Prezident matbuot xizmatida yangi tayinlovlar amalga oshirildi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi bilan Prezident matbuot xizmati bosh konsultanti lavozimida ishlab kelgan Yunusov Bahodir Maxsutovich Prezident matbuot xizmati shu’ba mudiri etib tayinlandi.

 

Shuningdek, farmoyish bilan Buyuk Britaniyadagi Xalt xalqaro biznes maktabi va Birmingem universitetini tamomlagan Gaynulina Kamila Timurovna Prezident matbuot xizmati yetakchi inspektori lavozimiga tayinlandi.

Tilanchilik uchun o‘g‘lidan foydalangan erkak 10 sutkaga qamaldi

 

Toshkent shahar Sergeli tumanida tilanchilik uchun o‘zining 10 yoshli o‘g‘lidan foydalanib kelgan erkak qamaldi. Qayd etilishicha, Toshkent shahrining Sergeli tumanida erkak 10 yoshli farzandini ko‘chaga tilanchilik uchun chiqarib, kuzatib turgan. Shu vaqtda u IIO xodimlari tomonidan qo‘lga olinib, ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.

 

Ushbu shaxs Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188−3-moddasi 2-qismi (Voyaga yetmagan shaxslarni tilanchilikka jalb etish) va 194-moddasi 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan aybli deb topib, 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi va bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari (340 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Chegara postida yo‘lovchining sumkasidan 3 metrli ilon chiqdi

 

«Gʻishtko‘prik» chegara bojxona postida qo‘shni davlatdan kirib kelgan piyodaga tegishli qo‘l sumkasi nazorat-rentgen uskunasi orqali ko‘zdan kechirilganida, uning ichida bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ma’lum qilinmagan 1 bosh ilon borligi aniqlandi.

 

3 metr uzunlikdagi mazkur ilon dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lbarssimon albinos bo‘g‘ma iloni bo‘lib, asosan Janubiy va Janubiy-Sharqiy Osiyoda yashaydi.

 

Xalqaro Qizil kitobga kiritilganligi sababli mazkur jonivorni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishda xalqaro CITIES ruxsatnomasi talab etiladi. Ammo yuqoridagi holatda yo‘lovchi bu kabi hujjatlarni bojxona xodimlariga taqdim qila olmadi. Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

 

Ilon esa Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan bo‘lib, mutaxassislar uning holatini barqaror deb baholamoqda.

Qashqadaryoda yo’l transport hodisasi natijasida to‘rt kishi halok bo‘ldi

 

Qashqadaryo viloyati IIB YHXB Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, YTH Ko‘kdala tumanida sodir bo‘lgan. Lacetti rusumli avtomashina haydovchisi qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, yo‘lovchilarni olib ketayotgan Nexia avtomobili bilan to‘qnashgan.

 

Hodisa oqibatida, Lacetti avtomobilida bo‘lgan 3 nafar fuqaro voqea joyida halok bo‘lgan. Ikki kishi kasalxonaga yotqizilgan. Ularning barchasi 1998-yilda tug‘ilishgan, barchasi sinfdosh bo‘lgan.

 

Nexia mashinasidagi 1 nafar yo‘lovchi ham halok bo‘lgan. Qayd etilishicha, jabrlanganlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi viloyat filialining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Ularning oyoq-qo‘llari singan, ko‘kargan va ichki a’zolari shikastlangan.

 

Mazkur hodisa yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

AQSHda «Xelen» to‘foni oqibatida 43 kishi halok bo‘ldi

 

AQSH janubi-sharqini qamrab olgan «Xelen» to‘foni oqibatida kamida 43 kishi halok bo‘ldi, millionlab odamlar elektrsiz qoldi. «Xelen» hozir sezilarli darajada zaiflashgan bo‘lsada, meteorologlar kuchli shamol, kuchli yog‘ingarchilik va tornado xavfi davom etishi haqida ogohlantirmoqda.

 

Dovul zonasida uylar va yo‘llar qisman suv ostida qolgan, sug‘urta kompaniyalari zararni ko‘p milliard dollarga baholamoqda. Xabar qilinishicha, to‘fon to‘rt million xonadon va tijoriy mijozlarini elektr energiyasisiz qoldirgan.

 

Florida shtatining Teylor okrugida sherif departamenti evakuatsiya qilishdan bosh tortgan aholidan «shaxsni aniqlash va oilasiga xabar berish uchun» qo‘llariga ismlari va tug‘ilgan sanalarini olib, imzo qo‘yib berishni so‘ragan.

Krishtianu Ronaldu faoliyatidagi 903-golga mualliflik qildi

 

Futbol bo‘yicha Saudiya Pro Ligasining 5-turida “Al-Nasr” “Al-Vahda”ni ishonchli hisobda mag‘lub etdi. Ar-Riyod klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu 56-daqiqada penaltidan gol urdi. Shu tariqa portugaliyalik futbolchi faoliyatidagi 903-goliga va klublar miqyosida 771-goliga mualliflik qildi.

 

Ronaldu “Al-Nasr” safidagi 17-penaltisini ham aniq amalga oshirdi. Butun faoliyati davomida Krish 196 ta penalti tepgan va ularning 166 tasi darvozadan joy olgan.

 

Joriy mavsumda 39 yoshli forvard klub va terma jamoada 9 ta o‘yin o‘tkazib, 8 ta golga mualliflik qildi. Chempionatda esa gollari sonini 4 taga yetkazdi va to‘purarlar ro‘yxatida 3-o‘rinda bormoqda.

Oʻzbekiston yana bir davlat bilan diplomatik aloqa oʻrnatdi

 

Oʻzbekiston Afrikaning Botsvana davlati bilan diplomatik aloqa oʻrnatdi. Bu Oʻzbekiston diplomatik hamkorlik qilayotgan 153 davlat boʻldi.

 

Oʻzbekiston Afrikaning Botsvana davlati bilan diplomatik aloqa oʻrnatdi. Bu haqda tashqi ishlar vaziri oʻzining telegram-kanalida maʼlum qildi. Qayd etilishicha, Baxtiyor Saidov tashqi ishlar vaziri Lemogang Kvape bilan Diplomatik aloqalar oʻrnatish boʻyicha qoʻshma kommyunikeni imzolagan. Botsvana Oʻzbekiston bilan diplomatik aloqa oʻrnatgan 153 davlat boʻldi.

 

“Botsvanani yillar davomida jadal iqtisodiy oʻsishga erishib kelayotganini yuksak baholaymiz. Ikki mamlakat davlat va xususiy sektor vakillari oʻrtasida faol hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldik”, – deydi vazir.

“G‘azalkent” suv ombori tadbirkorlarga ijaraga beriladi

 

Tabiiy suv havzalari davlat rahbarining tegishli qaroriga asosan tadbirkorlik subyektlariga “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn auksion orqali ijaraga beriladi. Shu maqsadda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “G‘azalkent” suv ombori platformaga joylashtirildi. Bir oylik boshlang‘ich ijara haqi: 525 000 so‘m.

 

Obyekt 10 yil muddatga ijaraga beriladi. Vazirlar Mahkamasining Davlatga tegishli suv havzalarini tadbirkorlik subyektlariga E-Auksion elektron savdo platformasi orqali berish tartibi nizomini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq eng kam oylik ish haqining oshishi hisobiga ijara to‘lovi tafovutiga mutanosib ravishda o‘zgartiriladi.

 

Agar auksion g‘olibi 5 ish kuni ichida operator xizmat haqiga yetarli mablag‘ni to‘lamagan yoki ijara shartnomasini imzolashni rad etgan taqdirda, auksionning salohiyatli g‘olibi mavjud bo‘lsa unga operator xizmat haqiga yetarli mablag‘ni to‘lash uchun 5 ish kunlik muddat beriladi.

 

Ushbu muddat davomida salohiyatli g‘olib to‘lovni amalga oshirsa, auksion g‘olibi deb eʼtirof etiladi va unga mazkur nizomda belgilangan tartibda bayonnoma rasmiylashtiriladi. Salohiyatli g‘olib to‘lamaganda yoxud mavjud bo‘lmaganda, takroriy auksion savdolariga chiqariladi. Baholangan narxi yillik ijara haqini ifodalaydi. Qo‘shimcha majburiyatlar bo‘yicha shartnoma shartlariga har yili 10-yanvargacha O‘zbekbaliqsanoat uyushmasi tomonidan o‘zgartirishlar kiritiladi.

Basketbol federatsiyasi mas’ullari 500 mln so‘m pullarni talon-taroj qilgani aniqlandi

 

Basketbol federatsiyasi ijrochi direktori Yu.S. ishlar boshqaruvchisi S.I. bilan jinoiy til biriktirib, S.I.ning onasi va ukasi nomiga «S.A.G.» MCHJ tashkil qilib, sportchilar sog‘lig‘ini monitoring qilishga mo‘ljallangan 2 dona aslida yetkazib berilmagan maxsus uskunalar uchun federatsiyadan 197 mln so‘m mablag‘ni jamiyat hisobiga o‘tkazib, talon-toroj qilganligi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.

 

Shuningdek, federatsiyaning 1-vise prezidenti X.G. federatsiyaga tegishli bo‘lgan korporativ plastik kartadan noqonuniy ravishda shaxsiy ehtiyojlari uchun 162 mln so‘m mablag‘ni yechib olib, o‘zlashtirgani ma’lum bo‘ldi.

 

Bundan tashqari, yuqoridagi mansabdor shaxslar tomonidan federatsiyaga guyoki homiylarni jalb qilish xizmatlarini ko‘rsatish haqida soxta shartnoma rasmiylashtirilib, federatsiyaning 130 mln so‘m mablag‘lari o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborilgan.

 

Aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilib, sudning hukmi bilan aybdorlarga tegishli jazo choralari qo‘llanilgan.

Toshkentda avtobus yo‘lovchisi vafot etdi

 

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki piyodani transport vositasi urib yuborgani va piyoda vafot etgani haqida ma’lumot tarqalgandi. Toshkent shahar IIBB YHXB mazkur xabarni rad etib, holat yuzasidan ma’lumot berdi.

 

Qayd etilishicha, joriy yilning 26-sentabr kuni taxminan soat 11:20 larda Olmazor tumani Beruniy metro bekatida turgan avtobusda yo‘lovchi – 1961 y.t. A.A.ning sog‘lig‘i yomonlashib qolgan.

 

Yo‘lovchiga havo yetmaganligi sababli avtobusdan tashqariga olib chiqilgan va tez-tibbiy yordam chaqirtirilgan. Biroq, yo‘lovchi tez-tibbiy yordam mashinasi kelguniga qadar vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.