Qashqadaryoda ayol qaynotasining miltig‘idan o‘zini otib qo‘ydi

 

Qashqadaryo viloyatida ayol tasodifan qaynotasining miltig‘idan boshiga o‘q o‘zib qo‘ydi. Mazkur voqea 22-sentabr kuni “O‘rta” mahallasida sodir bo‘lgan. Aniqlanishicha, fuqaroning qaynotasi qurolni seyfga qo‘yishni unutgan. Uni molxonaning yonidagi ochiq joyda qoldirgan.

 

Ayol miltiqni yig‘ishtirish paytida seyfga qo‘yishga uringan. Jarayonda u tasodifan boshiga o‘q uzgan. Qayd etilishicha, fuqaro voqea joyida vafot etgan.

Toshkentdan Buxorogacha tezyurar poyezdlar uchun yangi temiryo‘l quriladi

 

Toshkent–Samarqand, Samarqand–Navoiy–Buxoro yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temiryo‘l quriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev OIIB sammitidagi nutqida aytib o‘tdi.

 

“Biz 2030-yilgacha 30 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha katta dastur qabul qildik. Xususan, Toshkent–Samarqand va Toshkent–Andijon yo‘nalishlarida pullik avtomobil yo‘llari, Toshkent–Samarqand, Samarqand–Navoiy–Buxoro yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temiryo‘l qurish loyihalari amalga oshiriladi”, – dedi davlat rahbari.

 

Shavkat Mirziyoyevning qo‘shimcha qilishicha, respublikaning yana 6 ta xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish davlat-xususiy sheriklikka beriladi.

 

“Shuningdek, kelgusi 5 yilda elektr, suv va gaz taqsimlash tarmoqlarini boshqarish xususiy operatorlarga o‘tadi. Masalan, Samarqand viloyatining elektr tarmoqlarini boshqaruvga olish bo‘yicha o‘tkaziladigan tenderga 50 dan ziyod xorijiy nufuzli kompaniyalar o‘z qiziqishini bildirdi”, – dedi prezident.

 

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda infratuzilma, energetika, transport, suv ta’minoti va barqaror rivojlanish yo‘nalishida OIIB bilan 3 milliard dollarlik 15 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

 

“Shu kunlarda bank bilan kelgusi 3 yilda yana 4 milliard dollarlik loyihalar dasturini amalga oshirishga kelishib oldik”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Toshkent–Samarqand pulli yo‘lini qurish ishlari shu yil boshlanishi kerak. Prezidentning avgust oyidagi qaroriga ko‘ra, eng yaxshi taklif bergan quruvchi kompaniyani tanlab olish bo‘yicha tanlov joriy sentabr oyida e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan. Yil oxirigacha tanlov natijalarini e’lon qilish, pudratchi bilan shartnoma imzolash va qurilish ishlarini boshlash topshirig‘i berilgan.

 

O‘zbekistondagi birinchi pulli yo‘lni qurish ishlari esa 2028-yil oxirigacha yakunlanishi ko‘zda tutilgan. Shundan keyin yo‘l davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy operatorga topshiriladi. Loyiha qiymati taxminan 2,2 mlrd dollarga baholanmoqda.

Ohangaronda 9 kishining nomiga kredit olgan erkak qo‘lga olindi

 

Ohangaronda 9 nafar fuqaroning nomiga imtiyozli kredit rasmiylashtirib, 357,1 mln so‘m o‘zlashtirgan MCHJ rahbari qo‘lga olindi.

 

Erkak 5 ta MCHJ rahbari bilan til biriktirib, o‘zi ham MCHJ tuzib, bankdan fuqarolar nomiga kredit olgan. Olingan kredit pullarni esa yuqoridagi MCHJlardan naqdlashtirib olgan.

 

Hodisa Jinoyat kodeksining 167-moddasi bo‘yicha tergov qilinmoqda.

O’zbekistonning Qirg’izistondagi yangi elchisi tayinlandi

 

O’zbekistonning yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Saidikrom Niyozxo’jayev Qirg’iziston poytaxtiga keldi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi. Saidikrom Niyozxo’jayev Bishkekka tayinlanishidan oldin, 2018-yildan buyon O’zbekistonning Qozog’istondagi Favqulodda va Muxtor elchisi lavozimida ishlab kelayotgan edi. Tajribali diplomat 2024-yil avgust oyida amalga oshirilgan ulkan ishlar va ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qo’shgan katta hissasi uchun Qozog’iston Prezidentining farmoni bilan II darajali «Dostiq» ordeni bilan taqdirlangan.

 

Elchi Saidikrom Niyozxo’jayev 59 yoshda. Toshkent politexnika institutini (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) tamomlagan. 2015-yilda O’zbekiston tashqi ishlar vaziri o’rinbosari etib tayinlanguniga qadar Prezident Administratsiyasi va hukumat tuzilmalarida mas’ul lavozimlarda, jumladan, davlat maslahatchisi o’rinbosari, iqtisodiyot vaziri o’rinbosari bo’lib ishlagan.

 

Saidikrom Niyozxo’jayev 2020-2024-yillarda mamlakatimizning Bishkekdagi diplomatik missiyasiga rahbarlik qilgan Xurshid Mirzohidov o’rniga tayinlandi.

Isroilning Livanga bergan zarbalari oqibatida halok bo‘lganlar soni 550 nafardan oshdi

 

CNN telekanali Livandagi manbalarga tayanib xabar berishicha, so‘nggi kunlarda Isroil hujumlari qurbonlari soni 550 kishidan oshgan. Halok bo’lganlar orasida 50 nafar bola, 94 nafar ayol bor. 1800 dan ortiq kishi jarohatlangan. Isroil mahalliy aholining uylariga ham hujum qilmoqda.

 

Livan TIV xabariga ko‘ra, mamlakat janubiy viloyatlaridan kelgan qochqinlar soni yarim million kishiga yaqinlashmoqda. Isroil va Hizbulloh o‘rtasidagi qarama-qarshilik 17 va 18-sentabr kunlari Livanda bir qator aloqa qurilmalari portlashi sodir bo‘lganidan keyin avj oldi.

 

Shundan so’ng Livan shimoliy yo’nalishda harbiy amaliyotlar kuchayganini e’lon qildi. Keyinroq esa Isroil havo kuchlari Livan janubidagi chegara hududlariga ommaviy hujumlar uyushtira boshladi.

Prezident Samarqand shahriga tashrif buyurdi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki (OIIB) Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishida ishtirok etish uchun 25-sentabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

 

Davlatimiz rahbari yig‘ilishning yalpi sessiyasida nutq so‘zlaydi hamda tadbir doirasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazadi. Samarqand shahrida o‘tkaziladigan ikki kunlik sammitda 100 dan ortiq mamlakatdan yuqori darajali delegatsiyalar, Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda vakillari, yetakchi xorijiy kompaniyalarning boshqaruvchilari va nufuzli ekspertlar, jami 2 mingga yaqin ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Turkmaniston va Turkiya bilan mudofaa sohasida hamkorlik qiladi

 

O‘zbekiston Turkmaniston va Turkiya bilan mudofaa sohasida hamkorlik qiladi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi. Unga ko‘ra, prezident tomonidan imzolangan qonunga bilan O‘zbekiston va Turkmaniston Mudofaa vazirliklari o‘rtasida mudofaa sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (Ashxobod, 2023-yil 4-oktabr va Toshkent, 2023-yil 30-oktabr) ratifikatsiya qilindi.

 

Shuningdek, prezident tomonidan imzolangan qonunga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkiya hukumatlari o‘rtasida mudofaa sanoati sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (Toshkent, 2021-yil 2-mart va Anqara, 2021-yil 23-mart) ratifikatsiya qilindi.

 

Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qilgan edi. O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgandi.

Poyezd ustida selfi tushmoqchi bo‘lgan sinfdoshlarni tok urdi

 

Shu yilning 17-sentabr kuni Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida poyezd vagonlari ustida selfi tushmoqchi bo‘lgan ikki sinfdoshni tok urdi.

 

Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyati Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasiga shu yilning 17-sentabr kuni 13:00 larda hodisa haqida xabar kelib tushgan. Xabarga asosan tergov tezkor guruhi tomonidan Buvayda tumaniga qarashli 1-sonli maktabning 2 nafar 10-sinf va 1 nafar 8-sinf o‘quvchilari Uchko‘prik tumanidagi temir yo‘l bekatiga kelgani, va temir yo‘lni belgilanmagan joyidan kesib o‘tib, taqiqlangan hududga kirgani aniqlangan.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, ular bekatda turgan bug‘doy tashuvchi poyezd vagonining ustiga chiqib, selfi tushmoqchi bo‘lgan vaqtida ikki nafar o‘smirni yuqori kuchlanishli elektr toki urgan.

 

Hodisa oqibatida ikki sinfdosh turli darajada tan jarohatlari olib, bolalar tez tibbiy yordam mashinasida shifoxonaga yuborilgan. Birinchi bemor bolalar jonlantirish bo‘limiga o‘tkazilgan. Uning tanasi 63 foiz kuygan. Ikkinchi bemorga tananing termik kuyish va o‘ng son suyagi sinishi tashxisi bilan tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Futbol maydonida odamlar ustiga mashina haydagan erkak 4 yilu 6 oyga qamaldi

 

Sirdaryoda futbol maydonida odamlar ustiga Captiva haydagan haydovchiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Holat yuzasidan sud yakunlandi.

 

Voqea 29-may kuni soat 18:00 larda viloyatning Sayxunobod tumanida sodir bo‘lgan. Captiva haydovchisi tomonidan sodir etilgan holat Sirdaryo viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganilib, mazkur avtomashina haydovchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 277- moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishli tartibda qamoqqa olingan. Avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Qayd etilishicha, ushbu shaxs muqaddam ham sudlangan.

 

“Ikkinchi aylangan vaqtimda mashinamning burchagi bir bolaga tegib ketdi. Keyin shuncha voqea bo‘ldi, tavakkal dedim-da, stadion darvozasiga qarab haydadim. O‘sha orada mashinani toshbo‘ron qilishdi. Hammadan uzr so‘rayman. Tavba qildim. Oxirgi imkoniyat berishingizni so‘rayman”, dedi haydovchi.

 

Sudda daʼvogarlar undan shikoyati yo‘qligini bildirgan. Lekin mashinasi old qismi bilan ikki nafar shaxsni turtib yuborib, voqea joyidan qochib ketgani sababli uni oqlab bo‘lmasligi taʼkidlangan. Unga nisbatan 4 yilu 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Toshkentdagi maktabda o‘qituvchi o‘quvchini dars vaqtida kaltakladi

 

Ijtimoiy tarmoq sahifalarida Chilonzor tumanidagi 188-maktabda o‘qituvchi o‘quvchini kaltaklaganligi haqida xabar chop etildi.

 

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi. Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumta’lim maktabida 2024 yil 23-sentabr kuni taxminan soat 15 lar atrofida ikkinchi smenada 6-«V» sinfida rus tili fani darsi mahalida o‘qituvchi R.O. ga o‘quvchi E.G. gap qaytargan va tortishib qolgan. So‘ngra o‘qituvchi R.O. o‘quvchi E.G. ni qulog‘idan cho‘zgan, o‘tirgan joyidan partasidan tortib olib chiqqan va o‘quvchining yuziga tarsaki tushirgan. O‘quvchiga tan jarohati yetkazilmagan, salomatligi joyida.

 

Bundan xabar topgan o‘quvchi E.G. ning ota-onasi o‘qituvchining bu xatti-harakati yuzasidan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishgan. Ayni paytda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

 

Ma’lumot o‘rnida shuni ma’lum qilamizki, rus tili fani o‘qituvchisi R.O. sinov muddati bilan maktabga ishga taklif qilingan, rasman u 188-maktabga ishga qabul qilinganligi bo‘yicha hali buyrug‘i chiqmagan va yuqoridagi voqea uning dastlabki ish kunida sodir bo‘lgan.