Bebaho qadriyatlarimizni asrab qolaylik

Axborot tezlashgan zamonda yashayapmiz. “Nega gazeta jurnal o‘qimaysiz?” degan savolga hatto yoshi kattalar ham “Hamma yangiliklarni televizordan ko‘raman, internetdan o‘qiyman”, deb javob berishadi. Demak, ular uchun matbuot faqatgina axborot olinadigan maydon.

Aslida esa gazeta va jurnallarning har bir soni bir asar kabidir. Shuning uchun ham eng rivojlangan davlatlarda matbuotga yoshlarning kitobxonlik ko‘nikmasini shakllantiradigan muhim vosita sifatida qaraydilar. O‘zini ziyoli sanagan har bir inson erta tongni gazeta varaqlash bilan boshlaydi.

Bizda ham bir paytlar shunday edi. Katta va o‘rta yoshli avlod yaxshi eslaydi, bolaligimizda har bir xonadonga gazeta-jurnallar kirib borar, kechqurunlari bobo-buvilar, ota-onalar dasturxon yig‘ilgach, ularni o‘qishga kirishardilar. “Gulxan”, “g‘uncha” singari bolalarbop nashrlar esa deyarli har bir maktab o‘quvchisining dars stoli ustida turgan.

Televizor tomosha qilishning ham o‘z qoidasi, vaqti bor edi. Bundan tashqari, oilaviy bo‘lib kitob o‘qish, o‘sha kitob haqida fikrlashish, bahslashish maroqli edi. Hozirda esa oilaning barcha a’zolari qo‘lida bittadan telefon. Oilada o‘zaro muloqot, fikr almashish, dardlashish, bir-biriga ma’nan-ruhan suyanish deyarli yo‘q.

Xususiy kanallarda namoyish etilayotgan illuziyalar ba’zi yoshlarimizni real hayotdan yiroqlashtirmoqda. Ular ekrandagi yengil-yelpi hayotni ko‘rib, ko‘ngli tusagandek yashashni, mehnat qilmaslik, ilm olish yo‘lida mashaqqat chekmaslikni xohlamoqdalar. E’tibor bergan bo‘lsangiz, maishiy mavzudagi teleseriallarimizda voqealarning barchasi hashamatli hovlilarda, osmono‘par qilib qurilgan va qimmatbaho jihozlar bilan jihozlangan uylarda tasvirga olinadi.

Aslida o‘sha hashamatli hovlilarni, qimmatbaho mashinalarni serial tashkilotchilari falon pulga ijaraga olishadi. Ijara shartnomasi tugashi bilan tasvirga olish guruhi u hashamatdan chiqib ketadi. Haligi qasrlarni, moviy hovuzlarni, favvoralarni, bog‘ va undagi tovuslaru, sayroqi qushlarni ko‘rgan yoshlar shinamgina bo‘lsa-da, o‘z boshpanasiga norozi qaray boshlaydi. Hatto o‘zini kambag‘al sezib o‘ksinadi. Ekrandagi hayotni bera olmagan ota-onasidan norozilik kayfiyati paydo bo‘ladi. Ota onasining halol luqma topib kelayotgani va asl baxt shunda ekanini bilmaydi.

Shunday hayotga uchgan yoshlar hammadan ayb qidira boshlaydi. Gap qaytaray, desa otasiga haddi sig‘maydi. Uning haddini ko‘taradigan birgina inson — onadir. Bola onasiga baland pardada gapira boshlaydi. Bola onaga nisbatan qo‘pollashib boradi. Kundan-kunga jizzakilik bilan oqibatda ekranda ko‘rgan tengqurlari kabi hamma-hammaga izzatsizlik qiladi.

Darvoqe, o‘g‘il bola ayol zotiga muomala qilishni, eng avvalo, otasidan o‘rganadi. Otasidan ayol zotiga hurmat ko‘rmagan bolani mingta maktab ham tarbiya qilolmaydi. Eng yomoni, ekrandan va otasidan yuqqan qo‘pollik va ayol zotini pastga urish uning borlig‘iga chirmovuqdek chirmashib, birga o‘sadi. Sariq chirmovuq yopishgan gul xazonga mahkum bo‘ladi.

Onaga ehtirom, opa-singillarga e’zoz sharqona qadriyatlardan hisoblanadi. Oiladagi qadim urf-odatlarni, milliy tarbiyani mahv etishga xizmat qilayotgan har qanday seriallardan voz kechish vaqti keldi, nazarimizda.

 

Yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?

Ekran orqali yoki ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatilayotgan seriallar jamiyat hayotiga bamisoli tabiiy ofat kabidir.

Masalan «Sevimli» kanalida namoyish etilgan “Kechir” serialida arzimagan rashkdan boshlangan gumon guldek oilaning parokanda bo‘lishiga olib kelishi ko‘rsatilgan. Film qahramonlari oila deb atalmish qo‘rg‘onning muqaddasligini butunlay unutgan. Serialning bosh qahramonlaridan biri – mulkdor erkak o‘z uyida umr bo‘yi unga sadoqat bilan yashagan xotiniga ochiqchasiga xiyonat qiladi. Davolanishga yotgan shifoxonasida hamshira bo‘lib ishlayotgan Pari ismli oilali ayolga ko‘ngli tushib, har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, uni o‘ziniki qilish uchun makr tuzog‘ini tashlaydi. Erkak o‘z uyida unga sodiq yashab, farzandlar tug‘ib bergan ayolni kamsitib, xo‘rlaydi. Eng yomoni, bosh qahramonning xotiniga xiyonatini uning o‘z o‘g‘li yoqlaydi. O‘z onasining ota tomonidan qilinayotgan xiyonatning alamli o‘tida kuyayotganiga bola beparvo. Hatto o‘g‘il xiyonatkor otaning xizmatida. Serialning yana bir personaji – hiylakor xotin tuzog‘iga ilingan yigit ham oilasidan voz kechadi. Xiyonatdan zarba yegan yana bir sho‘rlik ayol bu zarbalarni ko‘tara olmay, joniga qasd qiladi. Makkora izmidagi yigit esa yetim qolgan bolalarining o‘gay ona zug‘midan qochib, sargardon bo‘lib qolishigacha beparvo yashaydi.

Qani bu serialdagi ezgu maqsad? Qani vafoga vafo bilan javob berish? Chalkash hayotlar, buzilgan oilalar… Menimcha, odamlar ongiga teskari ta’sir qiladigan, milliy qadriyatlarimizga mutlaqo yot bo‘lgan shu kabi na badiiy qimmati, na ma’naviy ozuqasi bor seriallar jamiyatga nima naf beradi?

Oilaviy qadriyatlarimiz ota va onaning bir-biriga izzat-hurmati, qarindosh-urug‘ga, qo‘ni-qo‘shniga marhamat ko‘rsatish, mahalla-ko‘y bilan yelkama-yelka bo‘lishdek ezguliklar bilan sug‘orilgan. Buni unutish, azaliy sharqona urf-odatlarimizga eskilik qoldiqlari deb qarash bir kun kelib qimmatga tushadi!

Deylik, bugun ba’zi qaynonalarning hech bir insoniylikka to‘g‘ri kelmaydigan tutumlari, faqat moddiyatga asoslangan tor qarashlari tufayli ko‘plab yosh oilalar ajrim yoqasiga kelib qolyapti. Shuning o‘zi ham muqaddas qadriyatlarimizdan uzoqlashayotganimiz belgisidir. Ya’ni qaynonaning o‘zi turmush mashaqqatlarini, ba’zi hollardagi yetishmovchiliklarni sabr-bardosh va tejamkorlik bilan yengishga toqati yo‘q. yoshgina kelinini esa uquvsiz, malakasizga chiqaradi. Oilani eng go‘zal fazilat – qanoat asraydi. Qanoat — bu eng yorug‘ yo‘l. Bu yo‘lni bosib o‘tish uchun teleekranda berilayotgan seriallardagi kibor xonimlar qiyofasiga kirib bo‘lmaydi. Holbuki, “milliy” deb atalayotgan seriallarimizning aksariyatida asabiy, jizzaki, kalondimog‘ oilalar turmush tarzi go‘yoki namuna qilib ko‘rsatilayotgani taassufli.

Siz oilangizga kelin tushirdingiz. Oilangizga o‘zga bir bog‘dan nav- niholni ko‘chirib keldingiz. U birdan sizning tutumingizga, fe’l – atvoringizga o‘z bolangizdek ko‘nikib ketolmaydi. U sizning ro‘zg‘oringiz g‘orlarini birdan yoritib, to‘ldirib tashlaydigan sehrgar emas. Shunday ekan, unga o‘ziga yot bo‘lgan muhitga ko‘nikishi uchun vaqt bering. Xatolarini tuzatishga sharoit yarating. Eng muhimi, oilaviy qadriyatlarni asrashda unga namuna bo‘ling.

 

Muqaddas rishtalar uzilmasin!

Oilada farzandlar bilan birga dars qilish odati ham yo‘qolib boryotganiga aniq xulosalar bor. Bu ham asl qadriyatlarimizdan biri. Bola bilan har kech o‘tilgan darsni takrorlash eng mas’uliyatli ishlardan biri. Har qanday bola uyga kelib darsliklarga yaqinlashmaslikni, shunchaki gadjetlar bilan “dam olish”ni istaydi. Atrofdagilar undan dars tayyorlashni talab qilmasa, bora–bora bola qoloqlashib boradi. Maktab o‘qituvchisi unga maktabda dars beradi. Ammo 30 nafar o‘quvchining har birining uyiga borib, uy vazifasini tayyorlab bera olmaydi. Bolaning uy vazifasini tayyorlashi, darsdan tashqari o‘qishi, qo‘shimcha adabiyotlar sotib olib, o‘zini rivojlantirishi uchun mas’ul shaxslar — ota-onalar, bobo – buvilardir. Bolaning o‘zlashtirishida butun oila yordamga kelishi kerak. Uning o‘qishga qiziqishi va qobiliyati yo‘qolib ketishiga sizning loqaydligingiz, faqat o‘zingizni qiziqtirgan seriallarni tomosha qilishingiz, telegram, instagram singari ijtimoiy tarmoqlarga sho‘ng‘ib ketishingiz tufayli bo‘lishi kerak emas. Qoloq bola bugun sinfni, maktabni orqaga tortsa, ertaga jamiyatni orqaga tortadi. Hayoti butkul izdan chiqadi.

Ba’zi oilalarda ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi o‘zaro bir-birini tushunish, bir-biriga ko‘maklashish hamda hayo hissi ko‘tarilayotganiga ham tiyiqsiz ijtimoiy tarmoqlar, seriallar sabab emasmikan?!

Oiladan hayo ko‘tarilmasligi kerak. Aks holda bu g‘oyat xatarli, mudhish oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Bizning bebaho oilaviy qadriyatlarimiz bor. Bu qadriyatlar o‘zaro hayo qilish, kattaga hurmat, kichikka izzat, jon-jigarlar va atrofdagilarga muruvvat ko‘rsatish, yurtga sadoqat hissi bilan yashashda yaqqol namoyon bo‘ladi.

Oilaviy baxtimiz, yoshlarning kelajagi mana shu muqaddas rishtalardan uzilib qolmasligi uchun bugun sizu biz javobgar ekanimizni unutmaylik. Boshqacha aytganda, ijtimoiy tarmoqlaru tuturiqsiz seriallar tomoshasini gazeta jurnallar va kitob mutolaasiga alishaylik!

 

Zulfiya MO‘MINOVA,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,

“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi.

 

Xalq o‘yinlarida millat ruhi yashaydi

Bahor, Navro‘z deganda ko‘z oldimizda go‘yo rang barang manzaralar jonlanadi: sumalak isi anqigan hovlilar, kulguga to‘lgan sayillar, milliy liboslarda bezangan odamlar… Yaqindagina shukronalik tuyg‘usi bilan hammamiz uchun qadrli ayyom bo‘lmish Navro‘zni, Ramazon hayitini nishonladik. Shunday qutlug‘ kunlarga yetkazganiga shukr, deb oila a’zolarimiz, farzandlarimiz, do‘st va yaqinlarimiz bilan sayillarga chiqdik, quvonchli uchrashuvlar o‘tkazdik.

Ana shunday pallada xayolimga xalq o‘yinlari keladi. milliy o‘yinlar, poygalar, bellashuvlar, turli musobaqalar, marosimlar avloddan-avlodga o‘tib, tarixiy merosga aylanib, saqlanib kelmoqda. Ular shunchaki o‘yin emas. Ular — odamlarimizning ruhi, tarixi va tarbiyasini o‘zida mujassam etgan bebaho merosdir. Har bir o‘yinda ajdodlarimizdan qolgan donolik, jasorat va birdamlik hissi yashiringan.

Qizig‘i shundaki, biz bolaligimizda bu o‘yinlarni faqat Navro‘zda emas, deyarli har kuni o‘ynar edik. Ko‘chalarda kulgu, bahs, shovqin-suron avj olar, do‘stlar bilan tortishib-tortishib bo‘lsa ham o‘yinni davom ettirar edik. Bugungi bolalar esa bunday o‘yinlarni kamroq biladi, kamroq o‘ynaydi…

Shu o‘ylar bilan bolaligimizni, o‘sha beg‘ubor kunlarni esladim. Do‘stlarimiz, tengdoshlarimiz, aka-ukalarimiz, opa singillarimiz bilan talashib, kulib, ba’zan ranjishib ham o‘ynagan milliy o‘yinlarimiz xotirasi yana bir bor ko‘nglimni to‘lqinlantirdi. Shuning uchun ham shu unutilmas o‘yinlar, ular ortidagi samimiy xotiralar haqida yozmoqlikka qaror qildim.

 

O‘tmishga nazar

Azaldan xalq o‘yinlarining tarixiy ildizlari ota-bobolarimizning hayot tarzi, mehnat faoliyati va urf-odatlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib kelgan. Avvalgi zamonlarda ajdodlarimiz kundalik hayotda zarur bo‘lgan chaqqonlik, kuch va epchillikni oshirish uchun turli mashqlarni bajarishgan. Vaqt o‘tishi bilan ular asta-sekin o‘yin shakliga kirib, xalq orasida ommalashib ketgan. Shu tariqa milliy o‘yinlar shakllanib, avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tgan kelgan.

Xalq o‘yinlari o‘zining xususiyatlariga ko‘ra, shartli ravishda go‘daklikda, bolalik yoshida, o‘smirlikda va yigitlik yoshida o‘ynaladigan jismoniy va aqliy o‘yinlarga bo‘linadi. Masalan, ilgarigi zamonlarda yoshlarni jasoratli, chidamli va jismonan baquvvat qilib tarbiyalash muhim hisoblangan va shu sababli ko‘plab o‘yinlar kurash, chavandozlik, kuch sinashga asoslangan.

Folklorshunoslarning yozishicha, tarixiy manbalarda xalq o‘yinlarining kelib chiqishi hamda rivojlanishiga doir qiziqarli hikoyalar, voqealar talaygina. Ayrim olimlar hattoki xalqimiz sevib o‘ynagan o‘yinlar eramizdan avvalgi davrlarga borib taqalishini ham asoslab bergan. Ularning fikrini arxeologik, etnografik, folklor va boshqa manbalar to‘la-to‘kis tasdiqlashiga taalluqli asoslar mavjud. Ulardan birida yozilishicha, saklar, massagetlar va boshqa qabilalardagi o‘yinlar, musobaqalarni bugun ham xalqimiz sevib o‘ynaydi. Otlar ishtirokidagi yoki kurash uslubidagi o‘yinlar ana shular jumlasidandir.

Kurash, ko‘pkari singari o‘yinlar qadimdan saxovat belgisi sifatida qaralgan. Sababi, o‘sha paytlarda mashhur uloqchilar, polvonlar va boshqa ishtirokchilar tez-tez musobaqalar o‘tkazib, to‘plangan mablag‘ yoki sovrinni yetim-yesirlar, ko‘p bolali oilalar hamda qariyalarga hadya etgan. Shundan bo‘lsa kerak, xalq o‘yinlari yoshlarni jasorat va adolat, vatanni sevish, xalqqa xizmat qilish, mehnatsevarlik, mehr-saxovat, halollik va poklik ruhida tarbiyalaydi. Shuningdek, ular jamiyatda birlik, do‘stlik va o‘zaro hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilgan.

Demak, o‘yinlarning tarixiy ildizlari xalqning uzoq o‘tmishi, turmush tarzi va madaniyati bilan uzviy bog‘liq. Ular orqali biz ajdodlarimizning hayoti, qadriyatlari va dunyoqarashi haqida tasavvur hosil qilamiz. Shu sababli o‘yinlar nafaqat ko‘ngilochar faoliyat, balki xalq tarixining jonli aks-sadosi sifatida ham katta ahamiyatga ega.

 

Yuragimizga yaqin o‘yinlar

O‘zbek xalqining o‘zigagina xos o‘yinlari juda boy va rang-barang. Ular orasida jismoniy kuch talab qiladigan, zehnni charxlaydigan hamda jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlaydigan turli o‘yinlar mavjud.

Milliy o‘yinlarimiz qadimdan xalq hayotining ajralmas qismi bo‘lib kelgan. Bu haqda buyuk alloma Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘otit turk” asarida ham qimmatli ma’lumotlar uchraydi. Ushbu asarda 150 ga yaqin milliy o‘yinlar va 20 dan ortiq bolalar o‘yini tavsiflangani bejiz emas. Jumladan, “qorang‘uni” (qorong‘ida qo‘rg‘on olish), “bandol” (asir olish), “o‘tish-o‘tish” (davra o‘yini), “chavgon” (to‘p o‘yini), “o‘t bandal” (tayoq o‘yini), shuningdek, qilichbozlik va nayzadorlik kabi o‘yinlar haqida ham ma’lumotlar keltirilgan. Mavsumiy o‘yinlardan “tolbargak”, “gul o‘yini”, “qorxat”, “yomg‘ir yog‘aloq”, “topishmoq top”, “tez aytish”, “kim aytdi” kabilar ham shular jumlasidandir.

O‘g‘il bolalar odatda “Chillak”, “Tortishmachoq” kabi harakatli o‘yinlarni sevib o‘ynashgan bo‘lsa, qizlar “Supur supur”, “Oq terakmi, ko‘k terak?”, “Happak tosh” kabi o‘yinlarga ko‘proq qiziqish bildirishgan. Bu o‘yinlarga e’tibor bersak, ularning deyarli barchasi harakat, jismoniy faollik yoki aqliy mashq bilan bog‘liq ekanini ko‘ramiz. «Berkinmachoq», «Oshiq», «Boychechak», «Xola-xola», «Qorxat», «Ko‘pkari» kabi o‘yinlar ro‘yxatini mingga yetkazish mumkin.

Vaqt o‘tishi bilan bunday o‘yinlar yanada takomillashib, yangi ko‘rinishlarda namoyon bo‘la boshladi. “Tosh ko‘tarish”, “Ot ustida kurash”, “Ko‘pkari”, “Lanka”, “Arqon tortish”, “Chillak” kabi xalq o‘yinlari xalq sayillari va bayramlarining ajralmas qismiga aylanib, yoshlarning sevimli mashg‘uloti va musobaqalari sifatida davom etib kelmoqda.

Eng, muhimi, ularning har biri bolalar uchun foydali. Masalan, “tez aytish” orqali bolalar nutqidagi ayrim nuqsonlar to‘g‘rilangan, topishmoqlar esa ularning zehnini charxlagan. “Tortishmachoq”, “Chillak” kabi o‘yinlar esa bolalarning jismoniy baquvvatligi va chaqqonligini oshirishga xizmat qilgan.

Ko‘rish, eshitish, his qilish kabi tuyg‘ularni rivojlantirishga xizmat qiluvchi o‘yinlar ham talaygina. “Oq terakmi, ko‘k terak”, “g‘ozlar” kabi o‘yinlardagi qo‘shiq va she’rlarning kuylanishi nuqtni o‘stirish, tomoq yo‘llarini chiniqtirish kabi xususiyatlarga ega.

Biz bolaligimizda ko‘p o‘ynagan “Gulchambar” o‘yinini olaylik. Bu o‘yin bahorning ayni gullar ochilgan paytida o‘ynaladi. Unda taxminan 10 nafar bola ishtirok etardi.

Har bir ishtirokchining qo‘lida istalgancha turli-tuman gul bo‘lishi mumkin. O‘yinboshi doira shaklida turgan bolalarning o‘rtasiga chiqib, bir gulning nomini aytadi. Shu gulni ushlab turgan ishtirokchi gulning o‘sish sharoiti haqida gapirib beradi.

Bunday o‘yinlar bolalarning tabiatga mehr uyg‘otish, qolaversa, so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilish, ko‘pchilik orasida o‘z fikrini qo‘rqmay ayta olish qobiliyatlarini shakllantiradi.

Bundan tashqari, bolalar o‘yin paytida ijodiy faoliyat ko‘rsatish orqali o‘zlaridagi tashkilotchilik qobiliyatini ham shakllantirib borgan. Ayniqsa, jamoaviy o‘yinlarda bu yaqqol aks etgan. Misol uchun, yetakchi va aqlli bolalar maqsadga erishish yo‘lida o‘rtog‘iga yordam berishni o‘rgangan va bu borada to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmasini oshirgan. Bu esa ijodiy tashabbuskorlik sanaladi.

 

Xolida ZIYAYEVA,

O‘zmU ijtimoiy fanlar fakulteti dotsenti, PhD.

– Xalqimiz azaldan tabiat bilan uyg‘un yashab kelgan va shu bois ekologik mazmunga ega o‘yinlarni ham ardoqlagan. Asrlar davomida tabiatni asrash, uni avaylash va unga mehr qo‘yish ota-bobolarimiz tomonidan yuksak qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Shuning uchun ham turna, qarg‘a, olmaxon, laylak kabi qush va hayvonlar bilan bog‘liq o‘yinlar xalqimiz orasida keng tarqalgan.

Xalq o‘yinlarini o‘rganar ekansiz, ularning aksariyatida toshdan foydalanilganini ham ko‘rish mumkin. Ayniqsa, qizlar o‘ynaydigan bunday o‘yinlar juda ko‘p. Masalan, harakatli o‘yinlardan asfaltga chizilgan kataklar va raqamlar bilan janubiy viloyatlarda “Happak”, vodiy taraflarda “Lappak” deb ataladigan o‘yinlar o‘ynalgan. Shuningdek, mayda toshchalar bilan o‘ynaladigan “To‘p tosh”, bir nechta ishtirokchi va koptok yordamida o‘ynaladigan “Jambil” kabi o‘yinlar ham bolalarning sevimli mashg‘ulotlaridan bo‘lgan.

Yoshligimizda bayramda dugonalar bilan ko‘rishish va shu asnosida to‘dalashib o‘yinlar o‘ynash imkoni paydo bo‘lardi. Ular orasida eng osoni “5 tosh” deb atalib, 5 ta toshni har xil shaklda qo‘ldan qo‘lga o‘tkazish, to‘p yordamida 2 guruhga bo‘linib, o‘rtaga kirgan raqiblarni to‘p bilan urish, rezinka yordamida o‘yin qismlarini o‘zimizcha 1 dan 11 gacha bo‘lgan holda sakrab raqiblardan o‘zib ketish kabi harakatlar bilan kun kech bo‘lib qolganini ham sezmasdik. Bayramlar do‘stlar va ular bilan o‘ynaladigan o‘yinlar sabab yanada zavqli edi.

Bu kabi o‘yinlar nafaqat bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga xizmat qilgan, balki ularni chaqqonlikka, epchillikka, sabr-toqatga va jamoada harakat qilishga ham o‘rgatgan. Ayniqsa, jamoaviy o‘yinlar orqali bolalar o‘zaro do‘stlik, hamjihatlik va bir-birini qo‘llab quvvatlash kabi insoniy fazilatlarni ham o‘rganishgan.

Umuman olganda, har bir hududning o‘ziga xos urf-odat va an’analari bo‘lgani kabi, o‘sha hududlarda ommalashgan milliy o‘yinlar ham shu muhitga mos ravishda shakllangan. Shu bois ayrim o‘yinlar bir viloyatda boshqacha nom bilan atalsa, boshqa hududda unga o‘xshash, lekin biroz farq qiluvchi qoidalar asosida o‘ynalgan. Bu esa milliy o‘yinlarimizning qanchalik boy va rang-barang ekanidan dalolat beradi.

 

Qizilgul QOSIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Milliy o‘yinlar nafaqat bolalikning shodon kulgusi, balki xalqning unutilmas xotiralaridir. Biz ham bolaligimizda “Mak-mak” “Oq terakmi, ko‘k terak” o‘yinlarini ko‘p o‘ynardik.

Ilgarilari bolalar ko‘chalarda to‘planib, turli milliy o‘yinlarni quvnoqlik bilan o‘ynar edi. Hozir esa ularning o‘rnini ko‘p hollarda turli gadjetlar, telefon va kompyuter o‘yinlari egallab bormoqda. Tahlillarga ko‘ra, 2010 yildan keyin deyarli o‘ynalmay qo‘ygan va ular kompyuter, telefonlarga ko‘chgan. Lekin, shuni unutmaylikki, milliy o‘yinlarning bolani jamiyatga qo‘shishdagi o‘rnini hech nima bilan to‘ldirib bo‘lmaydi.

To‘g‘ri, biz XXI asr – axborot, fan va texnika yuksak taraqqiy etgan davrda yashayapmiz. Xohlaymizki, yo‘qmi hozir raqamli texnologiyalarsiz hayotimizni tasavvur qila olmaymiz. Ammo uning ham me’yori, chegarasi bo‘lishi kerak. Ayniqsa, bolalarimiz kompyuter, telefondagi o‘yinlariga ruju qo‘ymasligi lozim. Chunki bu ularning sog‘lig‘iga ham zarar.

Texnologiyalarga termulib emas, tabiat qo‘ynida chopib, hayqirib o‘ynab yurishga nima yetsin? Sababi, harakat o‘yinlari insonni faol va sog‘lom bo‘lishiga hissa qo‘shadi.

Yana bir afzalligi, xalq o‘yinlari faqat ko‘ngilochar mashg‘ulot emas, balki bolalarni jismonan baquvvat, zehnan teran va jamoada hamjihat bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qiluvchi muhim tarbiya vositasidir. Ular bolalarni chiniqtiradi va sog‘lom bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi.

Psixologlar bu o‘yinlar bolalarning ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini, ularni quvnoq, faol, epchil bo‘lishida muhim ahamiyatga egaligini ta’kidlaydi. Shu sababli milliy o‘yinlarni maktab darsliklariga, bog‘cha mashg‘ulotlariga yanada ko‘proq kiritish lozim. Bog‘chalarda esa har juma bolalarga xalq o‘yinlarini o‘rgatadigan madaniy kun sifatida belgilansa yaxshi bo‘lardi. Chunki bu o‘yinlarning tarbiyaviy ahamiyati nihoyatda katta.

Shuning uchun ham bu o‘yinlarni asrab avaylash, ularni yana bolalar hayotiga qaytarish va kelajak avlodga yetkazish barchamizning muhim vazifamizdir.

Istardimki, farzandlarimiz yugursin, quvlasin, sakrasin, kulsin, kuylasin, umuman, ko‘proq harakatda bo‘lishsin. Bunda esa biz kattalarning o‘rni va e’tibori talab etiladi.

 

***

Albatta, xalq o‘yinlari bu shunchaki o‘yin emas, balki tariximiz, madaniyatimiz va tarbiya maktabini o‘zida mujassam etgan bebaho merosdir. Shuning uchun ham ularni unutmaslik, bayramlar, sayillar, maktab va mahalla tadbirlarida keng targ‘ib etish, eng muhimi, yosh avlodni ular bilan yanada ko‘proq tanishtirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Ana shundagina ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan xalq o‘yinlari kelajak avlod qalbida ham yashab qoladi.

 

Laziza SHEROVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

 

 

Hayoti – men uchun ibrat maktabi

Yoshlikda birga o‘nib-o‘sgan do‘sting haqida so‘zlash oson. Chunki baqamti kechirgan voqea-hodisalar, his-tuyg‘ularni bayon etish bilan ko‘z oldingda o‘sha davrlar gavdalanadi, so‘zlash ham, yozish ham oson.. lekin o‘zingdan oldin bir-ikki ko‘ylakni yirtib, kechmoqchi bo‘lgan daryolaringni sendan oldin suzib o‘tgan, zabt etmoqni orzu qilgan cho‘qqilarga allaqachon bayroq qadagan inson haqida fikr bildirish kishini o‘ylantirib qo‘yar ekan. Aslida, bunday zotlarning olgan unvonlari va boshqa erishgan natijalarini jamlab, bayon etishdan-ku osoni yo‘q, ammo Ustoz – Qalandar Abdurahmonovning muborak ayyomi munosabati bilan ular haqida o‘zim bilganlarim va eshitganlarimni bayon etishda ancha mas’uliyat qarshisida qoldim, biroq nima bo‘lganda ham ularni qog‘ozga tushirishni afzal bildim.

Ustoz Qalandar aka bilan Chiroqchi tumanida bir vaqtda bo‘lmasa-da bir maktabni (o‘sha paytlarda “Telman nomli 1-maktab” deb yuritilar edi) tamomlaganimiz menga har doim g‘urur bag‘ishlab kelgan. Maktabning 9-10 sinflarida o‘qib yurgan (70-yillarning ikkinchi yarmida) paytlarda o‘qituvchilarimiz bizga namuna sifatida shu maktabni bitirib, ayni paytda Toshkent va Samarqand oliygohlarida tahsil olib, ilm va amaliyotda katta yutuqlarga erishgan insonlarni namuna qilib ko‘rsatishar, ular qatorida birinchilardan bo‘lib Qalandar akani alohida zikr etishar edi. Ayniqsa, ustozimiz yoqub Hamroyev georgrafiya fanidan dars o‘tganlarida Chiroqchining Qalqama tog‘ bag‘rida joylashgan Langar, Tarag‘ay, Quruqsoy, Govxona va boshqa qishloqlari to‘g‘risida jo‘shib gapirar ekan, To‘laqul qishlog‘iga alohida to‘xtalib: “Bu qishloq o‘zi kichkinigina, lekin odamlari juda qiziquvchan, ziyrak va harakatchan. Bilasizlarmi, kim chiqqan bu qishloqdan? Qalandar Abdurahmonov chiqqan, u maktabimizning bitiruvchisi. Hozir iqtisodiyot bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, Toshkentdagi nufuzli institutning katta domlasi bo‘lib ishlamoqda”, deya faxr bilan Ustozga ta’rif berganlari hech esimdan chiqmaydi.

Maktabimizda nafaqat Chiroqchi, balki butun viloyatda yuqori saviyaga ega bo‘lgan matematika, fizika, ximiya, geografiya va adabiyot o‘qituvchilari faoliyat olib borishar edi. Bir kuni adabiyot o‘qituvchimiz hamda maktab direktorining o‘rinbosari Jo‘ra Lutfullayev “Insho yozishni qishloqdan kelib o‘qiyotgan bolalardan o‘rganinglar. Mana, To‘laquldan Qalandar Abdurahmonov qanday insholar yozar edi. Tappa tayyor jurnalist edi-ya, lekin o‘zini iqtisodiyotga urib ketdi. Shunda ham xato qilmabdi, fan nomzodi bo‘ldi, qandini ursin”, deb qo‘yardi.

Fizika o‘qituvchimiz Eshman Abdalov dasr oralig‘ida yoki paxta dalasida yurganimizda qishloqdan Toshkentga borib, ilm olishning mashaqqatlari haqida ko‘p gapirib berar edi. Markazda qolib, davlat xizmatida ishlayotgan, ilm-fan, ijod bilan shug‘ullanayotgan maktabimiz bitiruvchilari Jabbor Ro‘ziyev, Murodulla Normurodov, Musaqul Usmonov, Jovli Hakimov va boshqalar qatorida Qalandar akani ham tilga olar ekan, men bunday tirishqoq, intiluvchan, ilmga berilgan va shu bilan birgalikda odamoxun yigitni ko‘rmaganman, deb ta’rif berar edi. Shunda biz: “Nega u kishini odamoxun deyishgan, bu so‘z nimani anglatadi”, deb so‘raganimizda: “Odamoxunlik xislati insonparvar, insonlarga hurmat ko‘rsatuvchi, olijanob, saxovatli kishilarga xos fazilat”, deganlari esimda qolgan.

Ustozga nisbatan bunday ta’rif bejizga berilmagan ekan. O‘tgan asrning 60-70-yillari, Toshkentda qolib ilm bilan shug‘ullanishga har kimning ham yuragi dov bermagan. Ko‘pchilik: “Ilm qilaman deb Toshkentda qolsam-u, lekin eplolmasdan qishlog‘imga shumshayib qaytib borsam kim degan odam bo‘laman?”, qabilidagi andisha bilan yurgan. Shu taxlit qobiliyati bo‘lsa ham diplomni olib ketvorganlar ko‘p bo‘lgan. Qolganlar esa ilmda yoki amalda o‘z o‘rnini topishi uchun ne-ne sinovlardan o‘tishi kerak bo‘lgan. Ana shunday paytlarda o‘zini allaqachon tutib olib, katta davralarga qo‘shilishga ulgurgan Qalandar aka ko‘pgina tolibi ilmlarga, aspirantlarga, hattoki olimlik yo‘liga kirgan yosh domlalarga ham qo‘lidan kelgan yordamni ayamaganligini ko‘p eshitganmiz.

O‘rta maktabni bitirgunimga qadar Qalandar akani hech ko‘rmagan ekanman. Lekin u kishi to‘g‘risida juda ko‘p yaxshi fikrlarni eshitardik. Mana shu eshitganlarimdan u kishi juda o‘ziga ishongan, viqorli, salobatli, oldiga uncha-muncha odam haddi sig‘ib bora olmaydigan, obrazli qilib aytganda, xuddi “quyoshdek ko‘zni qamashtiradigan” inson bo‘lsa kerak, degan tasavvur shakllangan edi menda.

Taqdir taqozosi bilan 1978 yil Toshkent xalq xo‘jaligi institutiga o‘qishga kirdim. Kutubxonada ayrim “taqchil” adabiyotlarni uyga olib o‘qish uchun dekanatning ruxsati kerak ekan. Biz, shaharni endi ko‘rib, dovdirab yurgan talabalar uchun dekanning oldiga kirish juda katta matonat talab etar edi.Mana shunday bir holatda dekanning eshigi qarshisida men va yana bir nechta talabalar navbat kutib turganimizda, xonadan bir domla chiqdi-da, “Sizlar bu yerda nimani kutib turibsizlar?”, deb so‘rab qoldi. Bizning masalamizni eshitgandan so‘ng, “Unda, yuringlar orqamdan”, deb hammamizni kabinetiga olib kirdi va bir zumda masalamizni hal qilib berdi. Chiqqanimizdan keyin, “Bu kishi kim?”, deb surishtirsak, umumiqtisodiyot fakulteti dekanining o‘rinbosari Qalandar Xo‘jayevich Abdurahmonovning o‘zi ekan. O‘shanda u kishida ko‘rganim oddiylik, samimiylik meni hayron qoldirdi va fizika o‘qituvchimizning “Odamoxun” degan ta’riflarini qayta esladim. Endi mening tasavurimdagi “viqorlilik” o‘rnini “oddiylik”, ko‘zni qamashtiradigan quyosh nurini esa iliqlik egallagan edi.

Ustoz bilan birinchi uchrashishimiz mana shunday bo‘lgan. Yana bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Men oliygohni bitirayotgan paytimda ustoz menga: “Agar xohlasangiz Davlat reja qo‘mitasi qoshida ilmiy-tadqiqot instituti bor. Mehnat munosabatlari bilan shug‘ullanadigan bo‘limga tavsiya qilamiz, o‘sha yerda ilmiy ish bilan mashg‘ul bo‘laverasiz”, deb taklif bildirdi. Men o‘ylab ko‘rishga vaqt so‘radim. Toshkentda qolib ishlash uchun “propiska” talab qilinar ekan, nima qilsa bo‘ladi, deb o‘ylab ketayotganimda oldimdan diplom ishim bo‘yicha rahbarim Mirsoli aka Haydarov chiqib qoldi va “Davlat imtihon komissiyasi raisi seni Fanlar akademiyasidagi kibernetika institutiga ishga taklif qilayapti, bormaysanmi?” deb qoldi. Ulardan ham o‘ylab ko‘rish uchun vaqt so‘rab, uydagilar bilan maslahatlashish uchun Chiroqchiga qarab yo‘l oldim.

Uydagilar ham menga aniq bir maslahat berisha olmadi. Lekin “Kibernetika yangicha, jarangdorroq eshitilayapti”, deyishgani xuddi “Shuni tanlay qol” degandek tuyuldi menga. Taqdirning izmi bilan Kibernetika institutida ilmiy ishim bitgunga qadar Qalandar aka bilan ro‘para bo‘lishdan cho‘chib, o‘zimni olib qochib yurdim. Oldilariga borib, uzrimni aytishga botinolmadim. Oradan to‘rt yil o‘tib, nomzodlik ilmiy ishimni tugatib, avtoreferat chiqarganimdan so‘ng, ming istihola bilan bilan domla nima der ekan, deb qo‘rqa-pisa oldilariga bordim. Ustoz o‘zining samimiyligi va ochiq ko‘ngililigi bilan meni yana bir bor lol qoldirdi. “Hamma ishlaringizdan xabarim bor, nega kelmaysiz, balki biror yordam kerakdir, ish bitib qoldimi?”, deb savolga tutdi. Qo‘limdagi avtoreferatni uzatganimdan keyin, “Ey, yashang, mana bu boshqa gap, zo‘r ish bo‘libdi”, deb samimiy qutladi va ishlarini bir chetga surib, avtoreferatimga taqriz yozib berdi. Chetdan qaralsa, bu xotiralar kundalik, oddiy bir hol singari tuyular, lekin mendek ilm qilaman deb Toshkentda “darbadar” bo‘lib yurgan aspirant uchun bu katta bir madad edi.

Ustoz shogirdlari bilan suhbatlashganda Imom Buxoriyning “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay” degan so‘zini ko‘p qaytarganlarining guvohi bo‘lganmiz. Ustozning o‘zlari ham Buyuk Muhaddisning ushbu shioriga sodiq bo‘lib, butun hayotini faqat ilm-ma’rifatga bag‘ishlaganligini bu borada erishgan yutuqlari amalda isbotlab turibdi.

Bugun umidlarga to‘la, hayajonli kunlarni eslar ekanman, o‘sha paytlarda ko‘z oldimda ulkan chinor bo‘y ko‘rsatayotganini his qilganman. Avvalo, odamgarchilikdan saboq bergan Ustoz ilmiy faoliyati davomida yuksak bir cho‘qqini ham zabt etganiga o‘zim guvoh bo‘lib turibman. Akademik Qalandar Abdurahmonovning nomi iqtisodiyot ilmi bilan shug‘ullanayotgan dunyo afkor ommasiga yaxshi ma’lum, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunga Ustoz yaratgan ilmiy merosni qisqacha tasniflab, to‘la ishonch hosil qilish mumkin. Akademik Q. Abdurahmonov umumiy hajmi 1600 bosma taboqdan oshiq ko‘plab ilmiy asarlar muallifi sanaladi. Ustoz olib borgan tinimsiz ilmiy izlanishlar natijalari rus, o‘zbek, ingliz tillaridagi yirik ilmiy monografiyalar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalarida o‘z aksini topgan. Uning Buyuk Britaniyaning “Scientifie Publishing House IVG” nashriyotida ingliz tilida chop etilgan “Labour economics” kitobi ayni paytda ko‘plab mamlakatlarda darslik sifatida foydalanilmoqda. Muallifning “Mehnat iqtisodiyoti” kitobi O‘zbekistonda va Rossiya Federatsiyasida bir necha marotaba qayta nashr etilgan va ko‘plab oliygohlarda darslik sifatida qo‘llanilmoqda.

Yuqoridagilardan tashqari, Qalandar Abdurahmonov tomonidan tayyorlangan “Mehnat iqtisodiyoti”, “Tashkilot personalini boshqarish”, “Personal menejmentining nazariy asoslari”, “Aholini ijtimoiy muhofaza qilish”, “Aholining turmush darajasi”, “Demografiya”, “Inson taraqqiyoti”, “Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi”, “Ijtimoiy soha iqtisodiyoti”, “Mehnat bozori” kabi darsliklar nafaqat oliygohlarda, shuningdek, boshqaruv sohasida kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish borasida Davlat boshqaruvi akademiyasi va boshqa malaka oshirish institutlari tomonidan darslik va o‘quv qo‘llanmalari sifatida keng foydalanilmoqda.

Umuman olganda, iqtisodiyot fanida olib borgan ko‘p yillik mehnati natijasida akademik Qalandar Abdurahmonov maktabi yaratilganligini nafaqat mamlakatimiz, shuningdek, xorijdagi ilmiy doiralarning yirik vakillari ham e’tirof etishgan. Ustozning bevosita rahbarligida 100 ga yaqin fan nomzodi va doktorlar yetishib chiqdi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshida akademik Q.Abdurahmonovning “Mehnat iqtisodiyoti va inson kapitali” ilmiy maktabi faoliyat olib bormoqda.

Qalandar Xo‘jayevich keyingi yillarda mehnat iqtisodiyoti bilan birgalikda mehnat sotsiologiyasi fanini rivojlantirish sohasiga ham katta e’tibor qaratmoqda. Olim “Bozor islohotlari sharoitida mehnat iqtisodiyoti va sotsioligiyasi” sohasidagi yangi iqtisodiy nazariya va amaliy tavsiyalarni shakllantiribgina qolmasdan, ularning xalqaro maydonda keng tarqalishiga hissa qo‘shib kelmoqda. Uning rahbarligida keyingi yillarda 7 marta xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi.

Ustozning ilmiy ishlari RINS va SCOPUS xalqaro ilm-fan manbalari indeksiga ega hamda ushbu manbalar orqali chet el olim va tadqiqotchilari ham olimning ilmiy natijalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bundan tashqari, Ustoz Muhammad Muso al Xorazmiy ijodiga katta qiziqish bilan qarab matematik tahlil, xususan, ekonometrik usullarni iqtisodiy tadqiqiotlarga keng qo‘llash borasida ham izlanishlar olib bormoqda. Ekonometrika fanining iqtisodiy tahlilda muhim ahamiyatga ega ekanligini hisobga olgan holda ushbu fan darslik sifatida universitet programmasiga kiritilgan.

O‘zbekistonning ulkan turizm salohiyatiga ega ekanligini hisobga olib, Ustoz Q.Abdurahmonov tomonidan ikkita yirik “Manajement of Tourism” va “Manajement and marketing of Tourism” o‘quv qo‘llanmalari tayyorlanib, 2013 yilda Indoneziya va Malayziya davlatlarida nashrdan chiqarildi. Ushbu qo‘llanmalar Germaniya va Rossiya Federatsiyasining oliygohlari va ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari tomonidan o‘quv va amaliy tadqiqotlarda qo‘llanma sifatida ham foydalanilmoqda.

Qalandar Xo‘jayevichning ilm fan sohasidagi yutuqlarini hisobga olib Rossiya Federatsiyasining gumanitar fanlar hamda tabiiy fanlar akademiyalari o‘zlarining haqiqiy a’zoligiga qabul qilishgan, shuningdek, 1998 yildan Oliy maktab xalqaro akademiyasining haqiqiy a’zosi va shu akademiyaning ilmiy kotibi, 1999 yil aprel oyidan boshlab Nyu-york universitetining akademigi bo‘lib saylangani biz o‘zbekistonliklarga faxr va g‘urur bag‘ishlaydi.

O‘zbekiston iqtisodiyoti va taraqqiyoti yuksalishini ta’minlashda o‘zining sermahsul ilmiy va ma’rifiy yutuqlari bilan munosib ishtirok etib kelayotgan Ustoz keng qamrovli faoliyat olib bormoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Oliy o‘quv yurti talabalari va malakali ilmiy xodimlarni tayyorlash bilan birgalikda Q. Abdurahmonov o‘zining liderlik hamda tashkilotchilik qobiliyatlarini ham namoyon etib kelmoqda. Uning rahbarligida Toshkent shahridagi G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining filialiga asos solindi. Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekistonda ilk xalqaro darajadagi yetakchi oliy o‘quv yurtining filialini tashkil etishga har kim ham jazm eta olmas edi. Buning uchun juda ko‘p to‘siq va g‘ovlarni yengib o‘tish talab etilar edi.

Q.Abdurahmonov Toshkent shahridagi G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining filiali rektori lavozimida ish boshlaganidan keyin kadrlar tayyorlash milliy dasturini hayotga samarali tatbiq etish bilan birga ta’lim sohasidagi integratsion aloqalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratib kelmoqda.

Qalandar Abdurahmonovni xorijdagi ilmiy doiralar iqtisodiyot nazariyasi, turizm menejmenti, ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tashkil etish va boshqarish muammolari bo‘yicha taniqli olim sifatida tan olishadi.

Sharqda, xususan, musulmon dunyosida “Olimning qalamidan tomgan siyoh tomchisi shahidlarning qonidan muqaddasroq” degan hikmat azaldan ma’lum. Dunyoning rohat–farog‘atidan o‘zini cheklab, deyarlik 60 yil mobaynida ilm yo‘lida izlangan Qalandar Abdurahmonov O‘zbekistonning iqtisodiyot fanida o‘z nomini oltin harflar bilan tarix sahifasiga bitib bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yuqorida aytganimdek, yoshlikda jurnalistikaga bo‘lgan ishtiyoq Ustoz yetuk iqtisodchi olim bo‘lib shakllanganda ham so‘nmagan ekan. Vaqti kelib, u O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining a’zoligiga ham qabul qilindi va bu shunchaki faxriy a’zolik emas edi. Ustozning “O‘zbekiston: kecha, bugun va kelajakda” nomli kitobi nafaqat O‘zbekistonda, shuningdek, Janubiy Koreya hamda Germaniya mamlakatlarida ingliz tilida chop etildi. “Olamni mahliyo aylagan diyor” nomli kitobi O‘zbekistondek jannatmakon yurtni anglamoqchi bo‘lgan chet elliklar uchun o‘ziga xos “yo‘l ko‘rsatuvchi” bo‘lib xizmat qilayotganligi bilan tahsinga loyiq bo‘ldi. 2017 yilda “O‘zbekistonda inson omili va manfaatlari – eng oliy qadriyat” nomli kitobi, 2018 yil va 2021 yillarda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov xotirasiga atab “Buyuklar kahkashonida”, “O‘zbekiston – dilbar Vatanim” kabi badiiy asarlarni chop etib, kitobsevarlarning yuksak hurmat va e’tiboriga sazovor bo‘ldi.

Ustozning ilmdagi mashaqqatli sinovlarni yengib o‘tib, bugun biz siz bilan guvohi bo‘lib turgan darajaga yetishi, eng avvalo, ularning avlodlaridan meros bo‘lib o‘tib kelayotgan ma’rifiy salohiyat, ota-onasi hamda ustozlari tomonidan berilgan ta’lim va tarbiyaning samarasi, deb bilaman. Nafaqat To‘laqulda, darhaqiqat, butun Chiroqchi tumanida Ustozning padari buzrukvorlari – Abdurahmon boboni bilmagan, eshitmaganlar topilmaydi. Tumanimizda ul zot qishloq oqsoqollarining (o‘sha davrdagi qishloq soveti raislarining) ichida eng savodli, xalqning dardi va g‘ami bilan yashagan inson sifatida eslanadi. Qashqadaryocha qilib, bir so‘z bilan aytganda – “Kayvoni inson bo‘lgan”, deb ta’riflashadi.

Xullas, Qalandar akaning ibratli hayoti va ilmiy asarlari o‘sib kelayotgan yosh avlodga ta’lim va tarbiya berishda qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi. Ustoz Qalandar akaning ilm yo‘lidagi mashaqqatlarni yengib o‘tib erishgan yutuqlari, ta’lim va tarbiyaga nisbatan yondashuvlari shaxsan men uchun katta ibrat maktabi bo‘lgan, deb baralla ayta olaman. Ustozdan ilm olishda bardavomlik, maslahatsiz ish boshlamaslik, ilmni doimo mukammallashtirib borish, ilm yo‘lida mashaqqatga sabr va bardoshli bo‘lish, ilm hosilidan boshqalarni ham bahramand qilish kabi xislatlarni o‘rganish mumkin.

Prezidentimiz tashabbuslari bilan olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar Ustoz singari ilmu ma’rifat yo‘lida xizmat qilayotgan insonlar uchun yosh avlodni sof e’tiqod, chiroyli axloq va odob sohibi bo‘lishi borasida katta mas’uliyat yuklaydi. Ustoz Qalandar Abdurahmonov doimo ta’lim-tarbiya masalasini o‘zining jamiyat oldida turgan muhim vazifasi hisoblab kelgan. yoshlarga ta’lim berishda Ustozning ibratli hayoti va ilmiy asarlarini o‘rganish, yoshlarimizda ilm-ma’rifatga bo‘lgan qiziqishni yuksaltirib, ularni yuksak ma’naviyatga targ‘ib etishiga ishonchim komil. Shuningdek, Ustozning mehnat iqtisodiyoti fani sohasida yuksak darajani zabt etgan ta’lim metodikasi bu borada malakali iqtisodchilar va sotsiologlarni yetishtirib chiqishda katta ahamiyat kasb etadi.

Ushbu muborak damlarda Ustozga o‘zlari yaratgan ilmning yuksak natijalarini uzoq yillar davomida ko‘rib yurishini hamda buyuk ajdodlarimizga xos ko‘plab vorislar tayyorlash borasida ulkan zafarlar tilayman.

 

Sharofiddin NAZAROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

 

Mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik manzili

Qo‘li kaltalik – bu tanlov emas, qismat. Har bir inson taqdirning tayyorlab qo‘ygan sinovlarini temir irodasi, zahmatli mehnati bilan yengib, ta’bir joiz bo‘lsa, quvonch va tashvishlarga to‘la o‘z asarini bitishga harakat qiladi. Qimirlagan qir oshadi, albatta. Biroq oramizda hayot mashaqqatlari qarshisida qaddini tik tutib, ularni yorib chiqishga ma’lum bir imkoniyatlari cheklangani sabab kuch topa olmaydigan insonlar ham bor. Ular bunday pallada jamiyatning, davlatning ko‘magiga, muruvvatiga, madadiga suyanadi. O‘z navbatida insonparvar, ijtimoiy adolat tamoyillari oliy mezon sanalgan davlat bu ehtiyojmand shaxslar manfaatlarini to‘la-to‘kis ta’minlashga intiladi.

Yakuniga yetgan mo‘tabar Ramazon oyi mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy siyosatning izchilligi, manzilliligi va, tabiiyki, natijadorligini yaqqol amalda namoyon etgan, jamiyatda mehr-oqibat, saxovat va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash muhiti yanada kuchaygan davr sifatida muhrlandi. Binobarin, davlat rahbarining 16 fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida “Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g‘oya asosida qator chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish belgilangani ushbu davrda yuzlab ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga umid va shodlik ulashishdek xayrli ishlarga turtki berdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi ijtimoiy himoya milliy agentligi bo‘lim boshlig‘i Farid NAZAROV bu borada quyidagilarni bayon qiladi.

– Qon-qonimizga singib ketgan qadriyatlarimizga ko‘ra, ulug‘ Ramazon oyida xalqimizning kam ta’minlanganlarga yordam qo‘lini cho‘zish, kishilarning bir-biriga yanada e’tiborli va mehrli munosabat bo‘lish fazilatlari bir qadar yuksaladi, – deydi F. Nazarov. – Ayniqsa, ijtimoiy himoya tizimida faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar uchun mana shu o‘ttiz kun yuksak insonparvarlik qadriyatlarini amalda namoyon etish oyiga aylanadi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimi tubdan isloh qilinib, uning markazida inson manfaati va uning qadrini ulug‘lash tamoyili mustahkam o‘rin oldi.

Ijtimoiy xizmatlarni tashkil etishda zamonaviy yondashuvlar joriy etildi, aholiga ko‘rsatiladigan xizmat turlari kengaytirildi va eng asosysi, ijtimoiy xodim instituti shakllantirildi. Bugungi kunda tizimdagi xodimlarimiz inson taqdiri bilan ishlaydigan, ijtimoiy muammolarning ildizigacha yetadigan va ularni hal etish uchun davlatning mavjud imkoniyatlarini safarbar qiladigan muhim ijtimoiy institutga aylandi.

Ayni paytda yurtimizdagi mahallalarda 8 mingdan ortiq ijtimoiy xodimlar faoliyat yuritmoqda. Ularning 60 foizdan ortig‘ini ayollar tashkil etyapti. Mahallada faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar aholining ijtimoiy holatini o‘rganish, ehtiyojmand oilalarni aniqlash, ularga kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish hamda insonlarning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda hal qiluvchi o‘rin tutayotirlar. Ta’kidlash joizki, bugungi kunda jahon amaliyotida ijtimoiy xodimlar jamiyatdagi eng muhim kasblardan biri sifatida e’tirof etilgan. O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda mazkur institutning huquqiy va institutsional asoslari yaratildi. Ijtimoiy xodim bugun mahalladan boshlab respublika darajasigacha bo‘lgan ijtimoiy himoya tizimining muhim bo‘g‘iniga aylanib, uning vazifasi faqat moddiy yordam ko‘rsatish bilan cheklanmasdan, aksincha, ijtimoiy xodim insonlarning turmush tarzini, maishiy holatini kompleks baholaydi, muammoning sabablarini tahlil qiladi va uni yechish uchun turli davlat organlari va tashkilotlarini birlashtiruvchi mexanizmni ishga tushiradi. Ijtimoiy himoya tizimida amalga oshirilayotgan ustuvor islohotlardan biri ijtimoiy xizmatlarni yagona nuqtada hisobga olish va muvofiqlashtirish mexanizmidir. Ilgari aholi turli davlat organlariga murojaat qilib, har bir xizmatni alohida tarzda olishga majbur bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda mazkur jarayon ancha soddalashtirildi. Ya’ni yaxlitlashtirildi. Mana shu o‘zgarish va yangilanishlar, xususan, davlat rahbarining Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazishga doir qarori ijrosini samarali ta’minlashda ham ayni muddao bo‘ldi, desak, yanglishmaymiz. Ramazon oyi ijtimoiy himoya tizimida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun alohida mas’uliyatli davrga aylandi. Bu oyda aholining ehtiyojmand qatlamlariga yordam berish qamrovi bir karra ortdi.

Prezidentimizning yuqorida keltirilgan qarorida Ramazon oyi munosabati bilan ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha manzilli ijtimoiy yordam choralari nazarda tutilgan. Shunga ko‘ra, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish, tibbiy davolanishni tashkil etish, shuningdek, bir martalik moddiy yordam ajratish kabi ko‘mak turlari tizimli yo‘lga qo‘yildi.

Jumladan, Bir martalik moddiy yordam dasturi doirasida ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 696 mingdan ortiq fuqarolar ro‘yxati shakllantirildi, ularga ajratiladigan mablag‘lar umumiy hisobda 467,2 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.

Yanada aniqroq aytganda, mazkur dasturga 216 mingdan ortiq davlat ta’minotida bo‘lgan oilalar, 415 mingdan oshiq kambag‘al oilalar, 17 mingdan ziyod yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, 4 mingdan ortiq yetim bolalar yashaydigan xonadonlar, 43 mingdan ortiq “mahalla yettiligi” tomonidan shakllantirilgan qo‘shimcha ro‘yxatga kiritilgan ehtiyojmand fuqarolar qamrab olindi.

Tibbiy ko‘makka muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida olib borilgan o‘rganishlar natijasida 1 ming 668 nafar fuqaro davolanishga muhtoj ekani aniqlanib, ular sog‘lig‘ini tiklash va zarur tibbiy yordam bilan ta’minlash maqsadida bosqichma-bosqich tibbiy chora tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hozirga qadar 1 ming 310 nafar fuqaro viloyat shifoxonalarida, 358 nafar hamyurtimiz esa respublika ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlarida chuqur tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilib, zarur davolash ishlari, jarrohlik amaliyotlari bajarildi.

Bu kabi ishlar ehtiyojmand fuqarolarning salomatligini asrash, ularning hayot sifatini yaxshilash hamda ijtimoiy himoya tizimi insonparvarlik tamoyillarining amaldagi yorqin namunasidir.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash maqsadida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan oziq-ovqat xarajatlarini qoplash bo‘yicha ham manzilli ishlar amalga oshirildi.

Ma’lumki, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasining asosiy maqsadi og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan, moddiy yordamga muhtoj fuqarolar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga manzilli ko‘maklashishdan iborat. Jamg‘arma tomonidan Ramazon oyida respublika bo‘yicha 50 mingta oilaga oziq-ovqat mahsulotlari (har bir oilaga 412 ming so‘m miqdorida mablag‘ ajratgan holda) tarqatish belgilandi. Bu tashabbus saxovat, bag‘rikenglik va insonlarga g‘amxo‘rlik qilish kabi qadriyatlarning jamiyat hayotidagi ustunligini kafolatlashga xizmat qilmoqda.

Mazkur jarayonda “mahalla yettiligi” mahallalar kesimida oilalarning ijtimoiy holatini o‘rganib, haqiqatan ham yordamga muhtoj fuqarolarni aniqlash, ro‘yxatlarni shakllantirish va ajratilayotgan yordamning manzilli hamda adolatli tarzda baholab, ularning ehtiyojlarini aniqlash va tegishli qo‘llab-quvvatlash choralarini tashkil etish orqali ezgu ishlarga salmoqli hissa qo‘shdi.

Yana bir masala. Hozirga kelib, yangi davr ruhi va talablariga muvofiq ijtimoiy xizmatlarning nainki ko‘lami, balki mazmuni ham o‘zgarmoqda. Ilgari asosan moddiy yordamga e’tibor qaratilgan bo‘lsa, bugungi kunda insonlarni mustaqil hayotga qaytarish, ularning imkoniyatlarini ochish va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan xizmatlarga ustuvorlik berilmoqda. Ramazon oyida bu borada ham ko‘p va xo‘p ishlar qilindi.

Ijtimoiy himoya tizimining samarali ishlashi faqat davlat organlarining faoliyati bilan cheklanib qolmaydi. Bu jarayonda jamoat tashkilotlari, xayriya fondlari, fuqarolik jamiyati institutlari va oddiy fuqarolarning ishtiroki ham suv va havo kabi zarur.

Jamiyatdagi saxovat va mehr-oqibat muhiti ijtimoiy himoya tizimining imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Ijtimoiy xodimlar bu jarayonda ko‘prik vazifasini bajaradi. Ular davlat, jamoat tashkilotlari va aholi o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlab, yordamning manzilli va samarali bo‘lishiga xizmat qiladi. Shu ma’noda, fayzu barakali o‘tgan Ramazon oyi yurtimiz ijtimoiy himoya tizimi xodimlari uchun nafaqat ma’naviy, balki katta amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi.

 

“Minnatdorligimni so‘z bilan ta’riflay olmayman”

Bekobodlik Mohira Po‘latova ko‘p yillardan buyon yurish bilan bog‘liq muammodan aziyat chekib kelayotgan edi. U uchun uy ostonasidan o‘z oyog‘ida kirib chiqish ushalmas bir orzudek tuyular, to‘shakka mixlanib qolganidan ruhan sinib borardi. Lekin bu yilgi muborak Ramazon oyi ko‘plar qatori u uchun ham xayrli keldi. Mahalladagi ijtimoiy xodim va “mahalla yettiligi” tomonidan uning turmush sharoiti o‘rganilib, jarrohlik amaliyotiga ehtiyoji borligi aniqlangach, tibbiy yordam ko‘rsatiladigan fuqarolar ro‘yxatiga kiritildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Mohira Po‘latovaning jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ayni paytda u o‘zini juda yaxshi his etmoqda. Muhimi, endi u yura boshladi.

– Minnatdorligimni so‘z bilan ta’riflolmayman, – deydi Mohira. – Mening holatimni men kabi uzoq vaqt yurish orzusida yashagan, shiftga tikilgancha Yaratgandan umidini uzmagan insonlar tushunadi. To‘g‘ri, ba’zan “Boshqalar kabi yurolmasam, oilamdagilarga yuk bo‘lib, yashab nima qildim?” degan tushkun xayollarda kun o‘tkazgan paytlarim ham bo‘ldi, yashirmayman. Ammo yurtimizda hech bir inson davlatning e’tiboridan chetda emasligini bugun o‘zimning hayotim misolida ko‘rib, his qilib turibman. Mana, bepul jarrohlik amaliyotidan keyin o‘sha og‘ir kunlarim ortda qoladigan bo‘ldi. Buning uchun davlatimizga, o‘zgalar dardini o‘zinikidek qabul qilib, biz kabi ehtiyojmandlar hayotiga nur olib kirayotgan yaxshi insonlarga rahmat deyman.

 

Olamni tinglamoq baxti

23 yoshli Ozoda Rimbayeva Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida o‘qiydi, bo‘lg‘usi shifokor. U yuqori sinfda o‘qib yurgan chog‘larida xastalik asorati o‘laroq eshitish qobiliyatini yo‘qotgan. Tasavvur qiling, kechagina ota-onasining, o‘rtoqlarining ovozini, qushlarning chug‘ur-chug‘urini, daraxtlarning shovqinli tebranishini, bu olamdagi jamiki sas sadoni tinglab, o‘ynab-kulib yurgan qiz birdan eshitmay qolsa…

Ozoda taqdirga tan berib, bor kuchini, vaqtini o‘qishga bag‘ishladi. “Eshitmasam ham, dunyoni ko‘ryapman-ku!” dedi o‘ziga o‘zi. Bilim va intilishi bilan tibbiyot oliygohiga o‘qishga kirdi. Keyinchalik o‘qib-o‘rganib bildiki, eshitish qobiliyatini tiklash mumkin ekan. Faqat bu qimmat operatsiya bo‘lib, yaxshigina mablag‘ talab qilar edi. Oilaviy sharoit esa buni ko‘tarmasdi.

Ramazon oyi munosabati bilan Prezidentimizning tegishli qarori asosida ehtiyojmand bemorlarning davolanish xarajatlari qoplab berilayotganidan xabar topgach, onasi bilan birga poytaxtga, Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga yetib keldi.

Markazda zarur tibbiy tekshiruvlardan so‘ng unda koxlear implantatsiya amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ya’ni xastalik tufayli zararlangan nerv tolalari o‘rniga maxsus datchiklar kiritilib, ichki quloq qismiga koxlear implant o‘rnatildi. Muolaja jarayonidan keyin Ozodaning eshitish qobiliyati tiklana boshladi.

– Ko‘nglimdagi kemtiklik aridi, -deydi Ozoda. – Endi men ham boshqalar kabi odamlar bilan bemalol muloqot qilaman, musiqa tinglayman… Buning qanchalar baxt ekanini bilsangiz edi… Kelgusida yaxshi shifokor bo‘lib, dardiga darmon izlayotgan insonlarni sog‘lom hayotga qaytarishga hissa qo‘shishni, yaxshilikka yaxshilik bilan javob berishni niyat qilganman.

 

Farida MAHKAMOVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

 

 

Saratonga qarshi kurash: Toshkent shahrida bu borada vaziyat qanday?

Tirik jon borki dardga chalinadi, shifo izlaydi. onkologiya mavzusiga tahliliy yondashganda, eng avvalo, bir muhim fikrni ta’kidlash lozim, u insoniyat uchun jiddiy muammo bo‘lsa-da, mutlaq hukm yoki umidsizlik belgisi emas. ilmiy asoslarga ko‘ra, bu kasallik hujayralarning nazoratsiz ko‘payishi natijasida yuzaga keladi, ammo zamonaviy tibbiyot uni aniqlash va davolash borasida katta yutuqlarga erishmoqda.

O‘zbekistonda ham ana shunday yutuqlar tufayli onkologik kasalliklarni erta aniqlash, samarali davolash va bemorlarning hayot sifatini yaxshilash imkoniyatlari sezilarli darajada kengaymoqda.

Ayni paytda mamlakatimizda onkologiya sohasini rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish va kasallikni erta bosqichlarda aniqlash maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ixtisoslashtirilgan onkologiya markazlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy tashxislash uskunalari bilan ta’minlash, skrining dasturlarini keng joriy etish hamda malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2024 yil 22 noyabrdagi “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakatda ayollar salomatligini muhofaza qilish, onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlash hamda ularni samarali davolash tizimi tubdan takomillashtirilmoqda.

Mazkur qaror ijrosini o‘rganish, tizimdagi samaradorlikni baholash va aniqlangan muammolar yuzasidan takliflar ishlab chiqish maqsadida O‘zXDP Toshkent shahar kengashi tashabbusi bilan deputatlar va partiya vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil etildi.

Ishchi guruh faoliyati qaror ijrosini faqat hisobotlar asosida emas, balki bevosita joyiga chiqib, tibbiyot muassasalari faoliyatini ko‘zdan kechirish, mas’ul rahbarlar va tibbiyot xodimlari bilan muloqot qilish hamda real holatni aniqlashga qaratildi.

 

Nazorat-tahlil natijalari…

Ishchi guruh tomonidan poyxatimizning Shayxontohur, Mirobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida manzilli o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Xususan, Shayxontohur tumani tibbiyot birlashmasida ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha olib borilayotgan skrining tadbirlari o‘rganildi.

O‘rganish jarayonida tuman tibbiyot birlashmasining statsionar mammografik uskunasi orqali ayollar orasida skrining va mammografiya tadbirlari o‘tkazilayotgani kuzatildi. Bu holat qarorda belgilangan statsionar va mobil mammografik skriningni joriy etish vazifalari muayyan darajada amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, mazkur tadbirlar doimiy va ommaviy tus olmagani, qamrov cheklangani va skrining asosan aksiyalar yoki alohida tadbirlar doirasida tashkil etilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Mirobod tumanida qaror ijrosi deputatlik nazoratining institutsional mexanizmi – deputat so‘rovi orqali o‘rganildi. Ya’ni xalq deputatlari tuman Kengashideputatlari tomonidan tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokoriga rasmiy deputat so‘rovi yuborildi. Prezidentimizning tegishli qarori ijrosi, skrining tadbirlarining qamrovi, kadrlar bilan ta’minlanganlik va tashkiliy masalalar yuzasidan ma’lumotlar so‘raldi.

Tibbiyot birlashmasidan kelib tushgan rasmiy javob tahlil qilindi. Tahlil natijalariga ko‘ra, qaror ijrosi bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, ayniqsa, mammografik skrining qamrovi, ikki smenali ish tizimini joriy etish va birlamchi bo‘g‘inda ayollarni faol jalb qilish masalalarida qaror talablari to‘liq ta’minlanmagani kuzatildi.

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi nazorat-tahlil natijalariga ko‘ra, tuman kesimida bachadon bo‘yni saratoni va ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha 2025 yil uchun alohida tarmoq rejalari ishlab chiqilgan, rejalar oilaviy poliklinikalar va KTMPlar kesimida oylar bo‘yicha taqsimlangani hujjatlar asosida tasdiqlangan.

Masalan, Mirzo Ulug‘bek tumanida 30–65 yoshdagi ayollar soni 63 ming nafardan ortiq bo‘lib, bachadon bo‘yni saratoni skriningi uchun 2025 yilga 15 ming nafardan ortiq ayolni qamrab olish rejalashtirilgan, ko‘krak bezi saratoni skriningi bo‘yicha esa 11 ming nafardan ortiq ayol qamrab olinishi ko‘zda tutilgan. Bu holat qaror talablariga muvofiq rejalashtirish ishlari amalga oshirilganini ko‘rsatadi.

Biroq ishchi guruh o‘rganishlari shuni ko‘rsatdiki, rejalarning mavjudligi ularning amalda to‘liq va sifatli bajarilayotganini anglatmaydi. Savolnoma asosida olib borilgan tahlillarga ko‘ra, Toshkent shahrida ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha skrining ishlari ikki yo‘nalishda – mammografik skrining va “onko-nazorat” xonalari orqali klinik ko‘riklar shaklida amalga oshirilmoqda.

2025 yilda shahar bo‘yicha mammografik skrining orqali 11 688 nafar ayol qamrab olingan bo‘lsa, “onko-nazorat” xonalari orqali 120 171 nafar ayol klinik ko‘rikdan o‘tkazilgan. Mammografiya orqali 63 nafar ayolda ko‘krak bezi saratoni aniqlangani ushbu usulning yuqori samaradorligini yaqqol ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, qarorga muvofiq 45-65 yoshli ayollarda ko‘krak bezi saratonini aniqlashda asosiy usul sifatida mammografiya belgilangan bo‘lsa-da, amalda skriningning asosiy yuki klinik ko‘riklar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa qarorda belgilangan skrining ko‘rsatgichlari bilan amaldagi holat o‘rtasida muayyan tafovut mavjudligini ko‘rsatadi.

Savolnoma natijalari shuni ham ko‘rsatdiki, “onko nazorat” xonalari faoliyati hududlar kesimida bir xil emas. Ayrim poliklinikalarda klinik ko‘riklar faol o‘tkazilayotgan bo‘lsa, ayrim joylarda tibbiyot xodimlarining onkologik hushyorligi va skrining ko‘rsatgichlari bo‘yicha bilimlari yetarli emas. Shubhali holatlarni o‘z vaqtida mammografiyaga yoki ixtisoslashtirilgan muassasalarga yo‘naltirishda uzilishlar borligi aniqlandi. Elektron ro‘yxatga olish va monitoring tizimi ham barcha muassasalarda to‘liq ishlamayapti, bu esa qarorda nazarda tutilgan elektron baza va registr tizimining amalda to‘liq joriy etilmaganini ko‘rsatadi.

Ijobiy jihat sifatida shuni qayd etish lozimki, skrining jarayonida kasallik aniqlangan bemorlar bilan ishlash tizimi Toshkent shahrida nisbatan barqaror yo‘lga qo‘yilgan. Bemorlar Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga yo‘naltirilib, chuqurlashtirilgan diagnostika, morfologik tasdiq, konsilium va kompleks davolash bilan davlat budjeti hisobidan ta’minlanmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar uchun bepul diagnostika va davolash imkoniyatlari mavjudligi qaror ijrosidagi muhim ijobiy natija hisoblanadi.

Shu bilan birga, kadrlar bilan ta’minlanganlik masalasida ham muammolar bor. Tuman darajasida vrach onkologlar yetishmovchiligi, ayrim “onko-nazorat” xonalarida to‘liq shtat bilan ishlamaslik holatlari qaror talablarining to‘liq bajarilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Axborot ma’rifiy ishlar esa asosan mavsumiy xarakterga ega bo‘lib, qarorda belgilangan doimiy va tizimli targ‘ibot talablariga to‘liq javob bermaydi.

O‘rganish xulosalariga ko‘ra, Prezidentimizning tegishli qarori ijrosi asosida tumanlarda ijobiy natijalar mavjud. Biroq qarorning asosiy maqsadi — ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarni ommaviy va samarali ravishda erta aniqlash hali to‘liq ta’minlanmagan. Mammografik skrining qamrovini kengaytirish, birlamchi bo‘g‘inda faol jalb qilish mexanizmlarini kuchaytirish, ikki smenali ish tizimini to‘liq joriy etish, kadrlar bilan ta’minlashni yaxshilash va elektron monitoringni amalda ishlaydigan tizimga aylantirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

 

Partiya faollari va deputatlar nima deydi?

Mavjuda HASANOVA,

O‘zXDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i:

– Ochig‘i, O‘zbekistonda ham o‘sma kasalliklarini davolash nafaqat sog‘liqni saqlash tizimining, balki butun jamiyatning doimiy e’tiborini talab qiladigan soha ekanligi ma’lum.

Hududlarda olib borilgan keng ko‘lamli tahlillar, ya’ni ishchi guruh tomonidan amalga oshirilgan manzilli o‘rganishlar, savolnoma asosida to‘plangan ma’lumotlar hamda tibbiyot muassasalari rahbarlari va soha mutaxassislari bilan amalga oshirilgan muloqotlar ayollar orasida onkologik kasalliklarning holati va ularni nazorat qilish tizimidagi mavjud kamchiliklarni ochiq ko‘rsatdi.

Partiyamiz deputatlari va hududiy mutaxassislar fikrlarini inobatga olgan holda, qaror ijrosi samaradorligini oshirish bo‘yicha qator strategik takliflar ishlab chiqdik.

Avvalo, qisqa muddatli choralar sifatida ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha skriningni tashkil etishda “faol chaqiruv” mexanizmini kuchaytirish zarur hisoblanadi. Qarorda belgilangan 30-65 yoshli ayollar elektron bazasi asosida har bir oilaviy poliklinika va mahalla kesimida aniq maqsadli ro‘yxat shakllantirilib, SMS-xabarnoma, qo‘ng‘iroq va patronaj orqali skriningga taklif qilish amaliyotini joriy etish lozim. Bu chora qisqa muddatda skriningga keluvchi ayollar sonini oshirish, qamrov ko‘rsatkichlarini barqaror o‘sishga olib chiqishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, qisqa muddatda mammografik uskunalarning ikki smenali ish rejimi to‘liq joriy etilishi lozim. Bu qarorda to‘g‘ridan to‘g‘ri belgilangan bo‘lib, uning amalga oshirilishi ishlovchi ayollar uchun qulaylik yaratish orqali mammografik skrining qamrovini kengaytirish imkonini beradi. Natijada klinik ko‘riklar bilan cheklanib qolish holatlari qisqarib, aniq tashxis qo‘yish ulushi ortadi, bu esa diagnostika sifatini yaxshilaydi.

Qisqa muddatli choralar qatorida birlamchi bo‘g‘in tibbiyot xodimlarining onkologik hushyorligini oshirishga qaratilgan maqsadli o‘quvlarni tashkil etish ham muhim ahamiyatga ega. Qarorda belgilangan skrining algoritmlari bo‘yicha qisqa modulli o‘quvlar joriy etilsa, shubhali holatlarni o‘z vaqtida aniqlash va yuqori bo‘g‘inlarga yo‘naltirish yaxshilanadi. Bu esa erta bosqichda aniqlangan kasalliklar ulushini oshirish orqali davolash samaradorligini ko‘taradi va keyinchalik yuqori xarajatli davolash ehtiyojini kamaytiradi.

Shuni unutmaylikki, davlat tomonidan tizimga ko‘rsatilayotgan e’tibor saratonga chalingan yurtdoshlarimizning tuzalib, yashab ketish darajasining ortishiga salmoqli hissa qo‘shadi. Faqat qaror ijrosini qat’iy ta’minlash, belgilangan tekshiruvlarni vaqtida olib borish zarur. Axir, shifokorlar juda ko‘p aytishadi: saraton xastaligi qancha erta aniqlansa, uni davolash imkoni shuncha ortadi.

 

Muxtor ILHOMOV,

xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi O‘zXDP deputati:

– Onkologiya sohasidagi ilmiy izlanishlar har yili yangi natijalar bermoqda. Yangi dori vositalari, genetik tadqiqotlar va innovatsion terapiya usullari kelajakda bu kasallikni yanada samarali davolash imkoniyatini kengaytirmoqda.

Prezidentimizning 2024 yil 22 noyabrda qabul qilingan qarori mamlakatda onkologik kasalliklarga qarshi kurashishda yangi bosqichni boshlab berdi.

Nazorat-tahlil natijalaridan kelib chiqib shuni ayta olamanki, o‘rta muddatli strategik choralar sifatida, avvalo, ushbu qarorda nazarda tutilgan elektron monitoring va registr tizimini to‘liq ishlaydigan holatga keltirish zarur. Skriningdan o‘tgan har bir ayolning natijasi, qo‘shimcha tekshiruvlar, tashxis va davolash bosqichlari yagona elektron tizimda aks ettirilsa, skrining natijadorligini baholash imkoniyati oshadi. Bu orqali resurslar maqsadli yo‘naltirilib, takroriy tekshiruvlar va asossiz xarajatlar qisqartiriladi.

O‘rta muddatda kadrlar bilan ta’minlanganlik masalasini tizimli hal etish ham dolzarb hisoblanadi. Xususan, “onko-nazorat” xonalari va mammografik skriningda ishlovchi mutaxassislar uchun maqsadli qayta tayyorlash, rag‘batlantirish va ish yuklamasini qayta taqsimlash mexanizmlarini joriy etish taklif etiladi. Bu chora xizmat sifati oshishiga, kadrlar almashinuvi kamayishiga va skrining jarayonlarining barqaror ishlashiga xizmat qiladi.

Shuningdek, qarorda belgilangan targ‘ibot ishlari yil davomida uzluksiz tashkil etilsa, ayollarning onkologik kasalliklar haqidagi xabardorligi oshadi, profilaktik ko‘riklarga munosabat o‘zgaradi. Bu esa qamrovning oshishi, kasalliklarni erta aniqlash va umumiy o‘lim ko‘rsatkichlarining pasayishiga olib keladi.

Bu boradagi qonunchilik, imtiyoz va imkoniyatlarni mahallarga borib, ayollar, umuman, aholi orasida targ‘ib qilish kerak, deb o‘ylayman. Uchtepa tumanidagi mahallalarda soha mutaxassislari bilan tushuntirish tadbirlarini o‘tkazishni rejalashtirdik. Bu joriy yildagi muhim vazifalarimizdan biri etib belgilandi.

 

***

Haqiqatan ham, so‘nggi yillarda onkologik kasalliklarni davolashda sezilarli yutuqlarga erishilyapti. Toshkentdagi klinikalarda bu yo‘nalishda muhim jarrohlik amaliyotlari ham o‘tkazilmoqda.

Dunyoda davosiz dardning o‘zi yo‘q. Ishonch, sabr va harakat har qanday dardni yengadi. Belgilangan choralar ijrosi o‘z vaqtida ijro etilsa, bu sohada katta yutuqlarga erishish, ming minglab odamlar hayotga, oilasi bag‘riga qaytishi uchun imkoniyat yaratiladi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va uning deputatlari mazkur masalani doimiy deputatlik nazoratiga oladi. Prezident qarori ijrosini ta’minlashga, ayollar salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirishga, partiyamizning Saylovoldi dasturida belgilangan ijtimoiy adolat va aholi salomatligini himoya qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar nuqtai nazaridan jiddiy e’tibor qaratishda davom etadi.

 

Laziza SHEROVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

 

Deputatlar ko‘magi bilan odamlarning tashvishi arimoqda

Mahalliy kengashlar oldida bugun bir qator mas’uliyatli vazifalar turibdi. Xususan, xalqimizning hayotiy talab va ehtiyojlarini ta’minlash, odamlarni rozi qilish, inson manfaati har narsadan ulug‘, degan ezgu g‘oyani izchil davom ettirish orqali duch kelinayotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlab, hal qilishga ko‘maklashishda mahalliy kengash deputatlaridan tashabbuskorlik, jonbozlik va faollik talab etiladi.

Xo‘sh, bugun xalq deputatlari mahalliy kengashlardagi deputatlarimiz va partiya tashkilotlari faoliyatiga nazar tashlasak, nimalarni ko‘ramiz?

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, jamoatchilik qabulxonalari orqali kelib tushgan murojaatlar, deputatlik so‘rovlari hamda mahalliy Kengashlar sessiyalarida ko‘tarilayotgan dolzarb masalalar orqali hududlarda aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan amaliy ishlar izchil olib borilmoqda.

2026 yilning yanvar-fevral oylarida partiya kengashlari qoshidagi 217 ta jamoatchilik qabulxonasi orqali 1486 ta murojaat qabul qilinib, ularning 1305 tasi yoki 88 foizi ijobiy hal etilgan.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlik guruhlari tashabbusi bilan 142 ta deputatlik guruhi yig‘ilishi, 102 ta doimiy komissiya muhokamasi va 67 ta sessiya o‘tkazilib, joylardagi muhim ijtimoiy masalalar muhokama qilingan.

Shu o‘rinda aytish kerakki, barcha yo‘nalishlarda faolligi va amaliy natijalari bilan ajralib turgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Navoiy, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari tajribasi alohida e’tiborga loyiq.

 

Qoraqalpog‘istonda tashabbuslar amaliy natija bermoqda

Qoraqalpog‘iston Respublikasida partiya deputatlik guruhlari tomonidan aholi murojaatlarini o‘rganish va ularga amaliy yechim topishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Jumladan, 2026 yil yanvar–fevral oylarida partiya kengashlari qoshidagi jamoatchilik qabulxonalariga 166 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 160 tasi ijobiy hal etilgan, bu esa 96 foiz natijadorlikni tashkil etadi.

Aholi murojaatlari asosida joylarda qator masalalar o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinmoqda.

Jumladan, Mo‘ynoq tumani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini, Berdaq ko‘chasi 15-uy 18-xonadonda yashovchi fuqaro V.Komekova tomonidan o‘z uyida yashamasligiga qaramasdan chiqindi puli hisoblangani yuzasidan murojaat qilingan. Masala deputatlar ishtirokida o‘rganilib, “Nukus Eko City Trans” MCHJ Mo‘ynoq tumani filiali bilan birgalikda ko‘rib chiqilgan va fuqaro murojaati ijobiy hal etilgan. Amudaryo tumanida ham fuqarolar murojaatlariga ijobiy yechimlar topilib, qator ijtimoiy muammolar bartaraf bo‘lgan.

Umuman olganda, mahalliy Kengashlarda partiya deputatlik guruhlari tashabbusi bilan 15 ta deputatlik guruhi yig‘ilishi, 11 ta doimiy komissiya muhokamasi va 10 ta sessiya o‘tkazilgan. Shuningdek, 82 nafar deputat tomonidan 66 ta deputatlik so‘rovi yuborilib, ularning 51 tasi ijobiy hal etilgan.

Bu kabi amaliy ishlar deputatlik korpusi aholi muammolariga befarq emasligini, joylardagi dolzarb masalalarni hal etishda deputatlik nazoratining ta’sirchan mexanizmi shakllanayotganini ko‘rsatadi.

 

Andijonda ijtimoiy himoya va bandlik masalalariga alohida e’tibor

Andijon viloyatida partiya deputatlik guruhlari tomonidan aholi murojaatlarini o‘rganish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab quvvatlash hamda aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda.

2026 yil yanvar-fevral oylari davomida viloyatda partiya deputatlik guruhlari tashabbusi bilan 21 ta deputatlik guruhi yig‘ilishi, 6 ta doimiy komissiya muhokamasi hamda 8 ta mahalliy Kengash sessiyasi o‘tkazildi. Shuningdek, deputatlar tomonidan 22 ta deputatlik so‘rovi yuborilib, ularning 9 tasi ijobiy hal etildi. Qolgan deputatlik so‘rovlari bo‘yicha deputatlik nazorati o‘rnatildi.

Aholi bilan muloqotni kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan jamoatchilik qabulxonalari orqali ham fuqarolarning dolzarb muammolari o‘rganildi. Hisobot davrida viloyat bo‘yicha 155 ta murojaat kelib tushib, ularning 148 tasi ijobiy hal etildi, bu esa 95 foiz natijadorlikni tashkil etdi.

Murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, fuqarolar asosan ijtimoiy yordam, bandlik, tibbiy xizmat, pensiya va nafaqa, uy-joy kommunal xizmatlari bilan bog‘liq masalalarda ko‘proq murojaat qilishgan.

Jumladan, Andijon shahri “Pistamozor” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Dilbar Nabiyeva kam ta’minlanganligi sababli ijtimoiy yordam so‘rab murojaat qildi. Murojaat 5-“Vodiy” saylov okrugi deputati Dildoraxon Talipova ishtirokida atroflicha o‘rganilib, mahalla faollari va homiylar bilan hamkorlikda fuqaroga zarur amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Sho‘rbuloq mahallasida yashovchi Azizbek Xurboyevga esa deputatlar tashabbusi bilan oziq ovqat mahsulotlari hamda nogironlar aravachasi berildi.

Aholi bandligini ta’minlash masalalari ham deputatlar diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Jumladan, Andijon tumani Qo‘qonlik mahallasida yashovchi Mahammatjon Ashurov “Muxtor” MCHJga, O‘g‘iloy Mirzakarimova 29-sonli umumta’lim maktabiga, Bekobod mahallasida yashovchi Shoxsanam Abdumannopova esa 12-sonli maktabgacha ta’lim muassasasiga ishga joylashtirildi.

Shu bilan birga, aholi murojaatlari asosida infratuzilmani yaxshilashga doir masalalar ham ko‘rib chiqildi. Masalan, Asaka tumani “Chek” mahallasi fuqarolari tomonidan Hamdo‘stlik ko‘chasini shag‘allashtirish va ichki yo‘llarni asfaltlash masalasi ko‘tarildi. Mazkur murojaat asosida deputatlik so‘rovi tegishli tashkilotlarga yuborilib, masala nazoratga olindi.

Shuningdek, ushbu mahalladagi “Humo” ko‘chasini shag‘allashtirish bo‘yicha murojaat asosida obodonlashtirish, texnikalar jalb etilgan holda yo‘lni tekislash ishlari amalga oshirildi.

 

Navoiyda deputatlik so‘rovlari orqali infratuzilma yaxshilanmoqda

Navoiy viloyatida partiya deputatlik guruhlari aholi murojaatlarini o‘rganish va joylardagi ijtimoiy iqtisodiy muammolarni hal etishga qaratilgan deputatlik nazoratini izchil amalga oshirmoqda. Xususan, mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari tashabbusi bilan ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash va hududlarni obodonlashtirishga qaratilgan masalalar muntazam muhokama qilib kelinmoqda.

2026 yil yanvar-fevral oylari davomida viloyatda partiya deputatlik guruhlari tashabbusi bilan 8 ta deputatlik guruhi yig‘ilishi, 8 ta doimiy komissiya muhokamasi hamda 8 ta mahalliy Kengash sessiyasi o‘tkazildi. Shu bilan birga, mas’ul idoralar rahbarlarining 13 ta hisoboti eshitildi.

Hisobot davrida tuman va shahar Kengashlaridagi deputatlar tomonidan 52 ta deputatlik so‘rovi yuborilib, ularning 46 tasi ijobiy hal etildi. Bu esa deputatlik nazorati orqali joylardagi muammolarni bartaraf etish samaradorligi yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Aholi bilan muloqotni kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan jamoatchilik qabulxonalari orqali ham fuqarolarning dolzarb muammolari o‘rganildi. Hisobot davrida viloyat bo‘yicha 76 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 66 tasi ijobiy yechim topdi.

Murojaatlar asosida joylarda yana qator amaliy ishlar boshlab yuborildi. Jumladan, Xatirchi tumanidagi mahallalar infratuzilmasi yaxshilanmoqda. Shuningdek, Navoiy shahrida og‘ir kasallik bilan davolanayotgan fuqaro tomonidan qilingan murojaat deputatlar tomonidan o‘rganilib, unga jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun moliyaviy yordam ajratish masalasi ijobiy hal etildi.

Mahalliy Kengashlar sessiyalarida esa aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan qator masalalar muhokama qilindi. Xususan, mahallalarni ko‘kalamzorlashtirish ishlarini kengaytirish, tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, shuningdek, xotin-qizlar bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dasturlar ijrosi yuzasidan mas’ul idoralar rahbarlarining hisobotlari eshitildi.

Farg‘onada dolzarb masalalar muhokama qilindi

Farg‘ona viloyatida partiya deputatlik guruhlari tomonidan joylardagi muammolarni o‘rganish, aholi murojaatlarini tezkor hal etish va ijtimoiy masalalarga amaliy yechim topishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Hisobot davrida viloyatda partiya deputatlik guruhlari tashabbusi bilan 15 ta deputatlik guruhi yig‘ilishi, 12 ta doimiy komissiya muhokamasi va 2 ta mahalliy Kengash sessiyasi o‘tkazildi. Ushbu yig‘ilish va muhokamalarda hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, aholi bandligini ta’minlash va infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Jamoatchilik qabulxonalari orqali aholi murojaatlari bilan ishlash ham samarali tashkil etilgan. Hisobot davrida 129 ta murojaat qabul qilinib, ularning 118 tasi ijobiy hal etildi.

Masalan, Qo‘qon shahridagi mahalla aholisi tomonidan ichki yo‘llarni ta’mirlash masalasida qilingan murojaat deputatlar ishtirokida o‘rganildi. Natijada mahalla hududidagi ichki yo‘llar ta’mirlanib, tartibga keltirildi.

Mahalliy Kengash sessiyalarida esa aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Xususan, aholi bandligini ta’minlash dasturlari ijrosi, kommunal xizmatlar sifatini oshirish, ta’lim muassasalarini ta’mirlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash kabi masalalar yuzasidan mas’ul idoralar rahbarlarining hisobotlari eshitildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

***

Yuqorida keltirilgan tahlillar shuni ko‘rsatadiki, mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlari faoliyati joylardagi ijtimoiy muammolarni hal etishda ta’sirchan va amaliy mexanizmga aylanmoqda. Jamoatchilik qabulxonalari orqali fuqarolar murojaatlarini o‘rganish, deputatlik so‘rovlari orqali mas’ul idoralar faoliyatini nazorat qilish hamda mahalliy Kengashlar sessiyalarida dolzarb masalalarni muhokama qilish amaliyoti aholi manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilayotgani yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

 

Sirojiddin SHONAZAROV,

O‘zXDP markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i.

 

 

Minglab oilalar uchun daromad va mamlakat taraqqiyotining muhim manbai

Joriy yil 16 mart kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi birinchi navbati ishga tushirilishi nafaqat korxonamiz jamoasi, balki butun mamlakatimiz sanoati taraqqiyotida, ta’bir joiz bo‘lsa, yangi bosqichni boshlab berdi.

Qiymati 2 milliard 700 million dollarlik fabrika yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlab, 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqaradi.

Davlatimiz rahbari ushbu yirik strategik ahamiyatga ega fabrikamizning ochilish marosimida ishtirok etar ekan, sohadagi, xususan, korxonamiz faoliyatida erishilayotgan yutuqlarni alohida sanab o‘tdi.

Darhaqiqat, sohada shaffof tizim yaratilgani hisobiga so‘nggi to‘qqiz yilda 10 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilgani, bugungi kunda 65 ta xususiy korxona faoliyat yuritayotgani, tarmoqda ishlab chiqarish 1,7 barobar o‘sib, o‘tgan yilning o‘zida 270 trillion so‘mga yetgani uzoqni ko‘zlab olib borilayotgan islohotlarning yorqin natijasidir. Shu bilan birga, xorijiy hamkorlar bilan yuqori malakali kadrlarni tayyorlashning yo‘lga qo‘yilgani ham eng katta yutuqlardan biri bo‘ldi.

Misol uchun, Olmaliqda «Moskva po‘lat va qorishmalar instituti» universiteti filiali, Olmaliq texnika instituti, Toshkent shahrida Geologiya fanlari universiteti (Uxan geologiya universiteti bilan hamkorlikda) hamda Italiyaning Piza universiteti filiali tashkil qilindi. Navoiykonchilik texnologiyalari universitetida ham Rossiya, Kanada, AQSh, Fransiya va Chilining ilg‘or oliygohlari bilan qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yildi. Buning samarasi o‘laroq qimmatbaho va rangli metallarni faqat xom ashyo shaklida emas, balki ularni qayta ishlab, yuqori qiymatli mahsulot yaratish qamrovi oshdi. Bu esa, tabiiyki, malakali mahalliy kadrlarni tayyorlash tizimi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Prezidentimiz 2026 yilning o‘zida ishga tushadigan loyihalar hisobiga misni chuqur qayta ishlash quvvatlari 240 ming tonnaga yetishini ta’kidladi. Va bu ko‘rsatkich yaqin ikki uch yilda yanada o‘sib borishi kutilmoqda.

Bilamizki, mis sanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, «yashil» taraqqiyot uchun strategik xom ashyo hisoblanadi. Aytib o‘tilganidek, mis sanoatida yuqori qiymat zanjiri yaratilsa, bu xom ashyoni chuqur qayta ishlash uchun zamonaviy infratuzilma barpo etilsa, minglab oilalarga daromad, hududlarga taraqqiyot, mamlakatga qudrat olib keladi.

Shu nuqtai nazardan yangi ishga tushirilgan 3-mis boyitish fabrikasi ham mamlakatimizda shakllanayotgan “mis klasteri”ning strategik tayanch nuqtasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Fabrikaning strategik ahamiyati, avvalo, uning ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirida yaqqol ko‘rinadi. Loyiha to‘liq quvvatga chiqqanidan so‘ng 4 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yuzaga keladi. Bu ilg‘or bilim va ko‘nikmalarga ega mahalliy yoshlarimizga katta imkoniyat demakdir.

Yuqorida keltirib o‘tganimdek, yiliga ishlab chiqariladigan 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati tarkibidan 166 ming tonnadan ortiq mis, shuningdek, oltin, kumush va boshqa qimmatbaho rangli metallar ajratib olinib, keyingi bosqich – Mis eritish zavodiga uzluksiz ravishda yetkazib beriladi.

Loyihaning noyobligi uning yuqori texnologik darajasi va zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlari bilan ham belgilanadi. Fabrikada dunyoning yetakchi kompaniyalari – «Metso Outotec», «FLSmidth», PAO “Uralmashzavod”, «Weir Minerals» va «Siemens» uskunalari asosida yagona integratsiyalashgan texnologik majmua yaratilgan. Jumladan, «HPGR» texnologiyasi energiya sarfini sezilarli darajada kamaytirib, qayta ishlash samaradorligini oshiradi. Zamonaviy flotatsiya va filtrlash uskunalari esa yuqori sifatli konsentrat olishni ta’minlaydi. «Siemens PCS 7» va «AVEVA PI Vision» platformalari orqali barcha texnologik jarayonlar real vaqt rejimida nazorat va boshqaruv qilinadi.

Oldimizda, shubhasiz, ulkan marra va vazifalar turibdi. Energiya tejamkorligini ta’minlash, resurslardan oqilona va samarali foydalanish, ishlab chiqarish samaradorligini izchil oshirish hamda mamlakatimizning eksport salohiyatini yanada kengaytirish asosiy maqsadimizga aylandi. Xususan, 2026 yil yakuniga qadar texnologik liniyalarni barqaror ish rejimiga o‘tkazish orqali 20 million tonna ma’danni qayta ishlash, 288 ming tonnadan ziyod mis konsentrati ishlab chiqarish hamda uni Mis eritish zavodiga uzluksiz va barqaror yetkazib berishga qaratilgan aniq rejalarni ishlab chiqqanmiz.

Bundan tashqari, ishlab chiqarish jarayonlarida qo‘llaniladigan reagentlar, sarf materiallari va ehtiyot qismlarni mahalliylashtirish darajasini izchil oshirish, muqobil hamda innovatsion yechimlardan samarali foydalanish orqali mahsulot tannarxini sezilarli darajada kamaytirishga qaratilgan ishlar ham belgilab olindi.

Oliy ta’lim muassasalari bilan uzviy va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, dual ta’lim tizimini sanoat talablari bilan uyg‘unlashtirish orqali zamonaviy bilim va kompetensiyalarga ega yuqori malakali muhandis texnik kadrlarni maqsadli tayyorlash va ishlab chiqarishga keng jalb etish ustuvor vazifalarimiz sirasiga kiradi.

Muxtasar aytganda, bildirilayotgan yuksak ishonchni mas’uliyat bilan, salmoqli amaliy natijalar, yuqori mehnat unumdorligi va Vatanimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashga qo‘shayotgan munosib hissamiz orqali oqlash pirovard maqsadimizdir.

 

Erkin ARTIKBAYEV,

“Olmaliq KMK AJ 3-mis boyitish fabrikasi direktori.

 

 

Yangi hayot, yangi tarix, yangi kelajak – Vatan uchun fidoyilikka chorlovchi g‘oya

Yil yilga o‘xshamas, deydilar. Aslida otayotgan har bir musaffo tongimiz, xotirjam, halovatga to‘la kunlarimiz biz uchun qadrli va fazilatli. Bu yil o‘zgacha kelgan Navro‘z shukuhi har birimizning qalbimizni cheksiz faxr va iftixor tuyg‘ulari bilan to‘ldirayotgani ayni haqiqat. Chunki Navro‘z nafaqat husn tarovati, kuy-qo‘shiq va o‘lanlari, sumalagu, sayillari balki Ramazon bilan uyg‘un qadriyatlari, bahor tutimlariga monand yurtimizni yashillikka burkash kabi ezgu maqsadga yo‘g‘rilgan tadbirlari bilan ham o‘zgacha mazmun-mohiyat kasb etdi.

Bu ezgu ishlar odamlarimizning kayfiyati, hayotidan rozilik hissi, shukronalik tuyg‘usini yanada oshirdi. Darhaqaqat “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir” g‘oyasi xalqimizning mehr- muruvvat, bag‘rikenglik, bunyodkorlik salohiyatini nafaqat butun yurtimizning shahar qishloqlari, mahallalaru ovullari bo‘ylab keng yoydi, balki yanada yuksakka ko‘tardi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ko‘lamli islohotlar tufayli inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, farovonligini oshirish, jamiyatda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash yo‘lidagi ulkan ishlar yana bir bor o‘zini namoyon etdi.

Navro‘z umumxalq bayrami kuni Prezident ishtirokida Yangi O‘zbekiston bog‘ida o‘tgan tantanali marosim esa har bir yurtdoshimizga unutilmas taassurotlar baxsh etgani muqarrar. Ushbu tantanada inson qadri, tinchlik, birdamlik kabi ezgu g‘oyalar nafasi ufurib turdi. Sohibqiron Amir Temur davridayoq davlat siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lgan yaxshi qo‘shnichilik, millatlararo totuvlik, yuksak insoniylik namoyishi qalbimizni larzaga soldi.

Davlat rahbari o‘z tabrik nutqida ezgu g‘oyalarni ilgari surdi. «Azaliy an’analarimizni davom ettirib, ko‘chat ekib, bog‘ yarataylik, uyimiz, mahallamizni obod qilib, hayotimizni yanada go‘zal va farovon etaylik!

Yaxshi qo‘shnichilik, ahilligimiz va ezgu ishlarimiz bilan yuksak marralarga intilayotgan xalq ekanimizni dunyoga namoyon etaylik!

Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot, yangi tarix, yangi kelajak yarataylik!”.

Bu so‘zlar barchamizni shu muqaddas ona yurtimiz taraqqiyoti uchun fidoyilikka chorlovchi da’vat sifatida jarangladi. Aslida juda mashaqqatli, ammo allaqachon poydevori qo‘yilgan buyuk maqsadlar bu.

Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillarining yagona vatanda yagona xalq bo‘lib, ahil va totuv yashayotganining o‘zi shu buyukmaqsadlarni ro‘yobga chiqarishning asosiy omilidir.

Bugun butun xalqimiz yangi hayot nashidasini surmoqda deb bemalaol ayta olamiz. Barcha hududlarimizga, qishloq va ovullar, mahallalarimizga Yangi O‘zbekiston nafasini olib kirish bo‘yicha boshlangan katta harakatlar esa uning mazmun-mohiyati va sururini yanada oshiradi.

Darhaqiqat, yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish borasida ulkan qadamlar qo‘yilmoqda. Yangi-yangi zamonaviy korxonalar, kommunikatsiya tarmoqlari, shinam uy joylar, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport obyektlari barpo etilmoqda. Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi, “Men ham ko‘chat ekaman” aksiyalari, umumxalq hasharlari tashkil etilmoqda.

Yangi O‘zbekiston mamlakatimiz yoshlari uchun yuksak parvozlar, katta-katta g‘alabalar maydoniga aylanib borayotgani ham ayni haqiqat. Prezidentimiz o‘z tabrigida yoshlarga murojaat etib “ Bugun Uchinchi Renessans bunyodkorlari bo‘lishdek ulkan baxt va yuksak sharaf sizlarga nasib etmoqda. Qancha qancha ajdodlarimiz intilib yashagan shu buyuk orzuni ro‘yobga chiqarishga sizlar albatta qodirsiz”, deya ishonch bildirgani bejiz emas.

Tinch yurtga bayramlar yarashadi. Dunyoda qancha-qancha odamlar notinchlik, urushlar, vayronagarchiliklar girdobida tinch va osoyishta hayot orzusi bilan umr kechirayotgan bir paytda, qalbida mamnuniyat va halovat, o‘zining va farzandlarining kelajagiga katta ishonch bilan yashayotgan xalqimizning bayramlari bayramlarga ulanmoqda. Buni bugun har bir yurtdoshimiz his qilayotgani, anglayotgani, qo‘llab-quvvatlayotgani, shu tinch, osuda Vatan taraqqiyotiga hissa qo‘shishga intilayotgani shubhasiz.

Shu jihatdan ham bu yilgi Navro‘z o‘zining bayramona shukuhi, qadriyat va an’nalari, hikmati, falsafasi, mazmun mohiyati bilan nafaqat elimiz, balki dunyo e’tirofiga musharraf bo‘ldi.

 

Nazira MATYAKUBOVA,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi deputati.

 

Betakror va buyuk majmua

Muqaddas Ramazon oyi va Navro‘z bayrami munosabati bilan mamlakatimizda mehr-oqibat yanada kuchayib, ehtiyojmand insonlarga har tomonlama e’tibor va ko‘mak ko‘rsatildi, xalqimiz ezgu va savobli amallarga bosh-qosh bo‘ldi.

Davlat va nodavlat tashkilotlari, saxovatli hamyurtlarimiz tomonidan muhtoj oilalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilayotgani Vatanimizda fayzu barakani oshirmoqda, inson qadrining ulug‘lanishi tinchlik va umummilliy birlik ruhi tobora mustahkamlanishiga asos bo‘lmoqda.

Toshkent shahrida dunyoda analogi bo‘lmagan Islom svilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishi, shu kuni butun mamlakatimiz bo‘ylab iftorlik o‘tkazilishi, Qur’on tilovat qilinib, duolar o‘qilishi, ezgu niyatlar bildirilishi xalqimizning nafaqat ijtimoiy, balki ruhiy birdamlik hissini yanada mustahkamladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rasmiy ochilish marosimidagi nutqida ushbu ulug‘vor va noyob majmua xalqimizning aql-zakovati, fidokorona mehnati bilan bunyod etilganini ta’kidlab, ne-ne ajdodlarimizning orzu-niyatlari, armonlari ro‘yobga chiqqan unutilmas kun, chinakam ilm-ma’rifat bayrami ekanini qayd etgani bejiz emas.

Darhaqiqat, betakror va buyuk majmua ona Vatanimizning uch ming yillik shonli tarixi va beqiyos madaniyatining, Yangi O‘zbekiston imkoniyatlarining yorqin ko‘zgusi sifatida poytaxtimiz tarixiy ma’naviy markazida mag‘rur salobat to‘kib turibdi.

To‘g‘ri ta’kidlanganidek, bu markaz Yangi O‘zbekiston rivojlangan davlat, erkin jamiyat poydevorini bunyod etish uchun, eng avvalo, ilm va ta’limga tayanayotganining yorqin ifodasi bo‘ldi.

Bunday ulkan majmua tarixan qisqa davrda har tomonlama mukammal bunyod etilgani majmuaga tashrif buyurgan qator davlatlarning rahbar va siyosatchilari, yetuk tashkilotlar va xalqaro ekspertlar tomonidan e’tirof etilmoqda. BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida e’lon qilingan ezgu tashabbus jahon jamoatchiligi, ayniqsa, islom hamjamiyati tomonidan qo‘llab quvvatlangani markazning xalqaro ahamiyatini ham oshiradi.

Ushbu markazda O‘zbekistonning qadimiy tarixi va sivilizatsiyasi durdonalarini bir paytning o‘zida yagona ma’rifiy makonda ko‘rish, shu asosda o‘zbek xalqining intellektual va madaniy salohiyatini yaqqol anglash mumkinligi alohida qayd etildi. Maskan bilan tanishgan har bir inson, yoshidan, kasbi yoki ishlayotgan sohasidan qat’i nazar, qanday ulug‘ zotlar ajdodi ekanidan, muqaddas dinimizning ma’naviy-ruhiy qudratidan g‘urur va iftixorga to‘ladi.

Noyob majmuadagi “O‘zbekiston zaminida islomgacha bo‘lgan davr”, “Birinchi va Ikkinchi Renessans”, “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori” kabi ekspozitsiya zallari tarixan bog‘liqligi va bir-birini to‘ldirib turishi yurtimiz tarixini keng qamrovli aks ettirishga xizmat qiladi.

Markazda tarixiy noyob eksponatlar eng ilg‘or texnologiyalar yordamida taqdim etilishi yosh va kelgusi avlodning buyuk tariximizni atroflicha o‘rganishi, islom dinining ezgu asoslarini keng tushunishida alohida ahamiyatga ega bo‘ladi.

Davlat rahbari Islom sivilizatsiyasimarkazi ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyatimiz uchun fundamental baza bo‘lishini ta’kidladi, AYSESKO, IRSIKA, Oksford islom tadqiqotlari markazi, TURKSOY kabi va boshqa ko‘plab xalqaro hamda xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish uchun zarur sharoitlar yaratib berilishini bildirdi. Demak, bu yerda diniy, ma’rifiy, ilmiy va ijodiy jarayonlar bir-biriga uyg‘un ravishda rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar ochiladi. Bularning barchasi majmuaning ahamiyati va faoliyat qamrovi doimiy ravishda kengayib borishini ham anglatadi.

Noyob va buyuk majmuadan xalqimiz asrlar davomida bahramand bo‘lishiga, bu yerga kelgan yoshlarimiz bilim va ma’rifatga, taraqqiyotga intilishiga ishonamiz.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari.

 

 

Toza muhit – sog‘lom kelajak kafolati

Bugungi kunda ekologik muammolar global chaqiriqqa aylangan. Xususan, Toshkent shahri va boshqa sanoatlashgan hududlarda havo sifati bilan bog‘liq muammolar dolzarbligicha qolmoqda.

Atmosfera ifloslanishiga sanoat rivoji, transport vositalari sonining ortishi, yoqilg‘i turlaridan samarasiz foydalanish va nazorat mexanizmlarining yetarli emasligi ta’sir ko‘rsatmoqda.

23 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Ushbu tashabbuslar nafaqat tabiatni asrash, balki aholi salomatligini muhofaza qilish, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va kelajak avlodlar uchun munosib muhit yaratishda muhim ahamiyatga ega.

Shu nuqtai nazardan, “Toza havo” umummilliy loyihasi juda dolzarb va o‘z vaqtida qabul qilingan qarordir. Ushbu loyiha doirasida atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalarni qisqartirish, sanoat korxonalarida zamonaviy filtr va monitoring tizimlarini joriy etish, transport sohasida ekologik standartlarni kuchaytirish kabi aniq vazifalar belgilab olingan.

Ayniqsa, transport vositalarini ekologik toifalarga ajratish, jamoat transporti ulushini oshirish va eski avtomobillarni bosqichma bosqich yangilash kabi choralar shaharlardagi havo sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.

Shuningdek, “yashil belbog‘”lar barpo etish, botanika va dendrologiya bog‘larini ko‘paytirish, jumladan, poytaxtda Milliy dendrologiya bog‘ini tashkil etish tashabbusi ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim qadamdir. Bu kabi loyihalar nafaqat havoni tozalash, balki shahar mikroiqlimini yaxshilash va aholining dam olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Ekologik madaniyatni yuksaltirish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilanmoqda. “Ekomadaniyat” loyihasi doirasida ta’lim tizimiga yangi yo‘nalishlarni joriy etish, zamonaviy mutaxassislar tayyorlash va aholi o‘rtasida barqaror turmush tarzini shakllantirish ko‘zda tutilgani ayniqsa, e’tiborlidir.

Bugungi kunda yurtimiz hududining katta qismi arid zonalardan iborat bo‘lib, cho‘llanish jarayonlari iqtisodiyot va ekologiyaga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois, ilmiy yondashuv asosida cho‘llanishga qarshi kurashish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Xulosa qilib aytganda, taklif etilgan loyihalar mamlakatimizning ekologik xavfsizligini ta’minlash, aholi salomatligini muhofaza qilish va barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi. Ularning samarali amalga oshirilishi esa barchamizning faol ishtirokimiz va mas’uliyatli munosabatimizga bog‘liq.

Toza tabiat – bu faqat davlat siyosati emas, balki har bir fuqaroning hayotiy qadriyatiga aylanishi lozim.

 

Sayyora ABDIKARIMOVA,

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.