Siyosat

Qonun loyihalari qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi

Blog Image
Email : 37 0

Hafta boshlanishi bilan deputatlar uchun ham ish jarayoni qizg‘in tus oladi. Qonunchilik palatasida kun tartibiga kiritilgan masalalar, yangi qonun loyihalari va aholi manfaatlariga daxldor tashabbuslar muhokama maydoniga chiqadi. Partiya fraksiyalari esa bu jarayonda o‘z yondashuv va takliflari bilan ishtirok etadi. Bu hafta ham istisno emas.

Odatdagidek, dushanba kuni O‘zXDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Deputatlarimiz kun tartibidagi qonun loyihalarini muhokama qilib, ularning mazmun mohiyati va amaliyotdagi ahamiyatiga to‘xtaldi. Yig‘ilish davomida turli taklif va mulohazalar o‘rtaga tashlandi. Shu tariqa parlamentdagi hafta boshi bu safar ham mazmunli muhokamalarga boy bo‘ldi.

Dastlab milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash bo‘yicha Bitimiga muvofiqlashtirish, intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Fraksiya a’zolari loyihalarni ko‘rib chiqish davomida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlari va fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish, tadbirkorlik sub’yektlari uchun teng va adolatli sharoit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratishdi.

Xususan, intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Tashabbuskorlar tomonidan sanoat mulki va mualliflik huquqi sohasidagi ayrim qoidalarni xalqaro amaliyot va shartnoma erkinligi tamoyillariga muvofiqlashtirish zarurati yuzaga kelayotgani ta’kidlandi. Shu bois, tadbirkorlar va investorlar uchun qulay huquqiy muhit yaratish, xizmat asarlariga bo‘lgan mulkiy huquqlarning 10 yil o‘tgach avtomatik ravishda muallifga o‘tishiga oid qoidani bekor qilish, bu masalani tomonlarning kelishuvi asosida belgilash taklif etilmoqda.

Qonun loyihasida, eng avvalo, xizmat asarlariga nisbatan mulkiy huquqlarni tartibga soluvchi normalarni takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, intellektual mulk ob’yektlari bo‘yicha davlat ekspertizasi natijalari yuzasidan qabul qilingan qarorlardan norozi bo‘lgan shaxslarga Apellyasiya kengashiga murojaat etish bilan bir qatorda, mazkur qarorlar ustidan bevosita sudga shikoyat qilish imkoniyatini berish taklif etilmoqda.

Deputatlar fikricha, xizmat asarlariga bo‘lgan mulkiy huquqlarni belgilashda tomonlarning kelishuvi ustuvorligini ta’minlash bilan bir qatorda, xodimning mehnati natijasida yaratilgan intellektual mahsulotga nisbatan uning huquq va manfaatlari kafolatlanishi masalasi ham e’tibordan chetda qolmasligi zarur. Chunki xodim tomonidan yaratilgan har qanday intellektual mahsulot, avvalo, uning mehnati, bilimi va tajribasining natijasidir.

Jarayonda fraksiya a’zolari bir qator savollar bilan tashabbuskorlarga yuzlandi.

Jumladan, deputat Zokirjon Zohidov intellektual mulk egalari tomonidan patent olish uchun qilingan murojaatlarning rad etilish sabablarini apellyasiya shikoyati ko‘rib chiqilguniga qadar ochiqlashga nimalar to‘sqinlik qilishi, shu bilan birga, ekspertlarning qaysi mezonlar asosida jalb etilishiga qiziqdi.

Fraksiya a’zosi Anvarxon Temirov intellektual mulk egalari patent bo‘yicha davlat bojini to‘lamaslik sabablari tahliliga e’tibor bergan bo‘lsa, fraksiyaning yana bir a’zosi Firdavs Sharipov nega qonun loyihasi bilan patentlarni o‘z kuchida saqlash uchun belgilangan bojlarni besh yillik davr uchun oldindan to‘lash imkoniyati yaratilayotganiga izoh so‘radi.

Tashabbuskorlar savollarga izoh va tushuntirishlarini berdi. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, deputatlar O‘zbekiston Respublikasi investisiyalar, sanoat va savdo vaziriga chet el investisiya loyihalarini amalga oshirish jarayonlarini monitoring qilish, investisiyaviy samaradorlikni baholash va investorlar bilan ishlash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida parlament so‘rovini yuborishni ma’qullashdi.

Yakunda kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlari hamda partiya dasturiy g‘oyalaridan kelib chiqib tegishli qarorlar qabul qilindi.

Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.