Erta qarishga olib keladigan irsiy kasallik — progeriyaga chalingan italiyalik Semmi Basso 28 yoshida vafot etdi. U mazkur kasalligi bor odamlar orasida eng uzoq umr ko‘rdi. Bu haqida Italiyaning ushbu kasallikka qarshi kurash assosiatsiyasi ma’lum qildi.
Basso 1995-yilda Italiyaning Skio shahrida tug‘ilgan. Ikki yoshida unga Xatchinson – Gilford sindromi tashxisi qo‘yilgan. Semmi Basso ota-onasi va eng yaqin do‘sti bilan Chikagodan Los-Anjelesga US 66 yo‘li bo‘ylab qilgan sayohati haqida hujjatli film chiqqanidan keyin mashhur bo‘ldi. Shuningdek, u tez-tez televizorda chiqishlar qilib, kasalligi haqida intervyular bergan.
2018-yilda Basso Padua universitetini tabiiy fanlar bo‘yicha tamomlagan. 2019 yilda Bassoda aorta klapanini almashtirish operatsiyasi o‘tkazildi – bu progeriya bilan og‘rigan bemorda o‘tkazilgan bunday turdagi ilk operatsiya edi. Shundan so‘ng u Italiyaning oliy – “Italiya Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun” ordeni kavaleriga aylandi. Xatchinson – Gilford progeriyasi har 20 million odamda uchraydigan, kam kuzatiladigan irsiy kasallik hisoblanadi.
Progeriyada teri va ichki organlar o‘zgaradi, shuning uchun bemorlar o‘z yoshiga nisbatan kattaroq ko‘rinadi. Kasallik oqibatida hayot sifati ham pasayadi. Davolashsiz umr ko‘rish davomiyligi taxminan 13 yil deyiladi xabarlarda.