Telegram Stars deb nomlangan raqamli valyutani elektron kitoblardan va onlayn kurslardan tortib, o’yinlardagi mahsulotlargacha har qanday raqamli tovarlarga sarflash mumkin.
Telegram asoschisi Pavel Durov messenjerda ichki valyuta ishga tushirilganini e’lon qildi. U Telegram Stars deb nomlanadi va undan botlar va mini-ilovalarda raqamli xizmatlarga haq to’lash uchun foydalanish mumkin.
Kompaniya blogida xabar qilinishicha, «yulduzlar» Apple va Google marketinglarida ilova ichidagi xaridlar tizimi orqali yoki PremiumBot yordamida xarid qilinadi. Uni Telegram platformasidagi elektron kitoblardan va onlayn kurslardan tortib, o’yinlardagi mahsulotlargacha har qanday raqamli tovarlarga sarflash mumkin.
Mini-ilova ishlab chiquvchilari to’plangan «yulduzlarni» keyinchalik Fragment platformasi orqali Toncoin kriptovalyutasida chiqarib olishlari mumkin bo’ladi. Shuningdek, Telegram ilovalarini yanada targ’ib qilish uchun ichki valyutadan foydalanish mumkin.