Iqtisod

“Biznesni rivojlantirish banki”: Aholi bilan «xonadonbay» ishlashda samarali yondashuv

Blog Image
Email : 34 0

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “mahalla bankiri” tizimi aholi manfaatlarini samarali qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy faollikni oshirishni yangi bosqichga olib chiqdi. “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan Farg‘ona viloyatidagi “mahalla bankir”lari faoliyati hamda ularning loyihalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan press-tur davomida bunga yana bir bor amin bo‘ldik.

Aslida “mahalla bankiri” banklarning mahalla darajasiga tushib, odamlarning daromadini oshiradigan tizim. «Mahalla bankiri» “xonadonbay” ishlab, har bir oilaga tayyor loyihalar yoki biznes rejalar taklif qiladi. Loyihaning barcha zanjirida – kredit olish, biznes ochish, mahsulot sotish jarayonlarida aholiga hamrohlik qiladi. Sodda qilib aytganda, noldan daromadga kirgunicha o‘sha loyihani qo‘llab-quvvatlaydi.

Press-tur ishtirokchilari dastlab Farg‘ona shahri “Surxtepa” MFYdagi “Xayrixon Kamol orzu” oilaviy poyabzal ishlab chiqarish korxonasiga tashrif buyurdilar.

– Faoliyatimizni uyimizda 2022 yil boshida 20 nafar ishchi bilan boshlagandik – deydi korxona rahbari Kamoliddin Zokirov. – Ishlab chiqarishni kengaytirish, qurilish va yangi texnikalarni xarid qilish uchun “Biznesni rivojlantirish banki”dan imtiyozli 300 million so‘mlik kredit oldik. Bunda «mahalla bankiri»ning yordami katta bo‘ldi. Korxonamizda bir kunda ming juft, 20 turdagi ayollar poyabzallari ishlab chiqarilmoqda. Ishchilar soni 150 nafarga yetdi. Ularning 17 nafari “Ayollar daftari”da tursa, 45 nafari oldin xorijda ishlab qaytganlar hisoblanadi.

Uzoq yillar olis o‘lkada ishlab qaytgan, so‘ng bir muddat “Xayrixon Kamol orzu” korxonasida mehnat qilgan Akromjon G‘oyipov ham «mahalla bankiri» ko‘magida oilaviy uy-bog‘cha ochib, o‘z biznesini boshladi.

-Avvaliga “Biznesni rivojlantirish banki” ajratgan 33 million so‘m kredit mablag‘iga zarur jihozlarni keltirdik, – deydi A. G‘oyipov. – Bolalar uchun barcha sharoitni yaratdik. Hozirda bog‘chamizda tarbiyalanayotgan kichkintoylar asosan “Xayrixon Kamol orzu” korxonasida ishlayotgan ayollarning farzandlaridir. Bir paytlar musofir yurtda qiynalib yurgan oddiy ishchi edim. Endi esa oilam bag‘ridaman va tadbirkorman.

“Surxtepa” MFYdagi yana bir tadbirkor – Alisher Bahromov tashkil etgan turistik maskan ham OAV vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.

– Xonadonim kanal bo‘yida va suv yoqalab so‘rilardan iborat dam olish joylarini ochganman, – deydi A. Bahromov. – Bundan tashqari, «mahalla bankiri» ko‘magida “Biznesni rivojlantirish banki”dan 60 million so‘m kredit olib, mahalladoshlarimiz uchun 300 o‘rinli to‘yxona ham quryapmiz. To‘yxona ishga tushsa, 15 nafar yosh ishli bo‘ladi.

Farg‘ona shahrida beton mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqaradigan “Besh bola beton” MCHJ faoliyatini kengaytirishda va yuzdan ortiq ish o‘rinlarini yaratishda “Biznesni rivojlantirish banki”ning moliyaviy ko‘magi katta madad bo‘ldi. Ayni paytda ko‘p qavatli uy-joy qurish bilan shug‘ullanayotgan korxona kelgusida yanada katta rejalarni ko‘zlamoqda.

“Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan Farg‘ona viloyatida bankka biriktirilgan mahallalarda “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish hajmini oshirish, aholining ijaraga olingan yer maydonlaridan samarali foydalanishini qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

– “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida hududlarda tuproq iqlim sharoiti, fuqarolarning dehqonchilik madaniyati, mahsulot sotib oluvchi klaster, kooperatsiyalar, qayta ishlash va eksportyor korxonalarning mahsulot turiga bo‘lgan talabi hamda ichki iste’mol bozori ehtiyojidan kelib chiqib qishloq xo‘jalik ekinlari joylashtirilmoqda, – deydi Qo‘qon shahridagi “Tepalik” MFY «mahalla bankiri» Muhammadjon Shokirov. – Hududda uch gektar yer maydon 20 nafar fuqaroga 15 sotixdan auksion orqali uzoq muddatli ijaraga berilgan. Bu ekin maydonlarida ertapishar sholg‘om yetishtirilmoqda, Hisob-kitobga ko‘ra, har bir yer egasining oladigan sof foydasi bir yilda 30 million so‘mni tashkil etadi. Ertapishar sholg‘om aprel oyida sotib bo‘linadi. Ikkinchi hosil – dukkakli ekinlardan bo‘lgan loviya mahsuloti orqali 15 million so‘m ishlab topilsa, uchinchi ekinga ham 40 kunlik dukkakli ekin urug‘i yerga qadaladi. Bu orqali ham 15 million so‘m daromad topish mumkin. Shu tariqa har bir oilaning 15 sotix yer maydonidan jami yillik daromadi 60-70 million so‘mga aylanadi. Bundan tashqari, “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida dehqonchilikni yo‘lga qo‘ygan fuqarolarga 60 million so‘m imtiyozli kreditlar ajratilmoqda.

Xuddi shunday, Buvayda tumani “Jov» MFYda «Bir kontur – bir mahsulot» tamoyili asosida ertapishar sabzi yetishtirilar ekan.

Yuqoridagi ikki mahallada aholi turmush darajasini oshirish yo‘lida qilinayotgan mana shunday tizimli ishlar press-tur ishtirokchilarini befarq qoldirmadi.

Keyingi manzil Qo‘qon shahridagi “Bastom buva sihatgohi” MCHJ bo‘ldi. Har yili ushbu maskanga mamlakatimizning turli nuqtalaridan hamda qo‘shni respublikalardan minglab insonlar salomatligini mustahkamlash uchun keladi.

– Sanatoriymizda davolash ishlari 2850 metr chuqurlikdan olinadigan yod-bromli shifobaxsh suv yordamida amalga oshiriladi, – deydi MCHJ rahbari Sherzod Ismoilov. – Bu shifobaxsh suv bo‘g‘im kasalliklari, bel churrasi, nerv shamollashlari, osteoxondroz, artrit, artroz, bavosil, asab, urologik xastaliklarni davolashda katta natija beradi. Bir yilda 4 yarim ming nafar bemorga xizmat ko‘rsatamiz. Sanatoriy qoshida qo‘shimcha zamonaviy dam olish maskani faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun «Biznesni rivojlantirish banki»dan o‘tgan yili 3 milliard so‘m kredit oldik. Ayni kunda qurilish ishlari ketyapti.

Jurnalistlar ikki kun davomida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda “Biznesni rivojlantirish banki” ATB salmoqli hissa qo‘shayotganiga, tatbiq qilinayotgan loyihalar xalqimiz turmush farovonligini yaxshilash va mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishda muhim rol o‘ynayotganiga guvoh bo‘lishdi. Aholi bilan «xonadonbay» ishlashda esa «mahalla bankir»lari yaqin yordamchi bo‘layotgani ayni muddaodir.

 

Toshtemir XUDOYQULOV,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.