O'zbekiston

Mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik manzili

Blog Image
Email : 3 0

Qo‘li kaltalik – bu tanlov emas, qismat. Har bir inson taqdirning tayyorlab qo‘ygan sinovlarini temir irodasi, zahmatli mehnati bilan yengib, ta’bir joiz bo‘lsa, quvonch va tashvishlarga to‘la o‘z asarini bitishga harakat qiladi. Qimirlagan qir oshadi, albatta. Biroq oramizda hayot mashaqqatlari qarshisida qaddini tik tutib, ularni yorib chiqishga ma’lum bir imkoniyatlari cheklangani sabab kuch topa olmaydigan insonlar ham bor. Ular bunday pallada jamiyatning, davlatning ko‘magiga, muruvvatiga, madadiga suyanadi. O‘z navbatida insonparvar, ijtimoiy adolat tamoyillari oliy mezon sanalgan davlat bu ehtiyojmand shaxslar manfaatlarini to‘la-to‘kis ta’minlashga intiladi.

Yakuniga yetgan mo‘tabar Ramazon oyi mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy siyosatning izchilligi, manzilliligi va, tabiiyki, natijadorligini yaqqol amalda namoyon etgan, jamiyatda mehr-oqibat, saxovat va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash muhiti yanada kuchaygan davr sifatida muhrlandi. Binobarin, davlat rahbarining 16 fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida “Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g‘oya asosida qator chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish belgilangani ushbu davrda yuzlab ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga umid va shodlik ulashishdek xayrli ishlarga turtki berdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi ijtimoiy himoya milliy agentligi bo‘lim boshlig‘i Farid NAZAROV bu borada quyidagilarni bayon qiladi.

– Qon-qonimizga singib ketgan qadriyatlarimizga ko‘ra, ulug‘ Ramazon oyida xalqimizning kam ta’minlanganlarga yordam qo‘lini cho‘zish, kishilarning bir-biriga yanada e’tiborli va mehrli munosabat bo‘lish fazilatlari bir qadar yuksaladi, – deydi F. Nazarov. – Ayniqsa, ijtimoiy himoya tizimida faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar uchun mana shu o‘ttiz kun yuksak insonparvarlik qadriyatlarini amalda namoyon etish oyiga aylanadi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimi tubdan isloh qilinib, uning markazida inson manfaati va uning qadrini ulug‘lash tamoyili mustahkam o‘rin oldi.

Ijtimoiy xizmatlarni tashkil etishda zamonaviy yondashuvlar joriy etildi, aholiga ko‘rsatiladigan xizmat turlari kengaytirildi va eng asosysi, ijtimoiy xodim instituti shakllantirildi. Bugungi kunda tizimdagi xodimlarimiz inson taqdiri bilan ishlaydigan, ijtimoiy muammolarning ildizigacha yetadigan va ularni hal etish uchun davlatning mavjud imkoniyatlarini safarbar qiladigan muhim ijtimoiy institutga aylandi.

Ayni paytda yurtimizdagi mahallalarda 8 mingdan ortiq ijtimoiy xodimlar faoliyat yuritmoqda. Ularning 60 foizdan ortig‘ini ayollar tashkil etyapti. Mahallada faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar aholining ijtimoiy holatini o‘rganish, ehtiyojmand oilalarni aniqlash, ularga kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish hamda insonlarning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda hal qiluvchi o‘rin tutayotirlar. Ta’kidlash joizki, bugungi kunda jahon amaliyotida ijtimoiy xodimlar jamiyatdagi eng muhim kasblardan biri sifatida e’tirof etilgan. O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda mazkur institutning huquqiy va institutsional asoslari yaratildi. Ijtimoiy xodim bugun mahalladan boshlab respublika darajasigacha bo‘lgan ijtimoiy himoya tizimining muhim bo‘g‘iniga aylanib, uning vazifasi faqat moddiy yordam ko‘rsatish bilan cheklanmasdan, aksincha, ijtimoiy xodim insonlarning turmush tarzini, maishiy holatini kompleks baholaydi, muammoning sabablarini tahlil qiladi va uni yechish uchun turli davlat organlari va tashkilotlarini birlashtiruvchi mexanizmni ishga tushiradi. Ijtimoiy himoya tizimida amalga oshirilayotgan ustuvor islohotlardan biri ijtimoiy xizmatlarni yagona nuqtada hisobga olish va muvofiqlashtirish mexanizmidir. Ilgari aholi turli davlat organlariga murojaat qilib, har bir xizmatni alohida tarzda olishga majbur bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda mazkur jarayon ancha soddalashtirildi. Ya’ni yaxlitlashtirildi. Mana shu o‘zgarish va yangilanishlar, xususan, davlat rahbarining Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazishga doir qarori ijrosini samarali ta’minlashda ham ayni muddao bo‘ldi, desak, yanglishmaymiz. Ramazon oyi ijtimoiy himoya tizimida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun alohida mas’uliyatli davrga aylandi. Bu oyda aholining ehtiyojmand qatlamlariga yordam berish qamrovi bir karra ortdi.

Prezidentimizning yuqorida keltirilgan qarorida Ramazon oyi munosabati bilan ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha manzilli ijtimoiy yordam choralari nazarda tutilgan. Shunga ko‘ra, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish, tibbiy davolanishni tashkil etish, shuningdek, bir martalik moddiy yordam ajratish kabi ko‘mak turlari tizimli yo‘lga qo‘yildi.

Jumladan, Bir martalik moddiy yordam dasturi doirasida ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 696 mingdan ortiq fuqarolar ro‘yxati shakllantirildi, ularga ajratiladigan mablag‘lar umumiy hisobda 467,2 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.

Yanada aniqroq aytganda, mazkur dasturga 216 mingdan ortiq davlat ta’minotida bo‘lgan oilalar, 415 mingdan oshiq kambag‘al oilalar, 17 mingdan ziyod yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, 4 mingdan ortiq yetim bolalar yashaydigan xonadonlar, 43 mingdan ortiq “mahalla yettiligi” tomonidan shakllantirilgan qo‘shimcha ro‘yxatga kiritilgan ehtiyojmand fuqarolar qamrab olindi.

Tibbiy ko‘makka muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida olib borilgan o‘rganishlar natijasida 1 ming 668 nafar fuqaro davolanishga muhtoj ekani aniqlanib, ular sog‘lig‘ini tiklash va zarur tibbiy yordam bilan ta’minlash maqsadida bosqichma-bosqich tibbiy chora tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hozirga qadar 1 ming 310 nafar fuqaro viloyat shifoxonalarida, 358 nafar hamyurtimiz esa respublika ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlarida chuqur tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilib, zarur davolash ishlari, jarrohlik amaliyotlari bajarildi.

Bu kabi ishlar ehtiyojmand fuqarolarning salomatligini asrash, ularning hayot sifatini yaxshilash hamda ijtimoiy himoya tizimi insonparvarlik tamoyillarining amaldagi yorqin namunasidir.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash maqsadida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan oziq-ovqat xarajatlarini qoplash bo‘yicha ham manzilli ishlar amalga oshirildi.

Ma’lumki, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasining asosiy maqsadi og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan, moddiy yordamga muhtoj fuqarolar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga manzilli ko‘maklashishdan iborat. Jamg‘arma tomonidan Ramazon oyida respublika bo‘yicha 50 mingta oilaga oziq-ovqat mahsulotlari (har bir oilaga 412 ming so‘m miqdorida mablag‘ ajratgan holda) tarqatish belgilandi. Bu tashabbus saxovat, bag‘rikenglik va insonlarga g‘amxo‘rlik qilish kabi qadriyatlarning jamiyat hayotidagi ustunligini kafolatlashga xizmat qilmoqda.

Mazkur jarayonda “mahalla yettiligi” mahallalar kesimida oilalarning ijtimoiy holatini o‘rganib, haqiqatan ham yordamga muhtoj fuqarolarni aniqlash, ro‘yxatlarni shakllantirish va ajratilayotgan yordamning manzilli hamda adolatli tarzda baholab, ularning ehtiyojlarini aniqlash va tegishli qo‘llab-quvvatlash choralarini tashkil etish orqali ezgu ishlarga salmoqli hissa qo‘shdi.

Yana bir masala. Hozirga kelib, yangi davr ruhi va talablariga muvofiq ijtimoiy xizmatlarning nainki ko‘lami, balki mazmuni ham o‘zgarmoqda. Ilgari asosan moddiy yordamga e’tibor qaratilgan bo‘lsa, bugungi kunda insonlarni mustaqil hayotga qaytarish, ularning imkoniyatlarini ochish va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan xizmatlarga ustuvorlik berilmoqda. Ramazon oyida bu borada ham ko‘p va xo‘p ishlar qilindi.

Ijtimoiy himoya tizimining samarali ishlashi faqat davlat organlarining faoliyati bilan cheklanib qolmaydi. Bu jarayonda jamoat tashkilotlari, xayriya fondlari, fuqarolik jamiyati institutlari va oddiy fuqarolarning ishtiroki ham suv va havo kabi zarur.

Jamiyatdagi saxovat va mehr-oqibat muhiti ijtimoiy himoya tizimining imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Ijtimoiy xodimlar bu jarayonda ko‘prik vazifasini bajaradi. Ular davlat, jamoat tashkilotlari va aholi o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlab, yordamning manzilli va samarali bo‘lishiga xizmat qiladi. Shu ma’noda, fayzu barakali o‘tgan Ramazon oyi yurtimiz ijtimoiy himoya tizimi xodimlari uchun nafaqat ma’naviy, balki katta amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi.

 

“Minnatdorligimni so‘z bilan ta’riflay olmayman”

Bekobodlik Mohira Po‘latova ko‘p yillardan buyon yurish bilan bog‘liq muammodan aziyat chekib kelayotgan edi. U uchun uy ostonasidan o‘z oyog‘ida kirib chiqish ushalmas bir orzudek tuyular, to‘shakka mixlanib qolganidan ruhan sinib borardi. Lekin bu yilgi muborak Ramazon oyi ko‘plar qatori u uchun ham xayrli keldi. Mahalladagi ijtimoiy xodim va “mahalla yettiligi” tomonidan uning turmush sharoiti o‘rganilib, jarrohlik amaliyotiga ehtiyoji borligi aniqlangach, tibbiy yordam ko‘rsatiladigan fuqarolar ro‘yxatiga kiritildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Mohira Po‘latovaning jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ayni paytda u o‘zini juda yaxshi his etmoqda. Muhimi, endi u yura boshladi.

– Minnatdorligimni so‘z bilan ta’riflolmayman, – deydi Mohira. – Mening holatimni men kabi uzoq vaqt yurish orzusida yashagan, shiftga tikilgancha Yaratgandan umidini uzmagan insonlar tushunadi. To‘g‘ri, ba’zan “Boshqalar kabi yurolmasam, oilamdagilarga yuk bo‘lib, yashab nima qildim?” degan tushkun xayollarda kun o‘tkazgan paytlarim ham bo‘ldi, yashirmayman. Ammo yurtimizda hech bir inson davlatning e’tiboridan chetda emasligini bugun o‘zimning hayotim misolida ko‘rib, his qilib turibman. Mana, bepul jarrohlik amaliyotidan keyin o‘sha og‘ir kunlarim ortda qoladigan bo‘ldi. Buning uchun davlatimizga, o‘zgalar dardini o‘zinikidek qabul qilib, biz kabi ehtiyojmandlar hayotiga nur olib kirayotgan yaxshi insonlarga rahmat deyman.

 

Olamni tinglamoq baxti

23 yoshli Ozoda Rimbayeva Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida o‘qiydi, bo‘lg‘usi shifokor. U yuqori sinfda o‘qib yurgan chog‘larida xastalik asorati o‘laroq eshitish qobiliyatini yo‘qotgan. Tasavvur qiling, kechagina ota-onasining, o‘rtoqlarining ovozini, qushlarning chug‘ur-chug‘urini, daraxtlarning shovqinli tebranishini, bu olamdagi jamiki sas sadoni tinglab, o‘ynab-kulib yurgan qiz birdan eshitmay qolsa…

Ozoda taqdirga tan berib, bor kuchini, vaqtini o‘qishga bag‘ishladi. “Eshitmasam ham, dunyoni ko‘ryapman-ku!” dedi o‘ziga o‘zi. Bilim va intilishi bilan tibbiyot oliygohiga o‘qishga kirdi. Keyinchalik o‘qib-o‘rganib bildiki, eshitish qobiliyatini tiklash mumkin ekan. Faqat bu qimmat operatsiya bo‘lib, yaxshigina mablag‘ talab qilar edi. Oilaviy sharoit esa buni ko‘tarmasdi.

Ramazon oyi munosabati bilan Prezidentimizning tegishli qarori asosida ehtiyojmand bemorlarning davolanish xarajatlari qoplab berilayotganidan xabar topgach, onasi bilan birga poytaxtga, Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga yetib keldi.

Markazda zarur tibbiy tekshiruvlardan so‘ng unda koxlear implantatsiya amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ya’ni xastalik tufayli zararlangan nerv tolalari o‘rniga maxsus datchiklar kiritilib, ichki quloq qismiga koxlear implant o‘rnatildi. Muolaja jarayonidan keyin Ozodaning eshitish qobiliyati tiklana boshladi.

– Ko‘nglimdagi kemtiklik aridi, -deydi Ozoda. – Endi men ham boshqalar kabi odamlar bilan bemalol muloqot qilaman, musiqa tinglayman… Buning qanchalar baxt ekanini bilsangiz edi… Kelgusida yaxshi shifokor bo‘lib, dardiga darmon izlayotgan insonlarni sog‘lom hayotga qaytarishga hissa qo‘shishni, yaxshilikka yaxshilik bilan javob berishni niyat qilganman.

 

Farida MAHKAMOVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.