Prezident Olmaliqdagi muhandislar tayyorlash maktabiga tashrif buyurdi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 oktyabr kuni Toshkent viloyatining Olmaliq shahriga tashrif buyurdi. Bu shaharning asosi va drayveri – Olmaliq kon-metallurgiya kombinati. Iqtisodiyot, ish o‘rinlari, uy-joylar, madaniyat va ta’lim maskanlari ushbu majmua negizida shakllangan.

 

Bugun izchil o‘sish, zamon bilan ildamlash kerak. Davlatimiz rahbari har bir sohani ilmga asoslanib rivojlantirish talabini qo‘yadi. Olmaliqda ham kadrlar tayyorlash shu yo‘sinda yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, shaharda Toshkent davlat texnika universitetining hamda Moskva po‘lat va qotishmalar instituti filiallari ochilgan. Yaqinda bularga qo‘shimcha Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Muhandislik maktabi tashkil etildi.

 

Prezident avvalo mazkur maktab faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda Germaniya tajribasi asosida yiliga 480 nafar muhandis tayyorlanadi hamda ming nafar xodimning malakasi oshiriladi. Dars jarayonlari yo‘nalish va mavzulardan kelib chiqib, xorijlik professor-o‘qituvchilar ishtirokida olib boriladi.

 

O‘quv dasturi Germaniyaning Frayberg konchilik akademiyasi, “GP Günter Papenburg AG” va “Aurubis AG” kompaniyalarining ilg‘or ta’lim metodologiyalari asosida ishlab chiqilgan. Maktab shunga muvofiq, mexanika, metallurgiya, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, foydali qazilmalarni boyitish, energetika yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy o‘quv-amaliyot uskunalari bilan jihozlangan. Davlatimiz rahbari mazkur xonalarda bo‘lib, ish o‘rganayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.

 

– Zamon o‘zgarayapti, har bir sohaga innovatsiyalar kirib kelayapti. Shunga munosib malakali kadr bo‘lish uchun doim o‘z ustingizda ishlashingiz kerak. Kombinat taqdiri raqamlashtirishda. Har bir bo‘limni, ishlab chiqarishning har bir bosqichini raqamlashtirish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasi qurilmoqda. Kelgusida unda ishlaydigan mutaxassislar hozirdan tayyorlanmoqda. Qisqa vaqtda bu yerda 100 dan ortiq yoshlar o‘qib, tarmoq korxonalariga ishga joylashgan.

 

Prezidentimiz maktabning samaradorligini yanada oshirish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun o‘quvlar muntazam tashkil etilishi, eng muhimi, amaliyot bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi kerak.

 

Shu yil 20 iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda birinchi bosqichda 10 ta oliy muhandislik maktabi tashkil etilishi belgilangandi.

 

Bugungi kunda shunday maktablar tashkil etilmoqda. “Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjirini mustahkamlash maqsadida har birining sanoat hamkori belgilanadi. Muhandislik maktablari oliy ta’lim muassasalari tarkibida yetakchi yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etiladi. Ularda matematika, fizika, kimyo, muhandislik grafikasi, informatika va xorijiy tillar bo‘yicha chuqur bilim beriladi. Bakalavriat va magistratura 4+1 shaklida yo‘lga qo‘yiladi. Talabalar 2-kursdan ixtisosliklar bo‘yicha saralab olinib, sanoat hamkorlari uchun maqsadli kadrlar tayyorlanadi.

 

Mazkur maktablarning professor-o‘qituvchilari “El-yurt umidi” jamg‘armasi, tegishli hamkor va universitet mablag‘lari hisobidan yetakchi xorijiy muassasalarga malaka oshirishga yuboriladi. Sanoat hamkorlari soha taraqqiyotidan kelib chiqib, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etadi.

Mashina olib qochgan shaxslar 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

 

Toshkent shahri Yashnobod tumanida avtoturargohda turgan Damas`ni olib qochgan yigitlar 7 yilda ozodlikdan mahrum qilindi. Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, holat 2023-yil 12-dekabr kuni tumanning Tarnovboshi mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Ular dastlab fuqaro M.T.ga tegishli bo‘lgan Damas`ni olib qochgan.

 

Ammo u yo‘lda o‘chib qolgach, yigitlar boshqa Damas`ga o‘tirib, uni ham haydab ketgan. Huquqbuzarlar o‘g‘irlangan mashinada ketayotganda ularni yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi ularni Jinoyat kodeksining 267-moddasi (Transport vositasini olib qochish) bilan aybli deb topdi. Mazkur kodeksning 57-moddasini qo‘llangan holda, yigitlar 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyuradi

 

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurib, sanoat tarmoqlari uchun muhandislarni tayyorlash maktabi hamda «Yoshlik-1» konini o‘zlashtirish ishlari bilan tanishadi, mis boyitish bo‘yicha yangi quvvatlar qurilishiga start beradi.

 

Shuningdek, Prezident raisligida Toshkent viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

FVV aholiga murojaat bilan chiqdi

 

Kunlar sovishi munosabati bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi isitish pechlaridan foydalanishda texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilishga chaqirdi.

 

Quyidagi tavsiyalarga amal qiling:

— isitish pechlari va ularning dudburonlari sozligiga, turli buyum va to‘siqlar bilan berkitilmasligi hamda yoriqlar bo‘lmasligiga alohida e’tibor bering;

— gaz uskunalarini ulash tartib qoidalariga rioya qiling va ularga rezina shlanglar orqali ulanishga yo‘l qo‘ymang;

— maxsus tashkilotlar tomonidan dudburonlarning o‘z vaqtida tozalanishiga e’tibor qarating.

«Tolibon» Termizdagi bozorda musiqa qo‘ymaslikni talab qilmoqda

 

«Tolibon» O‘zbekiston rasmiylaridan Termizdagi umumiy chegara bozorida konsert va musiqiy dasturlarni bekor qilishni so‘radi. Agar bu talab bajarilmasa, Afg‘oniston fuqarolariga ushbu bozorga kirishga taqiqlanishi mumkin.

 

Termizdagi chegara bozoriga tashrif buyuruvchilar uchun musiqiy dasturlari va konsertlar tashkil etilgan. Kechalari o‘zbek san’atkorlari tomonidan konsertlar o‘tkaziladi.

 

O‘zbekiston hukumati vaziyat yuzasidan qabul qiladigan qarori ikki tomonlama munosabatlarga yoki ijobiy, yo salbiy ta’sir qilishi mumkin. Avgust oyida Termiz xalqaro savdo markazi ochilgan bo‘lib, «Tolibon» va O‘zbekiston o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, afg‘onistonliklar ushbu bozorda vizasiz 15 kun davomida qolish imkoniyatiga ega.

O‘FA futbol muxlislarini ogohlantirdi

 

15-oktabr kuni Jahon chempionati saralash turniri doirasida O‘zbekiston va BAA terma jamoalari o‘rtasida muhim o‘yin bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston futbol assosiatsiyasi muxlislarni chiptalarni noqonuniy sotib olish va qalbakilashtirish holatlari haqida ogohlantirdi.

 

Qayd etilishicha, avvalgi o‘yinlarda ko‘plab muxlislar qalbaki chiptalar sotib olib, stadionga kirishda muammolarga duch kelgan. Bu futbol muxlislari uchun noqulayliklar yaratgan va o‘yindan yoqimsiz taassurotlar qoldirgan.

 

O‘FA bunday holatlarning takrorlanmasligi uchun choralar ko‘rilishi va qalbaki chiptalarga qarshi kurash olib borilishini ma’lum qildi. Chiptalarni qalbakilashtirishga qo‘l urgan shaxslarga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi.

 

O‘FA muxlislarga faqat rasmiy manbalarda chipta sotib olishni tavsiya qilib, qalbaki chiptalar bilan stadionga kirish imkoni yo‘qligini yana bir bor eslatib o‘tgan.

Toshkentda Spark va Matiz ishtirokida YTH sodir bo‘ldi

 

Joriy yilning 10-oktabr kuni soat 23:30 atrofida Olmazor tumani Nurafshon ko‘chasida YTH sodir bo‘ldi. Bu haqida Toshkent shahar IIBB YHXB Axborot xizmati xabar qildi.

 

Aniqlanishicha, ushbu YTH 1984-yilda tug‘ilgan haydovchi B.Q. boshqaruvida bo‘lgan Spark va 2004-yilda tug‘ilgan I.T. boshqaruvida bo‘lgan Matiz rusumli avtomashinalari ishtirokida yuz bergan. Ushbu YTH oqibatida Spark avtomashina haydovchisi olgan tan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan.

 

Shuningdek Spark ichida bo‘lgan 2 nafar yo‘lovchi hamda Matiz haydovchisi shifoxonaga olib ketilgan.

 

«Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan JKning 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda»,- deyiladi xabarda.

AQShning Florida shtatiga kuchli “Milton” to‘foni va tornado yopirildi

 

AQSHning Florida shtatiga katta vayronagarchilik va qurbonlar olib kelishi kutilayotgan “Milton” to‘foni va tornado shtatning g‘arbiy qirg‘oqlariga yetib keldi. Bu haqda ABC News xabar berdi.

 

Floridaga yetib borishdan oldin “Milton” biroz zaiflashgan va eng xavfli beshinchi toifadan dastlab to‘rtinchi, keyin esa uchinchi (shamol tezligi 208 km/soat)ga ko‘chirilgan. Biroq ekspertlar, “Milton” hali ham vayronkor va halokatli ekanini aytmoqda. Allaqachon 1,9 milliondan ortiq aholi elektr energiyasiz qolgan, 125 ta uy vayron bo‘lgan.

 

Prezident Jo Bayden ham to‘fon vayronkor bo‘lishidan ogohlantirib, aholini evakuatsiya buyruqlariga quloq solishga chaqirgan.

 

“U aholi punktlarini butunlay vayron qilishi va odamlar o‘limiga olib kelishi mumkin”, degan AQSH yetakchisi.

 

Amerikaning to‘fonlarni o‘rganish milliy markazi Grinvichda tungi soat ikkilarda “Milton” quruqlikka chiqqandan so‘ng biroz zaiflashgani va ikkinchi toifaga o‘tkazilganini e’lon qildi. Ikkinchi toifada doimiy shamol tezligi 154 dan 177 km/soatgacha bo‘ladi. Hozirda “Milton” Florida yarimoroli orqali shimoli-sharqqa, Atlantika okeani tomon harakatlanmoqda.

Kamala Xarris taqinchoqlarining narxi qancha?

 

Jurnalistlar AQSh prezidentligiga Demokratik partiyadan nomzod Kamala Xarrisning taqinchoqlari narxini hisoblab chiqdi. O’zini «o’rta sinfdan bo’lgan kamtarin ayol» deb ta’riflagan siyosatchi 200 ming dollardan ortiq zargarlik buyumlari egasidir.

 

Xarris ancha yillardan beri 18 500 dollarlik oltin marjonlarni taqib yuradi. Bundan tashqari, Xarris kolleksiyasida turli xil marvarid taqinchoqlar mavjud. Klassik marvarid marjonlari uning o’ziga xos aksessuari va karyerasining boshida tashqi ko’rinishining ajralmas qismiga aylangan.

 

Jurnalistlar Xarris kolleksiyasidagi eng diqqatga sazovor buyumlardan biri 26 440 dollarga baholangan marvarid ekanini ta’kidlashgan.

 

Toshkentda konduktorni poyezd bosib ketdi

Aniqlanishicha, marhum 1988-yilda tug‘ilgan bo‘lib, temiryo‘lda konduktor lavozimida ishlab kelgan. O‘rganishlar davomida mazkur holat teplovozga yuk vagonlarini ulayotgan vaqtda sodir bo‘lganligi ma’lum bo‘lgan.

 

Xodim o‘zining ehtiyotsizligi sabab temiryo‘l izlariga yiqilib tushgan. Oqibatda uni yuk vagonlari bosib ketgan.

 

Voqea joyiga tegishli mas’ullar va tez tibbiy yordam kelgan kelgan. Ammo ko‘rsatilgan yordamga qaramasdan xodim voqea joyida vafot etgan.