Fan Texnika

Saratonga qarshi kurash: Toshkent shahrida bu borada vaziyat qanday?

Blog Image
Email : 3 0

Tirik jon borki dardga chalinadi, shifo izlaydi. onkologiya mavzusiga tahliliy yondashganda, eng avvalo, bir muhim fikrni ta’kidlash lozim, u insoniyat uchun jiddiy muammo bo‘lsa-da, mutlaq hukm yoki umidsizlik belgisi emas. ilmiy asoslarga ko‘ra, bu kasallik hujayralarning nazoratsiz ko‘payishi natijasida yuzaga keladi, ammo zamonaviy tibbiyot uni aniqlash va davolash borasida katta yutuqlarga erishmoqda.

O‘zbekistonda ham ana shunday yutuqlar tufayli onkologik kasalliklarni erta aniqlash, samarali davolash va bemorlarning hayot sifatini yaxshilash imkoniyatlari sezilarli darajada kengaymoqda.

Ayni paytda mamlakatimizda onkologiya sohasini rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish va kasallikni erta bosqichlarda aniqlash maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ixtisoslashtirilgan onkologiya markazlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy tashxislash uskunalari bilan ta’minlash, skrining dasturlarini keng joriy etish hamda malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2024 yil 22 noyabrdagi “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakatda ayollar salomatligini muhofaza qilish, onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlash hamda ularni samarali davolash tizimi tubdan takomillashtirilmoqda.

Mazkur qaror ijrosini o‘rganish, tizimdagi samaradorlikni baholash va aniqlangan muammolar yuzasidan takliflar ishlab chiqish maqsadida O‘zXDP Toshkent shahar kengashi tashabbusi bilan deputatlar va partiya vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil etildi.

Ishchi guruh faoliyati qaror ijrosini faqat hisobotlar asosida emas, balki bevosita joyiga chiqib, tibbiyot muassasalari faoliyatini ko‘zdan kechirish, mas’ul rahbarlar va tibbiyot xodimlari bilan muloqot qilish hamda real holatni aniqlashga qaratildi.

 

Nazorat-tahlil natijalari…

Ishchi guruh tomonidan poyxatimizning Shayxontohur, Mirobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida manzilli o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Xususan, Shayxontohur tumani tibbiyot birlashmasida ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha olib borilayotgan skrining tadbirlari o‘rganildi.

O‘rganish jarayonida tuman tibbiyot birlashmasining statsionar mammografik uskunasi orqali ayollar orasida skrining va mammografiya tadbirlari o‘tkazilayotgani kuzatildi. Bu holat qarorda belgilangan statsionar va mobil mammografik skriningni joriy etish vazifalari muayyan darajada amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, mazkur tadbirlar doimiy va ommaviy tus olmagani, qamrov cheklangani va skrining asosan aksiyalar yoki alohida tadbirlar doirasida tashkil etilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Mirobod tumanida qaror ijrosi deputatlik nazoratining institutsional mexanizmi – deputat so‘rovi orqali o‘rganildi. Ya’ni xalq deputatlari tuman Kengashideputatlari tomonidan tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokoriga rasmiy deputat so‘rovi yuborildi. Prezidentimizning tegishli qarori ijrosi, skrining tadbirlarining qamrovi, kadrlar bilan ta’minlanganlik va tashkiliy masalalar yuzasidan ma’lumotlar so‘raldi.

Tibbiyot birlashmasidan kelib tushgan rasmiy javob tahlil qilindi. Tahlil natijalariga ko‘ra, qaror ijrosi bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, ayniqsa, mammografik skrining qamrovi, ikki smenali ish tizimini joriy etish va birlamchi bo‘g‘inda ayollarni faol jalb qilish masalalarida qaror talablari to‘liq ta’minlanmagani kuzatildi.

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi nazorat-tahlil natijalariga ko‘ra, tuman kesimida bachadon bo‘yni saratoni va ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha 2025 yil uchun alohida tarmoq rejalari ishlab chiqilgan, rejalar oilaviy poliklinikalar va KTMPlar kesimida oylar bo‘yicha taqsimlangani hujjatlar asosida tasdiqlangan.

Masalan, Mirzo Ulug‘bek tumanida 30–65 yoshdagi ayollar soni 63 ming nafardan ortiq bo‘lib, bachadon bo‘yni saratoni skriningi uchun 2025 yilga 15 ming nafardan ortiq ayolni qamrab olish rejalashtirilgan, ko‘krak bezi saratoni skriningi bo‘yicha esa 11 ming nafardan ortiq ayol qamrab olinishi ko‘zda tutilgan. Bu holat qaror talablariga muvofiq rejalashtirish ishlari amalga oshirilganini ko‘rsatadi.

Biroq ishchi guruh o‘rganishlari shuni ko‘rsatdiki, rejalarning mavjudligi ularning amalda to‘liq va sifatli bajarilayotganini anglatmaydi. Savolnoma asosida olib borilgan tahlillarga ko‘ra, Toshkent shahrida ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha skrining ishlari ikki yo‘nalishda – mammografik skrining va “onko-nazorat” xonalari orqali klinik ko‘riklar shaklida amalga oshirilmoqda.

2025 yilda shahar bo‘yicha mammografik skrining orqali 11 688 nafar ayol qamrab olingan bo‘lsa, “onko-nazorat” xonalari orqali 120 171 nafar ayol klinik ko‘rikdan o‘tkazilgan. Mammografiya orqali 63 nafar ayolda ko‘krak bezi saratoni aniqlangani ushbu usulning yuqori samaradorligini yaqqol ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, qarorga muvofiq 45-65 yoshli ayollarda ko‘krak bezi saratonini aniqlashda asosiy usul sifatida mammografiya belgilangan bo‘lsa-da, amalda skriningning asosiy yuki klinik ko‘riklar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa qarorda belgilangan skrining ko‘rsatgichlari bilan amaldagi holat o‘rtasida muayyan tafovut mavjudligini ko‘rsatadi.

Savolnoma natijalari shuni ham ko‘rsatdiki, “onko nazorat” xonalari faoliyati hududlar kesimida bir xil emas. Ayrim poliklinikalarda klinik ko‘riklar faol o‘tkazilayotgan bo‘lsa, ayrim joylarda tibbiyot xodimlarining onkologik hushyorligi va skrining ko‘rsatgichlari bo‘yicha bilimlari yetarli emas. Shubhali holatlarni o‘z vaqtida mammografiyaga yoki ixtisoslashtirilgan muassasalarga yo‘naltirishda uzilishlar borligi aniqlandi. Elektron ro‘yxatga olish va monitoring tizimi ham barcha muassasalarda to‘liq ishlamayapti, bu esa qarorda nazarda tutilgan elektron baza va registr tizimining amalda to‘liq joriy etilmaganini ko‘rsatadi.

Ijobiy jihat sifatida shuni qayd etish lozimki, skrining jarayonida kasallik aniqlangan bemorlar bilan ishlash tizimi Toshkent shahrida nisbatan barqaror yo‘lga qo‘yilgan. Bemorlar Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga yo‘naltirilib, chuqurlashtirilgan diagnostika, morfologik tasdiq, konsilium va kompleks davolash bilan davlat budjeti hisobidan ta’minlanmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar uchun bepul diagnostika va davolash imkoniyatlari mavjudligi qaror ijrosidagi muhim ijobiy natija hisoblanadi.

Shu bilan birga, kadrlar bilan ta’minlanganlik masalasida ham muammolar bor. Tuman darajasida vrach onkologlar yetishmovchiligi, ayrim “onko-nazorat” xonalarida to‘liq shtat bilan ishlamaslik holatlari qaror talablarining to‘liq bajarilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Axborot ma’rifiy ishlar esa asosan mavsumiy xarakterga ega bo‘lib, qarorda belgilangan doimiy va tizimli targ‘ibot talablariga to‘liq javob bermaydi.

O‘rganish xulosalariga ko‘ra, Prezidentimizning tegishli qarori ijrosi asosida tumanlarda ijobiy natijalar mavjud. Biroq qarorning asosiy maqsadi — ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarni ommaviy va samarali ravishda erta aniqlash hali to‘liq ta’minlanmagan. Mammografik skrining qamrovini kengaytirish, birlamchi bo‘g‘inda faol jalb qilish mexanizmlarini kuchaytirish, ikki smenali ish tizimini to‘liq joriy etish, kadrlar bilan ta’minlashni yaxshilash va elektron monitoringni amalda ishlaydigan tizimga aylantirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

 

Partiya faollari va deputatlar nima deydi?

Mavjuda HASANOVA,

O‘zXDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i:

– Ochig‘i, O‘zbekistonda ham o‘sma kasalliklarini davolash nafaqat sog‘liqni saqlash tizimining, balki butun jamiyatning doimiy e’tiborini talab qiladigan soha ekanligi ma’lum.

Hududlarda olib borilgan keng ko‘lamli tahlillar, ya’ni ishchi guruh tomonidan amalga oshirilgan manzilli o‘rganishlar, savolnoma asosida to‘plangan ma’lumotlar hamda tibbiyot muassasalari rahbarlari va soha mutaxassislari bilan amalga oshirilgan muloqotlar ayollar orasida onkologik kasalliklarning holati va ularni nazorat qilish tizimidagi mavjud kamchiliklarni ochiq ko‘rsatdi.

Partiyamiz deputatlari va hududiy mutaxassislar fikrlarini inobatga olgan holda, qaror ijrosi samaradorligini oshirish bo‘yicha qator strategik takliflar ishlab chiqdik.

Avvalo, qisqa muddatli choralar sifatida ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha skriningni tashkil etishda “faol chaqiruv” mexanizmini kuchaytirish zarur hisoblanadi. Qarorda belgilangan 30-65 yoshli ayollar elektron bazasi asosida har bir oilaviy poliklinika va mahalla kesimida aniq maqsadli ro‘yxat shakllantirilib, SMS-xabarnoma, qo‘ng‘iroq va patronaj orqali skriningga taklif qilish amaliyotini joriy etish lozim. Bu chora qisqa muddatda skriningga keluvchi ayollar sonini oshirish, qamrov ko‘rsatkichlarini barqaror o‘sishga olib chiqishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, qisqa muddatda mammografik uskunalarning ikki smenali ish rejimi to‘liq joriy etilishi lozim. Bu qarorda to‘g‘ridan to‘g‘ri belgilangan bo‘lib, uning amalga oshirilishi ishlovchi ayollar uchun qulaylik yaratish orqali mammografik skrining qamrovini kengaytirish imkonini beradi. Natijada klinik ko‘riklar bilan cheklanib qolish holatlari qisqarib, aniq tashxis qo‘yish ulushi ortadi, bu esa diagnostika sifatini yaxshilaydi.

Qisqa muddatli choralar qatorida birlamchi bo‘g‘in tibbiyot xodimlarining onkologik hushyorligini oshirishga qaratilgan maqsadli o‘quvlarni tashkil etish ham muhim ahamiyatga ega. Qarorda belgilangan skrining algoritmlari bo‘yicha qisqa modulli o‘quvlar joriy etilsa, shubhali holatlarni o‘z vaqtida aniqlash va yuqori bo‘g‘inlarga yo‘naltirish yaxshilanadi. Bu esa erta bosqichda aniqlangan kasalliklar ulushini oshirish orqali davolash samaradorligini ko‘taradi va keyinchalik yuqori xarajatli davolash ehtiyojini kamaytiradi.

Shuni unutmaylikki, davlat tomonidan tizimga ko‘rsatilayotgan e’tibor saratonga chalingan yurtdoshlarimizning tuzalib, yashab ketish darajasining ortishiga salmoqli hissa qo‘shadi. Faqat qaror ijrosini qat’iy ta’minlash, belgilangan tekshiruvlarni vaqtida olib borish zarur. Axir, shifokorlar juda ko‘p aytishadi: saraton xastaligi qancha erta aniqlansa, uni davolash imkoni shuncha ortadi.

 

Muxtor ILHOMOV,

xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi O‘zXDP deputati:

– Onkologiya sohasidagi ilmiy izlanishlar har yili yangi natijalar bermoqda. Yangi dori vositalari, genetik tadqiqotlar va innovatsion terapiya usullari kelajakda bu kasallikni yanada samarali davolash imkoniyatini kengaytirmoqda.

Prezidentimizning 2024 yil 22 noyabrda qabul qilingan qarori mamlakatda onkologik kasalliklarga qarshi kurashishda yangi bosqichni boshlab berdi.

Nazorat-tahlil natijalaridan kelib chiqib shuni ayta olamanki, o‘rta muddatli strategik choralar sifatida, avvalo, ushbu qarorda nazarda tutilgan elektron monitoring va registr tizimini to‘liq ishlaydigan holatga keltirish zarur. Skriningdan o‘tgan har bir ayolning natijasi, qo‘shimcha tekshiruvlar, tashxis va davolash bosqichlari yagona elektron tizimda aks ettirilsa, skrining natijadorligini baholash imkoniyati oshadi. Bu orqali resurslar maqsadli yo‘naltirilib, takroriy tekshiruvlar va asossiz xarajatlar qisqartiriladi.

O‘rta muddatda kadrlar bilan ta’minlanganlik masalasini tizimli hal etish ham dolzarb hisoblanadi. Xususan, “onko-nazorat” xonalari va mammografik skriningda ishlovchi mutaxassislar uchun maqsadli qayta tayyorlash, rag‘batlantirish va ish yuklamasini qayta taqsimlash mexanizmlarini joriy etish taklif etiladi. Bu chora xizmat sifati oshishiga, kadrlar almashinuvi kamayishiga va skrining jarayonlarining barqaror ishlashiga xizmat qiladi.

Shuningdek, qarorda belgilangan targ‘ibot ishlari yil davomida uzluksiz tashkil etilsa, ayollarning onkologik kasalliklar haqidagi xabardorligi oshadi, profilaktik ko‘riklarga munosabat o‘zgaradi. Bu esa qamrovning oshishi, kasalliklarni erta aniqlash va umumiy o‘lim ko‘rsatkichlarining pasayishiga olib keladi.

Bu boradagi qonunchilik, imtiyoz va imkoniyatlarni mahallarga borib, ayollar, umuman, aholi orasida targ‘ib qilish kerak, deb o‘ylayman. Uchtepa tumanidagi mahallalarda soha mutaxassislari bilan tushuntirish tadbirlarini o‘tkazishni rejalashtirdik. Bu joriy yildagi muhim vazifalarimizdan biri etib belgilandi.

 

***

Haqiqatan ham, so‘nggi yillarda onkologik kasalliklarni davolashda sezilarli yutuqlarga erishilyapti. Toshkentdagi klinikalarda bu yo‘nalishda muhim jarrohlik amaliyotlari ham o‘tkazilmoqda.

Dunyoda davosiz dardning o‘zi yo‘q. Ishonch, sabr va harakat har qanday dardni yengadi. Belgilangan choralar ijrosi o‘z vaqtida ijro etilsa, bu sohada katta yutuqlarga erishish, ming minglab odamlar hayotga, oilasi bag‘riga qaytishi uchun imkoniyat yaratiladi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va uning deputatlari mazkur masalani doimiy deputatlik nazoratiga oladi. Prezident qarori ijrosini ta’minlashga, ayollar salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirishga, partiyamizning Saylovoldi dasturida belgilangan ijtimoiy adolat va aholi salomatligini himoya qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar nuqtai nazaridan jiddiy e’tibor qaratishda davom etadi.

 

Laziza SHEROVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.