Jamshid Qo‘chqorovga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi» faxriy unvoni berildi

 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Kuchkarovga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi» faxriy unvoni berildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan davlat idoralaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, mamlakatimiz mustaqilligi va uning iqtisodiy qudratini mustahkamlash, moliya tizimini xalqaro andozalar asosida rivojlantirish va yangi bosqichga ko‘tarish, muhim dasturlar va investitsiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish borasidagi katta xizmatlari, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yuksaltirishga qo‘shayotgan munosib hissasi, sohada malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lidagi ibratli faoliyati uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo’chqorovga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi» faxriy unvoni berildi.

Endi avtobuslarda yo‘l haqi uchun naqd pul qabul qilinmaydi

 

O‘zbekistonda avtobuslarda yo‘l haqi uchun naqd puldan voz kechilib, to‘liq elektron to‘lov tizimiga o‘tilmoqda.

 

Toshkent shahrida bo’lib o’tayotgan “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” doirasidagi sessiyada Tranport vaziri Ilhom Mahkamov chiqish qilib, transport sohasida bajarilayotgan ishlar haqida gapirdi.

 

Muloqot yakunida vazir jurnalistlarga intervyu berdi. Ilhom Mahkamovning aytishicha, O‘zbekistonda avtobuslarda 2025-yil 1-yanvardan yo‘l haqi uchun naqd pul qabul qilishdan voz kechiladi.

 

“Bekatlarga naqd pulga bilet yoki QR-kod sotib olish imkoniyati yaratiladi. Aksariyat bekatlarga infokiosklar o‘rnatiladi. Hozir bu tajriba Toshkent shahrida sinovdan o‘tkazilyapti. Barcha avtobuslarga shu QR-kodlarni o‘qiy oladigan devayslar o‘rnatiladi. Ular o‘rnatilgach, tabiiyki konduktorlar ishlamaydi. Sababi naqd pulni yig‘ish ehtiyoji qolmaydi”, – degan vazir.

 

Transport vazirligining ma’lum qilishicha, yaqin istiqbolda 1 294 ta avtobus sotib olish rejalashtirilgan bo‘lib, asosiy e’tibor Toshkent va Samarqand shaharlarida elektrobuslar harakatiga qaratiladi. 2030-yilgacha avtobuslar sonini 5 000 taga, elektrobuslar sonini 2 000 taga yetkazish maqsad qilingan. Shaharlar va tumanlar jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olinishini ta’minlash ko‘zda tutilayotgani qayd etilgan.

HAMASning yangi yetakchisi e’lon qilindi

 

Falastindan tashqaridagi HAMAS rahbari Xolid Mash’al Isroil tomonidan o‘ldirilgan Yahyo Sinvardan so‘ng harakat rahbari vazifasini bajarmoqda.

 

Isroil armiyasi 17-oktabr kuni G‘azodagi operatsiya chog‘ida harakat yetakchisi Yahyo Sinvar o‘ldirilganini ma’lum qilgandi. Isroil askarlari sektorda patrullik qilayotganda tasodifan HAMAS rahbari Yahyo Sinvarga duch kelgan, deb yozmoqda «The New York Times».

 

“Patrullik paytida Isroil bo‘linmalari HAMAS vakillari bilan otishmaga kirishib, bir nechta jangchi yashiringan binoning bir qismini vayron qilgan. Ular Sinvar bilan to‘qnash kelishni kutmagan”, – deydi manbalar.

 

Ta’kidlanishicha, Xolid Mash’al endilikda Isroil bilan muzokara olib borish hamda isroillik garovga olinganlarni ozod qilish masalalariga mas’ul. HAMAS allaqachon Yahyo Sinvar o‘ldirilgani haqida Turkiya, Qatar va Misr hukumatini xabardor qilgani aytilmoqda.

 

Xolid Mash’al 1996-yildan 2017-yilgacha HAMASga rahbarlik qilgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, u so‘nggi bir necha yil davomida Qatarda yashaydi.

 

O‘zbekiston iqtisodi eng tez o‘sayotgan mamlakatlardan biri ekani ma’lum qilindi

 

Jahon banki hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 2024-yilda Yevropa va Markaziy Osiyoning eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlari orasida yetakchi o‘rinlardan birini egalladi. Jahon banki hisoboti mintaqada iqtisodiy o‘sish bir necha inqirozlardan keyin barqarorlasha boshlaganini ko‘rsatadi. Ammo stavkalar 2000-yillarning boshlarida kuzatilgan darajadan pastligicha qolmoqda.

 

YAIM o‘sish sur’atlari eng yuqori bo‘lgan davlatlar orasida Gruziya (7,5 foiz), Tojikiston (7,2 foiz) va O‘zbekiston (6 foiz) yetakchilik qilmoqda. Umuman olganda, mintaqa uchun o‘sish sur’ati o‘tgan yilgi 3,5 foizdan bu yil 3,3 foizgacha, 2025-yilga kelib esa 2,6 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda.

 

O‘zbekiston bo‘yicha 2025-yil uchun mo‘ljallangan prognozlar mamlakat yalpi ichki mahsulotning 5,8 foiz o‘sishini ko‘rsatmoqda, mamlakat bu bilan mintaqada yetakchiga aylanishi mumkin.

Rossiya Qozog‘iston donini olib kirishni taqiqladi

 

Qozog‘iston bug‘doyi, yasmiq, zig‘ir urug‘i va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Rossiya hududiga olib kirish taqiqlandi.

 

Ma’lum qilinishicha, vaqtinchalik cheklov 17-oktabrdan boshlab kuchga kirgan. Ammo don tranziti bilan bog‘liq holatlar bundan mustasno. Bundan tashqari, Rossiya qovun, pomidor, qalampir, kungaboqar urug‘larini ekish uchun uchinchi davlatlardan olib kirishni taqiqlamoqda.

 

Hujjatda qaror qachongacha amal qilishi haqida ma’lumot berilmagan. Avvalroq 23-sentyabrdan boshlab Rossiya o‘z hududi orqali Qozog‘iston doni va bir qator qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tranzitiga bir tomonlama cheklovlar kiritgani xabar qilingandi.

 

Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ko‘ra, karantin ostidagi mahsulotlarini qaytarish bilan bog‘liq vaziyatni hal etish maqsadida 8-oktyabr kuni “Rosselxoznadzor” bilan muzokaralar o‘tkazilgan.

Energiya resurslarini o‘g‘irlagan «zapravka»lar fosh etildi

 

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahri va Samarqand viloyatida energiya resurslarini o‘g‘irlagan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari aniqlandi.

 

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yunusobod tumani bo‘limi tomonidan “Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “B.” MCHJ rahbari T.A. va boshqalar MCHJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida o‘rnatilgan gaz hisoblagichga tashqi ta’sir o‘tkazilib, jami 1,5 mln kub metr. tabiiy gazni o‘g‘irlab, davlat va jamiyat manfaatlariga 2,7 mlrd so‘m zarar yetkazganliklari aniqlangan.

 

Shuningdek, Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “M.G.” MCHJ rahbari S.R. Pastdarg‘om tumanidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida o‘rnatilgan elektr hisoblagichning ulanish sxemasini o‘zgartirib, tijorat maqsadida 2,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

 

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

O’zbekistonlik qiz Microsoft kompaniyasining O‘zbekistondagi ilk ambassadori bo‘ldi

 

Farg‘ona viloyati 10-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Dilafruz Jo‘raboyeva Microsoft kompaniyasining yoshlarga mo‘ljallangan Microsoft Learn Student dasturi Ambassadori bo‘ldi.

 

Aytilishicha, endilikda Dilafruz Microsoft kompaniyasining O‘zbekistondagi yuzi sifatida faoliyat olib boradi. Ushbu dastur kompaniyaning yoshlarga mo‘ljallangan loyihasi bo‘lib, u kompaniyaning butun dunyo bo‘ylab texnologiya sohasida bilimli, faol va intiluvchan yoshlarini saralab oladi.

 

— Ushbu loyihaga topshirishim ham, kirishim ham oson kechmadi. Texnik tomondan bilimlarim yaxshi bo‘lgani uchun meni nominatsiyaga qo‘yishdi. 1 yil davomida kompaniya tomonidan berilgan turli shartlar va topshiriqlarni a’lo darajada bajarish talab etildi. Shulardan biri Sun’iy intellekt texnologiyasi bo‘yicha berilgan 30 ta moduldan iborat dars va topshiriqlar bo‘ldi, — deydi Dilafruz Jo‘raboyeva.

 

Ayni damda Dilafruz Yandex uchun o‘qish va stajirovkaga topshirgan, sinovlardan yaxshi o‘tsa Yandexning katta loyihalariga qo‘shilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Misrda dunyodagi eng katta muzeylardan biri ochildi

 

Gizadagi Katta Misr muzeyi – yagona sivilizatsiya tarixiga bag‘ishlangan dunyodagi eng katta muzeydir. U o‘z eshiklarini ilk tashrif buyuruvchilar uchun ochdi.

 

90 ming kvadrat metr maydonda Qadimgi Misr haqida hikoya qiluvchi bir necha o‘n minglab eksponatlar joylashtirilgan. Fir’avn Tutanxamon maqbarasiga bag‘ishlangan alohida zal, bolalar muzeyi, restavratsiya ustaxonalari va laboratoriyalar, konferensiya markazi, kafelar, restoranlar va hatto bog‘lar mavjud.

Dehlidan Toshkentga “shampun” ichida dori olib kirayotgan fuqaro ushlandi

 

Dehlidan uchib kelgan fuqaroning yo‘l sumkasi tekshirilganda, soch yuvish vositasiga ustamonlik bilan yashirilgan, belgilangan tartibda bojxona nazoratiga taqdim etilmagan, og‘zaki so‘rovda aytilmagan, hech qanday hujjatlarga ega bo‘lmagan dori vositalari borligi aniqlandi.

 

Fuqaro shisha idishda turli nomli dori vositalarini yashirib olib o‘tmoqchi bo‘lgan. Ularning taxminiy qiymati 30 mln so‘mni tashkil etmoqda. Hozirda bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Toshkent viloyati uchun 1000 ta yangi avtobus xarid qilinadi

 

Toshkent viloyatida jamoat transportini yaxshilash maqsadida 1000 ta yangi avtobus xarid qilinishi rejalashtirildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, Zoir Mirzayev 16-oktabr kuni o‘tkazilgan “hokimlik soati”da Toshkent viloyatida transport sohasidagi xizmatlarni yaxshilash uchun 1000 ta yangi avtobus xarid qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

 

Transport boshqarmasi aholi vakillarining fikrini o‘rgangan holda, barcha shahar va tumanlardan viloyatning maʼmuriy markazi Nurafshon shahri va poytaxtga yangi qatnov liniyalarini ishga tushiradi. Bu yangi tashkil etilayotgan jamoat transport yo‘nalishlarining markazida Nurafshon shahri turishi lozimligi alohida qayd etildi.