ChatGPT tomonidan egallangan kasblar ma’lum qilindi

Sahnga sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan virtual yordamchilar chiqishi bilan odamlarning ishni yo’qotish xavotirlari kuchaydi.

OpenAI kompaniyasi yaqinda sun’iy intellektni (SI) odamlar bilan yanada yaqinroq ishlashga imkon beruvchi GPT-4o til modelini chiqardi. Shundan so’ng, internetda odamlarning o’rnini chatbot egallashi mumkin bo’lgan kasblar ro’yxati tarqaldi.

Ma’lum bo’lishicha, 95 foiz ehtimol bilan GPT-4o «ma’lumotlarni kiritish bo’yicha mutaxassis» o’rnini egallashi mumkin, chunki SI «tezroq, aniqroq, tinimsiz va kuniga 24 soat uzluksiz ishlashi mumkin».

Shuningdek, telemarketing, qo’llab-quvvatlash xizmatlari, kopirayterlik, rerayting, korrektorlik va boshqa shular kabi kasblarda ishlaydigan odamlar ham ishni yo’qotish xavfi ostida.

Shu bilan birga, chatbot «ijodiy direktor» kabi sohalarda ojizdir. Sababi – noyob ijodkorlik, qarashlar va jamoalarni ilhomlantirish qobiliyatining yo’qligi. Shuningdek, neyron tarmoq psixoterapevt, jarroh, o’qituvchi, aktyor va o‘t o‘chiruvchining o‘rnini bosolmaydi.

Umuman olganda, amaliy kasblar bilan shug’ullanuvchi odamlar hozircha hech narsadan qo’rqishi shart emas, chunki noyob ko’nikmalar va qobiliyatlar, shuningdek, qo’l mehnati SI imkoniyatlaridan tashqarida.

SI chatbotlari, xususan, ChatGPT, Copilot va Google Gemini sahnaga chiqqanidan beri, odamlar ishni yo’qotish haqida shubha kuchaydi. Va bu qo’rquvlar mutlaqo asossiz emas. Texnologik kompaniyalar so’nggi 6 oy ichida minglab ish joylarini qisqartirdilar, chunki ular SI tizimlariga e’tiborni kuchaytirdilar. Meta, Google, Apple va Amazon kabi yirik IT kompaniyalari allaqachon minglab xodimlarini ishdan bo’shatgan.

Jahon texnologiya sanoatidagi bandlikni kuzatuvchi Layoff portalining ma’lumotlariga ko’ra, birinchi yarim yillikning o’zida 302 texnologiya kompaniyasi 90 mingga yaqin xodimini ishdan bo’shatgan. 2024 yil oxirida sun’iy intellekt sohasida inqilobni va’da qiladigan ChatGPT-5 ishga tushirilishi kutilmoqda. Gap sun’iy umumiy intellekt (SUI) tushunchasi haqida ketmoqda. Bu shuni anglatadiki, SI odamlar o’ylab topishi mumkin bo’lgan har qanday muammoni hal qilishi mumkin. Bu uni odamdan ajratib bo’lmaydigan darajaga chiqaradi.

«Ishyoqmas» talabalar 50 xil vazifani bajara oladigan robot yasadi

Kaliforniyadagi Stanford universiteti talabalari oddiy materialdan ikki funksiyali yordamchi robotni ixtiro qildilar. Bu haqda «Gadget» nashri xabar berdi.

Nashrning yozishicha, ushbu robot «Mobile Aloha» deb nomlangan va u 50 xil vazifani bajara oladi. Jumladan, u liftning chaqirish tugmasini bosish, qisqichbaqa qovurish, oshxona anjomlarini joylashtirish, shkaf eshigini ochish, qo’ng’iroq qilish va qo’ng’iroqqa javob berish kabi vazifalarni mustaqil bajara oladi.

Ishlab chiqaruvchilar barcha loyiha materiallari, jumladan shunga o’xshash robotni yasash bo’yicha ko’rsatmalar, ma’lumotlar to’plami va robotni vazifa bajarishga o’rgatish kodlarini ommaga taqdim etdilar. Bu orqali qiziquvchilar ham xuddi shunday robot yasashlari mumkin bo’ladi.

Hozirda ushbu yordamchi robot 32 ming dollar baholanmoqda.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Britaniyaning Envision Racing formula poygalari kompaniyasi rassom Liam Hopkins bilan birgalikda tashlab yuborilgan gadjetlardan Formula E poyga mashinasining to’liq o’lchamli, boshqariladigan nusxasini yasagandi.

Kambag’al oilalar kamaydi (mi)?

BMT ma’lumotlariga ko’ra, 2022 yilda dunyoda 1,2 milliard odam kambag‘allikda hayot kechirgan. O‘zbekistonda-chi? Ochiği, 2020 yilgacha bu haqida hech narsa bilmasdik. Chunki bu ochiq muhokama qilinmagan. Shu paytgacha kambag‘allar yo‘q edimi? Bor edi, albatta. Ammo hech kim O‘zbekistondagi kambag‘allar soni haqida aniq bilmasdi. Chunki yillar davomida bu atama ham, mamlakatda kambag‘al aholi borligi tan olinmas edi.

2020 yilga kelibgina O‘zbekiston rahbari rasmiy minbardan turib, mamlakatda kambag‘allik darajasi va unga qarshi kurashish haqida gapirdi. O‘shanda davlatimiz rahbari mamlakatimizdagi kambag‘allik darajasi 12-15 foiz atrofida ekanini ma’lum qilgan edi. Bu 4-5 million aholi yetarli daromad manbaiga ega emasligini, ijtimoiy himoyaga muhtojligini bildiradi. To‘g‘ri, kambag‘allik har qanday zamonda ham bo‘lgan, har bir mamlakatda bor. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Asosiy masala kambag‘allikka qarshi qanday kurashilishi, davlat va jamiyatning sa’y-harakatlari birlashishi, aniq maqsadga yo‘naltirilishida. Hamma gap masalaga to‘g‘ri yondashishda. Shularni inobatga olib, kambag‘allikni qisqartirish masalasi kun tartibiga chiqdi.

O‘zbekiston kambag‘allikka qarshi qanday kurashmoqda? Bunday bir necha yil oldin, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi kambag‘allikni qisqartirish jarayonlarini tartibga solish uchun maxsus tashkil etildi. Xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, 2030 yilgacha Kambag‘allikni kamaytirish strategiyasini ishlab chiqishga qaror qilindi.

Joylardagi davlat va jamoatchilik vakillari bilan birgalikda «temir daftar»lar tashkil etilib, ehtiyojmand, moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Hududlarda kambag‘allik darajasini qisqartirish, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, aholining kasbga o‘qitish tizimini takomillashtirish hamda muhtoj qatlamni manzilli qo‘llab-quvvatlash umumiy harakati sifatida belgilandi.

2021 yilda O‘zbekistonda ilk bor kambag‘allik tushunchasining huquqiy asoslari belgilab olindi. Unga ko‘ra, aholi minimal ijtimoiy standartlari va kambag‘allik chegarasi belgilanib, respublikada kambag‘allik mezoni sifatida minimal iste’mol xarajatlari miqdori belgilangan.

Oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash uchun jon boshiga to‘g‘ri keladigan bir oylik daromad mezoni minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga, ya’ni kambag‘allik chegarasiga tenglashtirildi. Minimal iste’mol xarajatlari (30 turdan ortiq oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar qiymati) – kambag‘allik mezoni sifatida qabul qilinib, jon boshiga bundan kam daromadga ega bo‘lgan oilalarga kam ta’minlanganlik nafaqasi to‘lanishi belgilangan.

Yana bir muhim masala. Mamlakatda 2030 yilga qadar bo‘lgan davrda aholining ijtimoiy himoya qilish strategiyasi qabul qilingan. O‘zbekiston prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning barcha hududlarda bo‘limlari, shuningdek, respublikaning har bir shahar va tumanida «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etildi.

Minimal iste’mol xarajatlariga asoslangan milliy kambag‘allik chegarasi tasdiqlandi.

Ma’lumot uchun:
O‘zbekistonda kambag‘allikning yangi o‘lchovi sifatida minimal iste’mol xarajatlari joriy qilingan. Uning miqdori 2021 yilda 440 ming so‘mni tashkil etgan, 2022 yil yanvaridan boshlab esa 498 ming so‘m deb belgilangan. Keyinchalik bu miqdor 2023 yil iyul oyida 498 ming so‘mdan 568 ming so‘mgacha, 2024 yilning yanvarida esa 568 ming so‘mdan 621 ming so‘mgacha oshirildi. Joriy yilning 1 mayidan elektr energiyasi va gaz tariflarining qimmatlashayotgani fonida esa 648 ming so‘mga yetkazildi.

Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

Ochiq muloqot va qizg’in
muhokama ruhida

Siyosiy partiyaning jamiyatdagi nufuzi va roli uning elektorat manfaatlarini qay darajada himoya qilayotganiga, joylardagi muammolar echimi yuzasidan qanday dadil va haqchil tashabbuslar bilan chiqayotganiga qarab baholanadi, albatta. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi 2019 yilgi parlament va mahalliy Kengashlarga saylovda 82 ta ustuvor maqsadni belgilab olgan edi hamda bugunga qadar ularning 70 dan ortig‘i o‘zining amaliy isbotini topdi. XDP fraktsiya a’zolari elektorat vakillarining huquq va manfaatlarini aks ettirishga qaratilgan 206 ta qonun loyihasi yuzasidan takliflar bildirishdi. 2 ming 600 dan ortiq fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarning aksariyati adolatli yakun topdi.

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashining plenumida erishilgan bu singari salmoqli natijalar alohida qayd etildi. Dastlab parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraktsiyasi, partiya Ijroiya qo‘mitasi faoliyati sarhisob qilinib, oldinda turgan dolzarb vazifalar sanab o‘tildi.

Partiya Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov kun tartibidagi masalalar yuzasidan axborot berib, ustuvor yo‘nalishlarga diqqat qaratdi.

Ochiq muloqot, qizg‘in muhokama va aniq takliflar asosida o‘tkazilgan yig‘ilishda fraktsiya a’zolarining faoliyatini yanada kuchaytirish, qonun loyihalarini ishlab chiqish, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, ijro etuvchi organlar mas’uliyatini oshirish, partiya va deputatlik korpusi bilan faol hamkorlik qilish bo‘yicha tavsiyalar ilgari surildi.

Plenumda, shuningdek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Buxoro viloyat Kengashi raisi Zulfiya Tuyayeva, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Farg‘ona viloyat Kengashi raisi Zokirjon Zohidov so‘zga chiqdi. Partiya oldida turgan mas’uliyatli va sharafli vazifalar ijrosini yuqori saviyada bajarish uchun mahalliy Kengashlarning hissasi muhimligiga e’tibor qaratildi.

Plenumda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Laziza Sherova, “O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

Cheklash emas tenglik zarur

Davlat xizmatiga ishga kirishda har doim ham professionallik asosiy o‘rinda turmaydigan, boshqa muhim bo‘lmagan omillar tarozi pallasini bosib ketadigan holatlar ham bo‘ladi. Tenglik, shaffoflik, ochiqlik o‘rnida tanish-bilishchilik, mahalliychilik, korrupsiyaviy holatlar, qarindosh-urug‘chilik kabi illatlar davlat xizmatini rivojlantirishga to‘siq bo‘lib keldi. Davlat xizmatini chinakam xalqni rozi qiladigan tizimga aylantirish, boshqaruvda natijadorlik va sifatni oshirish maqsadida 2022 yilda «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida» qonun qabul qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 11 iyun kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham fuqarolarni ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishni taqiqlash, shuningdek, mehnat huquqlarini ishonchli himoya qilish va mehnat munosabatlarida qo‘shimcha kafolatlar yaratish maqsadlarini nazarda tutadi.

Ta’kidlanganidek, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar izchil amaliyotga tatbiq qilinmoqda. Xususan, Asosiy qonunimizning 28-moddasida “Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emas”, degan qoida bor.

Biroq bugungi kunda jamiyatimiz hayotida fuqarolar yaqin qarindoshida sudlanganlik yoki tugallangan sudlanganlik holati mavjudligi bois ishga kira olmaganiga bog‘liq vaziyatlar ham to‘la barham topgan, deya olmaymiz. Inchu-nun, davlat xizmatiga bel bog‘lagan nomzodni ishga qabul qilishni ayni vaj bilan rad etish amaliyoti hamon mavjud.

Yuqorida keltirilgan qonun loyihasi esa bunday holatlarga uzil-kesil chek qo‘yish, konstitutsiyaviy normalarning real hayotda ishlashiga erishish, fuqarolarni ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishni taqiqlash, ularning mehnatga oid huquqlarini ishonchli himoya qilish va mehnat munosabatlarida qo‘shimcha kafolatlarni yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Xususan, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasi “qarindoshining sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinishidagi va uni o‘tashdagi huquqlari cheklanishi uchun asos bo‘lishi mumkin emas”, degan jumlalar bilan to‘ldirilmoqda.

Ahmad Qurbanov,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri

Biz 37 million bo’ldik: bu muammomi yoki imkoniyatmi?

2024 yil 22 aprel kuni O‘zbekiston aholisi soni 37 millionga yetdi. Esingizda bo‘lsa, 36 millionlik marrani 2022 yil 8 dekabr kuni bosib o‘tgan edik. Qarang, 1 yilu, 4 oyda biz yana 1 millionga ko‘paydik. O‘zbekistonda aholi sonining oshishi muammomi yoki imkoniyatmi?

  • Masalan, aytaylik, avvalgi yillarda tug‘ilishlar soni 700-800 mingni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yildan hozirgi kungacha 920 ming – 960 mingni tashkil etmoqda. Bu ijtimoiy soha obyektlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Masalan, maktablarga chiqayotgan bolalar sonini olaylik. Avvalgi yillarda o‘rtacha 700 mingga yaqin yoki 680 mingta bola birinchi sinfga qabul qilingan bo‘lsa, keyingi va undan keyingi yillarda ushbu bolalar soni 900 mingtadan oshishi kutilmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri bu yuqori tug‘ilish ko‘rsatkichidir, – Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti xodimi Muhabbat Ahmedova. – Aytish kerakki, bugungi kunda global muammoga aylangan aholi orasida “qarish” muammosi O‘zbekistonda hali kuzatilmayapti. Bizning prognozlarga ko‘ra, yaqin 10 yilda bu kuzatilmaydi. Lekin shunga qaramasdan, mehnatga layoqatli yoshdan katta bo‘lgan aholi soni sekin-asta oshish ulushi kuzatilmoqda. Bu esa albatta, pensiya jamg‘armasiga katta ta’sir o‘tkazadi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimiga, qarialarning ko‘p bo‘lishi ijtimoiy xodimlar sonining oshishiga, pensiyaga ajratilayotgan jamg‘armalarning kengayishiga va umuman olganda, bugungi pensiya tizimini ko‘rib chiqishni talab etadi. Bir so‘z bilan aytganda, aholi sonining o‘sishi inson kapitaliga sarmoyalar kiritishni taqozo etadi.

Aholi sonining o‘sishi yomon, deb ayta olmayman. Shunga qarab siyosat olib borish kerak. Aholi sonining ko‘p bo‘lishi bu jamiyatning, respublikaning boyligi, deb o‘ylayman.

Oilani rejalashtirish vaqti keldimi?

Mutaxassislarning aytishicha, demografik jarayonlar aholining tabiiy ko‘payishi nafaqat obyektiv omillarga, balki nikoh-oila munosabatlari, o‘zlarining xohish-istaklariga ham bog‘liqdir. Bugungi kunda yoshlarning o‘z oilalarini ongli ravishda rejalashtirayotganliklarini keltirish mumkin. Bundan tashqari tug‘ilish darajasiga nikoh va ajralishlar miqdorining o‘zgarishi ham ta’sir qiladi. Yosh oilalarda uy-joy muammosi, yashash joyini o‘zgartirish, ayollarning ijtimoiy ishlab chiqarishga keng jalb qilinganligi tug‘ilish darajasining kamayishiga olib keluvchi asosiy omillardan biridir.

Oilani to‘g‘ri rejalashtirish, eng avvalo, bolalarga zarur bo‘lgan barcha moddiy va nomoddiy ne’matlar – sifatli ta’lim, oziq-ovqat, uy-joy bilan ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.

Laziza Sherova, “O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

Biznes uchun ochiqlik…

Ijtimoiy tarmoqlarda, ommaviy axborot vositalarida tez-tez Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishning ahamiyatli tomonlari haqidagi eshitib, o‘qib qolamiz. Xo‘sh, bu qanday tashkilot o‘zi? JST 1995 yil 1 yanvardan o‘z faoliyatini boshlagan. Tashkilot davlatlararo ko‘p tomonlama savdo tizimini muvofiqlashtirib turuvchi yagona universal xalqaro tuzilma hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi global iqtisodiyotni shaffofligini tartibga solish, davlatlararo savdo-sotiq munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, ular o‘rtasida tenglik o‘rnatish, a’zo mamlakatlar barqaror taraqqiyotini ta’minlash va insonlar turmushini yaxshilash hisoblanadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, JST global platforma sanalib, unda har bir a’zo davlatning manfaatlari hisobga olinadi. Shuning uchun kuchli, o‘zini iqtisodiyotiga ishongan davlatlar tezroq bu tashkilotga kirishga harakat qiladi. Chunki JST mamlakatlararo savdo qoidalarini boshqarib turuvchi yagona xalqaro tashkilot hisoblanadi. Tashkilot doirasida qabul qilingan bitimlar jahon bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishda tovarlar va xizmatlar ishlab chiquvchilarga, eksportyor va importyorlarga ko‘mak berishga qaratilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyodagi ushbu eng yirik iqtisodiy tashkilotga 166 davlat a’zo bo‘lib, ular hissasiga jahon savdosi va jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 97 foizi to‘g‘ri keladi. Shu ma’noda, O‘zbekistonning JSTga kirishi iqtisodiy siyosatning bashoratli bo‘lishini va xorijiy investorlarda unga bo‘lgan ishonchni oshiradi, tashqi bozorlarga erkin chiqishni ta’minlaydi, mamlakatimizda tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish va raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Kuni kecha davlatimiz rahbarining “Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining qabul qilinishi bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar uchun muhim huquqiy maydon bo‘ldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Farmonda milliy iqtisodiyotning mavjud salohiyatini ro‘yobga chiqarish, uning global ishlab chiqarish va qo‘shilgan qiymat zanjiriga integratsiyasini yanada chuqurlashtirish, erkin bozor tamoyillarini amalda tatbiq etishni kengaytirish hamda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligiga erishishni jadallashtirish maqsadida bir qator muhim vazifalar belgilandi.

Unga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida taqdim etilayotgan subsidiya va preferentsiyalar, shu jumladan, tovarlarni eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, transport xarajatlarini qisman qoplab berishga oid imtiyozlar bekor qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan bojxona boji, yig‘imlari va qiymatini Jahon savdo tashkilotining Tariflar va savdo bo‘yicha bosh bitimi (GATT 1994) talablariga moslashtirish maqsadida: 2025 yil 1 yanvardan boshlab joriy etiladigan bojxona yig‘imlarining fiskal maqsadlarda undirilmasligi belgilanadi; Bojxona qo‘mitasi 2024 yil 1 avgustga qadar bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya (J.Xo‘jaev) 2024 yil 1 avgustga qadar: savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimi (MFN) nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan yoki ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan bojxona bojlarini qo‘llash bo‘yicha amaldagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqib, uning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflarni; import bojxona bojlari stavkalarining qo‘llanilishi samaradorligini oshirish va shaffofligini ta’minlash maqsadida amaldagi bojxona tariflarini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining 2022 yilgi tahririga muvofiqlashtirish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.


JSTga kirish jarayoni davlatimiz rahbarining kun tartibi va qattiq nazorati ostida turgani bejiz emas, albatta. Boisi, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi aholining turmush tarzini yaxshilash, milliy mahsulotlarimizni raqobatbardosh va jahon bozorlarida sotish, mamlakatimizda investitsion muhitni yaxshilash va investitsiya oqimini oshirish, hamda iqtisodiyotimizni barqaror rivojlanishiga zamin yaratadi. Shuningdek, bu mamlakatimiz hududida xalqaro savdo subyektlariga tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun qulay sharoit yaratishda ham muhim rol o‘ynaydi. Shu ma’noda aytadigan bo‘lsak, O‘zbekistonning xalqaro savdo tashkilotining a’zosi ekanligi, davlatimiz “biznes uchun ochiqligini” anglatadi.

Laziza Sherova, “O‘zbekiston ovozi” muxbiri.