Fokus

Global ishsizlik va O‘zbekiston yoshlari

Blog Image
Email : 27 4

Ishsizlik muammosi nafaqat rivojlanayotgan, balki rivojlangan davlatlarda ham jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda 15-24 yoshdagi yoshlarda ishsizlik darajasi katta yoshli odamlar bilan solishtirganda uch baravar yuqori. XMT ekspertlari 2024 yilda global ishsizlik va ijtimoiy tengsizlik darajasi oshishini bashorat qilmoqda. Raqamlarga ko‘ra, ishsizlar armiyasi yana ikki million kishiga oshadi, bu esa global ishsizlik darajasini 5,2 foizga yetkazadi. 2023 yilda yuqori daromadli mamlakatlarda ishga talabgorlar ulushi 8,2 foizni, kam daromadli mamlakatlarda esa bu ko‘rsatkich 20,5 foizni tashkil etgan. Ishsizlik inqirozlaridan aziyat chekayotgan asosiy qatlam odatdagidek yoshlar bo‘lib qolmoqda (manba: UN News).

Shunday murakkab sharoitda O‘zbekistonada yoshlardagi bandlik darajasini oshirish, ularning ijtimoiy, iqtisodiy huquqlarini kafolatlash naqadar dolzarb ekanligini yaqqol his qilish mumkin. Mamlakatimiz mehnat bozoriga har yili o‘rtacha 600 ming nafar yangi yoshlar kirib kelmoqda va kelgusi o‘n yilda ushbu raqam bir millionga yetishi – bu hazil emas. Yoshlarga oid siyosatning eng ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lgan bandlik chora-tadbirlarini ta’minlash juda jiddiy va puxta yondashuvni talab etadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil “yoshlar balansi” bo‘yicha 925 ming yigit-qizning bandligini ta’minlash zarur. Kollej, texnikum va oliy o‘quv yurtlarini bitirgan 300 ming yoshni ishga joylashtirish, zamonaviy kasb-hunarlar va tadbirkorlikka jalb etish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizini yoshlar uchun yo‘naltirish, o‘zini o‘zi band qilish orqali minglab yigit-qizlarga doimiy daromad manbaiga ega bo‘lish imkoniyatini yaratish, raqamli texnologiyalar sohasida “Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” loyihasini hayotga tatbiq etish bugungi ustuvor vazifalar bo‘lib qolmoqda.

Yashirishning hojati yo‘q, ishsiz yoshlarning salmoqli qismi qishloq joylarda yashaydi. Qishloqlardagi mavjud infratuzilma, sanoatlashtirish jarayonining hali-hamon sustligi kabi ayrim omillar qatorida chekka hududlarda yashovchi aholi, shu jumladan, yoshlarning yetarli bilim va malakaga ega emasligi va natijada mehnat bozorida hukm surayotgan raqobatga dosh bera olmasligi mazkur holatning asosiy sababidir. Bu nima anglatadi? Demak, qishloqlarda eng avvalo ta’limni sifat bosqichiga chiqarishni jadallashtirish kerak.

Yana bir jihati, Prezident topshiriqqa asosan bu yil qishloq joylarda 600 ming 500 gektar yer yoshlar uchun ajratilishi belgilandi. Dehqonchilik qilib, daromad topaman, degan yoshlarni “O‘z kuningni o‘zing ko‘r” kabi tashlab qo‘ymay, balki har tomonlama qo‘llab-quvvatlash mexanizmi o‘rnatiladi. Ya’ni, tuman hokimi yerni suv ta’minoti yaxshi joydan ajratishga mas’ul bo‘ladi. Har bir yoshga qancha maydon ajratish bo‘yicha “mahalla yettiligi” taklif beradi. Yer olgan yoshlar “Agrobank”ning “Fermerlar maktabi”da hosildor va eksportbop ekinlar yetishtirishga o‘qitiladi. Mini-texnika, urug‘ va ko‘chatlar sotib olishga “Yoshlar daftar” jamg‘armasi hamda Fermerlar jamg‘armasidan subsidiya ajratiladi. Dehqon yoshlar eksportchi va qayta ishlovchi tadbirkorlar kooperatsiya asosida biriktiriladi.

Agar bu mexanizm joylarda o‘zining amaliy tasdig‘ini to‘liq topsa, shubhasizki, yuzlab emas, minglab qishloq yoshlarining bandligi ta’minlanadi.

Farida MAHKAMOVA