Mehr-oqibat va xayr-saxovat ayyomi

Milliy qadriyatlarimizning oliy namunalaridan biri bo‘lgan Navro‘zi olam bu yil ham o‘zgacha shukuh bilan kutib olinmoqda. Davlatimiz rahbarining shu yil 21 fevraldagi “2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori bahoriy bayramga hozirlik ko‘rish hamda xayr-u saxovat ishlariga yangi ruh va yangi mazmun bag‘ishlamoqda.

Ayni damda yurtimizning barcha hududlarida, har bir xonadonda ko‘klam yumushlari qatorida Navro‘z bilan bog‘liq an’analar, bayramona tadbirlar qizg‘in boshlab yuborilgan. Vodiylarda, vohalarda sayillar tashkil etilmoqda. Opa-singillarimiz “ilik uzildi” pallada tanga mador bo‘lguvchi sumalak, halim, ko‘k somsalar kabi milliy taomlarni tortiq etishsa, yigitlarimiz tevarak-atrofni obod qilish, ko‘chat o‘tqazish, ekin-tikin yumushlari bilan band bo‘ladi. Eng muhimi, bayram bahonasida mehr-oqibat rishtalari yanada mustahkam ildiz otadi. Bahorga, Navro‘zga yetkazganiga shukronalik tuyg‘usi ko‘ngillardan ko‘ngillarga ko‘chadi.

 

Anvarxon TEMIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

— Navro‘z odamni, olamni ezgulikka chorlaydigan kun sifatida ham aziz va qadrli. Ezgulik, muhabbat, xayr-saxovat, muruvvat, shafqat va shafoat, yangilanish va yasharish ayyomi qalblarga surur, olam-olam quvonch va yangi-yangi orzu-havaslar baxsh etadi.

Bu bayram sharqona yilning birinchi kuni, yangi fasl va dehqonchilikning debochasi sifatida nishonlanadi. Bu kunlarda odamlar bir-biri bilan diydorlashadi, sovg‘alar hadya qiladi, qariyalar, kasalmand, mehrga muhtoj kishilar holidan xabar olishadi.

Bu yilgi bayram tantanalari ham mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlar jarayoniga hamohang tarzda nishonlanmoqda. Tabarruk keksalarimizning duosini olish, nogironlar, yordamga muhtoj insonlar ko‘nglini ko‘tarish, hasharlar uyushtirish, yurtimizni yanada obod qilish kabi savobli ishlarimiz Navro‘z tadbirlariga ulanib ketmoqda. Muborak Ramazon oyi munosabati bilan xonadonlarda xayr-saxovat yo‘lida yozilayotgan iftorlik dasturxonlari g‘oyat fayzli bo‘lmoqda.

Haqiqatan ham bu ayyom insonlarni ezgulikka undaydi. Borliqning yangilanishi, yasharishi insonni mehnat qilib, rizq-ro‘z yaratishga da’vat qiladi.

 

***

Xalq demokratik partiyasining ko‘p ming sonli a’zolari, faollar va deputatlarimiz ham Navro‘zoldi xayrli tadbirlarda ishtirok etib, ezgu tashabbuslarga bosh qo‘shishmoqda. Faollarimiz ayyom arafasida hasharga chiqib, ko‘cha-ko‘ylarni obod qilish, qabristonlar, ziyoratgohlarni tartibga keltirish ishlarida namuna ko‘rsatishmoqda. Turfa xil gul va daraxt ko‘chatlari o‘tqazishib, yangi bog‘lar yaratishmoqda. Keksalarni har tomonlama e’zozlash, ko‘makka muhtoj insonlarga beg‘araz yordam berish, turli xayriya tadbirlari ham partiyamiz vakillarining diqqat markazida turibdi.

 

Quvonch va mehr ulashaylik

Har yili Navro‘z bayrami oldidan O‘zXDP tashabbusi bilan joylarda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi, keksalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan xabar olinadi. An’anaga ko‘ra, bu yil ham barcha hududlarda “Quvonch va mehr ulashaylik” aksiyasi doirasida xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

 

Malika RASHIDOVA,

O‘zXDP Markaziy Kengashi bo‘lim boshlig‘i:

– Ehtiyojmandlarni suyash, yordam qo‘lini cho‘zish, savob uchun xayr-ehson qilish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan sanaladi.

Ijtimoiy birdamlikni kuchaytirish, nogironligi bo‘lgan insonlarning hayot sifatini yaxshilash, ularga ko‘mak berish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolariga jamoatchilik e’tiborini jalb etish maqsadida ushbu aksiyani o‘tkazyapmiz.

Partiyamiz faollari va deputatlar elektoratimiz vakillarining xonadonlariga borishmoqda. Partiyaning volontyor yoshlari tomonidan hasharlar o‘tkazilyapti, xalq vakillari tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlari o‘rganilib, tegishli tashkilotlarga murojaat qilish orqali ularga amaliy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, respublikamiz bo‘yicha «Muruvvat» va «Saxovat» uylarida istiqomat qiluvchi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun madaniy-ma’naviy tadbirlar tashkil etilmoqda. Zarur buyumlar, sovg‘alar tortiq qilinmoqda. Bunda har bir viloyat, tuman-shahar Kengashlari deputatlari bilan hamkorlikda ushbu ijtimoiy muassasalarning real holati, moddiy-texnik ta’minoti, tibbiy xizmatlar sifatini o‘rganish masalasi ham e’tibordan chetda qolmayapti.

 

***

O‘zXDP Markaziy Kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirga qadar respublika bo‘yicha 9 ta «Muruvvat» hamda 3 ta «Saxovat» uylarida deputatlar va homiylar ishtirokida xayriya tadbirlari tashkil etildi.

Tadbirlarda keksalarga, nogironligi bor insonlarga bayramona kayfiyat ulashildi. Ular uchun qiziqarli o‘yinlar, ko‘ngilochar chiqishlar tashkillashtirildi. Albatta, bayram sovg‘alari ham topshirildi.

Yurtimiz bo‘ylab Navro‘z tadbirlari uyushqoqlik va ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda.

 

Laziza SHEROVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

 

 

Pragmatik tashqi siyosat – tinchlik kafolati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 mart kuni Fransiyaga davlat tashrifi doirasida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi.

BMT tizimidagi ushbu nufuzli tuzilma bilan samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari, shuningdek, joriy yilning kuzida Samarqand shahrida tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Ko‘p qirrali sheriklik bugungi kunda yuksak darajada ekani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yana bir muhim masala, O‘zbekiston tashabbusi bilan axborotdan foydalanish va bolalar ta’limi masalalari bo‘yicha rezolutsiyalar qabul qilindi.

Mamlakatimiz Madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro markazga a’zo bo‘ldi. Buxoro “Kreativ shaharlar tarmog‘i”ga qo‘shildi. Samarqanddagi Ipak yo‘li universitetida YUNESKO kafedrasi ochildi. O‘tgan yili ta’lim, madaniyat, raqamli va innovatsion texnologiyalar sohalarida 7 ta yangi loyihani amalga oshirish boshlandi.

Turon cho‘llari va Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi, ipakchilik, kulolchilik, rubob chalish va iftorlik an’analari, “Buxoro amiri devonxonasi arxivi”, “Turkiston albomi”, “Xudoybergan Devonov fotoalbomi” YUNESKOning maxsus ro‘yxatlariga kiritildi.

Ta’kidlash joizki, Samarqand shahrida bo‘lajak Bosh konferensiyaning 43-sessiyasi so‘nggi 40 yil ichida birinchi marta YUNESKOning Parij shahridagi qarorgohidan boshqa joyda o‘tkaziladi. Bu voqea tashkilotning 80 yilligiga to‘g‘ri keladi.

Bosh direktor Odri Azule O‘zbekiston bilan sermahsul hamkorlikni yuksak baholab, bo‘lajak tadbirga keng ko‘lamli tayyorgarlik ko‘rilayotgani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Amaliy hamkorlik dasturlarini yanada kengaytirish, shuningdek, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasidagi forum va tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Bu ishlarning barchasi, aytish kerakki, jahon hamjamiyatining yurtimizga e’tibori va ishonchidan dalolat beradi. Davlatlararo munosabatlar rivoji xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikka, mintaqada tinchlikni saqlashga va pragmatik tashqi siyosat yuritishga asos bo‘ladi.

 

Gulnora MA’RUFOVA,

Oliy Majlis Senati a’zosi,

O‘zbekiston XDP a’zosi.

 

 

Ezgulik tantanasi

Navbahor nasimida qish uyqusidan uyg‘ongan daraxtlar, quyosh taftida erkalanib yuz ochgan gul-u chechaklar, nish urgan maysalar, qushlarning chug‘ur-chug‘uri… Ayni shu palladan tabiat mohir musavvir kabi butun borliqqa ajib tarovat baxsh etishga kirishadi. Bu uyg‘onish fasliga uyg‘un holda inson ichki olami ham go‘yo qaytadan yangilanadi, eng pokiza, ezgu tuyg‘ular qalblarda jo‘sh uradi. Jamiyatda tenglik, hamjihatlik, totuvlik tantana qiladi.

Har bahor bu kunni o‘zgacha intiqlik, sog‘inch va entikish bilan qarshi olamiz. Buyuk mutafakkir, she’riyat mulkining sultoni Hazrat Mir Alisher Navoiy bejiz “Har tunung qadr o‘lubon, har kunung o‘lsun Navro‘z”, deya lutf qilmagan.

Bayramlar azal-azaldan har o‘lkaning, har millatning madaniyatini, an’ana va qadriyatlarini, orzu-umidlari va turmush tarzini o‘zida mujassam etadi. 3 ming yildan ortiq tarixga ega Navro‘z xalqimiz asrlar davomida katta shodiyona va xursandchilik bilan nishonlab, ardoqlab kelayotgan bayramlar sirasiga kiradi.

 

Yunon olimi Strabon (miloddan avvalgi 63/64 yilda tug‘ilgan)ning yozishicha, ikki daryo oralig‘ida yashagan qadimgi ajdodlarimiz Navro‘z kuni otashkada, ya’ni, olovga topinadigan ibodatxonalarda to‘planishgan va yilboshini 12 kun davomida nishonlashgan. Bayramda har bir kishining yelkasiga oftob nuri tushishi yil bo‘yi to‘kin-sochin, barakali hayot kechirishidan darak beradi, deb qaralgan. Bayram tantanalari ekin-tikin yumushlarining boshlanishi bilan o‘z nihoyasiga yetgan.

Abu Bakr ibn Ja’far Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida ham Navro‘z o‘lkamizda bir necha ming yil davomida uzluksiz nishonlanib kelinayotganini tasdiqlaydigan muhim dalillar bor.

Ma’lumki, Navro‘z sharq xalqlarining eng qadimiy va umrboqiy bayrami hisoblanadi. Tarixiy manbalarda, jumladan, buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyning “Osorul-boqiya” (Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar), Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk”, Firdavsiyning “Shohnoma”, Umar Hayyomning “Navro‘znoma” asarlarida Navro‘zni azaldan Turon zamin xalqlari katta shodiyona bilan nishonlaganlari alohida qayd etilgan.

Insoniyat tamaddunining qadimgi beshiklaridan sanalgan Mesopotamiyada ham bundan ming yillar avval yilboshi katta bayram sifatida nishonlangani qadimgi shumer manbalarida o‘z aksini topgan. Ayrim taxminlarga ko‘ra, shumerliklar iqlimdagi o‘zgarishlar sabab shimoliy mintaqalardan Yaqin Sharq tomonga ko‘chib borgan qadimgi turkiylar avlodi sanaladi. Qadimgi shumer manbalarida 300 dan ortiq turkiy tillardagi so‘zlar aniqlangani ham tasodif bo‘lmasa kerak.

Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asaridan o‘rin olgan Qish va Yoz munozarasida ham aynan bahorgi teng kunlik nazarda tutilgan. Asosan turkiy xalqlar, shuningdek, xitoy, mo‘g‘ul va boshqa Sharq xalqlarida keng qo‘llanadigan muchal taqvimida yillar aynan bahorgi teng kunlikdan boshlab yangilanadi.

Anglash mumkinki, Navro‘z bayramining paydo bo‘lishi quyoshning Hamal burjiga kirishi, tun va kunning tenglashuvi kabi qator tabiat o‘zgarishlari bilan bog‘liq. Bu esa mazkur bayram chuqur astronomik ilmiy asoslarga ega ekanini bildiradi.

Mamlakatimizda Navro‘z umumxalq bayrami sifatida 1990 yildan boshlab rasman keng nishonlanib kelinadi. Mazkur bayram 2009 yil 30 sentabrda insoniyat madaniy merosining ajralmas qismi sifatida YUNESKO tomonidan umumjahon nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 2010 yilning 19 fevral kuni BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasida 21 mart — “Xalqaro Navro‘z kuni”, deb e’lon qilindi hamda bu bayram turli xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalar va o‘zaro hamjihatlikni rag‘batlantirish, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini, do‘stlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekani e’tirof etildi.

Quvonarlisi, so‘nggi yillarda Navro‘z, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, o‘zining o‘lmas ruhi, umuminsoniy g‘oyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur o‘rin egallamoqda.

Keling, shu o‘rinda mazkur ayyomning yurtimiz va mintaqamizda qanday nishonlanishiga doir qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishsak.

 

Orolbo‘yida Navro‘z

Orolbo‘yi xalqlari, xususan, qoraqalpoqlar ham Navro‘z (Nao‘rыz) bayramini bahorgi teng kunlik, to‘kin-sochinlik, baxt-u saodat, ezgu orzu-umidlar ramzi sifatida ardoqlab keladilar.

Navro‘z kirishi bilan Orolbo‘yi dehqonlari yaxshi niyatlar bilan yerga urug‘ qadaydilar, bog‘bonlar ko‘chat o‘tqazadi. Ot choptirish, ko‘pkari, kurash, qo‘chqor urishtirish singari xalq o‘yinlari har yilgi Navro‘z tantanalariga ayricha jo‘shqinlik baxsh etadi. Araz-ginalar unutiladi, muhtoj kishilarga mehr-muruvvat ko‘rsatiladi. Baxshi-jirovlar do‘mbira chertib, barhayot dostonlar, o‘lan va laparlarni kuyga soladilar. Doshqozonlarda sumalaklar qaynaydi. Qoraqalpoqlarning sevimli bayram taomlaridan yana biri “Navro‘z go‘jasi”, deb ataladi. Bu taom yetti xil dondan tayyorlanadi. Har bir xonadonda ana shunday taom pishiriladi va qo‘ni-qo‘shnilarga, ovuldoshlarga tarqatiladi. Kishilar, ayniqsa, qariyalar “Navro‘z go‘jasi”dan totib, yilning barakotli bo‘lishini tilaydilar.

 

«Olti baqan»,»Qiz quu»…

Qozoqlarda ham Navro‘z (naurыz) bilan bog‘liq ana shunday an’analar, urf-odatlar ko‘p. Xususan, qozoqlar bayram arafasida birinchi bo‘lib uchib keladigan qushni “Navro‘zko‘k”, birinchi bo‘lib ochiladigan gulni “Navro‘zchechak” deb nomlashgan. Qadimda qozoqlarda Navro‘z tantanalari 3-9 kunlab davom etgan. Bo‘yi yetgan qizlar bu kuni yigitlarga atab “Uyqi oshar” degan lazzatli taom pishiradilar. Yigitlar esa ularga turli-tuman bayram sovg‘alari tortiq qiladilar. Qariyalar yoshlarning baxt-u iqbolini tilab, xayrli duolar qiladilar.

Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan qozoq millatiga mansub minglab yurtdosh­larimiz bu sanani ko‘tarinki kayfiyatda, shod-xurramlik bilan qarshi oladi. Turli-tuman xalq o‘yinlari, sport musobaqalari tashkil etiladi. «Olti baqan»,»Qiz quu» musobaqalari, ayniqsa, katta-yu kichikda birdek qiziqish uyg‘otadi. Shu kuni doshqozonlarda beshbarmoq, sumalak, palovxonto‘ralar pishirilib, dasturxonlarga tortiladi. Kattalar kichkintoylarni ot va tuyalarda sayr qildirishadi.

 

Ko‘karmagan giyohlar ko‘karib ravon paydo…

Navro‘z (Nowruz) turkman xalqining ham eng qadimiy, go‘zal va betakror bayramlaridan biridir. Turkmanlar azaldan Navro‘zni tabiat qo‘ynida, xushmanzara go‘shalarda, qir-adirlarda nishonlab kelishgan. Momolar tayyorlagan semeni – sumalak, dog‘rama, pishme, palov singari lazzatli milliy taomlar bayram dasturxonini be­zaydi. Turkman elining to‘y-u bayramlarini ot – uloq-ko‘pkari musobaqalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Mamlakat poytaxtida, viloyat va etrap (tuman) markazlarida tashkil etiladigan milliy sport o‘yinlarida minglab chavandozlar, polvonlar o‘z kuch va mahoratlarini namoyish etadilar. Baxshilar, oqinlar Navro‘z, bahor, tinchlik, totuvlik, hamjihatlikni tarannum etuvchi doston, aydim, laparlarni ijro etadilar. Ayniqsa, tantanalarda katta-yu kichik “Qusht depdi” milliy raqsiga tushib, xursandchilik qiladi. Daraxt shoxlariga osilgan halinchaklar xotirjamlik, farovonlik, baxt-saodat timsoli hisoblanadi. Ayniqsa, yigit-qizlar bayram arg‘imchoqlarida uchib, o‘zlariga omad, baxt so‘raydilar. Dehqonlar oqsoqol – yoshullilardan duo olib, ko‘klamgi ishlarni boshlaydilar.

Navro‘zning umrboqiyligi, betakrorligi turkman xalq og‘zaki ijodida, mumtoz adabiyotida ham o‘z ifodasini topgan. Buyuk turkman shoiri Maxtumquli bu haqida shunday nafis misralarni bitgan:

Keldi navro‘z olamga, rang qilar jahon paydo,

Bulutlar ovoz urib, tog‘ qilar tuman paydo,

Bejonlara jon kirib, etarlar dahon paydo,

Ko‘karmagan giyohlar ko‘karib ravon paydo…

 

Yilda bir Navro‘z o‘lur

Turkiy adabiyotning mumtoz vakillaridan yana biri, buyuk ozarbayjon shoiri Muhammad Fuzuliyning dilbar g‘azallarida ham Navro‘zi olam vafsini uchratamiz.

Har kun ochar go‘nglumi zavqi visoling yangidan,

Garchi gullar ochmag‘a har yilda bir Navro‘z o‘lur.

Navro‘z qadim-qadimdan ozar qardoshlarimizning sevimli bayrami bo‘lib kelgan. Bu yurtda Navro‘z taraddudi, u bilan bog‘liq tadbirlar ancha erta boshlanadi. Qish chillasi chiqishi bilan o‘tkaziladigan «Xizr Nabi» marosimi shular jumlasidandir.

Navro‘zga bir oy qolganda ozarbayjonlar haftaning har chorshanba kuni gulxan yoqib, uning atrofida o‘yin-kulgi qilishadi. Bayramoldi so‘nggi chorshanbasida yosh-u qari olov ustidan hatlab o‘tadi. Hatto uy hayvonlarini ham yonib turgan olov ustidan olib o‘tishadi. Xalq aqidalariga ko‘ra, shu tariqa har bir kishining dard-alamlari, tashvishlari shu olovda yonib kul bo‘ladi. Marhumlar yodga olinib, ularning ruhi shod etiladi.

Bayram kunlari xalq qiziqchilari – «kal» va «ko‘sa»lar yelkalariga xurjun osib, milliy kiyimlarda ovul va mahallalarda, qishloq va guzarlarda ichakuzdi hangomalar aytib berishadi, turli kulgili tomoshalar ko‘rsatishadi. Tomoshabinlar ularni o‘z himmatiga yarasha siylaydi. Bayram sayillarida oshiqlar – ozar baxshilari davrada chordana qurib, soz chalib, xalq dostonlaridan o‘qiydilar. Kichkintoylar hovlima-hovli yurib, devor osha bosh kiyim – papoqlarini irg‘itadilar. Uy egasi esa bolalarning papog‘ini shirinlik, qand-qursga to‘ldirib qaytaradi.

 

Mushtarak qadriyatlar

Eron, Afg‘oniston va Markaziy Osiyoda istiqomat qiluvchi forsiyzabon xalqlarda Navro‘z bilan bog‘liq turli-tuman marosimlar, urf-odatlar hozirgacha saqlab qolingan. Masalan, afg‘onlar «haft sin» ya’ni sin (s) harfi bilan boshlanuvchi yetti xil taom tayyorlab dasturxonga tortadilar.

Navro‘z bilan bog‘liq qo‘shiqlar, bayt-u g‘azallarni xalq og‘zaki ijodida ko‘plab uchratish mumkin:

Navro‘z shudu lolayi xushrang baromad,

Bulbul ba tamomshoyi dafu chang baromad,

Murg‘oni havo jumla bikardand, chu parvoz,

Murg‘i dili mo az qafasi tang baromad.

(Navro‘z kelib, qirmizi lolalar ochildi, bulbullar daf va chang kabi cholg‘ular navosini tomosha qilgani kelishdi. Havo qushlari keng samoga parvoz qilganidek, bizning ko‘nglimiz qushlari ham tor qafasidan uchib chiqdi).

Qardosh xalqlar hayotida Navro‘zi olam bilan bog‘liq o‘xshash va o‘ziga xos jihatlar haqida ko‘p va mufassal gapirish mumkin. Bu mushtarak qadriyatlar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik, hamjihatlikning azaliy va abadiy ekanidan ham yorqin dalolatdir.

 

Oliyjanob g‘oyaga hamohang

Shu kunlarda xalqimiz sharqona yangi yil boshlanadigan qutlug‘ sana — Navro‘zi olamni yangi umid va yangi orzular bilan qarshi olmoqda. Zero, bu munavvar ayyom keyingi yillarda Vatanimizda amalga oshirilayotgan «Inson qadri uchun, inson baxti uchun» degan oliyjanob g‘oyaga hamohang bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi hamda mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida keng nishonlanmoqda. Ushbu fasl falsafasidagi insonparvarlik, odamzotni butun borliqning gultoji sifatida e’zozlash, ona zamin va tabiatni asrab-avaylash tamoyillari bugungi kunda hayotimizda yanada yorqin namoyon bo‘lmoqda.

Prezidentimizning “2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ushbu ayyom mamlakatimiz bo‘ylab “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida xalq sayillari shaklida yuqori saviyada nishonlanadi. Bayram oldidan, qolaversa, muqaddas Ramazon oyi ruhidan kelib chiqib, ayni kunlarda keksa avlod vakillarini yo‘qlash, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning, «Mehribonlik» , «Saxovat» va «Muruvvat» uylarida yashayotgan hamyurtlarimizning holidan xabar olib, turli xayriya tadbirlarini o‘tkazish ishlari boshlab yuborildi. Shahar va qishloqlarimizda hashar yo‘li bilan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish yumushlari qizg‘in davom etmoqda.

Doimiy an’anaga aylangan bu Navro‘zoldi tadbirlari, shubhasiz, jamiyatimizda hamjihatlik, oqibat, mehnatsevarlik va tinchliksevarlik muhitini sayqallashtirib, o‘sib kelayotgan avlod qalbida ezgulik, ona zaminga, tabiatga mehr tuyg‘ularini kamol toptirishga xizmat qiladi.

Navro‘z milliy va umuminsoniy qadriyatlari bilan xalqimiz hayotida hamisha beqiyos o‘rin tutadi, asrlar osha shakllangan urf-odat va an’analarimizni kelajak avlodga yetkazishda ko‘prik vazifasini o‘taydi. Bu ayyomning bebaho qadri-qimmati ham mana shunda aslida.

 

Rustam JABBOROV,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.

«O‘zbekiston ovozi», 19.3.2025, №11

 

 

Ijtimoiy himoya: aniq takliflar va qat’iy pozitsiya

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlari ijtimoiy masalalarni keng qamrab olgan. Partiya jamiyatda ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish, kambag‘allikni qisqartirish, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash bo‘yicha samarali siyosatni amalga oshirish tashabbusini ilgari suradi.

Partiyaning parlamentdagi vakillari ham, mahalliy Kengashlardagi deputatlari ham ayni shu maqsad yo‘lida faoliyat olib boradi. Joriy hafta boshida bo‘lib o‘tgan fraksiya yig‘ilishida va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida bu prinsip yana bir bor amaliy ifodasini topdi. Deputatlar ijtimoiy himoya masalalarida aniq taklif va qat’iy pozitsiya bildirdi.

 

Bosh vazir o‘rinbosari axborot berdi

Majlisda dastlab Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamovaning oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish borasida qilinayotgan ishlarga doir axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda oila institutini qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash, kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga ko‘maklashish, gender tenglikni ta’minlash borasida tizimli chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Faol islohotlar natijasida ayollarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35, tadbirkorlik sohasida 45, siyosiy partiyalar tarkibida esa 49 foizga yetdi. Hisobot davrida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlarning ulushi 52,2 foizni tashkil etdi.

Oliygohlarda, texnikum va kollejlarda 2022–2024 yillar davomida 397 ming nafar xotin-qizga 4 trln 298 mln 400 ming so‘m miqdorida 7 yil muddatga foizsiz ta’lim kreditlari ajratildi. Qo‘mita tavsiyanomasi bilan davlat granti asosida 8 ming 653 nafar ehtiyojmand xotin-qiz OTMga o‘qishga qabul qilindi.

Xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirishiga ko‘maklashish bo‘yicha ham muayyan ishlar qilinmoqda. Bu borada respublika bo‘yicha 6 ta tuman tajribasi ommalashtirilgan. Xonadonlarda uchtadan ortiq daromad manbalarini yaratish bo‘yicha Sayxunobod, hunarmandchilikni rivojlantirish orqali Jondor, xonadonda moliyaviy paketlarni joriy qilish bo‘yicha Nishon, Shofirkon, xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan kooperatsiyalar tashkil etish borasida Bag‘dod, kashtachilik maktabi va qo‘y junini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Shahrisabz tajribasi shular jumlasidandir.

Muhokamalarga boy bo‘lgan majlisda deputatlar amaliy ishlarni e’tirof etib, oilalarda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni qaror toptirish, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berdi. Kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olinib, parlament eshituvi yakuni bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.

 

Byurokratik to‘siqlar sabab dorilarni yetkazishda uzilishlar bor

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida dastlab «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlarining nogironligi bor shaxslarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyati, o‘zaro hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Fraksiya a’zolari joylardagi o‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari haqida savollar, fikr-mulohazalirini bildirdi.

Deputat Qizilgul Qosimova «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari partiya elektorati manfaatlari himoyasini kuchaytirish yo‘lida katta islohot bo‘lganini ta’kidladi va Ohangaron tumani misolida bu boradagi tahlillarga to‘xtalib o‘tdi.

Albatta, ayrim kamchiliklardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Misol uchun, nogironligi bor shaxslarga kam miqdorda olinadigan dori-darmon vositalarining tender orqali realizatsiya qilinishi belgilangan. Biroq turli byurokratik to‘siqlar sabab tenderga qo‘yilishida kechikishlar kuzatilmoqda, odamlarga dorilarni vaqtida yetkazib berishning imkoni bo‘lmayapti. Deputatga ko‘ra, bu boradagi mexanizmni qayta ko‘rib chiqish kerak.

Shuningdek, ijtimoiy muassasalarda bemorlarning soni me’yoridan ko‘p. Navbatda turganlar ham oz emas. Davolanib bo‘lgan, kimsasiz shaxslarni ijtimoiy uylarga joylashtirish orqali bu borada vaziyatni yengillashtirish mumkinligi hamda xizmat ko‘rsatishga mas’ul xodimlarning ish haqi masalasi yuzasidan fikrlar bildirildi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining mas’ullari bu borada o‘z munosabatini bayon etdi. Qayd etilishicha, texnik xodimlarning oylik maoshini belgilash tizimini autsorsingga o‘tkazish rejalashtirilgan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga texnik xizmat ko‘rsatadigan xodimlarning oyligi joriy yilda qayta ko‘rib chiqilgan bo‘lib, muassasadagi bemorlar soniga qarab belgilash tartibi joriy etilgan.

Tartibga ko‘ra, «Saxovat» va «Muruvvat» uylariga o‘zgalar yordamiga muhtoj shaxslar joylashtiriladi. Ammo o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lmagan, uysiz shaxslar ham ushbu markazlarga olib kelingan. Natijada bu muassasalarda davolanayotganlar va navbat kutayotganlar soni ko‘payib ketgan.

Agentlik mas’ulining ta’kidlashicha, ijtimoiy uylar masalasida ham muammolar bor. O‘zbekistonda 509 ta ijtimoiy uy-joy bo‘lib, ularda 10 mingta xonadon bor. Hozirda bu xonadonlarning 9 ming 600 tasi band, talab kamligi, uzoq masofada joylashgani va ta’mirtalabligi bois 400 tasi bo‘sh holatda. Ayni paytda ijtimoiy uylarga joylashtirish tartibi to‘g‘ri emasligi qayd etildi. Sababi, 9 toifadagi fuqarolar ijtimoiy uyga joylashtirilishi ko‘rsatilgan bo‘lib, odamlarning iqtisodiy holati inobatga olinmagan. Natijada ayni paytda 500 ga yaqin xonadondan boshqa maqsadda foydalanilmoqda. Masalan, o‘z xonadonini ijaraga berib qo‘yib, ijtimoiy uyda yashayotganlar yoki do‘kon sifatida ishlatayotganlar ham bor. Kimlardir esa boshqa davlatga ishlash uchun ketgan, ammo o‘z buyumlarini qo‘yish uchun joy qilib olgan.

Fraksiya a’zosi Irina Tokareva Toshkent shahri misolida «ijtimoiy karta»larni olish va ulardan foydalanish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari yetarli darajada emasligini qayd etdi. Mutasaddilar ushbu masalalar bo‘yicha aniq ma’lumotlar yetkazishga va’da berdi.

Fraksiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va Ijtimoiy himoya agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash rejalashtirilganini, shuningdek, deputatlar va agentlik xodimlari birgalikda o‘rganishlar tashkil etishi, doimiy muloqot kerakligini alohida ta’kidladi.

Yig‘ilishda qonun loyihalari ham muhokama qilindi. Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimining takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Fraksiya a’zosi Imomnazar Tursunov aholiga ijtimoiy yordam ko‘rsatishda shaxslarning (oila) iqtisodiy holatini aniqlashda bo‘shliqlar mavjudligi, xususan, ijtimoiy yordam yoki xizmat olish uchun murojaat qilgan shaxsning (oila) tijorat banklaridagi omonatlari, pul o‘tkazmalari bo‘yicha (mablag‘ qabul qilish yoki jo‘natish) ma’lumotlari va hisob raqamlaridagi qoldiq mablag‘larini o‘rganish ehtiyoji yuzaga kelayotganini urg‘uladi.

Mutasaddilar ushbu masalalar yechimi nazarda tutilayotgani, «ijtimoiy karta» tizimini yo‘lga qo‘yishga doir yangicha yondashuvlarga o‘tilayotganini aytishdi.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari har bir qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi, tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 19.3.2025, №11

 

 

Xalq ehtiyojlaridan uzilib qolmaylik…

So‘z – O‘zXDP yetakchilariga

 

Toshkent viloyati partiya kengashi raisini eshitamiz!

Bugun joylarda hayot qaynagan, islohotlar ko‘lami keng. Har qadamda o‘zgarishlarga guvoh bo‘lamiz. Ana shunday muhim pallada mahalliy Kengashlardagi XDP deputatlari nimalar bilan mashg‘ul, joylardagi partiyamiz tashkilotlari-chi? Ana shu savollarga javob topish maqsadida O‘zXDP Toshkent viloyat kengashiga bordik. Maqsadimiz viloyat partiya kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zXDP deputati Akmal Umaraliyev bilan suhbatlashish edi.

Partiya binosiga kirib borganimizda viloyat partiya kengashi raisi o‘z xonasida bir guruh saylovchilar bilan gaplashib turgan ekan. Bizga ma’lum bo‘lishicha, shu kuni ohangaronlik saylovchilar murojaat bilan kelishgan. Ularning aytishicha, tumandagi «Nurobod» mahallasida joylashgan texnikum binosi ta’mirtalab holatda, sport zali ham achinarli ahvolda. Saylovchilar texnikumni ta’mirlash masalasida yordam so‘rashgan.

– Ushbu murojaat ijobiy hal etilishi uchun astoydil harakat qilaman. Avvalo, muammo yuzasidan takliflar tayyorlaymiz, mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga deputatlik so‘rovlari jo‘natamiz. Odamlarimizning xohish-irodasi amalga oshmaguncha tinchimaymiz, – deb partiya kengashi raisi bizni xonasi tomon boshladi.

Gap orasida yana shunday dedi:

– Endi tasavvur qiling, har bir tuman, shahar, viloyatning qanchadan-qancha deputati, xalq saylagan vakillari bor. Hamma yuragi yonib ishlasa, ishonchni oqlash uchun behalovat bo‘lsa, qanchadan-qancha murojaatlar hal bo‘ladi, odamlarni o‘ylantirayotgan ko‘pdan-ko‘p muammolar yechiladi. Shunday masalalar borki, vaqt ham, katta mablag‘ ham talab etmaydi. Shunchaki e’tiborning o‘zi uni hal qilish uchun yetarli. Faqat deputat saylovchilari uchun jon kuydirsa bo‘ldi…

– Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarda XDP katta kuch va salohiyatga ega. Siz yetakchilik qilayotgan partiya tashkiloti ana shu imkoniyatdan qay darajada foydalanmoqda? Ko‘zga ko‘rinarli tashabbuslar haqida nima deyish mumkin?

– Aytish kerakki, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarimiz joylarda Xalq demokratik partiyasining siyosiy manfaatlarini ifodalaydigan, himoya qiladigan eng muhim kuchdir. Mahalliy Kengashlardagi deputatlarimiz faoliyatiga nazar tashlasak, maqtovlar ham, tanqidlar ham bor…

O‘tgan yilning oktabr oyida o‘tkazilgan saylov natijasiga ko‘ra, xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashiga ikkinchi o‘rinda 13 nafar deputat saylandi. Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarida O‘zXDP deputatlari 106 nafarni tashkil etadi. Shundan 35 nafari xotin-qizlardir.

Bugun o‘zgarishlar katta, islohotlar ko‘lami keng. Deputatlar ham shunga yarasha faol bo‘lishi, o‘zgarishlarga tayyor turishi kerak, deb o‘ylaymiz. Bu ko‘pning vakili uchun muhim masalalardan biri hisoblanadi.

Shundan kelib chiqib, aholining ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq masalalarda parlament va deputatlik nazorati tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Tahlil qilib ko‘radigan bo‘lsak, keyingi paytlarda mamlakatimizda islohotlarning markaziy nuqtasiga chiqayotgan muhim sohalarda deputatlik nazorati olib borildi va ular sessiyalar kun tartibiga kiritildi.

Masalan, partiyamizning amaliy Harakatlar dasturi ijrosini ta’minlashda Toshkent viloyat partiya tashkilotlari va xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari tomonidan bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Dasturda bandlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, qurilish, uy-joy, kommunal, qishloq xo‘jaligi va joylarda xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish masalalariga oid 92 ta masala qamrab olindi.

Amaliy Harakatlar dasturidagi yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining tegishli qonunlari, boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar ijrosi jamoatchilik va deputatlik nazorati sifatida o‘rganildi va shundan kelib chiqib, 90 ta masala partiya guruhlari, 90 ta masala doimiy komissiya yig‘ilishiga va 82 ta masala sessiya kun tartibiga olib chiqildi, partiya elektorati manfaatlariga doir tegishli qarorlar qabul qilinishiga erishildi.

Shuningdek, hududlardagi mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan 275 ta deputatlik so‘rovlari yuborilib, shundan 197 tasi ijobiy yechim topdi. Bundan tashqari, 88 marotaba joylardagi hududiy rahbarlar va mansabdor shaxslarning hisobotlari va axborotlari eshitildi.

Amaliy Harakatlar dasturi tumanlar kesimida tahlil etilganda Piskent, Toshkent, Yuqori Chirchiq, Bo‘stonliq tuman va Chirchiq shahar Kengashlari partiya guruhlari samarali va tizimli ish olib borishdi.

Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, joylarda yechimini kutayotgan masalalar oz emas. Fuqarolarni o‘ylantirayotgan ijtimoiy masalalar qay darajada samara va natija berayotgani deputatlik nazoratini olib borish davomida yanada yaqqol, aniq ko‘rinadi. Qonunlar, qaror, dasturlar va boshqa muhim hujjatlarning ijrosi, ya’ni, ro‘yobini bilish uchun ko‘proq odamlar orasida bo‘lish, har bir mahallaga, har bir xonadonga kirib borish kerak.

Ko‘zga ko‘rinarli muhim tashabbuslarga to‘xtaladigan bo‘lsam, biz bir qator loyihalarimiz bilan mahallalarga, saylovchilar orasiga kirib boryapmiz, ular bilan yelkama-yelka turyapmiz.

Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga mahalliy Kengash deputatlarini biriktirgan holda ularning muammosini bosqichma-bosqich hal etish, ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish maqsadida «Ayollarga ko‘mak» loyihasi o‘tkazildi. Mazkur loyiha doirasida 122 ta tadbir tashkil etilib, 435 nafar ijtimoiy ko‘makka muhtoj, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarning muammolari o‘rganildi. Jumladan, 15 nafar nogironligi bor xotin-qizlarga aravacha, 12 nafariga qo‘ltiqtayoq va eshitish moslama si olishga ko‘mak berildi. Shuningdek, deputatlar ko‘magida 3 nafar xotin-qiz yangi uy-joy bilan ta’minlandi. 6 nafariga tikuv mashinasi olib berishda yordam ko‘rsatildi. 178 nafar ayolga huquqiy-psixologik yordamlar ko‘rsatildi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat ha yotiga integratsiya jarayonidagi mavjud muammolarni o‘rganish va ularni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida «Teng huquq – teng imkoniyatlar» loyihasi doirasida 44 marotaba tadbir tashkil etildi. Tadbirlarda 150 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarga amaliy ko‘maklashildi.

Aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish, muammolarni tezkorlik bilan joyida hal etishga qaratilgan 87 marotaba «Deputat mahalla da» loyihasi amalga oshirildi. Deputatlar tomonidan aholi muammolarini o‘rganish maqsadida 95 marotaba sayyor qabullar o‘tkazilib unda 2152 nafar fuqaro qatnashdi, ushbu sayyor qabullarda 635 ta muammoli masala ko‘tarilib, shundan 540 tasi ijobiy hal etildi, qolgan masalalar deputatlar tomonidan nazoratga olindi.

Muhimi, qancha yig‘ilishda ishtirok etganimiz emas, odamlarning mushkulini oson qiluvchi takliflar, masalalarni ko‘targanimizda, deb o‘ylayman. Qaysi tizim, qaysi soha yaxshi ishlamayotgani, aholi nimalardan norozi ekanini ko‘proq ularning o‘zidan eshitamiz. Fuqarolardan olingan ma’lumotlar asosida kamchiliklarni tuman hokimiga aytgan vaqtlarimiz ko‘p bo‘ladi.

– Siz viloyat partiya kengashi ishidan shaxsan o‘zingiz qoniqasizmi? Partiya kengashi yo‘l qo‘ygan xatolar sizningcha, nimalardan iborat? Kamchiliklar qanday va qaysi paytda ijobiy tendensiya tomon siljiydi?

– E’tiborga molik ishlar ko‘p, albatta. Ammo bu — sohada barcha ishlar risoladagidek degani emas. Yanada faol ishlash, katta-katta tashabbuslar bilan chiqish uchun ishga solinmagan imkoniyatlarimiz bor, shundan unumli foydalanishimiz kerak.

Bir narsa aniqki, mamlakatimizda yildan-yilga demokratik muhit tobora mustahkamlanib boryapti. Bir paytlar quruq hisobot berish, shunchaki qo‘l ko‘tarib, tasdiqlash bilan o‘tgan sessiyalarimiz hozir jonlangan. Deputatlarimizning sessiyalardagi ishtiroki ancha faollashgan.

Shunday hollar ham bo‘ladiki, sessiyada fikr-mulohaza va takliflarimiz qabul qilinishi uchun tortishishga, bahslashishga to‘g‘ri keladi. Chunki deputat ko‘p, ularning har biri o‘zi saylangan siyosiy partiyaning manfaati, elektorati istaklaridan kelib chiqib, qaror qabul qilinishini istaydi. Shunga qaramay, to‘g‘ri aytilgan fikrni qo‘llab-quvvatlash, yagona to‘xtamga kelish yo‘lini topamiz.

Viloyat partiya kengashi tashabbusi bilan «Deputatning bir kuni», «Kengash raisining faoliyati», «Deputatlik so‘rovlari natijadorligi» kabi mavzularda viloyat, tuman, shahar kengashlarida tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ishimiz natijadorligini sarhisob qilish uchun har chorak oxirida deputatlar bilan anjuman tashkil qilinadi. Bu anjumanda faol deputatlar o‘z faoliyati haqida ma’lumot berishadi. Bu esa yangi saylangan deputatlar uchun amaliy dars bo‘ladi.

Ochig‘ini aytish kerak, muammo va murojaatlardan qochib yuradigan deputatlar ham yo‘q emas. Aytaylik, o‘ziga yuklatilgan vazifalarga e’tiborsiz qarab kelayotgan partiya guruhlari ham bor. Masalan, viloyatimizda ichimlik suvi muammosidan qiynalib kelayotgan hududlar mavjud.

Qishloqlarda, mahallalarda ichki yo‘llarni ta’mirlash, shuningdek, issiqlik ta’minoti masalasi, elektr energiya, tungi chiroqlar yo‘qligi bilan bog‘liq qator muammolar aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lyapti.

Ushbu masalalarda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlarining axborot va hisobotlari yetarlicha eshitilmasdan qolmoqda. Aksariyat hollarda partiya guruhlari masalani muhokamalarga olib chiqish bilan cheklanib, qabul qilingan qarorlar ijrosi nazoratsiz qolish holatlari kuzatilyapti. Vaholanki, eng muhimi erishiladigan natijadir. O‘z ishiga vijdonan yondashadigan deputat ertaga saylovchilar huzuriga nima, deb borishi haqida ham o‘ylab ko‘radi.

Partiya safiga yangi a’zolarni jalb qilish borasida qilinadigan ishlarimiz ko‘p. Saylovchilar bilan muloqotlarni ko‘paytirish, sayyor qabullar tashkil etish, viloyatning har bir hududiga kirib borishga harakat qilamiz. «Deputat mahallada», «Uyma-uy», «Tibbiy ko‘rik», «Deputat va yoshlar», «Safimizda yoshlar» loyihalari asosida amaliy tadbirlar rejasini tuzdik.

– Yutuqlar haqida gapirdik, xato va kamchiliklarni sanab o‘tdik. Keling, endi bevosita partiyaning jamiyatdagi nufuzini yanada oshirish masalasiga to‘xtalsak. Bundan keyin nimani kutsak bo‘ladi? Yana bir savol. Yuqorida muammolarni aytdingiz.

Xo‘sh, siz bu muammolarni to‘liq bartaraf etishga va’da bera olasizmi?

– Yaqinda viloyatimizdagi 33 ta tashkilotda partiyamizning yangi boshlang‘ich tashkilotlari tuzildi. Yil oxirigacha quyi bo‘g‘inlar sonini 969 taga yetkazish maqsadimiz bor.

Partiyamiz tizimida o‘tkaziladigan «Yosh siyosatchi» ko‘rik-tanlovi orqali bizga xayrixoh bo‘lgan yoshlar safi kengayib bormoqda. O‘tgan yili ushbu loyiha orqali minglab yangi a’zolar partiyamiz atrofida birlashdi.

Bugungi kunda partiya safida 63126 nafar a’zo bo‘lib, ulardan 29748 nafarini ayollar, 18962 nafarini yoshlar tashkil etadi. Yanvar oyida 2109 nafar a’zo qabul qilingan bo‘lib, ularning 862 nafari ayollar, 560 nafari yoshlar. Shuningdek, quyi bo‘g‘in elektoratimiz bilan «Siyosatchi ayol» ko‘rik-tanlovi, «Siyosatdagi yoshlar» intellektual turnir o‘tkazishni rejalashtirayapmiz.

Deputatlik birlashmalari va partiya tashkilotlari ma’lum murojaatlarni hal etish bilan birga, hududlarda partiya elektorati manfaatlariga xizmat qiladigan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning ijro holati haqida aniq xulosani shakllantirishi kerak, deb o‘ylayman.

Shu munosabat bilan faoliyatimizning barcha darajasida deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni rejalashtirganmiz. Bu orqali mahalla, tuman va shaharlarning ijtimoiy rivojlanish holatini tizimli ravishda monitoring qilamiz.

Umuman olganda, kamchiliklar ustida ishlab, partiya tashkilotlari faoliyatini yanada kuchaytirish, xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari nufuzini oshirish bo‘yicha qat’iy rejalarimiz bor. Imkoniyatlarimiz ko‘p, vakolatlarimiz ham yetarli. Ishonamanki, rejalarimizning barchasi amaliy natijalarimizda aks etadi. Eng muhimi, xalq ehtiyojlaridan uzilib qolmaslikka harakat qilamiz.

 

***

 

To‘g‘ri, amalga oshirilayotgan e’tiborga molik ishlar ko‘p, lekin jarayon to‘xtab qolmasligi, vaqt o‘tgani sari izchil tus olishi kerak. Yil boshlanganiga hali ko‘p bo‘lmadi, oldinda hali vaqt ham bor. Ko‘ramiz, kuzatamiz, birinchi yarim yillikda viloyatdagi barcha deputatlarning tashabbusini faol yoritishga biz ham umid qilamiz.

Xo‘sh, deputat sifatida siz ishingizdan qay darajada qoniqyapsiz? Mahalliy Kengashlardagi bugungi vaziyat, haqiqiy manzara aslida qanday? Keyingi sonlarimizda boshqa viloyatlardagi deputatlarimiz, mahalliy partiya tashkilotlarimizdan shu savollarga javob izlaymiz. Kuting, keyingi manzil sizning hududingiz bo‘lishi mumkin.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Laziza Sherova

suhbatlashdi.

«O‘zbekiston ovozi», 12.3.2025, №10

 

 

Yurtimizning yashillik darajasi yanada ortadi

2025 yil — Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yili

 

Havoning ifloslanishi inson salomatligi uchun eng jiddiy tahdidlardan biriga aylandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda har yili 9 millionga yaqin odam havo, tuproq va suvning ifloslanishidan vafot etadi. Ekologik muammolarning chuqurlashishi, iste’molga yaroqsiz suv, chang-to‘zonlardan yana millionlab kishilar, birinchi navbatda bolalar, ayollar, keksalar sog‘lig‘iga ziyon yetmoqda.

Mana shunday sharoitda global iqlim o‘zgarishlari, atmosferaning ifloslanishi, qurg‘oqchilik va cho‘llanishga qarshi kurashning birlamchi yechimi yashil iqtisodiyotga o‘tish, energiya samaradorligini oshirish, ekologik toza transport turlarini rivojlantirish hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda 2030 yilga qadar yashil maydonlarni 30 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadda so‘nggi uch yilda respublika bo‘yicha jami 736 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.

Bu ishlarni faol davom ettirish, «O‘zbekiston–2030» strategiyasini Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarni izchil hayotga tatbiq qilishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Davlat dasturiga ko‘ra, joriy yilda mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, ko‘chalarning yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish chora-tadbirlari yangi bosqichga ko‘tariladi. Aholi uchun barpo etilayotgan piyodalar va alohida velosiped yo‘laklari bo‘yida daraxtlar va o‘simliklarni ekish orqali «Soyali sayr ko‘chalari» tarmog‘i yaratiladi, sohil va daryo bo‘ylarida 80 ta infratuzilma obyekti va 110 kilometrdan ortiq sog‘lomlashtirish yo‘laklari barpo etiladi. «Yashil makon» umummilliy loyihasi va «Mening bog‘im» loyihasi doirasida 200 million tup daraxt hamda butalar ekilishi, «yashil bog‘lar» va «yashil jamoat xiyobonlari»da quyosh panellari yordamida quvvatlanuvchi yoritkichlardan foydalanish ham ko‘zda tutilmoqda.

 

Bu sa’y-harakatlar zamirida cho‘llanish, havo ifloslanishi kabi muammolarni yumshatish, hududlar qiyofasini go‘zallashtirish, yashillikka burkangan manzillarni ko‘paytirish va odamlar hayoti sifatini yaxshilash maqsadlari mujassam.

 

Odiljon IMINOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

– Yashillashtirishning asosiy afzalliklaridan biri havo sifatini yaxshilashdir. Zotan, ekologik muammolardan birinchi navbatda ijtimoiy yordamga muhtoj aholi ko‘proq ziyon ko‘radi. Chunki, oddiy misol, hamma ham uyiga suvni yoki havoni tozalovchi filtrlarni qo‘yish imkoniyatiga ega emas. Agar biz ekologik muammolarning samarador yechimlarini amaliyotga yo‘naltirsak, o‘z-o‘zidan juda ko‘plab ijtimoiy masalalarda ham yangi qadamlarni qo‘ygan bo‘lamiz.

Yana bir jihat. Ko‘chat ekish mavsumlarida haq to‘lanadigan jamoat ishlariga ishsiz aholini, birinchi navbatda «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarni faol jalb etishga e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, ekologiya sohasiga ixtisoslashgan oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash masalasi ham dolzarb bo‘lib turibdi. Aytaylik, ekolog-biolog, ekoximik, ekologik auditor, nutritsolog kabi ko‘plab zamonaviy kasblarga kundan-kun ehtiyoj ortmoqda. Shuni inobatga olib, oliy ta’lim bo‘g‘inida minglab yoshlarni ekologiya bilan bog‘liq kasblarga yo‘naltirish uchun yangi mutaxassisliklar ochilishi ayni muddaodir.

 

Bahorda 125 millionta ko‘chat

Shu kunlarda ayni ko‘chat ekish mavsumi qizg‘in pallaga kirmoqda. Yurtimizda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlar tobora keng qamrov kasb etmoqda. Lekin bu ishlar kutilgan natijani beryaptimi? Ekin mavsumida nimalarga e’tibor qaratilyapti? Ko‘chatlar qanday parvarishlanyapti va qanday tanlanyapti?

Bu savollarimizga javob olish uchun soha mutaxassislariga yuzlandik.

 

O‘lmas SOBIROV,

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bo‘lim boshlig‘i:

– Bilasiz, O‘zbekiston iqlimi juda o‘zgaruvchan. Ba’zi hududlarimizda namlik yuqori yoki me’yorida bo‘lsa, ba’zi joylar qurg‘oqchilikka moyil. Ko‘chatlarni ekishda va tanlashda birinchi o‘rinda shu masalaga e’tibor qaratyapmiz. So‘ng ularning har birini parvarishlash uchun mas’ullar biriktirilib, «yashilmakon.eco» elektron platformasiga kiritib borilmoqda. O‘tgan yillar davomida bu borada yetarlicha tajriba to‘pladik, xatolardan saboq chiqardik.

Jumladan, vazirligimiz tomonidan 2024 yil kuzgi ko‘chat ekish mavsumi ilmiy asoslangan holda e’lon qilindi. Vegetatsiya muddati tugashi bilan 8 noyabrda respublikamizning tog‘li hududlarida, boshqa hududlarda 12 noyabrda, Surxondaryo viloyatida esa 15 noyabrda ko‘chat ekish ishlari boshlangani yaxshi natija berdi. Yil davomida 253 ta suv qudug‘i qazilib, 3,2 ming km sug‘orish tarmog‘i barpo etildi. Suvsiz hududlarga 1900 dan ortiq maxsus texnika jalb qilindi. Respublikamizning shahar va tumanlari markazlarida jami 347 gektar maydonda «yashil bog‘lar» yaratildi.

Joriy yilda orttirgan tajriba va bilimlarimizdan yanada samarali foydalanishni maqsad qilganmiz. Bahor mavsumida 125 mln, kuzda 75 mln tup daraxt va buta nihollari ekish, «Yashil bog‘lar» sonini 700 tadan oshirish rejalashtirilgan. Xususan, yirik sanoat korxonalari va ularga tutash hududlarda 10 million tup ko‘chatdan iborat «yashil belbog‘»lar yaratiladi. Yil davomida o‘rmon muhandisi, biolog-botanik, dendrolog, tuproqshunos, irrigator, gidrogeolog, gidrolog kabi mutaxassislar ishtirokida tegishli hudud tuproq-iqlim sharoitiga mos ko‘chat turlarini tanlash, ekish, parvarish qilish va sug‘orish bo‘yicha ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etiladi.

 

Galofit bog‘lari barpo etiladi

Bobur HUSANOV,

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mas’ul xodimi:

– Bu yildan boshlab yana bir yangilik joriy etilmoqda. Ya’ni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarining tanlangan hududlarida 1 tadan, jami 5 ta galofit bog‘lari tashkil etiladi. Xo‘sh, galofit bog‘lari nima o‘zi?

Sho‘r va suvsizlikka chidamli o‘simliklar turi galofitlar deyiladi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, dunyoda u yoki bu tarzda galofitlarga tegishli bo‘lgan 3 mingga yaqin o‘simlik turlari mavjud. Galofitlarning aksariyati o‘simlik, ammo butun bir o‘rmonlarni hosil qiladigan nabotot turlari ham mavjud. Tuprog‘i sho‘r yerlarimizda ulardan foydalanish samarali natija berishi aniq.

Bundan tashqari, barcha hududlarda ko‘chatchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi subyektlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ekiladigan nihollarning zaxirasi yaratilmoqda.

Bahor mavsumida ko‘chat sotish yarmarkalari va savdo nuqtalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Respublikaning mavjud iqlim zonalari va ulardagi sharoitlardan kelib chiqib Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Surxondaryo, Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida «in-vitro» laboratoriyalari tashkil etiladi. Bu esa o‘rmon zonalarini kengaytirishga xizmat qiladi.

 

Orol tubida «yashil qoplamalar»

Zafar ESHONQULOV,

O‘rmon xo‘jaligi agentligi mas’ul xodimi:

– Bu yil ana shunday hududlarining o‘zida 250 ming gektarda «yashil qoplamalar» – himoya o‘rmonzorlarini barpo etmoqchimiz. Shuningdek, tog‘li, vodiy, to‘qay hududlarda ham o‘rmonlarni kengaytirish tadbirlari olib boriladi.

Orol dengizi tubida 100 ming gektar flora va faunadan iborat «yashil qoplama» yaratilib, Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlar maydoni 2,1 million gektarga yetkaziladi. Buning uchun birinchi navbatda o‘simliklar dunyosini yaratish, 1 yillik, ko‘p yillik, ko‘kka bo‘y cho‘zadigan daraxtlarni ekishimiz zarur. Yashillik bor joyda tiriklik bor, hayot bor. Shu ma’noda yuqorida sanab o‘tilgan aniq chora-tadbirlar samarasida respublikamizda yashillik darajasini joriy yil yakuniga qadar yanada oshirishni mo‘ljallayapmiz.

Inson salomatligini ta’minlashning 17 foizi ekologik omillarga bog‘liq bo‘lgani kabi jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni qaror toptirish bu masalaga jiddiy yondashuvni talab qiladi. Ayni sohadagi islohotlar mazmun-mohiyatan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining g‘oya-tashabbuslari bilan ham uyg‘undir.

 

Xurshidabonu NAZAROVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 12.3.2025, №10

 

Oilada – oqila, jamiyatda – ilg‘or

An’anaga ko‘ra, nafosat va go‘zallik ayyomi – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mehnat faoliyati va jamoat ishlarida namuna ko‘rsatgan bir guruh opa-singillarimiz Prezidentimizning tegishli Farmoniga muvofiq davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Ular orasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining a’zolari ham bor.

 

So‘z – mukofotlanganlarga!

 

Gulzar MAMBETNIYAZOVA,

Chimboy tuman hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i,
“Do‘stlik” ordeni sohibasi:

– Ozmi-ko‘pmi mehnatim yuksak qadrlanib, “Do‘stlik” ordeniga munosib ko‘rilganimdan nihoyatda baxtiyorman. Bu mukofot menga yanada kuch beradi, yangi o‘zgarishlarga daxldorlik tuyg‘usini karrasiga oshiradi. Bor bilimimni, bor kuchimni yurt taraqqiyoti uchun bag‘ishlashga harakat qilaman.

Bugun mamlakatimizda biz, ayollarga barcha sohada o‘z salohiyatimizni namoyon etishimiz uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Xotin-qizlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanyapti. Bu esa amalda o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Oilada oqila va fidoyi ayollarimiz hamma sohada faol, yetakchiga aylanayotir. Masalan, o‘tgan yilgi parlament saylovlarida Chimboy tumanidan saylangan deputatlarning 40 foizini ayollar tashkil etdi. Oldin bunday ko‘rsatkich kuzatilmagan. Yoki yurtimiz oliy o‘quv yurtlarida tahsil olish uchun qoraqalpog‘istonlik yoshlarga 10 mingta qo‘shimcha kvota ajratilib, uning 67 foizi xotin-qizlarimiz hissasiga to‘g‘ri kelgani g‘oyatda quvonarli.

Davlatimiz rahbari Ko‘ksaroy qarorgohida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbirida uy-ro‘zg‘or ishlari va farzand tarbiyasidan ortib, ta’lim olayotgan, mehnat qilayotgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar zamonamizning haqiqiy qahramonlari ekanini alohida ta’kidladi. Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning og‘irini yengil qilish, ular uchun barcha sohalarda zarur sharoitlarni yaratib berish doimo davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishi qayd etildi. Bu davlat va jamiyat hayotida tashabbuskor, shijoatli ayollarimiz safi tobora kengayib borishiga zamin hozirlaydi. Har bir ayol oilaning, jamiyatning tayanchi, umidi, baxtidir.

 

Gavharoy TOJIXONOVA,

Marhamat tumani «Yangi hayot» mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi,
“Shuhrat” medali sohibasi:

– To‘g‘risini aytsam, bunday e’tiborni kutmagan edim. Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tgan bayram tadbirida ishtirok etib, Prezidentimizning qo‘llaridan mukofot olayotgan chog‘imda ko‘nglimda o‘tgan hayajon va quvonchni so‘z bilan ta’riflay olmayman. Nihoyatda mamnun bo‘ldim. Undan ham ko‘proq mas’uliyatni his qildim. Bu ishonchni oqlash va hamisha munosib bo‘lish uchun o‘z oldimga yangi maqsadlarni qo‘ydim.

Bugungi kunda mamlakatimizda ayollarning jamiyatdagi o‘rni kengayib bormoqda. Oila mustahkamligi, farzand tarbiyasi kabi masalalarga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Ijtimoiy-huquqiy himoyaga muhtoj, og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, jumladan, oilaviy muammolarga, turmushida zo‘ravonlikka duch kelgan ayollarni aniqlash, ular bilan yakka tartibda profilaktik tadbirlar o‘tkazish va shu orqali sog‘lom turmush tarziga qaytarish eng dolzarb masalaga aylandi. Buni chuqur anglagan holda ish faoliyatim davomida hududimizdagi har bir ayol hayotidan, orzu-maqsadlari, tashvish-muammolaridan boxabar bo‘lishga, turli og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan opa-singillarimizga yordam qo‘lini cho‘zishga vaqtimni ham, kuchimni ham ayamayman.

 

Oygul SHOMURATOVA,

Termiz tuman obodonlashtirish boshqarmasi gul yetishtiruvchisi,
“Do‘stlik” ordeni sohibasi:

– Orden bilan mukofotlanganimni eshitganimda xursandligimdan ichimga sig‘may ketdim. Necha kun o‘tdiki, hali ham hayajonim bosilgani yo‘q. Bunday yuksak darajada mehnatim e’tirof etiladi, deb hech o‘ylamaganman. Bu Termiz tumani obodonlashtirish boshqarmasida issiqni issiq, sovuqni sovuq demay mehnat qilayotgan barcha ayollarning ham yutug‘i, hammamizga berilgan rag‘batdir. Shu bilan birga yurtimizda har bir xotin-qizning o‘z o‘rni, qadri borligini yana bir karra tasdiqlaydi.

Chindan ham so‘nggi yillarda biz, ayollarning oilada va jamiyatda o‘rnimizni, mavqeimizni yanada oshirish yo‘lida qilinayotgan ishlarni hayotimizdagi yaxshi o‘zgarishlar, yaratilayotgan yengillik va qulayliklar misolida ko‘rib-bilib turibmiz. Bunday g‘amxo‘rlik, sharoit va imtiyozlar yangi maqsadlarga, yangi marralarga ruhlantirmoqda.

Yangiliklar yaxshiliklarga ulanaversin, har bir ayol baxtli, saodatli yashasin, deyman. Bunga uning to‘la haqqi bor.

 

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri

Xurshidabonu NAZAROVA yozib oldi.

 

Mahalliy kengashlarda. Murojaat asosida o‘rganish olib borildi

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan saylangan deputatlar joylarda tizimli ravishda o‘rganishlar olib bormoqda.

Xususan, xalq deputatlari Bekobod tumani Kengashidagi partiya guruhi a’zosi Iroda Qodirova «O‘rikzor» MFYda fuqarolar murojaatlari yuzasidan o‘rganish olib bordi. Aniqlandiki, mahalladagi 5 ta ko‘cha ta’mirtalab holatga kelib qolgan.

Shuningdek, mahalladan chiqindilar olib ketilmayotgani, xonadonlarga ichimlik suvi quvurlari tortilmagani, aholi mahalla boshidagi 1 dona krandan suv tashib foydalanayotgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu masalalar yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga xat bilan chiqilishi aytildi.

Deputat shu kuni kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar xonadonida bo‘lib, ularning turmush tarzi bilan tanishdi. Murojaatlar yuzasidan huquqiy tavsiyalar berdi.

 

O‘zXDP Markaziy Kengashi

Axborot xizmati.

 

 

Mahalliy kengashlarda. Eng faol BPT yetakchilari aniqlanmoqda

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Farg‘ona tuman kengashi tomonidan “Yilning eng yaxshi BPT yetakchisi” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi.

Tanlovning asosiy maqsadi — partiyaning mafkuraviy g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, partiya a’zolari orasida ijodiy va ilmiy salohiyatga, yuksak intellektual qobiliyat va axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan kadrlarni tanlab olishdan iborat.

Shuningdek, partiyaning boshlang‘ich tashkilotlarida raqobat muhitini yaratish va faol, tashabbuskor yetakchilarni rag‘batlantirish masalalari ham maqsad qilingan.

Bundan tashqari, tanlov partiya a’zolarining professional va shaxsiy qobiliyatini baholaydi. Shu orqali partiyaning siyosiy rivoji va kadrlar zaxirasi yuksalishini ta’minlashga erishiladi.

 

O‘zXDP Markaziy Kengashi

Axborot xizmati.