Talaba salom bermagani uchun jazolandi

 

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosariga salom bermagani uchun jazolandi. Holat yuzasidan universitet rasmiy munosabat bildirdi.

 

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Milliy universitetida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari va boshqa ustozlarga salom bermagani uchun hech qanday mas’ul tomonidan talabadan tushuntirish xati yozdirib olinmagan.

 

“Talabalarning ustozlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, salom berishi yoki bermasligi ularning shaxsiy madaniyatiga taalluqli masala hisoblanadi”, — deyiladi munosabatda.

 

Biroq talabaning uzr so‘rab, tushuntirish xati yozishga majburlangani yuzasidan izoh berilmagan.

 

Shuningdek, jurnalist Muhrim A’zamxo’jayev kecha o’zining telegram kanalida salom bermagani uchun tushuntirish xati yozgan talabani, u yozgan xatning surati tarqalib ketgach, dekanning xonasiga olib kirib ketishgani va bir soatdan ko‘p o‘sha yerda o‘tirgani haqida yozgandi. Bundan tashqari jurnalist holat bo’yicha «Ey, talaba do‘stim, kayfiyatni tushirmang! Hammasi yaxshi bo‘ladi. Mas’ullar esa qilayotgan ishlaridan va qilishlari kerak bo‘lgan ishlarni qilmayotganliklaridan uyalsin!» deya izoh qoldirgan.

“Arkadag” muddatidan avval Turkmaniston chempioniga aylandi

 

Bosh murabbiy Vladimir Bayramov boshchiligidagi “Arkadag” futbol klubi ketma-ket ikkinchi yil muddatdan oldin Turkmaniston chempioni unvonini qo‘lga kiritdi.

 

Jamoa mamlakat chempionati yakunlanishiga besh tur qolganda Balkanobodning “Nebitchi” jamoasini qabul qilib, 5:1 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi. Ushbu g’alaba evaziga «Arkadag» o’zining eng yaqin ta’qibchisi «Ahal»dan 23 ochkoga uzib ketdi.

 

“Arkadag” klubi milliy ahamiyatga ega yangi shahar sharafiga shunday nomlangan. Jamoa 2023-yilda tashkil etilgan bo’lib, birinchi yilidayoq Turkmaniston chempionati va mamlakat kubogi sohibiga aylangan. Mana shu g‘alabalar evaziga «Arkadag» OFK Challenj ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Toshkent aeroportida yo‘lovchi vafot etgani rostmi?

 

Qayd etilishicha, aeroportda bir ayol vafot etganligi haqidagi xabarlar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bugun, 8-oktabr kuni Dubai-Toshkent aviareysida uchib kelgan, 1986-yilda tug‘ilgan ayolning sog‘lig‘i yomonlashgan.

 

Hozirda ayol shifoxonaga yotqizilib, unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Kredit olishda yangi talablar joriy etilmoqda

 

Endilikda fuqarolar kredit tashkilotining mobil ilovasi orqali kredit ajratish bo‘yicha ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan o‘tishi talab etiladi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi. Ushbu talab fuqarolarning nomiga tijorat banklarining mobil ilovalari orqali onlayn kreditlar rasmiylashtirish hamda bank kartasiga tushgan kredit mablag‘larini P2P o‘tkazmalari orqali noqonuniy o‘zlashtirish holatlarini oldini olishga qaratilgan.

 

Bunda kredit olish bo‘yicha ariza fuqaroning shaxsan o‘zi tomonidan berilganligi aniqlanadi va uning shaxsiga yana bir bor oydinlik kiritiladi. Mazkur tartib 2024-yilning 1-noyabridan 2025-yilning 1-apreliga qadar amal qiladi.

 

Ma’lumot uchun, kredit mablag‘lari fuqaroning bank kartasiga o‘tkazilgandan keyin pul mablag‘lari sarflanmagan bo‘lsa, 48 soat ichida kredit olishga ariza mijoz tomonidan firibgarlar ta’sirida berilgani aniqlansa yoki mijoz qo‘shimcha tasdiqdan o‘tishni amalga oshirmasa, kredit shartnomasi kredit tashkiloti tomonidan bekor qilinadi va ajratilgan pul mablag‘lari kredit tashkiloti hisobiga qaytariladi.

O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari 41 milliard dollardan oshdi

 

O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari sentabr oyida 1,98 milliard dollarga oshib, 41,139 milliard dollarga yetdi. Bu haqida Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarda so‘z boradi. Markaziy bank zaxiralari ketma-ket uch oydan beri o‘smoqda — iyulda 1,06 milliard dollarga, avgustda 1,75 milliard dollarga, sentyabrda esa 1,98 milliard dollarga oshgan. Bu 2013 yildan beri yuritiladigan statistik ma’lumotlarning butun davri uchun navbatdagi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

 

Shuningdek, o‘tgan oyda xorijiy valyuta zaxiralari 518,3 million dollarga oshgan — 8,19 milliarddan 8,709 milliard dollargacha. Zaxiralardagi oltinning fizik hajmi o‘zgarishsiz qolmoqda — 12 million troya unsiyasi (367 tonna). Oltin zaxiralari qiymati 1,46 milliard dollarga oshib, 30,4 milliard dollardan rekord darajadagi 31,86 milliard dollarga yetgan.

 

Eslatib o‘tamiz, Nyu-York Comex birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, oltin narxi 12 sentyabrm kungi savdolar chog‘ida o‘zining tarixiy rekordini yangilagan va troya unsiyasi uchun 2,58 ming dollardan oshgandi. 1 sentabr holatiga O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 1,75 mlrd dollarga oshib, 39,15 mlrd dollarga yetgan edi. Bu oshish asosan oltin hisobiga ro‘y bergan edi.

Antarktida yashil hududga aylanib bormoqda

 

Britaniya olimlari Antarktidada yashil hududlar ko‘payib borayotganidan ogohlantirdi. So‘nggi 40 yil ichida Antarktida yarim orolida o‘simlik qoplami deyarli 10 barobarga oshgan. Tegishli tadqiqot Ekseter va Xertfordshir universitetlari, shuningdek, Britaniya Antarktika tadqiqoti vakillari tomonidan amalga oshirildi. Bu sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini tahlil qilishga asoslangan.

 

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, 1986-yilda yarim orolda o‘simlik qoplamining maydoni bir km2 dan kam bo‘lsa, 2021-yilda deyarli 12 km2 ni tashkil qilgan. 2016-2021 yillarda ko‘kalamzorlashtirish tendensiyasi 1986-2001 yillarga nisbatan 30 foizdan ko‘proq tezlashdi. O‘sish sur’ati yiliga 400 ming m2 dan oshdi.

 

Olimlar hozirda o‘simliklar muzdan xoli bo‘lgan hududlarni qanday egallayotgani va kelajakda bu jarayon qanday rivojlanishini o‘rganmoqda.

Erta qarish kasalligiga chalingan erkak 28 yoshida vafot etdi

 

Erta qarishga olib keladigan irsiy kasallik — progeriyaga chalingan italiyalik Semmi Basso 28 yoshida vafot etdi. U mazkur kasalligi bor odamlar orasida eng uzoq umr ko‘rdi. Bu haqida Italiyaning ushbu kasallikka qarshi kurash assosiatsiyasi ma’lum qildi.

 

Basso 1995-yilda Italiyaning Skio shahrida tug‘ilgan. Ikki yoshida unga Xatchinson – Gilford sindromi tashxisi qo‘yilgan. Semmi Basso ota-onasi va eng yaqin do‘sti bilan Chikagodan Los-Anjelesga US 66 yo‘li bo‘ylab qilgan sayohati haqida hujjatli film chiqqanidan keyin mashhur bo‘ldi. Shuningdek, u tez-tez televizorda chiqishlar qilib, kasalligi haqida intervyular bergan.

 

2018-yilda Basso Padua universitetini tabiiy fanlar bo‘yicha tamomlagan. 2019 yilda Bassoda aorta klapanini almashtirish operatsiyasi o‘tkazildi – bu progeriya bilan og‘rigan bemorda o‘tkazilgan bunday turdagi ilk operatsiya edi. Shundan so‘ng u Italiyaning oliy – “Italiya Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun” ordeni kavaleriga aylandi. Xatchinson – Gilford progeriyasi har 20 million odamda uchraydigan, kam kuzatiladigan irsiy kasallik hisoblanadi.

 

Progeriyada teri va ichki organlar o‘zgaradi, shuning uchun bemorlar o‘z yoshiga nisbatan kattaroq ko‘rinadi. Kasallik oqibatida hayot sifati ham pasayadi. Davolashsiz umr ko‘rish davomiyligi taxminan 13 yil deyiladi xabarlarda.

Toshkent aeroportida yo‘lovchi 99 ta telefon bilan qo‘lga tushdi

 

“Toshkent-Seul” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan yo‘lovchilardan birining qo‘l va yo‘l yuklari belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, yuklar orasidagi kosmetika vositalari qutilari hamda sumka astarlariga 3 xil rusumdagi 99 dona muqaddam foydalanilgan smartfonlar yashirilganligi aniqlangan.

 

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ularning umumiy qiymati salkam 207 mln so‘mni tashkil qilmoqda. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishli organlar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 9 oyi mobaynida “Toshkent-AERO” IBK tomonidan 286 ta holatda jami 17,3 mlrd so‘mlik uyali aloqa vositalari hamda elektron qurilmalarning noqonuniy olib o‘tilishi to‘xtatib qolingan.

Toshkentdagi tumanlardan birida elektr energiyasi 4 kunga o‘chiriladi

 

Ma’lum qilinishicha, «Toshkent shahar elektr tarmoqlari» MCHJ tomonidan Toshkent shahri iste’molchilarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish rejalashtirilgan. Shu maqsadda joriy yilning 7-10 oktabr kunlari yuqori kuchlanishli elektr qurilmalarida mukammal ta’mirlash ishlari olib boriladi. Bu haqda «Toshkent shahar elektr tarmoqlari» MCHJ Matbuot xizmati xabar qildi.

 

Qayd etilishicha, «Qorasaroy», «Ahil», «Gulzor», «Ibrohim ota» hamda «Elparvar» MFYlarida soat 08:00 dan 17:00 oralig‘ida elektr energiyasi vaqtinchalik o‘chiriladi.

 

«Toshkent shahar elektr tarmoqlari» MCHJ mazkur ta’mirlash ishlari tufayli elektr ta’minotidagi vaqtincha uzilishlar sababli yetkazilayotgan noqulayliklar uchun ushbu hududlarda yashovchi iste’molchilardan uzr so‘raydi»,- deyiladi xabarda.

Qozog‘istonda Markaziy Osiyodagi birinchi AES quriladi

 

Qozog‘iston fuqarolari referendumda mamlakatda va butun Markaziy Osiyoda birinchi atom elektr stansiyasini qurish uchun ovoz berishdi. 6-oktabr kuni KTK telekanali tomonidan e’lon qilingan ovoz berishdan keyingi uchta ekzitpolga ko‘ra, saylovchilarning 70 foizga yaqini atom elektr stansiyasini qurish uchun ovoz bergan.

 

Saylov komissiyasi rasmiy natijalarni bugun, 7-oktabr kuni e’lon qilishni rejalashtirgan. Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, referendumda qatnashish taxminan 64 foizni tashkil etgan. Referendumda ishtirok etgan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev atom elektr stansiyasini qurish rejasini “Mustaqil Qozog‘iston tarixidagi eng yirik loyiha” deb atadi.

 

Bundan tashqari, u atom elektr stansiyasini “eng zamonaviy texnologiyalarga ega global kompaniyalar konsortsiumi” tomonidan qurilishi kerakligini aytgan. Atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha shartnoma tuzish uchun Fransiya, Rossiya, Xitoy va Janubiy Koreyadan kompaniyalar murojaat qilishgan.