Tramp saylovda yutqazsa, nomzodini boshqa qo‘ymoqchi emas

 

AQSH sobiq rahbari va prezidentlikka nomzod Donald Tramp agar noyabrdagi saylovlarda mag‘lubiyatga uchrasa, nomzodini boshqa qo‘ymasligini aytdi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.

 

«Full Measure» teleko‘rsatuvi boshlovchisi siyosatchiga tegishli savol bilan murojaat qilgan. Trampdan 2028-yilda prezidentlikka qaytishga yana bir bor urinib ko‘rishi ehtimoli so‘ralgan.

 

«Yo‘q. Menimcha, hammasi shu bilan tugaydi. Men yana nomzod sifatida o‘zimni umuman ko‘rmayapman. Umid qilamanki, bu safar biz muvaffaqiyatga erishamiz», – degan Tramp.

 

AQSH qonuniga ko‘ra, bir odam ikki muddatdan ortiq prezidentlik lavozimini egallashi mumkin emas. Shu uchun Tramp g‘alaba qozongan taqdirda ham 2028-yilda yana o‘z nomzodini qo‘ya olmaydi.

Olmaliqda maktab o‘quvchilari suvdan zaharlangani rostmi?

 

Toshkent viloyati Olmaliq shahrida maktab o‘quvchilari suvdan zaharlangani aytilmoqda. Bu haqda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, holat Olmaliq shahrida joylashgan ixtisoslashtirilgan Buxoro maktabida sodir bo‘lgan. Ayni paytda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Olmaliq shahar bo‘limida faoliyat yurituvchi mas’ullardan iborat ishchi guruh holatni o‘rganmoqda.

 

O‘rganishlar yakunida batafsil ma’lumot berilishi ta’kidlangan.

Bayrut havo hujumi qurbonlari soni 31 kishiga yetdi

 

Isroilning Bayrutga uyushtirgan havo hujumi natijasida halok bo‘lganlar soni 31 kishiga yetdi, 68 kishi jarohat olgan. Bu haqda Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

 

Taxminan 20 kishi bedarak yo‘qolgan, deyiladi «Al-Mayadeen» telekanali bergan xabarda. Bugun Al-Qaim mahallasida vayronaga aylangan ikki uy qulagan joyda qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davom ettirilgan. Havo hujumi chog‘ida Hizbullohning ikki harbiy yetakchisi va 13 nafar qo’mondoni halok bo‘lgani tasdiqlandi.

92 yoshli ona farzandlarini sudga berdi

 

Qozog‘istonning Aqto‘be shahrida 92 yoshli onaxon farzandlaridan aliment talab qilib, sudga murojaat qildi. Ish Aqto‘be shahar sudida ko‘rib chiqilgan. Ish materiallariga ko‘ra, da’vogarning 9 nafar farzandi bor. Ona ulardan biri bilan yashaydi, shuning uchun u suddan qolgan 8 nafar sudlanuvchidan aliment undirishni so‘ragan.

 

Sudda ayol 92 yoshda ekani va ko‘plab surunkali kasalliklardan aziyat chekayotganini bildirgan. Da’vogar kenja qizi bilan yashashini, unga moddiy yordam ko‘rsatishini tushuntirgan. Uchrashuv davomida sudlanuvchilar onaga yordam berayotganini tasdiqlay olmagan.

 

Da’vogarning aytishicha, u 5-6 yildan beri qolgan farzandlarini ko‘rmagan. Ayblanuvchilarning ta’kidlashicha, kenja qizi ularni uyga kiritmagan, ammo bu haqda hech qanday dalil keltirilmagan. Sud buni nogiron ota-onani qo‘llab-quvvatlash majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlash sifatida baholagan.

 

Ayol o‘z farzandlaridan aliment undirish huquqiga ega bo‘lsa-da, lekin ulardan to‘rt nafari pensiya yoshiga yetganligi, undan aliment undirilishi shart emasligi hisobga olingan. Ma’lum qilinishicha, sud tomonidan to‘rt nafar sudlanuvchining har biridan onaning foydasiga 7 oylik aliment undirilgan.

 

Bolgariyada hindistonlik erkak vaboga chalingani aniqlandi

 

Bolgariyada 1921-yildan beri birinchi vabo kasalligi qayd etildi. Kasallik o‘tkir diareya bilan kasalxonaga borgan 23 yoshli hindistonlik erkakda aniqlangan. Kasallik laboratoriya ma’lumotlari bilan tasdiqlangan, deb xabar bergan mamlakat sanitariya nazorati.

 

Bemor bilan aloqada bo’lgan yana bir kishi ham izolyatsiya qilingan. Shifoxona xodimlariga ko‘ra, kasalxonaga yotqizilganlarning ahvoli qoniqarli. Tibbiyot muassasasida epidemiyaga qarshi qatʼiy rejim joriy etilib, dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.