Qozog’istondan Nukusga kelayotgan poyezdda yong‘in chiqdi

 

Qozog‘istonning Mang‘istov shahri va Nukus oralig‘ida qatnovchi poyezd harakatlanib ketayotganda yong‘in sodir bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, 2024-yil 19-sentabr kuni soat 14:47 da Mang‘istau – Nukus yo‘lovchi poyezdi teplovozining “B” seksiyasining turbokompressoridan uchqun chiqa boshlagan va bu vagonlararo tutashuvlarda maxsus rezina plastinalarning yonishiga olib kelgan.

 

Mashinist tomonidan teplovoz harakat tarkibidan soat 14:50 da uzilib yong‘in bartaraf qilingan va u soat 15:30 da harakatni davom ettirgan. Yuqorida keltirib o‘tilgan holat bo‘yicha fuqarolarga va yo‘lovchi vagonlariga shikast yetmagan.

 

Yong‘in bartaraf qilinib poyezd soat 15:30 da harakatni davom ettirgan. Yo‘lovchi poyezd Nukus stansiyasiga soat 16:23 da 1 soat 3 daqiqa jadvaldan kech kirib kelgan.

 

Qayd etilishicha, mas’ul shaxslarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilgan va qolgan lokomotivlar yong‘in xavfsizligi bo‘yicha takroriy tekshiruvlardan o‘tkazilgan.

Eskrou – uy-joy siyosatida oqilona yechim

 

Xabaringiz bor, kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallari tarmog‘ini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda iqtisodiyotimizning eng muhim tarmoqlaridan biriga aylangan mazkur sohada erishilayotgan yutuqlar bilan bir qatorda mavjud muammolar, xususan, aholi manfaatlariga zid o‘laroq davom etayotgan holatlar tanqid qilindi. Joylardagi qurilishlar sifati masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ayrim pala-partish loyihalar odamlarning e’tiroziga sabab bo‘layotgani qayd etildi.

 

Aytib o‘tilganidek, bugungi uy-joylar qurilishida aldov, tushunmovchiliklar uchrab turibdi. Shu bois endi uy-joy sotib olish bo‘yicha kafolatli “eskrou” tizimi joriy qilinishi belgilandi.

 

Dunyo tajribasidan o‘tgan eskrou tizimi – bu ma’lum shartlar bajarilgunga qadar pul saqlanadigan bankdagi maxsus hisobvaraq bo‘lib, qurilayotgan uyga buyurtma beruvchi o‘z pulini eskrou hisobraqamiga qo‘yadi va sotuvchi (qurilish korxonasi) faqat shartnomadagi majburiyatlarini bajarganidan so‘ng uni olishi mumkin. Ko‘rinib turibdiki, uy-joy qurishni eskrou hisobraqami asosida moliyalashtirish aholi manfaatini kafolatlaydi.

 

“Bunda banklar quruvchi va xaridor o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, uy-joyning o‘z vaqtida va sifatli qurilib, egasiga topshirilishiga kafil bo‘ladi”, dedi davlat rahbari.

 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi turar-joylarni qurishda jalb qilingan aholi mablag‘larini himoya qilish kafolatlarini yaratish masalasini o‘z Saylovoldi dasturiga kiritgan. Ushbu maqsadda “Ulush kiritish asosida uy-joy qurishda ishtirok etish to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish tashabbusini ilgari surmoqda. Bunda uy xaridorlari pulini maxsus eskrou hisobraqamga joylashtirish va qurilish korxonasining shartnomadagi majburiyatlarini bajarishiga qarab, bosqima-bosqich mablag‘larni olishi tartibini joriy etish qonuniy asosda mustahkamlanadi.

Netanyaxu Livan xalqiga murojaat qildi

 

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Livan aholisiga noodatiy videomurojaat yo‘llab, ularni Hizbulloh harakati qurol saqlaydigan hududlarni tark etishga chaqirdi.

 

“Livan xalqi! Isroil siz bilan emas, Hizbulloh bilan urush qilmoqda. Juda uzoq vaqt u sizdan tirik qalqon sifatida foydalandi. Yashash joylaringizga raketalarini joylashtirdi. Bu raketalar va snaryadlar to‘g‘ridan to‘g‘ri shaharlarimizga va fuqarolarimizga qaratilgan, xalqimizni Hizbulloh hujumlaridan himoya qilish uchun biz bu qurollarni yo‘q qilishimiz kerak”, – dedi bosh vazir.

 

Bosh vazir, shuningdek, Isroil armiyasining livanliklarni “Hizbulloh” qurollari joylashtirilgan hududlarni tark etishga chaqirgan ertalabki chaqirig‘ini eslagan.

 

“Bu ogohlantirishni jiddiy qabul qilishingizni so‘rayman. Hizbulloh sizning va yaqinlaringizning hayotini xavf ostida qoldirishiga yo‘l qo‘ymang”, – deya qo‘shimcha qilgan Netanyaxu.

Samarqandda Tracker-2 12 yoshli bolani urib yubordi

 

Samarqand shahrida Tracker-2 haydovchisi velosiped boshqarib ketayotgan 12 yoshli bolani urib yubordi. Bu haqida viloyat YHXB xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, holat 23-sentabr kuni soat 19:10 larda Samarqand shahar Afrosiyob ko‘chasida sodir bo‘lgan. Tracker-2 haydovchisi piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan, voyaga yetmagan, 2012-yilda tug‘ilgan velosipedchini urib yuborib, YTH keltirib chiqargan.

 

Oqibatda velosipedchi tan jarohati olib, Samarqand shahar tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha YHXB tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

 

Prezident mutasaddilarga elektr energiyasini iqtisod qilish bo’yicha muhim topshiriq berdi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

 

Yig’ilishda qurilish materiallari ishlab chiqarish ikki yilda 1,2 karra oshgan bo‘lsa-da, ko‘rilgan choralar hisobiga energiya sarfi 1,3 barobar, energiya sig‘imi 1,6 barobar kamaygani ma’lum qilindi. Bugungi kunda ilg‘or xorijiy korxonalar ishlatib bo‘lingan issiqlik energiyasidan qayta foydalanish orqali elektr ishlab chiqarish texnologiyasini faol qo‘llamoqda.

 

Misol uchun, Navoiydagi “Qizilqumsement” pechlarni, issiqlik almashish uskunalarini rekonstruksiya qilib, yiliga 37 million kilovatt soat elektr iqtisod qildi.

 

Mutasaddilarga energiya sarfi yuqori bo‘lgan 34 ta korxonada 1 noyabrgacha energoauditni yakunlab, yiliga 300 million kilovatt soat elektr energiyasi iqtisod qilishni ta’minlash topshirildi.

Bexzod Musayev Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari etib tayinlandi

 

Ayni daqiqalarda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo’lib o’tmoqda.

 

Yig’ilishda davlatimiz rahbari mamlakatimiz oldida tashqi mehnat migratsiyasi sohasida ochilayotgan ulkan imkoniyatlarni to‘liq ishga solish zarurligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Hukumat bo‘ysunuviga o‘tkazildi va Bexzod Musayev unga rahbar etib tayinlandi.

 

Agentlikka fuqarolarimizning xorijdagi yuqori daromadli mehnat bozorlariga kirishi bo‘yicha boshlangan ishlarni jadallashtirish topshirildi. Hokimlar va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz taqdiri uchun agentlik bilan tengma-teng javobgar bo‘lishi belgilandi.

O‘zbekistonda harorat pasayib, yomg‘ir yog‘ishi mumkin

 

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, ushbu haftaning birinchi yarmida O‘zbekiston hududining katta qismida quruq va iliq ob-havo saqlanib turadi. Faqat 24-25 sentabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida va 25 sentabrda Xorazm viloyatida ba’zi joylarda asosan jadalligi biroz bo‘lgan yomg‘ir yog‘adi.

 

Haftaning ikkinchi yarmida respublika hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan biroz salqin va nisbatan nam havo kirib kelishi kutilmoqda.

 

26-27 sentabr kunlari Farg‘ona vodiysi viloyatlari bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarining ayrim joylarida 26-sentabrda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

 

Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 7-12 m/s tezlikda esadi, 24-25 sentabrda shimolda va cho‘l hududlarda, 26-sentabrda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

 

Poytaxtda: asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat 26-sentabrda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat asosan kechalari 14-17 daraja, kunduz kunlari 23-25 sentyabrda 28-31 daraja, 26-27 sentabrda 24-27 daraja bo‘ladi.

Qozog‘istonda 10 ta magnit yutib yuborgan bola vafot etdi

 

Qozog‘istonning Qo‘stanay viloyatida 10 ta magnit yutib yuborgan uch yashar bola vafot etdi. Ma’lum qilinishicha, hodisa iyul oyi boshida Rudniy shahrida kuzatilgan. Uni bolalar shifoxonasiga olib borishgan, biroq bola bir necha kun o‘tib vafot etgan. Marhumni operatsiya qilgan shifokorlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bola oilasining advokati Damir Xamitov ma’lumotni tasdiqlagan.

 

Komissiya diagnostika va davolashning klinik protokollarida tibbiy xato, yirik jarrohlik amaliyotiga yetarli tayyorgarlik ko‘rilmaganini aniqlagan. Bu esa sepsis va DVS-sindromi bilan kechuvchi septik shok, o‘tkir respirator distress sindromi, bosh miya shishining rivojlanishiga olib kelgan. 20-sentyabr kuni jinoyat ishi Qo‘stanaydagi Shimoliy politsiya bo‘limida tergov ishlari reyestriga kiritilgan.

Erondagi ko‘mir konida kuchli portlash sodir bo’ldi

 

Eronning Avariya Tabas shahridagi ko‘mir konida portlash yuz berdi. Bu haqda “MIR 24” telekanali xabar bermoqda.

 

Gaz-havo aralashmasi tunnelining ikkita blokida metan gazi chiqishi oqibatida portlash yuz bergan. Portlash vaqtida 250 metr chuqurlikda deyarli 70 nafar ishchi bo’lgan. Ulardan 50 nafari halok bo’lgan. Tirik qolgan esa turli jarohatlar olishgan. Qutqaruv operatsiyasida 40 nafar kishi ishtirok etayotgani ma’lum qilindi.

 

Eron prezidenti Masud Pezeshkian halokat sabablarini aniqlash va aybdorlarni javobgarlikka tortishni talab qilgan.

Messi nega «Inter Mayami»ni tanlagandi?

 

“Inter Mayami” klubi xo‘jayini Devid Bekxem Lionel Messining AQSH jamoasiga o‘tishi sabablarini ma’lum qildi.

 

“Leo oilasi ajoyib hayot kechirishi uchun ko’chib o’tishi mumkin bo’lgan yaxshi joy topishni xohlardi. Bu uning uchun juda muhim edi. Uni jamoaga olib kelishni orzu qilardik. Futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchi kim ekanligi haqida har kimning o’z fikri bor. Lekin, MLSda bugungi kunning eng buyuk futbolchisi bor va u «Inter Mayami»da to’p surmoqda. Har kuni mashg’ulotlarga boraman, hozirgacha jamoamizda Leoning borligiga ishonmayman. Shuningdek, men uning maydonda qanday harakat qilayotganini kuzatishni xohlayman», – deya Bekxemning so’zlaridan «Goal» nashri iqtibos keltirdi.

 

Messi o’tgan yili «Inter Mayami» jamoasiga qo’shilgan edi. Bu vaqt ichida argentinalik futbolchi jamoasi safida 32 ta gol urdi.