Yozgi ta’til mavsumi nafaqat maktab yoshidagi bolalarimiz, balki biz, kattalar ham intiq bilan kutadigan palladir. O’qish davridagi charchoqlar, qaydidir ma’noda stresslardan engil tortib, hordiq chiqarish uchun qulay fursat. Lekin yozgi ta’til boshlanishi bilan ota-onalar oldida yana bir muhim masala paydo bo’ladi. Bu, aniq uch oy davom etadigan ta’tilda bolaning bo’sh vaqtini maqsadli tashkil etish bilan bog’liqdir.
Raqamlarga e’tibor qiling. 2023 yilning yoz mavsumida mamlakatimizda bolalar salomatligini mustahkamlash va tiklash, ta’til davrida ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish maqsadida jami 196 ta stasionar bolalar sog’lomlashtirish oromgohi faoliyati yo’lga qo’yilib, ularda 158 ming nafar o’g’il-qiz hordiq chiqargan. Joriy yil mavsumida esa 192 ta oromgohda 157 ming 960 nafar bola dam olishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari 1 ming 105 ta kunduzgi oromgohga 174 ming 200 nafardan ziyod bolalarni jalb qilish ko’zda tutilyapti. Vaholanki, yurtiimizda 7-14 yoshli bolalar soni 4 million 668 ming 779 nafarni tashkil qiladi. Muammo ham aynan shu yerda yuzaga kelmoqda. Ya’ni, ko’rib turibmizki, oromgohlarga yo’naltiriladigan bolalar o’quvchilar umumiy sonining o’n foiziga ham yetmaydi. U holda oromgohlarga bormaydigan bolalar-chi? Ular uchun yozgi ta’til qanday mazmun-ahamiyat kasb etadi?
Haqiqat shuki, o’tgan yillar davomida mamlakatimizda bolalar sog’lomlashtirish oromgohlari soni aholining o’sish dinamikasiga mutanosib tarzda oshib borishi ta’minlanmagan. Jumladan, bolalar soni 1991 yilga nisbatan 71 foizga ko’paygan bo’lsa-da, ularni sog’lomlashtirish oromgohlari soni ikki baravarga qisqargan.
Qishloq joylardan farqli o’laroq shahar sharoitida oromgohga bormagan bolalarning uch oylik ta’tilni sport maktablari yoki repetitorlarga, o’quv kurslariga, kasb-hunar o’rgatish markazlariga qatnab o’tkazishi urbanizatsiyalashgan muhitga xos an’analaridan biriga aylandi. Bola bekor qolmasin degan vaj bilan uning jismoniy va aqliy salohiyatini rivojlantirishdek yaxshi niyatda ta’til payti asosan o’qish yoki sportga yo’naltiramiz. Sarmoyani ayamaymiz. Lekin hech o’ylab ko’rganmisiz, bunday yondashuv qancha to’g’ri va samarali? Asosiysi, farzandimiz xohish-istagiga, manfaatlariga uyg’unmi?
Shunisiga aniqlik kiritish lozimki, yozgi ta’til bolaning ziyoniga bo’lmasligi kerak. Psixologlar kattalardagi kabi bolalarda ham doimiy ish faoliyatni o’zgartirmaslik ruhiy zo’riqishga olib kelishini, yil bo’yi o’qigandan ko’ra ta’til paytida rosmana hordiq chiqarib, keyin yana o’qishni davom ettirish nafaqat jismoniy salomatlikka, balki bilimni o’zlashtirish darajasiga ham foydali ekanini ta’kidlaydilar. “Bundan tashqari ta’til oila ichidagi o’zaro aka-uka, opa-singil munosabatlarini mustahkamlash uchun ham kerak. Chunki doimiy maktab paytida bolalarning birga vaqt o’tkazish imkoniyati kam bo’ladi. Shuning uchun ham ta’til oilaviy yaqinlik uchun eng maqbul payt”, degan fikrni ilgari surishadi.
Odatda yoz mavsumida qachon va qaysi oromgohga borish ota-onaning va bolaning shaxsiy tanlovi hisoblanadi. Belgilangan tartibga ko’ra, ota yoki ona faoliyat yuritayotgan tashkilot kasaba uyushmasi bo’limi tomonidan beriladigan yo’llanma orqali bolani oromgohga yuborish mumkin. Agar ota yoki ona ishlayotgan tashkilot Kasaba uyushma Federatsiyasiga a’zo bo’lmasa, u holda tanlangan oromgoh tashkilotining boshlang’ich kasaba uyushmasi bo’limiga murojaat qilib, yo’llanmani to’liq narxda sotib olish taqozo etiladi. Aytganiday, hozirgi kunda yozgi oromgohlarning elektron sahifalari ham mavjud bo’lib, Internet orqali bu sahifalarga kirib, onlayn shaklda yo’llanma xarid qilish mumkin.
2024 yil yozgi ta’til uchun oromgohlar.uz saytida yurtiimizdagi ancha mashhur bolalar oromgohlarining narx-navosi bilan tanishganimizda, bir mavsum (10-12 kunlik muddat) yo’llanmasi 1 mln. 400 ming so’mdan boshlanib, 3 mln. 200 ming so’mgacha baholanganini ko’rdik. Bir qarashda bu summa unchalar qimmatmasdek. Ammo o’rtahol va serfarzand oila uchun arzonlik ham qilmaydi. Ayniqsa, qishloq joylarda.
Farida MAHKAMOVA