“G‘azalkent” suv ombori tadbirkorlarga ijaraga beriladi

 

Tabiiy suv havzalari davlat rahbarining tegishli qaroriga asosan tadbirkorlik subyektlariga “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn auksion orqali ijaraga beriladi. Shu maqsadda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “G‘azalkent” suv ombori platformaga joylashtirildi. Bir oylik boshlang‘ich ijara haqi: 525 000 so‘m.

 

Obyekt 10 yil muddatga ijaraga beriladi. Vazirlar Mahkamasining Davlatga tegishli suv havzalarini tadbirkorlik subyektlariga E-Auksion elektron savdo platformasi orqali berish tartibi nizomini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq eng kam oylik ish haqining oshishi hisobiga ijara to‘lovi tafovutiga mutanosib ravishda o‘zgartiriladi.

 

Agar auksion g‘olibi 5 ish kuni ichida operator xizmat haqiga yetarli mablag‘ni to‘lamagan yoki ijara shartnomasini imzolashni rad etgan taqdirda, auksionning salohiyatli g‘olibi mavjud bo‘lsa unga operator xizmat haqiga yetarli mablag‘ni to‘lash uchun 5 ish kunlik muddat beriladi.

 

Ushbu muddat davomida salohiyatli g‘olib to‘lovni amalga oshirsa, auksion g‘olibi deb eʼtirof etiladi va unga mazkur nizomda belgilangan tartibda bayonnoma rasmiylashtiriladi. Salohiyatli g‘olib to‘lamaganda yoxud mavjud bo‘lmaganda, takroriy auksion savdolariga chiqariladi. Baholangan narxi yillik ijara haqini ifodalaydi. Qo‘shimcha majburiyatlar bo‘yicha shartnoma shartlariga har yili 10-yanvargacha O‘zbekbaliqsanoat uyushmasi tomonidan o‘zgartirishlar kiritiladi.

Basketbol federatsiyasi mas’ullari 500 mln so‘m pullarni talon-taroj qilgani aniqlandi

 

Basketbol federatsiyasi ijrochi direktori Yu.S. ishlar boshqaruvchisi S.I. bilan jinoiy til biriktirib, S.I.ning onasi va ukasi nomiga «S.A.G.» MCHJ tashkil qilib, sportchilar sog‘lig‘ini monitoring qilishga mo‘ljallangan 2 dona aslida yetkazib berilmagan maxsus uskunalar uchun federatsiyadan 197 mln so‘m mablag‘ni jamiyat hisobiga o‘tkazib, talon-toroj qilganligi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.

 

Shuningdek, federatsiyaning 1-vise prezidenti X.G. federatsiyaga tegishli bo‘lgan korporativ plastik kartadan noqonuniy ravishda shaxsiy ehtiyojlari uchun 162 mln so‘m mablag‘ni yechib olib, o‘zlashtirgani ma’lum bo‘ldi.

 

Bundan tashqari, yuqoridagi mansabdor shaxslar tomonidan federatsiyaga guyoki homiylarni jalb qilish xizmatlarini ko‘rsatish haqida soxta shartnoma rasmiylashtirilib, federatsiyaning 130 mln so‘m mablag‘lari o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborilgan.

 

Aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilib, sudning hukmi bilan aybdorlarga tegishli jazo choralari qo‘llanilgan.

Toshkentda avtobus yo‘lovchisi vafot etdi

 

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki piyodani transport vositasi urib yuborgani va piyoda vafot etgani haqida ma’lumot tarqalgandi. Toshkent shahar IIBB YHXB mazkur xabarni rad etib, holat yuzasidan ma’lumot berdi.

 

Qayd etilishicha, joriy yilning 26-sentabr kuni taxminan soat 11:20 larda Olmazor tumani Beruniy metro bekatida turgan avtobusda yo‘lovchi – 1961 y.t. A.A.ning sog‘lig‘i yomonlashib qolgan.

 

Yo‘lovchiga havo yetmaganligi sababli avtobusdan tashqariga olib chiqilgan va tez-tibbiy yordam chaqirtirilgan. Biroq, yo‘lovchi tez-tibbiy yordam mashinasi kelguniga qadar vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.

9 yoshli qizini sotmoqchi bo‘lgan onaga nisbatan sud hukmi o‘qildi

 

Toshkentda ayol qo‘shnisining 9 yoshli qizini jiyaniga 8700 dollarga sotish haqidagi taklifiga rozi bo‘lgan.

 

«Besh nafar farzandim bor, ularning to‘rttasi voyaga yetmagan. Qo‘shnimning aytishicha, jiyanining bolasi yo‘q va u ko‘pdan beri bundan aziyat chekadi. Avvaliga rad etdim. Lekin u qo‘ng‘iroq qilishda davom etgach, men uning jiyani bilan gaplashishga rozi bo‘ldim. Bu oilamizni saqlab qolishga yordam beradi, deb o‘ylagandim,» – dedi sudlanuvchi.

 

Sud 9 yoshli qizchaning onasini 8 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Biroq jazo 3 yil sinov muddati bilan shartli jazoga almashtirildi. Qo‘shni ayol 3 yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.

Yaponiyada 50 yildan ortiq o‘lim jazosini kutgan shaxs oqlandi

 

88 yoshli yaponiyalik Ivao Xakamada qotillik uchun o‘lim jazosini kutgan holda 56 yil qamoqda o‘tirdi. Sud Xakamadaga nisbatan tergov tomonidan taqdim etilgan dalillar uydirma, degan xulosaga kelib, uni oqladi. Bu dunyodagi har bir kishi qatlni kutish uchun sarflagan eng uzoq vaqtdir.

 

Ivao Xakamada 1968-yilda butun oila a’zolarini o‘ldirganlikda ayblanib, o‘limga hukm qilingan. Xakamadaning ishini qayta ko‘rib chiqish 2014-yilda, sud himoyachining yarim asr oldin ish bo‘yicha ishlagan tergovchilar dalil keltirishi mumkinligi haqidagi gumonlarini inobatga olganidan keyin tayinlangan.

 

Bundan 50 yil muqaddam bu qirg‘in yapon jamiyatini larzaga solgan va jarayonning qayta boshlangani katta noroziliklarga sabab bo‘lgan. Payshanba kuni 500 ga yaqin odam Shizuoka sud binosi oldida xalq uchun ajratilgan o‘rindiqlarni egallash umidida saf tortdi.

 

Ivao Xakamadaning o‘zi tinglovlarda ishtirok etmadi. Sud uni ruhiy salomatligi yomonlashgani uchun har qanday protseduralarda ishtirok etishdan ozod qildi.

 

O‘nlab yillar davomida, asosan, bir kishilik kamerada va doimiy qatl tahdidi ostida qamoqqa olingani uning ruhiyatiga katta zarar yetkazgan. Xakamada ayni vaqtda 91 yoshda.

Ertangi ob-havo ma’lumoti e’lon qilindi

 

“O‘zgidromet” 27-sentabr, juma kuni kutilayotgan ob-havo haqida ma’lumot berdi. Toshkent shahrida havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 metr/sekund tezlikda esadi. Harorat kechasi 13-15 daraja, kunduzi 23-25 daraja bo‘ladi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 metr/sekund tezlikda esadi, baʼzi joylarda 13-18 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin. Harorat kechasi 5-10 daraja, kunduzi 18-23 daraja bo‘ladi.

 

Buxoro va Navoiy viloyatlarida havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 metr/sekund tezlikda esadi, 15-20 metr/sekund gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin. Harorat kechasi 10-15 daraja, kunduzi 20-25 daraja bo‘ladi.

 

Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 metr/sekund tezlikda esadi, 13-18 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin. Harorat kechasi 10-15 daraja, kunduzi 20-25 daraja bo‘ladi.

 

Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan7-12 metr/sekund tezlikda esadi, 13-18 metr/sekund gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin. Harorat kechasi 13-18 daraja, kunduzi 23-28 daraja bo‘ladi.

 

Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida havo biroz bulutli bo‘ladi, baʼzi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Shamol g‘arbdan 7-12 metr/sekund tezlikda esadi. Harorat kechasi 10-15 daraja, kunduzi 20-25 daraja bo‘ladi.

 

Tog‘li hududlarda havo biroz bulutli bo‘ladi, baʼzi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Shamol g‘arbdan 7-12 metr/sekund tezlikda esadi. Harorat kechasi 3-8 daraja iliq, kunduzi 12-17 daraja bo‘ladi.

Isroil Livanda quruqlik operatsiyasini o‘tkazmoqchi

 

Isroil mudofaa kuchlari Livanning “Hizbulloh” guruhiga qarshi quruqlikdagi operatsiyani tayyorlamoqda.

 

Bu haqda kecha, 25-sentabr kuni Bosh shtab rahbari Gerzi Halevi ma’lum qildi. Isroil Bosh shtabi qo‘mondoni, shuningdek, Livandan Tel-Avivga ballistik raketa uchirilganiga juda kuchli javob bo‘lishiga va’da qilgan.

Toshkent shahrining Uchtepa tumaniga yangi hokim tayinlandi

 

Mamajonov Bunyod Baxtiyorovich Uchtepa tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqda Toshkent shahri hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

 

Tayinlovgacha u «Asakabank» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan. Bunyod Mamajanov 1985-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan.

 

Ma’lumoti oliy, 2008-yilda Toshkent moliya institutini magistrlik darajasi bilan tamomlagan.

Hindistondagi toshqin sabab 600 dan ortiq maktab yopildi

 

Hindiston sharqidagi Bixar shtatida Gang daryosi o’z qirg’oqlaridan toshib ketdi. Bu haqda «MIR 24 telekanali» xabar bermoqda.

 

Toshqinga 10 kundan ortiq davom etgan kuchli yomg‘ir sabab bo‘lgan. Sel suvlari butun mintaqa bo‘ylab yuzlab uylarga, chorva mollariga va ekinlarga zarar yetkazgan.

 

Qutqaruv guruhlari suv bosgan yo‘llar bo‘ylab qayiqlarda harakatlanmoqda. 300 dan ortiq jamoat oshxonasi suv toshqini qurbonlariga quruq oziq-ovqat qoplari va polietilen plyonkalar tarqatmoqda. Rasmiylar toshqindan jabr ko‘rgan hududlarda 600 dan ortiq davlat maktablarini yopish va universitet imtihonlarini keyinga qoldirishni buyurgan.

Xorazmdagi maktabda MIB xodimlari bolani nega majburlab olib ketishdi?

 

Ijtimoiy tarmoqlarda byuro xodimlari voyaga yetmagan bolalarni mashinada majburlab olib ketgani haqida video tarqalgandi. Bu haqda MIB axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qildi.

 

Unga ko‘ra, byuroning Shovot tumani bo‘limi ish yurituvidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan qarzdorlar B.Abdullayev hamda S.Egamovalardan undiruvchi G.Ibraximovaning tarbiyasiga ikki nafar farzandini olib berish belgilangan.

 

9-sentabr kuni qarzdor S.Egamovaga ijro hujjati mazmuni o‘qib eshittirilganda qarzdor ijro hujjati ijrosini o‘z ixtiyori bilan ta’minlashdan bosh tortgan.

 

Shundan so‘ng undiruvchi G.Ibraximova, qarzdor S.Egamova, tuman IIB xodimi, xolislar ishtirokida Shovot tumanidagi 34-sonli maktabga borilib, mazkur maktab direktoriga sud ijro hujjati o‘qib eshittirilgan. Undiruvchining ikki nafar farzandi majburiy tartibda uning tarbiyasiga sog‘-salomat olib berilishi ta’minlangan va bu haqda tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

 

Hozirda farzandlar onasi bilan birga ekanligi va maktabda ta’lim olishni davom ettirayotgani qayd etilgan.