O'zbekiston

Navro‘z xalqlarni birlashtiradi

Blog Image
Email : 43 0

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab 300 millionga yaqin odam Navro‘z kuni dasturxon yozadi. Bu kunni qarshilaydigan har bir mamlakatda o‘ziga xos an’analar mavjud.

 

Dunyoda ko‘klam an’analari

Jahondagi millat va elatlarning har birida ko‘klam fasli va yangi yilga bag‘ishlangan an’ana-yu urf-odatlari bor. Ularning barchasi o‘ziga xos va jozibali. Jumladan, Xitoyda yangi yil ayyomi yanvar oyi oxiri, fevral oyi boshlariga to‘g‘ri keladi. Yangi yilni nishonlash “uy tozalash”dan, eskirgan buyumlarni chiqarib tashlashdan boshlanadi. Bu qadimiy yurtda yangi yil tantanalari “Chun chze” – bahor bayramiga ulanib ketadi. Eramizdan avvalgi ikkinchi asrdan beri nishonlanib kelinayotgan “Chun sze” bayramining mazmun-mohiyati, ya’ni, xonadonlarda mehmon kutish, mehmonga borish, qariyalarni ziyorat qilish, bolalarni xursand qilish, dehqonchilik ishlariga kirishish kabilar xuddi bizning Navro‘z udumlarini eslatadi.

Xitoyda bahor bayramida shovqinli xalq festivallari va yarmarkalari ketma-ket bir necha kun davomida o‘tkaziladi. Sher va ajdaho raqslari, “quruqlik qayiqlari”ning doira bo‘lib qo‘shiq kuylashlari, yog‘ochoyoqlardagi namoyishlar xursandchilik ruhiyatini yanada ko‘taradi.

Yaponiyada 21 mart (kabisa yillarida, 20 mart) bahorgi teng kunlik «Shumbun no hi» yoki «Higan no tunichi», deb nomlanadi. Bu davlat bayrami bo‘lib, tabiatga va barcha tirik mavjudotlarga muhabbatni ifodalaydi. Shu kuni ko‘plab yaponlar ota-bobolarining qabrlariga borib, tartibga keltiradi va gullar qo‘yishadi. Yaponiyada, shuningdek, bahorning dastlabki kunlari sakura daraxtining gullashi alohida bayram qilinadi. Boisi mamlakat aholisi sakura gullarini turli tushunchalar va g‘oyalar bilan bog‘laydi. Sakuraning gullashi dehqonlar asosiy oziq-ovqat manbai bo‘lgan sholi ekish vaqtiga to‘g‘ri keladi. Shuni hisobga olsak, sakura omad, farovonlik va mo‘l hosil ramzidir. 1873 yilgacha Yaponiyada yangi yil bahorda, sakuraning gullash davrida nishonlangan.

Eronliklar Navro‘zni 13 kun davomida bayram qilib nishonlaydi. Aholi asosiy vaqtni xursandchilik qilish, qarindoshlari va do‘stlarini borib ko‘rishga bag‘ishlaydi. O‘n uchinchi kuni tabiat qo‘yniga chiqishadi. Shaharlar olov ramzlari bilan bezaladi, gulxanlar yoqiladi, fonarlar osiladi va mushakbozlik qilinadi. Bayram davomida eronlik ayollar maxsus marosimda qatnashadi. Ya’ni gulxan ustidan sakrab o‘tadilar. Bu tadbir azaldan poklanish va go‘zallik, salomatlikka chorlovni anglatadi. Erkaklar qizil kiyimlarni kiyib, yuzlariga kul surtishadi va shahar ko‘chalarida sayr qilishadi.

Turkiyaning Istanbul shahrida aprel oyida Lolalar festivali bo‘lib o‘tadi. Ingichka uchli barglari bo‘lgan qizil gullar milliy ramz, ko‘p asrlik madaniyatning bir qismidir. Har bahorda 100 dan ortiq navdagi millionlab lolalar ochiladi. Festivalning asosiy tadbirlari Emirgan bog‘ida tashkillashtiriladi. Eng mahoratli landshaft dizaynerlari butun shahar bo‘ylab, lolalardan iborat hayratlanarli kompozitsiyalarni yaratishadi.

Butun dunyo bo‘ylab bahoriy an’ana va bayramlar qanday ko‘rinish hamda ko‘lamda nishonlanmasin, Navro‘z ayyomidagi singari barchaning chehrasida tabassum, samimiyat, hushnudlik kayfiyati ufurib turadi.

 

Xurshidabonu NAZAROVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.