Qozog‘istonda 10 ta magnit yutib yuborgan bola vafot etdi

 

Qozog‘istonning Qo‘stanay viloyatida 10 ta magnit yutib yuborgan uch yashar bola vafot etdi. Ma’lum qilinishicha, hodisa iyul oyi boshida Rudniy shahrida kuzatilgan. Uni bolalar shifoxonasiga olib borishgan, biroq bola bir necha kun o‘tib vafot etgan. Marhumni operatsiya qilgan shifokorlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bola oilasining advokati Damir Xamitov ma’lumotni tasdiqlagan.

 

Komissiya diagnostika va davolashning klinik protokollarida tibbiy xato, yirik jarrohlik amaliyotiga yetarli tayyorgarlik ko‘rilmaganini aniqlagan. Bu esa sepsis va DVS-sindromi bilan kechuvchi septik shok, o‘tkir respirator distress sindromi, bosh miya shishining rivojlanishiga olib kelgan. 20-sentyabr kuni jinoyat ishi Qo‘stanaydagi Shimoliy politsiya bo‘limida tergov ishlari reyestriga kiritilgan.

Erondagi ko‘mir konida kuchli portlash sodir bo’ldi

 

Eronning Avariya Tabas shahridagi ko‘mir konida portlash yuz berdi. Bu haqda “MIR 24” telekanali xabar bermoqda.

 

Gaz-havo aralashmasi tunnelining ikkita blokida metan gazi chiqishi oqibatida portlash yuz bergan. Portlash vaqtida 250 metr chuqurlikda deyarli 70 nafar ishchi bo’lgan. Ulardan 50 nafari halok bo’lgan. Tirik qolgan esa turli jarohatlar olishgan. Qutqaruv operatsiyasida 40 nafar kishi ishtirok etayotgani ma’lum qilindi.

 

Eron prezidenti Masud Pezeshkian halokat sabablarini aniqlash va aybdorlarni javobgarlikka tortishni talab qilgan.

Messi nega «Inter Mayami»ni tanlagandi?

 

“Inter Mayami” klubi xo‘jayini Devid Bekxem Lionel Messining AQSH jamoasiga o‘tishi sabablarini ma’lum qildi.

 

“Leo oilasi ajoyib hayot kechirishi uchun ko’chib o’tishi mumkin bo’lgan yaxshi joy topishni xohlardi. Bu uning uchun juda muhim edi. Uni jamoaga olib kelishni orzu qilardik. Futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchi kim ekanligi haqida har kimning o’z fikri bor. Lekin, MLSda bugungi kunning eng buyuk futbolchisi bor va u «Inter Mayami»da to’p surmoqda. Har kuni mashg’ulotlarga boraman, hozirgacha jamoamizda Leoning borligiga ishonmayman. Shuningdek, men uning maydonda qanday harakat qilayotganini kuzatishni xohlayman», – deya Bekxemning so’zlaridan «Goal» nashri iqtibos keltirdi.

 

Messi o’tgan yili «Inter Mayami» jamoasiga qo’shilgan edi. Bu vaqt ichida argentinalik futbolchi jamoasi safida 32 ta gol urdi.

Tramp saylovda yutqazsa, nomzodini boshqa qo‘ymoqchi emas

 

AQSH sobiq rahbari va prezidentlikka nomzod Donald Tramp agar noyabrdagi saylovlarda mag‘lubiyatga uchrasa, nomzodini boshqa qo‘ymasligini aytdi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.

 

«Full Measure» teleko‘rsatuvi boshlovchisi siyosatchiga tegishli savol bilan murojaat qilgan. Trampdan 2028-yilda prezidentlikka qaytishga yana bir bor urinib ko‘rishi ehtimoli so‘ralgan.

 

«Yo‘q. Menimcha, hammasi shu bilan tugaydi. Men yana nomzod sifatida o‘zimni umuman ko‘rmayapman. Umid qilamanki, bu safar biz muvaffaqiyatga erishamiz», – degan Tramp.

 

AQSH qonuniga ko‘ra, bir odam ikki muddatdan ortiq prezidentlik lavozimini egallashi mumkin emas. Shu uchun Tramp g‘alaba qozongan taqdirda ham 2028-yilda yana o‘z nomzodini qo‘ya olmaydi.

Olmaliqda maktab o‘quvchilari suvdan zaharlangani rostmi?

 

Toshkent viloyati Olmaliq shahrida maktab o‘quvchilari suvdan zaharlangani aytilmoqda. Bu haqda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, holat Olmaliq shahrida joylashgan ixtisoslashtirilgan Buxoro maktabida sodir bo‘lgan. Ayni paytda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Olmaliq shahar bo‘limida faoliyat yurituvchi mas’ullardan iborat ishchi guruh holatni o‘rganmoqda.

 

O‘rganishlar yakunida batafsil ma’lumot berilishi ta’kidlangan.

Bayrut havo hujumi qurbonlari soni 31 kishiga yetdi

 

Isroilning Bayrutga uyushtirgan havo hujumi natijasida halok bo‘lganlar soni 31 kishiga yetdi, 68 kishi jarohat olgan. Bu haqda Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

 

Taxminan 20 kishi bedarak yo‘qolgan, deyiladi «Al-Mayadeen» telekanali bergan xabarda. Bugun Al-Qaim mahallasida vayronaga aylangan ikki uy qulagan joyda qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davom ettirilgan. Havo hujumi chog‘ida Hizbullohning ikki harbiy yetakchisi va 13 nafar qo’mondoni halok bo‘lgani tasdiqlandi.

92 yoshli ona farzandlarini sudga berdi

 

Qozog‘istonning Aqto‘be shahrida 92 yoshli onaxon farzandlaridan aliment talab qilib, sudga murojaat qildi. Ish Aqto‘be shahar sudida ko‘rib chiqilgan. Ish materiallariga ko‘ra, da’vogarning 9 nafar farzandi bor. Ona ulardan biri bilan yashaydi, shuning uchun u suddan qolgan 8 nafar sudlanuvchidan aliment undirishni so‘ragan.

 

Sudda ayol 92 yoshda ekani va ko‘plab surunkali kasalliklardan aziyat chekayotganini bildirgan. Da’vogar kenja qizi bilan yashashini, unga moddiy yordam ko‘rsatishini tushuntirgan. Uchrashuv davomida sudlanuvchilar onaga yordam berayotganini tasdiqlay olmagan.

 

Da’vogarning aytishicha, u 5-6 yildan beri qolgan farzandlarini ko‘rmagan. Ayblanuvchilarning ta’kidlashicha, kenja qizi ularni uyga kiritmagan, ammo bu haqda hech qanday dalil keltirilmagan. Sud buni nogiron ota-onani qo‘llab-quvvatlash majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlash sifatida baholagan.

 

Ayol o‘z farzandlaridan aliment undirish huquqiga ega bo‘lsa-da, lekin ulardan to‘rt nafari pensiya yoshiga yetganligi, undan aliment undirilishi shart emasligi hisobga olingan. Ma’lum qilinishicha, sud tomonidan to‘rt nafar sudlanuvchining har biridan onaning foydasiga 7 oylik aliment undirilgan.

 

Bolgariyada hindistonlik erkak vaboga chalingani aniqlandi

 

Bolgariyada 1921-yildan beri birinchi vabo kasalligi qayd etildi. Kasallik o‘tkir diareya bilan kasalxonaga borgan 23 yoshli hindistonlik erkakda aniqlangan. Kasallik laboratoriya ma’lumotlari bilan tasdiqlangan, deb xabar bergan mamlakat sanitariya nazorati.

 

Bemor bilan aloqada bo’lgan yana bir kishi ham izolyatsiya qilingan. Shifoxona xodimlariga ko‘ra, kasalxonaga yotqizilganlarning ahvoli qoniqarli. Tibbiyot muassasasida epidemiyaga qarshi qatʼiy rejim joriy etilib, dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.

 

Asr ayolining qabr toshi ham sotildi

Kecha, 31 mart kuni Amerikalik qo’shiqchi, model Merilin Monro va «Pleynboy» jurnali asoschisi Xy u Hefnerga tegishli ko’plab buyumlar, jumladan, aktrisa bir paytlar kiygan pushti libos, shuningdek, Hefnerga tegishli smoking va shippak kimoshdi savdosida sotildi. Bu haqda «The Hollywood Reporter» nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Los-Anjelesdagi «Pirs Brothers memorial» parki Xy u Hefner va Merilin Monroga tegishli turli xil buyumlarni sotgan. «Julian’s Auctions» ma’lumotlariga ko’ra, tarixiy ko’ylak 325 000 dollarga sotilib, u kimoshdi savdosida oldingi rekordlarni yangilagan. Shu bilan birga, Monro qabrini eskirgan toshi 88 900 dollarga baholangan.Hefnerning rangli smokingi, shippaklari, pijamalar va trubkasi 13 000 dollarga va unga buyurtma qilingan maxsus zaxira dumaloq krovati 13 000 dollarga sotilgan.

Hefnerning dumaloq krovati, Monroning cho’milish kostumini sotib olgan mijoz ko’p yillik orzusi ushalganini ta’kidlagan.

«Men umrimning qolgan qismini Merilin Monroning yonida o’tkazmoqchiman», degan u.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Amerikalik rassom Endi Uorxol tomonidan 1960 yillarda yaratilgan aktrisa Merilin Monroning portretlari seriyasidan biri Xristi’s auktionida 195 million dollarga sotilgandi.

«Mona Liza»ni portlatishga harakat qilishdi

20 mart, chorshanba kuni Luvr muzeyiga hujum tahdidi rejalashtirilayotgani boʻyicha Parij politsiyasiga shikoyat kelib tushdi. Bu haqda Fransiyaning «Le Figaro» nashri maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, 17 mart kuni ertalab soat 04:00 lar atrofida yuborilgan xabarda nomaʼlum shaxslar Mona Liza va boshqa koʻplab durdonalarni portlatish niyatida ekani aytilgan.

«Biz «Mona Liza» va boshqa koʻplab durdona asarlarni portlatish niyatidamiz. Faqat ogohlantirish: 100 kg C4 bomba juda katta zarar keltiradi», deyiladi xatda.

Luvr muzeyiga xabar kelib tushganidan soʻng, Madaniyat vazirligi faol mudofaa va xavfsizlik xizmati navbatchilaridan muzeyda shubhali narsalarni qidirishni soʻralgan, biroq hech narsa topilmagan.

Maʼlumot uchun, bu Luvrga portlovchi moddalar bilan tahdid qilingan birinchi voqea emas. Oʻtgan yilning oktyabr oyida dunyoning eng koʻp tashrif buyuriladigan sayyohlik joylaridan biri boʻlgan mashhur Parij muzey va Versal saroyi bomba tahdidi tufayli evakuatsiya qilingan edi. Parij politsiyasi binolarni sinchkovlik bilan tekshirgan, ammo voqea joyida hech narsa topilmagan va ertasi kuni muzey qayta ochilgandi.

Mashhur rassom Leonardo da Vinchining durdona asari «Mona Liza» (Jokonada) esa soʻnggi 20 yil ichida vandalarning bir necha bor hujumiga uchragan. 2009 yilda bir sayyoh rasmga choy uloqtirib, oʻsha paytdagi oddiy qoplama oynani sindirib tashlagan, shundan soʻng rasm ustiga zirhli ekran oʻrnatilgan. 2022 yil may oyida zirhli oynaga boʻyoq surtilgan,joriy yil boshida esa ekofaol portretga shoʻrva uloqtirdi.