Toshkentda Spark va Matiz ishtirokida YTH sodir bo‘ldi

 

Joriy yilning 10-oktabr kuni soat 23:30 atrofida Olmazor tumani Nurafshon ko‘chasida YTH sodir bo‘ldi. Bu haqida Toshkent shahar IIBB YHXB Axborot xizmati xabar qildi.

 

Aniqlanishicha, ushbu YTH 1984-yilda tug‘ilgan haydovchi B.Q. boshqaruvida bo‘lgan Spark va 2004-yilda tug‘ilgan I.T. boshqaruvida bo‘lgan Matiz rusumli avtomashinalari ishtirokida yuz bergan. Ushbu YTH oqibatida Spark avtomashina haydovchisi olgan tan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan.

 

Shuningdek Spark ichida bo‘lgan 2 nafar yo‘lovchi hamda Matiz haydovchisi shifoxonaga olib ketilgan.

 

«Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan JKning 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda»,- deyiladi xabarda.

AQShning Florida shtatiga kuchli “Milton” to‘foni va tornado yopirildi

 

AQSHning Florida shtatiga katta vayronagarchilik va qurbonlar olib kelishi kutilayotgan “Milton” to‘foni va tornado shtatning g‘arbiy qirg‘oqlariga yetib keldi. Bu haqda ABC News xabar berdi.

 

Floridaga yetib borishdan oldin “Milton” biroz zaiflashgan va eng xavfli beshinchi toifadan dastlab to‘rtinchi, keyin esa uchinchi (shamol tezligi 208 km/soat)ga ko‘chirilgan. Biroq ekspertlar, “Milton” hali ham vayronkor va halokatli ekanini aytmoqda. Allaqachon 1,9 milliondan ortiq aholi elektr energiyasiz qolgan, 125 ta uy vayron bo‘lgan.

 

Prezident Jo Bayden ham to‘fon vayronkor bo‘lishidan ogohlantirib, aholini evakuatsiya buyruqlariga quloq solishga chaqirgan.

 

“U aholi punktlarini butunlay vayron qilishi va odamlar o‘limiga olib kelishi mumkin”, degan AQSH yetakchisi.

 

Amerikaning to‘fonlarni o‘rganish milliy markazi Grinvichda tungi soat ikkilarda “Milton” quruqlikka chiqqandan so‘ng biroz zaiflashgani va ikkinchi toifaga o‘tkazilganini e’lon qildi. Ikkinchi toifada doimiy shamol tezligi 154 dan 177 km/soatgacha bo‘ladi. Hozirda “Milton” Florida yarimoroli orqali shimoli-sharqqa, Atlantika okeani tomon harakatlanmoqda.

Kamala Xarris taqinchoqlarining narxi qancha?

 

Jurnalistlar AQSh prezidentligiga Demokratik partiyadan nomzod Kamala Xarrisning taqinchoqlari narxini hisoblab chiqdi. O’zini «o’rta sinfdan bo’lgan kamtarin ayol» deb ta’riflagan siyosatchi 200 ming dollardan ortiq zargarlik buyumlari egasidir.

 

Xarris ancha yillardan beri 18 500 dollarlik oltin marjonlarni taqib yuradi. Bundan tashqari, Xarris kolleksiyasida turli xil marvarid taqinchoqlar mavjud. Klassik marvarid marjonlari uning o’ziga xos aksessuari va karyerasining boshida tashqi ko’rinishining ajralmas qismiga aylangan.

 

Jurnalistlar Xarris kolleksiyasidagi eng diqqatga sazovor buyumlardan biri 26 440 dollarga baholangan marvarid ekanini ta’kidlashgan.

 

Toshkentda konduktorni poyezd bosib ketdi

Aniqlanishicha, marhum 1988-yilda tug‘ilgan bo‘lib, temiryo‘lda konduktor lavozimida ishlab kelgan. O‘rganishlar davomida mazkur holat teplovozga yuk vagonlarini ulayotgan vaqtda sodir bo‘lganligi ma’lum bo‘lgan.

 

Xodim o‘zining ehtiyotsizligi sabab temiryo‘l izlariga yiqilib tushgan. Oqibatda uni yuk vagonlari bosib ketgan.

 

Voqea joyiga tegishli mas’ullar va tez tibbiy yordam kelgan kelgan. Ammo ko‘rsatilgan yordamga qaramasdan xodim voqea joyida vafot etgan.

Talaba salom bermagani uchun jazolandi

 

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosariga salom bermagani uchun jazolandi. Holat yuzasidan universitet rasmiy munosabat bildirdi.

 

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Milliy universitetida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari va boshqa ustozlarga salom bermagani uchun hech qanday mas’ul tomonidan talabadan tushuntirish xati yozdirib olinmagan.

 

“Talabalarning ustozlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, salom berishi yoki bermasligi ularning shaxsiy madaniyatiga taalluqli masala hisoblanadi”, — deyiladi munosabatda.

 

Biroq talabaning uzr so‘rab, tushuntirish xati yozishga majburlangani yuzasidan izoh berilmagan.

 

Shuningdek, jurnalist Muhrim A’zamxo’jayev kecha o’zining telegram kanalida salom bermagani uchun tushuntirish xati yozgan talabani, u yozgan xatning surati tarqalib ketgach, dekanning xonasiga olib kirib ketishgani va bir soatdan ko‘p o‘sha yerda o‘tirgani haqida yozgandi. Bundan tashqari jurnalist holat bo’yicha «Ey, talaba do‘stim, kayfiyatni tushirmang! Hammasi yaxshi bo‘ladi. Mas’ullar esa qilayotgan ishlaridan va qilishlari kerak bo‘lgan ishlarni qilmayotganliklaridan uyalsin!» deya izoh qoldirgan.

“Arkadag” muddatidan avval Turkmaniston chempioniga aylandi

 

Bosh murabbiy Vladimir Bayramov boshchiligidagi “Arkadag” futbol klubi ketma-ket ikkinchi yil muddatdan oldin Turkmaniston chempioni unvonini qo‘lga kiritdi.

 

Jamoa mamlakat chempionati yakunlanishiga besh tur qolganda Balkanobodning “Nebitchi” jamoasini qabul qilib, 5:1 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi. Ushbu g’alaba evaziga «Arkadag» o’zining eng yaqin ta’qibchisi «Ahal»dan 23 ochkoga uzib ketdi.

 

“Arkadag” klubi milliy ahamiyatga ega yangi shahar sharafiga shunday nomlangan. Jamoa 2023-yilda tashkil etilgan bo’lib, birinchi yilidayoq Turkmaniston chempionati va mamlakat kubogi sohibiga aylangan. Mana shu g‘alabalar evaziga «Arkadag» OFK Challenj ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Toshkent aeroportida yo‘lovchi vafot etgani rostmi?

 

Qayd etilishicha, aeroportda bir ayol vafot etganligi haqidagi xabarlar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bugun, 8-oktabr kuni Dubai-Toshkent aviareysida uchib kelgan, 1986-yilda tug‘ilgan ayolning sog‘lig‘i yomonlashgan.

 

Hozirda ayol shifoxonaga yotqizilib, unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Kredit olishda yangi talablar joriy etilmoqda

 

Endilikda fuqarolar kredit tashkilotining mobil ilovasi orqali kredit ajratish bo‘yicha ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan o‘tishi talab etiladi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi. Ushbu talab fuqarolarning nomiga tijorat banklarining mobil ilovalari orqali onlayn kreditlar rasmiylashtirish hamda bank kartasiga tushgan kredit mablag‘larini P2P o‘tkazmalari orqali noqonuniy o‘zlashtirish holatlarini oldini olishga qaratilgan.

 

Bunda kredit olish bo‘yicha ariza fuqaroning shaxsan o‘zi tomonidan berilganligi aniqlanadi va uning shaxsiga yana bir bor oydinlik kiritiladi. Mazkur tartib 2024-yilning 1-noyabridan 2025-yilning 1-apreliga qadar amal qiladi.

 

Ma’lumot uchun, kredit mablag‘lari fuqaroning bank kartasiga o‘tkazilgandan keyin pul mablag‘lari sarflanmagan bo‘lsa, 48 soat ichida kredit olishga ariza mijoz tomonidan firibgarlar ta’sirida berilgani aniqlansa yoki mijoz qo‘shimcha tasdiqdan o‘tishni amalga oshirmasa, kredit shartnomasi kredit tashkiloti tomonidan bekor qilinadi va ajratilgan pul mablag‘lari kredit tashkiloti hisobiga qaytariladi.

O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari 41 milliard dollardan oshdi

 

O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari sentabr oyida 1,98 milliard dollarga oshib, 41,139 milliard dollarga yetdi. Bu haqida Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarda so‘z boradi. Markaziy bank zaxiralari ketma-ket uch oydan beri o‘smoqda — iyulda 1,06 milliard dollarga, avgustda 1,75 milliard dollarga, sentyabrda esa 1,98 milliard dollarga oshgan. Bu 2013 yildan beri yuritiladigan statistik ma’lumotlarning butun davri uchun navbatdagi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

 

Shuningdek, o‘tgan oyda xorijiy valyuta zaxiralari 518,3 million dollarga oshgan — 8,19 milliarddan 8,709 milliard dollargacha. Zaxiralardagi oltinning fizik hajmi o‘zgarishsiz qolmoqda — 12 million troya unsiyasi (367 tonna). Oltin zaxiralari qiymati 1,46 milliard dollarga oshib, 30,4 milliard dollardan rekord darajadagi 31,86 milliard dollarga yetgan.

 

Eslatib o‘tamiz, Nyu-York Comex birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, oltin narxi 12 sentyabrm kungi savdolar chog‘ida o‘zining tarixiy rekordini yangilagan va troya unsiyasi uchun 2,58 ming dollardan oshgandi. 1 sentabr holatiga O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 1,75 mlrd dollarga oshib, 39,15 mlrd dollarga yetgan edi. Bu oshish asosan oltin hisobiga ro‘y bergan edi.

Antarktida yashil hududga aylanib bormoqda

 

Britaniya olimlari Antarktidada yashil hududlar ko‘payib borayotganidan ogohlantirdi. So‘nggi 40 yil ichida Antarktida yarim orolida o‘simlik qoplami deyarli 10 barobarga oshgan. Tegishli tadqiqot Ekseter va Xertfordshir universitetlari, shuningdek, Britaniya Antarktika tadqiqoti vakillari tomonidan amalga oshirildi. Bu sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini tahlil qilishga asoslangan.

 

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, 1986-yilda yarim orolda o‘simlik qoplamining maydoni bir km2 dan kam bo‘lsa, 2021-yilda deyarli 12 km2 ni tashkil qilgan. 2016-2021 yillarda ko‘kalamzorlashtirish tendensiyasi 1986-2001 yillarga nisbatan 30 foizdan ko‘proq tezlashdi. O‘sish sur’ati yiliga 400 ming m2 dan oshdi.

 

Olimlar hozirda o‘simliklar muzdan xoli bo‘lgan hududlarni qanday egallayotgani va kelajakda bu jarayon qanday rivojlanishini o‘rganmoqda.