Fan Texnika

Muallimning jamiyatdagi yangi qiyofasi

Blog Image
Email : 37 1

Mana, yangi o‘quv yili ham boshlandi. Mustaqilligimizning o‘ttiz besh yilligi tantanalari bilan uyg‘un va hamohang holda o‘tgan Bilimlar kuni biz, o‘qituvchi-murabbiylar uchun ilm urfonida, kasbiy faoliyatimizda yana bir yangi marralar sari intilish debochasi hisoblanadi.

Shunday kezlarda beixtiyor ortga nazar tashlaysan kishi. Yashirib nima qildik, yurtimizda taʼlim tizimi o‘zining eng og‘ir, eng sinovli kunlarini boshidan o‘tkazdi. Bir paytlar «o‘qituvchi» degan nomning ortida paxta dalasida qadoq bo‘lgan qo‘llar, qog‘ozbozlikdan charchagan nigohlar va, eng achinarlisi, ro‘zg‘orini tebratish uchun maktabdan keyin mardikorlik yoki bozorda savdo qilishga majbur bo‘lgan ziyolining afsus-nadomatlari yotardi. O‘sha kezlari « O‘qituvchining maoshi 1000 dollarga yetadi» degan gapni birov aytsa, hech kim ishonmasligi aniq edi. Chunki o‘qituvchining jamiyatdagi qadr-qimmati va nufuzi ham xuddi uning arzimas maoshi kabi pasayib ketgandi.

Аmmo keyingi yillarda taʼlim tizimini rivojlantirish bilan bog‘liq davlat siyosatining markaziga, jamiyatning to‘riga aynan muallim olib chiqildi. O‘qituvchining rosmana maqomi oshdi.

Umuman olganda, Prezidentimizning Bilimlar kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida qayd etilganidek, taʼlim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli Yangi O‘zbekiston maktablari butunlay yangicha qiyofa kasb etib, taʼlim sifati takomillashib borayotganini barchamiz ko‘rib, bilib turibmiz.

Men 18 yildan buyon o‘quvchilarga ona tili va adabiyot fanidan saboq berib kelayotgan ustoz sifatida tizimdagi tub burilishlarni hayajonsiz gapira olmayman.

2024 yilda qabul qilingan «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi tarixiy qonun biz, muallimlar uchun chinakam «ijtimoiy va huquqiy qalqon»ga aylandi. Qonun bilan o‘qituvchini kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga — majburiy mehnatga, obodonlashtirish yoki turli xil ortiqcha hisobotbozlikka jalb qilish qatʼiy taqiqlandi, bunga yo‘l qo‘yganlarga maʼmuriy hamda jinoiy javobgarlik belgilandi. Muallimning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitishga qaratilgan har qanday xatti-harakat uchun jazo muqarrarligi taʼminlandi. Pedagoglarning sog‘lig‘ini saqlash davlat nazoratiga olindi. Qonunga muvofiq, biz davlat tibbiyot muassasalarida bepul majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish, shuningdek, sihatgohlarga imtiyozli yo‘llanmalar olish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Bu — muallimning ruhiy va jismoniy xotirjamligi, demakki, taʼlim sifatining kafolatidir.

Yana bir muhim jihat — Prezidentimizning «Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi» hamda taʼlim sifatini oshirishga oid farmon va
qarorlari asosida milliy o‘quv dasturimiz tubdan yangilandi. Finlyandiya va Singapur kabi rivojlangan davlatlar tajribasi asosida kriterial (formativ va summativ) baholash tizimiga o‘tdik. Bu tizim shunchaki ball qo‘yish emas, balki o‘quvchining tanqidiy va kreativ fikrlashini, mantiqini hamda amaliy ko‘nikmalarini adolatli baholashga xizmat qilmoqda. Natijada o‘quvchida baho uchun emas, bevosita real bilim va mustaqil fikr uchun intilish paydo bo‘ldi.

Bugungi kunda oylik daromadimning 1000 АQSh dollari ekvivalentidan oshgani kimlar uchundir shunchaki balandparvozlikdek tuyulishi mumkin. Аmmo masalaning tub mohiyatiga nazar tashlasak, bu mablag‘ osmondan tushgani yo‘q. Bu — tizimda yaratilgan shaffof, adolatli va eng muhimi, sog‘lom raqobatga asoslangan muhitning amaldagi natijasidir.

O‘qituvchilik shunday kasbki, kechagi bilim bilan bugungi avlodga dars berib boʼlmaydi. Masalan, men o‘zim 2025 yili kuzgi attestatsiya jarayonlarida ishtirok etib, maksimal 100 ball to‘pladim. Bu natijani yuzlab kitoblar mutolaasi, zamonaviy metodikalarni o‘zlashtirish va tinimsiz o‘z ustimda ishlaganim mevasi, deb bilaman. Davlatimiz tomonidan joriy etilgan Milliy sertifikatlash tizimi esa bu borada chinakam adolat tarozisiga aylandi. Kasbiy mahoratimni sinovdan o‘tkazib, ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikatning eng yuqori — «А+» darajasini qo‘lga kiritdim. Mazkur sertifikat tufayli bazaviy maoshimga 50 foizlik ustama qo‘shildi. Taʼlimda shunday tizim yaratildiki, endilikda o‘z kasbining fidoyilari eʼtibordan chetda qolmayapti. Yaqindagina shaxsiy kabinetim orqali yana bir xushxabarni qabul qilib oldim: faoliyatim davomida ikkinchi marotaba Vazir jamg‘armasi ustamasi sohibasiga aylandim. O‘z ustida ishlagan, o‘quvchilari yuqori natijalar qayd etgan o‘qituvchiga beriladigan bu 70 foizlik qo‘shimcha daromad pedagoglarni uyqudan uyg‘otdi, maktablarda sog‘lom raqobatni shakllantirdi.

Qolaversa, yaqindagina mamlakatimiz miqyosida o‘tkazilgan «Yil o‘qituvchisi» nufuzli ko‘rigida g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Prezidentimiz tashabbusi bilan ushbu tanlovning ilk bor bunday keng qamrovda va yirik moliyaviy mukofotlar bilan tashkil etilishi jamiyatda muallimning qaddini naqadar balandga ko‘targanini izohlashga so‘z ojiz.

Eng quvonarlisi shundaki, bunday natijalarga erishayotgan faqat men emasman. O‘zim faoliyat yuritayotgan Vobkent tumanidagi maktabimiz va boshqa taʼlim dargohlarida matematika, ingliz tili kabi fanlardan xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritib, maoshi 1000 dollardan oshayotgan hamkasblarim talaygina.

Bu jamiyatimizda «o‘qituvchi nochor, maoshi ro‘zg‘oridan ortmaydi» degan eski stereotiplarning butunlay barham topganini anglatadi. Moddiy va maʼnaviy jihatdan taʼminlangan, jamiyatda o‘z o‘rni va hurmatiga ega bo‘lgan ustozlargina Uchinchi Renessansning erkin fikrli, jahon bilan bo‘ylasha oladigan bunyodkorlarini tarbiyalay oladi.

Bizga berilayotgan bu rag‘bat zimmamizga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Davlatimiz rahbari o‘qituvchi, murabbiy va ziyolilarni Uchinchi Renessansning asosiy harakatlantiruvchi kuchi va tayanchi sifatida eʼtirof etgan. Shunday ekan, bizga ishonib topshirilgan har bir farzandni jahon andozalari darajasida fikrlaydigan, bilimli insonlar qilib tarbiyalashga bor kuchimizni bag‘ishlaymiz.

Bugungi yoshlarga qarab havasim keladi, chunki ular uchun barcha eshiklar ochiq. Universitetlarda kvotalarning ko‘payishi, xususiy oliygohlarning ochilishi, professional taʼlim — kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi har bir yoshning o‘z yo‘lini topishi uchun katta maydondir.

Ishonchim komilki, bugungi yoshlar orasidan yangi boburlar, navoiylar, xorazmiylar, beruniylar yetishib chiqadi. Ular o‘z ilmi va salohiyati bilan Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shib, davlatimiz va xalqimiz umidini, ishonchini oqlaydilar. Biz, muallimlar bu jarayonning faol ishtirokchisi bo‘lishdan faxrlanamiz.

Billura ZАYNIYEVА,
Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi
3-umumiy o‘rta taʼlim maktabining
ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi.