Sport

SAMARQANDDA PORLAGAN “OLTIN AVLOD”

Blog Image
Email : 2 0

Azim Samarqand shahri mezbonlik qilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘zbek millatining g‘ururini, shon-shuhratini butun dunyoga ma’lumu mashhur qildi. 200 dan ziyod mamlakatdan 2 mingga yaqin eng kuchli grossmeysterlar jam bo‘lgan nufuzli aql-zakovat jangida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi tengsiz deb topildi va mamlakatimiz tarixida ikkinchi bor olimpiada chempioni degan yuksak sharafga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu buyuk zafar munosabati bilan terma jamoa a’zolariga tabrik yo‘llab, olamshumul g‘alaba zamirida yotgan teran ma’no va yoshlarimizning matonatini alohida e’tirof etdi.

Shuningdek, davlat rahbarining farmoniga ko‘ra mamlakatimizda, qadimiy Samarqand shahrida ilk bor o‘tkazilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va 3-Parashaxmat olimpiadasida muvaffaqiyatli qatnashib, o‘zining yuksak professional mahorati, aql-zakovati, iroda va matonatini yaqqol namoyon etgani, dunyoning 200 dan ziyod davlatidan kelgan eng kuchli shaxmatchi va grossmeysterlar o‘rtasida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Yangi O‘zbekistonning xalqaro nufuzi va shon-shuhratini oshirishga munosib hissa qo‘shgani, shuningdek, respublikamizda sportni keng ommalashtirishda shaxsiy namuna ko‘rsatib kelayotgani, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda milliy g‘urur va vatanparvarlik fazilatlarini kamol toptirish borasidagi katta xizmatlari uchun shaxmatchilarimiz, ularning ustozlari va soha vakillari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Turnirning ochiq (Open) yo‘nalishida O‘zbekiston terma jamoasi dastlabki 7 turning barchasida zafar quchdi. Garchi 8-turda Germaniyaga imkoniyat boy berilgan bo‘lsa-da, yigitlarimiz darhol o‘zlariga kelib, AQSH (9-tur) va Armanistonni (10-tur) taslim etishdi. So‘nggi turda Hindistonning Vengriya bilan durang o‘ynashi O‘zbekistonning muddatidan avval chempionligini kafolatladi.

Yakuniy jadvalga ko‘ra, ochiq yo‘nalishda O‘zbekiston 20 ochko jamg‘arib, mutlaq chempionga aylandi. Undan keyingi o‘rinlarni 18 ochkodan to‘plagan Hindiston (kumush) va Germaniya (bronza) terma jamoalari egalladi.

Ayollar o‘rtasidagi bahslarda esa Xitoy qizlari 20 ochko bilan shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Qozog‘iston terma jamoasi 18 ochko bilan ikkinchi, Hindiston esa 17 ochko bilan uchinchi o‘rinni band etdi.

Samarqanddagi ushbu olimpiada O‘zbekistonning jahon shaxmatidagi nufuzi nechog‘lik oshganini ko‘rsatib berdi. FIDE tomonidan O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi 2026 yilda «Eng yaxshi federatsiya» deb topildi. Grossmeyster Rustam Qosimjonov FIDE ning faxriy vise-prezidenti, Hulkar Tohirjonova esa Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha mintaqaviy prezident etib saylangani yurtimiz shaxmat maktabining global miqyosdagi e’tirofidir.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bu yuksak g‘alaba butun xa lqimizga yangi kuch-g‘ayrat, ruh va ilhom bag‘ishlaydi. Endigi navbat — noyabr oyida Jahon toji uchun bo‘lib o‘tadigan tarixiy bellashuvga. Butun O‘zbekiston xalqi shaxmatimiz faxri, FIDE tomonidan 2026 yilda ilk bor ta’sis etilgan « FIDE Excellence Awards» mukofotining « Eng yaxshi erkak shaxmatchi» (Best Chess Player (Male)) nominatsiyasida g‘olib chiqqan Javohir Sindorovdan yangi zafarlarni kutmoqda.