Fokus

Toshkentdan Buxorogacha tezyurar poyezdlar uchun yangi temiryo‘l quriladi

Blog Image
Email : 25 0

 

Toshkent–Samarqand, Samarqand–Navoiy–Buxoro yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temiryo‘l quriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev OIIB sammitidagi nutqida aytib o‘tdi.

 

“Biz 2030-yilgacha 30 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha katta dastur qabul qildik. Xususan, Toshkent–Samarqand va Toshkent–Andijon yo‘nalishlarida pullik avtomobil yo‘llari, Toshkent–Samarqand, Samarqand–Navoiy–Buxoro yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temiryo‘l qurish loyihalari amalga oshiriladi”, – dedi davlat rahbari.

 

Shavkat Mirziyoyevning qo‘shimcha qilishicha, respublikaning yana 6 ta xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish davlat-xususiy sheriklikka beriladi.

 

“Shuningdek, kelgusi 5 yilda elektr, suv va gaz taqsimlash tarmoqlarini boshqarish xususiy operatorlarga o‘tadi. Masalan, Samarqand viloyatining elektr tarmoqlarini boshqaruvga olish bo‘yicha o‘tkaziladigan tenderga 50 dan ziyod xorijiy nufuzli kompaniyalar o‘z qiziqishini bildirdi”, – dedi prezident.

 

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda infratuzilma, energetika, transport, suv ta’minoti va barqaror rivojlanish yo‘nalishida OIIB bilan 3 milliard dollarlik 15 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

 

“Shu kunlarda bank bilan kelgusi 3 yilda yana 4 milliard dollarlik loyihalar dasturini amalga oshirishga kelishib oldik”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Toshkent–Samarqand pulli yo‘lini qurish ishlari shu yil boshlanishi kerak. Prezidentning avgust oyidagi qaroriga ko‘ra, eng yaxshi taklif bergan quruvchi kompaniyani tanlab olish bo‘yicha tanlov joriy sentabr oyida e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan. Yil oxirigacha tanlov natijalarini e’lon qilish, pudratchi bilan shartnoma imzolash va qurilish ishlarini boshlash topshirig‘i berilgan.

 

O‘zbekistondagi birinchi pulli yo‘lni qurish ishlari esa 2028-yil oxirigacha yakunlanishi ko‘zda tutilgan. Shundan keyin yo‘l davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy operatorga topshiriladi. Loyiha qiymati taxminan 2,2 mlrd dollarga baholanmoqda.