўзига хос динамика кузатилмоқда. Масалан, 2024-2025 ўқув йилида қарийб 700 минг нафар бола мактаб тизимига кириб келган бўлса, ўтган ўқув йилида ушбу рақам 738 минг нафарни ташкил этди. Жорий 2026-2027 ўқув йилида эса республика мактаблари рекорд даражадаги — 800 мингга яқин болани 1-синфга қабул қилди.

Кўриб турганимиздек, мамлакатимизда барқарор демографик ўсиш натижасида мактаб ёшидаги болалар сони йил сайин ортиб бораётгани таълим тизими олдига энг биринчи навбатда инфратузилмани изчил кенгайтириш ва моддий-техник базани мустаҳкамлаш вазифасини қўймоқда. 1-синфга қабул қилинаётган ўқувчилар оқимининг кескин ортиши янги замонавий мактаб биноларини барпо этиш, мавжудларини кенгайтириш ҳамда дарсларни икки навбатлилик (смена) меъёридан оширмаслик чораларини кўришни тақозо этаётир. Шу билан бирга, синфхоналарни рақамли технологиялар, замонавий лаборатория ускуналари ва янги авлод дарсликлари билан ўз вақтида таъминлаш, ўқув масканларида сифатли ва хавфсиз муҳитни сақлаб қолиш соҳа мутасаддиларидан катта иқтисодий ва ташкилий сафарбарликни талаб қилмоқда.

Педагогик кадрлар тайёрлаш ва таълим сифатини назорат қилиш тизимини тубдан янгилаш, ҳар бир болага индивидуал ёндашув, таълим жараёнига илғор халқаро методикаларни татбиқ этиш ва синфлардаги болалар сонининг ортиши фонида ўқитиш сифатини тушириб юбормаслик ҳам тизимнинг долзарб вазифаси саналади.

Қувонарлиси, сўнгги йилларда мазкур жабҳада дадил силжишлар кузатилмоқда. Нафақат умумтаълимни сифат босқичига олиб чиқиш, балки мактаб бағридан катта ҳаётга йўлланма олаётган фарзандларимизнинг ҳам пухта билим ва камида битта замонавий касб-ҳунар эгаси бўлиб чиқиши учун барча куч-имкониятлар сафарбар қилинаётир. Табрикда тилга олинган — ҳудудларда яратиладиган «Касблар шаҳарчалари» айнан ёшларнинг назарий билимларини амалиёт билан мустаҳкамлашига, мустақил ҳаётда ўз ўринларини тезроқ топишларига хизмат қилмоғи тайин.

Шу маънода янги ўқув йили мамлакатимизнинг бутун таълим тизимида — мактаб ва лицейлардан тортиб, техникум ва олийгоҳлар ҳаётида янги маърифий юксалиш йили бўлади, десак янглишмаймиз.

Ҳозирги шиддаткор ва юксак технологиялар асрида ёшлар учун муваффақият ҳамда саодат эшикларини очадиган ягона калит бу — билимдир. Умрнинг энг жўшқин ва гўзал палласи — ёшликнинг ҳар бир лаҳзасини қадрлаб, янги илм, ғоя ва инновацияларни, замонавий касб-ҳунарларни, она тилимиз, бой тарихимиз ва маданиятимиз асосларини пухта эгаллаш ҳар бир ўқувчи ва талабанинг кундалик мақсадига айланиши шарт.

Бугун мактаб остонасига қўйилаётган илк қадамлар кун келиб, Янги Ўзбекистон тараққиётининг яна бир мустаҳкам пойдевори, миллатимиз тафаккурини чўққиларга олиб чиқадиган нажоткор маёқ бўлиши муқаррар.

Фарида ИБРОҲИМОВА.

МАЪНАВИЯТ – ЖАМИЯТ ҲАЁТИНИНГ ЖОНИ ВА РУҲИ

Мамлакатимизда миллий қадриятларни асраш, тарихий хотирани уйғотиш ва маънавий-маърифий соҳани тубдан янги босқичга олиб чиқиш борасида асрларга татигулик ишлар амалга оширилганигагувоҳ бўламиз. Айниқса, кейинги йилларда маънавиятни жамиятни ҳаракатлантирувчи кучга, ислоҳотларнинг энг таъсирчан ва қудратли қуролига айлантириш давлат сиёсатининг устувор йўналиши сифатида белгиланди.

Бугун Янги Ўзбекистонда инсон қадрини улуғлаш, халқ манфаатларини таъминлаш ва маънавий тараққиётни мустаҳкамлаш давлатимиз мустақиллигининг бош кафолати бўлиб хизмат қилмоқда. Бу борада Президентимизнинг “Агар жамият ҳаётининг танаси иқтисодиёт бўлса, унинг жони ва руҳи маънавиятдир”, деган чуқур маъноли, фалсафий концепцияси юртимиздаги барча янгиланишларнинг туб мазмун-моҳиятига айланди. Мазкур улуғвор ғоя мамлакатимизда амалга оширилаётган кенг кўламли ислоҳотларнинг ҳаётбахш кучини ифода этади. Иқтисодий ва технологик тараққиёт қанчалик муҳим бўлмасин, у маънавий ба ркамоллик, инсоний фазилатлар ва миллий қадриятларга таянмаса, жамиятда барқарор юксалишни ҳамда келажак авлод осойишталигини таъминлай олмайди.

Миллий қадриятлар — халқнинг кўп асрлик тарихи, урф-одатлари, анъаналари, она тили, муқаддас дини, бой маданияти ва маънавий меросини ўзида мужассам этган беқиёс бойликдир. Буюк аждодларимиз ҳам жамият ва давлат тараққиётида маънавиятнинг ҳал қилувчи ўрнига алоҳида эътибор қаратганлар. Хусусан, шарқнинг буюк мутафаккири Абу Наср Форобий: “Инсон камолоти жамият камолоти билан чамбарчас боғлиқдир”, дея таъкидлаган бўлса, сўз мулкининг султони, ҳазрат Алишер Навоий: “Одамий эрсанг, демагил одами, Ониким йўқ халқ ғамидин ғами”, деб инсонпарварлик, эл-юрт дарди билан яшаш ва жамият олдидаги масъулият ғояларини юксак даражага кўтарган.

Янги Ўзбекистонда ана шу буюк маънавий мерос давлат ва жамият тараққиётининг муҳим таянчи сифатида намоён бўлмоқда. Кейинги йилларда юртимизда маънавий-маърифий ишлар самарадорлигини ошириш, ёшларни миллий ва умуминсоний қадриятлар руҳида тарбиялаш, китобхонлик маданиятини юксалтириш ҳамда аҳоли, айниқса, ёш авлод ўртасида ёт ғояларга қарши мустаҳкам маънавий иммунитетни шакллантириш бўйича тизимли чора-тадбирлар амалга оширилмоқда.

Бу борадаги ишлар фақат тарғибот ва тадбирлар билан чекланиб қолаётгани йўқ. Маънавий-маърифий муҳитни яхшилаш, айниқса, ёшларни китоб, илм ва ижодга кенг жалб этишга қаратилган лойиҳалар тобора оммавий ва тизимли тус олмоқда. Жумладан, “Ёш китобхон” танлови орқали 2017–2025 йиллар давомида 4,7 миллиондан ортиқ ёшлар бадиий тафаккур ва салоҳиятини синовдан ўтказди. “Мутолаа” лойиҳаси доирасида эса 3 миллион нафар ёш қамраб олиниб, 1 827 та аудио ва 2 382 та электрон китоб яратилган. Бу рақамлар китобхонликни оддий маърифий тадбирдан ёшларнинг кундалик интеллектуал эҳтиёжига айлантиришга қаратилган ёндашув шаклланаётганини кўрсатади.

Айниқса, китобхонликни оила муҳитига олиб киришга қаратилган ташаббуслар эътиборга молик. “Ёш китобхон оила” танлови бу борада ота-онанинг шахсий намунаси ва оилавий мутолаанинг тарбиявий аҳамиятини кучайтиришга хизмат қилмоқда. 2025 йилги мавсумда танловда 96 мингдан ортиқ ёш оила иштирок этгани, 2026 йил март ойида эса республика босқичи ғолиблари тақдирлангани лойиҳанинг кенг жамоатчиликка сингиб бораётганидан далолат беради.

Китобларнинг мазмун ва сифат жиҳатидан бойитилаётгани ҳам муҳим. “Ёшлар учун минг китоб” лойиҳаси доирасида жаҳоннинг сара илмий-оммабоп асарларини ўзбек тилига таржима қилиш йўлга қўйилди. 2025 йилда 27 номдаги китоб 81 минг нусхада чоп этилиб, олий таълим муассасалари, кутубхоналар ва бошқа таълим муассасаларига етказилди. 2026 йилда яна 60 та китобни ўзбек тилига таржима қилиш режалаштирилган. Бу ташаббус ёшларнинг миллий адабиёт билан бир қаторда замонавий илм-фан ва жаҳон тафаккури намуналаридан баҳраманд бўлиши учун имкониятларни кенгайтирмоқда.

Эътиборли жиҳати шундаки, китобхонликни тарғиб қилиш усуллари ҳам замон талабларига мослашмоқда. “Китоб карвони” каби ташаббуслар орқали китоблар мактаб, кутубхона ва маҳаллаларга етказилмоқда, электрон ва аудио форматлардан фойдаланиш кенгаймоқда. Айрим ҳудудларда эса уюшмаган ёшларни ҳам жараёнга жалб этиш мақсадида “Сайёр кутубхона”, китоб тақдимотлари, адабий кечалар ва мутолаа мусобақалари ташкил этилмоқда.

Шу билан бирга, маънавий-маърифий ишларнинг мазмунини янгилаш ва уларнинг самарадорлигини баҳолашга ҳам эътибор кучаймоқда. 2025 йилдан давлат идораларида маънавий-маърифий ишлар ҳолатини аниқ мезонлар асосида баҳолаш, уларнинг натижадорлигини рейтинг орқали таҳлил қилиш бўйича таклифлар илгари сурилди. Бу эса маънавият соҳасидаги ишларни фақат ўтказилган тадбирлар сони билан эмас, балки уларнинг инсон онги, дунёқараши ва хулқ-атворига таъсири билан баҳолаш зарурлигини кўрсатади.

Бугунги ахборот маконида ёшларни турли ёт ва зарарли ғоялардан ҳимоя қилишнинг энг самарали йўли фақат тақиқ ёки чекловлар эмас, балки уларда мустақил фикрлаш, ахборотни таҳлил қилиш, ҳақиқатни ёлғондан ажратиш ва миллий қадриятларга таянган ҳолда ўз позициясини шакллантириш кўникмасини ривожлантиришдир. Шу маънода, китобхонлик, сифатли таълим, миллий тарих ва маданий меросни чуқур ўрганиш, оила ва маҳалла муҳитидаги тарбияни кучайтириш бир-бирини тўлдирувчи ягона тизим сифатида намоён бўлмоқда.

Хулоса ўрнида айтиш мумкинки, мустақилликнинг қутлуғ 35 йиллик байрами остонасида халқимизнинг асрий орзу-армонлари, бой маънавий мероси ва миллий қадриятлари асосида Янги Ўзбекистонни, Учинчи Ренессанс пойдеворини барпо этиш йўлида эришилаётган тарихий ютуқлар ҳар бир юртдошимиз қалбида чексиз ифтихор ва юксак фуқаролик масъулиятини уйғотмоқда. Бугун олдимизда турган улуғвор вазифаларни бажариш ва глобал таҳдидларга қарши туришда маънавият энг енгилмас кучимиз бўлиб қолади. Президентимиз таъкидлаганларидек, бугунги тез ўзгараётган дунёда ким ютади? Маънавий жиҳатдан уйғоқ, ўз миллий манфаатини, миллий қадриятларини қатъий ҳимоя қила оладиган халқ ютади. Миллий қадриятлар барқарор, маънавий ҳаёт юксак бўлган жамиятда ҳамиша тинчлик, тараққиёт, миллатлараро тотувлик ва умумий фаровонлик бардавом бўлаверади. Бу йўлда фидокорона меҳнат қилиш эса ҳар бир зиёлининг, маънавият тарғиботчисининг муқаддас бурчидир.

Комила Каромова,
Олий Мажлис Сенати аъзоси.