Muallif: root_super
Tarbiyani ota-onadan boshlash kerak
Global ishsizlik va O‘zbekiston yoshlari
Ishsizlik muammosi nafaqat rivojlanayotgan, balki rivojlangan davlatlarda ham jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda 15-24 yoshdagi yoshlarda ishsizlik darajasi katta yoshli odamlar bilan solishtirganda uch baravar yuqori. XMT ekspertlari 2024 yilda global ishsizlik va ijtimoiy tengsizlik darajasi oshishini bashorat qilmoqda. Raqamlarga ko‘ra, ishsizlar armiyasi yana ikki million kishiga oshadi, bu esa global ishsizlik darajasini 5,2 foizga yetkazadi. 2023 yilda yuqori daromadli mamlakatlarda ishga talabgorlar ulushi 8,2 foizni, kam daromadli mamlakatlarda esa bu ko‘rsatkich 20,5 foizni tashkil etgan. Ishsizlik inqirozlaridan aziyat chekayotgan asosiy qatlam odatdagidek yoshlar bo‘lib qolmoqda (manba: UN News).
Shunday murakkab sharoitda O‘zbekistonada yoshlardagi bandlik darajasini oshirish, ularning ijtimoiy, iqtisodiy huquqlarini kafolatlash naqadar dolzarb ekanligini yaqqol his qilish mumkin. Mamlakatimiz mehnat bozoriga har yili o‘rtacha 600 ming nafar yangi yoshlar kirib kelmoqda va kelgusi o‘n yilda ushbu raqam bir millionga yetishi – bu hazil emas. Yoshlarga oid siyosatning eng ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lgan bandlik chora-tadbirlarini ta’minlash juda jiddiy va puxta yondashuvni talab etadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil “yoshlar balansi” bo‘yicha 925 ming yigit-qizning bandligini ta’minlash zarur. Kollej, texnikum va oliy o‘quv yurtlarini bitirgan 300 ming yoshni ishga joylashtirish, zamonaviy kasb-hunarlar va tadbirkorlikka jalb etish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizini yoshlar uchun yo‘naltirish, o‘zini o‘zi band qilish orqali minglab yigit-qizlarga doimiy daromad manbaiga ega bo‘lish imkoniyatini yaratish, raqamli texnologiyalar sohasida “Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” loyihasini hayotga tatbiq etish bugungi ustuvor vazifalar bo‘lib qolmoqda.
Yashirishning hojati yo‘q, ishsiz yoshlarning salmoqli qismi qishloq joylarda yashaydi. Qishloqlardagi mavjud infratuzilma, sanoatlashtirish jarayonining hali-hamon sustligi kabi ayrim omillar qatorida chekka hududlarda yashovchi aholi, shu jumladan, yoshlarning yetarli bilim va malakaga ega emasligi va natijada mehnat bozorida hukm surayotgan raqobatga dosh bera olmasligi mazkur holatning asosiy sababidir. Bu nima anglatadi? Demak, qishloqlarda eng avvalo ta’limni sifat bosqichiga chiqarishni jadallashtirish kerak.
Yana bir jihati, Prezident topshiriqqa asosan bu yil qishloq joylarda 600 ming 500 gektar yer yoshlar uchun ajratilishi belgilandi. Dehqonchilik qilib, daromad topaman, degan yoshlarni “O‘z kuningni o‘zing ko‘r” kabi tashlab qo‘ymay, balki har tomonlama qo‘llab-quvvatlash mexanizmi o‘rnatiladi. Ya’ni, tuman hokimi yerni suv ta’minoti yaxshi joydan ajratishga mas’ul bo‘ladi. Har bir yoshga qancha maydon ajratish bo‘yicha “mahalla yettiligi” taklif beradi. Yer olgan yoshlar “Agrobank”ning “Fermerlar maktabi”da hosildor va eksportbop ekinlar yetishtirishga o‘qitiladi. Mini-texnika, urug‘ va ko‘chatlar sotib olishga “Yoshlar daftar” jamg‘armasi hamda Fermerlar jamg‘armasidan subsidiya ajratiladi. Dehqon yoshlar eksportchi va qayta ishlovchi tadbirkorlar kooperatsiya asosida biriktiriladi.
Agar bu mexanizm joylarda o‘zining amaliy tasdig‘ini to‘liq topsa, shubhasizki, yuzlab emas, minglab qishloq yoshlarining bandligi ta’minlanadi.
Farida MAHKAMOVA
Farmbozorda nazorat instituti ishlashi kerak
Statistikaga ko‘ra, mamlakatimizda farmatsevtika bozori hajmi 2 milliard dollarni tashkil etadi. Lekin bu bozorda mahalliy mahsulotlarning ulushi fizik hajmda 40-45 foiz bo‘lsa-da, pul qiymatida 20 foizdan oshmaydi. Yana-da aniqroq qilib aytganda, mahalliy farmasevtika sanoatida ishlab chiqarish bin, spirt, shprits, analgin va citramondan nariga o‘tmayapti. Yurimizda yilda iste’mol qilinayotgan 1,6 milliard dollarlik dorilarning 80 foizdan ko‘prog‘i import hisobidan qoplanmoqda.
Tibbiyot amaliyotida qo‘llanishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reestriga joriy yil yanvar oyi holatiga mahalliy quvvatlardan tashqari 76 mamlakatning 1 ming 451 ta korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan o‘n minglab farmatsevtika mahsulotlari kiritilgan. Lekin dori vositalarining yashirin aylanishi bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.
Asosiy muammo esa xalqimizning dori vositalaridan foydalanish madaniyatining sustligida yaqqol ko‘rinmoqda. Jumladan, jahonda tibbiy amaliyotda bahstolib bo‘lgan turli antibiotiklarni qabul qilish (JSST ma’lumotiga ko‘ra, bir yilda dunyoda antibiotikni noto‘g‘ri iste’mol qilganligi tufayli 700 ming odam hayotdan ko‘z yumdi) ustidan nazoratning umuman yo‘qligi, oilaviy poliklinikalar va shifoxonalarda belgilangan protokollarga amal qilmasdan, “pul ishlash” uchun farm-kompaniyalar foydasiga retsept yozish holatlarining uchrashi bor gap. Bu haqda shu yilning 4 fevral kuni Prezident raisligida ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda so‘z yuritilib, mana shunday o‘zib-o‘rlikdan xalqimizning sog‘ligi ham, cho‘ntagi ham zarar ko‘rayotgani qattiq tanqid qilindi.
Qo‘shimcha ravishda, bir turdagi dorining turli dorixonada turlicha narxlarda sotilishi, birlamchi tibbiy muassasalarda aholining 120 turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlanish amaliyoti barcha joyda ham birdek ishlamayotgani, ayrim “uchar” tadbirkorlarning mavsumiy kasalliklar avj olgan pallada talab yuqori bo‘lgan xapdor, sirop, tomchi yoki in’eksiya vositalarini qimmat narxlarda sotishi va aholining ehtiyojmand qatlamiga qiyin vaziyatni yuzaga keltirayotganini yashirishning hojati yo‘q.
Yana-da og‘riqli jihati, farmatsevtika sohasida nazorat institutining yetarli darajada shakllanmaganligi, keng jamoatchilik va soha mutaxassislarining farmbozoridagi muammolarni o‘rganib, asosli yechimlarni taklif qilish bo‘yicha aytarli tashabbus ko‘rsatmayotgani nafaqat farmmahsulotlari narx-navosining asossiz oshishiga, balki qalbaki, kontrafakt dori vositalari muomalasiga ham sharoit yaratmoqda. Korruptsiya va dori vositalarini ro‘yxatga olish hamda sotishni tasdiqlash jarayonlarida shaffoflikning yo‘qligi esa qanday oqibatlarga olib kelishini o‘sha mash’um “DOK-1 MAX” ishi (Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi ishlab chiqarilgan ushbu preparat tufayli yurimizda 65 nafar bola vafot etdi) misolida ko‘rishimiz mumkin.
Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan oyning 23 sanasida Prezident aynan farmatsevtika tarmog‘iga oid istiqbolli rejalar taqdimoti bilan tanishib, iqtisodiyot hamda aholi salomatligida muhim o‘rin tutadigan bu sohani tartibga solishga alohida urg‘u bergan edi.
Ta’kidlanganidek, 2024-2025 yillarda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” asosida joriy yilda 400 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 200 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. 2 milliard dollarlik 147 ta loyihaga start berilib, shundan 28 tasi 2024 yilda ishga tushirishi belgilangan. 450 turdagi farmatsevtika mahsulotini mahalliylashtirish mo‘ljallangan. Ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga o‘tkazish, narx va sifat mutanosibligini ta’minlash maqsadida sohada raqamlashtirishni bu yil 65 foizga yetkazish, keyingi yil esa to‘liq yakunlash vazifasi kun tartibiga qo‘yildi. Bu orqali farmmahsulotlar narxini kamida 20 foizga arzonlashtirish mumkinligi qayd etildi. Soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.
Mutaxassislar mamlakatimizda dorixonalar ko‘pligi (o‘rtacha 2 ming aholi uchun 1 ta dorixona to‘g‘ri kelishi) iqtisodiy jihatdan foyda keltirgan bo‘lsa-da, ijtimoiy tomonidan ko‘proq zararli ekanini aytmoqdalar. Chunki har qadamda dorixona bo‘lgach, retseptsiz dori vositalarini sotish holatlariga butkul chek qo‘yish imkonsiz qolmoqda. Demak, o‘sha masala – sohada har qancha yaxshi o‘zgarishlar, istiqbolli rejalar amalga oshmasin, farmatsevtika rivojiga erishish, aholining sifatli, xavfsiz, kafolatlangan va arzon dori vositalari hamda tibbiy buyumlar ta’minotini to‘m ma’noda yaxshilash uchun nazorat instituti har qachongidan ham kerak bo‘lmoqda.
Nazorat institutining ishlashi uchun birinchilar qatori, tabiiyki, xalq ishonch bildirgan siyosiy partiyalar tashabbuskor bo‘lmog‘i lozim.
Farida MAHKAMOVA
Yozgi ta’til totli o‘tmoqda mi?
Yozgi ta’til mavsumi nafaqat maktab yoshidagi bolalarimiz, balki biz, kattalar ham intiq bilan kutadigan palladir. O’qish davridagi charchoqlar, qaydidir ma’noda stresslardan engil tortib, hordiq chiqarish uchun qulay fursat. Lekin yozgi ta’til boshlanishi bilan ota-onalar oldida yana bir muhim masala paydo bo’ladi. Bu, aniq uch oy davom etadigan ta’tilda bolaning bo’sh vaqtini maqsadli tashkil etish bilan bog’liqdir.
Raqamlarga e’tibor qiling. 2023 yilning yoz mavsumida mamlakatimizda bolalar salomatligini mustahkamlash va tiklash, ta’til davrida ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish maqsadida jami 196 ta stasionar bolalar sog’lomlashtirish oromgohi faoliyati yo’lga qo’yilib, ularda 158 ming nafar o’g’il-qiz hordiq chiqargan. Joriy yil mavsumida esa 192 ta oromgohda 157 ming 960 nafar bola dam olishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari 1 ming 105 ta kunduzgi oromgohga 174 ming 200 nafardan ziyod bolalarni jalb qilish ko’zda tutilyapti. Vaholanki, yurtiimizda 7-14 yoshli bolalar soni 4 million 668 ming 779 nafarni tashkil qiladi. Muammo ham aynan shu yerda yuzaga kelmoqda. Ya’ni, ko’rib turibmizki, oromgohlarga yo’naltiriladigan bolalar o’quvchilar umumiy sonining o’n foiziga ham yetmaydi. U holda oromgohlarga bormaydigan bolalar-chi? Ular uchun yozgi ta’til qanday mazmun-ahamiyat kasb etadi?
Haqiqat shuki, o’tgan yillar davomida mamlakatimizda bolalar sog’lomlashtirish oromgohlari soni aholining o’sish dinamikasiga mutanosib tarzda oshib borishi ta’minlanmagan. Jumladan, bolalar soni 1991 yilga nisbatan 71 foizga ko’paygan bo’lsa-da, ularni sog’lomlashtirish oromgohlari soni ikki baravarga qisqargan.
Qishloq joylardan farqli o’laroq shahar sharoitida oromgohga bormagan bolalarning uch oylik ta’tilni sport maktablari yoki repetitorlarga, o’quv kurslariga, kasb-hunar o’rgatish markazlariga qatnab o’tkazishi urbanizatsiyalashgan muhitga xos an’analaridan biriga aylandi. Bola bekor qolmasin degan vaj bilan uning jismoniy va aqliy salohiyatini rivojlantirishdek yaxshi niyatda ta’til payti asosan o’qish yoki sportga yo’naltiramiz. Sarmoyani ayamaymiz. Lekin hech o’ylab ko’rganmisiz, bunday yondashuv qancha to’g’ri va samarali? Asosiysi, farzandimiz xohish-istagiga, manfaatlariga uyg’unmi?
Shunisiga aniqlik kiritish lozimki, yozgi ta’til bolaning ziyoniga bo’lmasligi kerak. Psixologlar kattalardagi kabi bolalarda ham doimiy ish faoliyatni o’zgartirmaslik ruhiy zo’riqishga olib kelishini, yil bo’yi o’qigandan ko’ra ta’til paytida rosmana hordiq chiqarib, keyin yana o’qishni davom ettirish nafaqat jismoniy salomatlikka, balki bilimni o’zlashtirish darajasiga ham foydali ekanini ta’kidlaydilar. “Bundan tashqari ta’til oila ichidagi o’zaro aka-uka, opa-singil munosabatlarini mustahkamlash uchun ham kerak. Chunki doimiy maktab paytida bolalarning birga vaqt o’tkazish imkoniyati kam bo’ladi. Shuning uchun ham ta’til oilaviy yaqinlik uchun eng maqbul payt”, degan fikrni ilgari surishadi.
Odatda yoz mavsumida qachon va qaysi oromgohga borish ota-onaning va bolaning shaxsiy tanlovi hisoblanadi. Belgilangan tartibga ko’ra, ota yoki ona faoliyat yuritayotgan tashkilot kasaba uyushmasi bo’limi tomonidan beriladigan yo’llanma orqali bolani oromgohga yuborish mumkin. Agar ota yoki ona ishlayotgan tashkilot Kasaba uyushma Federatsiyasiga a’zo bo’lmasa, u holda tanlangan oromgoh tashkilotining boshlang’ich kasaba uyushmasi bo’limiga murojaat qilib, yo’llanmani to’liq narxda sotib olish taqozo etiladi. Aytganiday, hozirgi kunda yozgi oromgohlarning elektron sahifalari ham mavjud bo’lib, Internet orqali bu sahifalarga kirib, onlayn shaklda yo’llanma xarid qilish mumkin.
2024 yil yozgi ta’til uchun oromgohlar.uz saytida yurtiimizdagi ancha mashhur bolalar oromgohlarining narx-navosi bilan tanishganimizda, bir mavsum (10-12 kunlik muddat) yo’llanmasi 1 mln. 400 ming so’mdan boshlanib, 3 mln. 200 ming so’mgacha baholanganini ko’rdik. Bir qarashda bu summa unchalar qimmatmasdek. Ammo o’rtahol va serfarzand oila uchun arzonlik ham qilmaydi. Ayniqsa, qishloq joylarda.
Farida MAHKAMOVA
Bolalar mehnati va zo‘ravonliklarga qarshi
Baxtiyor bolalik huquqi ta’lim olishdan tashqari malakali tibbiy xizmatdan foydalanishni ham nazarda tutadi. Mamlakatimizda bu yo’nalishda olib borilayotgan izchil islohotlar xususida muxtasar so’z yuritish imkonsiz. Biroq shu yerda bolalikni muhofaza qilish borasida yana bir dadil qadam qo’yilganini aytib o’tish o’rinli. Gap shundaki, joriy yil 5 fevral kuni o’tgan videoselektor yig’ilishida Prezident tibbiy xizmat sifati haqida to’xtalar ekan, endilikda har bir ona va bola o’limi “favqulodda holat” deb baholanishi va so’rov ham shunga yarasha bo’lishini urg’uladi. 2030 yilga qadar mamlakatda onalar va bolalar o’limi, shuningdek, bolalar o’rtasida irsiy kasalliklarni kamida 2 barobarga qisqartirish, onkologiya, yurak-qon tomir, diabet, nafas yo’llari va yuqumli kasalliklar bo’yicha o’limni 2 yarim barobarga kamaytirish ustuvor vazifalar sirasiga kiradi.
Aytganday, yaqindagina davlat rahbarining “Onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordam ko’rsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga asosan 2030 yilgacha onkologik kasalliklarga chalingan bolalarning omon qolish darajasini 60 foizga oshirish uchun muhim vazifalar aniq-tiniq belgilab berildi. Bu bolalar salomatligi sohasida yana bir katta marradir.
Yangi Konstitutsiyamizning 44-moddasida bolalar mehnatining bola sog’lig’iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan, uning ta’lim olishiga to’sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanishi ko’rsatib o’tildi. 2018 yildan beri tegishli kodeks va qonunlarga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritilib, bolalar mehnatidan foydalanishga yo’l qo’yilmaslik to’g’risidagi talablarni buzish hamda mehnatga majburlash kabi xatti-harakatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik kuchaytirildi. Bunday qat’iy yondashuv pirovardida yurtimizda yaqin davrgacha bola huquqlari sohasida og’riqli nuqtamiz bo’lib kelgan bolalar mehnatiga uzil-kesil chek qo’yib, davlatning kuchli siyosiy irodasini, jamiyatning toqatini namoyon etayotganini kundek ravshan.
Xuddi shunday, bolalarni zo’ravonlikning barcha shakllaridan asrash, ular uchun oilada ham, jamiyatda ham qulay, xavfsiz muhitni qaror toptirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish ishlari allaqachon yangi sur’atga kirgan.
Prezidentimizning 2019 yil 22 apreldagi qaroriga muvofiq, Bolalar ombudsmani lavozimi joriy etildi. 2024 yilning 29 fevralidan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Bola huquqlari bo’yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to’g’risida”gi Qonun kuchga kirdi. Shu yo’sinda bolaning shaxsi, sha’ni, qadr-qimmati, huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlari himoyasiga butun jamiyat va davlatni faol jalb qilishning tashkiliy, institutsional asoslari yanada mustahkamlandi.
Bola huquqlari sohasidagi bu o’zgarishlarni davr taqozosi, desak yanglishmaymiz. Chunki o’z-o’zini himoya qilishga qodir bo’lmagan bolalarning aksar vaziyatda oilada ota-onasi yoki ular o’rnini bosuvchi shaxslar tomonidan kaltaklanishi, zo’ravonlikning boshqa turli shakllariga duch kelishi bilan bog’liq holatlar uchrab turishi sir emas. Multiindikator klaster kuzatuvi (MICS) O’zbekistonda 1 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan 3 nafar boladan 2 nafari (62 foiz) zo’ravonlik bilan tarbiyalash usullarini boshdan kechirganini (jismoniy jazo va/yoki psixologik bosim), 15-19 yoshli qizlarning 33 foizi oilada er o’z xotinini kaltaklashga haqli deb hisoblashini ko’rsatgani so’zimiz isboti. Darvoqe, bolaga yetarlicha g’amxo’rlik qilmaslik, mehr ko’rsatmaslik ham zo’ravonlikning bir turi sanaladi.
Ma’lumot uchun. Har yili dunyo bo’ylab 1 milliarddan ortiq bola jismoniy, hissiy yoki jinsiy zo’ravonlikka duchor bo’ladi.
Farida MAHKAMOVA
Toshkent bekatlarini “uchar” tadbirkorlar egalab olmoqda
Bugungi kunda poytaxtimizda 50 dan ortiq mahalla hamda 400 dan ortiq ko’cha mavjud va bu ko’chalarning 8 tasi asosiy hisoblanadi. Tabiiyki, yirik megopolis shaharlardagi kabi poytaxt aholisi, dunyoning to’rt tomonidan keladigan mehmonlari o’sib boryapti. Zamonaviy xizmatlar, ravon va keng ko’chalar, ish o’rinlariyu dam olish joylari bilan bir qatorda jamoat transportiga bo’lgan ehtiyoj ham ortmoqda.
Sir emaski, shahar aholisi va mehmonlarning katta qismi jamoat transportlaridan foydalanadi. Shunga qarab poytaxt transportini qulaylashtirish choralari ko’rilyapti. Misol uchun, yer usti metro yo’nalishlari qurilib, avtobuslar soni oshirilyapti. Zamonaviy transportlarga mos bekatlar qurish ishlari ham izchil bormoqda.
Xususan, 2023 yilning noyabr oyida sinov tariqasida “smart” bekatlar qurish boshlanganini xabar qilishdi. Ya’ni, Bobur va Furqat ko’chalarida yo’llarni joriy ta’mirlash, transport harakatini optimallashtirish, ITT joriy etilishi haqida xabar qilingan edi. Bekatlarga konstruktsiyadan tashqari, bankomatlar, vending apparatlari, bepul Wi-Fi, marshrutlar va avtobusning yetib kelish vaqti bo’yicha elektron tablo, shuningdek, kuzatuv kameralari, chiqindi tashlash qutilari va mobil qurilmalarni quvvatlantirgichlar o’rnatilishi kerak. Bundan tashqari, bekatlar nogironligi bo’lgan shaxslar uchun panduslar bilan jihozlanishi lozim.
Ayni paytda Toshkentda 2 mingdan ortiq (!) avtobus bekatlari mavjud va ularning ko’pchiligi talablarga javob bermay qolgan. Bekatlarning hajmi, uzunligi, joylashuvi esa jiddiy o’ylab ko’rish kerak bo’lgan yana bir katta masala sanaladi.
Birinchi muammo. Yo’lovchi gavjum bo’ladigan joylarda deyarli barcha bekatlar turli savdo, xizmat ko’rsatish shoxobchalariga aylantirib olingan.
Ikkinchi muammo. Bekatlarda yo’lovchilar uchun juda kam joy qolgan. Yozda jaziramada, qish-qirovli kunlarda sovuqda tashqarida turishiga to’g’ri kelmoqda.
Uchinchi muammo. Avtomobil yo’llari toifasiga qarab, avtobus bekatlarining jihozlanish tartibi mavjud, ammo bunga har doim ham amal qilinmaydi. Masalan, chiqish va tushish maydonchalari, kutish joyi, o’tish chiziqlari, avtobuslar to’xtashi uchun yo’lning maxsus kengaytirilgan qismi, ajratuvchi chiziq, piyodalar yurish yo’lakchalari, piyodalar o’tish joyi, avtopavilon, o’rindiqlar, chiqindi qutilari va albatta yoritish uskunalari bo’lishi lozim.
To’rtinchi muammo. Bekatlarda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning harakatlanishi va xavfsizligi uchun sharoit yo’q hisobi. Poytaxtimizning Yunusobod, Mirobod, Yakkasaroy, Sergeli, Shayxontohur tumanlaridagi bir nechta ko’chalarda bo’lganimizda aksariyat bekatlarda nogironlar aravachasi harakatlanishi, transport yo’lidan himoyada, noqulay ob-havodan panada turishi uchun avtopavilonga o’ta olmasligini ko’rdik. Borlari ham belgilangan qiyalik me’yoriga javob bermaydi. Ularda harakatlanish imkonsiz.
Albatta, avtobus bekatlarining tadbirkorlarga berilishining o’ziga xos talablari bor. Misol uchun, bekatni obodonlashtirish, ozodaligi va qulayligini nazorat qilish, muhimi, bekatda odamlar uchun eng zarur bo’lgan xizmatlarni taqdim etishdan iborat bo’lishi kerak.
Vazirlar Mahkamasining 482-son qaroriga ko’ra, hokimliklar va yo’l organlari qurilish normalari va qoidalariga muvofiq shaharlarda va aholi punktlarida sutkaning qorong’i vaqtida avtobus bekatlari hamda ularning atrofi yoritilishini tashkil etishni ta’minlashi zarur. Mazkur qoida markazlarda amalda. Ammo markazdan uzoqroq bo’lgan bekatlarda qaror ijrosini ko’rmaysiz. Vaholanki, bu sutkaning qorong’u qismida xavfsizlikni ta’minlashning muhim sharti sanaladi. Aksariyat bekatlar esa hamon o’tgan asr standartlari bilan qolib ketgan. O’zgartirilganiga ham yog’ingarchilik paytida odamlar sig’maydi.
Yunusobod tumani, Bog’ishamol ko’chasi, test markazi bekati. Bekat to’liq tadbirkor tomonidan egallangan.
Chingiz Aytmatov va Shivli ko’chalari kesishmasida joylashgan “Shivli ko’chasi” bekati. Bu yerda bekat nafaqat tadbirkor tomonidan egallab olingan, balki ruhsatnomasiz tag-tubi bilan buzib yuborilganiga guvoh bo’ldik.
Xuddi shu manzildagi 2-bekat ham aholi, xalq emas, tadbirkorlar ixtiyorida. Holbuki, Prezident qarorida avtobus bekatlarida faqat reklama vositasi, bankomatlar va oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishga mo’ljallangan o’ziga o’zi xizmat ko’rsatish (vending) avtomatlarini joylashtirishga ruxsat etilishi belgilangan.
Shota Rustaveli, Bobur, Nukus, Amir Temur, Shahrisabz, Xurshid, Sharof Rashidov, Osiyo kabi ko’chalarda bo’lganimizda ham bu kabi holatlarga guvoh bo’ldik.
Avtobuslarning bekatlardan ancha uzoqda majburan yoki ixtiyoriy ravishda to’xtashlari, bekatlar ko’proq savdo shoxobchalari va tamaddixonalarga aylantirib olingani, qarovsizligi, nogironligi bo’lgan shaxslar uchun moslashtirilmagani, atrofda tashqi omil ta’siridan himoyalash xususiyatiga ega emasligi, bir so’z bilan aytganda, egasizligini ko’rdik.
Haydovchilar bilan suhbatlashganimizda bekatlarning kichikligi, bir vaqtning o’zida ikkita avtobus kelib qolsa, to’xtash uchun joy yo’qligini ta’kidlashdi. Ayrim bekatlar atrofi avtomobil turargohiga aylantirib olingani ham harakat xavfsizligiga ta’sir qilishi aytildi. Ayniqsa, 15 metrdan uzunroq bo’lgan zamonaviy avtobuslarning to’xtashi uchun bekatlarda sharoit deyarli yo’qligi ularni ham tashvishga solmoqda.
Zilola UBAYDULLAYEVA.
Yaponiya – Oyni zabt etgan beshinchi davlat
Yaponiya uchirgan kosmik kema Oy yuzasiga muvaffaqiyatli qo’ndi. Bu haqda «Meduza» xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko’ra, Yaponiya ning SLIM (Smart Lander for Investigating Moon) kosmik kemasi Oy yuzasiga muvaffaqiyatli qo’ndi. Ammo hozirda muhandislar uning akkumulyatorining quvvati butunlay tugashi mumkinligidan xavotirda. Chunki qurilmaning quyosh panellari elektr energiyasi ishlab chiqarmayapti. Agar batareyalar tugasa, SLIM bilan aloqa uzilishi mumkin.
Yaponiya kosmik agentligi vitse-prezidenti Xitoshi Kuninaka raketaning Yerga yumshoq qo’nishi asosli ekanini ta’kidladi:
«Agar qo’nish muvaffaqiyatli bo’lmaganida, juda katta tezlikda Oy yuzasi bilan to’qnashuv sodir bo’lardi va kosmik kemaning funktsiyalari butunlay yo’qolardi. Lekin u hali ham bizga muntazam ravishda ma’lumotlar yetkazmoqda. Demak, biz maqsadimiz – muvaffaqiyatli qo’nishni amalga oshirdik,» dedi u.
Ma’lumot uchun, SLIM ning oyga muvaffaqiyatli qo’nishi Yaponiya ni AQSh, Sobet Ittifoqi, Xitoy va Hindistondan keyin Oyga yetgan beshinchi davlatga aylantirdi.
Telegram o’z ichki valyutasini joriy qildi
Telegram Stars deb nomlangan raqamli valyutani elektron kitoblardan va onlayn kurslardan tortib, o’yinlardagi mahsulotlargacha har qanday raqamli tovarlarga sarflash mumkin.
Telegram asoschisi Pavel Durov messenjerda ichki valyuta ishga tushirilganini e’lon qildi. U Telegram Stars deb nomlanadi va undan botlar va mini-ilovalarda raqamli xizmatlarga haq to’lash uchun foydalanish mumkin.
Kompaniya blogida xabar qilinishicha, «yulduzlar» Apple va Google marketinglarida ilova ichidagi xaridlar tizimi orqali yoki PremiumBot yordamida xarid qilinadi. Uni Telegram platformasidagi elektron kitoblardan va onlayn kurslardan tortib, o’yinlardagi mahsulotlargacha har qanday raqamli tovarlarga sarflash mumkin.
Mini-ilova ishlab chiquvchilari to’plangan «yulduzlarni» keyinchalik Fragment platformasi orqali Toncoin kriptovalyutasida chiqarib olishlari mumkin bo’ladi. Shuningdek, Telegram ilovalarini yanada targ’ib qilish uchun ichki valyutadan foydalanish mumkin.
O’zbekiston mobil internet narxlari reytingida….
Mamlakatdagi o’rtacha ish haqi asosida mobil internet mavjudligini baholovchi Mobil Ma’lumotlarning Arzonligi Indeksida (Mobile Data Affordability Index) O‘zbekiston 179 davlat orasida 43-o‘rinni egalladi. Bu haqda ushbu indeks sayti ma’lumot berdi.
Mobil ma’lumotlarning arzonligi reytingini aniqlash uchun mualliflar 10 GB dan ortiq ma’lumotga ega bo‘lgan oylik mobil telefon rejasining o‘rtacha narxini o‘rtacha ish haqi bilan solishtirdilar.
MDH davlatlaridan mobil internet mavjudligi bo‘yicha Rossiya 26-o‘rinda, O‘zbekiston 43-o‘rinda, Armaniston 55-o‘rinda, Belarus 61-o‘rinda, Qozog‘iston 63-o‘rinda, Qirg‘iziston 90-o‘rinda, Ozarbayjon 114-o‘rinda, Tojikiston 163-o‘rinda joylashgan.
Afg‘oniston internetdan foydalanish imkoniyati bo‘yicha Tojikistondan ikki pog‘ona ortda qolib, 161-o‘rinni egallagan.
Reytingga ko‘ra, butun dunyo bo‘yicha 10 GB dan ortiq ma’lumotlarga ega mobil telefon rejasining o‘rtacha narxi 24,20 dollarni tashkil etadi, odamlar bunga o‘z maoshlarining 4,1 foizini sarflaydi.
MDH davlatlari orasida internet narxlari reytingida Qirg‘iziston 8-o‘rinda (1 gigabaytning o‘rtacha narxi 0,17 dollar), Rossiya 15-o‘rinda (0,25 dollar), O‘zbekiston 22-o‘rinda (0,30 dollar). Qozog‘iston 35-o‘rinda (0,41 dollar), Belarus 66-o‘rinda (0,67 dollar), Armaniston 88-o‘rinda (0,98 dollar), Ozarbayjon 146-o‘rinda (1,76 dollar) joylashgan.