Ijtimoiy mas’uliyatli biznes – yangi islohotlarning faol ishtirokchisi

Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy davlat sifatidagi maqomi Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi barcha sohada ijtimoiy mezonlar ustuvorligini ta’minlash jarayonini jadallashtirdi. Bunda faqat ko‘makka muhtoj qatlam vakillariga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, qo‘llab-quvvatlash emas, balki joylarda ijtimoiy infratuzilmalarni yaxshilash, ta’lim, tibbiyot, uy-joy, kommunal xizmatlari, yo‘lsozlik kabi dolzarb masalalarda yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish, aholining bandlik ko‘rsatkichlarini oshirish, ishsiz fuqarolarni kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikka jalb qilish chora-tadbirlarida ham sur’at va qamrov yangi bosqichga chiqdi.

Shaxsan meni quvontiradigan jihat shuki, ijtimoiy islohotlarda tadbirkorlarimiz ishtiroki va ulushi sezilarli o‘sib bormoqda. Ijtimoiy mas’uliyatli biznes shakllanmoqda. Bu esa ijtimoiy davlatga xos bo‘lgan muhim belgilardan biridir.

Tadbirkorlarimiz ehtiyojmand hamyurtlarimizga xayr-u saxovat ko‘rsatish ishlarida bosh bo‘lish barobarida ana shunday fuqarolar uchun ish o‘rinlari yaratish, shu orqali ularni kambag‘allikdan olib chiqish bilan bog‘liq ijtimoiy majburiyatlarni bajarishda davlatning potensial sherigiga aylanmoqda. Ta’lim, tibbiyot, atrof-muhitni asrash singari yo‘nalishlarda salmoqli ijtimoiy loyihalarning tashabbuskorlari bo‘lmoqda.

Misol uchun, davlat rahbarining 8 maydagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida hududlarimizda qator ishlar olib borilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar 80 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning barqaror bandligi va munosib daromad topishini ta’minlash ko‘zda tutilganining o‘zi insonparvar ijtimoiy siyosatning yorqin tasdig‘i. Ahamiyatlisi, ishlash va jamiyatda o‘z o‘rnini topish istagidagi nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlagan tadbirkorlar uchun imtiyozlar berildi. Ya’ni, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlariga 50 million so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilandi. Birgina nogironligi bo‘lgan shaxslar emas, umuman, yoshlar, xotin-qizlar, Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan aholi vakillari bandligini ta’minlashda faollik ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy rag‘batlantirish tizimining yaratilishi mulkdorlar sinfida ijtimoiy mas’uliyatning ortishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Tabib tabib emas, boshidan o‘tkazgan tabib, deydilar. Shu ma’noda, fikrim isbotini uzoqdan emas, o‘z korxonam faoliyati misolida keltirsam.

Maktab va bog‘chalar, sport maktablari, turli jamoalar, havaskor va professional sportchilar uchun eng sifatli inventarlarni, davlat va jamoat tashkilotlari uchun mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonamizda 200 nafardan ortiq kishi ish bilan band. Samarqand tumanidagi Qurilish va hunarmandchilik texnikumi bilan bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik qilib kelamiz. Korxonamiz ishchilarining asosiy qismi ushbu o‘quv maskanini bitirgan yoshlardan iborat ekanini aytishim kerak. Bu yoshlar o‘z mehnati va tajribasi bilan daromad topmoqda, ro‘zg‘orini obod qilmoqda, korxonamiz rivojiga hissa qo‘shmoqda. Yoshlar uchun, ayniqsa, uyushmagan, ishsiz yigit-qizlar uchun yana yangi ish joylarini ochish bizning diqqat-markazimizdagi masala.

Ishonchim komil, aholining asosiy qatlami bo‘lgan yoshlarning, ijtimoiy ko‘makka muhtoj yuzlab opa-singillarimizning, kambag‘allikdan chiqish umididagi oilalar a’zolarining bandligini oshirishga intilayotgan tadbirkorlik subyektlari yurtimizda, xususan, Samarqand viloyatining o‘zida minglarcha raqamni tashkil qiladi. Deputat sifatida joylarda bo‘lganimda, aholi bilan muloqot va o‘rganish ishlarini olib borganimda buning ayni haqiqat ekaniga juda ko‘p bora iqror bo‘laman.

Yurtimizda olib borilayotgan ijtimoiy islohotlarning natijadorligi tadbirkorlarimizda daxldorlik, fidoyilik, insoniylik negiziga asoslangan ijtimoiy mas’uliyatning ortishiga chambarchas bog‘liqdir.

 

O‘ktam SAIDMURODOV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor,

xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati,

“Stekloplastik” MCHJ rahbari.

«O‘zbekiston ovozi», 15.10.2025, №41

 

Hamkorlikning yangi istiqbollari

So‘nggi oylarda xalqaro siyosiy arenalarda o‘tkazilgan global sammit va yig‘ilishlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar bugungi siyosiy va iqtisodiy jihatdan beqaror davrda nihoyatda dolzarb masalalarni qamrab olgani bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida qayd etilgan tashabbuslar nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqaning barqaror rivojlanishi, iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion taraqqiyotni jadallashtirishda muhim o‘rin tutadi. Bugungi global beqarorlik va geosiyosiy o‘zgarishlar sharoitida bildirilgan takliflar mintaqa davlatlari oldida turgan dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan amaliy va konstruktiv yondashuvni aks ettirishi bilan ahamiyatlidir.

Prezident o‘z nutqida MDH formati ahamiyatli va hayotiy tuzilma ekanini, u barcha ishtirokchi davlatlar uchun samarali muloqot va hamkorlik maydoni bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini ta’kidladi. Shu bois, umumiy maqsadlarga erishish uchun tashkilotning salohiyatini real imkoniyatlar bilan uyg‘unlashtirish, qog‘ozda qolib ketadigan qarorlar o‘rniga amaliy natija beruvchi loyihalarga e’tibor qaratish zarurligi alohida urg‘ulandi.

Ilgari surilgan takliflar ichida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarga diqqat qaratsak. Jumladan, barcha transport turlari bilan integratsiyalashgan axborot-logistika markazlarini yaratish, davlat-xususiy sheriklikni kuchaytirish bo‘yicha MDH konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazish takliflari juda dolzarbdir. Bu nafaqat yuk tashish samaradorligini oshirish, balki mintaqaviy savdo aylanmasini ko‘paytirish, yangi tranzit yo‘nalishlarini ochish, eksport salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, iqtisodiy zonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularni rivojlantirishga doir “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, MDH venchur platformasini yaratish orqali startaplar va innovatsion g‘oyalarni moliyalashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish hozirgi raqobat muhitida juda muhim. Bu tashabbuslar innovatsion iqtisodiyot sari qadam tashlash, ilmiy izlanishlar va texnologiyalarning amaliyotga joriy etilishiga keng yo‘l ochadi.

Toshkent shahrida “INNOPROM” ko‘rgazmasi doirasida MDH innovatsion sanoat forumini o‘tkazish taklifi esa qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini muhokama qilish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, zamonaviy texnologiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi. Buning natijasida, a’zo davlatlar o‘rtasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda o‘zaro bog‘liqlik kuchayadi, mahalliylashtirish darajasi oshadi, eksportga yo‘naltirilgan yangi qo‘shma korxonalar tashkil etiladi.

Shuningdek, raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohalarida ko‘p tomonlama harakatlar rejasini ishlab chiqish, bu yo‘nalishlarda tajriba va texnologiyalar almashish ham kun tartibidagi dolzarb masalalardan biridir. Raqamli transformatsiya nafaqat iqtisodiyot, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, davlat boshqaruvi kabi muhim sohalarda samaradorlikni oshirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. MDH davlatlarining bu boradagi hamkorligi innovatsion muhitni shakllantirishga, raqamli tenglikka erishishga xizmat qiladi.

Diplomlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha yangi davlatlararo kelishuv tayyorlash taklifi, Xiva shahrida MDH Yoshlar forumini o‘tkazish, Yoshlar innovatsiya laboratoriyasini tashkil etish kabi g‘oyalar yoshlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv, innovatsion yondashuv va intellektual salohiyatni oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Bu kabi tashabbuslar madaniyatlararo muloqotni kengaytirish, o‘zaro ishonch va do‘stlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi.

MDH mamlakatlari tashqi siyosat idoralari va maxsus xizmatlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, axborot almashinuvini tizimlashtirish bo‘yicha takliflar terrorizm, ekstremizm va transmilliy tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishni mustahkamlashga qaratilgan.

Shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda MDH davlatlarining infratuzilma loyihalarida birgalikda ishtirok etishi, bu mamlakatda tinchlikni ta’minlash va uni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb etishda katta ahamiyatga ega bo‘ladi.

Bu takliflar MDH doirasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, tashkilotni hayotiy va raqobatbardosh tuzilmaga aylantirish, a’zo davlatlar manfaati yo‘lida ishlaydigan samarali mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Ushbu yondashuv nafaqat tashkilot kelajagi, balki Yevroosiyo mintaqasidagi tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

 

Sherali MAMADETSOYEV,

xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashi deputati.

«O‘zbekiston ovozi», 15.10.2025, №41

 

O‘zbekiston va Fransiya strategik hamkorga aylandi

O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida 1992 yil mart oyida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan bo‘lsa, keyingi yillarda keng quloch yoydi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi o‘zaro munosabatlarning yangi bosqichini boshlab bergan bo‘lsa, davlatimiz rahbarining 2022 yildagi tashrifi oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarga boy bo‘ldi. 2023 yilda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning mamlakatimizga tashrifi barcha sohalardagi siyosiy muloqot va hamkorlikni izchil rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishladi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot strategiyasining Fransiya rahbarining islohotlar dasturi bilan yaqinligi, yirik xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal qilishda ikki davlat yondashuvlarining o‘xshashligi o‘zaro munosabatlarning rivojlanib borishiga zamin bo‘ldi.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan konstruktiv va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga erishishga qaratilgan mintaqaviy siyosati Fransiya tashqi siyosatining Markaziy Osiyo yo‘nalishidagi intilishlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan mutlaqo boshqa mintaqaviy muhitni yaratdi. Yuqori darajadagi aloqalar ham yangi o‘suvchanlik kasb etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi chin ma’noda yangi tarix yaratdi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Parij shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida ikki mamlakat yetakchilari Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildi.

Davlat rahbarlari huzurida Mutaxassislar va talabalar harakatchanligi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim, Fransiyaning yetakchi kompaniyalari bilan O‘zbekistonda 6,5 milliard yevrolik istiqbolli kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi Investitsiya va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik dasturi almashildi. O‘zbekiston – Fransiya universitetini tashkil etish to‘g‘risida hukumatlararo bitim, sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya, musiqa, kino va teatr sohalarida hamkorlik to‘g‘risida tasdiqlangan deklaratsiyalar nafaqat davlatlar, ayni paytda xalqlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik va do‘stlik rishtalarining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston – Fransiya» do‘stlik guruhlari faol faoliyat ko‘rsatmoqda. Ikki davlat parlamentlari a’zolari o‘zaro tashriflar almashuvi doirasida parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish istiqbollarini muntazam muhokama qilyaptilar. O‘zbekiston va Fransiya BMT, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida ham sheriklar hisoblanadi.

Parij shahrida sog‘liqni saqlash, fan va ta’lim, madaniyat, turizm va biznes sohalarida forum va anjumanlar o‘tkazilmoqda. Bularning barchasi G‘arbdagi asosiy hamkorlarimizdan biri – Fransiyaning yurtimizga bildirayotgan yuksak ishonchini ko‘rsatadi. Prezidentimizning davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni strategik darajaga ko‘tarish uchun mustahkam zamin yaratdi.

 

Anvarjon NURMATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

Ikki tomonlama munosabatlarda yuksalish davri

Mamlakatimiz Prezidentining Fransiyaga tarixiy davlat tashrifi jahon jamoatchiligining diqqat-e’tiborini tortdi. Zero, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha keyingi yillarda misli ko‘rilmagan natijalarga erishilmoqda.

Darhaqiqat, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada mustahkamlanib, turli sohalarda qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani ko‘plab mamlakatlar matbuotida keng yoritilmoqda. Masalan, O‘zbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi oldidan “London Post” nashrida e’lon qilingan maqolada ikki davlat o‘rtasidagi yaqin munosabatlar, iqtisodiyot, siyosat sohasidagi loyihalarni va gumanitar tashabbuslarni amalga oshirishda muhim strategik sherikligi haqida so‘z boradi.

Xususan, 2023 yilda O‘zbekiston hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida 2025 yilgacha mo‘ljallangan yangi Strategik hamkorlik dasturi imzolangan bo‘lib, umumiy budjeti 1 milliard yevrodan oshgan dastur doirasida qishloq xo‘jaligi, energetika, yashil iqtisodiyot, shaharsozlik, suv ta’minoti, bank-moliya sektori, transport tarmoqlarida samarali loyihalar tatbiq qilinmoqda.

Fransiya biznesining ishtiroki respublikamiz iqtisodiyotining kommunal xo‘jalik (Veolia, Suez, Eiffage), energetika, jumladan, “yashil” energetika (EDF, Total Eren, Voltalia, Orano), oziq-ovqat sanoati (Lactalis) kabi muhim sohalarida sezilarli darajada oshdi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya va O‘zbekiston – Fransiya Savdo palatasi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishning muhim mexanizmlari hisoblanadi.

Shuningdek, madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin aloqalar ham faol kengaymoqda. So‘nggi yetti yilda turizm, arxeologiya, dizayn, moda, lingvistika, ta’lim, biznes-menejment, sog‘liqni saqlash va sport kabi yo‘nalishlarda 50 dan ortiq kelishuvlar imzolangani bunga misoldir. Bunday kelishuvlar natijasini O‘zbekistonga kelayotgan fransiyalik sayyohlar soni yiliga 20 ming kishiga yaqinlashganida ham ko‘rish mumkin.

Yana bir e’tiborga loyiq jihati, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida Fransiya parlamenti bilan hamkorlik guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, o‘z navbatida Fransiya Senatida ham “Fransiya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo guruhi, quyi palata – Milliy assambleyada esa “Fransiya – O‘zbekiston” do‘stlik guruhi faoliyat yuritmoqda.

Albatta, oliy darajadagi uchrashuvlar O‘zbekiston va Fransiya hamkorligini yangi pog‘onaga olib chiqmoqda. Ushbu hamkorlik siyosiy va diplomatik muloqot hamda savdo-investitsiyaviy, iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishda, ta’lim, fan sohalaridagi o‘zaro almashinuvni mustahkamlashda yanada keng istiqbollarni ochadi.

 

Imomnazar TURSUNOV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

Navro‘z xalqlarni birlashtiradi

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab 300 millionga yaqin odam Navro‘z kuni dasturxon yozadi. Bu kunni qarshilaydigan har bir mamlakatda o‘ziga xos an’analar mavjud.

 

Dunyoda ko‘klam an’analari

Jahondagi millat va elatlarning har birida ko‘klam fasli va yangi yilga bag‘ishlangan an’ana-yu urf-odatlari bor. Ularning barchasi o‘ziga xos va jozibali. Jumladan, Xitoyda yangi yil ayyomi yanvar oyi oxiri, fevral oyi boshlariga to‘g‘ri keladi. Yangi yilni nishonlash “uy tozalash”dan, eskirgan buyumlarni chiqarib tashlashdan boshlanadi. Bu qadimiy yurtda yangi yil tantanalari “Chun chze” – bahor bayramiga ulanib ketadi. Eramizdan avvalgi ikkinchi asrdan beri nishonlanib kelinayotgan “Chun sze” bayramining mazmun-mohiyati, ya’ni, xonadonlarda mehmon kutish, mehmonga borish, qariyalarni ziyorat qilish, bolalarni xursand qilish, dehqonchilik ishlariga kirishish kabilar xuddi bizning Navro‘z udumlarini eslatadi.

Xitoyda bahor bayramida shovqinli xalq festivallari va yarmarkalari ketma-ket bir necha kun davomida o‘tkaziladi. Sher va ajdaho raqslari, “quruqlik qayiqlari”ning doira bo‘lib qo‘shiq kuylashlari, yog‘ochoyoqlardagi namoyishlar xursandchilik ruhiyatini yanada ko‘taradi.

Yaponiyada 21 mart (kabisa yillarida, 20 mart) bahorgi teng kunlik «Shumbun no hi» yoki «Higan no tunichi», deb nomlanadi. Bu davlat bayrami bo‘lib, tabiatga va barcha tirik mavjudotlarga muhabbatni ifodalaydi. Shu kuni ko‘plab yaponlar ota-bobolarining qabrlariga borib, tartibga keltiradi va gullar qo‘yishadi. Yaponiyada, shuningdek, bahorning dastlabki kunlari sakura daraxtining gullashi alohida bayram qilinadi. Boisi mamlakat aholisi sakura gullarini turli tushunchalar va g‘oyalar bilan bog‘laydi. Sakuraning gullashi dehqonlar asosiy oziq-ovqat manbai bo‘lgan sholi ekish vaqtiga to‘g‘ri keladi. Shuni hisobga olsak, sakura omad, farovonlik va mo‘l hosil ramzidir. 1873 yilgacha Yaponiyada yangi yil bahorda, sakuraning gullash davrida nishonlangan.

Eronliklar Navro‘zni 13 kun davomida bayram qilib nishonlaydi. Aholi asosiy vaqtni xursandchilik qilish, qarindoshlari va do‘stlarini borib ko‘rishga bag‘ishlaydi. O‘n uchinchi kuni tabiat qo‘yniga chiqishadi. Shaharlar olov ramzlari bilan bezaladi, gulxanlar yoqiladi, fonarlar osiladi va mushakbozlik qilinadi. Bayram davomida eronlik ayollar maxsus marosimda qatnashadi. Ya’ni gulxan ustidan sakrab o‘tadilar. Bu tadbir azaldan poklanish va go‘zallik, salomatlikka chorlovni anglatadi. Erkaklar qizil kiyimlarni kiyib, yuzlariga kul surtishadi va shahar ko‘chalarida sayr qilishadi.

Turkiyaning Istanbul shahrida aprel oyida Lolalar festivali bo‘lib o‘tadi. Ingichka uchli barglari bo‘lgan qizil gullar milliy ramz, ko‘p asrlik madaniyatning bir qismidir. Har bahorda 100 dan ortiq navdagi millionlab lolalar ochiladi. Festivalning asosiy tadbirlari Emirgan bog‘ida tashkillashtiriladi. Eng mahoratli landshaft dizaynerlari butun shahar bo‘ylab, lolalardan iborat hayratlanarli kompozitsiyalarni yaratishadi.

Butun dunyo bo‘ylab bahoriy an’ana va bayramlar qanday ko‘rinish hamda ko‘lamda nishonlanmasin, Navro‘z ayyomidagi singari barchaning chehrasida tabassum, samimiyat, hushnudlik kayfiyati ufurib turadi.

 

Xurshidabonu NAZAROVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

 

 

“Biznesni rivojlantirish banki”: Aholi bilan «xonadonbay» ishlashda samarali yondashuv

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “mahalla bankiri” tizimi aholi manfaatlarini samarali qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy faollikni oshirishni yangi bosqichga olib chiqdi. “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan Farg‘ona viloyatidagi “mahalla bankir”lari faoliyati hamda ularning loyihalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan press-tur davomida bunga yana bir bor amin bo‘ldik.

Aslida “mahalla bankiri” banklarning mahalla darajasiga tushib, odamlarning daromadini oshiradigan tizim. «Mahalla bankiri» “xonadonbay” ishlab, har bir oilaga tayyor loyihalar yoki biznes rejalar taklif qiladi. Loyihaning barcha zanjirida – kredit olish, biznes ochish, mahsulot sotish jarayonlarida aholiga hamrohlik qiladi. Sodda qilib aytganda, noldan daromadga kirgunicha o‘sha loyihani qo‘llab-quvvatlaydi.

Press-tur ishtirokchilari dastlab Farg‘ona shahri “Surxtepa” MFYdagi “Xayrixon Kamol orzu” oilaviy poyabzal ishlab chiqarish korxonasiga tashrif buyurdilar.

– Faoliyatimizni uyimizda 2022 yil boshida 20 nafar ishchi bilan boshlagandik – deydi korxona rahbari Kamoliddin Zokirov. – Ishlab chiqarishni kengaytirish, qurilish va yangi texnikalarni xarid qilish uchun “Biznesni rivojlantirish banki”dan imtiyozli 300 million so‘mlik kredit oldik. Bunda «mahalla bankiri»ning yordami katta bo‘ldi. Korxonamizda bir kunda ming juft, 20 turdagi ayollar poyabzallari ishlab chiqarilmoqda. Ishchilar soni 150 nafarga yetdi. Ularning 17 nafari “Ayollar daftari”da tursa, 45 nafari oldin xorijda ishlab qaytganlar hisoblanadi.

Uzoq yillar olis o‘lkada ishlab qaytgan, so‘ng bir muddat “Xayrixon Kamol orzu” korxonasida mehnat qilgan Akromjon G‘oyipov ham «mahalla bankiri» ko‘magida oilaviy uy-bog‘cha ochib, o‘z biznesini boshladi.

-Avvaliga “Biznesni rivojlantirish banki” ajratgan 33 million so‘m kredit mablag‘iga zarur jihozlarni keltirdik, – deydi A. G‘oyipov. – Bolalar uchun barcha sharoitni yaratdik. Hozirda bog‘chamizda tarbiyalanayotgan kichkintoylar asosan “Xayrixon Kamol orzu” korxonasida ishlayotgan ayollarning farzandlaridir. Bir paytlar musofir yurtda qiynalib yurgan oddiy ishchi edim. Endi esa oilam bag‘ridaman va tadbirkorman.

“Surxtepa” MFYdagi yana bir tadbirkor – Alisher Bahromov tashkil etgan turistik maskan ham OAV vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.

– Xonadonim kanal bo‘yida va suv yoqalab so‘rilardan iborat dam olish joylarini ochganman, – deydi A. Bahromov. – Bundan tashqari, «mahalla bankiri» ko‘magida “Biznesni rivojlantirish banki”dan 60 million so‘m kredit olib, mahalladoshlarimiz uchun 300 o‘rinli to‘yxona ham quryapmiz. To‘yxona ishga tushsa, 15 nafar yosh ishli bo‘ladi.

Farg‘ona shahrida beton mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqaradigan “Besh bola beton” MCHJ faoliyatini kengaytirishda va yuzdan ortiq ish o‘rinlarini yaratishda “Biznesni rivojlantirish banki”ning moliyaviy ko‘magi katta madad bo‘ldi. Ayni paytda ko‘p qavatli uy-joy qurish bilan shug‘ullanayotgan korxona kelgusida yanada katta rejalarni ko‘zlamoqda.

“Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan Farg‘ona viloyatida bankka biriktirilgan mahallalarda “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish hajmini oshirish, aholining ijaraga olingan yer maydonlaridan samarali foydalanishini qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

– “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida hududlarda tuproq iqlim sharoiti, fuqarolarning dehqonchilik madaniyati, mahsulot sotib oluvchi klaster, kooperatsiyalar, qayta ishlash va eksportyor korxonalarning mahsulot turiga bo‘lgan talabi hamda ichki iste’mol bozori ehtiyojidan kelib chiqib qishloq xo‘jalik ekinlari joylashtirilmoqda, – deydi Qo‘qon shahridagi “Tepalik” MFY «mahalla bankiri» Muhammadjon Shokirov. – Hududda uch gektar yer maydon 20 nafar fuqaroga 15 sotixdan auksion orqali uzoq muddatli ijaraga berilgan. Bu ekin maydonlarida ertapishar sholg‘om yetishtirilmoqda, Hisob-kitobga ko‘ra, har bir yer egasining oladigan sof foydasi bir yilda 30 million so‘mni tashkil etadi. Ertapishar sholg‘om aprel oyida sotib bo‘linadi. Ikkinchi hosil – dukkakli ekinlardan bo‘lgan loviya mahsuloti orqali 15 million so‘m ishlab topilsa, uchinchi ekinga ham 40 kunlik dukkakli ekin urug‘i yerga qadaladi. Bu orqali ham 15 million so‘m daromad topish mumkin. Shu tariqa har bir oilaning 15 sotix yer maydonidan jami yillik daromadi 60-70 million so‘mga aylanadi. Bundan tashqari, “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida dehqonchilikni yo‘lga qo‘ygan fuqarolarga 60 million so‘m imtiyozli kreditlar ajratilmoqda.

Xuddi shunday, Buvayda tumani “Jov» MFYda «Bir kontur – bir mahsulot» tamoyili asosida ertapishar sabzi yetishtirilar ekan.

Yuqoridagi ikki mahallada aholi turmush darajasini oshirish yo‘lida qilinayotgan mana shunday tizimli ishlar press-tur ishtirokchilarini befarq qoldirmadi.

Keyingi manzil Qo‘qon shahridagi “Bastom buva sihatgohi” MCHJ bo‘ldi. Har yili ushbu maskanga mamlakatimizning turli nuqtalaridan hamda qo‘shni respublikalardan minglab insonlar salomatligini mustahkamlash uchun keladi.

– Sanatoriymizda davolash ishlari 2850 metr chuqurlikdan olinadigan yod-bromli shifobaxsh suv yordamida amalga oshiriladi, – deydi MCHJ rahbari Sherzod Ismoilov. – Bu shifobaxsh suv bo‘g‘im kasalliklari, bel churrasi, nerv shamollashlari, osteoxondroz, artrit, artroz, bavosil, asab, urologik xastaliklarni davolashda katta natija beradi. Bir yilda 4 yarim ming nafar bemorga xizmat ko‘rsatamiz. Sanatoriy qoshida qo‘shimcha zamonaviy dam olish maskani faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun «Biznesni rivojlantirish banki»dan o‘tgan yili 3 milliard so‘m kredit oldik. Ayni kunda qurilish ishlari ketyapti.

Jurnalistlar ikki kun davomida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda “Biznesni rivojlantirish banki” ATB salmoqli hissa qo‘shayotganiga, tatbiq qilinayotgan loyihalar xalqimiz turmush farovonligini yaxshilash va mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishda muhim rol o‘ynayotganiga guvoh bo‘lishdi. Aholi bilan «xonadonbay» ishlashda esa «mahalla bankir»lari yaqin yordamchi bo‘layotgani ayni muddaodir.

 

Toshtemir XUDOYQULOV,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

 

 

Mehr-oqibat va xayr-saxovat ayyomi

Milliy qadriyatlarimizning oliy namunalaridan biri bo‘lgan Navro‘zi olam bu yil ham o‘zgacha shukuh bilan kutib olinmoqda. Davlatimiz rahbarining shu yil 21 fevraldagi “2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori bahoriy bayramga hozirlik ko‘rish hamda xayr-u saxovat ishlariga yangi ruh va yangi mazmun bag‘ishlamoqda.

Ayni damda yurtimizning barcha hududlarida, har bir xonadonda ko‘klam yumushlari qatorida Navro‘z bilan bog‘liq an’analar, bayramona tadbirlar qizg‘in boshlab yuborilgan. Vodiylarda, vohalarda sayillar tashkil etilmoqda. Opa-singillarimiz “ilik uzildi” pallada tanga mador bo‘lguvchi sumalak, halim, ko‘k somsalar kabi milliy taomlarni tortiq etishsa, yigitlarimiz tevarak-atrofni obod qilish, ko‘chat o‘tqazish, ekin-tikin yumushlari bilan band bo‘ladi. Eng muhimi, bayram bahonasida mehr-oqibat rishtalari yanada mustahkam ildiz otadi. Bahorga, Navro‘zga yetkazganiga shukronalik tuyg‘usi ko‘ngillardan ko‘ngillarga ko‘chadi.

 

Anvarxon TEMIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

— Navro‘z odamni, olamni ezgulikka chorlaydigan kun sifatida ham aziz va qadrli. Ezgulik, muhabbat, xayr-saxovat, muruvvat, shafqat va shafoat, yangilanish va yasharish ayyomi qalblarga surur, olam-olam quvonch va yangi-yangi orzu-havaslar baxsh etadi.

Bu bayram sharqona yilning birinchi kuni, yangi fasl va dehqonchilikning debochasi sifatida nishonlanadi. Bu kunlarda odamlar bir-biri bilan diydorlashadi, sovg‘alar hadya qiladi, qariyalar, kasalmand, mehrga muhtoj kishilar holidan xabar olishadi.

Bu yilgi bayram tantanalari ham mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlar jarayoniga hamohang tarzda nishonlanmoqda. Tabarruk keksalarimizning duosini olish, nogironlar, yordamga muhtoj insonlar ko‘nglini ko‘tarish, hasharlar uyushtirish, yurtimizni yanada obod qilish kabi savobli ishlarimiz Navro‘z tadbirlariga ulanib ketmoqda. Muborak Ramazon oyi munosabati bilan xonadonlarda xayr-saxovat yo‘lida yozilayotgan iftorlik dasturxonlari g‘oyat fayzli bo‘lmoqda.

Haqiqatan ham bu ayyom insonlarni ezgulikka undaydi. Borliqning yangilanishi, yasharishi insonni mehnat qilib, rizq-ro‘z yaratishga da’vat qiladi.

 

***

Xalq demokratik partiyasining ko‘p ming sonli a’zolari, faollar va deputatlarimiz ham Navro‘zoldi xayrli tadbirlarda ishtirok etib, ezgu tashabbuslarga bosh qo‘shishmoqda. Faollarimiz ayyom arafasida hasharga chiqib, ko‘cha-ko‘ylarni obod qilish, qabristonlar, ziyoratgohlarni tartibga keltirish ishlarida namuna ko‘rsatishmoqda. Turfa xil gul va daraxt ko‘chatlari o‘tqazishib, yangi bog‘lar yaratishmoqda. Keksalarni har tomonlama e’zozlash, ko‘makka muhtoj insonlarga beg‘araz yordam berish, turli xayriya tadbirlari ham partiyamiz vakillarining diqqat markazida turibdi.

 

Quvonch va mehr ulashaylik

Har yili Navro‘z bayrami oldidan O‘zXDP tashabbusi bilan joylarda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi, keksalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan xabar olinadi. An’anaga ko‘ra, bu yil ham barcha hududlarda “Quvonch va mehr ulashaylik” aksiyasi doirasida xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

 

Malika RASHIDOVA,

O‘zXDP Markaziy Kengashi bo‘lim boshlig‘i:

– Ehtiyojmandlarni suyash, yordam qo‘lini cho‘zish, savob uchun xayr-ehson qilish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan sanaladi.

Ijtimoiy birdamlikni kuchaytirish, nogironligi bo‘lgan insonlarning hayot sifatini yaxshilash, ularga ko‘mak berish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolariga jamoatchilik e’tiborini jalb etish maqsadida ushbu aksiyani o‘tkazyapmiz.

Partiyamiz faollari va deputatlar elektoratimiz vakillarining xonadonlariga borishmoqda. Partiyaning volontyor yoshlari tomonidan hasharlar o‘tkazilyapti, xalq vakillari tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlari o‘rganilib, tegishli tashkilotlarga murojaat qilish orqali ularga amaliy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, respublikamiz bo‘yicha «Muruvvat» va «Saxovat» uylarida istiqomat qiluvchi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun madaniy-ma’naviy tadbirlar tashkil etilmoqda. Zarur buyumlar, sovg‘alar tortiq qilinmoqda. Bunda har bir viloyat, tuman-shahar Kengashlari deputatlari bilan hamkorlikda ushbu ijtimoiy muassasalarning real holati, moddiy-texnik ta’minoti, tibbiy xizmatlar sifatini o‘rganish masalasi ham e’tibordan chetda qolmayapti.

 

***

O‘zXDP Markaziy Kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirga qadar respublika bo‘yicha 9 ta «Muruvvat» hamda 3 ta «Saxovat» uylarida deputatlar va homiylar ishtirokida xayriya tadbirlari tashkil etildi.

Tadbirlarda keksalarga, nogironligi bor insonlarga bayramona kayfiyat ulashildi. Ular uchun qiziqarli o‘yinlar, ko‘ngilochar chiqishlar tashkillashtirildi. Albatta, bayram sovg‘alari ham topshirildi.

Yurtimiz bo‘ylab Navro‘z tadbirlari uyushqoqlik va ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda.

 

Laziza SHEROVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

 

 

Pragmatik tashqi siyosat – tinchlik kafolati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 mart kuni Fransiyaga davlat tashrifi doirasida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi.

BMT tizimidagi ushbu nufuzli tuzilma bilan samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari, shuningdek, joriy yilning kuzida Samarqand shahrida tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Ko‘p qirrali sheriklik bugungi kunda yuksak darajada ekani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yana bir muhim masala, O‘zbekiston tashabbusi bilan axborotdan foydalanish va bolalar ta’limi masalalari bo‘yicha rezolutsiyalar qabul qilindi.

Mamlakatimiz Madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro markazga a’zo bo‘ldi. Buxoro “Kreativ shaharlar tarmog‘i”ga qo‘shildi. Samarqanddagi Ipak yo‘li universitetida YUNESKO kafedrasi ochildi. O‘tgan yili ta’lim, madaniyat, raqamli va innovatsion texnologiyalar sohalarida 7 ta yangi loyihani amalga oshirish boshlandi.

Turon cho‘llari va Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi, ipakchilik, kulolchilik, rubob chalish va iftorlik an’analari, “Buxoro amiri devonxonasi arxivi”, “Turkiston albomi”, “Xudoybergan Devonov fotoalbomi” YUNESKOning maxsus ro‘yxatlariga kiritildi.

Ta’kidlash joizki, Samarqand shahrida bo‘lajak Bosh konferensiyaning 43-sessiyasi so‘nggi 40 yil ichida birinchi marta YUNESKOning Parij shahridagi qarorgohidan boshqa joyda o‘tkaziladi. Bu voqea tashkilotning 80 yilligiga to‘g‘ri keladi.

Bosh direktor Odri Azule O‘zbekiston bilan sermahsul hamkorlikni yuksak baholab, bo‘lajak tadbirga keng ko‘lamli tayyorgarlik ko‘rilayotgani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Amaliy hamkorlik dasturlarini yanada kengaytirish, shuningdek, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasidagi forum va tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Bu ishlarning barchasi, aytish kerakki, jahon hamjamiyatining yurtimizga e’tibori va ishonchidan dalolat beradi. Davlatlararo munosabatlar rivoji xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikka, mintaqada tinchlikni saqlashga va pragmatik tashqi siyosat yuritishga asos bo‘ladi.

 

Gulnora MA’RUFOVA,

Oliy Majlis Senati a’zosi,

O‘zbekiston XDP a’zosi.

 

 

Ezgulik tantanasi

Navbahor nasimida qish uyqusidan uyg‘ongan daraxtlar, quyosh taftida erkalanib yuz ochgan gul-u chechaklar, nish urgan maysalar, qushlarning chug‘ur-chug‘uri… Ayni shu palladan tabiat mohir musavvir kabi butun borliqqa ajib tarovat baxsh etishga kirishadi. Bu uyg‘onish fasliga uyg‘un holda inson ichki olami ham go‘yo qaytadan yangilanadi, eng pokiza, ezgu tuyg‘ular qalblarda jo‘sh uradi. Jamiyatda tenglik, hamjihatlik, totuvlik tantana qiladi.

Har bahor bu kunni o‘zgacha intiqlik, sog‘inch va entikish bilan qarshi olamiz. Buyuk mutafakkir, she’riyat mulkining sultoni Hazrat Mir Alisher Navoiy bejiz “Har tunung qadr o‘lubon, har kunung o‘lsun Navro‘z”, deya lutf qilmagan.

Bayramlar azal-azaldan har o‘lkaning, har millatning madaniyatini, an’ana va qadriyatlarini, orzu-umidlari va turmush tarzini o‘zida mujassam etadi. 3 ming yildan ortiq tarixga ega Navro‘z xalqimiz asrlar davomida katta shodiyona va xursandchilik bilan nishonlab, ardoqlab kelayotgan bayramlar sirasiga kiradi.

 

Yunon olimi Strabon (miloddan avvalgi 63/64 yilda tug‘ilgan)ning yozishicha, ikki daryo oralig‘ida yashagan qadimgi ajdodlarimiz Navro‘z kuni otashkada, ya’ni, olovga topinadigan ibodatxonalarda to‘planishgan va yilboshini 12 kun davomida nishonlashgan. Bayramda har bir kishining yelkasiga oftob nuri tushishi yil bo‘yi to‘kin-sochin, barakali hayot kechirishidan darak beradi, deb qaralgan. Bayram tantanalari ekin-tikin yumushlarining boshlanishi bilan o‘z nihoyasiga yetgan.

Abu Bakr ibn Ja’far Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida ham Navro‘z o‘lkamizda bir necha ming yil davomida uzluksiz nishonlanib kelinayotganini tasdiqlaydigan muhim dalillar bor.

Ma’lumki, Navro‘z sharq xalqlarining eng qadimiy va umrboqiy bayrami hisoblanadi. Tarixiy manbalarda, jumladan, buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyning “Osorul-boqiya” (Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar), Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk”, Firdavsiyning “Shohnoma”, Umar Hayyomning “Navro‘znoma” asarlarida Navro‘zni azaldan Turon zamin xalqlari katta shodiyona bilan nishonlaganlari alohida qayd etilgan.

Insoniyat tamaddunining qadimgi beshiklaridan sanalgan Mesopotamiyada ham bundan ming yillar avval yilboshi katta bayram sifatida nishonlangani qadimgi shumer manbalarida o‘z aksini topgan. Ayrim taxminlarga ko‘ra, shumerliklar iqlimdagi o‘zgarishlar sabab shimoliy mintaqalardan Yaqin Sharq tomonga ko‘chib borgan qadimgi turkiylar avlodi sanaladi. Qadimgi shumer manbalarida 300 dan ortiq turkiy tillardagi so‘zlar aniqlangani ham tasodif bo‘lmasa kerak.

Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asaridan o‘rin olgan Qish va Yoz munozarasida ham aynan bahorgi teng kunlik nazarda tutilgan. Asosan turkiy xalqlar, shuningdek, xitoy, mo‘g‘ul va boshqa Sharq xalqlarida keng qo‘llanadigan muchal taqvimida yillar aynan bahorgi teng kunlikdan boshlab yangilanadi.

Anglash mumkinki, Navro‘z bayramining paydo bo‘lishi quyoshning Hamal burjiga kirishi, tun va kunning tenglashuvi kabi qator tabiat o‘zgarishlari bilan bog‘liq. Bu esa mazkur bayram chuqur astronomik ilmiy asoslarga ega ekanini bildiradi.

Mamlakatimizda Navro‘z umumxalq bayrami sifatida 1990 yildan boshlab rasman keng nishonlanib kelinadi. Mazkur bayram 2009 yil 30 sentabrda insoniyat madaniy merosining ajralmas qismi sifatida YUNESKO tomonidan umumjahon nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 2010 yilning 19 fevral kuni BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasida 21 mart — “Xalqaro Navro‘z kuni”, deb e’lon qilindi hamda bu bayram turli xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalar va o‘zaro hamjihatlikni rag‘batlantirish, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini, do‘stlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekani e’tirof etildi.

Quvonarlisi, so‘nggi yillarda Navro‘z, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, o‘zining o‘lmas ruhi, umuminsoniy g‘oyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur o‘rin egallamoqda.

Keling, shu o‘rinda mazkur ayyomning yurtimiz va mintaqamizda qanday nishonlanishiga doir qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishsak.

 

Orolbo‘yida Navro‘z

Orolbo‘yi xalqlari, xususan, qoraqalpoqlar ham Navro‘z (Nao‘rыz) bayramini bahorgi teng kunlik, to‘kin-sochinlik, baxt-u saodat, ezgu orzu-umidlar ramzi sifatida ardoqlab keladilar.

Navro‘z kirishi bilan Orolbo‘yi dehqonlari yaxshi niyatlar bilan yerga urug‘ qadaydilar, bog‘bonlar ko‘chat o‘tqazadi. Ot choptirish, ko‘pkari, kurash, qo‘chqor urishtirish singari xalq o‘yinlari har yilgi Navro‘z tantanalariga ayricha jo‘shqinlik baxsh etadi. Araz-ginalar unutiladi, muhtoj kishilarga mehr-muruvvat ko‘rsatiladi. Baxshi-jirovlar do‘mbira chertib, barhayot dostonlar, o‘lan va laparlarni kuyga soladilar. Doshqozonlarda sumalaklar qaynaydi. Qoraqalpoqlarning sevimli bayram taomlaridan yana biri “Navro‘z go‘jasi”, deb ataladi. Bu taom yetti xil dondan tayyorlanadi. Har bir xonadonda ana shunday taom pishiriladi va qo‘ni-qo‘shnilarga, ovuldoshlarga tarqatiladi. Kishilar, ayniqsa, qariyalar “Navro‘z go‘jasi”dan totib, yilning barakotli bo‘lishini tilaydilar.

 

«Olti baqan»,»Qiz quu»…

Qozoqlarda ham Navro‘z (naurыz) bilan bog‘liq ana shunday an’analar, urf-odatlar ko‘p. Xususan, qozoqlar bayram arafasida birinchi bo‘lib uchib keladigan qushni “Navro‘zko‘k”, birinchi bo‘lib ochiladigan gulni “Navro‘zchechak” deb nomlashgan. Qadimda qozoqlarda Navro‘z tantanalari 3-9 kunlab davom etgan. Bo‘yi yetgan qizlar bu kuni yigitlarga atab “Uyqi oshar” degan lazzatli taom pishiradilar. Yigitlar esa ularga turli-tuman bayram sovg‘alari tortiq qiladilar. Qariyalar yoshlarning baxt-u iqbolini tilab, xayrli duolar qiladilar.

Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan qozoq millatiga mansub minglab yurtdosh­larimiz bu sanani ko‘tarinki kayfiyatda, shod-xurramlik bilan qarshi oladi. Turli-tuman xalq o‘yinlari, sport musobaqalari tashkil etiladi. «Olti baqan»,»Qiz quu» musobaqalari, ayniqsa, katta-yu kichikda birdek qiziqish uyg‘otadi. Shu kuni doshqozonlarda beshbarmoq, sumalak, palovxonto‘ralar pishirilib, dasturxonlarga tortiladi. Kattalar kichkintoylarni ot va tuyalarda sayr qildirishadi.

 

Ko‘karmagan giyohlar ko‘karib ravon paydo…

Navro‘z (Nowruz) turkman xalqining ham eng qadimiy, go‘zal va betakror bayramlaridan biridir. Turkmanlar azaldan Navro‘zni tabiat qo‘ynida, xushmanzara go‘shalarda, qir-adirlarda nishonlab kelishgan. Momolar tayyorlagan semeni – sumalak, dog‘rama, pishme, palov singari lazzatli milliy taomlar bayram dasturxonini be­zaydi. Turkman elining to‘y-u bayramlarini ot – uloq-ko‘pkari musobaqalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Mamlakat poytaxtida, viloyat va etrap (tuman) markazlarida tashkil etiladigan milliy sport o‘yinlarida minglab chavandozlar, polvonlar o‘z kuch va mahoratlarini namoyish etadilar. Baxshilar, oqinlar Navro‘z, bahor, tinchlik, totuvlik, hamjihatlikni tarannum etuvchi doston, aydim, laparlarni ijro etadilar. Ayniqsa, tantanalarda katta-yu kichik “Qusht depdi” milliy raqsiga tushib, xursandchilik qiladi. Daraxt shoxlariga osilgan halinchaklar xotirjamlik, farovonlik, baxt-saodat timsoli hisoblanadi. Ayniqsa, yigit-qizlar bayram arg‘imchoqlarida uchib, o‘zlariga omad, baxt so‘raydilar. Dehqonlar oqsoqol – yoshullilardan duo olib, ko‘klamgi ishlarni boshlaydilar.

Navro‘zning umrboqiyligi, betakrorligi turkman xalq og‘zaki ijodida, mumtoz adabiyotida ham o‘z ifodasini topgan. Buyuk turkman shoiri Maxtumquli bu haqida shunday nafis misralarni bitgan:

Keldi navro‘z olamga, rang qilar jahon paydo,

Bulutlar ovoz urib, tog‘ qilar tuman paydo,

Bejonlara jon kirib, etarlar dahon paydo,

Ko‘karmagan giyohlar ko‘karib ravon paydo…

 

Yilda bir Navro‘z o‘lur

Turkiy adabiyotning mumtoz vakillaridan yana biri, buyuk ozarbayjon shoiri Muhammad Fuzuliyning dilbar g‘azallarida ham Navro‘zi olam vafsini uchratamiz.

Har kun ochar go‘nglumi zavqi visoling yangidan,

Garchi gullar ochmag‘a har yilda bir Navro‘z o‘lur.

Navro‘z qadim-qadimdan ozar qardoshlarimizning sevimli bayrami bo‘lib kelgan. Bu yurtda Navro‘z taraddudi, u bilan bog‘liq tadbirlar ancha erta boshlanadi. Qish chillasi chiqishi bilan o‘tkaziladigan «Xizr Nabi» marosimi shular jumlasidandir.

Navro‘zga bir oy qolganda ozarbayjonlar haftaning har chorshanba kuni gulxan yoqib, uning atrofida o‘yin-kulgi qilishadi. Bayramoldi so‘nggi chorshanbasida yosh-u qari olov ustidan hatlab o‘tadi. Hatto uy hayvonlarini ham yonib turgan olov ustidan olib o‘tishadi. Xalq aqidalariga ko‘ra, shu tariqa har bir kishining dard-alamlari, tashvishlari shu olovda yonib kul bo‘ladi. Marhumlar yodga olinib, ularning ruhi shod etiladi.

Bayram kunlari xalq qiziqchilari – «kal» va «ko‘sa»lar yelkalariga xurjun osib, milliy kiyimlarda ovul va mahallalarda, qishloq va guzarlarda ichakuzdi hangomalar aytib berishadi, turli kulgili tomoshalar ko‘rsatishadi. Tomoshabinlar ularni o‘z himmatiga yarasha siylaydi. Bayram sayillarida oshiqlar – ozar baxshilari davrada chordana qurib, soz chalib, xalq dostonlaridan o‘qiydilar. Kichkintoylar hovlima-hovli yurib, devor osha bosh kiyim – papoqlarini irg‘itadilar. Uy egasi esa bolalarning papog‘ini shirinlik, qand-qursga to‘ldirib qaytaradi.

 

Mushtarak qadriyatlar

Eron, Afg‘oniston va Markaziy Osiyoda istiqomat qiluvchi forsiyzabon xalqlarda Navro‘z bilan bog‘liq turli-tuman marosimlar, urf-odatlar hozirgacha saqlab qolingan. Masalan, afg‘onlar «haft sin» ya’ni sin (s) harfi bilan boshlanuvchi yetti xil taom tayyorlab dasturxonga tortadilar.

Navro‘z bilan bog‘liq qo‘shiqlar, bayt-u g‘azallarni xalq og‘zaki ijodida ko‘plab uchratish mumkin:

Navro‘z shudu lolayi xushrang baromad,

Bulbul ba tamomshoyi dafu chang baromad,

Murg‘oni havo jumla bikardand, chu parvoz,

Murg‘i dili mo az qafasi tang baromad.

(Navro‘z kelib, qirmizi lolalar ochildi, bulbullar daf va chang kabi cholg‘ular navosini tomosha qilgani kelishdi. Havo qushlari keng samoga parvoz qilganidek, bizning ko‘nglimiz qushlari ham tor qafasidan uchib chiqdi).

Qardosh xalqlar hayotida Navro‘zi olam bilan bog‘liq o‘xshash va o‘ziga xos jihatlar haqida ko‘p va mufassal gapirish mumkin. Bu mushtarak qadriyatlar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik, hamjihatlikning azaliy va abadiy ekanidan ham yorqin dalolatdir.

 

Oliyjanob g‘oyaga hamohang

Shu kunlarda xalqimiz sharqona yangi yil boshlanadigan qutlug‘ sana — Navro‘zi olamni yangi umid va yangi orzular bilan qarshi olmoqda. Zero, bu munavvar ayyom keyingi yillarda Vatanimizda amalga oshirilayotgan «Inson qadri uchun, inson baxti uchun» degan oliyjanob g‘oyaga hamohang bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi hamda mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida keng nishonlanmoqda. Ushbu fasl falsafasidagi insonparvarlik, odamzotni butun borliqning gultoji sifatida e’zozlash, ona zamin va tabiatni asrab-avaylash tamoyillari bugungi kunda hayotimizda yanada yorqin namoyon bo‘lmoqda.

Prezidentimizning “2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ushbu ayyom mamlakatimiz bo‘ylab “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida xalq sayillari shaklida yuqori saviyada nishonlanadi. Bayram oldidan, qolaversa, muqaddas Ramazon oyi ruhidan kelib chiqib, ayni kunlarda keksa avlod vakillarini yo‘qlash, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning, «Mehribonlik» , «Saxovat» va «Muruvvat» uylarida yashayotgan hamyurtlarimizning holidan xabar olib, turli xayriya tadbirlarini o‘tkazish ishlari boshlab yuborildi. Shahar va qishloqlarimizda hashar yo‘li bilan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish yumushlari qizg‘in davom etmoqda.

Doimiy an’anaga aylangan bu Navro‘zoldi tadbirlari, shubhasiz, jamiyatimizda hamjihatlik, oqibat, mehnatsevarlik va tinchliksevarlik muhitini sayqallashtirib, o‘sib kelayotgan avlod qalbida ezgulik, ona zaminga, tabiatga mehr tuyg‘ularini kamol toptirishga xizmat qiladi.

Navro‘z milliy va umuminsoniy qadriyatlari bilan xalqimiz hayotida hamisha beqiyos o‘rin tutadi, asrlar osha shakllangan urf-odat va an’analarimizni kelajak avlodga yetkazishda ko‘prik vazifasini o‘taydi. Bu ayyomning bebaho qadri-qimmati ham mana shunda aslida.

 

Rustam JABBOROV,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.

«O‘zbekiston ovozi», 19.3.2025, №11

 

 

Ijtimoiy himoya: aniq takliflar va qat’iy pozitsiya

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlari ijtimoiy masalalarni keng qamrab olgan. Partiya jamiyatda ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish, kambag‘allikni qisqartirish, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash bo‘yicha samarali siyosatni amalga oshirish tashabbusini ilgari suradi.

Partiyaning parlamentdagi vakillari ham, mahalliy Kengashlardagi deputatlari ham ayni shu maqsad yo‘lida faoliyat olib boradi. Joriy hafta boshida bo‘lib o‘tgan fraksiya yig‘ilishida va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida bu prinsip yana bir bor amaliy ifodasini topdi. Deputatlar ijtimoiy himoya masalalarida aniq taklif va qat’iy pozitsiya bildirdi.

 

Bosh vazir o‘rinbosari axborot berdi

Majlisda dastlab Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamovaning oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish borasida qilinayotgan ishlarga doir axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda oila institutini qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash, kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga ko‘maklashish, gender tenglikni ta’minlash borasida tizimli chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Faol islohotlar natijasida ayollarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35, tadbirkorlik sohasida 45, siyosiy partiyalar tarkibida esa 49 foizga yetdi. Hisobot davrida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlarning ulushi 52,2 foizni tashkil etdi.

Oliygohlarda, texnikum va kollejlarda 2022–2024 yillar davomida 397 ming nafar xotin-qizga 4 trln 298 mln 400 ming so‘m miqdorida 7 yil muddatga foizsiz ta’lim kreditlari ajratildi. Qo‘mita tavsiyanomasi bilan davlat granti asosida 8 ming 653 nafar ehtiyojmand xotin-qiz OTMga o‘qishga qabul qilindi.

Xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirishiga ko‘maklashish bo‘yicha ham muayyan ishlar qilinmoqda. Bu borada respublika bo‘yicha 6 ta tuman tajribasi ommalashtirilgan. Xonadonlarda uchtadan ortiq daromad manbalarini yaratish bo‘yicha Sayxunobod, hunarmandchilikni rivojlantirish orqali Jondor, xonadonda moliyaviy paketlarni joriy qilish bo‘yicha Nishon, Shofirkon, xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan kooperatsiyalar tashkil etish borasida Bag‘dod, kashtachilik maktabi va qo‘y junini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Shahrisabz tajribasi shular jumlasidandir.

Muhokamalarga boy bo‘lgan majlisda deputatlar amaliy ishlarni e’tirof etib, oilalarda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni qaror toptirish, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berdi. Kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olinib, parlament eshituvi yakuni bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.

 

Byurokratik to‘siqlar sabab dorilarni yetkazishda uzilishlar bor

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida dastlab «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlarining nogironligi bor shaxslarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyati, o‘zaro hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Fraksiya a’zolari joylardagi o‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari haqida savollar, fikr-mulohazalirini bildirdi.

Deputat Qizilgul Qosimova «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari partiya elektorati manfaatlari himoyasini kuchaytirish yo‘lida katta islohot bo‘lganini ta’kidladi va Ohangaron tumani misolida bu boradagi tahlillarga to‘xtalib o‘tdi.

Albatta, ayrim kamchiliklardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Misol uchun, nogironligi bor shaxslarga kam miqdorda olinadigan dori-darmon vositalarining tender orqali realizatsiya qilinishi belgilangan. Biroq turli byurokratik to‘siqlar sabab tenderga qo‘yilishida kechikishlar kuzatilmoqda, odamlarga dorilarni vaqtida yetkazib berishning imkoni bo‘lmayapti. Deputatga ko‘ra, bu boradagi mexanizmni qayta ko‘rib chiqish kerak.

Shuningdek, ijtimoiy muassasalarda bemorlarning soni me’yoridan ko‘p. Navbatda turganlar ham oz emas. Davolanib bo‘lgan, kimsasiz shaxslarni ijtimoiy uylarga joylashtirish orqali bu borada vaziyatni yengillashtirish mumkinligi hamda xizmat ko‘rsatishga mas’ul xodimlarning ish haqi masalasi yuzasidan fikrlar bildirildi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining mas’ullari bu borada o‘z munosabatini bayon etdi. Qayd etilishicha, texnik xodimlarning oylik maoshini belgilash tizimini autsorsingga o‘tkazish rejalashtirilgan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga texnik xizmat ko‘rsatadigan xodimlarning oyligi joriy yilda qayta ko‘rib chiqilgan bo‘lib, muassasadagi bemorlar soniga qarab belgilash tartibi joriy etilgan.

Tartibga ko‘ra, «Saxovat» va «Muruvvat» uylariga o‘zgalar yordamiga muhtoj shaxslar joylashtiriladi. Ammo o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lmagan, uysiz shaxslar ham ushbu markazlarga olib kelingan. Natijada bu muassasalarda davolanayotganlar va navbat kutayotganlar soni ko‘payib ketgan.

Agentlik mas’ulining ta’kidlashicha, ijtimoiy uylar masalasida ham muammolar bor. O‘zbekistonda 509 ta ijtimoiy uy-joy bo‘lib, ularda 10 mingta xonadon bor. Hozirda bu xonadonlarning 9 ming 600 tasi band, talab kamligi, uzoq masofada joylashgani va ta’mirtalabligi bois 400 tasi bo‘sh holatda. Ayni paytda ijtimoiy uylarga joylashtirish tartibi to‘g‘ri emasligi qayd etildi. Sababi, 9 toifadagi fuqarolar ijtimoiy uyga joylashtirilishi ko‘rsatilgan bo‘lib, odamlarning iqtisodiy holati inobatga olinmagan. Natijada ayni paytda 500 ga yaqin xonadondan boshqa maqsadda foydalanilmoqda. Masalan, o‘z xonadonini ijaraga berib qo‘yib, ijtimoiy uyda yashayotganlar yoki do‘kon sifatida ishlatayotganlar ham bor. Kimlardir esa boshqa davlatga ishlash uchun ketgan, ammo o‘z buyumlarini qo‘yish uchun joy qilib olgan.

Fraksiya a’zosi Irina Tokareva Toshkent shahri misolida «ijtimoiy karta»larni olish va ulardan foydalanish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari yetarli darajada emasligini qayd etdi. Mutasaddilar ushbu masalalar bo‘yicha aniq ma’lumotlar yetkazishga va’da berdi.

Fraksiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va Ijtimoiy himoya agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash rejalashtirilganini, shuningdek, deputatlar va agentlik xodimlari birgalikda o‘rganishlar tashkil etishi, doimiy muloqot kerakligini alohida ta’kidladi.

Yig‘ilishda qonun loyihalari ham muhokama qilindi. Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimining takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Fraksiya a’zosi Imomnazar Tursunov aholiga ijtimoiy yordam ko‘rsatishda shaxslarning (oila) iqtisodiy holatini aniqlashda bo‘shliqlar mavjudligi, xususan, ijtimoiy yordam yoki xizmat olish uchun murojaat qilgan shaxsning (oila) tijorat banklaridagi omonatlari, pul o‘tkazmalari bo‘yicha (mablag‘ qabul qilish yoki jo‘natish) ma’lumotlari va hisob raqamlaridagi qoldiq mablag‘larini o‘rganish ehtiyoji yuzaga kelayotganini urg‘uladi.

Mutasaddilar ushbu masalalar yechimi nazarda tutilayotgani, «ijtimoiy karta» tizimini yo‘lga qo‘yishga doir yangicha yondashuvlarga o‘tilayotganini aytishdi.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari har bir qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi, tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 19.3.2025, №11