Baxtiyor bolalik huquqi ta’lim olishdan tashqari malakali tibbiy xizmatdan foydalanishni ham nazarda tutadi. Mamlakatimizda bu yo’nalishda olib borilayotgan izchil islohotlar xususida muxtasar so’z yuritish imkonsiz. Biroq shu yerda bolalikni muhofaza qilish borasida yana bir dadil qadam qo’yilganini aytib o’tish o’rinli. Gap shundaki, joriy yil 5 fevral kuni o’tgan videoselektor yig’ilishida Prezident tibbiy xizmat sifati haqida to’xtalar ekan, endilikda har bir ona va bola o’limi “favqulodda holat” deb baholanishi va so’rov ham shunga yarasha bo’lishini urg’uladi. 2030 yilga qadar mamlakatda onalar va bolalar o’limi, shuningdek, bolalar o’rtasida irsiy kasalliklarni kamida 2 barobarga qisqartirish, onkologiya, yurak-qon tomir, diabet, nafas yo’llari va yuqumli kasalliklar bo’yicha o’limni 2 yarim barobarga kamaytirish ustuvor vazifalar sirasiga kiradi.
Aytganday, yaqindagina davlat rahbarining “Onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordam ko’rsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga asosan 2030 yilgacha onkologik kasalliklarga chalingan bolalarning omon qolish darajasini 60 foizga oshirish uchun muhim vazifalar aniq-tiniq belgilab berildi. Bu bolalar salomatligi sohasida yana bir katta marradir.
Yangi Konstitutsiyamizning 44-moddasida bolalar mehnatining bola sog’lig’iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan, uning ta’lim olishiga to’sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanishi ko’rsatib o’tildi. 2018 yildan beri tegishli kodeks va qonunlarga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritilib, bolalar mehnatidan foydalanishga yo’l qo’yilmaslik to’g’risidagi talablarni buzish hamda mehnatga majburlash kabi xatti-harakatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik kuchaytirildi. Bunday qat’iy yondashuv pirovardida yurtimizda yaqin davrgacha bola huquqlari sohasida og’riqli nuqtamiz bo’lib kelgan bolalar mehnatiga uzil-kesil chek qo’yib, davlatning kuchli siyosiy irodasini, jamiyatning toqatini namoyon etayotganini kundek ravshan.
Xuddi shunday, bolalarni zo’ravonlikning barcha shakllaridan asrash, ular uchun oilada ham, jamiyatda ham qulay, xavfsiz muhitni qaror toptirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish ishlari allaqachon yangi sur’atga kirgan.
Prezidentimizning 2019 yil 22 apreldagi qaroriga muvofiq, Bolalar ombudsmani lavozimi joriy etildi. 2024 yilning 29 fevralidan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Bola huquqlari bo’yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to’g’risida”gi Qonun kuchga kirdi. Shu yo’sinda bolaning shaxsi, sha’ni, qadr-qimmati, huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlari himoyasiga butun jamiyat va davlatni faol jalb qilishning tashkiliy, institutsional asoslari yanada mustahkamlandi.
Bola huquqlari sohasidagi bu o’zgarishlarni davr taqozosi, desak yanglishmaymiz. Chunki o’z-o’zini himoya qilishga qodir bo’lmagan bolalarning aksar vaziyatda oilada ota-onasi yoki ular o’rnini bosuvchi shaxslar tomonidan kaltaklanishi, zo’ravonlikning boshqa turli shakllariga duch kelishi bilan bog’liq holatlar uchrab turishi sir emas. Multiindikator klaster kuzatuvi (MICS) O’zbekistonda 1 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan 3 nafar boladan 2 nafari (62 foiz) zo’ravonlik bilan tarbiyalash usullarini boshdan kechirganini (jismoniy jazo va/yoki psixologik bosim), 15-19 yoshli qizlarning 33 foizi oilada er o’z xotinini kaltaklashga haqli deb hisoblashini ko’rsatgani so’zimiz isboti. Darvoqe, bolaga yetarlicha g’amxo’rlik qilmaslik, mehr ko’rsatmaslik ham zo’ravonlikning bir turi sanaladi.
Ma’lumot uchun. Har yili dunyo bo’ylab 1 milliarddan ortiq bola jismoniy, hissiy yoki jinsiy zo’ravonlikka duchor bo’ladi.
Farida MAHKAMOVA