Yangilanmaydigan qonun bo‘lmaydi

Insonga turli huquqlar berilgan. Ular orasida eng bebahosi va tortib olinishi mumkin bo‘lmagani bu yashash huquqidir. Shuning barobarida moddiy va ma’naviy ta’minot, o‘qish, bilim olish, kasb-hunar egallash, shaxs sifatida kamolga yetish hamda orzu-maqsadlar sari odimlash kabi hayotiy ehtiyojlar ham huquqlar sirasiga kiradi.

Qonunlar va qonunosti hujjatlar Konstitutsiyamizda aks ettirilgan huquq va majburiyatlar ijrosini ta’minlash, javobgarlikni belgilash, kezi kelganda, jazo yoki mukofot tayinlashga xizmat qiladi. Parlament palatalari milliy qonunchilikdagi aholi hayotiga daxldor bo‘lgan eng kichik tahririy o‘zgarishdan tortib, yirik kodeksgacha barcha masalani muhokama qiladi, fikr bildiradi, e’tirozini aytadi. Hafta boshida bo‘lib o‘tgan fraksiyalar yig‘ilishlari hamda quyi palata majlisida ayni jihatlar kuzatildi.

 

Jarimalar o‘zgarmaydi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida qator qonunlar birinchi va ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Ana shulardan biri sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish hamda ijro ishi yuritish samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan qonun loyihasi bo‘ldi.

Ikkinchi o‘qishda muhokama qilingan qonunga ko‘ra, fuqarolardan qarzdorligi uchun undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan eng kam kafolatlangan daromadni o‘rnatish nazarda tutilgan. Shu bilan birga, davlat ijrochilari tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq majburiy ijro harakatlarini amalga oshirishda mobil videokuzatuv vositalaridan foydalanishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qayd etildiki, ikkinchi o‘qishda deputatlarning takliflari inobatga olindi. Bu, ayniqsa, javobgarlik belgilashdagi jarimalar miqdori bilan bog‘liq me’yorlarda aks etgan. Xususan, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun belgilanayotgan jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha qilib o‘zgartirilgan. Birinchi o‘qishda bu bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha etib ko‘rsatilgan edi. Shuningdek, jarimalar miqdorini kamaytirishga oid va fuqarolar huquqlari bilan bog‘liq qator takliflar ikkinchi o‘qishda inobatga olingan.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolarining fikricha, kiritilayotgan me’yorlar sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda inson omilining kamayishiga, majburiy ijro etish tizimini yanada takomillashtirishga, odil sudlov samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shundan kelib chiqib, loyiha ikkinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatlandi.

 

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun huquqiy mexanizm yetarlimi?

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bugunning eng muhim vazifalaridan biridir. Nufuzli xalqaro tashkilotlar ham mazkur masalaga alohida e’tibor bilan yondashishi uning naqadar dolzarb ahamiyat kasb etishini ifodalaydi. Mutaxassislar esa oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va ularni taqsimlash bo‘yicha yondashuvni mutlaqo o‘zgartirish vaqti kelganini ta’kidlamoqda. Zero, ideal holatda qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaliklari barchani oziq-ovqat bilan to‘liq ta’minlash, risoladagidek daromad manbaini yaratib berishga qodir. Shu bilan birga, bunday holatda inson manfaatlari yo‘lida ham qishloq xo‘jaligi rivojlanadi, ham atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ijrosi ta’minlanadi.

Amaldagi “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun 1997 yil 30 avgustda qabul qilingan. Biroq mazkur hujjat oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashdagi zamonaviy talablarga, JSTning sanitariya-fitosanitariya choralarini (SFS choralari) qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuvi tamoyillariga va boshqa qator standartlarga javob bermaydi.

Vaholonki, oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligini butun oziq-ovqat zanjirida “daladan dasturxongacha” yondashuviga asoslangan prinsip asosida ta’minlash talab etiladi. Sohaning real rivojlanish holatini va mavjud ilmiy salohiyatni hisobga olgan holda, uning xavfsizligini boshqarishning integrallashgan va samarali tizimini joriy etish zarur. Rivojlangan davlatlar tajribasi esa qonunni qayta ko‘rib chiqishni taqozo etadi. Demak, qonunchiligimizda ham bu borada yaxlit hujjatga ehtiyoj mavjud. Shundan kelib chiqib tayyorlangan qonun loyihasi quyi pala ta majlisida muhokama qilindi.

Avvalroq XDP fraksiyasi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan deputatlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan edi. Xususan, Dilbar Mamadjanova amaldagi qonun normalarining aksariyatida oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligini ta’minlashda qo‘llaniladigan xalqaro prinsiplar, standartlar va amaliyotlar aks ettirilmaganiga e’tibor qaratdi. Bundan tashqari, vakolatli davlat organlarining vazifalarini aniq belgilash borasida qonunning huquqiy mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish kerakligi ta’kidlandi.

Fraksiya a’zosi Zokirjon Zohidov bugungi kunda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarayotgan tadbirkorlarning qonunga, xususan, Alimentarius kodeksi standartlariga rioya qilishi uchun qanday nazorat mexanizmi borligi bilan qiziqdi. Ularning faoliyatini o‘rganish va tahlil olib borish uchun tegishli tashkilotlar yoki deputatlarga huquqiy asos kera k. Amaldagi tartibga ko‘ra, hududlarda maxsus komissiya bor va uning roziligi asosida bir yilda faqat bir marta ishchi guruhi bilan birga tadbirkorlik sub’yektlarini monitoring qilish mumkin. Vaholanki, oziq-ovqat mahsulotlari har kuni ishlab chiqariladi.

Deputat bu juda murakkab jarayon bo‘lib, xorijiy tajribada oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalarda davlat tomonidan qo‘yilgan nazorat organlari borligini ta’kidladi. O‘zbekistonda mazkur masala qay tartibda amalga oshirilishi xususidagi savol bilan murojaat qildi.

Tashabbuskorlarga ko‘ra, hozirda Biznes – ombudsman bilan kelishgan holda tekshirish tizimi mavjud. Qonun loyihasi bilan esa tadbirkorlik sub’ektlarini yagona reyestrga kiritish rejalashtirilgan. Shundan keyin uni me’yorlarga muvofiq tekshirish imkoniyati yuzaga keladi.

Bundan tashqari, Alimentarius kodeksi standartlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha sanitariya qoidalari me’yorlari ishlab chiqilmoqda. Bugungi kunda 6 ta asosiy gorizontal yo‘nalishlar tayyorlangan va bu boradagi ishlar davom ettiriladi.

Fraksiya a’zolari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi Sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash bo‘yicha bitimni qabul qilishni talab etishini ta’kidladi. Buning uchun bildirilgan takliflar inobatga olinishi, qonun loyihasidagi me’yorlarni kuchaytirish choralari ko‘rilishi zarurligiga urg‘u berildi.

Umuman olganda, qonun qabul qilinishi aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan amaldagi qonunchilik bazasini to‘ldiradi. Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsuloti iste’moli bilan bog‘liq kasallanishlarni kamaytiradi va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Muhokama va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasining konsepsiyasi ma’qullandi.

 

«O‘zbekiston ovozi», 5.3.2025, №9

 

Ayol baxti – oila va jamiyat baxti

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni

Aytadilarki, Yer yuzida agar birgina ayol qolsa ham, demak, hayot bor, mehr-muhabbat bor… Yaratganning mo‘jizasi sanalmish ayol qalbi eng muazzam tuyg‘ularga beshik bo‘lib, uning chehrasida nafosatni, yorug‘ olamga zeb berib turgan nazokatni ko‘ramiz. Vujudida insoniyat kelajagini ulg‘aytiradigan bu tilsimot fidoyilik, sadoqat timsoli hamdir. U millatning buyuk tarbiyachisi, davlat va jamiyatni rivojlantirishning muhim ishtirokchisi ekaniga, necha ming yildirki, bani bashar guvoh bo‘lib kelmoqda.

Bugun dunyo oldindan aytib bo‘lmaydigan darajada shiddat bilan o‘zgaryapti. Qarashlar, tutumlar, yondashuvlar, hattoki ba’zi jamiyatlarda umuminsoniy qadriyatlar ham tamomila yangicha mazmun-mohiyatga ega bo‘lib bormoqda. Ammo bir haqiqat aniq: jamiyatning madaniy darajasi, undagi ijtimoiy tenglik va adolat aynan xotin-qizlarga bo‘lgan munosabat bilan belgilanishiga oid ulug‘ mezon global doirada hamon qiymati hamda ahamiyatini zarra qadar yo‘qotgani yo‘q.

Ilm-fan va texnika eng yuqori cho‘qqiga chiqayotgan, inson zakosi ila aql bovar qilmas kashfiyotlar turmush tarzimizga kirib kelayotgan yangi zamonda SHAXS tarbiyasi o‘z taqdiri haqida qayg‘urayotgan xalq va millat uchun hayot-mamot masalasiga aylangani ham bor gap. Bu vazifani uddalash esa, so‘zsiz, ayollar aqlu zakovati, salohiyati, ma’rifati va fidoyiligiga bog‘liqligini ortiqcha ta’rif etish na hojat.

– Qanday qonun va qarorlarni qabul qilmaylik, qanday islohotlarni hayotga joriy etmaylik, davlat rahbari sifatida mening ko‘z o‘ngimda avvalo munis onalarimiz, mehribon opa-singillarimiz siymosi, ularning dardu tashvishlari turadi. Siz, azizlarimning oila davrasida tinch-omon, sog‘-salomat, farovon va baxtli turmush kechirishingiz, jamiyat hayotida faol ishtirok etishingiz uchun xizmat qilishni men o‘zim uchun nafaqat asosiy vazifa, balki sharafli burch, deb bilaman. Chunki oila tayanchi, jamiyat ustuni bo‘lgan onalarimiz, ayollarimiz hayotdan rozi bo‘lsa, butun xalqimiz hayotdan rozi bo‘ladi, – degan edi Prezidentimiz.

Samimiyatga yo‘g‘rilgan mazkur so‘zlar zamirida ayolni ulug‘lashdek olijanoblikni ko‘ramiz. Qolaversa, bugun yurtimizda xotin-qizlarga oid davlat siyosati yuqori bosqichga o‘z-o‘zidan chiqmayotgani, buning ortida mana shunday yuksak e’tibor, g‘amxo‘rlik, azmu shijoat turganini yana bir karra his qilamiz.

 

Yangi odimlar, xalqaro e’tiroflar

Yangi O‘zbekistonning xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash borasidagi dadil odimlari xalqaro darajada e’tirof etilmoqda. Jahon banki indeksida mamlakatimiz gender tenglikka erishish yo‘lida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta davlat qatoriga kiritilgani bunga misoldir.

Ochiq gender ma’lumotlar indeksida O‘zbekiston eng yaxshi 20 davlat qatorida qayd etildi. Parlamentlararo ittifoq tomonidan yuritiladigan “Parlamentdagi ayollar” reytingida esa mamlakatimiz 193 davlat orasida 36-o‘ringa ko‘tarildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan xotin-qizlar uchun jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida teng huquq hamda imkoniyatni kafolatlashga doir konstitutsiyaviy tamoyil amaliyotga tizimli joriy qilinayotgani jahon jamoatchiligi diqqatini tortmoqda. Bu borada huquqiy va institutsional asoslar tubdan takomillashtirilayotgani esa ayni muddao.

Yangi O‘zbekiston xotin-qizlarni har qanday kamsitish va tahqirlashlardan himoya qiladigan barcha asosiy xalqaro hujjatlarga qo‘shildi. «Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Jeneva konvensiyasi, «Xotin-qizlarning siyosiy huquqlari to‘g‘risida»gi hamda «Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida»gi Nyu-York konvensiyalari, Pekin harakatlar platformasi kabi xalqaro hujjatlar shular jumlasidan. Bundan tashqari, «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida», «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida», «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilindi. Ayollarni qo‘llab-quvvatlash masalalarida davlat rahbarining bevosita tashabbusi bilan o‘nlab farmon va qarorlar hamda hukumat qarorlari ijroga yo‘naltirildi.

Bir so‘z bilan aytganda, jamiyatda va oilada ayol qadrini yuksaltirish, bu jabhada samarali davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish maqsadida yuzga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar amaliyotga kiritilgani keng qamrovli islohotlarga turtki bermoqda.

 

Stereotiplar o‘zgarmoqda…

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili may oyida ko‘hna Samarqand shahrida yirik anjuman – Osiyo xotin-qizlar forumi bo‘lib o‘tgan edi. O‘ttizdan ortiq davlatlardan nufuzli mehmonlar tashrif buyurgan bu forumda O‘zbekistonning, ta’bir joiz bo‘lsa, dadillik bilan olib borayotgan gender siyosati samaradorligi aniq raqamlar asosida ko‘rsatildi.

Keltirilganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 2017 yildagi 27 foizdan 35 foizga yetgan. Oxirgi besh yil ichida O‘zbekistonda ishbilarmon ayollar safi kengayib, xotin-qizlarning tadbirkorlik sohasidagi ulushi 45 foizga yetdi.

Cog‘liqni saqlashda band bo‘lgan aholi o‘rtasida xotin-qizlar ulushi 77, ta’limda 74, iqtisodiyot va sanoat sohasida 46 foizga yetgan. Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan qizlar soni olti barobarga ko‘paygan.

Ayollarning parlamentga kelishi esa hamma davlatda va hamma davrda ijtimoiy-siyosiy fenomen sifatida juda katta rezonans bergan.

Ma’lumki, o‘tgan yil oktabr oyidagi parlament saylovlari natijasida Qonunchilik palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilanib, 87 nafar yangi deputat saylandi. Ularning 38 foizini yoki 57 nafarini ayollar tashkil etgani – mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Shuningdek, yangi Senat a’zolarining qariyb 27 foizi yoki 16 nafari, mahalliy Kengashlarga yangi saylangan deputatlarning 32,6 foizi xotin-qizlardan iborat.

Natijada Milliy parlamentlar bo‘yicha xalqaro reytingi (IPU Parline)da parlamentdagi xotin-qizlar salmog‘i bo‘yicha O‘zbekiston dunyodagi 193 ta davlatlar o‘rtasida 49-o‘rindan 34-o‘ringa ko‘tarildi.

Bularning bari nimadan dalolat? Tabiiyki, xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikka erishish, ayollarning faqat oilada emas, balki jamiyatda ham mavqeini yuksaltirish, barcha jabhada o‘z salohiyati va layoqatini namoyon etishiga imkoniyat yaratish yo‘lidagi tizimli ishlar mahsulidir.

Shaxsan meni eng mamnun qilayotgan jihat nima, bilasizmi? Odamlarimiz ongu shuurida uzoq yillar turg‘un bo‘lib kelgan “Ayolning o‘rni – oilada. Uning vazifasi qozon-tovoq, farzand tarbiyalash” qabilidagi stereotiplar o‘zgarib borayotir. Ayol atalmish xilqat onalik, bekalik missiyalarini bajarishi barobarida liderlik qobiliyatini, siyosiy irodasi va shijoatini namoyon eta olishiga, qat’iyat va faolligiga jamiyatimizda ishonch uyg‘onmoqda. Bu O‘zbekistonning gender siyosatida katta qadam, desak yanglishmaymiz.

 

Ta’lim va bandlik uzviy bo‘lmog‘i uchun

Ma’rifatli xotin-qizlar kelajak bunyodkorlari hisoblanadi. Yuqoridagi fikrimizning davomi sifatida aytish mumkinki, ayollarni ilmli qilish, salohiyati va iqtidorini namoyon etishiga ko‘maklashish oila uchun ham, jamiyat uchun ham hayotiy zarurat ekanini odamlarimiz asta-sekin tushunib yetmoqdalar. Ko‘zining qorachig‘i, jonidan aziz qizi oliy o‘quv yurtiga kirishi uchun madad bo‘layotgan otalar, rafiqasiga qiziqqan sohada bilim va tajriba oshirishi uchun sharoit yaratib berayotgan oila beklari safi bugun oz emas. O‘z navbatida davlatimiz tomonidan xotin-qizlarning ilm olishga bo‘lgan rag‘batini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar sur’ati va ko‘lami ham oshib bormoqda.

Xususan, 2020-2024 yillarda 8 ming 653 nafar ehtiyojmand xotin-qizlar oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi. 5 yillik mehnat staji bor, lekin oliy ma’lumotli bo‘lmagan 1 ming 256 nafar qizlarimiz, singillarimiz OTMda to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish imkoniga ega bo‘ldi. 2021 yildan 2024 yilga qadar 6 ming nafarga yaqin ehtiyojmand ayollar va boquvchisini yo‘qotgan qizlarning kontrakt to‘lovi qoplab berildi. Davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini ham davlat zimmasiga oldi. 181 ming 500 nafardan ziyod talaba qizlarimizga foizsiz ta’lim kreditlari ajratildi. Hozirga kelib yurtimiz OTMda tahsil olayotgan 1 mln 479 ming 384 nafar talabaning 52,2 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani kishini quvontiradi, albatta. Vaholanki, bu ko‘rsatkich 2017 yilda 39 foiz bo‘lgan, xolos.

2022/2024 o‘quv yilida oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalarning STEAM ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rsatkichi tahlil qilinganda, fizika yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalarning 64 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, matematika (60 foiz), xizmat ko‘rsatish (34 foiz), qishloq xo‘jaligi (36 foiz), ishlab chiqarish va ishlov berish (32 foiz) kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham bu borada o‘sish kuzatilgan. Bu singillarimizda, qizlarimizda amaliy va aniq fanlarga bo‘lgan qiziqish ortayotganini, pirovardida xalqaro mehnat bozoriga raqobatdosh kadrlar sifatida kirib borayotganini ko‘rsatadi.

Ta’lim bilan bir qatorda bandlik sohasida ham xotin-qizlarning uzviy huquqini ta’minlash eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ayni yo‘nalishda e’tirofga arzirli natijalar qo‘lga kiritilayotganini qayd etish joiz. Chunonchi, o‘tgan yilning o‘zida 889 ming nafar xotin-qizlarning bandligiga ko‘maklashildi. 289 ming 419 nafar ayollarimiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitildi. 543 ming 504 nafar tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, o‘zini o‘zi band qilish istagida bo‘lgan singillarimizga 240 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi. 520 dan ortiq mahallada xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari ochildi.

Ta’kidlash o‘rinliki, qo‘mitamiz Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “Xotin-qizlar bandligini ta’minlash” yagona avtomatlashtirilgan monitoring axborot platformasini ishga tushirdi va tegishli tizimlar bilan integratsiya qilindi.

Bundan tashqari, ishbilarmon hamda tadbirkorlik qilish istagidagi ayollarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublikaning barcha hududlarida jami 3,5 mingga yaqin xotin-qizlar bilan uchrashuv-muloqotlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar davomida ularni qiynab kelayotgan muammolar aniqlandi. Muammolar faqat o‘rganilib qolmay, balki amaliy yechimlariga kirishildi. Shu tariqa 1 ming 646 nafar xotin-qiz tadbirkorlik loyihalari uchun kredit, 610 nafari subsidiya mablag‘larini olishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada 2 ming 480 ta ish o‘rni yaratildi.

Darvoqe, joriy yilda yana 635 ming 366 nafar ishga talabgor ayollarimizni o‘qitish va bandligini ta’minlash vazifasi oldimizda turibdi. Buning uchun bor kuch va sa’y-harakatlarimizni safarbar qilmoqdamiz. Toki, jamiyatimizda bugungi kuniga befarq, ertangi kuniga esa umidsiz boqadigan, o‘z salohiyatiga ishonmaydigan birorta ham ayol qolmasin.

 

Onalar salomatligi – millat salomatligi

Millat genofondini asrash, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish birinchi galda xotin-qizlar salomatligi muhofazasini kuchaytirishni taqozo etadi. Shu nuqtai nazardan mamlakatimizda ayollar sog‘lig‘ini mustahkamlash, reproduktiv ko‘rsatkichlarni monitoring qilish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish ishlari qadamba-qadam takomillashtirilmoqda.

Xususan, farzand ko‘rish yoshidagi ayollar uchun “Tibbiy ko‘mak berilishi lozim bo‘lgan xotin-qizlar bilan ishlash tartibi” ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, o‘tgan yili 99 ming 976 nafar xotin-qizlarga tibbiy maslahatlar berildi.

“Sog‘lom oila – kelajak poydevori”, “Erta va yaqin qarindoshlar nikohiga qarshi birga kurashamiz” risolalari, “Reproduktiv salomatlik tamoyillari” mavzusida tibbiy axborot materiallari ishlab chiqilib, 9 ming 452 ta mahalladagi xotin-qizlar faollariga yetkazildi.

Yana bir masala. Olib borilgan o‘rganish natijalari oilada farzand ko‘rishni ixtiyoriy rejalashtirish bo‘yicha bilim va tushuncha aholi o‘rtasida yetarli darajada shakllanmaganini ko‘rsatmoqda. Bundan kelib chiqqan holda Vazirlar Mahkamasi ishchi guruhi tomonidan farzand ko‘rish bo‘yicha mustaqil va ongli ravishda qaror qabul qilishda oilaning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatini inobatga olishga qaratilgan “Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur loyiha asosida ta’lim muassasalari, tashkilot, idoralar hamda tadbirkorlik subyektlari uchun o‘quv dasturlari joriy etiladi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida «Mas’uliyatli ota-onalik» mobil ilovasi yaratiladi.

Intiqlik bilan kutilgan farzandning sog‘lom tug‘ilishi oila uchun chinakam quvonch. Lekin, bordi-yu farzand jismonan yoxud aqlan zaif bo‘lsa, ko‘pincha buning jabrini ona tortadi. Kuzatishlar ko‘rsatadiki, oilada nosog‘lom va nogironligi bor farzand dunyoga kelsa, aksar hollarda otalar bu sinov qarshisida turishni istamay, ajrashishni ixtiyor qiladi. Bunday farzandni ming uqubat bilan parvarishlash esa ona gardaniga tushadi.

Mana shunday noxush va og‘riqli holatlarning oldini olish, boshqacha aytganda, ayollarimizni bu kabi ayanchli taqdir bilan ro‘baro‘ qilmaslik uchun ham “Mas’uliyatli ota-onalik” singari loyihalar juda muhim.

 

Ezgulik mezoni

Og‘ir ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan “Ayollar daftari”, eng avvalo, yordamga muhtoj opa-singillarimizga ko‘mak berish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni uzil-kesil hal etishda muhim omil bo‘lmoqda.

Jumladan, o‘tgan yili “Ayollar daftari”ga kiritilgan 1 mln 265 nafar ayolning 995 ming 239 nafariga tegishli yordamlar ko‘rsatildi: 548 ming 857 nafari ishli bo‘ldi, 35 ming 968 nafariga esa tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun imtiyozli kreditlar ajratildi. Shu bilan birga 160 ming 893 nafar boquvchisi yo‘q, nogironligi bo‘lgan va nogiron farzandlari bor ayollarga moddiy yordamlar berildi.

5 ming 891 nafar uy-joyga muhtoj xotin-qizlarning 432 nafari muqim boshpana bilan ta’minlandi, 5 ming 459 nafariga ijara kompensatsiyasi to‘lab berildi.

Guvohi bo‘lyapmizki, xotin-qizlarning ijtimoiy, iqtisodiy huquqlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan bunday amaliy ishlar yuzlab, minglab ayollarimizga qaddini tiklab, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, farzandlarini munosib sharoitda tarbiyalab, voyaga yetkazishlari uchun imkon bermoqda.

Gap xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish haqida ketarkan, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish masalasida ham sezilarli o‘zgarishlarga erishilayotganini tilga olmaslikning iloji yo‘q.

Jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonliklarning oldini olish, bu illatga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish maqsadida 2024 yilning o‘zida ikkita qonun va Prezidentning tegishli qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatlarga muvofiq ayollarning va bolalarning oilada hamda jamiyatda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid tashkiliy-huquqiy mexanizmlar yanada mustahkamlandi.

Asosiysi, “Ayolni e’zozlash – ezgulik va ad olat mezoni” degan g‘oyani hayotga tatbiq etish maqsadida xotin-qizlarni himoya qilish, ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

 

***

Taqvim bo‘yicha bahorning ilk kunlaridamiz. Biroq qish hamon navbahorga o‘rnini bo‘shatgisi kelmayotir. Bahoriy ayyom – Xalqaro xotin-qizlar kuni ham tobora yaqinlashmoqda.

Yurtimizda bu ayyom umumxalq bayrami sifatida sharqona urf-odatlar, xalqimizning milliy qadriyat va an’analari asosida nishonlanadi.

Shunisi aniqki, xotin-qizlarga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatish faqat bu bayramda emas, balki yil bo‘yi davom etadi. Bu sohadagi jarayonni sarhisob etarkanmiz, erishilayotgan yutuqlar, muammolar yechimi sari qat’iy harakat jamiyatimizda har bir ayol baxt hissini tuyib yashashi uchun xizmat qilayotganini anglaymiz. Zero, ayol baxti – oila saodati, jamiyat ko‘rkidir.

 

Zulayho MAHKAMOVA,

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari –

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi.

«O‘zbekiston ovozi», 5.3.2025, 9

 

Qonunlar qayerda «dunyoga keladi»?

Bu savolga birgina jumla bilan, ya’ni, parlamentda, deb javob berish mumkin. Ammo qanday «tug‘ilishi» haqida so‘ralsa, bir necha bosqichli, murakkab jarayon ko‘z oldimizda gavdalanadi.

Bilamizki, har bir tizim ma’lum bir mexanizm asosida, belgilangan tartib-qoidalarga rioya etish orqali o‘z faoliyatini olib boradi. Ta’kidlash kerakki, Oliy Majlis palatalari ham ayni shu mezonlarga bo‘ysunadi. Ya’ni, Qonunchilik palatasi qonunlarni bir necha bosqichda ko‘rib chiqadi, Senat esa ularni tasdiqlaydi. Quyi palata qo‘mitalarida, fraksiyalarda mutaxassislar, ekspertlar bilan birgalikda bizga ko‘rinmagan uzoq yo‘lni «bosib o‘tgan» qonun loyihalari palata majlisiga kiritiladi.

Kecha Qonunchilik palatasi majlisida ham ana shunday loyihalarning bir qanchasi navbati bilan ko‘rib chiqildi. Deputatlar fikrlari, savol-javoblari, fraksiyalar esa pozitsiyalari bilan ularning qay biriga ko‘proq, qay biriga kamroq «hujum» qildi.

 

Shiorlardan iborat takliflar emas, aniq mexanizm kerak

Bola huquqlarini ta’minlash davlat siyosatining muhim strategik yo‘nalishi sanaladi. Yurtimizda ham bu borada muayyan chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, qonunchiligimizda bola huquqlari bilan bog‘liq 40 dan ortiq hujjatlar qabul qilingan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga bolaning huquq va manfaatlarini ta’minlash kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi me’yorlar kiritildi. Natijada bolaning jismoniy, aqliy va ma’naviy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha kafolatlar kuchaytirildi, bu borada davlatning ijtimoiy majburiyatlari kengaytirildi.

Palata majlisida Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning 2024-yildagi bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil Surayyo Rahmonovaning aytishicha, 2024-yilda 35 ta shaxsiy qabullari tashkil etilgan bo‘lib, ularda jismoniy va yuridik shaxslardan 160 ta murojaat tushgan. Murojaatlar tahlili va monitoringi asosida davlat organlari tomonidan bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani yuzasidan ta’sir hujjatlari orqali munosabat bildirilgan. Xususan, 9 ta ogohlantirish, 3 ta taqdimnoma, 18 ta xulosa va 6 ta sud hujjati ustidan protest keltirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritilgan. Bola huquqlari sohasidagi qonunchilikda mavjud muammolar tahlili negizida davlat organlari va tashkilotlarga 40 ta tahliliy axborot yo‘llangan.

Ma’ruzaga ko‘ra, 2024-yilda fuqarolarning murojaatlari va bolalarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarga oid sud xabarnomalari asosida Bolalar ombudsmani va uning kotibiyati xodimlari 46 ta fuqarolik, jinoiy va ma’muriy ishlar yuzasidan sudlarda kuzatuvchi sifatida qatnashgan.

Deputatlar bolalarning shaxsan o‘zidan ham murojaat bo‘lgan yoki yo‘qligiga oid masalada ma’lumot so‘radi. Vakilning ta’kidlashicha, 8 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan bolalardan hisobot davrida 44 ta murojaat kelib tushgan. Afsuski, har uchinchi murojaat bolaga nisbatan zo‘ravonlikka oid. Xususan, bolalar ta’lim muassasasi yoki oilada zo‘ravonlikka duch kelayotgani ifodalangan.

Shuningdek, bolaning bilim olish yoki oilaviy muhitga bo‘lgan huquqi cheklanayotgani yuzasidan ham murojaat qilingan. Ayrimlarida bola sudda ishtirok etgan bo‘lsa-da uning ovozi inobatga olinmaganiga oid masala ham o‘rin olgan. Bunday murojaatlarni hamda unga oid bo‘lgan sud hujjatlarini o‘rganish natijasida sud qarorlariga protest kiritish to‘g‘risidagi iltimosnomalar ham yuborilgan. Voyaga yetmagan qizlarni majburan turmushga uzatishga urinish holatlari ro‘y bergan va ular doimiy nazoratga olingan.

Aytish kerakki, ushbu masala avvalroq O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida atroflicha muhokama qilingan edi. Deputatlar ma’ruza bo‘yicha o‘z savollari, biroz keskin taklif va munosabatini bildirdi.

Jumladan, inklyuziv ta’lim tizimini ham chuqurroq o‘rganish lozimligiga e’tibor qaratildi. Xususan, fraksiya a’zosi Irina Tokareva bu boradagi o‘rganishlariga to‘xtalib o‘tdi. Ya’ni, maktablarda nogironligi bo‘lgan bolalar bilan maxsus sertifikatga ega bo‘lgan mutaxassislar emas, oddiy o‘qituvchilar ishlayotgani ma’lum bo‘lgan. Ayrim ko‘zbo‘yamachiliklar, nogironligi bo‘lgan bolalarning darsga qatnashi bilan bog‘liq muammolar ham Bolalar ombudsmanining hamisha e’tiborida bo‘lishi zarurligiga urg‘u berildi.

Bolalar ombudsmaniga ko‘ra, 2024-yilning yanvar oyidan boshlab, Ijtimoiy himoya agentligining hududiy boshqarmalarida yagona psixologik-tibbiy pedagogik komissiyalar shakllantirildi. Aynan ularning bergan xulosasi asosida bolalarni ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi yoki umumiy tartibdagi muassasada o‘qishiga oid masala hal qilindi.

«Shu bilan birga, Bolalar ombudsmani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligiga inklyuziv sinflar borasida o‘z pozitsiyasini bildirgan. To‘g‘ri, bugungi birlamchi bosqichda inklyuziv sinflar soni oshib bormoqda. Lekin inklyuziv ta’limning sonidan sifatiga o‘tish jarayoni birgalikda olib borilishi shart», — dedi Bola huquqlari bo‘yicha vakil.

Quyi palata majlisida boshqa partiyalar qatori XDP fraksiyasi ham o‘z pozitsiyasini bildirdi. Unga ko‘ra, Bolalar ombudsmani instituti bugungi kunda bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

2024-yilda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida»gi qonuni asosida Bolalar ombudsmanining davlat va jamiyat hayotida ta’sir choralari hamda imkoniyatlari ortib borayotgani ma’ruzada aks etgan.

Natijada kelib tushgan murojaatlarning 84,3 foizi Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan to‘liq nazoratga olingan. Shuningdek, davlat organlari tomonidan bola huquqlari va qonuniy manfaatlarining buzilishiga qo‘l qo‘yilgani yuzasidan ta’sir hujjatlari orqali munosabat bildirilib, 1 ta ogohlantirish, 6 ta xulosa, 6 ta sud hujjati ustidan protestlar keltirish to‘g‘risidagi iltimosnomalar kiritilgan.

Hisobot davrida Bolalar ombudsmani tomonidan bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgani holatlarini o‘z tashabbusiga ko‘ra tekshirish bilan bog‘liq materiallar asosida Oliy Majlis Senatiga 5 axborot, bola huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish borasida mahalliy hokimiyat organlari tomonidan chora-tadbirlar ko‘rilishi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga 6 ta, boshqa davlat organlariga 981 ta so‘rov kiritilgan.

Ayniqsa, Bolalar ombudsmani institutining mahalliy hamda milliy darajadagi siyosatni ishlab chiqishda bolalar va yoshlarning manfaatlariga ta’sir ko‘rsatadigan qarorlar qabul qilishda ularning fikrini inobatga olish ko‘zda tutilgan. Buning uchun amaliyot hamda mexanizmni kuchaytirish uchun 18 ta aniq maqsad va vazifalarni amalga oshirish borasidagi faolligi alohida e’tirof etildi.

Biroq amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, Bolalar ombudsmani keyingi faoliyatida e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar ham bor. Partiya fraksiyasi bu boradagi o‘z fikrlarini bildirdi.

Birinchidan, ma’ruza so‘nggida keltirilgan takliflarning aksariyati umumiy ko‘rinishga ega bo‘lib, uni amalga oshirish mexanizmlarini aniq tarzda belgilash lozim.

Ikkinchidan, hisobotda keltirilgan 18 ta amalga oshirilgan maqsad va vazifalar ko‘rsatilgan takliflar bilan mantiqan mos kelmaydi.

Uchinchidan, ularning ayrimlarida ijtimoiy ahamiyati jihatidan muhimroq bo‘lgan mavzularga urg‘u qaratish lozim. Xususan, fraksiya bolalarning inklyuziv ta’lim olish borasida buzilgan huquqlarini ta’minlash masalasini ma’ruzada tavsiya etilayotgan bolalar raqamli savodxonligini oshirish borasidagi tashabbuslaridan muhimroq, deb hisoblaydi.

To‘rtinchidan, Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risidagi qonunda belgilangan vazifalar doirasida amaliy ishlar, jumladan, aholi o‘rtasida bola huquqlari bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha so‘rovnomalar o‘tkazish, shuningdek, bola huquqlari amalga oshirilishi to‘g‘risida statistik ma’lumotlar tahliliy-tanqidiy jihatdan yetarli darajada emas.

Beshinchidan, fraksiya fikricha, hududlarda bolalarning huquq va erkinliklarini ta’minlash va qonun buzilish holatlarini bartaraf etishda mintaqaviy vakillarning o‘rni juda katta. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu esa o‘z navbatida joylarda bolalar huquqlarini himoya qilish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Yuqorida keltirilgan fikrlar, albatta, tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, Bolalar ombudsmani institutining bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish borasida natijadorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov fraksiyalar pozitsiyalarini tinglar ekan, ularda bildirilgan takliflarning barchasi asosli va Bolalar ombudsmanining kelgusi faoliyatida asqotishini ta’kidladi. Ayniqsa, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining fikrlari, tavsiyalari juda o‘rinli ekani qayd etildi. Shundan kelib chiqib, ma’ruzaning oxirgi qismiga o‘zgartirish va tuzatishlar kiritilishi kerakligiga e’tibor qaratildi.

«Ma’ruzada qator takliflar o‘rin olgan. Lekin uni kim qiladi, qanday qiladi, degan savollarga javob yo‘q. Masalan, strategiya qabul qilinishi aytilgan. Biroq kim qabul qiladi, qachon qabul qilinadi, nima uchun kerak bu hujjat, degan masalalar bor. O‘ylaymizki, barchasining egasi va ijrochisini aniqlab berish kerak bo‘ladi», — dedi Spiker.

Taklif va tavsiyalar asosida vakilning ma’ruzasi qabul qilindi.

Tabiiy boyliklar tuganmas emas

Majlisda, shuningdek, yer osti suv resurslarini muhofaza qilish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalasiga oid qonun loyihasi muhokama qilindi. Tashabbuskorlar birinchi va ikkinchi o‘qish orasidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot bergach, loyihaga moddama-modda munosabat bildirildi.

Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida deputat Zuhra Shodiyeva masala yuzasidan fikr bildirib, o‘z takliflarini ifoda qilgan edi. Deputatning aytishicha, so‘nggi yillarda energiya resurslari kabi suv osti resurslari taqchilligi yuzaga kelayotgani, shu bois, qonunning konseptual qismida yer osti suvlaridan yerlarni sug‘orish va boshqa maqsadlarda foydalanish keskin oshgan. Bundan tashqari, quduqlarni ruxsatsiz burg‘ulash va nazoratsiz, hisobga olmasdan suvdan foydalanish holatlari ham davom etmoqda. Shuning uchun yer osti suv resurslarini muhofaza qilish choralarini kuchaytirishga doir me’yorlarni aniqlashtirish, takomillashtirish zarur. Zero, cheksiz va tuganmas bo‘lmagan tabiiy boyliklarni asrash va muhofazalash shartdir.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Namanganda 4 milliard, Surxondaryoda 18 million so‘m, Buxoroda esa hisobi yuritilmagan

Bu nimani anglatadi? Gap shundaki, so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda boshqa bir shaxsning rasmi ko‘rsatilib, kasalligi aytilib, yordam so‘rash avj oldi. To‘g‘ri, xalqimiz xayrsevar, biroq bundan firibgarlar ham foydalanib qolmoqda. Yuqorida ko‘rsatilgan raqamlar esa birgina ism-sharif yoki soxta xayriyachilar tomonidan o‘zlashtirib yuborilgan mablag‘lar miqdori.

Xususan, 2022-yilda «Saxovat-Namangan» fondi rahbarlari shaxsiy bank kartalarida yig‘ilgan 4 milliard so‘m xayriyalarni o‘zlashtirib yuborgan. 2023-yilda Buxoro shahridagi bir ayol ijtimoiy tarmoqlarda bemor holatda yotgan erkakning rasmini olib, masjidlar oldida rasmdagi shaxs og‘ir ahvolda qolgan eri ekanini aytib, pul yig‘ib yurgan. 2024-yilda Termiz shahrida «Ehson hadyalar (Surxondaryo)» telegramm kanali ochilgan va unda yig‘ilgan 18 million so‘m shaxsiy ehtiyojlar uchun ishlatib yuborilgan. Afsuski, bu kabi holatlar talaygina.

Shundan kelib chiqib, qonunchilikka yangi tartib kiritilmoqda. Ya’ni, jismoniy va yuridik shaxslar, nodavlat notijorat tashkilotlarining homiylik faoliyatini yanada rag‘batlantirish, qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlik subyektlarini bu jarayonga kengroq jalb etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda fraksiyalar yig‘ilishlarida hamda palata majlisida ko‘rib chiqildi.

Homiylik mablag‘lari yig‘ishni qonuniy jihatdan tartibga solishni nazarda tutuvchi mazkur loyiha 10 ga yaqin qo‘shimcha va o‘zgartirishlarni o‘z ichiga olgan. Masalan, homiylik xayriyalarini yig‘ishda xayriya qutisi va homiylik tashkiloti tushunchasiga oydinlik kiritilmoqda. Shu bilan birga, bu boradagi axborotni oshkor etish va jarayonning ochiqligini ta’minlashga doir me’yor ham o‘rin olgan. Homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibi, tashkilotlarning huquq hamda majburiyatlari ham ko‘rsatilgan.

Deputatlar muhokama jarayonida jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari yig‘ishga oid harakatlarini tartibga solish masalasiga doir qonun loyihasida jismoniy shaxslarning majburiyatlari ochiq qolayotganini ta’kidladi. Vaholanki, tushuntirish xatida jismoniy shaxslarning huquqbuzarliklari misol qilib olingan. Shundan kelib chiqib, jismoniy shaxslarning majburiyatlari aniq ko‘rsatilishi, ularga ham muayyan javobgarlik belgilanishiga oid me’yorlar keltirilishi lozim.

Tashabbuskorlarga ko‘ra, jismoniy shaxslar ko‘ngilli sifatida boshqa odamning manfaatini ko‘zlab faqatgina e’lon berish huquqiga ega bo‘ladi. Ya’ni, homiylik xayriya oladigan odam yoki uning yaqin qarindoshi (oila a’zolari)ning nomiga ochilgan bank hisobvaraqlari yoxud plastik karta raqami ko‘rsatilgan holdagi ma’lumotlar tarqatiladi. Shuningdek, homiylik yordami oluvchi jismoniy shaxslar xayriya mablag‘larining miqdori va ulardan maqsadli foydalangani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni xayriya bergan shaxslarning talabiga asosan taqdim etishi ham belgilanmoqda. Ya’ni, homiylik yordamlari oluvchilarning hisobdorligi yuzaga keladi va shaffoflik ta’minlanadi. Bularning barchasi turli firibgarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Deputatlar qonun loyihasini konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatladi.

Qoidabuzar haydovchiga ham javobgarlik, ham nazorat kerak…mi?

Quyi palata majlisida muhokama qilingan qonun loyihasiga ko‘ra, huquqbuzarliklar profilaktikasiga tegishli bo‘lgan me’yoriy hujjatga ayrim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ayni masala O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida ham ko‘rib chiqilgan edi. Unda deputat Zuhra Shodiyeva shu mazmundagi savol bilan murojaat qildi.

Gap shundaki, tashabbuskorlar huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan bog‘liq masalalarni tartibga soluvchi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishga oid loyihani parlamentga kiritgan. Unda oilaviy zo‘ravonlik sodir etgani uchun MJtKning 592 (prim 2) -moddasiga asosan javobgarlikka tortilgan hamda sodir etgan ma’muriy huquqbuzarligi uchun sud tomonidan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan shaxslarni profilaktik hisobga olinadigan shaxslar qatoriga kiritish nazarda tutilmoqda.

Qayd etildiki, ichki ishlar organlarida profilaktik hisobga olingan shaxslar bilan ishlash amaliyoti samaradorligini yanada oshirish maqsadida xavf darajasi past bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarning qayta-qayta suhbatga chaqirilishi haqli e’tirozlar hamda ish hajmining oshishiga olib kelayotganligi sababli, zamon talablari asosida profilaktik hisobga olish tartibini qayta ko‘rib chiqish hamda optimallashtirish zarurati vujudga kelmoqda.

Zuhra Shodiyevaga ko‘ra, qonunchilikda belgilangan me’yorlar bilan bir shaxs huquqbuzarligi sababli jarima to‘laydi, haydovchilik guvohnomasidan ayriladi, transport boshqarish huquqidan mahrum bo‘ladi. Guvohnomaga ega bo‘lishi uchun qayta o‘qishi esa vaqt, mablag‘ talab qiladi. Shuning o‘ziyoq bir fuqaro o‘zini o‘zi tarbiyalashi uchun yetarli. Zero, bugungi kunda qayta o‘qish va haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishning o‘zi katta mashaqqatga aylanib bormoqda. Deputat huquqbuzarni profilaktik nazoratga olishning sababi bilan qiziqdi.

Tashabbuskorlarga ko‘ra, bularning hech biri bir insonning o‘limiga sabab bo‘lishi qadar og‘ir javobgarlik emas. Chunki odamlarning hayotiga nuqta qo‘yishdek ayanchli oqibat bilan tugagan avtohalokat sababchisining haydovchilik guvohnomasi bekor qilinadi. Transport qoidalarini ana shu tariqa qo‘pol ravishda buzib, xulosa chiqarish o‘rniga o‘zboshimchalik bilan avtomobil boshqarish holatlarining oldini olish ko‘zda tutilgan. Har bir profilaktika inspektori o‘z hududidagi transport boshqarish huquqidan mahrum qilingan shaxslar ustidan nazorat o‘rnatsa, huquqbuzarliklar jinoyatga aylanib ketishining oldi olinadi.

XDP fraksiyasi a’zosi Qizilgul Qosimovaning ta’kidlashicha, mamlakatimizda huquqbuzarliklarning oldini olish, huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslar bilan profilaktika chora-tadbirlarini kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Shunga qaramay, bunday holatlar yoshlar orasida tez-tez uchramoqda. Afsuski, ularning ayrimlari qayta-qayta huquqbuzarlik sodir etmoqda. Deputat tashabbuskorlardan qonunda aynan jinoyatlarning motivlarini, ijtimoiy oqibatlarini o‘rganish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni kuchaytirish lozimligiga alohida urg‘u berdi.

Qonun tashabbuskorlari deputatlar bildirgan fikrlarni keyingi o‘qishlarga o‘rganib chiqishi va tegishli tartibda loyihaga kiritishini qayd etdi. Shu tariqa mazkur qonun birinchi o‘qishda ma’qullandi.

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.