Siyosat

Ayol baxti – oila va jamiyat baxti

Blog Image
Email : 328 0

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni

Aytadilarki, Yer yuzida agar birgina ayol qolsa ham, demak, hayot bor, mehr-muhabbat bor… Yaratganning mo‘jizasi sanalmish ayol qalbi eng muazzam tuyg‘ularga beshik bo‘lib, uning chehrasida nafosatni, yorug‘ olamga zeb berib turgan nazokatni ko‘ramiz. Vujudida insoniyat kelajagini ulg‘aytiradigan bu tilsimot fidoyilik, sadoqat timsoli hamdir. U millatning buyuk tarbiyachisi, davlat va jamiyatni rivojlantirishning muhim ishtirokchisi ekaniga, necha ming yildirki, bani bashar guvoh bo‘lib kelmoqda.

Bugun dunyo oldindan aytib bo‘lmaydigan darajada shiddat bilan o‘zgaryapti. Qarashlar, tutumlar, yondashuvlar, hattoki ba’zi jamiyatlarda umuminsoniy qadriyatlar ham tamomila yangicha mazmun-mohiyatga ega bo‘lib bormoqda. Ammo bir haqiqat aniq: jamiyatning madaniy darajasi, undagi ijtimoiy tenglik va adolat aynan xotin-qizlarga bo‘lgan munosabat bilan belgilanishiga oid ulug‘ mezon global doirada hamon qiymati hamda ahamiyatini zarra qadar yo‘qotgani yo‘q.

Ilm-fan va texnika eng yuqori cho‘qqiga chiqayotgan, inson zakosi ila aql bovar qilmas kashfiyotlar turmush tarzimizga kirib kelayotgan yangi zamonda SHAXS tarbiyasi o‘z taqdiri haqida qayg‘urayotgan xalq va millat uchun hayot-mamot masalasiga aylangani ham bor gap. Bu vazifani uddalash esa, so‘zsiz, ayollar aqlu zakovati, salohiyati, ma’rifati va fidoyiligiga bog‘liqligini ortiqcha ta’rif etish na hojat.

– Qanday qonun va qarorlarni qabul qilmaylik, qanday islohotlarni hayotga joriy etmaylik, davlat rahbari sifatida mening ko‘z o‘ngimda avvalo munis onalarimiz, mehribon opa-singillarimiz siymosi, ularning dardu tashvishlari turadi. Siz, azizlarimning oila davrasida tinch-omon, sog‘-salomat, farovon va baxtli turmush kechirishingiz, jamiyat hayotida faol ishtirok etishingiz uchun xizmat qilishni men o‘zim uchun nafaqat asosiy vazifa, balki sharafli burch, deb bilaman. Chunki oila tayanchi, jamiyat ustuni bo‘lgan onalarimiz, ayollarimiz hayotdan rozi bo‘lsa, butun xalqimiz hayotdan rozi bo‘ladi, – degan edi Prezidentimiz.

Samimiyatga yo‘g‘rilgan mazkur so‘zlar zamirida ayolni ulug‘lashdek olijanoblikni ko‘ramiz. Qolaversa, bugun yurtimizda xotin-qizlarga oid davlat siyosati yuqori bosqichga o‘z-o‘zidan chiqmayotgani, buning ortida mana shunday yuksak e’tibor, g‘amxo‘rlik, azmu shijoat turganini yana bir karra his qilamiz.

 

Yangi odimlar, xalqaro e’tiroflar

Yangi O‘zbekistonning xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash borasidagi dadil odimlari xalqaro darajada e’tirof etilmoqda. Jahon banki indeksida mamlakatimiz gender tenglikka erishish yo‘lida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta davlat qatoriga kiritilgani bunga misoldir.

Ochiq gender ma’lumotlar indeksida O‘zbekiston eng yaxshi 20 davlat qatorida qayd etildi. Parlamentlararo ittifoq tomonidan yuritiladigan “Parlamentdagi ayollar” reytingida esa mamlakatimiz 193 davlat orasida 36-o‘ringa ko‘tarildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan xotin-qizlar uchun jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida teng huquq hamda imkoniyatni kafolatlashga doir konstitutsiyaviy tamoyil amaliyotga tizimli joriy qilinayotgani jahon jamoatchiligi diqqatini tortmoqda. Bu borada huquqiy va institutsional asoslar tubdan takomillashtirilayotgani esa ayni muddao.

Yangi O‘zbekiston xotin-qizlarni har qanday kamsitish va tahqirlashlardan himoya qiladigan barcha asosiy xalqaro hujjatlarga qo‘shildi. «Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Jeneva konvensiyasi, «Xotin-qizlarning siyosiy huquqlari to‘g‘risida»gi hamda «Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida»gi Nyu-York konvensiyalari, Pekin harakatlar platformasi kabi xalqaro hujjatlar shular jumlasidan. Bundan tashqari, «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida», «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida», «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilindi. Ayollarni qo‘llab-quvvatlash masalalarida davlat rahbarining bevosita tashabbusi bilan o‘nlab farmon va qarorlar hamda hukumat qarorlari ijroga yo‘naltirildi.

Bir so‘z bilan aytganda, jamiyatda va oilada ayol qadrini yuksaltirish, bu jabhada samarali davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish maqsadida yuzga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar amaliyotga kiritilgani keng qamrovli islohotlarga turtki bermoqda.

 

Stereotiplar o‘zgarmoqda…

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili may oyida ko‘hna Samarqand shahrida yirik anjuman – Osiyo xotin-qizlar forumi bo‘lib o‘tgan edi. O‘ttizdan ortiq davlatlardan nufuzli mehmonlar tashrif buyurgan bu forumda O‘zbekistonning, ta’bir joiz bo‘lsa, dadillik bilan olib borayotgan gender siyosati samaradorligi aniq raqamlar asosida ko‘rsatildi.

Keltirilganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 2017 yildagi 27 foizdan 35 foizga yetgan. Oxirgi besh yil ichida O‘zbekistonda ishbilarmon ayollar safi kengayib, xotin-qizlarning tadbirkorlik sohasidagi ulushi 45 foizga yetdi.

Cog‘liqni saqlashda band bo‘lgan aholi o‘rtasida xotin-qizlar ulushi 77, ta’limda 74, iqtisodiyot va sanoat sohasida 46 foizga yetgan. Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan qizlar soni olti barobarga ko‘paygan.

Ayollarning parlamentga kelishi esa hamma davlatda va hamma davrda ijtimoiy-siyosiy fenomen sifatida juda katta rezonans bergan.

Ma’lumki, o‘tgan yil oktabr oyidagi parlament saylovlari natijasida Qonunchilik palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilanib, 87 nafar yangi deputat saylandi. Ularning 38 foizini yoki 57 nafarini ayollar tashkil etgani – mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Shuningdek, yangi Senat a’zolarining qariyb 27 foizi yoki 16 nafari, mahalliy Kengashlarga yangi saylangan deputatlarning 32,6 foizi xotin-qizlardan iborat.

Natijada Milliy parlamentlar bo‘yicha xalqaro reytingi (IPU Parline)da parlamentdagi xotin-qizlar salmog‘i bo‘yicha O‘zbekiston dunyodagi 193 ta davlatlar o‘rtasida 49-o‘rindan 34-o‘ringa ko‘tarildi.

Bularning bari nimadan dalolat? Tabiiyki, xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikka erishish, ayollarning faqat oilada emas, balki jamiyatda ham mavqeini yuksaltirish, barcha jabhada o‘z salohiyati va layoqatini namoyon etishiga imkoniyat yaratish yo‘lidagi tizimli ishlar mahsulidir.

Shaxsan meni eng mamnun qilayotgan jihat nima, bilasizmi? Odamlarimiz ongu shuurida uzoq yillar turg‘un bo‘lib kelgan “Ayolning o‘rni – oilada. Uning vazifasi qozon-tovoq, farzand tarbiyalash” qabilidagi stereotiplar o‘zgarib borayotir. Ayol atalmish xilqat onalik, bekalik missiyalarini bajarishi barobarida liderlik qobiliyatini, siyosiy irodasi va shijoatini namoyon eta olishiga, qat’iyat va faolligiga jamiyatimizda ishonch uyg‘onmoqda. Bu O‘zbekistonning gender siyosatida katta qadam, desak yanglishmaymiz.

 

Ta’lim va bandlik uzviy bo‘lmog‘i uchun

Ma’rifatli xotin-qizlar kelajak bunyodkorlari hisoblanadi. Yuqoridagi fikrimizning davomi sifatida aytish mumkinki, ayollarni ilmli qilish, salohiyati va iqtidorini namoyon etishiga ko‘maklashish oila uchun ham, jamiyat uchun ham hayotiy zarurat ekanini odamlarimiz asta-sekin tushunib yetmoqdalar. Ko‘zining qorachig‘i, jonidan aziz qizi oliy o‘quv yurtiga kirishi uchun madad bo‘layotgan otalar, rafiqasiga qiziqqan sohada bilim va tajriba oshirishi uchun sharoit yaratib berayotgan oila beklari safi bugun oz emas. O‘z navbatida davlatimiz tomonidan xotin-qizlarning ilm olishga bo‘lgan rag‘batini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar sur’ati va ko‘lami ham oshib bormoqda.

Xususan, 2020-2024 yillarda 8 ming 653 nafar ehtiyojmand xotin-qizlar oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi. 5 yillik mehnat staji bor, lekin oliy ma’lumotli bo‘lmagan 1 ming 256 nafar qizlarimiz, singillarimiz OTMda to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish imkoniga ega bo‘ldi. 2021 yildan 2024 yilga qadar 6 ming nafarga yaqin ehtiyojmand ayollar va boquvchisini yo‘qotgan qizlarning kontrakt to‘lovi qoplab berildi. Davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini ham davlat zimmasiga oldi. 181 ming 500 nafardan ziyod talaba qizlarimizga foizsiz ta’lim kreditlari ajratildi. Hozirga kelib yurtimiz OTMda tahsil olayotgan 1 mln 479 ming 384 nafar talabaning 52,2 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani kishini quvontiradi, albatta. Vaholanki, bu ko‘rsatkich 2017 yilda 39 foiz bo‘lgan, xolos.

2022/2024 o‘quv yilida oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalarning STEAM ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rsatkichi tahlil qilinganda, fizika yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalarning 64 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, matematika (60 foiz), xizmat ko‘rsatish (34 foiz), qishloq xo‘jaligi (36 foiz), ishlab chiqarish va ishlov berish (32 foiz) kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham bu borada o‘sish kuzatilgan. Bu singillarimizda, qizlarimizda amaliy va aniq fanlarga bo‘lgan qiziqish ortayotganini, pirovardida xalqaro mehnat bozoriga raqobatdosh kadrlar sifatida kirib borayotganini ko‘rsatadi.

Ta’lim bilan bir qatorda bandlik sohasida ham xotin-qizlarning uzviy huquqini ta’minlash eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ayni yo‘nalishda e’tirofga arzirli natijalar qo‘lga kiritilayotganini qayd etish joiz. Chunonchi, o‘tgan yilning o‘zida 889 ming nafar xotin-qizlarning bandligiga ko‘maklashildi. 289 ming 419 nafar ayollarimiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitildi. 543 ming 504 nafar tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, o‘zini o‘zi band qilish istagida bo‘lgan singillarimizga 240 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi. 520 dan ortiq mahallada xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari ochildi.

Ta’kidlash o‘rinliki, qo‘mitamiz Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “Xotin-qizlar bandligini ta’minlash” yagona avtomatlashtirilgan monitoring axborot platformasini ishga tushirdi va tegishli tizimlar bilan integratsiya qilindi.

Bundan tashqari, ishbilarmon hamda tadbirkorlik qilish istagidagi ayollarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublikaning barcha hududlarida jami 3,5 mingga yaqin xotin-qizlar bilan uchrashuv-muloqotlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar davomida ularni qiynab kelayotgan muammolar aniqlandi. Muammolar faqat o‘rganilib qolmay, balki amaliy yechimlariga kirishildi. Shu tariqa 1 ming 646 nafar xotin-qiz tadbirkorlik loyihalari uchun kredit, 610 nafari subsidiya mablag‘larini olishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada 2 ming 480 ta ish o‘rni yaratildi.

Darvoqe, joriy yilda yana 635 ming 366 nafar ishga talabgor ayollarimizni o‘qitish va bandligini ta’minlash vazifasi oldimizda turibdi. Buning uchun bor kuch va sa’y-harakatlarimizni safarbar qilmoqdamiz. Toki, jamiyatimizda bugungi kuniga befarq, ertangi kuniga esa umidsiz boqadigan, o‘z salohiyatiga ishonmaydigan birorta ham ayol qolmasin.

 

Onalar salomatligi – millat salomatligi

Millat genofondini asrash, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish birinchi galda xotin-qizlar salomatligi muhofazasini kuchaytirishni taqozo etadi. Shu nuqtai nazardan mamlakatimizda ayollar sog‘lig‘ini mustahkamlash, reproduktiv ko‘rsatkichlarni monitoring qilish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish ishlari qadamba-qadam takomillashtirilmoqda.

Xususan, farzand ko‘rish yoshidagi ayollar uchun “Tibbiy ko‘mak berilishi lozim bo‘lgan xotin-qizlar bilan ishlash tartibi” ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, o‘tgan yili 99 ming 976 nafar xotin-qizlarga tibbiy maslahatlar berildi.

“Sog‘lom oila – kelajak poydevori”, “Erta va yaqin qarindoshlar nikohiga qarshi birga kurashamiz” risolalari, “Reproduktiv salomatlik tamoyillari” mavzusida tibbiy axborot materiallari ishlab chiqilib, 9 ming 452 ta mahalladagi xotin-qizlar faollariga yetkazildi.

Yana bir masala. Olib borilgan o‘rganish natijalari oilada farzand ko‘rishni ixtiyoriy rejalashtirish bo‘yicha bilim va tushuncha aholi o‘rtasida yetarli darajada shakllanmaganini ko‘rsatmoqda. Bundan kelib chiqqan holda Vazirlar Mahkamasi ishchi guruhi tomonidan farzand ko‘rish bo‘yicha mustaqil va ongli ravishda qaror qabul qilishda oilaning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatini inobatga olishga qaratilgan “Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur loyiha asosida ta’lim muassasalari, tashkilot, idoralar hamda tadbirkorlik subyektlari uchun o‘quv dasturlari joriy etiladi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida «Mas’uliyatli ota-onalik» mobil ilovasi yaratiladi.

Intiqlik bilan kutilgan farzandning sog‘lom tug‘ilishi oila uchun chinakam quvonch. Lekin, bordi-yu farzand jismonan yoxud aqlan zaif bo‘lsa, ko‘pincha buning jabrini ona tortadi. Kuzatishlar ko‘rsatadiki, oilada nosog‘lom va nogironligi bor farzand dunyoga kelsa, aksar hollarda otalar bu sinov qarshisida turishni istamay, ajrashishni ixtiyor qiladi. Bunday farzandni ming uqubat bilan parvarishlash esa ona gardaniga tushadi.

Mana shunday noxush va og‘riqli holatlarning oldini olish, boshqacha aytganda, ayollarimizni bu kabi ayanchli taqdir bilan ro‘baro‘ qilmaslik uchun ham “Mas’uliyatli ota-onalik” singari loyihalar juda muhim.

 

Ezgulik mezoni

Og‘ir ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan “Ayollar daftari”, eng avvalo, yordamga muhtoj opa-singillarimizga ko‘mak berish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni uzil-kesil hal etishda muhim omil bo‘lmoqda.

Jumladan, o‘tgan yili “Ayollar daftari”ga kiritilgan 1 mln 265 nafar ayolning 995 ming 239 nafariga tegishli yordamlar ko‘rsatildi: 548 ming 857 nafari ishli bo‘ldi, 35 ming 968 nafariga esa tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun imtiyozli kreditlar ajratildi. Shu bilan birga 160 ming 893 nafar boquvchisi yo‘q, nogironligi bo‘lgan va nogiron farzandlari bor ayollarga moddiy yordamlar berildi.

5 ming 891 nafar uy-joyga muhtoj xotin-qizlarning 432 nafari muqim boshpana bilan ta’minlandi, 5 ming 459 nafariga ijara kompensatsiyasi to‘lab berildi.

Guvohi bo‘lyapmizki, xotin-qizlarning ijtimoiy, iqtisodiy huquqlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan bunday amaliy ishlar yuzlab, minglab ayollarimizga qaddini tiklab, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, farzandlarini munosib sharoitda tarbiyalab, voyaga yetkazishlari uchun imkon bermoqda.

Gap xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish haqida ketarkan, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish masalasida ham sezilarli o‘zgarishlarga erishilayotganini tilga olmaslikning iloji yo‘q.

Jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonliklarning oldini olish, bu illatga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish maqsadida 2024 yilning o‘zida ikkita qonun va Prezidentning tegishli qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatlarga muvofiq ayollarning va bolalarning oilada hamda jamiyatda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid tashkiliy-huquqiy mexanizmlar yanada mustahkamlandi.

Asosiysi, “Ayolni e’zozlash – ezgulik va ad olat mezoni” degan g‘oyani hayotga tatbiq etish maqsadida xotin-qizlarni himoya qilish, ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

 

***

Taqvim bo‘yicha bahorning ilk kunlaridamiz. Biroq qish hamon navbahorga o‘rnini bo‘shatgisi kelmayotir. Bahoriy ayyom – Xalqaro xotin-qizlar kuni ham tobora yaqinlashmoqda.

Yurtimizda bu ayyom umumxalq bayrami sifatida sharqona urf-odatlar, xalqimizning milliy qadriyat va an’analari asosida nishonlanadi.

Shunisi aniqki, xotin-qizlarga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatish faqat bu bayramda emas, balki yil bo‘yi davom etadi. Bu sohadagi jarayonni sarhisob etarkanmiz, erishilayotgan yutuqlar, muammolar yechimi sari qat’iy harakat jamiyatimizda har bir ayol baxt hissini tuyib yashashi uchun xizmat qilayotganini anglaymiz. Zero, ayol baxti – oila saodati, jamiyat ko‘rkidir.

 

Zulayho MAHKAMOVA,

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari –

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi.

«O‘zbekiston ovozi», 5.3.2025, 9