1 mln dollarlik giyohvandlik vositalari ishlab chiqargan shaxs qamoqqa olindi

 

Toshkent shahrida bir nechta manzilda joylashgan giyohvandlik moddalari laboratoriyasidan foydalanib, sintetik giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro ushlandi.

 

Holat IIV va DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida aniqlangan. Fuqaroning Toshkent viloyatida joylashgan xonadoni ko‘zdan kechirilganida sintetik giyohvandlik vositalari, turli xil konteynerlar, qo‘lqoplar, tarozi, gazga qarshi niqoblar borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.

 

Shu kuni birinchi laboratoriyadan 4,8 kilogramm, ikkinchi xonadondan 9,9 kilogramm, jami 14 kilogramm 795 gramm umumiy narxi taxminan 1 million dollarga teng sintetik giyohvandlik vositasi aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

 

Ashyoviy dalillar Toshkent shahar IIBB Ekspert-kriminalistika markazi tomonidan ekspertizadan o‘tkazilgan. Markaz xulosasiga ko‘ra olingan moddalarning barchasi sintetik giyohvandlik moddalar ekani tasdig‘ini topgan.

 

Holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Gumon qilinuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi tanlangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

O‘zbekistonning Jahon chempionatiga chiqish imkoniyati keskin oshdi

 

«We Global Football» nashri 4-tur o‘yinlaridan so‘ng Osiyo jamoalarining 3-saralash bosqichi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri JCH—2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyatlarini qayta hisoblab chiqdi. O‘zbekistonning imkoniyati kechagi g‘alabadan so‘ng 93,1% ga oshdi. 3-turdan so‘ng 82,8% edi. Qatarning mag‘lubiyatdan so‘ng Jahon chempionatiga chiqish imkoniyatlari tushib ketdi.

 

1. Yaponiya — 99.99%

2. Eron — 99.6%

3. Janubiy Koreya — 99.5%

4. O‘zbekiston — 93.1%

5. Avstraliya — 75.1%

6. Iroq — 53.4%

7. Iordaniya — 41.6%

8. Saudiya Arabistoni— 16.7%

9. Bahrayn — 7.9%

10. Ummon — 5.4%

 

Terma jamoalarning 4-bosqichga o‘tish imkoniyati esa quyidagicha baholangan:

1. Qatar — 88.0%

2. BAA — 88.0%

3. Ummon — 79.5%

4. Saudiya Arabistoni — 72.0%

5. Bahrayn — 69.5%

6. Iordaniya — 57.4%

7. Iroq — 45.8%

8. Avstraliya — 24.2%

9. Indoneziya — 21.0%

10. Xitoy — 13.3%

 

Ma’lumot uchun, 4-turda O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z uyida BAA ustidan kichik hisobda g‘alaba qozondi. Eron jamoasi BAAda o‘tgan o‘yinda Qatarni, Qirg‘iziston jamoasi esa Shimoliy Koreyani mag‘lub etdi. O‘zbekiston 5-tur uchrashuvini safarda o‘tkazadi. 14-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan o‘yinda O‘zbekiston Qatar bilan to’qnash keladi.

Bugun muddatidan oldin ovoz berish boshlandi

 

Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ovoz beruvchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Jarayon 23-oktabrgacha davom etadi.

 

Saylov uchastkasida ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish kunlari soat 11:00 dan soat 17:00 gacha muddatidan oldin ovoz berish mumkin.

Prezident Olmaliq kombinatidagi yirik majmua qurilish maydonida bo‘ldi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 oktyabr kuni Olmaliqdagi “Yoshlik-1” koni hamda uning negizida qurilayotgan 3-mis boyitish fabrikasini ko‘zdan kechirdi.

 

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatirangli, nodir va qimmatbaho metallar qazib chiqarishda yetakchi. Mamlakatimiz yalpi sanoat mahsulotining 5 foizi, sanoat mahsulotlari eksportining 6 foizi uning hissasiga to‘g‘ri keladi. Kombinat tizimida 35 mingga yaqin kishi ishlaydi. O‘tgan yili 148 ming tonna mis, 17 tonnadan ziyod oltin, 162 tonna kumush ishlab chiqarilgan. 1 milliard 100 million dollar investisiya o‘zlashtirilib, 662 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.

 

Keyingi yillarda geologik qidiruvlar va investisiyalar miqdori oshgani natijasidaishlab chiqarishning yangi imkoniyatlari topilmoqda. Shulardan biri – “Yoshlik-1” koni. Bu yerda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 martdagi qaroriga muvofiq istiqbolli investisiyaviy loyiha amalga oshirilmoqda. Kon hududi 11 ming gektar. Zaxirasi hamsalmoqli – yiliga 65 million tonna ma’dan.Bu konda oltin, mis, kumush, molibden, selen kabi 13 turdagi qimmatli va nodir metallar bor. Davlatimiz rahbari mazkur konda bo‘lib, qazish ishlarini ko‘zdan kechirdi, mutaxassislar bilan muloqot qildi.

 

“Yoshlik-1” koni ma’danlaridan yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi barpo etilmoqda.Uning qurilishiga 2021 yil 29 iyulda tamal toshi qo‘yilgan edi. Bu yirik loyihaning qiymati 4,6 milliard dollar bo‘lib, konni qazish, fabrika va uning infratuzilmasini qurishni o‘z ichiga oladi. Hozirgi kunda 200 million kub metr kon yuzasi ochilgan, 41 kilometr temir yo‘l yotqizilgan, 650 megavattli podstansiya qo‘yilgan. AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Rossiya va boshqa Yevropa davlatlaridan uskunalar keltirilgan.Fabrika va boshqa infratuzilmalar qurilishi jadal ketmoqda.

 

Prezidentimiz bu yerdagi ulkan bunyodkorlik ishlari bilan atroflicha tanishdi. Bo‘lajak zavodning iqtisodiiy samaradorligi, unda qo‘llaniladigan ilg‘or texnologiyalar, ish jarayonidagi qulayliklar haqida axborot berildi. Mazkur fabrika birinchi bosqichda yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi. Bu orqali yilliga 917 ming tonna mis va 2,5 ming tonna molibden konsentratlari ishlab chiqariladi. 5 ming 600 kishining bandligi ta’minlanadi.

 

Bu yirik loyiha turdosh sanoat tarmoqlarining rivojlanishiga ham turtki berdi. Masalan, fabrika qurilishiga metall konstruksiyalar yetkazib berish uchun 6 ta zavod ishga tushirildi. Muhandislik, dasturiy ta’minot va kasb-hunar ta’limi yangi darajaga chiqmoqda. Yangi turar joylar va xizmatlarga talab paydo bo‘lmoqda. Fabrikada logistika jarayoni ham qulaylashtiriladi. Fabrikaning barcha korpuslari orasida konveyerlar bo‘ladi. Bu yuk ortish va tashishni bartaraf etib, xarajatlarni qisqartiradi.

 

Ikkinchi bosqichda quvvat 160 million tonnaga yetadi yoki bugungi ko‘rsatkichdan 3 barobarga ko‘payadi. Ushbu ikki bosqich amalga oshirilishi natijasida korxona 2028 yilga borib yiliga 400 ming tonna mis, 50 tonna oltin va 270 tonna kumush ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Shu tariqa Olmaliq kombinati tog‘-kon metallurgiyasi sohasida dunyodagi eng yirik sanoat majmualaridan biriga aylanadi. Xalqaro baholash mezonlariga ko‘ra, Olmaliqda misning yalpi zaxirasi 45 million tonnani, oltin zaxirasi esa 5 ming tonnadan ziyodni tashkil etishi aniqlangan. Bu dunyo miqyosida ham eng yirik va noyob ko‘rsatkichlardir.

 

Yana bir muhim tomoni, bugun dunyoda “yashil iqtisodiyot”, elektr texnikasi, elektromobillar sanoati jadal rivojlanmoqda. Buning natijasida 2030 yilga borib mis mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj 40 foizga ortishi kutilmoqda. Ya’ni, Olmaliq kombinati mahsulotlariga uzoq yillar davomida xalqaro darajada bo‘ladi. Kelgusida kombinat ishlab chiqaradigan mahsulotlar hajmi 3 martadan ziyod ko‘payib, uning qiymati qariyb 8 milliard dollarga yetadi. 11 mingta yangi, yuqori texnologik ish o‘rinlari yaratiladi.

 

Davlatimiz rahbari “Enter Steel” mexanika ta’mirlash korxonasi ustaxonalarida ham bo‘lib, yangi uskunalar va ish jarayoni bilan tanishdi.

Prezident Olmaliqdagi muhandislar tayyorlash maktabiga tashrif buyurdi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 oktyabr kuni Toshkent viloyatining Olmaliq shahriga tashrif buyurdi. Bu shaharning asosi va drayveri – Olmaliq kon-metallurgiya kombinati. Iqtisodiyot, ish o‘rinlari, uy-joylar, madaniyat va ta’lim maskanlari ushbu majmua negizida shakllangan.

 

Bugun izchil o‘sish, zamon bilan ildamlash kerak. Davlatimiz rahbari har bir sohani ilmga asoslanib rivojlantirish talabini qo‘yadi. Olmaliqda ham kadrlar tayyorlash shu yo‘sinda yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, shaharda Toshkent davlat texnika universitetining hamda Moskva po‘lat va qotishmalar instituti filiallari ochilgan. Yaqinda bularga qo‘shimcha Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Muhandislik maktabi tashkil etildi.

 

Prezident avvalo mazkur maktab faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda Germaniya tajribasi asosida yiliga 480 nafar muhandis tayyorlanadi hamda ming nafar xodimning malakasi oshiriladi. Dars jarayonlari yo‘nalish va mavzulardan kelib chiqib, xorijlik professor-o‘qituvchilar ishtirokida olib boriladi.

 

O‘quv dasturi Germaniyaning Frayberg konchilik akademiyasi, “GP Günter Papenburg AG” va “Aurubis AG” kompaniyalarining ilg‘or ta’lim metodologiyalari asosida ishlab chiqilgan. Maktab shunga muvofiq, mexanika, metallurgiya, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, foydali qazilmalarni boyitish, energetika yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy o‘quv-amaliyot uskunalari bilan jihozlangan. Davlatimiz rahbari mazkur xonalarda bo‘lib, ish o‘rganayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.

 

– Zamon o‘zgarayapti, har bir sohaga innovatsiyalar kirib kelayapti. Shunga munosib malakali kadr bo‘lish uchun doim o‘z ustingizda ishlashingiz kerak. Kombinat taqdiri raqamlashtirishda. Har bir bo‘limni, ishlab chiqarishning har bir bosqichini raqamlashtirish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasi qurilmoqda. Kelgusida unda ishlaydigan mutaxassislar hozirdan tayyorlanmoqda. Qisqa vaqtda bu yerda 100 dan ortiq yoshlar o‘qib, tarmoq korxonalariga ishga joylashgan.

 

Prezidentimiz maktabning samaradorligini yanada oshirish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun o‘quvlar muntazam tashkil etilishi, eng muhimi, amaliyot bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi kerak.

 

Shu yil 20 iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda birinchi bosqichda 10 ta oliy muhandislik maktabi tashkil etilishi belgilangandi.

 

Bugungi kunda shunday maktablar tashkil etilmoqda. “Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjirini mustahkamlash maqsadida har birining sanoat hamkori belgilanadi. Muhandislik maktablari oliy ta’lim muassasalari tarkibida yetakchi yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etiladi. Ularda matematika, fizika, kimyo, muhandislik grafikasi, informatika va xorijiy tillar bo‘yicha chuqur bilim beriladi. Bakalavriat va magistratura 4+1 shaklida yo‘lga qo‘yiladi. Talabalar 2-kursdan ixtisosliklar bo‘yicha saralab olinib, sanoat hamkorlari uchun maqsadli kadrlar tayyorlanadi.

 

Mazkur maktablarning professor-o‘qituvchilari “El-yurt umidi” jamg‘armasi, tegishli hamkor va universitet mablag‘lari hisobidan yetakchi xorijiy muassasalarga malaka oshirishga yuboriladi. Sanoat hamkorlari soha taraqqiyotidan kelib chiqib, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etadi.

Mashina olib qochgan shaxslar 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

 

Toshkent shahri Yashnobod tumanida avtoturargohda turgan Damas`ni olib qochgan yigitlar 7 yilda ozodlikdan mahrum qilindi. Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, holat 2023-yil 12-dekabr kuni tumanning Tarnovboshi mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Ular dastlab fuqaro M.T.ga tegishli bo‘lgan Damas`ni olib qochgan.

 

Ammo u yo‘lda o‘chib qolgach, yigitlar boshqa Damas`ga o‘tirib, uni ham haydab ketgan. Huquqbuzarlar o‘g‘irlangan mashinada ketayotganda ularni yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi ularni Jinoyat kodeksining 267-moddasi (Transport vositasini olib qochish) bilan aybli deb topdi. Mazkur kodeksning 57-moddasini qo‘llangan holda, yigitlar 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyuradi

 

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurib, sanoat tarmoqlari uchun muhandislarni tayyorlash maktabi hamda «Yoshlik-1» konini o‘zlashtirish ishlari bilan tanishadi, mis boyitish bo‘yicha yangi quvvatlar qurilishiga start beradi.

 

Shuningdek, Prezident raisligida Toshkent viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

FVV aholiga murojaat bilan chiqdi

 

Kunlar sovishi munosabati bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi isitish pechlaridan foydalanishda texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilishga chaqirdi.

 

Quyidagi tavsiyalarga amal qiling:

— isitish pechlari va ularning dudburonlari sozligiga, turli buyum va to‘siqlar bilan berkitilmasligi hamda yoriqlar bo‘lmasligiga alohida e’tibor bering;

— gaz uskunalarini ulash tartib qoidalariga rioya qiling va ularga rezina shlanglar orqali ulanishga yo‘l qo‘ymang;

— maxsus tashkilotlar tomonidan dudburonlarning o‘z vaqtida tozalanishiga e’tibor qarating.

«Tolibon» Termizdagi bozorda musiqa qo‘ymaslikni talab qilmoqda

 

«Tolibon» O‘zbekiston rasmiylaridan Termizdagi umumiy chegara bozorida konsert va musiqiy dasturlarni bekor qilishni so‘radi. Agar bu talab bajarilmasa, Afg‘oniston fuqarolariga ushbu bozorga kirishga taqiqlanishi mumkin.

 

Termizdagi chegara bozoriga tashrif buyuruvchilar uchun musiqiy dasturlari va konsertlar tashkil etilgan. Kechalari o‘zbek san’atkorlari tomonidan konsertlar o‘tkaziladi.

 

O‘zbekiston hukumati vaziyat yuzasidan qabul qiladigan qarori ikki tomonlama munosabatlarga yoki ijobiy, yo salbiy ta’sir qilishi mumkin. Avgust oyida Termiz xalqaro savdo markazi ochilgan bo‘lib, «Tolibon» va O‘zbekiston o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, afg‘onistonliklar ushbu bozorda vizasiz 15 kun davomida qolish imkoniyatiga ega.

O‘FA futbol muxlislarini ogohlantirdi

 

15-oktabr kuni Jahon chempionati saralash turniri doirasida O‘zbekiston va BAA terma jamoalari o‘rtasida muhim o‘yin bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston futbol assosiatsiyasi muxlislarni chiptalarni noqonuniy sotib olish va qalbakilashtirish holatlari haqida ogohlantirdi.

 

Qayd etilishicha, avvalgi o‘yinlarda ko‘plab muxlislar qalbaki chiptalar sotib olib, stadionga kirishda muammolarga duch kelgan. Bu futbol muxlislari uchun noqulayliklar yaratgan va o‘yindan yoqimsiz taassurotlar qoldirgan.

 

O‘FA bunday holatlarning takrorlanmasligi uchun choralar ko‘rilishi va qalbaki chiptalarga qarshi kurash olib borilishini ma’lum qildi. Chiptalarni qalbakilashtirishga qo‘l urgan shaxslarga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi.

 

O‘FA muxlislarga faqat rasmiy manbalarda chipta sotib olishni tavsiya qilib, qalbaki chiptalar bilan stadionga kirish imkoni yo‘qligini yana bir bor eslatib o‘tgan.