Cheklash emas tenglik zarur

Davlat xizmatiga ishga kirishda har doim ham professionallik asosiy o‘rinda turmaydigan, boshqa muhim bo‘lmagan omillar tarozi pallasini bosib ketadigan holatlar ham bo‘ladi. Tenglik, shaffoflik, ochiqlik o‘rnida tanish-bilishchilik, mahalliychilik, korrupsiyaviy holatlar, qarindosh-urug‘chilik kabi illatlar davlat xizmatini rivojlantirishga to‘siq bo‘lib keldi. Davlat xizmatini chinakam xalqni rozi qiladigan tizimga aylantirish, boshqaruvda natijadorlik va sifatni oshirish maqsadida 2022 yilda «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida» qonun qabul qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 11 iyun kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham fuqarolarni ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishni taqiqlash, shuningdek, mehnat huquqlarini ishonchli himoya qilish va mehnat munosabatlarida qo‘shimcha kafolatlar yaratish maqsadlarini nazarda tutadi.

Ta’kidlanganidek, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar izchil amaliyotga tatbiq qilinmoqda. Xususan, Asosiy qonunimizning 28-moddasida “Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emas”, degan qoida bor.

Biroq bugungi kunda jamiyatimiz hayotida fuqarolar yaqin qarindoshida sudlanganlik yoki tugallangan sudlanganlik holati mavjudligi bois ishga kira olmaganiga bog‘liq vaziyatlar ham to‘la barham topgan, deya olmaymiz. Inchu-nun, davlat xizmatiga bel bog‘lagan nomzodni ishga qabul qilishni ayni vaj bilan rad etish amaliyoti hamon mavjud.

Yuqorida keltirilgan qonun loyihasi esa bunday holatlarga uzil-kesil chek qo‘yish, konstitutsiyaviy normalarning real hayotda ishlashiga erishish, fuqarolarni ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishni taqiqlash, ularning mehnatga oid huquqlarini ishonchli himoya qilish va mehnat munosabatlarida qo‘shimcha kafolatlarni yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Xususan, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasi “qarindoshining sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinishidagi va uni o‘tashdagi huquqlari cheklanishi uchun asos bo‘lishi mumkin emas”, degan jumlalar bilan to‘ldirilmoqda.

Ahmad Qurbanov,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri

Biz 37 million bo’ldik: bu muammomi yoki imkoniyatmi?

2024 yil 22 aprel kuni O‘zbekiston aholisi soni 37 millionga yetdi. Esingizda bo‘lsa, 36 millionlik marrani 2022 yil 8 dekabr kuni bosib o‘tgan edik. Qarang, 1 yilu, 4 oyda biz yana 1 millionga ko‘paydik. O‘zbekistonda aholi sonining oshishi muammomi yoki imkoniyatmi?

  • Masalan, aytaylik, avvalgi yillarda tug‘ilishlar soni 700-800 mingni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yildan hozirgi kungacha 920 ming – 960 mingni tashkil etmoqda. Bu ijtimoiy soha obyektlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Masalan, maktablarga chiqayotgan bolalar sonini olaylik. Avvalgi yillarda o‘rtacha 700 mingga yaqin yoki 680 mingta bola birinchi sinfga qabul qilingan bo‘lsa, keyingi va undan keyingi yillarda ushbu bolalar soni 900 mingtadan oshishi kutilmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri bu yuqori tug‘ilish ko‘rsatkichidir, – Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti xodimi Muhabbat Ahmedova. – Aytish kerakki, bugungi kunda global muammoga aylangan aholi orasida “qarish” muammosi O‘zbekistonda hali kuzatilmayapti. Bizning prognozlarga ko‘ra, yaqin 10 yilda bu kuzatilmaydi. Lekin shunga qaramasdan, mehnatga layoqatli yoshdan katta bo‘lgan aholi soni sekin-asta oshish ulushi kuzatilmoqda. Bu esa albatta, pensiya jamg‘armasiga katta ta’sir o‘tkazadi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimiga, qarialarning ko‘p bo‘lishi ijtimoiy xodimlar sonining oshishiga, pensiyaga ajratilayotgan jamg‘armalarning kengayishiga va umuman olganda, bugungi pensiya tizimini ko‘rib chiqishni talab etadi. Bir so‘z bilan aytganda, aholi sonining o‘sishi inson kapitaliga sarmoyalar kiritishni taqozo etadi.

Aholi sonining o‘sishi yomon, deb ayta olmayman. Shunga qarab siyosat olib borish kerak. Aholi sonining ko‘p bo‘lishi bu jamiyatning, respublikaning boyligi, deb o‘ylayman.

Oilani rejalashtirish vaqti keldimi?

Mutaxassislarning aytishicha, demografik jarayonlar aholining tabiiy ko‘payishi nafaqat obyektiv omillarga, balki nikoh-oila munosabatlari, o‘zlarining xohish-istaklariga ham bog‘liqdir. Bugungi kunda yoshlarning o‘z oilalarini ongli ravishda rejalashtirayotganliklarini keltirish mumkin. Bundan tashqari tug‘ilish darajasiga nikoh va ajralishlar miqdorining o‘zgarishi ham ta’sir qiladi. Yosh oilalarda uy-joy muammosi, yashash joyini o‘zgartirish, ayollarning ijtimoiy ishlab chiqarishga keng jalb qilinganligi tug‘ilish darajasining kamayishiga olib keluvchi asosiy omillardan biridir.

Oilani to‘g‘ri rejalashtirish, eng avvalo, bolalarga zarur bo‘lgan barcha moddiy va nomoddiy ne’matlar – sifatli ta’lim, oziq-ovqat, uy-joy bilan ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.

Laziza Sherova, “O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

Biznes uchun ochiqlik…

Ijtimoiy tarmoqlarda, ommaviy axborot vositalarida tez-tez Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishning ahamiyatli tomonlari haqidagi eshitib, o‘qib qolamiz. Xo‘sh, bu qanday tashkilot o‘zi? JST 1995 yil 1 yanvardan o‘z faoliyatini boshlagan. Tashkilot davlatlararo ko‘p tomonlama savdo tizimini muvofiqlashtirib turuvchi yagona universal xalqaro tuzilma hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi global iqtisodiyotni shaffofligini tartibga solish, davlatlararo savdo-sotiq munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, ular o‘rtasida tenglik o‘rnatish, a’zo mamlakatlar barqaror taraqqiyotini ta’minlash va insonlar turmushini yaxshilash hisoblanadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, JST global platforma sanalib, unda har bir a’zo davlatning manfaatlari hisobga olinadi. Shuning uchun kuchli, o‘zini iqtisodiyotiga ishongan davlatlar tezroq bu tashkilotga kirishga harakat qiladi. Chunki JST mamlakatlararo savdo qoidalarini boshqarib turuvchi yagona xalqaro tashkilot hisoblanadi. Tashkilot doirasida qabul qilingan bitimlar jahon bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishda tovarlar va xizmatlar ishlab chiquvchilarga, eksportyor va importyorlarga ko‘mak berishga qaratilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyodagi ushbu eng yirik iqtisodiy tashkilotga 166 davlat a’zo bo‘lib, ular hissasiga jahon savdosi va jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 97 foizi to‘g‘ri keladi. Shu ma’noda, O‘zbekistonning JSTga kirishi iqtisodiy siyosatning bashoratli bo‘lishini va xorijiy investorlarda unga bo‘lgan ishonchni oshiradi, tashqi bozorlarga erkin chiqishni ta’minlaydi, mamlakatimizda tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish va raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Kuni kecha davlatimiz rahbarining “Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining qabul qilinishi bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar uchun muhim huquqiy maydon bo‘ldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Farmonda milliy iqtisodiyotning mavjud salohiyatini ro‘yobga chiqarish, uning global ishlab chiqarish va qo‘shilgan qiymat zanjiriga integratsiyasini yanada chuqurlashtirish, erkin bozor tamoyillarini amalda tatbiq etishni kengaytirish hamda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligiga erishishni jadallashtirish maqsadida bir qator muhim vazifalar belgilandi.

Unga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida taqdim etilayotgan subsidiya va preferentsiyalar, shu jumladan, tovarlarni eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, transport xarajatlarini qisman qoplab berishga oid imtiyozlar bekor qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan bojxona boji, yig‘imlari va qiymatini Jahon savdo tashkilotining Tariflar va savdo bo‘yicha bosh bitimi (GATT 1994) talablariga moslashtirish maqsadida: 2025 yil 1 yanvardan boshlab joriy etiladigan bojxona yig‘imlarining fiskal maqsadlarda undirilmasligi belgilanadi; Bojxona qo‘mitasi 2024 yil 1 avgustga qadar bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya (J.Xo‘jaev) 2024 yil 1 avgustga qadar: savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimi (MFN) nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan yoki ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan bojxona bojlarini qo‘llash bo‘yicha amaldagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqib, uning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflarni; import bojxona bojlari stavkalarining qo‘llanilishi samaradorligini oshirish va shaffofligini ta’minlash maqsadida amaldagi bojxona tariflarini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining 2022 yilgi tahririga muvofiqlashtirish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.


JSTga kirish jarayoni davlatimiz rahbarining kun tartibi va qattiq nazorati ostida turgani bejiz emas, albatta. Boisi, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi aholining turmush tarzini yaxshilash, milliy mahsulotlarimizni raqobatbardosh va jahon bozorlarida sotish, mamlakatimizda investitsion muhitni yaxshilash va investitsiya oqimini oshirish, hamda iqtisodiyotimizni barqaror rivojlanishiga zamin yaratadi. Shuningdek, bu mamlakatimiz hududida xalqaro savdo subyektlariga tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun qulay sharoit yaratishda ham muhim rol o‘ynaydi. Shu ma’noda aytadigan bo‘lsak, O‘zbekistonning xalqaro savdo tashkilotining a’zosi ekanligi, davlatimiz “biznes uchun ochiqligini” anglatadi.

Laziza Sherova, “O‘zbekiston ovozi” muxbiri.