Toshkentdagi mehmonxonada rossiyalik jurnalist vafot etdi

 

“Lenta” nashri va “Profil” jurnalida faoliyat yuritgan rossiyalik jurnalist Inessa Papernaya Toshkent shahridagi mehmonxonalardan birida o‘lik holda topildi.

 

Xabarlarga ko‘ra, jurnalist O‘zbekistonga dam olish uchun kelgan. U hamrohi bilan “Karaman Palace” mehmonxonasiga joylashgan. 20-oktyabr kuni kechqurun Inessaga pochta jo‘natmasi kelgan. Mehmonxona xodimlari eshikni taqillatishsa ham hech kim javob bermagach, xonani ochishga qaror qilinadi. Eshik ochilib, xonaga kirilganda ichkarida ikkita jasad – Papernaya va uning do‘stining jonsiz tanasi topilgan.

 

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, marhumlar ventilyasiya tizimiga kirib qolgan gazdan zaharlangan. 20-oktyabrga o‘tar kechasi mehmonxonada basseyn tozalangan – chamasi, gaz quvurdan ko‘tarilib, Papernayaning xonasiga kirib qolgan.

 

Qayd etilishicha, hodisa yuz berganidan so‘ng “Karaman Palace” mehmonxonasi muhrlangan, hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.

Toshkentda Lacetti ikki piyodani urib yubordi

 

Toshkent shahri Chilonzor tumanida Lacetti boshqaruvidagi haydovchi ikki piyodani urib yubordi. Bu haqida poytaxt YHXB axborot xizmati xabar berdi.

 

Holat 22-oktyabr kuni soat 06:20 larda Bunyodkor shohko‘chasida sodir bo‘lgan. Mashina piyodalarni urib yuborib, daraxt bilan to‘qnashgan.

 

Yo‘l transport hodisasi oqibatida haydovchi va piyodalardan biri olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. Yana bir piyoda, 64 yoshli K.S. shifoxonaga olib ketilgan.

 

Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.

Rossiyada migrant bolalarni nogironlarga tenglashtirish taklif qilindi

 

Sverdlovsk viloyatidagi bola huquqlari bo‘yicha vakil Igor Morokov migrant oilalardan kelgan o‘quvchilarni nogiron bolalar toifasiga tenglashtirish kerakligini aytdi.

 

Shu tariqa Morokov Rossiya maktablarida tahsil olayotgan, ammo rus tilini bilmaydigan o‘quvchilarning mavjudligi bilan bog‘liq muammoga “yechim” taklif qildi. Ombudsman bu o‘quvchilar soni kam bo‘lgan sinflarni tashkil etish va o‘qituvchilarga qo‘shimcha haq to‘lash imkonini berishini aytdi.

 

«Bugungi kunda bizda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar toifasi mavjud. Bular imkoniyati cheklangan bolalar, nogiron bolalar hisoblanadi. Menimcha, bu bolalarni ya’ni migrant bolalarini ham shu toifaga kiritish lozim», – dedi u.

 

Bu migrantlarning farzandlarini alohida, kichikroq sinflarda tilni chuqurroq o‘rganish bilan o‘qitish imkonini berishi ta’kidlandi. Morokov Yekaterinburgda “bu toifadagi o‘quvchilar soni ancha ko‘p bo‘lgan” ikkita maktab borligini aytib, 149-sonli maktabni misol qilib keltirdi. U o‘quvchilarning 90 foizi “migrant bolalar” ekanini ta’kidladi.

Trentni tekinga qo’lga kiritishmoqchi

 

“Real” mutasaddilari “Liverpul” qanot himoyachisi Trent Aleksander-Arnold bilan transfer borasida og‘zaki kelishuvga erishgani haqida ma’lumotlar tarqatilmoqda.

 

Shunga qaramay, “Liverpul” 26 yoshli futbolchini o‘z safida saqlab qolishga urinyapti. Garchi Trent hali o‘zini tarbiyalagan klub taklifini qabul qilmagan bo‘lsa-da, muzokaralar to‘xtatilgani yo‘q.

 

Bu tomondan Trent uchun kurashga “Barselona” va “Bavariya” kabi grand klublar qo‘shildi. Ular “Liverpul” o‘z o‘yinchisi bilan kelisha olmasa, himoyachini yozda erkin agent maqomida bepul transfer qilishga umid bog‘layapti.

 

Shovotlik ota aliment o‘rniga farzandlarini uy bilan ta’minladi

 

Xorazm viloyati, Shovot tumanida yashovchi ota ikki nafar farzandlarining 18 yoshga qadar bo‘lgan davri uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment puli o‘rniga tumanda yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardan ikki xonali kvaritirani sovg‘a qildi.

 

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Shovot tumani bo‘limi ish yurituvidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan qarzdor N.E.dan undiruvchi fuqaro O.S. foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment undirish belgilangan.

 

Byuroning Shovot tumani bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan qarzdor bilan o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiri davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Qaroriga asosan voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlarni oldindan to‘lash imkoniyati mavjudligi tushuntirilgan.

 

Davlat ijrochisining olib borgan ijro harakatlari, shuningdek, tushuntirish ishlari samara berib, tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra, ota o‘z farzandlarining 18 yoshga to‘lguniga qadar belgilangan aliment to‘lovi uchun Shovot tumani, “Arbob” MFYda joylashgan yangi qurilgan ko‘p qavatli uydan ikki xonali kvartirani turmush o‘rtog‘iga notarial tartibda rasmiylashtirib berdi.

 

 

Bolalarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlik belgilandi

 

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ-978-son, 21.10.2024 y.) bilan ayrim qonun hujjatlarga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritildi.

 

Qonunga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga bolalarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

 

Shuningdek, Jinoyat-prosessual kodeksiga oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi ariza faqat sud muhokamasi bosqichida berilishi mumkinligi belgilanmoqda. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Inson uchun xavfli oziq-ovqatlar ro‘yxati e’lon qilindi

 

Kolbasa, dudlangan mol go‘shti, sosiska va shu singari qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari onkologik kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lum qildi. JSST inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, turli xastaliklar rivojlanish xavfini oshiruvchi quyidagi oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatini e’lon qildi:

 

Qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari

 

JSST xulosasiga ko‘ra, kuniga atigi 50 gramm miqdorida shunday yeguliklarni iste’mol qilish yo‘g‘on ichak saratoni rivojlanish xavfini 18 foizga oshiradi.

 

Transyog‘lar va margarin

 

JSST transyog‘larni ovqatlanish rasionidan butunlay chiqarib tashlash tarafdori. Qayd etilishicha, dunyo bo‘ylab 5 milliardga yaqin odam shunday zararli mahsulotlardan himoyalanmagan. Bu esa yurak xastaliklari va o‘lim xavfini oshiradi. Ayniqsa, margarin eng zararli yog‘lardan biri hisoblanadi.

 

Qovurilgan yeguliklar

 

Tamaddixonalarda qayta-qayta ishlatiladigan yog‘ sog‘lik uchun katta ziyon keltiradi. O‘z navbatida, qizartirib qovurilgan yeguliklar turli xavfli kasalliklarni keltirib chiqaradi.

 

Shakar va uning o‘rnini bosuvchi mahsulotlar

 

Shakarning me’yordan ko‘p miqdori jigarni zo‘riqtiradi va qator xastaliklarga chalinish ehtimolini oshiradi. Shu bois JSST tavsiyasiga ko‘ra, kunlik shakar iste’moli 25 grammdan oshmasligi kerak.

 

Konservalangan va qadoqlangan taomlar

 

Bunday yeguliklar tarkibida ularni saqlash muddatini uzaytirishga xizmat qiluvchi zararli qo‘shimchalar mavjud. Masalan, kartoshka chipslaridagi natriy glutamat organizmni xuddi chekish bilan bir xil darajada zaharlaydi. Qolaversa, mutaxassislar tarkibida xuddi shu modda bo‘lgan ziravor bo‘laklari sog‘likda jiddiy muammolarni yuzaga keltirish ehtimoli katta ekanini aytmoqda.

Toshkent dunyoning havosi eng iflos shaharlari reytingidan joy oldi

 

Shu yilning 21-oktyabr kuni tongda Toshkent shahrida havo tarkibidagi PM2.5 zarrachasi JSST tasdiqlagan me’yordan qariyb 10 barobarga oshdi.

 

“Air Quality Index” xabariga ko‘ra, Toshkent shahri shu yilning 21ғoktyabr kuni dunyoning havosi eng iflos shaharlari reytingida 6 o‘ringa ko‘tarildi. Ushbu nosog‘lom havo muhiti hisoblanadi va barcha toifadagi insonlar salomatligi uchun xavf tug‘diradi.

 

Holat keyinroq, biroz yaxshilangan bo‘lsada, havo tarkibidagi PM2.5 zarrachasi soni yuqoriligicha qolmoqda.

Ertaga respublika hududining katta qismida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda

 

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, bugun kechga tomon Xorazm viloyatida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi. Kunduzi havo harorati +24…+27 darajani, shimolda +12…+17 darajani tashkil etadi.

 

Ertaga respublika hududining katta qismida yomg‘ir yog‘adi, shamol ba’zi joylarda 15-18 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Kunduzgi harorat +15…+20 darajagacha pasayadi.

 

Chorshanba va payshanba kunlari faqat respublikaning janubiy va sharqiy hududlarida yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor. O‘zbekiston bo‘yicha eng jadal yomg‘irlar 25 oktyabr kuni prognoz qilinmoqda.

 

Havo harorati 23-oktyabrda kechasi +8…+13 darajagacha, kunduzi +10…+15 darajagacha, 24 oktyabrda kechasi +5…+10 darajagacha, kunduzi +12…+17 darajagacha, 25 oktyabrda kechasi +5…+10 darajagacha, kunduzi +14…+19 darajagacha bo‘ladi.

 

22-oktyabrdan 25-oktyabrgacha respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda, 23-25 oktyabrda ayrim hududlarda ba’zi joylarda kuchli yomg‘ir yog‘ishi mumkin, baland tog‘li hududlarda qorga aylanadi.

 

Poytaxtda bugun quyoshli va quruq ob-havo kuzatiladi, harorat kunduzi +25…+27 darajagacha bo‘ladi. Ertaga kechga tomon vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Shamol 5-10 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi +11…+13 darajagacha, kunduzi +17…+19 darajagacha bo‘ladi.

 

23-24 oktyabrda yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Shamol 5-10 m/s tezlikda esadi. Harorat 23 oktyabrda kechasi +11…+13 darajagacha, kunduzi +13…+15 darajagacha, 24 oktyabrda kechasi +8…+10 darajagacha, kunduzi +15…+17 darajagacha bo‘ladi.

700 ga yaqin umumiy ovqatlanish korxonalarining 524 tasida taomnoma davlat tilida emas

 

Raqobat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bilan hamkorlikda respublikada faoliyat yuritayotgan 700 ga yaqin ovqatlanish korxonalarida tanlanma asosida o‘rganish ishlari olib borildi.

 

O‘rganishlarda umumiy ovqatlanish sub’yektlari tomonidan iste’molchilarga xizmat ko‘rsatishda ovqat tayyor bo‘lish vaqti, narxi va to‘lash shartlari haqida to‘g‘ri tushunarli ma’lumot taqdim etmaslik, taomnomalarda tayyor ovqatlarning hajmlari ko‘rsatilmaganligi, yo‘l bo‘yida sanitar qoidalariga nomuvofiq joylarda ovqat tayyorlash, tayyor ovqatni yetkazib berish, tashish va saqlashdagi muammolar ma’lum bo‘ldi.

 

Shuningdek, o‘rganish ishlarida qamrab olingan 700 ga yaqin umumiy ovqatlanish korxonalarining:

⁃ 524 tasida — (75%) taomnoma davlat tilida emas;

⁃ 480 tasida — (69%) ish rejimi ko‘rsatilmagan;

⁃ 449 tasida — (65%) narxnomalar mavjud emas;

⁃ 429 tasida — (62%) avtoturargohlar mavjud emas;

⁃ 519 tasida — (74,6%) favqulodda vaziyatlar uchun chiqish yo‘laklari mavjud emasligi aniqlangan.

 

Raqobat qo‘mitasi tomonidan yuqoridagi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vakolatli organlarga (Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi va O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi) tegishli tartibda ma’lumotlar kiritildi.