Surxondaryoda o‘g‘il onasini bolta bilan o‘ldirdi

 

Ma’lum qilinishicha, farzand onasidan spirtli ichimlik uchun pul so‘rashi natijasida ona va o‘g‘il o‘rtasida o‘zaro janjal kelib chiqqan. O‘g‘il mast holda uyiga kelib, onasi bilan yana janjallashadi va oqibatda mudhish jinoyatga qo‘l uradi.

 

Mazkur holat yuzasidan sud ishi JIB Denov tumani sudida ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, 37 yoshli sudlanuvchi JKning 97-moddasi 2-qismi «V», «J» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va unga nisbatan 18 yil qamoq jazosi tayinlandi.

Qirg‘izistonning 4 ta pansionati O‘zbekistonga berildi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasida Issiqko‘l viloyatida joylashgan kurort va dam olish maskanlari to‘g‘risidagi bitimni tasdiqladi. Bu haqdagi hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi saytida e’lon qilindi.

 

Hujjat ko‘l qirg‘og‘ida joylashgan rekreatsiya zonalariga egalik huquqini tartibga solish, shuningdek, ularning keyingi faoliyatini ta’minlash uchun mo‘ljallangan.

 

Ro‘yxatga «Markaziy Osiyoning oltin qumlari», «Ro hat-NBU», «Dilorom» , shuningdek, qurilishi tugallanmagan «Bo‘ston» pansionatlari kiritilgan. Qirg‘iziston ushbu ob’yektlarga egalik huquqini O‘zbekistonga o‘tkazadi. O‘zbekiston esa ushbu ob’yektlarga bo‘lgan mulk huquqini amalga oshirish uchun vakolatli tashkilotlarni belgilaydi.

 

Bitim 2024-yil 18-iyul kuni Toshkent shahrida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida imzolangan. Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi ushbu kelishuvni 23-sentabrda tasdiqlagan.

Rossiyalik uch sportchi O‘zbekiston terma jamoasiga o‘tmoqda

 

Konkida uchish bo‘yicha olimpiya chempioni, hozirda Rossiya davlat dumasi deputati Svetlana Jurova rossiyalik sportchilar — short-trekchilar Denis Ayrapetyan va Daniil Yeybog hamda konkida uchuvchi Danila Semerikov O‘zbekiston sharafini himoya qilish istagida ekanliklaridan afsusda ekanini bildirdi.

 

«Shunday vaziyatda bu sportchilar Rossiyadan ketishayotganidan afsusdaman. Ularni tushunmayman, ammo tanqid ham qilmayman. Ular ham Olimpiadada qatnashishni istaydi», — dedi Jurova.

 

Semerikov — jahon chempionatlari sovrindori, Ayrapetyan va Yeybog — Yevropa chempioni hisoblanishadi. 1-oktabr kuni Rossiya konkida uchuvchilar ittifoqi har uch sportchining O‘zbekiston terma jamoasiga o‘tishi uchun ikki yillik karantinni tasdiqladi.