Ijtimoiy tarmoqlarda byuro xodimlari voyaga yetmagan bolalarni mashinada majburlab olib ketgani haqida video tarqalgandi. Bu haqda MIB axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, byuroning Shovot tumani bo‘limi ish yurituvidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan qarzdorlar B.Abdullayev hamda S.Egamovalardan undiruvchi G.Ibraximovaning tarbiyasiga ikki nafar farzandini olib berish belgilangan.
9-sentabr kuni qarzdor S.Egamovaga ijro hujjati mazmuni o‘qib eshittirilganda qarzdor ijro hujjati ijrosini o‘z ixtiyori bilan ta’minlashdan bosh tortgan.
Shundan so‘ng undiruvchi G.Ibraximova, qarzdor S.Egamova, tuman IIB xodimi, xolislar ishtirokida Shovot tumanidagi 34-sonli maktabga borilib, mazkur maktab direktoriga sud ijro hujjati o‘qib eshittirilgan. Undiruvchining ikki nafar farzandi majburiy tartibda uning tarbiyasiga sog‘-salomat olib berilishi ta’minlangan va bu haqda tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Hozirda farzandlar onasi bilan birga ekanligi va maktabda ta’lim olishni davom ettirayotgani qayd etilgan.