Ijtimoiy mas’uliyatli biznes – yangi islohotlarning faol ishtirokchisi

Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy davlat sifatidagi maqomi Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi barcha sohada ijtimoiy mezonlar ustuvorligini ta’minlash jarayonini jadallashtirdi. Bunda faqat ko‘makka muhtoj qatlam vakillariga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, qo‘llab-quvvatlash emas, balki joylarda ijtimoiy infratuzilmalarni yaxshilash, ta’lim, tibbiyot, uy-joy, kommunal xizmatlari, yo‘lsozlik kabi dolzarb masalalarda yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish, aholining bandlik ko‘rsatkichlarini oshirish, ishsiz fuqarolarni kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikka jalb qilish chora-tadbirlarida ham sur’at va qamrov yangi bosqichga chiqdi.

Shaxsan meni quvontiradigan jihat shuki, ijtimoiy islohotlarda tadbirkorlarimiz ishtiroki va ulushi sezilarli o‘sib bormoqda. Ijtimoiy mas’uliyatli biznes shakllanmoqda. Bu esa ijtimoiy davlatga xos bo‘lgan muhim belgilardan biridir.

Tadbirkorlarimiz ehtiyojmand hamyurtlarimizga xayr-u saxovat ko‘rsatish ishlarida bosh bo‘lish barobarida ana shunday fuqarolar uchun ish o‘rinlari yaratish, shu orqali ularni kambag‘allikdan olib chiqish bilan bog‘liq ijtimoiy majburiyatlarni bajarishda davlatning potensial sherigiga aylanmoqda. Ta’lim, tibbiyot, atrof-muhitni asrash singari yo‘nalishlarda salmoqli ijtimoiy loyihalarning tashabbuskorlari bo‘lmoqda.

Misol uchun, davlat rahbarining 8 maydagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida hududlarimizda qator ishlar olib borilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar 80 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning barqaror bandligi va munosib daromad topishini ta’minlash ko‘zda tutilganining o‘zi insonparvar ijtimoiy siyosatning yorqin tasdig‘i. Ahamiyatlisi, ishlash va jamiyatda o‘z o‘rnini topish istagidagi nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlagan tadbirkorlar uchun imtiyozlar berildi. Ya’ni, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlariga 50 million so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilandi. Birgina nogironligi bo‘lgan shaxslar emas, umuman, yoshlar, xotin-qizlar, Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan aholi vakillari bandligini ta’minlashda faollik ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy rag‘batlantirish tizimining yaratilishi mulkdorlar sinfida ijtimoiy mas’uliyatning ortishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Tabib tabib emas, boshidan o‘tkazgan tabib, deydilar. Shu ma’noda, fikrim isbotini uzoqdan emas, o‘z korxonam faoliyati misolida keltirsam.

Maktab va bog‘chalar, sport maktablari, turli jamoalar, havaskor va professional sportchilar uchun eng sifatli inventarlarni, davlat va jamoat tashkilotlari uchun mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonamizda 200 nafardan ortiq kishi ish bilan band. Samarqand tumanidagi Qurilish va hunarmandchilik texnikumi bilan bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik qilib kelamiz. Korxonamiz ishchilarining asosiy qismi ushbu o‘quv maskanini bitirgan yoshlardan iborat ekanini aytishim kerak. Bu yoshlar o‘z mehnati va tajribasi bilan daromad topmoqda, ro‘zg‘orini obod qilmoqda, korxonamiz rivojiga hissa qo‘shmoqda. Yoshlar uchun, ayniqsa, uyushmagan, ishsiz yigit-qizlar uchun yana yangi ish joylarini ochish bizning diqqat-markazimizdagi masala.

Ishonchim komil, aholining asosiy qatlami bo‘lgan yoshlarning, ijtimoiy ko‘makka muhtoj yuzlab opa-singillarimizning, kambag‘allikdan chiqish umididagi oilalar a’zolarining bandligini oshirishga intilayotgan tadbirkorlik subyektlari yurtimizda, xususan, Samarqand viloyatining o‘zida minglarcha raqamni tashkil qiladi. Deputat sifatida joylarda bo‘lganimda, aholi bilan muloqot va o‘rganish ishlarini olib borganimda buning ayni haqiqat ekaniga juda ko‘p bora iqror bo‘laman.

Yurtimizda olib borilayotgan ijtimoiy islohotlarning natijadorligi tadbirkorlarimizda daxldorlik, fidoyilik, insoniylik negiziga asoslangan ijtimoiy mas’uliyatning ortishiga chambarchas bog‘liqdir.

 

O‘ktam SAIDMURODOV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor,

xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati,

“Stekloplastik” MCHJ rahbari.

«O‘zbekiston ovozi», 15.10.2025, №41

 

Hamkorlikning yangi istiqbollari

So‘nggi oylarda xalqaro siyosiy arenalarda o‘tkazilgan global sammit va yig‘ilishlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar bugungi siyosiy va iqtisodiy jihatdan beqaror davrda nihoyatda dolzarb masalalarni qamrab olgani bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida qayd etilgan tashabbuslar nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqaning barqaror rivojlanishi, iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion taraqqiyotni jadallashtirishda muhim o‘rin tutadi. Bugungi global beqarorlik va geosiyosiy o‘zgarishlar sharoitida bildirilgan takliflar mintaqa davlatlari oldida turgan dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan amaliy va konstruktiv yondashuvni aks ettirishi bilan ahamiyatlidir.

Prezident o‘z nutqida MDH formati ahamiyatli va hayotiy tuzilma ekanini, u barcha ishtirokchi davlatlar uchun samarali muloqot va hamkorlik maydoni bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini ta’kidladi. Shu bois, umumiy maqsadlarga erishish uchun tashkilotning salohiyatini real imkoniyatlar bilan uyg‘unlashtirish, qog‘ozda qolib ketadigan qarorlar o‘rniga amaliy natija beruvchi loyihalarga e’tibor qaratish zarurligi alohida urg‘ulandi.

Ilgari surilgan takliflar ichida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarga diqqat qaratsak. Jumladan, barcha transport turlari bilan integratsiyalashgan axborot-logistika markazlarini yaratish, davlat-xususiy sheriklikni kuchaytirish bo‘yicha MDH konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazish takliflari juda dolzarbdir. Bu nafaqat yuk tashish samaradorligini oshirish, balki mintaqaviy savdo aylanmasini ko‘paytirish, yangi tranzit yo‘nalishlarini ochish, eksport salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, iqtisodiy zonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularni rivojlantirishga doir “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, MDH venchur platformasini yaratish orqali startaplar va innovatsion g‘oyalarni moliyalashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish hozirgi raqobat muhitida juda muhim. Bu tashabbuslar innovatsion iqtisodiyot sari qadam tashlash, ilmiy izlanishlar va texnologiyalarning amaliyotga joriy etilishiga keng yo‘l ochadi.

Toshkent shahrida “INNOPROM” ko‘rgazmasi doirasida MDH innovatsion sanoat forumini o‘tkazish taklifi esa qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini muhokama qilish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, zamonaviy texnologiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi. Buning natijasida, a’zo davlatlar o‘rtasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda o‘zaro bog‘liqlik kuchayadi, mahalliylashtirish darajasi oshadi, eksportga yo‘naltirilgan yangi qo‘shma korxonalar tashkil etiladi.

Shuningdek, raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohalarida ko‘p tomonlama harakatlar rejasini ishlab chiqish, bu yo‘nalishlarda tajriba va texnologiyalar almashish ham kun tartibidagi dolzarb masalalardan biridir. Raqamli transformatsiya nafaqat iqtisodiyot, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, davlat boshqaruvi kabi muhim sohalarda samaradorlikni oshirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. MDH davlatlarining bu boradagi hamkorligi innovatsion muhitni shakllantirishga, raqamli tenglikka erishishga xizmat qiladi.

Diplomlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha yangi davlatlararo kelishuv tayyorlash taklifi, Xiva shahrida MDH Yoshlar forumini o‘tkazish, Yoshlar innovatsiya laboratoriyasini tashkil etish kabi g‘oyalar yoshlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv, innovatsion yondashuv va intellektual salohiyatni oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Bu kabi tashabbuslar madaniyatlararo muloqotni kengaytirish, o‘zaro ishonch va do‘stlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi.

MDH mamlakatlari tashqi siyosat idoralari va maxsus xizmatlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, axborot almashinuvini tizimlashtirish bo‘yicha takliflar terrorizm, ekstremizm va transmilliy tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishni mustahkamlashga qaratilgan.

Shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda MDH davlatlarining infratuzilma loyihalarida birgalikda ishtirok etishi, bu mamlakatda tinchlikni ta’minlash va uni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb etishda katta ahamiyatga ega bo‘ladi.

Bu takliflar MDH doirasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, tashkilotni hayotiy va raqobatbardosh tuzilmaga aylantirish, a’zo davlatlar manfaati yo‘lida ishlaydigan samarali mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Ushbu yondashuv nafaqat tashkilot kelajagi, balki Yevroosiyo mintaqasidagi tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

 

Sherali MAMADETSOYEV,

xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashi deputati.

«O‘zbekiston ovozi», 15.10.2025, №41