Gaz «zapravka»laridagi navbatlarga chek qo’yiladimi? O’zbekistonda yangi loyiha ishga tushmoqda

 

Qish yaqin. Gaz «zapravka»larida esa har doimgi turnaqator navbatlar boshlanish arafasida. O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov qish mavsumida avtomobil egalarining hayotini ancha yengillashtirishi kutilayotgan loyihani taqdim etdi. Gap avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari ishini va ularda gaz mavjudligini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi mobil ilova haqida bormoqda.

 

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, tizim butun mamlakat bo‘ylab 1200 dan ortiq yoqilg‘i quyish shoxobchasini qamrab oladi. Foydalanuvchilar nafaqat gaz mavjudligini, balki u yoki bu yoqilg‘i quyish shoxobchasiga gaz qachon kelishini kutish mumkinligi haqida ham ma’lumot olishlari mumkin bo‘ladi.

 

Loyihaning asosiy jihatlaridan biri uning barcha ishtirokchilar uchun bepulligidir. Yoqilg‘i quyish shoxobchalari o‘z ob’yektlarining ishlashi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etib, ixtiyoriy ravishda tizimga ulanishlari mumkin.

 

Bundan tashqari, ilova har bir stansiyaning ish vaqti va band bo‘lishi darajasi haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatish funksiyasi bilan ta’minlanadi. Ushbu ilova orqali foydalanuvchilar tezkor va aniq ma’lumotlarni olishlari mumkin bo‘ladi, bu esa stansiyalardagi yuklamani sezilarli darajada kamaytiradi va avtomobil egalarining shikoyatlari sonini kamaytiradi.

 

«Bu ilova odamlarga ortiqcha tashvish va navbatlarsiz o‘z avtomobillariga yonilg‘i quyish mumkinligiga ishonch beradi. Biz gaz stansiyalari ishini, ayniqsa yuklama yuqori bo‘lgan davrlarda, yanada shaffof va barcha fuqarolar uchun qulay qilishga intilyapmiz,» – degan vazir.

Antoniu Guterrishga Tinchlik bo’yicha Nobel mukofoti berilishi mumkin

 

Tinchlik uchun Nobel mukofoti BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga berilishi mumkin. Norvegiya poytaxti Oslo shahrida mazkur mukofotga bu yil 286 nomzod ko‘rsatilgan. Mutaxassislar Antoniu Guterrishni potensial g‘olib deb hisoblashmoqda.

 

Ekspertlarning fikricha, u G‘azodagi urushdan aziyat chekayotgan falastinlik tinch aholi uchun juda muhim ishlarni amalga oshirmoqda. Norvegiya parlamenti tomonidan tayinlangan besh a’zolik maxfiy mukofotlar qo‘mitasi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushidan keyingi xalqaro tartib – Birlashgan Millatlar Tashkilotini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratmoqchi bo‘lishi mumkin. Tinchlik uchun Nobel mukofoti sohibasi, tarixchisi Asle Svinning fikricha, bu mukofotni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga berishni anglatishi mumkin.

 

“Guterrish BMTning asosiy ramzidir. Xalqaro sudning eng muhim mas’uliyati esa xalqaro gumanitar huquqning global qo‘llanilishini ta’minlashdir”, – dedi Svin.

 

Ammo qo‘mita mukofotni hech kimga bermaslik to‘g‘risida qaror qabul qilishi ham mumkin, bu 19 marta sodir bo‘lgan. Eng oxirgi marta bu kabi hodisa 1972-yilda kuzatilgan.

Kim Chen In armiya mashg‘ulotlariga bordi

 

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In armiya mashg‘ulotlarining borishi bilan tanishish uchun mamlakat g‘arbidagi KXDR maxsus kuchlari o‘quv bazasiga tashrif buyurdi.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya o‘zini himoya qilish uchun barcha hujum qurollaridan, jumladan, yadroviy quroldan ham foydalanishga tayyor. Mashqlar qo‘l jangi, desant, otishma va binolarga hujum qilishdan iborat bo’lgan.

 

Xabarlarda ta’kidlanishicha, mazkur tashrif AQSH va Janubiy Koreyaning «Ulchi Freedom Shield» qo‘shma harbiy mashqlari fonida bo‘lib o‘tgan.

Ilon Mask respublikachilarga o‘n millionlab dollar xayriya qilib kelgan

 

Amerikalik tadbirkor Ilon Mask bir necha yil davomida Respublikachilar partiyasiga yashirincha o‘n millionlab dollar xayriya qilgan.

 

«The Wall Street Journal» nashrining yozishicha, xayriyalar AQSH prezidentligiga sobiq nomzod Donald Tramp yordamchisi Stiven Miller va Florida gubernatori Ron De Santisning prezidentlik kampaniyasiga aloqador guruhlarga yuborilgan.

 

Maqolada aytilishicha, advokatlar va partiya maslahatchilari tadbirkor Maskning bunga aloqadorligini yashirishga yordam berishgan.

Qirg‘iziston O‘zbekiston sababli go‘sht eksportini vaqtincha taqiqladi

 

Qayd etilishicha, 2024-yil sentabr oyida Qirg‘iziston bozorlarida go‘sht narxining keskin ko‘tarilishi iste’molchilarni ham, davlat idoralarini ham xavotirga solgan. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024- yilning avgustidan sentabrigacha bo‘lgan davrda mol go‘shti narxi sezilarli darajada – 38,54 somga yoki 6,76 foizga oshgan.

 

Joriy yilning avgust oyida mol go‘shtining o‘rtacha narxi bir kilogramm uchun 570,23 som (86,4 ming so‘m) etib belgilangan bo‘lsa, sentabr oyidayoq bu ko‘rsatkich 608,77 somga (qariyb 92 ming so‘m) yetgan.

 

Avvaliga tashkilot narxlarning oshishiga sentabrdagi an’anaviy to‘y mavsumi va ozuqa yetishmasligi sabab bo‘lganini ma’lum qilgandi. Biroq hozirda O‘zbekiston va Tojikistonga go‘sht eksporti sezilarli darajada oshgani asosiy omil bo‘lgani ma’lum qilindi.

 

«Hozirda katta hajmdagi go‘sht O‘zbekistonga, u orqali Tojikistonga ketmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bunga javoban respublikadan go‘sht olib chiqishga vaqtinchalik taqiq joriy etishni taklif qildi», — dedi Antimonopoliya xizmatining tartibga solinadigan sohalar bo‘limi boshlig‘i Sirgak Omorov.

 

Go‘sht eksportiga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiq o‘tgan hafta bekor qilindi. Qayd etilishicha, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Antimonopoliya xizmatining birgalikdagi faoliyati natijasida narxlar pasaytirilgan. Agar sentabr oyi boshida o‘sish deyarli 100 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, hozir narxlar avvalgi darajasiga qaytdi, deyiladi xizmat xabarida.

 

Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston Qirg‘izistondan 11,9 million dollarlik 61 ming boshdan ortiq tirik qoramol olib kelgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,7 barobar ko‘p (6,4 million dollarga 12,8 ming bosh). 2023-yilda O‘zbekiston 28,3 million dollarga 101,3 ming bosh chorva mol import qilgan, bu 2022-yilga (16,9 million dollarga 20 mingdan ortiq) nisbatan 5 barobar ko‘p.

 

O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-avgust oylarida qoramol go‘shtining umumiy importi 206,9 million dollarga 58,4 ming tonnani tashkil etgan, bu o‘tgan yilning sakkiz oylik ko‘rsatkichidan (144.6 million dollarga 34,6 ming tonna) 1,5 barobar ko‘p.

Meksikaning ilk ayol prezidenti rasman o‘z faoliyatini boshladi

 

Klaudiya Sheynbaum 1-oktabr kuni Meksika tarixidagi birinchi ayol prezident sifatida qasamyod qildi.

 

“Men Meksika Qo‘shma Shtatlarining siyosiy konstitutsiyasiga va undan kelib chiqadigan qonunlarga rioya qilish hamda amalga oshirishga, xalq menga ishonib topshirgan respublika prezidenti vazifalarini sodiqlik va vatanparvarlik bilan bajarishga qasamyod qilaman”, dedi Sheynbaum prezidentlik qasamyodida.

 

Siyosatchi ayol o‘zining inauguratsiya marosimidagi nutqida hokimiyatga Meksikada o‘z o‘rnini egallash uchun kurashgan, jumladan, “ayol yoki erkak bo‘lib tug‘ilishidan qatʼi nazar, orzularga erishishni, insonning jinsi uning taqdirini belgilamasligini orzu qilgan” barcha ayollar hamrohligida kelganini taʼkidladi.

 

62 yoshli Sheynbaum 2018—2023-yillarda Mexiko shahri meri lavozimida ishlagan. 2023-yil sentyabr oyida “Morena” partiyasi uni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatgan. Uning nomzodini sobiq prezident Andres Manuel Lopes Obrador qo‘llab-quvvatlagan. Oxirgi prezidentlik saylovlarida Sheynbaumni saylovchilarning 59,3 foizi qo‘llab-quvvatlagan.

Surxondaryoda o‘g‘il onasini bolta bilan o‘ldirdi

 

Ma’lum qilinishicha, farzand onasidan spirtli ichimlik uchun pul so‘rashi natijasida ona va o‘g‘il o‘rtasida o‘zaro janjal kelib chiqqan. O‘g‘il mast holda uyiga kelib, onasi bilan yana janjallashadi va oqibatda mudhish jinoyatga qo‘l uradi.

 

Mazkur holat yuzasidan sud ishi JIB Denov tumani sudida ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, 37 yoshli sudlanuvchi JKning 97-moddasi 2-qismi «V», «J» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va unga nisbatan 18 yil qamoq jazosi tayinlandi.

Qirg‘izistonning 4 ta pansionati O‘zbekistonga berildi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasida Issiqko‘l viloyatida joylashgan kurort va dam olish maskanlari to‘g‘risidagi bitimni tasdiqladi. Bu haqdagi hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi saytida e’lon qilindi.

 

Hujjat ko‘l qirg‘og‘ida joylashgan rekreatsiya zonalariga egalik huquqini tartibga solish, shuningdek, ularning keyingi faoliyatini ta’minlash uchun mo‘ljallangan.

 

Ro‘yxatga «Markaziy Osiyoning oltin qumlari», «Ro hat-NBU», «Dilorom» , shuningdek, qurilishi tugallanmagan «Bo‘ston» pansionatlari kiritilgan. Qirg‘iziston ushbu ob’yektlarga egalik huquqini O‘zbekistonga o‘tkazadi. O‘zbekiston esa ushbu ob’yektlarga bo‘lgan mulk huquqini amalga oshirish uchun vakolatli tashkilotlarni belgilaydi.

 

Bitim 2024-yil 18-iyul kuni Toshkent shahrida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida imzolangan. Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi ushbu kelishuvni 23-sentabrda tasdiqlagan.

Rossiyalik uch sportchi O‘zbekiston terma jamoasiga o‘tmoqda

 

Konkida uchish bo‘yicha olimpiya chempioni, hozirda Rossiya davlat dumasi deputati Svetlana Jurova rossiyalik sportchilar — short-trekchilar Denis Ayrapetyan va Daniil Yeybog hamda konkida uchuvchi Danila Semerikov O‘zbekiston sharafini himoya qilish istagida ekanliklaridan afsusda ekanini bildirdi.

 

«Shunday vaziyatda bu sportchilar Rossiyadan ketishayotganidan afsusdaman. Ularni tushunmayman, ammo tanqid ham qilmayman. Ular ham Olimpiadada qatnashishni istaydi», — dedi Jurova.

 

Semerikov — jahon chempionatlari sovrindori, Ayrapetyan va Yeybog — Yevropa chempioni hisoblanishadi. 1-oktabr kuni Rossiya konkida uchuvchilar ittifoqi har uch sportchining O‘zbekiston terma jamoasiga o‘tishi uchun ikki yillik karantinni tasdiqladi.

 

Talabalar uchun yangi stipendiya joriy etiladi

 

Bu yil 14 ta maktabda pedagog kasbiga qiziqqan 10-11-sinf o‘quvchilari uchun alohida sinflar tashkil etildi. Kelgusi o‘quv yilidan yana 60 ta maktabda, jumladan, 10 ta ixtisoslashgan maktabda bu tajriba joriy qilinadi.

 

Kelajakda ushbu sinflarni tamomlagan o‘quvchilar shu yo‘nalishdagi oliygohlarga kirsa, ularga 2-kursdan maktabga borib kasbiy mahoratini oshirishi uchun imkoniyat yaratiladi. Alohida qobiliyatga ega talabalarga dars o‘tgani uchun oylik ham to‘lanadi. Prezidentimiz pedagogika yo‘nalishidagi oliygohlarda tahsil olayotgan iqtidorli talabalar uchun Abdulla Avloniy nomidagi stipendiyani tashkil etishni taklif qildi.

 

Sifatli ta’limning ajralmas qismi bo‘lgan tarbiya va odob-axloq jarayonlari zamonaviy yondashuv asosida yo‘lga qo‘yiladi. Shu maqsadda Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti yangidan tashkil etildi.

 

Ushbu institutning tarbiya sohasidagi milliy an’analarni o‘rganish, tiklash va zamonaviy ma’naviy-axloqiy tarbiya tizimini joriy qilish yo‘nalishidagi faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Yoshlarimizda g‘oyaviy immunitetni shakllantirishda kattalar ham ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishi, bolalarimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatishlari kerakligi ta’kidlandi.

 

Mutasaddilarga ota-onalar, o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun tarbiyaga oid raqamli kontent yaratish topshirildi. Ushbu kontent “Milliy tarbiya” elektron platformasiga va yetakchi ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilib, doimo yangilab boriladi.